Bir ulug‘ odam «Dunyoda ikki narsa abadiy qoladi: dononing so‘zi-yu botirning ishi», degan edi. Insoniyat tarixida dono so‘zlar aytgan donishmandlar ham, unutilmas mardliklar ko‘rsatgan botirlar ham son-sanoqsiz. Ular butun bashariyatning farzandlari, bashariyat yulduzlaridir. Mazkur ruknimizni o‘tgan yili tarixda o‘chmas izlar qoldirgan bobokalonimiz, barcha zamonlarning qahramoni Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan adabiy portret bilan boshlagan edik.
Xalqimizning jahon tan olgan bunday aziz farzandlari esa bisyor…
Buyuk zotlar barcha xalqlarga daxldor bo‘ladilar. Chunki ularning ibratli hayoti, ezgu a’mollari olamshumul ahamiyatga molikdir. Biz ana shunday jahoniy siymolar bo‘lmish Homer, Herodot, Shekspir, Bayron, Gyote, Pushkin, Thakur, Kavabata singari zotlar haqida so‘z ketganda ularning qaysi millatga mansubligi xayolimizga ham kelmaydi. Bu, tabiiy hol.
Biroq, taassufki, bugungi yosh avlod vakillarining hammasi ham insoniyat daholarini yaxshi bilmaydi. Modomiki, kelajagimizni yoshlar bilan bog‘lagan ekanmiz, navqiron avlod dunyo tamadduni va uning ustunlarini yaxshi bilishlari shart! Bu borada ham mas’uliyat tag‘in yoshlarning o‘z zimmasiga tushadi. Ular ongli, faol hayot kechirishlari: puxta o‘qib-o‘rganishlari, tinmay izlanishlari, mustaqil fikr yuritishlari lozim bo‘ladi.
E’tirof etish joizki, yoshlar orasida bu borada umid uyg‘otayotganlari talaygina. Bu kishini quvontiradi, albatta. Ana shunday umidbaxsh ijodkor yoshlardan biri O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining magistranti Alisher Otaboevdir. U bo‘lajak jurnalist va tarjimon. Ko‘pchilik adabiyot muxlislari uning buyuk ingliz adibi Somerset Moem, mashhur yapon yozuvchisi Xaruki Murakamidan qilgan tarjimalarini biladi. Bu asarlar ingliz va rus tillaridan o‘zbekchalashtirilgan. Alisher mazkur so‘z san’atkorlari haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozishga ham urinayotir. Umidvormizki, ijodkor yigitimizning bu intilishlari kutilgan samaralarni beradi.
Mahmud Sa’diy
Jahon adabiyoti yulduz to‘la osmonga o‘xshaydi. Qaraganda ko‘z qamashadigan yulduzlar yog‘dusi aqlni shoshiradi: ularning har qaysisi o‘ziga xos bir olamki, bu maydonda charaqlab yonish – yozuvchi yoki shoir sifatida yangi gap aytishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu ham, mayli. O‘sha yulduzlarning sirli-sehrli jilvalarini – durdona asarlardagi jozibani tushunib, his etib o‘qishning o‘zi ham bugungi kitobxondan ozmuncha qunt va saviya talab qilmaydi. Bugungi kitobxon jahon adabiyotidan bahra olishni istasa, badiiyat sirlaridan mashhur adiblarning tarjimai hollarigacha xabardor bo‘lmog‘i, ya’ni o‘ziga xos poydevorga ega bo‘lmog‘i lozim. Keling, bu borada bilganlarimizni boyitish, «poydevor»ni mustahkamlash niyatida jahon adabiyoti yulduzlaridan biri – ingliz adibi Somerset Moem shaxsi va ijodini o‘rganishga urinib ko‘raylik.
Jahon adabiyotida ingliz adabiyoti alohida o‘ringa ega. O‘z ijodi bilan bu adabiyotda yangi sahifalar ochgan T.Hardi, R.Kipling, O.Uayld singari angliyalik yozuvchilarning nomlari o‘zbek kitobxonlariga ham tanish. Lekin yana bir ulug‘ yozuvchi borki, uning hayoti va ijodi haqida bizda adabiyot ixlosmandlari hali ko‘p narsa bilmaydilar. Bu – haqgo‘y, cho‘rtkesarlikda nom chiqargan adib Uilyam Somerset Moemdir.
