“Har qanday kasb ulug‘vorligi, avvalo, insonlarni birlashtira olishida namoyon bo‘ladi, deb yozgan edi o‘zida ikki noyob iste’dod – yozuvchilik va uchuvchilikni mujassam etgan mashhur frantsuz yozuvchisi Antuan de Sent-Ekzyuperi. Asarlarida asl insoniy tuyg‘ular – olijanoblik, ezgulikni kuylagan, “Kichik shahzoda haqida ertak”, “Odamlar sayyorasi, “Janubiy pochta”, “Harbiy uchuvchi”, “Garovdagi kishiga maktub” kabi ajoyib kitoblar muallifi, yuragi jo‘shqin tuyg‘ular bilan yongan uchuvchi so‘nggi parvozidan qaytmaydi… Antuan Sent-Ekzyuperining ijodi, hayot yo‘li har bir avlod o‘quvchisini qiziqtirib keladi. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan maqolada irodali, iste’dodli, hayotsevar, romantik adib haqida hikoya qilinadi.
(Luiji Bakkolo, “Storiya illyustrata” jurnalidan olindi, Milan)
1900 yilning 29 iyunida Frantsiyaning Lion shahrida o‘g‘il dunyoga keladi. Belanchagi uzra hozir bo‘lgan farishtalar uning g‘ayritabiiy qismatini bashorat qiladilar. Farishtalar yana uning parvozlarga ishtiyoqi kuchli bo‘lishini ham ilova qiladilar…
Ertaklarni sevgan va o‘zi ham kichik shahzoda haqida ajoyib ertakni hikoya qilgan Antuan Sent-Ekzyuperi o‘zining baxtiyor bolaligi haqida bahs etganida shodon kechmishini mehribon farishta tuhfasi deya faxrlanishi bejiz emasdi. Garchand Antuan to‘rt yoshligida otasi vafot etgan bo‘lsa-da, bolaligi baxtiyor kechdi. O‘rta yer dengizi sohilidagi La-Mol va Amberyoga yaqin Sen-Moris qal’alarida bola quvnoq va har bir narsaga qiziquvchan bo‘lib o‘sdi. Antuan rangtasvir va she’riyatga erta ixlos qo‘ydi. Biroq u hammasidan ham sarguzashtlar va har xil mexanizmlarni yaxshi ko‘rdi, hattoki yelkanli velosipedni ham ixtiro qildi. Albatta, bu velosipedning qanoti yo‘q, u ucha olmas edi.
Fazo bilan ilk uchrashuv
Antuan mehribon bo‘lib voyaga yetdi. Opasi Simona, ukasining inidan tushib ketgan polapon qushlarni qanday parvarish qilganini, sichqonchalarga g‘amxo‘rligini xotirlaydi. “Oila, tabiat og‘ushida, – deb yozadi Simona, – ko‘hna uy, bog‘dagi daraxtlar, oydin kechalar Tonioni noziktabiat, olijanob qalb egasi bo‘lib ulg‘ayishiga zamin bo‘ldi”.
Simona o‘zining mashhur ukasi haqida batafsil hikoya qiladi. Simonaning hikoyalari orasida ayniqsa bir voqea diqqatga sazovor. Bir kuni Antuan uyga: “U o‘ldi! O‘lib qoldi!” deya baqirgancha kirib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, u akasi Fransua bilan motor “ixtiro” qiladilar. Bir payt ana shu “ixtiro” portlab ketadi. Portlagan motor parchasi Fransuaning peshonasiga tegib, yaralaydi. Motor, yelkanli velosiped Sent-Ekzyuperining hayotga chanqoqligidan, qondosh birodari uchun azob chekishi, qayg‘urishi, olijanobligi, ta’sirchanligi va katta qalbidan dalolat beradi.
