Ingliz adibi Somerset Moemning «Oy va chaqa» romani XX asrda shu janrda yaratilgan asarlar orasida eng ko‘p o‘qiladigan yuzta romanning biri, deb e’tirof etilgan. Asar voqealari asosiy personajlardan biri — yosh va iqtidorli yozuvchi yigit tilidan hikoya qilinadi. Roman bosh qahramoni Charlz Striklend rassomlik bilan shug‘ullanish maqsadida oilasidan, birjadagi yaxshi haq to‘lanadigan dallollik kasbidan voz kechib, oxir-oqibat, ulug‘ rassom darajasigacha ko‘tariladi, betakror san’at asarlari yaratadi va Taitida yolg‘iz, abgor bir ahvolda hayotdan ko‘z yumadi.
Roman nomini sharhlagan adabiyotshunoslar asarda yaratuvchi ijodkor va olomon bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilgan, bu ikki tarafning mutlaqo boshqa-boshqa o‘lchamlarda yashashi ko‘rsatilgan, ya’ni ular oy va chaqaga qiyoslangan, deb hisoblaydilar.
Moem asarda syujetni real voqelikdan oladi, mashhur frantsuz rassomi Gogen tarjimai holi asosida yaratadi. Lekin adib Gogen hayotini tasvirlashni niyat qilmagan, balki uning hayotiga doir faktlarga suyangan holda ijtimoiy hayot va ijod o‘rtasidagi azaliy muammoni yoritmoqchi bo‘lgan. Rus adabiyotshunosi V.Skorodenko yozganidek, «Bu roman aslida Striklend nomi ostida tasvirlangan Gogen haqida emas, balki Charlz Striklend ismli o‘ylab topilgan rassom haqida. Knyaginya Bolkonskaya o‘z prototipiga qanchalik o‘xshasa, Striklend ham haqiqiy Gogenga shunchalik o‘xshaydi»(Somerset Manghani «The Moon and Sixpence» Progress publishers, Moskov, 1969). Shuning uchun «Oy va chaqa» romanidan Gogenni «fosh etgan» voqealarni qidirish behuda. Bu asarga juda katta mazmun yuklanganki, uni oldindan tayyorlangan sxemaga solib talqin qilish noto‘g‘ri xulosalarga olib keladi.
Adabiyotshunoslar «Oy va chaqa»da muallif san’atning uch xil tipini tasvirlagan, deb ta’kidlashadi. Birinchisi, Londondagi adabiy davralar va o‘ziga xos badiiy ustaxonalardagi san’at. Bu san’atning tan olingan yoki tan olinishga yaqin turgan namoyandalari (ular qatoriga romandagi voqealarda ishtirok etgan va ularni kitobxonga hikoya qiluvchi yigit ham kiradi) bilim va «o‘tkir did»ga asoslangan yozilmagan qoidalardan chetga chiqishmaydi, an’analarni qadrlashadi, lekin yangilikni ham inkor etishmaydi.
«Oy va chaqa»da tasvirlangan ikkinchi san’at tipini Moem golland rassomi Dirk Stryov obrazi orqali ko‘rsatadi. Xudo bergan iste’doddan mosuvo bu rassom «hayotni boricha tasvirlash»ga shunchalik berilganki, rasmlaridagi o‘lik manzaralarda haqiqiy hayotdan asar yo‘qligi haqida u o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Uchinchisi, Striklendning san’ati — haqiqiy va boqiy san’at. Mavjud qonun-qoida, me’yorlarni rad etgan bu san’at uni tushunganlargagina o‘zining betakror go‘zalligini ochadi. Moem san’at yo‘lida insoniylikdan yuz o‘girgan ijodkor — Striklend obrazini juda ta’sirchan chizadi. Lekin u san’atkor dunyosi bilan yonma-yon turgan omma hayotini ham o‘ziga xos tasvirlaydi. Striklendning dunyosi mangu, uning san’ati uchun vaqt hech narsa emas. Striklend oilasidan, do‘st-birodarlaridan yuz o‘girib, o‘zini san’atga bag‘ishlash uchun Parijga ketadi va yaqinlari, tanishlarining tavqila’natiga uchraydi. Yigirma yil o‘tib uni ablah deb ovoza qilganlarning o‘zlari Striklendni dahoga chiqarishadi…
Romanni o‘qigan sari manfaatparastlar va kaltabinlar jamiyatida Striklendning ijod erkinligiga urinishi dahshatli oqibatlarga olib kelishi muqarrar edi, degan xulosaga kelinadi. Moem insonni erkidan ayiruvchi ijtimoiy qoidalarga qarshi chiqqan Striklendni tushunadi. Lekin Striklend insoniylik chegarasidan chiqib ketganda, muallif uni yoqlamaydi. «Striklend san’atga xizmat qilish uchun o‘zidagi insoniylikni o‘ldirdi», deydi adabiyotshunos V.Skorodenko.
