Bugungi ijodkor o‘z haqiqatini topishga, uni muqobil badiiy shakllarda ifodalashga intilmoqda. Odatda, ko‘ngildagi haqiqatni xalq dilidagi haqiqat bilan uyg‘unlashtirish, aniqrog‘i, ijtimoiy haqiqat oqimidan o‘z haqiqatini topish va uni badiiy-falsafiy talqin etish to‘lg‘og‘i qiyin kechadi. Shu bois, turli janrlarda, ayniqsa, romanchilikda tajribalar qilish badiiy ijodning bosh tamoyiliga aylanib bormoqda. Bu esa yaxshi tamoyil. Chunki har bir tajriba yangi bir adabiy hodisaning doyasi bo‘lishi mumkin. Mana shuning uchun yangi asar yaratish azobi og‘ir va dolg‘ali kechadi. Bugun yozilayotgan asarlar poetik tabiati, g‘oyaviy mundarijasi bilan o‘quvchini o‘ylantirmoqda. Bunga ramziy-falsafiy talqinning yuksakligi, majoziy tasvir jonliligi, erkin xayolot parvozining mantiq atalmish shafqatsiz mezonga bo‘ysunmas darajada sarhad bilmasligi yaratilayotgan asarlarning turfa xil tahlilu talqin qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday talqinlar ba’zan kishida hayrat va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, tafakkur uchqunlarini alangalatsa, ba’zan hafsalani pir qiladi. Bu ham tabiiy hol. Chunki hayotning o‘zi minglab jilvalari bilan inson ruhiyatiga ming turli ta’sir ko‘rsatadi. Demak, adabiyot real hayotga, inson ruhiyatining eng chuqur, eng qorong‘u go‘shalariga ildamroq kirib borayapti.
G‘arb romanchiligi uch asr mobaynida bosib o‘tgan yo‘lni o‘zbek romanchiligi bir asrda bosib o‘tdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirgi milliy romanimiz mavzu ko‘lami, ichki xillari, tuzilishi va poetikasi bilan janr tabiatini o‘zgartirib yuborish darajasiga yetib bordiki, ushbu muammo jiddiy o‘rganilishi lozim.
Adabiy jarayondagi jonlanish adabiyotshunoslikka ham ta’sirini o‘tkazayotgani sir emas. Keyingi yillar o‘zbek romani tabiatida yuz berayotgan har bir o‘zgarish va yangilanishlar haqida kuyunchaklik bilan yozayotgan olimlarimiz safi ham tobora kengaymoqda. Shu o‘rinda men ularning oldingi safida borayotgan taniqli tanqidchi-adabiyotshunos Umarali Normatovning sa’y-harakatlarini alohida qayd etishni istar edim. U Respublikadagi yirik va obro‘li jurnal, gazetalarda ketma-ket, bir-biridan mazmunli chiqishlari bilan ilmiy-tanqidiy fikr taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayapti. Lekin mening maqsadim domlaning ayrim maqolalaridagi mulohazalariga o‘zimning xolis munosabatimni bildirish, o‘rni kelsa, andak bahslashish.
Albatta, men bahslashmoqchi bo‘lgan masalalar haqida umuman to‘xtalmaslik ham mumkin edi, biroq quyidagi ikki jihat xususida to‘xtamasdan ilojim yo‘q. Birinchisi, o‘zbek badiiy tafakkur tarzida U.Normatov urg‘u berayotgan absurd kabi tushunchalar azaldan bormidi yoki endi paydo bo‘ldimi, ana shu haqiqatni aniqlash ishtiyoqi. Ikkinchisi, g‘ayriilmiy talqinlar kitobxonni, ayniqsa, adabiyotshunoslikdan ta’lim olayotgan talabalar, tadqiqotlar olib borayotgan magistrant hamda aspiratlar ongida chalkash tasavvur qoldirmasligi tashvishi.
Keling, gapni absurd asar masalasidan boshlaylik.