1909 yilga kelib ana shu betashvish, sokin manzara o‘zgaradi. Antuan endi betashvish bolaligi bilan xayrlashishiga to‘g‘ri keladi: uni Le-Manedagi Notr-Dam de Sen-Krua iyezuitlar kollejiga o‘qishga jo‘natadilar. Bola o‘zini tengqurlari orasida begona his qildi. U olamda ikkita sayyora borligini, biri o‘ziga va hammaga tegishliligi, nazokat, qahramonlik, ertak, she’riyat va orzu-xayollar hukm surgan ikkinchisi bo‘lsa, – faqat yolg‘iz o‘zigagina tegishili ekanini erta anglab yetadi. Antuan kollejda ortiqcha qunt-ishtiyoqsiz o‘qiydi, axir uning uchun yashamoq – asta-asta tug‘ilmoq demak edi. O‘sha vaqtdagi barcha maktab o‘quvchilari singari u ham she’rlar yozar, imtihonlarni tanbehlarsiz, lekin maqtovlarsiz topshirardi. Yelkanli velosipedi uning esidan chiqmagan edi. 1912 yil Antuan ilk bora fazo bilan ro‘baro‘ keldi (o‘sha davrda taniqli bo‘lgan frantsuz aviatori Vedrin uni Amberyo uzra samoga olib chiqadi). Antuan boshqa tarbiyalanuvchilardan tartibsizlikka nisbatan g‘alati ishtiyoqi bilan ajralib turardi. Masalan, yig‘ishtirib qo‘yilgan to‘shak uning g‘ashini keltirardi. “Batartiblik, – deb opasi Simona,- uning hayot tugallanishini anglatardi”.
Bolalikning ishonchli qal’asidan ajralgan Sent-Ekzyuperi o‘zida muloqotga, do‘stlikka kuchli ehtiyoj sezardi. “Do‘stlik, – deb yozadi u keyinroq, – inson yengil nafas olishi mumkin bo‘lgan tog‘ cho‘qqisi demakdir”. Shunday bo‘ladiki, uning hayotda bari yaqin do‘stlaridan judo bo‘lish, ayrilish azobini tortishiga to‘g‘ri keladi. 1917 yilda birinchi marta judolik alami ko‘ksini tilka-pora qilib yuboradi. Bolalikda sichqonchalarni birga parvarish qilgan, birgalikda motor kashf etgan akasi Fransua hayotining so‘nggi daqiqalarigacha mardona tura oladi va xuddi Antuandan o‘z ojizligi uchun avf so‘raganday deydi:” Qo‘rqma, men unga xalaqit qilolmayapman, axir bu mening vujudim, ruhim emas”. Aka-ukalar ruh qudratiga katta ahamiyat berardilar: badan – qul, garchand qul ba’zida o‘z xo‘jasiga isyon ko‘tarib tursa-da, ruh – ega…
Pochtachi uchuvchi
Sent-Ekzyuperi kollejni tugatgach, dengizchi bo‘lish niyatida, o‘zini sinab ko‘radi, biroq omadi chopmaydi. So‘ngra kutilmaganda yaqinlarini hayratda qoldirib, Parijdagi nafis san’at maktabining arxitektura bo‘limiga o‘qishga kiradi. 1921 yilda birdan harbiy xizmat muddatining kechiktirilishini ixtiyoriy tarzda rad etadi va aviatsiyada xizmat qilishga ruxsat berishlarini so‘raydi . Uni Strasburg qarorgohida joylashtirilgan aviapolkka tayinlashadi. Va nihoyat Sent-Ekzyuperiga haqiqiy samolet berishadi, u harbiy uchuvchi bo‘ladi. Burjadagi 34-aviapolkda xizmat qilayotganida dastlabki halokat ro‘y beradi. E-he, u yana necha-necha halokatlarga duch keladi-yu… Hattoki faromushxotir uchuvchi Sent-Ekzyuperi haqida afsona ham paydo bo‘ladi. Biroq do‘stlarining guvohlik berishlaricha, Sent-Eks (polkdoshlari uni shunday deb atardilar) dovyurak, shartta o‘zini xatarga uradigan tavakkalchi bo‘lgan “Agarda u kichkina ayb qilgan bo‘lsa, -deydi Sent-Ekzyuperining so‘nggi komandiri, – havoda chalg‘ib, adashgani uchun emas, balki unga yerda haddan ortiq batafsil tushuntirishganlari uchun xayoli bo‘linib, xatoga yo‘l qo‘yardi”.
Sent-Ekzyuperi g‘alati uchuvchi edi. U harbiy xizmatni, ustavga binoan intizomga rioya qilishni yoqtirmasdi. Antuan shunchaki uchishni yaxshi ko‘rar, xavfli topshiriqlarga bajonidil rozi bo‘lardi. Umuman, u odamlarni juda yaxshi ko‘rardi. Uchuvchilik kasbi unga odamlar bilan ruhan birga bo‘lishday noyob imkoniyatni bergandi.
