Bolqor xalqining taniqli shoiri Qaysin Quliyev xalqimizning katta do‘sti, yurtimiz va adabiyotimizning shaydosi edi. U yurtimizda o‘tkaziladigan xalqaro madaniy tadbirlarda muntazam ravishda qatnashardi. Chunki xalqimizning boy madaniy merosini chuqur qadrlardi.
— Samarqandda, xalq dahosi yaratgan me’morchilik durdonalarini tomosha qilar ekanman, bir narsadan xijolat bo‘ldim va o‘kindim, — degan edi u ilk bor qadimiy shahrimizni ko‘rib qaytgandan so‘ng. — Dunyoda oltmish yilcha yashagan turkiy tilda yozuvchi shoir haligacha Samarqandni ko‘rmagan bo‘lsa, kechirish mumkinmi, axir. Yo‘q. Registon maydoni, Go‘ri Amir, Shohizinda, Bibixonim madrasasi kabi san’at va me’morchilik obidalari qaysi mamlakatda bor? Men Tojmahalni, Qizil Frotni ko‘rganman, dunyodagi boshqa arxitektura yodgorliklarini tomosha qilganman. Lekin Samarqanddagi obidalar hammasidan ziyoda.
U adabiyotimizni hamma joyda ibrat namunasi sifatida keng targ‘ib qilardi.
– O‘zbek she’riyati — jahon ahamiyatiga molik she’riyat. Ulug‘ Alisher Navoiy ijodi fikrimning yorqin isbotidir, — degan edi Qaysin og‘a bir uchrashuvda.
Ha, Qaysin Quliyev har safar Alisher Navoiy dahosi oldida ta’zim qilardi, uning asarlarini jahon madaniyatining durdonalari deb bilardi. O‘ziga zamondosh o‘zbek adiblari — Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Zulfiya, Shukrullo, Abdulla Oripov bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatgandi. U adiblarimizning asarlarini asliyatdan o‘qish niyatida o‘zbek tilini mustaqil ravishda bir qadar o‘rgangandi. Umuman olganda, u barcha shoirlarni og‘a-inisiday, tug‘ishganiday yaxshi ko‘rardi. Taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda, Qaysin Quliyev yuragida Pushkin, Lermontov, Yesenin, Nizomiy, Fuzuliy, Pasternak, Verxari… yashardi. Hamisha u dunyo shoirlari bilan va o‘zining ham shoir ekanligidan faxrlanardi.
– Inson o‘zining tilida yaratilayotgan adabiy yutuqlaridangina emas, balki boshqa tillarda so‘zlashuvchi qalamkash do‘stlarining muvaffaqiyatlaridan ham quvonishi lozimdir. Buni men ajib fazilatlardan biri hisoblayman, — deya o‘z adabiy dunyoqarashini ifodalagandi shoir. Shunday ajib fazilat egasi bo‘lgan yurtdoshlarimiz Qaysin Quliyev ijodi bilan tanish va uning she’r-dostonlarini sevib mutolaa qiladilar.
Ayolni madh etdi Sharqning shoiri,
Umumbashar bundan yaxshi xabardor.
U shahlo ko‘zlarning bo‘lib asiri,
Ohu ko‘zlariga mengzadi ilk bor.
Men ulug‘ Hofizning o‘zi bilan ham,
Nafis mushoira boshlardim ro‘y-rost.
Agarda sevgilim, qachondir topsam,
Sening ko‘zlaringga munosib qiyos.
Qaysin Quliyev Rossiya Federatsiyasining Kabardin-Bolqor Respublikasidagi Chegem tumanida 1917 yil 1 noyabr kuni dunyoga keldi. Uning shoirlik iqtidori kamol topishida bolqor xalq shoiri Kozim Mechiyevning sezilarli hissasi bor. Chunki Qaysin o‘spirinlik davrida keksa shoir xonadoniga tez-tez kelar va undan maslahatlar olib turardi. Buning samarasi o‘laroq, Qaysinning birinchi she’rlar kitobi 1940 yilda «Assalom, tong» nomi bilan bolqor tilida bosilib chiqdi. Ayniqsa, uning 1942 yilda yozgan «Tog‘lik ekanimdan doim ko‘ksim tog‘» deb nomlangan she’ri adabiyot ixlosmandlari davrasidagina emas, okoplarda askarlar tomonidan ham qo‘lma-qo‘l o‘qildi. Shu bois Dog‘iston xalq shoiri Rasul Hamzatov «Men she’riyatda endigina qadam tashlayotgan davrimdayoq Qaysin Quliyev buyuk shoirlardan biri edi» deganda ayni haqiqatni aytgandi.
