Qarashlar, fikrlar, mulohazalar
Nazarimda odamiyatning ongli hayoti boshlangan kundan yer yuzida kurashlar davri boshlandi. Yaratgan zot ulug‘ Kitobida darj etganidek, ular bir-birlarini tanishlari va do‘st tutishlari uchun xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygandan boshlab esa bu kurashlarning ko‘lami kengaya boshladi. Asrlar keldi… butun boshli millatlar yer yuzidan supurib ham tashlandi. Ayrimlari millat sifatidagi qiyofasini yo‘qotib qo‘ydi. Ba’zilari talandi, o‘ldirildi, qul qilindi. Ammo kurash shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. U shaklan bo‘lmasa-da, mohiyatan davom etmoqda.
Endilikda bu kurashning usullari o‘zgardi. G‘animlar bilvosita insonlar qalbiga, ongiga hujumga o‘tdilar. Hozirda turli mafkura va madaniyatlar o‘rtasida kurash avjiga chiqdi. Dunyo ahlining bir bo‘lagi sifatida biz ham bu taloto‘plardan chetda turganimiz yo‘q. Dushmanlar ming yillar davomida shakllanib kelgan, eng asosiysi, imon va islom bulog‘idan suv ichib kamolga yetgan milliy madaniyatimizni, o‘zligimizni yo‘q qilib, o‘rniga o‘zlarining g‘ayriinsoniy maslaklari singdirilgan madaniyatini joriy qilishga urinmoqdalar. Bu ish uchun juda katta mablag‘lar ajratilmoqda, sarmoyalar tikilmoqda, o‘quv muassasalari tashkil etilmoqda. Millionlab adadda kitoblar, gazeta va jurnallar nashr qilinyapti. Bu ham kamdek, eshikma-eshik yuradigan missionerlarni tarbiyalashdan ham erinmayaptilar. Natijada, ozgina moddiy manfaat evaziga har ikki dunyosini sotib yuborayotganlar ham paydo bo‘ldi va bu mudhish “savdo” hamon davom etmoqda.
Demak, ma’naviy urush sharpasi qulochini keng yoyib, tobora yaqinlashib kelyapti. Bu kurashda shunchaki pistirmada turib muzaffar bo‘lmoq mushkul. Shaxs va millat sifatida bunga qarshi chora-tadbirlar ko‘rishga burchlimiz. Ma’naviy javobgarlikni his etmaslik, loqaydlik va kechikish juda xatarli oqibatlarni keltirib chiqarishi shubhasiz. Ammo tahdid solayotgan xavfdan yuzga niqob tutib yoxud vujudga vaktsina yuborib qutulishning iloji yo‘q.
Bu jarayonda inson qalbini turli mafkuraviy bo‘hronlardan omon saqlashning faqatgina bir yo‘li bor. U ham bo‘lsa, inson ongida, yuragida ajdodlardan meros bo‘lib kelgan ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashdan, boyitishdan iboratdir. Bu ulug‘ vazifani shak-shubhasiz adabiyotgina uddalay oladi. Zero, badiiy So‘zgina ko‘ngillarga nurday singadi, kishi dunyoqarashini, did-tuyg‘ularni o‘stiradi. Shu boisdan ham adabiyot yaralganidan buyon uning birlamchi vazifasi inson qalbini tarbiyalash ekani haqida ko‘p va xo‘b gapirilgan. Insoniyat adabiyotdan bir qadam orqaga chekingan, minglab odamlar “sariq matbuot” orqali keng yoyilayotgan “olomon adabiyoti”ni mukka tushib o‘qiyotgan bugungi kunda ham adabiyot o‘z vazifasidan chekingani yo‘q. Faqat adabiyotga, uning azaliy qonuniyatlariga yondoshuv biroz o‘zgargandek. Bu vaziyatdan ko‘rinib turibdiki, ommaviy madaniyat hujumlari adabiyotni ham chetlab o‘tmayapti. Demak, bugun milliy adabiyotimizning bir butunligini, ko‘p yillar davomida mustahkamlangan poydevorini asrab qolish uchun ijod ahli ongida o‘ziga xos immunitetni paydo etish ehtiyoji tug‘ildi. Shu bilan birga adabiyot zimmasiga yana bir mas’uliyat yuklandi: bu – milliy ma’naviyatimiz uchun xatarli bo‘lgan yot g‘oyalarga qarshi “antibiotik” vazifasini o‘tovchi fikrlarni shakllantirishdan iboratdir.