Nihoyat harbiy xizmat ham tugaydi, ish izlashga to‘g‘ri keladi. Sent-Ekzyuperi oilasi aslzodalar naslidan bo‘lsa-da, unchalik boy emasdi. Otasi bir umr sug‘urta aganti vazifasida ishlagan edi. 1923 yildan boshlab Sent-Ekzyuperining keyingi hayoti – aviatsiya bilan majburan xayrlashish va yana unga quvonch bilan qaytib kelishdan iborat bo‘ldi. Cherepitsa zavodida xizmatchi, 1924 yilda mexanik, so‘ngra yuk avtomobillarini sotish bo‘yicha “Sorer” firmasining savdo agenti, 1926 yilda ”Latekoer” kompaniyasining pochta yo‘nalishida fuqarolik uchuvchisi va boshlovchi yozuvchi (Sent-Ekzyuperining ilk hikoyasi “Uchuvchi” 1926 yilda “Navir d’Arjan” jurnalida bosilgan).
Sent-Ekzyuperi 1927-29 yillarda Kap-Jubi aerodromiga rahbarlik qiladi (Shimoliy Afrika). O‘sha yerda birinchi “Janubiy pochta” romanini yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Roman 1929 yilda nashr etiladi va tez orada dovruq qozonadi. So‘ngra u Argentinada, “Aeroposta-Argentina” kompaniyasining pochta yo‘nalishida xizmat qiladi.
Bu ish Sent-Ekzyuperiga yoqib tushadi: kutilmaganda kishilarga noma’lum, shirin umidlarni eltadi. Odamlarning istak-xohishlari yo‘lida tun og‘ushida yuksaklarda parvoz etadi. Kishilarga xizmat qilish – mana, Sent-Ekzyuperining hayotiy aqidasi. Ajoyib “muloqot”ga kirishish imkoniyati. Tungi parvozlar jozibasi. “Men tungi parvozlar shohligida yashayapman, – deb yozadi u. – Xuddi ibodatxonadan panoh topganim singari tun kirib kelishini his qilaman va o‘zim ana shu manzara ichida g‘arq bo‘laman…”
1930 yil Sent –Ekzyuperiga omadli keladi. And tog‘larida falokatga uchragan do‘sti, mashhur uchuvchi Anri Giyome omon qoladi. Sent-Ekzyuperi besh kun mobaynida tog‘lar uzra xavf-xatar bilan olishib, parvoz qiladi, Giyome esa hamisha o‘zini-o‘zi yengib, pastga, odamlar tomon intiladi. U qaysarlik bilan o‘ziga-o‘zi: “Agar to‘xtab qolsam, ablah bo‘layin!”-deya ta’kidlaganicha pastga enadi. Giyome shu tariqa halokatdan qutulib chiqadi va omon qoladi. Do‘stini ilk bora Sent-Ekzyuperi qarshi oladi va Giyomening ana shu so‘zlarini “Odamlar sayyorasi” asarida keltiradi: “Xudo haqqi, mening o‘rnimda hayvon ham bunga chidash berolmasdi”. Yigit degani ana shunday dovyurak va irodali bo‘lishi kerak, deb hisoblagan yozuvchi.
Ko‘kda uchgan va kitoblar yozgan yozuvchi
Uning do‘stlariga nisbatan mehr, faxr-iftixor limmo-lim yuragida ayollarga ham joy bor edi. O‘sha 1930 yilda Antuan “xayol qudratidan yaralgan ajoyib xilqat” – Konsuelo Sanchin bilan tanishadi. Konsuelo unga turmushga chiqadi. Ayol sohibjamol edi, buni oilaviy albomda sarg‘ayib ketgan suratlar tasdiqlaydi. Biroq Sent-Ekzyuperini samodan yerga tushirish na Konsuloning, na mehribon onasining va na opa-singillarining qo‘llaridan keladi.
