1992 yilda Bobur xalqaro jamg‘armasi va uning ilmiy safari tashkil etilgan edi. Har bir ilmiy safar davomida buyuk o‘tmishdoshlari-mizning nodir merosi, xususan Boburiylar yaratgan ilmiy-adabiy, tarixiy meros, saltanatning ulug‘ vakillariga bag‘ishlangan asarlar yurtimizga kela boshladi. Hozirgi kunda yuzlab ana shunday asarlar, ularning qo‘lyozmalari, tarjimalari, turli nashrlaridan iborat ulkan xazina Andijonda, Bobur bog‘ida tashkil etilgan «Jahon madaniyati» nomli jamg‘armada saqlanmoqda hamda imkon qadar ilmiy muomalaga kiritilmoqda. Boburiylarga bag‘ish-langan asarlardan biri ingliz adibasi Rumer Goden (1907-1998) qalamiga mansub «Gulbadan» nomli tarixiy kitobdir. Yaqinda Bobur xalqaro jamg‘armasi homiyligida mana shu kitobning o‘zbekcha tarjimasi chop etildi.
Avvalo, muallif haqida ikki og‘iz so‘z. Taniqli ingliz adibasi Margaret Rumer Goden nafaqat tarixiy asarlar muallifi, balki shoira va jurnalist sifatida ham nom qozongan. Uning nomi Buyuk Britaniya va Hindistonda yaxshi ma’lum. Adiba barakali ijod qilgan — oltmishdan ortiq kitobi nashr etilgan.
Margaretning otasi XX asr boshlarida Kalkuttada joylashgan kemachilik kompaniyasining vakili bo‘lib xizmat qilgan. Adibaning bolalik yillari Hindistonda o‘tadi, u bu sirli va sehrli yurtni sevib qoladi. Godenlar oilasi 20-yillarda Angliyaga qaytib ketadi, lekin Margaret Hindistonga tez-tez kelib turadi. U 1929 yili Kalkutta shahrida baynalmilal raqs maktabi-ni tashkil etadi va shu davrdan e’tiboran dastlabki asarlarini yarata boshlaydi.
Margaret ushbu dargohda 20 yildan ortiq ishlaydi. 1949 yili Angliyaga qaytib boradi va Hindistonda jami o‘ttiz yildan ortiq davr mobaynida olgan bilim va tajribasi, iste’dod va kuch-g‘ayratini badiiy ijodga sarflaydi. U ko‘plab asarlar yozadi, ularning ayrimlari unga katta shuhrat keltiradi. Jumladan: «Daryo», «Hind quyoshi ostidagi ikki kishi», «Shivaning kabutari», «Qora tulpor» va hokozo. Mazkur asarlarning ko‘pchiligi asosida badiiy filmlar suratga olingan.
«Gulbadan» asari 1980 yilda yaratilgan. U Boburning qizi Gulbadan- begimning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, qiziqarli ilmiy-publitsistik usulda bayon qilingan. Muallif Hindistonda uch asrdan ko‘proq davr mobaynida hukmronlik qilgan boburiylar saltanatining yorqin vakillaridan biri Gulbadanbegim shaxsiyatini davrning murakkab va chigal voqealari, toj-taxt uchun kurashlar, inson ruhining cheksiz g‘alayonlari bilan uzviy bog‘liq holda o‘ziga xos tarzda aks ettirgan.
Temuriylar sulolasida yetuk iste’dod sohiblari bo‘lmish shahzo-dalar bilan bir qatorda tarix zarvaraqlarida o‘chmas iz koldirgan mashhur malikalar ham talaygina. Masalan, Saroy Mulkxonim, Gavharshod-begim, Xadichabegim, Gulbadanbegim, Nurjahonbegim, Arjumand Bonubegim, Zebunnisobegim va boshqalar. Bular orasida Gulbadanbegim alohida ajralib turadi. Boburshohning suyukli qizi Gulbadanbegim nomini dunyoga mashhur qilgan asar «Humoyunnoma» dir. Gulbadanbegim asarning boshida kitobning yaratilish tarixini keltiradi. Asar uning jiyani Akbarshohning farmoniga ko‘ra yozilgan edi:
«Bismillah-ir rahmon-ir rahim.