Angliyada Dikkensdan keyin asarlari eng ko‘p o‘qiladigan Moem uzoq davom etgan ijodiy faoliyati davomida turli janrlarda qalam tebratdi. XIX asrning 90-yillaridan XX asrning 50-yillarigacha yozishdan to‘xtamadi. U o‘zidan yigirmata roman, o‘ttizdan ortiq piesa, bir necha hikoyalar to‘plami, avtobiografik asarlar va ko‘plab adabiy-tanqidiy maqolalar qoldirdi. «Oy va chaqa» romani esa, jahondagi eng yaxshi yuzta kitobdan biri sifatida tan olindi.
Hikoya va romanlari yorqin ranglar, sarguzashtli voqealaru ajoyib obrazlarga to‘la Moemning umr yo‘li ham nimasi bilandir detektiv asarni eslatadi.
«Inson hayotini doimo katta qiziqish bilan kuzatgan Moem o‘z turmushiga birovning burun suqishini istamasdi», deb yozadi adib haqidagi biografik asarida ingliz adabiyotshunosi Ted Morgan. Har qanday odam to‘g‘risida faqat rost gaplar yozilsa, bu odamning jinoyatchidan farqi qolmaydi, deb hisoblagan Moem tirikligida boshqalarning o‘zi haqida kitob yozishiga ruxsat bermagan. Shunga qaramay, vafotidan keyin yozuvchi asarlariga qiziqish ortgani bois, uning shaxsiy hayotiga ham e’tibor kuchaydi.
«Sarguzasht voqealarga ishqibozligi tufayli Moem o‘z hayotini sarguzashtga aylantirib yubordi», deydi Ted Morgan. Rostdan ham, Moem haqidagi asarlarni o‘qisangiz, uning hayoti nimasi bilandir Hollivud filmlari qahramonlari hayotiga o‘xshab ketishiga guvoh bo‘lasiz. Aksariyat ijodkorlardek faqat ijod bilan bog‘langan bir maromdagi umrguzaronlikdan qochgan Moem tajriba va tavakkalchilikdan, turli to‘sig‘u muammolardan qo‘rqmay yashagan.
* * *
Uilyam Somerset Moem 1874 yilning 25 yanvarida Parijda ingliz elchixonasida dunyoga keladi. Lekin bo‘lajak yozuvchini Fransiyada tug‘ilgan, deb bo‘lmaydi. O‘sha davrda Fransiyada tug‘ilgan o‘g‘il bolalar shu mamlakat fuqarosi hisoblanib, urush sharoitida Fransiya qo‘shinlari safiga chaqirilardi. Parijdagi ingliz elchixonasida huquqshunos bo‘lib xizmat qilgan Robert Moem farzandining Angliyada dunyoga kelishi uchun rasman Buyuk Britaniya hududi hisoblangan elchixona binosining ikkinchi qavatini tug‘ruqxonaga aylantiradi.
O‘n yoshgacha Parijda yashagan Uilyam keyinchalik bu yillarni hayotidagi eng baxtli damlar sifatida ko‘p yodga oladi. Biograflarining yozishicha, yetti yoshida qarindoshlaridan biri yigirma frank berib, bu pullarni nimaga sarflaysan, deb so‘raganda: Ledi Englessi o‘ynagan spektaklni ko‘rmoqchiman, deydi u. Bo‘lajak dramaturgda teatrga ishtiyoq bolaligidayoq uyg‘ongan edi.
Ammo bolalikning shirin damlari Uilyam uchun qisqa bo‘ladi. Sakkiz yoshni qoralaganda kasalmand onasi vafot etadi. Ikki yil o‘tib otasi ham hayotdan ko‘z yumadi. Yetim qolgan Uilyamni Angliyadagi ruhoniy amakisinikiga jo‘natishadi. Parijdagi baxtiyor hayotga ko‘nikkan bola o‘ziga butkul notanish Angliyada, qattiqqo‘l amakisining oilasida yashay boshlaydi. Tili fransuzchaga moslashgani bois, u inglizchada yaxshi gapira olmas, oqibatda yangi sharoitga moslashishi ham qiyin kechadi.