1931 yil yozuvchining ikkinchi romani “Tungi parvoz” nashrdan chiqadi. Roman “Femina” adabiy mukofoti bilan taqdirlanadi. Ushbu roman Sent-Ekzyuperiga shon-shuhrat darvozasini ochib beradi. Lekin Sent-Ekzyuperi shuhratga o‘ch emas, unga intilmasdi. Parvozlar uning jonu dili, hayoti edi. Fuqarolik aviatsiyasining tolmas targ‘ibotchisi, sinovchi-uchuvchi, rekordchi – garchand bu borada omadlari mo‘l bo‘lmasa-da, bu uning hayot yo‘li edi. Sent-Ekzyuperi 1935 yilda Parij-Saygon yo‘nalishi bo‘yicha uzoq masofada rekord qo‘yishga harakat qiladi (o‘shanda bu masofani uchib o‘tish uchun naq 87 soat vaqt ketardi), biroq, afsuski, uning samoleti Liviya sahrolari ustida halokatga uchraydi. Shunda u mexanik Prevo bilan birga xuddi Giyome And tog‘larida qilgani singari to‘g‘ri karvon yo‘li tomon – odamlarga peshvoz yuradilar. Uning uchun o‘z jasurligini va odamlar birdamligini sinab ko‘rish ham azobli, ham totli edi. Biroq aviakompaniyadagilar bunday o‘zboshimcha uchuvchining bunday xatti-harakatlaridan boshlari ko‘kka yetmasdi. Albatta, aviakompaniyaning amaliy maqsadlari hamda Sent-Ekzyuperining romantik, shoirona istak-mayllarini sira uyg‘unlashtirib bo‘lmas edi. U o‘ziga-o‘zi va stixiyalarga ko‘krak berib, dadil peshvoz bororkan, u baribir qalban o‘sha Sen-Moris qal’asidagi kichik xayolparast, iyezuitlar kollejining quloqsiz talabasi bo‘lib qolgan edi.
1936 yil. Ispaniyada fuqarolar urushi ketayotgan edi. Sent-Ekzyuperi Parijda chiqadigan “Entransijan” va “Pari-Suar” gazetalarining muxbiri sifatida frontga jo‘naydi. Siyosatdan yiroq yozuvchi ko‘z oldida ro‘y berayotgan voqealarning tagiga yetishga, fashistlarni fosh etishga harakat qiladi. U bir vaqtning o‘zida aviatsiya texnikasida o‘z bilimlarini takomillashtiradi va yangi samoletlarni sinab ko‘radi.
U nima uchun uchar edi? Zero tez-tez muhtoj bo‘lib tursa-da, pul uchun ucharmidi? Yoki shuhrat orttirish uchunmi? Yo‘q, axir hamma uni malakali uchuvchi hamda mashhur yozuvchi deb bilardi. Aftidan, Sent-Ekzyuperini ko‘kda parvoz qilishga qizg‘in ehtiros, ehtimol, bizdan ham ko‘ra faqat o‘zigagina tushunarli bo‘lgan hissiyot yetaklagan bo‘lsa ajab emas: yozuvchi hayotni sevar, nazdida parvozlar tom ma’noda uning butun hayotini o‘zida ifoda etardi. U o‘limdan cho‘chimas, ajal bilan o‘ynashar, o‘lim zamiridan bolalik sayyorasini izlardi.
Yo‘q, Sent-Ekzyuperi parvozlardan na shon-shuhrat, na pul-boylik izladi. U1938 yilda Nyu-Yorkdan – Olovli Yerga uchishni niyat qildi. Yozuvchining biografi Marsel Mijoning aytishicha, hamma do‘stlari uni bu fikridan qaytarishga urinadilar, axir o‘sha paytlar bu g‘irt anaxronizm, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan maqsad edi. “Pan-Ameriken eyrueyz” aviakompaniyasining muntazam reyslarini masofasi anchayin uzun edi. Biroq Sent-Ekzyuperi o‘z so‘zida turib oladi. Biroq yana uning omadi kelmaydi, samoleti Verakrusdagi (Gvatemala) aerodromda arang havoga ko‘tarilib, halokatga uchraydi. Uchuvchi sakkiz kungacha hushiga kelmaydi.
Sent-Ekzyuperi ana shu halokatlar aro yozishda davom etadi. U bu borada, ijodda omadsizlik, halokat nimaligini bilmaydi. 1939 yilda nashrda chiqqan “Odamlar sayyorasi” asari Frantsiya akademiyasining roman uchun belgilangan katta mukofotiga sazovor bo‘ladi.