Xo‘sh, zamonaviy o‘zbek adabiyoti bugungi globallashuv davrida zimmasidagi bu mas’uliyatni ko‘ngildagidek ado eta olyaptimi? So‘nggi paytlarda “mustaqillik davri adabiyoti” degan atama paydo bo‘ldi. Bu atamaning paydo bo‘lishiga qanday asoslarimiz bor? Mustaqillik davri adabiyoti kechagi adabiyotdan nimasi bilan farq qiladi?
Abdulla Oripov, O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri:
– Avvalo, Inson – nomukammal. Buni e’tirof etmoq lozim. Ya’ni, biz farishtalar emasmiz. Maxluqotda nafs degan ehtiyoj mavjud. Hayvonlar to‘yganiga qanoat qila oladi. Chunki unda ong, reja yo‘q. Odam bolasi esa aslo to‘ymaydi. U jamg‘arishga o‘ch. Shu boisdan odamni “ko‘zi och” ham deyishadi. Biroq, nafs faqat to‘yg‘izish, kiyim-kechak, uy-joy ta’minoti bilangina qondirilmas ekan. Eng yomoni, ma’naviy nafs ham bor. Inson siyratidagi yuzlab qusurlar ma’naviy nafsning belgilaridir. Ularning ko‘rinishi turfadir: hasad, mug‘ombirlik, xudbinlik, guruhbozlik, ayirmachilik, adovat va hokazolar. Ayni chog‘da, ma’naviy tashnalik (nafs)ga ezgulik, adovat, sadoqat, savob va boshqalar ham mansubdir. Asrlar mobaynida insonlar tafakkuri va qalbidan joy olgan yuqoridagi ikki jihat – moddiy va ma’naviy ehtiyoj – nafs uchun kurash cheksiz-chegarasiz to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi. Ular ikki odam orasida yoxud oilada, jamiyatda, mamlakatlar, millatlar orasida ham kelishmovchilik, xudbinlik tariqasida namoyon bo‘laveradi. Mana shu ziddiyatda insonga eng yaqin ko‘makchi albatta barkamol ma’naviyat, ilm va xolislikdir.
Bugun dunyoning ma’naviy ruhiyasi o‘zgarib ketdi. Ba’zi bir jamiyatlarda inson tabiatiga, insoniy fazilatlarga zid ko‘nikmalar paydo bo‘lmoqda. Ular o‘zlarining bu chirkin hayot tarzlarini “demokratiya”, “inson huquqlari”, “tenglik” singari chaqiriqlar bilan niqoblamoqdalar.Mana shunday tahlikali bir davrda yoshlarimiz ongini, millatimiz ma’naviyatini himoya qilmoq ehtiyojini teran his etmog‘imiz kerak. Buning uchun esa xalqimizning milliy o‘ziga xosligini tarannum etadigan adabiy asarlar yaratishimiz, kinolar, seriallar chiqarishimiz kerak.
So‘nggi yillarda zamonaviy istiloh bilan aytganda “bozor adabiyoti” paydo bo‘ldi. Ismi-sharifini hech kim eshitmagan “yozuvchi”lar ko‘payib ketdi. Ularning qalin-qalin “asarlari” nashr etildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Shunchaki oldi-qochdi, jiddiy adabiyotga mutlaqo daxli bo‘lmagan bunday “asarlar” haqida ham o‘ylab ko‘rish fursati keldi. Chunki bu “asarlar” kitob holida xalqimiz orasiga kirib bormoqda. Demak, adabiyotshunoslarimiz, adabiy sinchilarimiz endilikda yana-da diqqatliroq bo‘lmog‘i kerak. Hammasini vaqtning, o‘quvchining hukmiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi.