Uyida tartib-intizomni mahkam saqlagan ruhoniy amakisi bolani o‘zi o‘ylab topgan turli qoidalarga so‘zsiz itoat etishga majburlardi. Siquvlardan ko‘ngli ozor chekkan Uilyam o‘zini yolg‘iz, himoyasiz his qila boshlaydi. Yolg‘izlik azobi uni Kenterberidagi boshlang‘ich maktabda ham, keyinchalik Qirollik maktabida ham tark etmaydi. Bu izsiz ketmaydi – Uilyam gapirganda duduqlanib qolar, sinfdoshlari esa uni kamsitishardi. «Duduqlanib gapirishim hayotimga ham, ijodimga ham salbiy ta’sir qilgan», deb yozdi u keyinchalik. Bu qusur oqibatida Moem kelajakda ruhoniy ham, siyosatchi ham, huquqshunos ham bo‘la olmasdi. Chunki va’z o‘qiyotganda yoki nutq so‘zlayotganda duduqlanishi pand berishi tayin edi. Ulug‘ yozuvchi umr bo‘yi bu xastalikdan xalos bo‘la olmadi.
O‘smirlik pallasiga kelib Uilyam bu ahvolga ko‘nikadi. Endi u yolg‘izlikdan iztirob chekmaydi, hatto yolg‘izlikni qo‘msay boshlaydi. Mutolaaga berilib, ruhoniy amakisining kitob javonidan bekitiqcha foydalanishga odatlanadi.
O‘n besh yoshida zotiljamga yo‘liqib qolgan yigitcha ba’diga urgan diniy maktabni tashlab, amakisining maslahati bilan Germaniyaga otlanadi. Bu bo‘lajak yozuvchining mustaqil hayot yo‘lidagi ilk qadami edi. Bu paytda Germaniyaning Heydelberg shahrida adabiyot va san’atga qiziqqan ko‘plab yoshlar istiqomat qilishar, universitetda mashhur adiblar va faylasuflar ishtirokida turli anjumanlar o‘tkazilardi. Madaniyat va erkin fikr o‘chog‘iga aylangan bu shaharda Uilyamning dunyoqarashi shakllana boshlaydi. Heydelbergda u adabiyot hayotining mazmuni ekanini anglaydi. Bir yarim yil ichida Moem bu shaharda do‘stlar orttiradi, Shopengauer, Gyote singari allomalar ijodini qunt bilan o‘rganadi.
O‘n sakkiz yoshida, 1892 yili Angliyaga qaytgan Moem Londonning eng kambag‘al tumani sanalgan Lambetdagi avliyo Foma shifoxonasiga ishga joylashadi. Bo‘lajak yozuvchining tibbiyot sohasini tanlaganiga bir necha sabablar bor edi. «Tibbiyot Moem uchun juda qulay kasb edi, – deb yozadi Ted Morgan. – Birinchidan u o‘zi istagandek oddiy odamlar hayotini, ruhan, jismonan azob chekayotgan bemorlarni o‘z ko‘zi bilan kuzatish imkoniga ega edi. Ikkinchidan, ishdan keyin ijod bilan shug‘ullanish, ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirishi uchun vaqt topardi». Aynan shu yillari, aniqrog‘i, 1896 yili Moemning birinchi romani «Lambetlik Liza» nashr etiladi. T.Morganning ta’kidlashicha, «Lambetlik Liza»da Moemning noyob iste’dodi – ko‘rganlarini aniq tasvirlash qobiliyati namoyon bo‘ladi. Londonning eng qashshoq aholisi yashaydigan Lambetdagi og‘ir turmushni haqqoniy tasvirlagan yosh yozuvchi bu romani bilan ingliz realistik adabiyotida yangi sahifa ochgandi.
