Ijod ahli muayyan g‘oyani, dilini bezovta etgan his-tuyg‘uni badiiy shaklda ifoda qilish uchun turli-tuman vositalarni qo‘llaydi. Kimdir bir zarb bilan mo‘jazgina she’r bitib, ko‘nglini bo‘shatadi, orom oladi. Aynan sun’iylik va zo‘rma-zo‘raki chiranishlardan uzoq bunday asarlarning umrboqiyligini mualliflarning o‘zlari ham yaxshi biladilar. Yana kimdir bezovta qalbining oromi uchun allaqanday hodisani nasriy yo‘sinda tasvirlaydi. Badiiyati, kompozitsion butunligi, syujet chiziqlarining parallelizmi, voqelik tasviridagi ichki manera, simmetrik holatlar va, eng muhimi, qahramonlar dunyosiga, ularning ruhiy, maishiy, umuminsoniy qiyofasiga jiddiy e’tibor beradi. Tabiiyki, yaqqol ko‘zga tashlangan va muallifning ko‘ngliga yaqin bo‘lgan asl qahramonlar boshqalar qalbidan joy oladi.
Har doim esga olinadigan, ayniqsa, o‘zining original dunyosiga ega qahramonlar yangi nazariy fikr aytish uchun imkon yaratadi. Bu toifa qahramonlar o‘zbek adabiyoti tarixida mavjud, albatta. Qaysidir yozuvchi o‘sha qahramon uchun o‘nlab sahifalar qoralab qahramonning mukammal qiyofasini chizishga erishsa, boshqa biri ko‘pchilik e’tiboriga tushgan qahramonlarni mayda shtrixlar yordamida qandaydir badiiy asosda ma’naviy-ruhiy jihatdan nisbatan mukammal holatda sahnaga olib chiqadi.
Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanida Yusufbek hojini aynan hojiligi e’tibori bilan yuksak bir maqomga ko‘tarib qo‘ygandir. Bu qahramon maishiy-ijtimoiy jihatdan aql-zakovati, fahm-farosati, go‘zal odobi, muomala-munosabati, qo‘yingki, barcha-barcha fazilatlari bilan ajralib turadi. Bu nuryuzli siymo tal’atidan taralgan yog‘du butun roman borlig‘iga oydinlik bag‘ishlaydi.
Hojilik sifati Yusufbekning din arkonlarini to‘kis ado etguvchi halol-pokiza bir inson ekanligini anglatadi. U umrining bahori o‘tib, shomi yaqinligini, hisob-kitob fursati kelishini yurak-yurakdan his etadi. Shu bois Yusufbek hojining: “Parvardigoro, keksaygan kunlarimda dog‘ini ko‘rsatma”, degan munojotlari o‘ta tabiiy eshitiladi. Shuningdek, soliq yig‘ish masalasida egniga kimxob chopon yopilgan hoji xalqqa qilinayotgan jabr-zulmni ko‘rib, qonxo‘rlik va zulmga rozi emasligini: “Men qonxo‘rliq uchun xudoning farz qilg‘an hajini ado qilmadim; oldimda o‘g‘lum bor, menda boshqalarning o‘g‘lini darraga yotqizish chog‘ida ko‘ndalang keladigan vijdon bor, din bor, diyonat bor”, degan mulohazalar orqali ifodalaydi. Komil inson qiyofasidagi bu qahramon xalqqa ham, o‘z e’tiqodiga ham xiyonat etishni istamaydi. Zero, “xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonliq yoki bo‘lmag‘ur bir kengash eshitmagan…” Dushmanlar ham uning aynan mansab borasida “nihoyatda ta’masiz” ekanini, “xalq manfaatini kuzatkuvchi bir odam ekan”ligini e’tirof etadilar.
Romanning birinchi bo‘limida bu shaxs ijtimoiy faoliyatdagi inson qiyofasida berilsa, ikkinchi bo‘limda oilaviy muhit doirasida tasvirlanadi, uchinchi bo‘limda esa shu ikki muhit uyg‘unligida harakat qilgani kuzatiladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, romanda hoji qatnashgan sahnalar ko‘p emas. Ammo Yusufbek siymosining ma’naviy quvvati romandagi boshqa qahramonlarni o‘z aurasiga tortadi. Hoji qatnashmagan sahnalarda ham uning o‘tkir nigohi seziladi; voqelikda rostlik hukmronlik qiladi. Bu qahramonning salobati bor: oz gapiradi, ko‘p eshitadi, kam kuladi, musibatdan darhol ko‘zi yoshlanadi.