– She’riyat ikki karra kuchlidir, agar u ijodkorning shaxsiy namunasi bilan mustahkamlangan va yurak qoni bilan sug‘orilgan bo‘lsa, — degan edi Qaysin Quliyev. — Shoir ona-Vatani uchun og‘ir damlarda oldingi saflarda bo‘lishi kerak. Qo‘rqoqlik va loqaydlik shoirlarga yot xislatdir.
So‘zi bilan ishi bir Qaysin Quliyev Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan ona-Vatan himoyasi uchun ko‘ngillilar qatorida frontga otlandi. Janglarda ikki marta og‘ir yaralandi, gospitalda davolanishi bilan doktorlar taqiqlashlariga qaramay yana frontga yo‘l oldi. 1944 yilda bolqor xalqi asossiz ravishda o‘z yurtidan majburan ko‘chirildi. Shu munosabat bilan Qaysin Quliyev ham frontdan qaytarildi. Lekin unga o‘z yurtida yashashga ham ruxsat etildi. Shoir esa, yurtdoshlari izidan Qirg‘iziston poytaxti sari yo‘lga tushdi.
Duchor bo‘lsa xeshim, qo‘shnim baloga,
Men ham tayyordurman o‘sha jafoga.
Xalqi boshiga tushgan bu kulfatni shoir keyinchalik she’rlarida, «Chegemda Layloga so‘ylaganlarim» dostoni (1975) va «Qish edi…» nasriy asarida (1985) o‘kinch bilan qalamga oldi. O‘sha vaqtda esa, yurtdoshlari sari oshiqayotgan shoir dardlarini quyidagi to‘rtlikka joyladi:
Yaralangan bo‘ri sudralar,
O‘t-o‘landa qolayotir qon.
Ovchi esa izma-iz borar…
Meni shunday topasiz oson.
Shoir o‘zi ta’kidlaganday, xalqi tomonda turib ijod qildi, haqiqat qaror topishi uchun kurashdi. Nihoyat, adolat tiklandi. Bolqorlarning Chegem vodiysiga qaytishiga ruxsat berildi. Qaysin Quliyev uchun eng aziz ne’mat — Chegem vodiysida osoyishta ijod nashidasini suradigan kunlar keldi.
Aytsalar: «O Qaysin, tark etgin tog‘ni,
Oltin qasr beramiz, davri davron sur».
Deyman: «Ne qilaman bunday chorbog‘ni,
Cho‘ponga oltin-dur qiymatsiz erur».
Mayli, tog‘lar aro yurayin qashshoq,
Boy bo‘lgandan ko‘ra muhojirlikda.
Yolg‘iz oyoq yo‘lda yutay chang-tuproq,
G‘orda tunay, lekin yashay hurlikda.
Shoirga shart emas to‘kin dasturxon,
U tog‘lar qo‘ynida tuysa bas shuur.
Burgutga ko‘rk emas, kerak kuch-osmon,
Tog‘likka zar emas, ozodlik zarur.
Shoirning bezovta qalbi osoyishta ijod qilishga imkon berarmidi?! Ona tilini kuylash og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘sha davrda Qaysin Quliyev ona tiliga bag‘ishlangan ajoyib she’rlar yozdi, kam sonli millatlarning ona tillarini faol himoya qildi, barcha tillarni teng huquqli asosda rivojlantirish haqida qayg‘urdi.
– Hozir til haqida gapirganlar bilib qo‘ysinlar, — deya nutq so‘zladi u tilshunoslarning 20-asrning 60-yillarida bo‘lgan yirik anjumanida. — Vatan uchun halok bo‘lgan qahramonlar so‘nggi bor ona tilida «Ozodlik!» deya hayqirganlar. Bu kitobiy gaplar emas, balki botirlarning qoni bilan yuvilgan hayot falsafasi, achchiq haqiqatdir. Ayrimlar «Kam sonli millatlarning tillari o‘ladi» deb gapirayotganidan xabardorman. Buni odamlar emas, hayotning o‘zi hal qiladi. Ona til — har birimiz uchun tabarruk tuproq va mehribon onamizning nafasi. Ona tilidagi qo‘shiqlarimiz, ertaklarimiz uyimiz, otamakonimiz kabi biz uchun bebahodir.
Xalq tili qirov emas, erib ketmagay zumda,
U tog‘lar bag‘ridagi baland mustahkam qoya.
Til xalq bilan birgadir quvonchli, g‘amli kunda,
Tuhmatlar ko‘lankasi unga sololmas soya.
Til xalqqa suvoriyday, navkarday doim posbon,
Donishmandday, dehqonday har ishga doim dastyor.