* * *
Moem – ingliz romanchiligida o‘z uslubini yaratgan yozuvchi sifatida tan olingan. Uning «Insoniy hasratlar yuki», «Oy va chaqa», «Pishiriqlar va pivo», «Ustara dami» singari mashhur asarlari bu janrning chinakam namunalaridir. Avtobiografik ruhdagi «Insoniy hasratlar yuki» romanini o‘qigan amerikalik adib T.Drayzer Moemni buyuk musavvir deya ta’riflagan, asarni esa Betxoven simfoniyasiga qiyoslagan edi.
Moem san’atda oqsuyaklarning turli mashvaratlar-u urf-odatlarga qurilgan qalbaki, zerikarli hayotidan farqli o‘zgacha bir olamni ko‘rardi. U, ayniqsa, ijod kishisining fe’l-atvori va iste’dodi o‘rtasidagi nomutanosiblikka jiddiy e’tibor bilan qaragan. Ana shu sinchkovlik uning 1919 yili yozgan eng mashhur «Oy va chaqa» romanida kuzatiladi. Bu asar buyuk rassom Gogenning fojeali hayoti to‘g‘risida. Gogen timsolida yaratilgan Moemning qahramoni Charlz Striklend san’at yo‘lida kiborlar jamiyatidan yuz o‘giradi. Romanda real hayot bilan chinakam san’at o‘rtasidagi jarlik tiniq va haqqoniy tasvirlangan.
«Pishiriqlar va pivo» romanida adib iste’dodining boshqa bir qirrasini ko‘ramiz. Asarda fojeaviy talqin o‘rnini hajviy ohang egallagan. XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi London adabiy hayoti manzaralari chizilgan bu romanda Moem soxta qalamkashlarning kitobxonlar e’tiborini tortish uchun qo‘llagan nayrang-usullarini fosh qilib, qalbaki obro‘ orttirishga chiranganlar ustidan kuladi. Asardagi aksar qahramonlar qiyofalarini o‘ziga tanish-bilish yozuvchi, adabiyotshunoslardan olib aks ettirgani o‘z vaqtida londonlik ijodkorlarga xush kelmaydi, muallif ularning ayovsiz tanqidlariga duchor bo‘ladi.
Ijodda maqtovga ham, tanqidga ham xolis qaragan adib nohaq ayblovlarga e’tibor bermaydi. Aslida Moemning o‘zi o‘z asarlarining xolis tanqidchisi bo‘lgan. Masalan, 1899 yili yozgan «Kreddok xonim» asari haqida, oradan ancha yillar o‘tgach, u shunday deb yozgandi: «Romanimning ba’zi joylarini o‘qisam, hozir kulgim qistaydi. Meningcha, bu asarning birdan bir yutug‘i XIX asr oxiridagi Angliya hayotini aks ettira olganimda, xolos».
* * *
Takrorlanmas romanlar muallifi Somerset Moem dramaturgiyada ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan. «Sarhisob etar ekanman…» nomli avtobiografik asarida adib dramaturgiyaga kirib kelishi sabablarini izohlab: «Ko‘pchilik yosh ijodkorlar kabi men ham voqealarni tasvirlashdan ko‘ra suhbatni qog‘ozga tushirish oson, deb hisoblardim», deb yozadi.
Aslida Moemning piesa yozishga kirishganining boshqa sabablari bor. Muvaffaqiyatli chiqqan ilk romani chop etilgach, Moem shifoxonadagi ishini tashlab, kitobiga olgan qalam haqiga Ispaniya, Italiya va Germaniyaga sayohat qiladi. O‘zi yoqtirmagan amakisiga yordam so‘rab borishni istamagan yozuvchi endi ommaviy kitobxonga mo‘ljallangan yengil-elpi, o‘rtamiyona kitoblar yozib pul topishi yoki oldingi kasbiga qaytishi kerak edi. Moddiy ahvolini o‘nglab olish uni piesalar yozishga undaydi.
