2018 yilning 13 yanvar kuni kechqurun soat 21 dan 33 daqiqa o‘tganida shoir og‘am Abdunabi Boyqo‘ziyev, 21 dan 40 daqiqa o‘tganida noshir og‘am Baxtiyor Karimovlar Toshkentdan Bo‘ston shahridagi uyimga qo‘ng‘iroq qilishib aziz ustozimiz, atoqli adib, taniqli tarjimon Nosir oqsoqol Fozilov olamdan o‘tganini chuqur qayg‘u bilan xabar qildilar. Ikkovi ham bir necha kun oldin mening xasta oqsoqol muolaja olayotgan tibbiyot maskani – Ikkinchi hukumat shifoxonasida, ikkinchi qavatdagi terapiya bo‘limining 12-palatasida, ustoz hamda unga mehr bilan qarayotgan Muborak aya huzurida bo‘lganimni, “patriarx” bilan bir soatcha gurunglashganimni yaxshi bilishardi. Mana, milliy adabiyotimizning G‘afur G‘ulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Mirtemirdek azim chinorlaridan rag‘bat olib o‘sgan ulkan sadaqayrag‘ochlaridan biri qulabdi. Quloqlarimga ishonmay, boshimni changallab qoldim. Kechagina xiyol nafasi siqayotganiga qaramasdan yuragini ochib samimiy suhbatlashgan, Abdijamil oqsoqolning uy nomerini aytib, “Sen, bolam, tortinmasdan Nurpeisov domlaga qo‘ng‘iroq qil, mendan salom ayt. Albatta, “Seng”( o‘zbekcha “Muzko‘chki”) asarini senga jo‘natadi. O‘n ikki bosma toboqlik shu asarni mehr bilan tarjima qilsang, jabrdiyda Orolbo‘yi oldidagi bir qarzingni uzgan bo‘lasan!” degan edi. “Ertaga Mehmonqul aka Qozog‘istonga ketyapti. “Olib kelaman!” dedilar, desam “Adabiyot manfaati uchun adib adibni bezovta qilishdan tortinmasligi kerak. Sizlar shunga o‘rganinglar!” deb uqtirgan edilar.
Endi ustoz yo‘q. Keyingi o‘n yil ichida oqsoqol adib bilan “Do‘rmon” ijod uyida kamida yigirma marta uchrashgan edik. U kishi ijod uyiga martning o‘rtalarida chiqib, oktyabrning oxirlarida o‘zining qadrdon Chilonzoriga qaytib ketardi. Har kuni ikki marta sadoqatli rafiqasi Muborak aya bilan ijod uyi bog‘ini aylanardi. Bog‘ning o‘ng tomonidagi uzun yo‘lak oxirida bir o‘rindiq bor. Biz unga “Nosir oqsoqol o‘rindig‘i” deb nom berganmiz. Chimyon cho‘qqilaridan sarin sabolar yetib keladigan bu yerda ustoz menga, Qo‘chqor Norqobilga, Muhammad Ismoilga, Mirpo‘lat Mirzoga, Tohir Qahhorga, Chorsha’m Ro‘ziyevga, G‘ulom Fathiddinga, Mirzapo‘lat Toshpo‘latga, Vafo Fayzullohga, Amir Xudoyberdiga, Behzod Fazliddinga va boshqa o‘nlab og‘a-inilarimga nosirlik hamda noshirlikning tengsiz saboqlarini berganlar. Bir gal uch tug‘ishgan og‘am – O‘rozboy, Kengesboy, Murotboyni shu yerda shogird tayyorlash borasida qattiq tergagani yodimda. Oqsoqolning betga achitib aytgan o‘gitlari, ta’nalari ham boldan shirin bo‘lardi. Qahri qattig‘u mehri moydek yumshoq edi: 2017 yili yozda nogoh Muborak ayaning qo‘li shikastlanganida oqsoqolning opa yonida o‘tirib astoydil oh tortganlari hamon qulog‘im ostida. O‘shanda oqsoqolga taskin berish uchun Andijondan Qamchibek Kenja, Farg‘onadan Oxunjon Hakim, Toshkent viloyatidan Ortiqboy Abdullayev, Samarqanddan Xosiyat Bobomurodova, Namangandan Dilbar Haydarova, Qashqadaryodan Jabbor Xalil, Xorazmdan Ismoil Olloberganov, Qoraqalpog‘istondan Ayitjon Olloberganova kelgan edilar. Partadosh do‘sti, professor G‘affor Mo‘minovning o‘g‘li Abdusattor uzoq yillar otasining qadrdoniga muruvvat ko‘rsatdi. Oqsoqol to‘qqiz oy “Do‘rmon” ijodi uyida bo‘lganida o‘g‘il va kelinlari, nevaralari har kuni xabar olishardi. Har kuni!