Ezgulik himoyasi uchun
O‘sha yil Yevropada yana urush alanga oladi. Sent-Ekzyuperi urushni yomon ko‘rardi. Shunday bo‘lsa-da, u “bari o‘zi uchun qadrli bo‘lgan narsalarni himoya qilish”ga ahd qiladi. Taniqli adabiyotshunos Jan Jirodo Sent-Ekzyuperining hayotini saqlab qolish uchun unga harbiy targ‘ibot idorasidan ish taklif etadi. Yozuvchi-uchuvchining javobi qat’iy bo‘ladi: “ Men urushdan keyin bemalol yeyman, deb murabbo asrab o‘tiradigan donolar toifasiga kirmayman”.
Biroq uning uchishga qaytish to‘g‘risidagi quvonchi ko‘pga cho‘zilmaydi, hafsalasi pir bo‘ladi. Sent-Ekzyuperini parvozlar uchun yaroqsiz deb topishadi va uni uzoq razvedka aviaqismiga, Shampandagi 2/33 guruhiga ishga tayinlashadi. U baribir axiri parvoz etish huquqini qo‘lga kiritadi. Axir u tajribali, ko‘plardan ko‘ra jasurroq edi-da. Lekin shuni unutmaslik kerakki, bu vaqtga kelib, Sent-Ekzyuperining salomatligi jiddiy oqsayotgan edi. Shu o‘rinda bir narsani qayd etish joiz: boshqalardan ko‘ra uning hayoti qahramonlik falsafasiga yo‘g‘rilgan edi.
1940 yilda Arrasga qilingan razvedka-qidiruv parvozidan so‘ng, Sent-Ekzyuperining nomi Frantsiya Harbiy havo kuchlari buyrug‘ida qayd qilinadi, ushbu buyruqqa bionan u orden bilan taqdirlanishi kerak bo‘ladi. Biroq bu ish amalga oshmaydi, oradan bir necha oy o‘tib, frantsuz armiyasi tanazzulga yuz tutadi. Armiyaning mag‘lubiyatidan Sent-Ekzyuperi butunlay o‘zini yo‘qotadi. U o‘sha kunlari samodan yerga qarab, “messershmittlar”dan qo‘rquv ichida nemis kolonnalariga yo‘l bo‘shatgan qariyalar, ayollar va bolalarga qarata o‘q uzayotgan askarlarni ko‘radi, – shunda bolalikdan buyon qalbidan joy olgan bari go‘zal tuyg‘ular, qahramonlik xayollari har tomonga to‘zib ketadi. “ Tun men uchun, – deb yozadi u, – ulug‘vor qiyofasini yo‘qotdi. Bu manzara endi shunchaki telba-teskari tartibsizlikdan boshqa narsa bo‘lmay qoldi”.
2/33 guruhi Jazoyirga o‘tkaziladi. Sent-Ekzyuperi harbiy xizmatdan ozod bo‘lgach, Frantsiyaga qaytadi. So‘ngra istilo qilingan vatanidan AQShga jo‘naydi. U yerda “Harbiy uchuvchi” va “Garovdagi kishiga maktublar” degan ajoyib qissalarini bitadi.
O‘sha Frantsiya uchun mash’um yillarda Sent-Ekzyuperi harbiy dovulga ro‘baro‘ kelgan aksariyat adabiyot ahli singari avvaliga o‘z mo‘ljalini yo‘qotib qo‘yadi. Peten Frantsiyasi bilan de Goll Frantsiyasidan birovini tanlash kerak edi. Sent-Ekzyuperi garchand ko‘p tomonlama de Goll tarafdori bo‘lmasa-da, “kurashayotgan Frantsiya”ni tanlaydi, negaki u haqiqiy voqelikdan ko‘ra odamlarni va o‘z qarashlarini ko‘proq yaxshi ko‘rardi.