Dastlabki piesalari muvaffaqiyatsiz chiqqaniga qaramay u chekinishni xayoliga ham keltirmaydi, stsenariylarini teatr va jurnallarga yuboraveradi. 1902 yili «Nikohlar samoda o‘qiladi» deb nomlangan piesasi Berlinda sahnalashtiriladi. Angliyada esa, yosh dramaturgga hadeganda omad kelavermaydi. 1903 yili yozgan «Ledi Fredirik» komediyasi oradan to‘rt yil o‘tib sahnalashtiriladi. Shunga qaramay bu piesa muallif nomini butun Angliyaga tanitadi. Dastlab repertuardagi bo‘sh o‘rinni to‘ldirishga yarab qolgan, turmush va pul mojarolari qalamga olingan bu qiziqarli piesa keyinchalik Buyuk Britaniyaning beshta teatrida 422 marta namoyish etiladi.
O‘ziga xos «sahna tuyg‘usi»ga ega dramaturg piesalari voqea va qahramonlarining noan’anaviyligi, dialoglarning o‘tkirligi bilan ajralib turardi. Keyinchalik u sahna asarlarida jo‘shqinlikka, keskin fikrlarga, istehzoli kulgiga keng o‘rin beradi. Natijada uning piesalariga talab ortadi. Moem qalamiga mansub «Ledi Fredirik», «Sheppi», «Aylana», «Noaniqlik» kabi piesalar bugun ham jahon teatr sahnalarida muvaffaqiyat bilan namoyish etilmoqda.
* * *
Birinchi jahon urushi boshlanganda pakanaligi bois Moemni askarlikka olishmaydi. Bu paytga kelib Yevropaga tanilgan, bir necha tilni mukammal egallagan adib ingliz josuslik xizmatida faoliyatini boshlaydi va bir yil Shveytsariyada ishlagach, maxfiy topshiriq bilan Rossiyaga jo‘natiladi. 1917 yilning avgust oyida Petrogradga kelgan Moemga Rossiyaning urushdan chiqmasligini ta’minlash vazifasi yuklatilgandi. Lekin ko‘p o‘tmay Rossiyada inqilob boshlanib, Moem Londonga qaytishga majbur bo‘ladi.
Dastlab josuslikni Kipling qahramonlaridek «katta o‘yin» deb tushungan va o‘zida bu o‘yinda ishtirok etish ishtiyoqini sezgan adib keyinchalik «Eshenden yoki Britaniya agenti» kitobida bu ishga o‘ta chirkin va zerikarli, deb ta’rif beradi.
Josuslik xizmatidan bo‘shagach, Moemda dunyo bo‘ylab sayohat qilish istagi tug‘iladi. Ijodi orqasidan kattagina mablag‘ga ega bo‘lgan yozuvchi endi pul haqida ortiqcha o‘ylamay erkin yashashi mumkin edi.
Darvoqe, Yevropaning eng boy yozuvchilaridan biriga aylangan kezda ham yaqin do‘stlari Moemni mudom xasislikda ayblashgan. Aslida Moem xasis emas, tejamkor bo‘lgan. O‘ta tejamkorlik odati unga har bir shillingni o‘ylab ishlatishni uqtirishdan charchamagan qurumsoq ruhoniy amakisidan yuqqandi. Qizig‘i shundaki, puli ko‘paygani sari Moem ko‘nglida qashshoqlikka tushib qolish xavfidan qo‘rqish hissi kuchayib boradi. Zamondoshlaridan birining yozishicha, boyligi million dollarga yetganda ham yozuvchi pulni tejash uchun jamoat transportida yurarkan.
Xullas, 1916 yil noyabrida u kotibi bilan Taitiga jo‘naydi. Taiti – Sharqiy Osiyodagi eng go‘zal o‘lkalardan. Yozuvchi ulug‘ rassom Gogen hayotidan olib yozgan mashhur romani «Oy va chaqa»ga kerakli ashyolarni ayni shu o‘lkada yiqqan.