“Yusufbek hojining qiziq bir tabi’ati bor: xotini bilangina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo‘lsa bo‘lsin uzoq so‘zlashib o‘lturmaydur… hoji bir necha vaqt so‘zlag‘uchini o‘z og‘zig‘a tikiltirib o‘lturg‘andan so‘ng, agar ma’qul tushsa “xo‘b” deydir, gapka tushunmagan bo‘lsa “xo‘sh” deydir, noma’qul bo‘lsa “durust emas” deydir va juda ham o‘ziga noma’qul gap bo‘lsa, bir iljayib qo‘yish bilan kifoyalanib, mundan boshqa so‘z aytmaydir va aytsa ham uch-to‘rt kalimadan nariga oshmaydir”. Ikkinchi bo‘limning “Ota-ona orzusi” degan bobida romannavis hoji tabiatiga xos ana shunday individual chizgilarni beradi; qahramon salobatini orttiradi.
Yusufbek hoji — yirik shaxs. U o‘zaro mahalliy ziddiyatlarning zararini yaxshi biladi, qipchoqni qirish ishini qoralaydi, aksincha, ularni “chin yovg‘a beriladigan kuch” uchun ittifoqchi sanaydi. Noo‘rin isyonga otlanayotgan olomonga qarata:”…Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘rus bizga to‘p o‘qlaydir. Siz dunyoda o‘zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rsangiz, men boshqa yovni har zamon o‘z yaqinimg‘a yetkan ko‘raman!”, degan so‘zlarni aytadi. Biroq hojining istagiga qarshi o‘laroq qirg‘in bo‘lib o‘tadi. Buning ustiga ustak Otabek ham
otasining bu ishda qo‘li borligidan shubhalanib hojining ko‘ngliga ozor yetkazadi. Yusufbek hojining o‘zini oqlab, masalaning tub mohiyatini tushuntirgandan so‘ng aytgan quyidagi gaplari bu shaxsning chindan ham yirik — ulug‘ ekanini yaqqol ko‘rsatadi.”Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchlig‘i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qila olmadim. Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb-ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirg‘an, bir-birimizning tegimizga suv quyadirg‘an bo‘lsaq yaqindirki, o‘rus istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar va biz bo‘lsak o‘z qo‘limiz bilan kelgusi naslimizning bo‘ynig‘a o‘rus bo‘yindirig‘ini kiydirgan bo‘larmiz. O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘lig‘a tutqin qilib topshirg‘uchi – biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a xudoning la’nati albatta tushar, o‘g‘lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishg‘a hozirlang‘an biz itlar Yaratg‘uvchining qahriga albatta yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan va nash’u namo qilg‘onlari bir o‘lkani halokat chuqurig‘a qarab sudrag‘uchi albatta tangrining qahrig‘a sazovordir, o‘g‘lim! Gunohsiz bechoralarni bo‘g‘izlab, bolalarni yatim, xonalarini vayron qilg‘uchi zolimlar — qurtlar va qushlar, yerdan o‘sib chiqg‘an giyohlar qarg‘ishig‘a nishonadir, o‘g‘lim!..”
Ota va o‘g‘il suhbati jarayonida aytilgan bu gaplar katta ijtimoiy mohiyatga ega. hojining bu masalalarda o‘z qarashi, o‘z gapi bor. Shuning uchun uning gaplari Otabekni “uyalg‘annamo yerga” qarashga majbur etadi. Yoki boshqa epizodlarda aynan Yusufbek hojining adl nazari ba’zan O‘zbek oyimni gangitsa, ba’zan “nur ichiga cho‘milgandek bo‘lib ko‘ringan siymosi”, “oyim deb xitob” qilishlari, “beozor va muassir so‘zi” Kumushning “qayin otamni o‘z dadamdan ham yaxshi ko‘raman” degan xolis e’tirofiga sababchi bo‘ladi.
Yozuvchi uyushtirgan bir majlis — ziyofatda Yusufbek hoji Yunus Muhammad oxund og‘zidan Rasululloh (sallollohu alayhi vasallom)ning: “Izo vasadatal-amru ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata” (ya’ni, agar bir qavmning ishi noahl odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning qiyomatini yaqin bil), degan hadisini eshitib: “Voy bo‘lsin biz badbaxtlarning holig‘a”, deydi. “Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt bo‘lsin ibodatimni janobi haqqa bevosita yo‘naltirg‘animni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘an sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, haq tarafidan bir tanbeh, bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lg‘anim uchun bir kinoyadir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib go‘sha’i oxirat tadorikini qilmog‘im uchun g‘animat ko‘rinadir”. Bu tarzda o‘zini-o‘zi tergashi, ruhiy muloqotlardan qoniqmaslik, o‘ziga malomat qilish, muayyan hikmatlardan to‘g‘ri xulosalar chiqarish — faqat Yusufbek hoji tabiatigagina xosdir. Zotan, ichi butun bu shaxs ma’rifatli shaxsdir.