Shu bois til xalq kabi mangulikka daxldor,
Agar o‘lsa u, halok bo‘lar misli qahramon.
Bolqor xalqining suyukli shoiri Qaysin Quliyev Chegem vodiysida tabiatni, yer-osmonni, tog‘larni, daraxtlarni, qushlarni, tinchlikni, hurlikni, mehnatkash insonni, muqaddas ayolni, boqiy muhabbatni, dunyoning kelajagi bo‘lgan bolalarni kuyladi, xalqi orzu-armonlarini she’riy misralarga ko‘chirdi. Uning qalamidan to‘kilgan bu she’rlar umumbashariy madaniyat durdonalari qatoridan o‘rin egalladi, o‘zi esa dunyo xalqlarining suyukli shoiriga aylana bordi. Ayniqsa, 1964 yilda «Yarador tosh» kitobining bosmadan chiqishi unga katta shuhrat keltirdi. Kitobga kirgan shu nomdagi she’ri tildan tilga ko‘chdi, adabiyotning nozik bilimdonlarini ham hayratga soldi.
YaRADOR TOSh
Jang olovi toqqa o‘rlagan zamon,
Dahshati toshga ham yetkazdi ozor.
U dong qotdi, kuydi, bo‘ldi yarador…
Toshda o‘qlar izi bitmagan hamon.
O‘sha kunlar o‘t va o‘q to‘fonida,
Tog‘dagi so‘qmoq yo‘l etildi tilka.
O‘limga tik boqqan botir yonida,
Shu metin tosh turdi yelkama-elka.
O, yurtim toshlari! Vahm solib yovga,
Biz birga dosh berdik og‘ir sinovga.
Biroq yaraladi bizni bitta o‘q,
Bag‘rimizni yoqdi bitta laxcha cho‘g‘.
Hindistonning sobiq Bosh vaziri Indira Gandi tinchlikka bag‘ishlangan xalqaro anjumanda «Shoir Qaysin Quliyev she’rida to‘g‘ri ta’kidlangan, janglarda otilgan o‘q, avvalo ona yuragini teshib o‘tadi» deganida zal gulduros qarsaklarga ko‘mildi. Bu gulduros qarsaklar dunyodagi otishmalar ovozini bir qadar pasaytirdi, desak sira mubolag‘a emas. Yillar o‘tdi, lekin bu she’r dunyodagi barcha onalarning tinchlikka da’vati sifatida turli tillarda hamon yangrayapti.
Qaydadir, yiroqda ingraydi ayol,
Dardlarini qo‘shib aytadi alla.
Dunyodagi mavjud dahshat va zavol,
Alla ohangiga ko‘char baralla.
Janglarda otilgan eng birinchi o‘q,
Ona yuragini teshib o‘tadi.
So‘ng jangda kim g‘olib,
buning farqi yo‘q,
Ona qalbi bir umr alam yutadi.
– Men hayotda ham, ijodda ham ayollardan hamisha minnatdorman. To‘g‘ri, ular ba’zan qalbimga ozor yetkazishdi, lekin ko‘proq shodlik baxsh etishdi. Bularni turli yillarda yozgan she’rlarimda aks ettirishga uringanman. Ayol — insoniyatni tarbiyalayotgan ona, — deya shoir ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmatini izhor etgandi.
Shu o‘rinda Qalmig‘iston xalq shoiri David Qug‘ultinovning Qaysin Quliyev 60 yillik to‘yida so‘zlagan nutqidan parcha keltirishimiz joizdir:
– Men yaqinda Yaponiyada bo‘lib qaytdim. Kunchiqar mamlakatda menga «Cho‘miladi ayol daryoda» she’rini yozgan shoir mamlakatidan kelgan mehmon sifatida katta izzat-ikrom ko‘rsatishdi. Ular shoir hamon ajib donishmandlik bilan, o‘ta nozik did bilan onalar, inson go‘zalligi to‘g‘risida she’rlar yozayotganiga ishonch bildirishdi. Safardan qaytayotganimda yaponiyalik ayollar «Cho‘miladi ayol daryoda» she’ri muallifiga qizg‘in salomlarini yetkazishimni so‘rashdi va guldastalar taqdim etishdi…
Cho‘miladi ayol daryoda,
Qotib qolgan quyosh samoda.
Oltin qo‘lin ohista tashlab,
Uning kiftin silar avaylab.
Boshin egib turar majnuntol,
Suvda qalqir soyasi behol.
Maysalar jim qarar o‘tloqda,
Toshlar jiqqa ho‘ldir qirg‘oqda.