«Oy va chaqa»ni o‘qigach, kitobxonda: odamiylik qiyofasini yo‘qotgan daho Striklend to‘g‘ri ish qildimi yoki o‘ta ochiqko‘ngil, mehribon, beg‘ubor va kamtar inson, lekin rasmlari bir tiyinga qimmat Dirk Stryov tutgan yo‘l to‘g‘rimi, degan savol tug‘iladi. Stryovning ezguligi — go‘zallikdan mahrum, o‘lik ezgulik. Striklenddagi go‘zallikda esa ezgulik yo‘q. Faqat Go‘zallik deb yashash rassomni ma’nisiz hayotdan qutqaradi, lekin uni insoniylikdan mosuvo qiladi. «Striklendning fojiasi faqat uning qabihligida va manfurligida emas. Uning eng katta fojeasi insoniyat uchun ijod qilayotganini bilmaganida, bilishni istamaganida», deydi V.Skorodenko.
Lekin Moemning «Oy va chaqa» romanida ham, boshqa asarlarida ham xulosani ko‘rmaymiz. Voqeani hikoya qilib, kitobxon hukmiga havola etgan adib xulosa chiqarishni uning o‘ziga qoldiradi. Shuning uchun ham «Oy va chaqa» romani turli xil talqin qilinadi. Yaxshi asarning eng katta yutug‘i uni hamma o‘zicha yaxshi ko‘rib o‘qishida, deb bejiz aytishmagan.
«Oy va chaqa» romani taniqli adabiyotshunos va tajribali mutarjim Rahmatilla Inog‘omov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, 2006 yili «Jahon adabiyoti» jurnalida bosilib chiqqan.
Tarjimon mahorati erkin va aniq tarjima o‘rtasida muvozanat saqlay olishda, me’yorni his qilishda ko‘rinadi. «Oy va chaqa» romani tarjimasida R.Inog‘omov shu me’yorni saqlay olgan va asarni «qayta yozish» emas, o‘zbekchaga ag‘darish yo‘lidan borgan. Tarjimonning yana bir yutug‘i asar tilini, Moemning achchiq kinoya bilan juda aniq tasvirlash uslubini saqlab qolganida.
Har qanday asar tarjimasida ham xatolar, kamchiliklar uchraydi. Agar asar asliyatdan emas, ikkinchi bir tildan tarjima qilingan bo‘lsa nuqsonlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Chunki ikkinchi bir tildan o‘girganda tarjimon asliyatdan ancha uzoqlashib, dastlabki tarjima ta’siriga tushib qoladi. Oqibatda u asarni emas, tarjimani tarjima qiladi.