Umrining ko‘p qismini yo‘lda o‘tkazgan Moemning sayohatlarga ruju qo‘ygani ham besabab emas. Yoshligida zotiljamga chalingan yozuvchiga shifokorlar havosi musaffo, go‘zal tabiatli o‘lkalarda bo‘lishni maslahat berishgandi. Lekin bu Moemning elkezarligiga yuzaki vajdir. Aslida u Londondagi kiborlar davrasi va injiq xotini Siri Velkomdan iloji boricha uzoqroq yurishni ma’qul ko‘rardi. Poytaxtdagi boy-badavlat tanishlari va olifta adabiyotshunoslarning yaltiroq hayoti uning ba’diga urgan edi. Moemni umr bo‘yi tushunmay o‘tgan Siri xonim esa, eri qancha yiroqda yursa shuncha xursand bo‘lardi.
Qolaversa, yozuvchini dunyo xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, fe’l-atvori va hayoti qiziqtirardi. Insonni tabiatning eng katta jumbog‘i, deb hisoblagan adib Sharqiy Osiyoning bir necha mamlakatlarida – Xitoy, Malayziya, Yava, Birma, Hindiston va Singapurda bo‘lib, turli madaniyatlarga mansub odamlar bilan tanishadi. Keyinchalik sayohatlaridan olgan taassurotlari, ko‘rgan-kechirganlari, eshitgan va guvoh bo‘lgan g‘aroyib voqealarni o‘zi yangi, yuksak bosqichga olib chiqqan janr – hikoyalarida betakror mahorat bilan aks ettiradi.
* * *
Moemning ilk hikoyalar to‘plami – «Barg titrog‘i» 1921 yili bosilib chiqadi. Bu paytda Angliyada hikoya janriga qiziqish ortgan, Kipling, Konan-Doyl, Uells singari yozuvchilarning hikoyalari ko‘pchilikka manzur bo‘layotgandi. Moemning yettita kitobiga jamlangan yuzdan ortiq hikoyasi orasida «Yomg‘ir», «Kal meksikalik», «Qaysar», «Malla» kabi bu janrning nodir namunalari talaygina. «Hikoyalarimni boshdan oxirigacha bir chiziqda olib borishga harakat qildim… Ularni ko‘p nuqta emas, nuqta bilan yakunlashni xohladim», deb yozgandi muallif. Uning hikoyachi sifatidagi iqtidori inson taqdirining chindan ham jumboqligini ko‘rsata olganida namoyon bo‘ladi. Aslida hayoti va sayohatlari davomida Moem boshiga tushgan turfa savdolar, g‘aroyib tasodiflar asarlarining qahramonlari kechmishidan kam bo‘lmagan.
Yozuvchining kutilmagan voqealar bilan yakunlangan aksariyat hikoyalari shakli juda sodda, ularda ortiqcha ta’rifu tavsiflar, uzundan-uzoq falsafiy mulohazalar yo‘q. «Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, – deb yozadi bir o‘rinda adib, – muvaffaqiyatga faqat bir yo‘l bilan: haqiqatni qanday anglasang, aynan shunday yozish orqali erishish mumkin».
Sarguzasht-u tahlikali vaziyatlar ketidan quvgan Moem Birmaga sayohati vaqtida mo‘jiza tufayligina halokatdan omon qoladi. Ted Morgan bu voqeani shunday bayon etgan: «Moem kotibi Jerald bilan kun bo‘yi qayiqda to‘qayzor oralab o‘tgan daryoda suzib yurganida uzoqda ko‘tarilib tushayotgan to‘lqinni ko‘rib qoladi. Xavfsizdek tuyulgan to‘lqin ularga yaqinlashganda uch metrli po‘rtanaga aylanib, yozuvchi va kotibi o‘tirgan qayiqni domiga tortib ketadi. Bo‘g‘zigacha suv to‘lib, hayot bilan vidolashayozgan Moem bilan kotibini mahalliy baliqchilar muqarrar o‘limdan qutqarib qoladilar».