Suzib borar daryoda go‘zal,
Er yuzida yo‘qday shum ajal.
Yo‘qday ofat, yo‘qday bo‘ron, qish,
Yo‘qday zindon, yo‘qday g‘am-tashvish.
Go‘yo, urush yitgan dunyoda…
Cho‘miladi ayol daryoda.
Taniqli rus shoiri Mixail Dudinning shu she’r haqidagi fikri ham qimmatlidir:
– Bu she’rda Renuarning ham, Kustodiyev, Bottichelli va Rubensning ham ranglari qandaydir yangicha tovlangan, hayot go‘zalliklari bus-butun mujassamlashgan, olijanoblik ham, turmush tashvishlari ham yaraqlab ko‘zga tashlanadi.
O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning quyidagi so‘zlarini shoirning ijodiga, o‘ziga berilgan eng chiroyli muxtasar tavsiflar qatoriga kiritish mumkin:
– Qaysin Quliyev kitoblarini o‘qiganda har qanday kishi uning she’rlariga maftun bo‘lib qoladi, shoirning shaxsan o‘zini taniganlar esa uning mehri, odamiyligiga maftun bo‘lib yuradilar.
She’r yozish — eng qiyin ish, deb bejiz aytishmaydi. Chunki she’rda Qur’oni karimda e’tirof etilganday hikmat bo‘lishi kerak. Bu hikmat esa, barcha xalqlarga tushunarli bo‘lishi va ularning orzu-armonlarini ifodalashi lozim. Ijodi davomida eng qiyin ishni sharaf bilan uddalagan Qaysin Quliyev she’riyat, shoirlik va hayot haqida fikr yuritar ekan shunday degan edi:
– She’riyat, eng avvalo insonni himoya qilishi, ayni damda quvonchli va g‘amli damlarida ham ruhlantirishi, ham dalda berishi kerak. O‘zim ham shoirlar toifasidan bo‘lganim uchun umidsizlikka soluvchi she’rlarni tan olmayman. She’riyatning vazifasi chuchmal, shirin so‘zlar bilan emas, balki ochiq, to‘g‘ri, haqqoniy, lozim bo‘lganida alamli, iztirobli so‘zlar bilan inson qalbiga kirib borish, larzaga solish va uni shu tariqa imoni baquvvat, haqgo‘y kurashchi qilib tarbiyalashdan iboratdir.
Shoirning o‘zi hayoti va ijodi davomida ta’riflab bergan shu mezonlariga qat’iy amal qildi.
Quvonganman ko‘rsam to‘y-bayram,
G‘ayirlikdan yonmadi jonim.
Bitta cheti kemtik bo‘lsa ham,
Halol edi tishlagan nonim…
Intilmadim olay deb unvon
Va kimdandir yaxshi yashashga.
So‘zlamadim hech kimga yolg‘on,
Demak, haqqim bordir kuylashga.
Ma’lum sabablarga ko‘ra, ulkan iste’dod sohibi Qaysin Quliyev o‘zining bor imkoniyatidan to‘liq foydalana olmadi. Biroq, u hayot imtihonlaridan cho‘chib, oson yo‘llar qidirmadi, misoli qoyagirday ehtiyotlik bilan taqdiriga bitilgan so‘qmoqdan oliy maqsad cho‘qqilari sari intildi.
Oq cho‘qqilar doim uyg‘oqdir,
Goho bulut ortida ular.
Asli hayot tikka so‘qmoqdir,
Ehtiyotsiz jarlikka qular.
Qor ostida xatarli so‘qmoq,
Joning omon asra, hushyor yur.
Oldda porlab turmaydi mayoq,
So‘qmoq, hayot hamisha og‘ir.
Qaydan yurma kutar imtihon,
Oson yo‘lning o‘zi yo‘q, axir.
Shu boisdan har bitta inson,
Erda yursin misli qoyagir…
Har bir shoirning sevgan mavzusi bo‘ladi. Qolgan mavzular, g‘oyalar, fikrlar shu mavzu atrofida jipslashadi. Shubhasiz, Qaysin Quliyevning sevgan mavzusi — TOG‘. Uning «Tog‘lik ekanimdan doim ko‘ksim tog‘», «Tog‘lardan izlayman uzzukun ilhom», «Toshda o‘qlar izi bitmagan hamon», «Oq cho‘qqilar doim uyg‘oqdir» kabi yuzlab misralari fikrimizni tasdiqlaydi.