O‘n yil! Million yillik sayyora uchun bu kiprik qoqqulik muddat ham emas. Ana shu o‘n yil ichida meni mehru muruvvat bilan o‘z qanoti ostiga olgan o‘n nafar aziz ustozlarim, hayrihohlarimdan ayrildim. 2008 yilning iyulida turkiyzabon xalqlar she’riyatining zabardast vakili Oshiq Ayoz – Ibroyim Yusupov, 2010 yilning sentyabrida atoqli nasr ustasi To‘lepbergen Qaipbergenov, beqiyos so‘z zargari Matnazar Abdulhakim, dekabrida atoqli shoir Jumaniyoz Jabborov, 2013 yilning mayida prozamizning ikki azim chinori – O‘tkir Hoshimov va Omon Muxtor, 2016 yilning mayida ulug‘ so‘z san’atkori Erkin Vohidov, noyabrida zamonamizning buyuk shoiri Abdulla Oripov, 2017 yilning mayida ajoyib bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev, iyulida iste’dodli shoir, iqtidorli publitsist, jonkuyar jamoat arbobi Nosir Muhammad bu yorug‘ olam bilan vidolashdilar. Endi Nosir oqsoqol…
1989 yili “Yulduzcha” nashriyotida 30 ming nusxada chop etilgan 384 betlik “Bolaligim-poshsholigim” (5 qissasi va hikoyalari kirgan) kitobiga yozgan so‘zboshisida ustoz Nosir Fozilov “Qo‘limga qalam tutib, yozish imkoniyati yaratib bergani uchun hayotimdan, davrimdan minnatdorman. Mana, oq bilan qorani ajratadigan yoshga yetib, bosib o‘tgan yo‘limga shukronalik bilan nazar solaman. Shu paytgacha yozganlarimni oldimga qo‘yib, bunday qarasam, o‘sha davr voqealarini eslasam, bolaligim bir poshsholikka mengzab ketdi.”, deb yozgan edi.
Navoiy va Bobur, Qodiriy va Qahhor daryolaridan suv ichgan bu beli baquvvat sadaqayrag‘och sakson to‘qqiz yillik barakali umri davomida tog‘-tog‘ ijodiy ishlarni nihoyasiga yetkazdi: “Tashvish”, “Saraton”, “Qush qanoti bilan”, “Qorxat”, “Oqim” qissalari, bolalarga va kattalarga bag‘ishlangan o‘nlab iligi to‘q hikoyalari, “Ustozlar davrasida”, “Munavvar lahzalar”, “Eslasang ko‘ngling yorishur”, “Noshir va Nosir so‘zi” esselaridan iborat qirqqa yaqin, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, rus va boshqa tillardan o‘girilgan oltmishga yaqin, jami yuzga yaqin kitobi milliy adabiyotimizning xazinasidan o‘rin oldi. Tarjimon sifatida Abayning “Qirq besh nasihat”idan tortib sevimli shogirdi O‘rozboy Abdurahmonovning “Changalzor payg‘ambari”gacha bo‘lgan oltmish asarni o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girdi. O‘z asarlari jahonning o‘ttizdan ortiq tillariga tarjima qilindi.
Bu oqshom ko‘zlarimda shashqator yoshlar bilan “Oqim” qissasining so‘nggi satrlarini o‘qiyman: “…kuni bilan olamni tandirdek qizdirgan, butun borliqqa nur bergan quyosh qizarib botib borar…botish azaliy odati bo‘lgani uchungina emas, balki ertaga bugungidan ham charog‘onroq, bugungidan ham nurliroq bo‘lib chiqish uchun botib borayotgandek tuyulardi…” Ertaga tong otadi. Quyosh bugungidan ham charog‘onroq bo‘lib chiqadi. Ammo endi Siz buni ko‘ra olmaysiz, donishmand ustoz. Endi Siz ulug‘ ustozlar qo‘nim topgan Chig‘atoy xilxonasi og‘ushidasiz. Shu yilning 5 yanvar kuni ertalab shoir og‘alarim Tursun Ali va Azim Suyun uchalamiz ustoz Abdulla Oripovning so‘nggi manzilini ziyorat qilish uchun Chig‘atoyga borgan, u kishi va u yerga yaqin qo‘yilgan qadriabad murabbiylarimiz Erkin Vohidov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Jumaniyoz Jabborov ruhlariga oyat o‘qigan edik. Ularning yonida bo‘sh o‘rin bor ekan. Maysa o‘sgan o‘sha joyga tikilgan Tursun Ali “Bu yerga kim qo‘yiladi?” deb so‘radi. Azim aka chuqur o‘yga tolib “Yo xalq shoiri, yo davlat mukofoti sovrindori qo‘yiladi!” dedi. Allohning marhamatini qarangki, Siz – 2 marta O‘zbekiston, bir necha marta boshqa davlatlar mukofotlari sohibi o‘sha joyga qo‘yilganingizni, ta’ziyamizni Muborak ayaga yetkazganini kechqurun Abdunabi akam telefonda aytdilar. Siz ketdingiz. Kitoblar qoldi. Dillarga quyoshdek nur taratgan, “Faqat ko‘rgan-bilganlaringiz yozilgan”,(“Qorxat”dan) “Hayot sahifalari varaqlangan”, “Qush qanoti bilan”dan), “Har qanday sovg‘adan ham bebaho, yorqin, pokiza tuyg‘ular hadya qilgan”, (“Saraton”dan), “Muhabbat oldida javob berishdek tashvishlar” (“Tashvish”dan) muhrlangan yuzdan ortiq o‘sha kitoblaringiz yuz yillar mobaynida yo‘llarimizni yoritib turgay. Alvido, ustoz, o‘zbegimning qozog‘i, qirg‘izi, qoraqalpog‘i. Ona Turkistonimizning, yetmish yil beminnat non bergan Toshkentning tuprog‘i Sizga pardek yumshoq bolish bo‘lsin!
Yangiboy QO‘ChQOROV,
Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari,
Bobur nomidagi xalqaro fond mintaqaviy bo‘limi rahbari