Bir zamonlar tovlamachi, chayqovchi deb atalgan kimsalar bugungi kunda zukko toparmonlarga aylanib ketgani boshqa gapdir, lekin ilmdagi, ijoddagi “ishbilarmon”likning namoyishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yaqinda bir “sariq” matbuotda o‘qib qoldim, go‘yoki yer yuzidagi birorta tilda tizzaning orqa tomonining nomi yo‘q emish. Vaholanki, bizning tilimizda buni “taqim” deydilar. Chunonchi, ko‘pkarida uloqni taqimga olishadi, qizning sochi taqimiga tushgan, deyishadi va hokazo. Chumchuqni ham qassob so‘ysin ekan-da…
Ana endi savolning davomiga kelsak, “Mustaqillik davri adabiyoti” iborasi haqida gap ketganda, aytish lozimki, bu tarixiy jarayon yuz bergan voqelik sifatida o‘z tarjimai holiga egadir. U katta adabiy bir bosqich sifatida, yangi tuzumning bevosita in’ikosi sifatida hatto hujjatga aylanishi ham mumkin. Bora-bora bu jarayon adabiyotning umumiy yashash tarzi bilan qo‘shilib, uyg‘unlashib ketadi. Mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida xizmat qilgan asarlarning umri boqiydir.
Ahmad A’zam, yozuvchi:
– Mustaqillik davri adabiyoti deb men faqat vaqt, davr nuqtai nazaridan ajrataman. Adabiyot oqayotgan bir daryo, u yeri yo bu yeridan chiziq tortib, bunisi bu yoqqa, unisi u yoqqa, deb ayirib bo‘lmaydi. Endi, tabiiy, uning usti sokin, tubi teran joylari bor, ba’zi joylarida sayozlikka chiqib shag‘illab qoladi. Shag‘illab bo‘ldik! Meningcha, umidim ham shu, daryomizning teranligi ayni boshlanayotgan palladamiz.
Ana shu oqayotgan daryo labida o‘tirib o‘ylasangiz, o‘y sizni har yoqlarga tortib, hushyorlantiradi. Birinchisi: millat – tafakkuri bilan millat, tafakkur esa til bilan. Millat o‘zini tafakkur bilan ko‘taradi, tafakkur bilan rivojlanadi va ayni shu tafakkur bilan o‘zini himoyalay oladi. O‘zligining qo‘rg‘oni – tafakkur. Ayni shu qo‘rg‘onni millatning afkor qismi qo‘riqlashi, himoyalashi ham kerak. Yot ta’sir, yot oqim, yot aqida, hattoki dunyoning yot qonunlaridan ham. Bu shunchaki siyosatning zarurati emas, millatning yashab qolishi, buzilmasligi va shu global girdobga yutilib ketmaslik sharti. Deylik, dunyodagi barcha dinlar, barcha ilmlar qarshi bo‘lgani holda inson tabiatiga zid, bashar zotiga mamnu bir jinsli maxluqlar nikohi yana o‘sha inson haq-huquqlari tengligi bandlariga panalab, bugungi kunda o‘n to‘rtinchi mamlakat parlamentida qabul qilindi. O‘sha mamlakatlar aholisining ko‘pchiligi qarshi bo‘lishiga qaramay, bu jirkanch hayot tarzi qonunan tasdiqlab qo‘yildi. Biz uchun bu gapni aytish ham hazar! O‘sha tomonlarda hali bunaqa mamlakatlar soni kengayadi, chunki OAV tinmay javraydi, TV har kuni o‘nlab marta ko‘rsatadi, tarafu betaraflarni tortishtirib, shu bilan ham targ‘ib qiladi, ana shu biz otini tutishga ham hazar qiladigan tabiat, insonga zid hayvoniy narsalarning hammasi so‘z erkinligi bayrog‘i ostida qilinadi, oqibatda shu saramas bilan og‘riganlar soni ko‘paya boradi. Ular tinmay namoyish qiladi, to‘polon chiqaradi, ko‘chada turgan mashinalargacha yoqadi, ularning saramaslik talablariga bo‘ysunmayman