1943 yilda Sent-Ekzyuperi aviatsiyaga qaytishga qaror qiladi. Bu niyat uning salomatligi va yoshida o‘z joniga o‘zi qasd qilish bilan baravar edi. Baribir u nima qilib bo‘lmasin, o‘z maqsadiga erishadi. Axiri Amerikaning 7-armiyasiga qo‘shib berilgan “o‘z”ining uzoqqa razvedka qilish-qidiruv 2/33 guruhi safiga tushishga muvaffaq bo‘ladi. U iyuldayoq Marsga (Tunis) yetib keladi, ikkita razvedka qiluvchi parvozni amalga oshiradi. Lekin u ikkinchi parvozi payti (31 iyul) qo‘nish payti xatoga yo‘l qo‘yadi. Sent-Ekzyuperi 35 yoshgacha bo‘lgan uchuvchilargagina uchishga ruxsat etilgan Amerika tezuchar “laytning”da uchardi. O‘shanda uning yoshi 43 da edi. 31 iyulda yuz bergan voqea “keksa va ishonchsiz” uchuvchini parvozlardan chetlatish uchun bahona bo‘ladi Sent-Ekzyuperini zaxiraga o‘tkazishadi.
Aftidan, uning uchun urush tugaganga o‘xshardi. U Jazoyirga jo‘naydi, jahon adabiyotiga durdona bo‘lib kirgan, ajoyib “Kichik shahzoda haqida ertak” asarini davom ettiradi, yana o‘zi “ijodimning cho‘qqisi bo‘ladi” deb aytgan, ammo uni tugata olmagan “Harbiy istehkom” asari ustida ishlay boshlaydi. U jangovar do‘stlaridan olisda yashashga qiynalmoqda edi. Uchuvchi do‘stlariga yaqinlashish umidida frantsuz harbiy qo‘mondonligidagi eski tanishlarini ishga soladi.
So‘nggi parvoz
Sent-Ekzyuperi yerda yashay olmay, samodan o‘ziga o‘lim izlagan degan afsona shu tariqa paydo bo‘lgan edi. Haqiqatan, panada ish bitirishni, tanish-bilishchilikni xush ko‘rmaydigan yozuvchi kutilmaganda nima qilib bo‘lsa ham harakatdagi armiyaga ishga o‘tishga intiladi. U birdan o‘zining graflik nasli, unvonini eslab qoladi. Amerika generali Ikersni chinakamiga ta’qib qilishga o‘tadi, hatto butun haftani uni kutib, qabulxonasida o‘tkazadi. Jangovar postda jon berish xayoli uni fazoga qaytishga bor kuchi bilan jalb etganmikin, degan fikr ham paydo bo‘ladi beixtiyor kishida. Axir u so‘nggi maktublaridan birida shunday yozgan-da: “Naq to‘rt marta halok bo‘layozdim, endi menga baribir”.
Lekin bor haqiqat ancha murakkabroq, balki oddiyroq bo‘lsa ajab emas. “Ajalim yaqin”, degan fikr, aftidan, uni ta’qib qilganga o‘xshaydi. Biroq biz maktub va asarlaridan tanigan, bilganimiz Sent-Ekzyuperi unga intilmagan bo‘lishi mumkin emasdi. Adib hayotni juda sevardi, lekin o‘sha lahzada yashash ma’nosini aynan dushmanga qarshi jangda ko‘rganga o‘xshaydi.
Sent-Ekzyuperiga atigi besh marta uchishga ruxsat beriladi. U bunga yana uch marta uchishni so‘rab oladi. Nima uchun hech kim uni to‘xtatishga urinmaydi? Nima uchun qo‘mondonlik unga shunday osongina peshvoz chiqadi? Komandir va Sent-Ekzyuperining muxlisi Gavual to‘qqizinchi parvozga o‘ylamasdan rozilik bergani uchun to umri oxiriga qadar o‘zini kechirolmaydi. Aftidan, hech kim Sent-Ekzyuyeperiga, uning temir irodasiga qarshi borolmagan ko‘rinadi.