Ul firdavsmakon (Bobur) va jannatoshiyon (Humoyun) bilan bog‘liq voqealardan nimani bilsangiz, yozingiz, degan buyruq bo‘lgandi. Hazrati firdavsmakon foniy dunyodan boqiy dunyoga yo‘l olganlarida, bu haqir (Gulbadan-begim) sakkiz yoshda edim, shu sababli bo‘lib o‘tgan voqealarning kamroq qismi xotiramda qolgan edi. Podshohning amriga binoan, nimaiki eshitgan va xotiramda qolgan bo‘lsa, qog‘ozga tushirdim».
Gulbadanbegim o‘z asarida qisman otasi Bobur shoh davri, asosan akasi Humoyun podshohning hayoti va faoliyatini yoritgan. «Humoyun-noma»ning o‘ziga xos tomoni shundaki, uni ayol kishi yozgan, erkaklar bilmay-digan yoki e’tibor qilmaydigan jihatlarni tasvirlagan – saroydagi turli-tuman ikir-chikirlar, shahzo-dalar, umuman kishilar orasidagi munosabatlar, voqea-hodisalar, saroy ahlining hayot tarzi, Boburshoh xonadoniga oid xususiyatlar, oilaviy sharoitlar, to‘y va aza bilan bog‘liq urf-odatlar, uy-ro‘zg‘or jihozlari, kiyim-kechak va boshqalarga ayol ko‘zi bilan qaragan va ular haqida mufassal ma’lumot bergan. Mazkur sabablarga ko‘ra asar beqiyos tarixiy ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan «Humoyunnoma» asari «Boburnoma»ni to‘ldiradi, uning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Taniqli boburshunos olima Sabohat Azimjonovaning ta’kid-lashicha, O‘rta va Yaqin Sharq xalq-larining o‘rta asr tarixida faqat birgina ayol — Gulbadanbegim tarixiy asar yaratgan, binobarin, u yagona ayol tarixchidir. Gulbadanbegim mazkur asarni yaratish uchun otasi Boburshox, singari kundalik tutmagan, xotirasi asosida, ko‘rgan-bilganlarini yozgan. Lekin uslub borasida, tilining sodda va ravonligi masalasida otasining yo‘lidan borgan.
Asar fors tilida bitilgan va uning yagona nusxasi «Britaniya muzeyi»da saqlanmoqda. Ingliz adibasi «Gulbadan» asarini mana shu kitob asosida yozgan.
Adibaning boburiylar, xususan Gulbadanbegim shaxsiga nihoyatda samimiy, iliq munosabati butun asar davomida yaqqol sezilib turadi. Jaloliddin Akbarning Boburshoh va Humoyunshoh haqida nimaiki bilsan-giz, yozingiz, degan farmoni xususida so‘z yurita turib R. Goden mana bunday deydi: «… Bunday farmon yana ikki kishiga — Humoyunshohning yaqin mulozimlaridan bo‘lmish Javhar oftobachi va sodiq vaziri Shayx Boyazidga ham berilgan edi. O‘rta asrlarda saroy malikalari orasida savodxon ayollar, ehtimol, ko‘p bo‘l-magandir, lekin Gulbadanbegim o‘z davrining eng mukammal bilimli, fozila ayollaridan edi. U hamisha mutolaa bilan mashg‘ul, ta’bi nazm egasi bo‘lsa-da, biroq tarixiy asar yozishga ilk bor qo‘l urmoqda edi». Adibaning bu gapidan ikki narsa ma’lum bo‘ladi: bittasi, Bobur va Humoyunga bag‘ishlangan asar yozish boshqa kishilarga ham buyurilgani va Gulbadanning she’r yozgani. Kezi kelganda aytib o‘tish kerakki, Gulbadanning she’r ham bitgani haqida Mir Mahdi Mirzoning «Tazkirat-ul xavotin» asarida ham ma’lumot keltirilgan.