«Oy va chaqa»ning oltinchi bobida voqealarni hikoya qiluvchi yigit Striklendning tashqi ko‘rinishini tasvirlab «he was bigger than I expested…», deydi. Romanning R.Man tomonidan o‘girilgan ruscha tarjimasida bu jumla «on okazalsya vыshe, chem ya dumal…» deb, o‘zbekchada esa «u men o‘ylaganimdan baland bo‘yliroq», deb o‘girilgan. Vaholanki, ingliz tilida «baland bo‘yli» sifatini «tall» so‘zi bildiradi. «Big» esa «semiz» yoki «gavdali» degani. «…his eyes were small, blue or grey» jumlasi ruschada «… glaza ne to serыe, ne to golubыe», o‘zbekchada «…ko‘zlari kulrang bilan ko‘k rangning o‘rtasida qandaydir rangga moyilroq edi», deb o‘girilgan. Rus tarjimoni «small» («kichkina») so‘zini tashlab ketgan. Bu xato o‘zbekcha tarjimaga ham ko‘chgan.
«One wonld admire his excellent qualities, but avoid his company» jumlasi ruschaga: «Nekotorыe yego kachestva mojet bыt, i zaslujivali poxvalы, no stremitsya k obщeniya s nim bыlo nevozmojno» deb, o‘zbekchaga: «Uning ba’zi fazilatlari, ehtimol, diqqatga sazovordir, lekin u bilan muloqot qilishga chidash mumkin emasdi», deb o‘girilgan. Aslida bu jumla «Uning fazilatlarini qadrlaganlar ham Striklend bilan muloqotdan qochardi», deb o‘girilganda maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki rus tarjimoni «to avoid» («qochmoq, chap bermoq») so‘zining o‘rniga «nevozmojno»ni qo‘llab, Striklendni qariyb telbaga chiqarib qo‘ygan.
Oilasini tashlab Parijga ketgan Striklendni izlab topgan yozuvchi yigit rassomni uyiga qaytarmoqchi bo‘lib u bilan bahslashadi. Dialogda shunday jumlalar bor: «At all events, you can be forced to support your wife and children», I retorted, somewhat piqued. «I suppose the law has some protection to offer them».
«Can the law get blood out of a stone?».
Rus tiliga bu savol-javob shunday o‘girilgan:
«— Vas ved mogut zastavit soderjat jenu i detey, — vozrazil ya, neskolko uyazvlennыy. — Ya ne somnevayus, chto zakon vozmet ix pod svoyu zaщitu.
— A mojet zakon snyat lunu s neba?».
O‘zbekcha tarjimada bu dialog shunday jaranglaydi:
«— Axir sizni xotiningiz va bolalaringizni boqishga majbur qilishlari mumkin, — dedim ranjib. — Qonun ularni o‘z himoyasiga olishiga shubha qilmayman.
— Osmondagi oyni olib beradigan qonun ham bordir?».
Aslida, Striklendning javobini so‘zma-so‘z tarjima qilganda: «Toshdan qon chiqaradigan qonun ham bormi?», degan gap hosil bo‘ladi. Meningcha, bu o‘rinda Striklend qonun o‘zi uchun bir pulligini ta’kidlash bilan birga, o‘zini his-tuyg‘usiz toshga o‘xshatadi. Har ikkala tarjimada esa Striklend o‘zining fe’lini namoyon etgan shu muhim jumla o‘zgarib ketgan.
Yozuvchi yigit va Striklend Parijdagi qahvaxonalarning birida o‘tirishganda rassomning yoniga bir yengiltak qiz keladi. Yigit Striklendning yuz ifodasini shunday tasvirlaydi: «I Looked at him curiously. There was real distaste in his face, and yet it was the face of a coarse and sensual man. I suppose the girl had been attracted by a certain brutality in it».
Ruscha tarjimada asarning bu parchasi quyidagicha: «Ya s lyubopыtstvom posmotrel na nego. Nepritvornoye otvraщeniye vыrajalos na yego litse, i tem ne menee eto bыlo litso grubogo, chuvstvennogo cheloveka. Naverno, poslednee i privleklo devushku».