Shu o‘rinda muhim bir fikrni aytib o‘tish o‘rinlidir. Yozuvchi Yusufbek hoji maqomini muayyan bir ishoralar, ramzlar vositasida yuksaklikka ko‘taradi. Uni bir o‘rinda chin dildan “Qur’on” va “Daloyil” mutolaasiga berilgan kishi sifatida tasvirlaydi. Romanning boshqa bir sahifasi – hoji Kumushning ko‘zi yorishi arafasida ham “xursand va xafaligi noma’lum bir qiyofada “Daloyil” o‘qib o‘tiradi. Bugungi ma’rifatli o‘quvchi uchun Qur’oni karimning qanday kitobligi yoki mazmun-mohiyatini aytishning hojati yo‘q. Biroq Abdulla Qodiriy asarlarida tez-tez tilga olinadigan “Daloyil” xususida esa ikki og‘iz so‘z joiz.
Asrimiz avvalida Qozon matbaaxonalarida bosilgan va yurtimiz ziyolilari orasida mashhur bo‘lgan “Daloyil ul-hayrot” muallifi Muhammad ibn Sulaymon Jazuliy ismli kishidir. Kitob yozilishining qiziq bir tarixi va uni o‘qish sharti hamda odoblari bor. Birinchidan, komil bir mashoyixdan izn lozim. Ikkinchidan, uni o‘quvchi kishi yeyish-ichish, savdo-sotiq kabi amallarda haromdan hazar etishi kerak. Uchinchidan, o‘zi ham, kiyim-kechagi ham pok bo‘lib, uni o‘qishda xatoga yo‘l qo‘ymasligi lozim. To‘rtinchidan, tajvid (to‘g‘ri talaffuz) qoidalariga amal etishi hamda o‘qilayotgan duo va tasbehlarning ma’nosini imkoni boricha bilishi kerak. Bizningcha, umuman, shunga o‘xshash barcha talablarni Yusufbek hoji komil bir inson sifatida to‘la-to‘kis ado qilgan. Aks holda, duolar, tasbeh va salovotlardan tarkib topgan “Daloyil”ni o‘qishga Yusufbek hoji jazm etmagan bo‘lar edi.
Abdulla Qodiriy bunday mo‘tabar kitoblar qadr-qimmatini yaxshi bilgan, albatta. Demak, kitob mohiyati ortidagi sir-sinoatni, umummohiyatni anglab olish o‘quvchi ko‘zi o‘ngida “Daloyil” o‘qiyotgan Yusufbek hoji ma’naviy-ruhiy dunyosining yanada bo‘rtib ko‘rinishiga sabab bo‘ladi. Chunonchi, Abdulla Qodiriy asarlarida mashhur kitoblar vositasida qahramonlarni yetiltirish, o‘sha ramz va ishoralar yordamida ularni tavsiflash usuli mavjud estetik hodisadir. Masalan, adibning Anvar va Ra’nodek jiddiy, Kalvak Mahzumga o‘xshash hajviy qahramonlari dunyosi ham kitoblarga daxldor holatda namoyon qilinadi. “O‘tkan kunlar”da esa Otabek “Boburnoma” o‘qiydi, Fuzuliyni varaqlaydi; Kumush “Fuzuliy yaxshi kitob”, deydi. Yusufbek hoji “Qur’on va “Daloyil” mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Umuman olganda, ijodkorning badiiy niyati ijrosi uchun gohida mashhur kitoblarning vosita bo‘lishi jahon adabiyoti tarixida mavjud voqelikdir. Masalan, I.V.Gyote “Yosh Verterning iztiroblari” asarida o‘zining yaxlit bir badiiy-ijtimoiy g‘oyasini G.E.Lessingning “Emiliya Galotti” tragediyasi vositasida ifoda etadi. Asarning oxirgi epizodi – Verter o‘lgan, shu joyda turli ijtimoiy-maishiy azob-uqubatlar tasvirini qamrab olgan “Emiliya Galotti” kitobi ochib qo‘yiladi. San’at tilini tushunadigan kimsa bu ramzdan o‘zi uchun yetarli xulosa chiqara oladi. Shuningdek, A.S.Pushkin, L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy yozgan asarlar ham bunday xususiyatdan mustasno emas.
Xullas, XX asr o‘zbek adabiyoti xazinasining noyob javohirlaridan biri bo‘lmish “O‘tkan kunlar”dek hodisani milliy, umuminsoniy, badiiy-estetik jihatdan jahon adabiyoti mezonlari asosida tadqiq etish, qayta o‘qish, qayta baholash, bu — davom etayotgan va davom etadigan jarayondir. “Daloyil” o‘qiyotgan Yusufbek hoji” shu yo‘ldagi kichik bir urinish, xolos.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 15-sonidan olindi.