Nima bo‘lmasin, qo‘mondonlik o‘zi bilmagan holda Sent-Ekzyuperi halokatiga sababchi bo‘ladi. U 1944 yilning 31 iyulida ertalab soat 8.30 da Korsika aerodromidan o‘zining to‘qqizinchi va so‘nggi parvozi uchun otlanadi. Uchuvchiga berilgan buyruq quyidagi mazmunda edi: “Liondan sharq tomonni aerosuratga tushirish”. Sent-Ekzyuperi bolaligi kechgan shahar uzra “laytning”da 10 ming balandlikda soatiga 600 kilometr tezlik bilan ucha boshlaydi. Pastda qadrdon yerlar qalqib turadi: Sen-Moris qal’asi, xurram va betashvish bolalgi kechgan ko‘hna istirohat bog‘i… Sent-Ekzyuperi o‘tmishga qaytadi…
U ko‘kda parvoz qilar, do‘stlari ko‘ngillarida esa turli xayollar bir-biri bilan kurashardi. So‘ngra ular bir ovozdan bir narsani, Sent-Ekzyuperini qaytib kelmasligini oldindan ko‘ngillari sezganini aytadilar. Yaqindagina Gavual uni uchish fikridan qaytarishga uringan edi. Sent-Ekzyuperi, unga, birinchisi yo to‘qqizinchisimi, baribir parvozda yo‘q bo‘lish qismatimga yozilgan, deb javob bergan. Keyin u Gavualga qo‘lyozmalar solingan juzdonni beradi va buni bir odamga topshirishini iltimos qiladi. “Sizdan iltimos qilaman. Agar bajarolmasangiz…” – Sent-Ekzyuperi gapini tugatolmaydi, yoshga to‘lgan ko‘zlarini yashirish uchun teskari buriladi.
U ko‘kka ko‘tarilgach, leytenant Dare, akkumulyatorlarga qo‘shimcha quvvat berish uchun generatorni tekshirishni unutgani esiga tushadi. Hech kim Sent-Ekzyuperi dushmanning qiruvchi samoletiga duch kelishi mumkinligini o‘ylamaydi. 10 ming metr balandlikdagi “laytning”ga yetib bo‘lmasdi. Do‘stlari Sent-Ekzyuperining osmonga ko‘tarilgan zahoti kislorodni qo‘yish odati borligini bilardilar. U 44 yoshda, yuragi ham yoshlik paytlaridagiday emasdi. Agar kislorod yetmay qolsa yoki notekis uzatilsa, uchuvchi bunday balandlikda hushini yo‘qotishi turgan gap. Shuningdek, hamma Sent-Ekzyuperi bundan oldingi topshiriqdan bitta motorda qaytgani, buning ustiga-ustak, mo‘ljalni yo‘qotib, Genuya ustiga kelib qolganini eslab qoladilar. O‘shanda dushman uchuvchilari uning mashinasini o‘zlarining o‘quv samoletlari deb o‘ylaganlari uchun ham urib tushirmagandilar.
Oradan to‘rt soat o‘tadi. Sent-Ekzyuperi qaytmaydi. Radiolokatsion stantsiyaga qo‘ng‘iroq qilishadi, javob ko‘ngilsiz bo‘ladi. Soat 14.30 ga kelib uchuvchining yoqilg‘isi tugaganligi ayon bo‘ladi. Sent-Ekzyuperi endi ortiga qaytib kelolmas edi. Biroq do‘stlar anchagacha umid qilib kutadilar. Chunki osmonda dushman samoletlari qayd qilinmagan edi (urushdan keyin, o‘lja qilib olingan hujjatlarni tahlil qilish paytida 1944 yil 31 iyul kuni Germaniya harbiy havo kuchlari frontning bu uchastkasida bo‘lmaganligi ayon bo‘ladi), ehtimol Sent-Eks Frantsiya va Shveytsariyaning qayerigadir qo‘ngandir?
Uning samoleti parchalarini ham topmaydilar. Sent-Ekzyuperi xuddi afsonaviy yarim ma’bud singari samoda nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lgan edi. Uning halokati siri hozirga qadar to‘la, aniq-ravshan ochilmadi. Yozuvchi haqida kitob yozgan, Sent-Ekzyuperining do‘sti Jyul Rua bir vaziyatni ta’kidlab o‘tadi. Yozuvchi g‘ayrishuuriy holda o‘zini-o‘zi halok etishi mumkin emas edi, chunki uchuvchilar parvoz chog‘ida hech qachon bunday yo‘l tutmaydilar. Yana insonning asosiy fazilati – or-nomus deb bilgan Sent-Eksyuperiday chapdast va jasur uchuvchi aslo bunday qilmagan bo‘lardi.
Ma’suma Ahmedova tayyorladi.