degan nomzod, har bir ovoz hisobda bor, saylovdan o‘tolmay qoladi. Xudo saqlasin bizni bunaqa tenglikdan! Bizga goh tabiiy oqim bilan, goh esa bu oqimlarni tagimizdan zimdan oqizayotgan har xil loyiha-yu jamg‘arma, ko‘rik-tanlovu shafqat tashkilotlari (bular yuzlab, minglab), e’tiqodsizlik, fahsh, ochiq shahvat, beibolik, dinsizlik kabi talay-talay “ta’limot”ni oshkora ham, yashirin ham kiritib yotibdi. Milliy ruh, milliyat tubdan yemirilyapti buning oqibatida. G‘animlarimizga ham insof bersin deb, o‘zimizni faqat Xudoga tashlab, og‘zimizni ochib o‘tiraversak, o‘sha yoqdan kelgan chirkinlik og‘zimizga ham kirib ketadi. Shusiz ham ko‘p narsalarning sopini o‘zimizdan chiqarishyapti, bilib-bilmay ergashib ketadiganlarni topayotirlar, siylovlar bilan siylayotirlar. Bu irkit narsalar cheksiz-chegarasiz axborot texnologiyasi sharofati bilan har kuni, har soatda uyimizda mehmon. Bugun televizorga qaraganda nafratimizni keltirayotgan yot isqot besh-o‘n yildan keyin eshigimizdan so‘ramay o‘zi kirib turgan bo‘ladi. Agar o‘zimizni asrashni, dunyoning yaxshisi bilan yomonini farqlashni o‘rganmasak. Nima demoqchiligim tushunarlidir? Bu – nechadan bir misol, xolos. Men o‘zimni juda demokrat hisoblayman, lekin demokratiyaning chiroyli pardasini ko‘tarib, qani buning orqasida nimalar bekinib yotibdi deb qarayman ham. Qonunu huquqlarni yuziga chaplab go‘zal nozanin bo‘lib olgan yalmog‘iz chilton kampir shu yoqda emasmi, degan shubhaga boraman. Bo‘yangan, nozanin yalmog‘izning chovut solishidan xavfsirayman doim.
Nuqul o‘zbekligimizga faxriya o‘qiyvermay, haqiqatda o‘zimizni o‘zbek deb bilishimiz va bundan g‘ururlanib ish ko‘rishimiz shart!
Tafakkur o‘zligimiz qo‘rg‘onimi, o-o, uning devorlari qanday baland qurilgan, qanday kungura-yu minoralar bor, ota-bobolarimiz g‘ayratiga balli, deb sallamno aytavermay, nurayotgan, to‘kilib borayotgan joylarini tuzatib ham turishimiz kerak. Globallashuv – ma’naviyatga interventsiya. Birgina bizda emas, butun dunyoda, hatto o‘zini eng rivojlangan hisoblaydigan mamlakatlar ham uning istilosida. Zamon shamoli goh iliq, goh achchiq, lekin muqarrar esyapti. Shamol tog‘larni ham qum qilgan. Shuni unutmaylik. Oddiy haqiqatlar esimizda tursin: kelajagini o‘ylamagan millatning buguni yo‘q, u faqat o‘tmish mozorlarini ulug‘lash bilan qolib ketadi.
Ko‘p asrlar tanazzulda, keyin yuz yildan ortiq mustamlakada yashaganimiz uchun o‘tmish va bugunimiz Sharqdan ham, iqtisodiyot, texnologiyada ilgarilab ketgan G‘arbdan ham o‘zimizni past olamiz. O‘z qadriyatlarimizni ularchalik qadrlamaymiz, Sharqdan oppoq ko‘ringan tegirmonchini buvam deb o‘ylab, ko‘zimizga yosh olib ergashib ketamiz, G‘arbning ashqol-dashqolidan tortib chiqitga tashlab yuborganlarigacha havasda yuramiz. Ta’sirlarning qaysi yaxshiyu qaysi yomon ekanini avval o‘z tanamizga o‘ylab olaylik. Balki hammasidan ham yaxshilari o‘zimizda bordir. Bor, lekin ko‘rsatish uchun avvalo o‘zimiz bilishimiz – o‘zligimizni bilishimiz zarur. Boshqalar buni bizdan oldinroq bilgan va havasini yashirmaydi ham.