– Men Kavkazda ko‘p bo‘lganman, — deb yozgandi sevimli shoiramiz Zulfiya. — Lekin har gal Qaysin Quliyev she’rlarini o‘qisam Kavkazni, u tug‘ilgan o‘lkani qayta kashf qilaman. Xayolimda oq cho‘qqili Elbrus jonlanadi, qulog‘imga tog‘ shalolalarining shaldirashlari chalinadi, mard, mehnatkash, oqko‘ngil odamlarning tafti va nafasi ko‘ksimni yayratadi.
Shukurki, shoir «Tog‘ — tuproq, qum, tosh, qor va muzdan iborat tepalik» degan umumiy gaplardan juda yuqori turadi, tog‘ tushunchasidan umumbashariy falsafalarni topadi va ularni o‘lmas misralarga singdiradi. Hayotda turmush tashvishlarini ko‘raverib qartaygan kishilarning sochlariga oq tushadi. Qaysin Quliyev nazdida, tog‘larning cho‘qqilari dunyo tashvishlarini ko‘raverib oqargan. Shoir doim uyg‘oq oq cho‘qqilarga qarab, ogoh qo‘ng‘iroqlarini chaladi. 1964 yilda yozilgan «Qoyalarga iltijo» she’ri ana shunday she’rlari sirasiga kiradi. Bu she’rda ham dunyoviy, ham diniy falsafa mujassam. Chunki unga Qur’oni karimning Toha surasidagi «(Ey Muhammad), ular sizdan tog‘lar (qiyomat kunida qanday bo‘lishi) haqida so‘raydilar. Bas, ayting: Parvardigorim ularni (qum kabi) sochib yuborur» oyati va shu mazmundagi boshqa oyatlar asos qilib olingan.
QOYaLARGA ILTIJO
Sizga yolvoraman, kulga aylanmang,
Agar yoqsalar ham o‘tda beshafqat.
Kulga aylansangiz mabodo siz ham,
Biz ojizlar nedan olamiz ibrat!?
Yolvoraman, bizga ko‘rsating karam,
Yolvoraman, dilga solmangiz vahma.
Ustingizdan o‘tsa zoti mukarram,
Ularga toshingiz bo‘lmasin daxma.
Mag‘rur boshingizni etmangiz nigun,
Hattoki, eng mudhish dahshatli onda.
Yo‘qsa, bizga hurlik va sabot uchun,
Timsol namunasi qolmas jahonda.
Qoyalar — jim turgan buyuk haqiqat!
Bu dunyoda ko‘pdir tashvish va kulfat.
Va lekin qiyomat kunigacha to,
Sizdan baland faqat Quyosh va Xudo.
Qoyalarga yondosh osmonni faqat,
Chaqmoqlar, burgutlar qilsin bezovta.
Jonzodlar galasi kezsin hamma vaqt,
Poyingizga tutash vodiy, yaylovda.
Sizga yolvoraman, kulga aylanmang,
Agar yoqsalar ham o‘tda beshafqat.
Kulga aylansangiz mabodo siz ham,
Biz ojizlar nedan olamiz ibrat!?
«Qoyalar — jim turgan buyuk haqiqat!». Ular buyuk haqiqatni ichida saqlab jim turaverar ekan. Odamlar esa… 1985 yil 4 iyun kuni Qaysin Quliyev og‘ir xastalikdan keyin vafot etdi. Undan yuzlab tillarga tarjima qilingan yuzlab kitoblar qoldi. Jumladan, o‘zbek tilida shoirning «Gul va xanjar» (1968), «Ko‘zlaringni sevaman» (1977), «Meni ardoqlagan ayollarga» (2004) kitoblari ko‘p nusxada nashr etilgan.
Yillar o‘taveradi. Qaysin Quliyevning dilbar she’riyatiga yangi avlodlar ham murojaat qilaveradi. Chunki uning she’rlari o‘zi ta’kidlaganiday, yurak qoni bilan sug‘orilgan. Bunday she’rlar esa, mangu yashaydi, oq cho‘qqilar kabi doim uyg‘oqdir.
Biz esa Qaysin Quliyevni yodga soluvchi sanalarda uni ko‘proq sog‘inamiz, she’rlarini qayta varaqlaymiz, do‘stlarining xotiralarini ko‘zdan kechiramiz. Shunday kezlarda shoirning uzoq yillik do‘sti, qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning xotiralari taskin beradi:
– Qaysin Quliyevning hayoti va ijodi chambarchasdir. Bizga qoldirgan hayot kitobi vafodor. Ishonchim komil, unga shoirning eski va yangi do‘stlari qayta-qayta murojaat etishadi, mehru muhabbat bilan taskin izlashadi. Undan mardlik, oliyhimmatlik va or-nomus darslarini oladilar.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son