«Humoyunnoma»ning uslubi haqida ingliz adibasi bunday fikr bildiradi: «Muallifning ifoda uslubida otasi Boburshohning xotiranomasida tabiat manzara-lari, gul-chechaklar, meva-cheva va parrandalar dunyosini tasvirlashda qo‘llangan sodda, aniq va ixcham iboralar ko‘zga tashlanadi». R. Goden «Humoyunnoma”ni ingliz tiliga tarjima qilgan taniqli sharqshunos A.S. Beverij xonimning «…Muallif mulohazalarining samimiyligi saroy tarixchilarining ko‘plarini lol koldirishi va uyaltirib qo‘yishi ham mumkin» degan gaplarini keltirishi diqqatga sazovordir.
«Gulbadan» asarini o‘qigan kishi uchta ulug‘ boburiy – Zahiriddin Bobur, Nasiriddin Humoyun va Jaloliddin Akbar to‘g‘risida, ular yashagan davr, voqea-hodisalar, saroydagi ayollar o‘rtasidagi munosabatlar haqida qiziqarli va muhim ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Masalan, Boburning xotin-laridan biri xususidagi quyidagi parchaga e’tibor beraylik: «Haramda Bibi Muborikaning hurmatini joyiga qo‘yishardi, chunki u Boburdan farzand ko‘rmagan edi. Ayniqsa, Dildor og‘acha begim unga nisbatan rashk o‘tini sochib turardi.
Gulbadan Bibi Muborika bilan tez-tez ko‘rishib turardi va uni «Afg‘oniy og‘acha» deb atardi. Bu hol uning aslzodalar oilasidan emasligiga ishora qilsa kerak. Boburning qolgan uchala xotinlari «begim» yoki «malika» deb atalardi. Shayboniyxon haramida o‘n yil yashab kelgan ammasi – Boburning opasi Xonzodabegimni «oqajonim», «xonim hazratlari», «istarali xonim» deb atasa, Mohimbegimni «begim hazratlari» deya ehtirom bilan tilga oladi.
Ma’lumki, Humoyunshoh bilan Gulbadanbegim ota bir, ona boshqa – Humoyunning onasi Mohimbegim, Gulbadanniki esa – Dildorbegim. Lekin shunday bo‘lsa-da, Gulbadan-begim har gal akasi haqida gap ketganda, uni o‘ta ehtirom va samimiyat bilan tilga oladi. Bu qadar izzat-hurmat va samimiyatning sababi nima? Tarixga nazar tash-lansa, «ona boshqa»larda bunaqa inoqlik, bunaqa hurmat kam uchraydi. R. Goden buning sababini ko‘rsatib, Humoyun volidai muhtaramasini juda e’zozlar edi, uni Gulbadan bilan bog‘lab turgan rishta ham aslida shu edi, deydi. Gulbadan sakkiz yil davomida Mohimbegimning tarbiyasida bo‘lgan-ligi inobatga olinsa, aka-singil orasidagi samimiyatning sababi oydinlashadi.
Gulbadanbegim kitobida o‘zi haqida juda kam ma’lumot bergan. Jumladan, o‘zining haj safari to‘g‘risida ham xotiranomasining so‘ngida qisqa xabar beradi. Lekin ingliz adibasi boshqa manbalar asosida mazkur safarni ancha batafsil bayon qiladi – undan haj safari jami 7 yil davom etgani, Gulbadan shundan uch yarim yil davomida Makkada istiqomat qilgani hamda 4 yo‘l haj amali bajarganini bilib olish mumkin.