Millatning bilik borlig‘i tafakkur, tafakkur esa mehrtalab nozik tildan tiklangan, til bilan mustahkamlanadi, til bilan o‘sadi, teranlashadi. Aslida barcha badiiy, ma’naviy, ruhiy, falsafiy, ilmiy – jamiki boyliklarimiz tilimizda. Uning o‘zi eng bebaho, qutlug‘ madaniy obida, yot ta’sir, buzilishlardan qo‘riqchimiz! Masalaning ana shu tomoni o‘ylantiradi – o‘zbek ruhiyati qo‘riqchisi, valine’matining o‘zini asramayapmiz, davlat maqomiga ko‘tarib, qonun bilan himoyalagan holimizda biz, qalam ahli, afkor omma uni o‘z holiga tashlab qo‘ydik va hatto uni buzuvchilar chanqaganda suv ham tashib turibmiz.
Tili g‘ariblangan xalqning tafakkuri ham o‘tmas bo‘lib qoladi, ayni tafakkurning mag‘zi-mag‘izigacha zaxa yetadi, bugungi zamon talablari darajasida faoliyat ko‘rsata olmaydi, shunchaki havoyilanib qoladi. Xudoga shukr, ko‘p ishlar qilinyapti, lekin undan-da ko‘p ishlar qilinmay qolib ketyapti. Bu esa bizni tutib turgan zaminni bo‘shashtirib qo‘yayotir. Shulardan biri – tilga beparvolik oqibatida adabiyotda orqaga ketish. Albatta, mustaqillik ruhiyatimizga, ko‘nglimizga erkin kengliklar berdi, lekin moddiy siqintilik ancha ijodkorlarni “bortning u yog‘iga” chiqarib tashladi – qancha izdoshlar bo‘lguvchi edi, ular ham bo‘lmadi. Ammo… xalqning fikrlaydigan qismi, afkor omma ayni xalq oldidagi mas’uliyatini har qanday sharoitda ham unutmasligi lozim. Hozirga kelib bu siqintilik davri ham o‘tyapti shekilli, yangi adabiy avlod shakllanib boshladi. Bu, tabiiy, yana tafakkurning jonlanishi, tilimiz asliyatlariga qaytib, uni dunyoning faol til muhitiga qo‘shilishiga, binobarin, o‘zligimizni ko‘rsata olishimizga olib keladi.
Luqmon Bo‘rixon, yozuvchi:
– Gaplaringizda jon bor-ov… insoniyat tarixi kurashlar, urushlar tarixi, degan ekan kimdir, shu chinga o‘xshaydi. Nazarimda, tala-to‘plar, qirg‘inlar qa’ridan adabiyotgina omon chiqib kelayapti. Marhum, kuyunchak adibimiz aytganiday, adabiyot o‘lmaydi, shekilli. Ammo bu o‘lmaydi, joni toshdan, deb uning holi zabuniga tomoshabin bo‘lib o‘tirish ham yaramaydi. Ayniqsa, bugun. Ahvolni ko‘rib turibmiz. Globallashuv. Ma’naviyatlar, fikr-g‘oyalar o‘rtasida zimdan, beayov kurash ketyapti. Siz bilag‘onlik bilan ta’kidlaganday, ommaviy madaniyat, deganlari yurtimizga, ongimizga yopirilib kiryapti. Buzuq g‘oyalar, axloqsizlik, g‘ayriinsoniy turmush tarzi targ‘ib qilinyapti. Qanday, qay yo‘sinda targ‘ib etilyapti? Kindigingni ko‘rsatib yur, quloq-burningga sirg‘a taqib ol, butga sig‘in, deb birov-birovni ko‘cha-ko‘yda zo‘rlayotgan, qo‘lidan tortqilayotgani yo‘q-ku?! Bunday buzuqchiliklar adabiyot va san’at orqali targ‘ib qilinyapti! Shuning uchun ular yoshlar ongiga tez singayapti, tez tarqayapti. Tan olish kerak, bunday yot g‘oyalarni tashuvchi asarlarning aksariyati badiiylik, san’atkorlik nuqtai nazaridan olib qaralganda, xiyla