“Absurd” termini “ma’nisizlik” tushunchasini anglatadi. Uning o‘zgacha talqini yo‘q va bo‘lishi mumkin emas. Biroq mazkur terminning siyosat va san’atdagi, jumladan, so‘z san’atidagi talqini biri-biridan keskin farqlanadi. Binobarin, hayotda absurd hisoblangan narsa san’atda, xususan, adabiyotda absurd bo‘lmasligi mumkin. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, absurd terminining ijtimoiy-siyosiy mohiyati bilan falsafiy-estetik mohiyatini mutlaqo aralashtirmaslik lozim.
Nazarimda, U.Normatov o‘z chiqishlarida ana shu narsaga yetarlicha e’tibor qaratmayotganga o‘xshaydi. Chunki ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tuzumlar bilan bog‘liq evrilishlar, mafkuraviy almashishlar ob’ektiv tarixiy jarayonlar bo‘lib, ana shu evrilishlar zanjiridagi keyingi halqa uchun o‘zidan oldingisi absurd bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin mohiyat e’tibori bilan bunda hech qanday absurd yo‘q.
O‘tmishimiz og‘ir kechgani aniq va bunday tarixiy tipologiya muayyan darajada jahondagi barcha xalqlar tarixi uchun ham xos. Shu bois, biz o‘tmishimizni absurd deya olmaymiz. Ayni ana shu og‘ir hayot bag‘rida ajdodlarimiz yashadi, yorug‘ kelajak uchun intildi, kurashdi, demak, yaxshimi-yomonmi o‘tmishimizda baribir ma’ni bor. Mana shu mantiqdan kelib chiqqan holda biz professor U.Normatovning adabiyotdagi absurd asar tushunchasini faqat siyosiy evrilishlar, keyingi ijtimoiy hayotga nisbatan oldingisining ma’nisizligi ma’nosida qo‘llashiga qo‘shila olmaymiz. Tarixiy jarayondagi bunday ilgarilanma harakatni baholash mumkin. Shu ma’noda milliy istiqlol tarixning ilgarilanma harakatidagi progress (taraqqiyot) deb baholanadi. Biroq har qanday ilgarilanma muqarrar harakat ham progress bo‘lmasligi absurd emas. Men bu fikrni olimning bevosita quyidagi so‘zlaridan kelib chiqib aytmoqdaman. U yozadi: “Keyinchalik u (A.Qahhor nazarda tutilmoqda — B.S), yozuvchi bo‘lib yetishganida, ayni shu ko‘nglida cho‘kib yotgan bolaligidagi og‘ir taassurotlar unga tinchlik bermay qog‘ozga tusha boshladi. Olloh go‘yo Qahhorni atayin xalq hayotidagi ayni shu ma’nisiz — absurd hayotni badiiy kashf etib berish uchun yaratgandek tuyuladi” (“O‘zAS”, 2000 yil, 14 iyul).
Qandoq qilib hayotdagi har bir narsadan ma’ni, ma’no qidiradigan A.Qahhordek sinchkov, zukko adib bolaligi kechgan o‘tmishga absurd deb qaraydi. Adibning bolaligi kechgan ana shu og‘ir kunlar, sarson-sargardonlik o‘tmishning ma’nisini tayin etib turibdi-ku?! O‘sha og‘ir o‘tmishning azob-uqubatlari adib qonida jo‘shqinlik, qalbida umid uchqunlarini alangalatuvchi tuy-g‘ularni yuzaga keltirmadimi?!
Olim davom etib yozadi: “Agar sho‘ro davridagi yakkahokim mafkura, totalitar adabiy siyosat tazyiqlariga duch kelmaganda bormi, Qahhor XX asr jahon adabiyotidagi absurd adabiyotining eng mashhur namoyandalaridan biri darajasiga ko‘tarilishi mumkin edi”. Avvalo shuni aytish kerakki, har bir jamiyatda mafkura yakkahokim bo‘ladi. Bir tuzumda ikkita hokim mafkura mavjud bo‘lsa, u uzoqqa borolmaydi. Bizningcha, A.Qahhorni absurdlikdan mafkura emas, uning badiiy-mantiqiy tafakkuri saqlab qoladi. Mabodo mana shu narsa bo‘lmaganda, o‘zbek xalqi realistik adabiyotimizning yorqin bir yulduzidan ayrilib qolar edi.