O‘zbekchaga bu jumlalar shunday o‘girilgan: «Men qiziqsinib uning yuziga tikildim. Uning yuzida nafrat ifodasi zuhr etgandi. Bu qo‘pol va ta’sirchan odamning yuzi edi. Ehtimol, uning ana shu ta’sirchanligi qizni o‘ziga rom etgandir». Ruscha tarjimadagi «eto bыlo litso grubogo, chuvstvennogo cheloveka» jumlasi g‘alati eshitiladi. Qanday qilib bir odam ham qo‘pol, ham hissiyotli bo‘lishi mumkin? Aslida ingliz tilidagi sensual so‘zining birinchi ma’nosi «ta’sirchan», ikkinchisi «shahvatparast». Meningcha, Striklendning yuzi axloqi buzuq odamnikiga o‘xshagani uchun fohisha unga yaqin kelgan.
Asarning bir o‘rnida shunday jumla bor: «When I saw that Strickland was really indifferent to the blame his conduct must excite, I could only draw back in horror as from a monster jf hardly human shape». Bu jumlaning ruscha tarjimasi quyidagicha: «Kogda ya ponyal, chto Striklendu i vpravdu bezrazlichno otnosheniye, kotoroye doljnы vozbudit v lyudyax yego postupki, ya s ujasom otshatnulsya ot etogo chudoviщa, utrativshego chelovecheskiy oblik». O‘zbekchaga ushbu jumla shunday o‘girilgan: «O‘z harakatlari to‘g‘risida odamlarning fikr-mulohazalariga Striklend tamomila befarqligiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng insoniylik qiyofasini yo‘qotgan bu gazandadan ixlosim butunlay qaytdi, undan yuz o‘girdim». Rus tarjimoni bu jumlani o‘girayotganda bitta qo‘shimchani — as from(-day, -dek)ni e’tibordan soqit qiladi. Oqibatda men Striklenddan «maxluqdan qochgandek ortga chekindim» mazmunida kelgan jumla men Striklenddan — «gazandadan… yuz o‘girdim» tarzida bo‘rttirilgan.
Romanning o‘n to‘qqizinchi bobida Dirk Stryov yozuvchi yigitga Striklend haqida gapirib shunday deydi: «No: he has no success. I don’t think he’s ever sold a picture. When you speak to men about him they only lough”. Bu jumlalarni rus tarjimoni: «Net, uspexa on ne imeet. Dumayu, chto on ne prodal yeщe ni odnoy kartinы. O nix komu ni skaji — vse smeyutsya», deb o‘girgan. Shu jumlaning o‘zbekcha tarjimasi esa quyidagicha: «Yo‘q. Asarlari muvaffaqiyat qozonayotgani yo‘q. O‘ylaymanki, u hali birorta rasmini ham sota olgani yo‘q. Kimga bu asarlar to‘g‘risida gapirsang kuladi, xolos». Gapdagi oxirgi jumla asliyatda «kimga u (Striklend) haqda gapirsang kuladi» tarzida kelgan. Rus tarjimoni negadir he (u — odamga nisbatan ishlatiladi) so‘zining o‘rniga asarlarini nazarda tutib «o nix»ni ishlatadi. Oqibatda, Striklendning betayin fe’l-atvoridan kulgan odamlar uning rasmlari ustidan kulganga chiqib qolgan. Bu o‘rinda ham romanning ruscha tarjimasida yo‘l qo‘yilgan xato o‘zbekcha tarjimada aynan takrorlangan.
Asarni ikkinchi tildan tarjima qilganda xatoliklar o‘tishi tabiiy, albatta. Lekin shunga qaramay, Moemning betakror romani «Oy va chaqa»ni o‘zbek kitobxonlariga yetkazgan R.Inog‘omov mehnati tahsinga loyiq. Zero, bu asar matni murakkabligi bois, juda ko‘p ter to‘kishni talab etadi. Biz yuqoridagi ayrim mulohazalarimizni «Oy va chaqa» romani kitob holida chiqayotganda, asarni qayta tarjima qilishga urinadigan tarjimonlarga asqotar, degan umidda bildirdik. Chunki jahon adabiyotida yaratilgan eng yaxshi yuzta romanning biri sifatida tan olingan S.Moem «Oy va chaqa» romanining ona tilimizda bir necha tarjimalariga ega bo‘lsak, hech ham ajablanmaslik kerak.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 24-sonidan olindi.