Sayohatlarini yakunlagan Moem 1927 yili Fransiyaning eng xushmanzara o‘lkalaridan biri Riveradan o‘ziga hashamatli uy-joy sotib oladi. Londondagi ziyofatlaru g‘iybatlarga to‘la hayotga ko‘nika olmagan yozuvchi umrining eng baxtli damlari – bolaligi o‘tgan Fransiyaga qaytadi. «Moem juda mehmondo‘st edi, – deb yozadi Ted Morgan. – Lekin uning villasiga tashrif buyurganlar bu yerdagi tartib-qoidalarga bekamu ko‘st amal qilishlari lozim edi. Doimo tartib bilan yashashga uringan yozuvchi boshqalardan ham shuni talab qilardi». Moemning Fransiyadagi uyiga Uinston Cherchill, Herbert Uells, Arnold Bennets, Jon Pristli, Jan Kokto kabi mashhur arboblar, ijodkorlar kelib turishardi. Adib to‘qson yoshni qoralagan paytda uning uyida mehmon bo‘lgan rus yozuvchisi Yuriy Nagibin sharti ketib, parti qolgan cholning dadil fikrlashidan, ijodga ishtiyoqi kuchliligidan hayratga tushganini yozgan.
Ikkinchi jahon urushida Riveradagi hashamatli villa bosqinchilar tomonidan ayovsiz talangan, xarobaga aylantirilgan. Uni ta’mirlaguncha yozuvchi bir yilni Parij va Londondagi mehmonxonalarda o‘tkazadi. Bu paytda Moemning piesalari Yevropa va AQShdagi deyarli barcha mashhur teatrlarda namoyish etilayotgandi. Shunga qaramay, u dramaturgiyadagi faoliyatini to‘xtatadi. «Moem shuhrat shohsupasidan o‘z xohishiga ko‘ra tushdi», deb yozadi Ted Morgan.
Ijodiy faoliyatining so‘nggi yillarida adib adabiy-tanqidiy ruhdagi esselar yozishga kirishadi. 1948 yili Filding, Jeyn Osten, Stendal, Balzak, Dikkens, Emiliya Bronte, Melvill, Tolstoy, Dostoevskiy haqidagi «Buyuk yozuvchilar va ularning romanlari» nomli kitobini yozib tugatadi. Yozuvchining yana bir esselar to‘plami «O‘zgaruvchan kayfiyat» 1952 yili nashr etiladi. Bu to‘plamga kirgan oltita esseda muallif o‘zi yaqindan bilgan H.Jeyms, H.Uells, A.Bennets singari yozuvchilar haqida so‘z yuritgan.
Ted Morgan yozganidek, o‘n to‘qqizinchi asrda ijodni boshlab, yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida ham qalam tebratishni to‘xtatmagan «haqiqiy tarixiy eksponat» – Somerset Moemning asarlari tirikligidayoq dunyoning ko‘plab tillarida chop etiladi. Jumladan, o‘tgan asrning 50-60-yillari AQShning o‘zida uning kitoblari besh milliondan ortiq nusxada sotilgan. So‘nggi «Ustara dami» romani bir million uch yuz ming nusxada chop etilgan. O‘z qalami bilan yozuvchi to‘rt million dollar topgan.
1962 yili Moem shaxsiy ko‘rgazmasidagi san’at asarlari va sayohatlari davomida yiqqan buyumlarni Sotbi kimoshdi savdosiga qo‘yadi. Buyumlar orasida yozuvchi 1917 yili Taitidagi qishloqlardan birida 200 dollarga sotib olgan musavvir Gogen ishlagan rasm ham bor edi. Bu san’at asari Sotbida 37500 dollarga sotiladi.
1965 yili to‘qson bir yoshga kirgan ulug‘ yozuvchi do‘stlari va kotibi Alan Sierl davrasida tug‘ilgan kunini so‘nggi bor nishonlaydi va bir necha kundan so‘ng vafot etadi.
Hayotga va ijodga Moemning munosabati haqida uning o‘zidan o‘tkazib bir narsa deyish qiyin: «Hayot u haqda yozish uchun emas, balki uni yashab o‘tish uchun berilganini men yoddan chiqarmaslikka harakat qildim. Tabiat menga nimani ravo ko‘rgan bo‘lsa, barchasini sinab ko‘rishga urindim. Ijodga esa, o‘zimning birdan-bir maqsadim deb emas, insoniyatga xos boshqa faoliyat turlari bilan uyg‘unlikda olib boriladigan bir soha sifatida qaradim».
Alisher Otaboyev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.