Absurd tushunchasi Qahhordek realist adib uchun mutlaqo yot narsa. Axir, uning har bir asari qizg‘in, ma’nili hayot bag‘ridan saralab olingan voqealar, insonlar, ularning real kechinmalari mahsuli emasmi?!
Bu borada ko‘p to‘xtalishni ortiqcha deb bilaman. Chunki qahhorshunoslikda M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, P.Qodirov, N.Vladimirova, H.Abdusamatov, N.Shodiyev, hattoki U.Normatovning qalamlariga mansub ilmiy izlanishlar barchaga ma’lum. Yoki adabiyotshunoslardan R.Qo‘chqor va M.Olimovning o‘zaro bahsli chiqishlari A.Qahhorning absurddan juda-juda yiroq ekanligini tasdiqlaydi. Adabiy merosi va ular haqida yaratilgan zalvorli ilmiy kuzatishlar mavjud bo‘lgan A.Qahhordek san’atkorni absurd-navis adib deb atashni bir o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: professor U.Normatov A.Qahhorni absurd yozuvchi deb unga obro‘ olib bermoqchimi yoki teskarisimi, buni jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerak.
Olim yana bir o‘rinda shunday yozadi: “Endilikda Qahhor ijodidagi sotsrealizm uchun begona bo‘lgan jihatlarni, chunonchi, XX asr jahon adabiyotidagi modernistik yo‘nalish — ekzistentsializm va absurd adabiyoti bilan mushtarak xususiyatlarni odilona baholash uchun yo‘llar ochiq”.
Ushbu so‘zlardan keyin keskinroq bo‘lsa-da aytishga majburman: A.Qahhorni sotsrealizmdan ayirib olish uchun uni bir botqoqdan olib, ikkinchisiga tashlash shartmi?! Menimcha, uni ma’nisiz adabiyotga, ayniqsa, subutsiz ekzistentsializm falsafasi bilan majburan bog‘laguncha, sotsrealizm bilan bog‘lash haqiqatga yaqin-ku. A.Qahhordek ulkan adiblar har qanday “izm”lar tarkibida ham o‘zlarini, aniqrog‘i, o‘zliklarini saqlab qoladilar. Vaqti keldi, sotsrealizmdan kechdik, lekin adibning tabarruk nomi realist bo‘lib qoldi-ku?! Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlashni istar edim: men ekzistentsializmga nisbatan “subutsiz” sifatlovchisini to‘la anglagan holda ishlatdim va bu masalada bahslashishga hamisha tayyorman.
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqilsa, U.Normatov absurd deb hisoblangan O‘.Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar”, Sh.Xolmirzayevning “Olabo‘ji”, “Dinozavr”, M.Muhammad Do‘stning “Lolazor”, T.Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, X.Do‘stmuhammadning “Bozor” kabi romanlari absurd andozasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Ular muassir o‘zbek realistik romanining sara namunalari: ular real voqelik, real qahramonlar, real xronotop asosida yaratilgan va aniq g‘oya, estetik baho tashiydilar. Ularning ayrimlaridagi ramziy-majoziy tasvir badiiy-falsafiy talqinni kuchaytirish maqsadida istifoda etilgan va bu narsa realistik printsiplarga monelik qilmaydi. Umuman olganda, badiiy-estetik hodisalardagi absurd tushunchasi ijobiy hodisa emas. Mana shundan kelib chiqilsa, Sharq adabiyotida, xususan, o‘zbek adabiyotida absurd asar, agar endilikda yaratilmasa, hozircha uchramaydi. Chunki Sharq adabiyotida azal-azaldan ma’ni va uning uyg‘un badiiy shakliga birinchi darajali ahamiyat berilgan. Birgina misol. Alisher Navoiy “Sab’ai sayyor” dostonining kirish qismida Bahromning yetti rangdagi qasrlarda yetti iqlimdan keltirilgan go‘zallardan bir kundan hikoya tinglashiga to‘xtalib, salaflarining hayotiy-badiiy mantiq talablariga xilof ish tutganlarini alohida qayd etadi. Chunki ularning dostonlarida Bahrom har bir qasrda to‘la qadahlarda may ichib, kayf qilib, uxlab, go‘zallarga hikoya ayttiradi. Navoiy bu narsani ma’nisizlik deb baholaydi. Darhaqiqat, may ichib, kayfi oshgan odamning uxlashi uchun hikoyaga ehtiyoj bormi? Alisher Navoiy o‘z dostonida bu kamchilikka, ma’nisizlik va mantiqsizlikka o‘rin qoldirmaydi. Bunday misollarni Navoiydan tashqari Bobur, Mashrab, Nodira, Furqat kabi shoirlar ijodidan ham keltirish mumkin.