Shershoh bilan bo‘lgan bir jangda katta talafot va qurbonliklar ko‘rilgan hamda Humoyunning ikki xotini va qizi Aqiqa dom-daraksiz yo‘qolgan edi. Gulbadan bu haqda «Humoyunnoma»da o‘kinch bilan yozgan. R. Goden mana shu sharmandalarcha mag‘lubiyat xususida yoza turib, Gulbadanning o‘kinchiga sherik bo‘ladi: «Temuriylar olib borgan janglar tarixida birinchi bor ayollar va bolalar o‘ldirildi yoki bedarak yo‘qoldi», deydi ingliz adibasi.
Gulbadan akasi bilan bir necha yildan keyin ko‘rishganda, u Gul-badanni tanimay qoladi: «…Gaurga yurish qilgan paytda sen toqi kiyar eding, hozir lachak (ro‘mol) va qasavada ko‘rganim uchun tanimay qoldim» degan. R. Goden Humoyunning mana shu gapini sharhlaydi: «Bu malika Gulbadanning nikohda ekanining birinchi alomati edi. Kuyovga uzatilgan qizlar, odatda, marjon va ukparlar bilan bezatilgan harir qasava yoki lachak bog‘lashardi». Ushbu sharh ingliz adibasining o‘sha davrdagi udumlardan yaxshi xabar-dor ekanidan darak beradi. Muallif udumlarni yaxshi bilishiga yana bitta misol: «…Malikalar fil ustidagi mahofadan tushadigan bo‘lsalar, fil chodir ichiga kiritilar va nomahram bo‘lgani bois, filbonlar yuzlarini qalin mato bilan o‘rab turardilar.»
«Humoyunnoma» asari Komron Mirzoning ko‘ziga mil tortish bilan bog‘liq «Podshoh hazratlari mil tortgandan keyin…» degan yerga kelib uzilib qolgan va bizgacha bir mo‘jaz kitob holida yetib kelgan. Kitobning hajmi aslida qancha bo‘lganligi, uning nima sababdan to‘la emasligi xususida hech qayerda ma’lumot saqlanib qolmagan. Lekin ingliz adibasi bu masala yuzasidan ham o‘z fikrini bildiradi: «…balki qolgan qismi yo‘qolgan bo‘lishi mumkin yoki o‘z birodariga rahmi kelganidan, yuz bergan keyingi voqealarni tasvir-lashga muallifning jur’ati yetma-gandir».
«Gulbadan» asari katta qiziqish bilan o‘qiladi. Tarjimaning tili ravon, matbaa ijrosi, bezaklari bekamu ko‘st. Lekin kitobda ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. «Humoyunnoma»da ham «Boburnoma»dagi kabi hindcha so‘zlar – ismlar, joy nomlari, turli atamalar, asar nomlari uchraydi. Shularning imlosida chalkashliklar bor. Masalan, Rano Sango emas, Raana Sangaa, Fotehpur Sekri emas, Fatuhpur Sekriy, rupiy emas, rupiya, «Ayni Akbariy» emas, «Oyini Akbariy» va boshqalar. Tarjimada ba’zi noaniq-liklar mavjud — …raqqosalarning bilaklari va boldirlariga taqilgan qo‘ng‘iroqlar… degan jumlada boldirlariga emas, to‘piqlariga bo‘lishi kerak. Kitobning ayrim yerlarida uslubiy xatolar bor. Masalan, farzandu arjumand emas, farzandi arjumand bo‘lishi kerak. Mashhur o‘zbek maqolining shakli o‘zgarib qolgan: …sho‘rvadan og‘zi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi… va hokazo.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, R. Godenning «Gulbadan» asari boburiylarning benazir namoyandasi Gulbadanbegim haqidagi tasavvurimizni boyitadi. U boburiylar davrini o‘rganishga qo‘shilgan munosib hissadir.
Ansoriddin Ibrohimov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2007 yil, 9-son