yuksak, havas qilsa arziydi, katta iste’dod, iqtidor bilan yaratilgan, hoynahoy, shuning uchun ham ta’siri tez, yuqumlilik darajasi baland. Modomiki, g‘oyaga qarshi g‘oya bilan kurashish kerak ekan, biz nima qilyapmiz? Mafkura maydonida olishishga qurbi yetadigan asarlarimiz bormi? Tegirmonga qarshi jangga chiqqan Don Kixotga o‘xshab qolmayapmizmi? Afsuski, shunday. O‘zimizcha milliy qadriyatlarni, an’analarni targ‘ib qilayotgan asarlarimiz nasihatgo‘ylikdan, maishiy ikir-chikirlardan, beto‘xtov ko‘z yoshlardan nariga o‘tayotgani yo‘q. Ayniqsa, kino asarlarimiz! Badiiy barkamollikdan, haqiqiy san’atdan juda-juda yiroq. Ular milliy, axloqiy, qandaydir ezgu qarashlarni go‘yo targ‘ib qilgan bo‘ladi-yu, aslida, aynan o‘sha qadriyatlardan hammamizni bezdiradi.
Gap “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurash haqida borarkan, avvalo, bu balo oldida ommaviy birlashishimiz zarurga o‘xshaydi. Bugun adabiy muhitda ayirmachilik, guruhbozlik, mahalliychilik kayfiyati yo‘q, deb kim ayta oladi? Bu Sho‘ro davridan beri davom etib kelayotgan bir illat. Bizni tegirmon qarshisidagi Don Kixotga aylantirib qo‘yayotgan aslida shu illat emasmi? Ommaviy birlashishimiz uchun eng avvalo ommaviylikdan qochishimiz kerak. Ommaviy maqtovlar, jo‘rovozlik, ommaviy loqaydlik – adabiyot va san’atning birinchi dushmani. U ichimizda, oldin shularni bartaraf etmay turib tashqi yovga qarshi kurashish qiyin.
Mustaqillik davri adabiyoti, degan ibora paydo bo‘ldi, deb qandaydir ajablanganday gapiribsiz. Buning hech bir hayron qoladigan joyi yo‘q. O‘tgan asrning to‘qson birinchi yilidan buyog‘i – Istiqlol! Yigirma bir yildan beri shoiru adiblarimiz yaxshimi-yomonmi qalam tebratib kelishyapti. Bu vaqt mobaynida ko‘plab asarlar yaratildi. Ana shu Mustaqillik davri adabiyoti, deb ataladi. Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, bu davrda tsenzura degan baloi azimdan qutuldik. Tahdid-tazyiqlar yo‘q. Hali shu paytgacha erkin fikrlari, keskin qarashlari uchun quvg‘inga uchragan biror bir ijodkorni uchratmadik. Shoiru adiblarimiz oldiga faqat bitta vazifa qo‘yilgan: badiiy barkamol asarlar yaratish, xalqimiz ma’naviyatini boyitish. Modomiki, ijodkorlarimiz bu borada oqsayotgan ekan, buning uchun kimlarnidir ayblash, malomatga qo‘yish insofdan emas. Holbuki, muhtaram Prezidentimiz, hukumatimiz ahli qalam uchun hamma shart-sharoitlarni yaratib berib qo‘yibdi. “Ijod” jamg‘armasi, Do‘rmon ijod uyi, nashriyotlar – barcha-barchasi shoiru yozuvchilarimiz xizmatida. Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz kerak, xolos. Yuqorida tilga olib o‘tilgan illatlarni bartaraf etib, har xil mayda-chuyda, ikir-chikir gap-so‘zlardan baland turib ijod qilishimiz zarur. Ana shundagina yozgan asarlarimiz ham yuksak bo‘ladi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 4-son.