Sharq xalqlari badiiy tafakkurida sabab-oqibat (kauzal) munosabati, asar qahramonlarining xatti-harakat va kechinmalarini ijtimoiy-ruhiy dalillashga estetikaning buzib bo‘lmas qonuniyati sifatida qaralgan. Asarning badiiylik maqomini belgilovchi badiiy shartlilik qonuniyatiga ham kauzal munosabat doirasida amal qilingan. Gyote, Pushkin, Tolstoy, Yesenin kabi ulkan daholarning Sharq poeziyasiga muftunligining bosh sabablari ham mana shunda. Agar biz mana shu narsaga e’tibor bermay o‘tmishimizga, almashingan mafkuralar talabidan kelib chiqib, absurd tamg‘asini bosadigan bo‘lsak, adabiyotimizning butun tarixi absurd asarlardan iborat bo‘lib qoladi-ku?!
Absurd asar jamiyatda ana shu asarga umuman estetik talab bo‘lmagan paytda, ijodkorda esa “ehtiyoj farzandi” (A.Oripov) tug‘ilmaganda yoziladi. Aniqrog‘i, absurd asar ijtimoiy-estetik jihatdan arziydigan g‘oya tashimaydi. Absurd falsafasining yirik namoyandalaridan biri A.Kamyu “Begona”, “Sizif haqida mif” kabi asarlarida absurd adabiyotning yorqin namunalarini yaratdiki, bular haqida alohida bahs yuritish mumkin.
Absurd asar ma’naviy-axloqiy kontseptsiyasiz, muayyan g‘oya tashimaydigan, hayotga loqayd va ma’nisiz munosabatni ifodalaydi. Bu —uning belgilovchi mezoni. Absurd tuyg‘u — ma’nisizlik tuyg‘usi. U hayotdan bezgan, undan qo‘lini yuvib qo‘ltiqqa urgan, barcha narsaga ma’nisizlik, loqaydlik nigohi bilan boquvchi tuyg‘u. Absurd — insoning o‘zi yashayotgan jamiyatga, muhitga, o‘z-o‘ziga, hattoki, yaratuvchiga begonalik tuyg‘usi. Har bir inson, ko‘ksida ozgina insoniylik tuyg‘usi urib turgan yuragi bo‘lsa, absurdona hayot tarzini kechira olmaydi. Chunki uning yashashdan maqsadi, a’moli o‘zi uchun maqbul narsalardan ajralib qolgan taqdirda ham, shaxs sifatidagi siyratini yolg‘iz o‘zigagina xos iste’dod va axloq darajasi bilan saqlab qoladi. Mana shundan kelib chiqilsa, har bir shaxs siyratidagi ma’nililikni uch narsa barqaror saqlab qoladi. Bular: o‘ziga yarasha iste’dod va sa’y-harakat, insoniy burch va jamiyat oldidagi mas’ullik hissi. Mana shu uch narsa har bir shaxsda muayyan darajada saqlanar ekan, uning hayoti, faoliyati ma’nisizlik yobonida sarson kezmaydi, ruhi begonalik tuyg‘usi bilan bezovtalanmaydi. Shundagina u o‘zi yashayotgan davr, muhit, jamiyat, eng muhimi, inson va uning axloq me’yorlariga ma’nisizlik nigohi bilan boqolmaydi. Albatta, iste’dod, odamiylik, insoniyat oldidagi mas’ullik hissi har bir shaxsda o‘ziga xos darajada namoyon bo‘ladi. Muhimi shundaki, ana shu sanalganlarning ushoq zarrasidan ulkan dohiyona darajasiga qadar mavjudligi insonni absurdlik tuyg‘usidan qutqaradi.
Absurd tuyg‘u har bir inson hayotida muayyan lahzalarda uch berishi mumkin, lekin u tezda so‘nadi. Uning alangalanishiga shaxsdagi insoniy burch, mas’ullik hissi yo‘l bermaydi. Absurd lahzalar mohiyati A.Oripovning “Holat” nomli she’rida teran ochilgan. Unda ushbu lahza bilan bog‘liq tuyg‘u nozik falsafiy-poetik talqin etilgan. Inson quyoshga, dengizga, yuzlarini silab esayotgan shamolga, oyog‘i ostidagi zaminga, atrofidagi odamlarga, hattoki o‘ziga shunchaki qaray olmaydi. Zarracha odamiyligi bo‘lgan, ozgina his va aqlga ega shaxs ularning barchasiga loqayd munosabatda bo‘lmaydi. Shunchaki qarash faqat absurd tuyg‘usi ustun bo‘lgan shaxslargagina xos.
She’rda lirik qahramon tilidan alohida ta’kidlangan “bir nafas”, “bir zum” kabi vaqt birliklari har bir inson ruhiyatida kechishi mumkin bo‘lgan absurd holatning voqe bo‘lish muddati. Absurd holat inson ruhiyatida har zamon-har zamonda, ko‘proq yuragi dard-alamga to‘lgan, dunyo tashvishlaridan to‘yib ketgan, ruhi tushkinlik va umidsizlik bilan xira tortgan lahzalardagina ro‘y beradi. Bu tuyg‘u ruhiyatni qanday tezlik bilan chulg‘ab olsa, shunday tezlik bilan tark etadi. Chunki haqiqiy inson hech qachon o‘zi yashayotgan jamiyatga, o‘zini o‘rab turgan muhit, koinot, nabotot va hayvonot olamiga loqayd boqa olmaydi. U ana shularning barchasiga o‘zining his-tuyg‘usi, dardi-quvonchi, nafrati va shukronasi bilan qaraydi. Uning ruhiyatini, ongini chulg‘ab olgan olam va odam tashvishi barcha narsalarning sifatini loqayd tuyishdan xalos etadi. Insonning tabiiylikni his etishdan mahrum bo‘lishi dahshatli holat, uning borliqqa hissiy munosabatda bo‘lishi esa loqaydlik balosidan — absurddan qutqaradi.
Modomiki, absurd o‘z oti bilan ma’nisizlik ekan, unga siyosiy nuqtai nazardan ma’no yuklab, g‘oyaviy-badiiy jihatdan e’zozlashga loyiq asarlarni absurd deb baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aks holda, adabiyot ixlosmandlarini noto‘g‘ri yo‘nalishga, ularning ongini g‘alat tushunchalar bilan to‘ldirishga sababchi bo‘lib qolamiz. Soxta va xato tushunchalar inson ongiga tez o‘rnashib oladi, ularni ongdan quvish esa juda qiyin kechadi. Shuning uchun adabiyot va san’atdagi absurd haqida gapirish uchun terminning falsafiy-estetik ma’nosini, absurd tuyg‘uning mohiyatini teran idrok etish zarur. Shu o‘rinda adabiyotshunos D. Quronovning: “X. Do‘stmuhammad talqinidagi “Bozor”ning absurddan boshqa narsa emasligi ko‘zga tashlandi. Sirasini aytsa, bu absurdning sharqona, o‘zbekona talqini emasmi” (“Jahon adabiyoti”, 2001, 9-son) kabi xulosasi kishini taajjublantiradi. Ammo ana shu xulosadan sal quyiroqdagi tahlili orqali u o‘zining xulosasini mantiqan yo‘qqa chiqaradi. Mantiqan qaralsa, romanda majoziy tasvir orqali “jamiyatning mo‘jaz maketi”ga (D. Quronov) ramziy ishorat mavjud ekan, asar qanday qilib o‘zbekona absurd namunasi bo‘lsin? Axir, ana shu “mo‘jaz maket” ma’ni emasmi?! Asar absurd asar emas va absurdning o‘zbekona namunasi ham emas. Menimcha, absurd barcha zamon va makonlarda ma’nisizlik bo‘lib qolaveradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 27-sonidan olindi.