Mashhur nemis adibi Yohann Volfgang Gyote (1749 — 1832) shoir, dramaturg va adabiyotshunos, huquqshunos va sharqshunos, tarixchi va faylasuf, rassom va teatrshunos, biologiya va mineralogiya fanlari bo‘yicha kashfiyotlar qilgan olim va davlat arbobidir. U “Faust”, “Yosh Verterning iztiroblari”, “G‘arbu Sharq devoni”, “Tavrida ifigeniyasi”, “Rim elegiyalari”, “Torkvato Tasso”, “Nabotot evrilishi”, “Sehrli sibizg‘a”, “Rang haqida ma’lumot” kabi asarlar, shuningdek, uch mingdan ziyod she’rlar muallifidir. Ma’lumotlarga qaraganda, adibning Veymarda chop etilgan badiiy va ilmiy merosi 143 jilddan iborat.
Bu asarlar orasida Gyote 1814 — 1815 yillarda yozishni boshlagan va ilk bor 1819 yilda, 70 yoshida nashr ettirgan “G‘arbu Sharq devoni” alohida o‘rin tutadi. O‘sha davrda, G‘arbda ijtimoiy-davlat tuzumi tanazzulga yuz tutayotgan bir sharoitda, o‘zi nafas olayotgan muhitda ma’naviy tirgak bo‘lguli biron narsa topolmagan Gyote xayolan Sharqqa “hijrat” qiladi. Sharq she’riyatidan ilhom oladi va “G‘arbu Sharq devoni”ni yozish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu asar ham shaklan, ham mazmunan G‘arb va Sharq adabiy an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Buyuk Gyote qadimgi Yunoniston, Rumo ilmu fani bilan birga, Sharq madaniyati va adabiyoti yutuqlarini ham tashnalik bilan o‘zlashtirgan hamda asarlariga sharqona ruh va she’riyat an’analarini singdirib yuborgan, deb yozadi professor Najmiddin Komilov. Gyote nazdida Sharq adabiyoti va she’riyati, Firdavsiy, Shayx Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Jaloliddin Rumiy ijodi — “Xizr chashmasi”. Undan hamisha musaffo hayot nafasi ufurib turadi. Bu ruh va ijod manbai, sevgi va qo‘shiq saltanatidir.
Gyote garchi olis Germaniyada yashab ijod etgan bo‘lsa ham, ruhan Sharq shoiridir. Uning asarlaridagi ma’no va mazmun, his-tuyg‘u sharq kishisiga xosligi bilan ajralib turadi. Sharqqa chinakam ixlos qo‘ygan shoirning ba’zi satrlarini o‘qiganda, musulmon olamiga, Sharq dunyosiga ulkan mehri borligini, ana shu olamni bilishga kuchli intilishni ko‘rish mumkin. Uning ta’biricha, jahon she’riyatidagi yetti yulduzning hammasi sharqlik shoirlardir. Sharq olamidagi ana shu yettita yulduz qatorida Sa’diy, Hofiz va Navoiyni tilga olar ekan, Gyote: “Men ularning soyasiga ham arzimayman”, deydi.
Gyotening dunyoqarashi faqat G‘arb madaniyati va nasroniy dini bilan chegaralanib qolmagan. U juda keng miqyosda fikr yuritgan, Sharq olami tafakkurini, ma’naviy dunyosini, insoniyligini o‘ziga nihoyatda chuqur singdirgan buyuk mutafakkirdir.
Gyotening “G‘arbu Sharq devoni” “Hijrat” she’ri bilan boshlanadi:
Taxtlar qulab, ne taajjub,
Xarob Shimol, Mag‘rib, Janub.
Sharqqa hijrat erur vojib,
Unda ishqu mayu mutrib
Hamda Xizr suvi bordir,
Boqiy umr senga yordir.
(Sadriddin Salim Buxoriy tarjimasi.)
Bu she’rda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning dushmanlardan qochib, Makkadan Madinaga hijrat etishiga ishorat qilinganu, aslida, bu misralar ramziy ma’noga ega bo‘lib, shoirning Sharqqa xayolan “ko‘chishi”, “hijrat qilishi”ni bildiradi. She’rda barcha umidlari poymol bo‘lgan shoir g‘arbu janub va shimoldan Sharq she’riyati olamiga “qochib ketish”dan maqsadi yasharish, yangi hayotni boshlash ekanini uqtiradi va boshqalarni ham ortidan ergashishga chaqiradi.
Adabiyotshunos olimlarning “G‘arbu Sharq devoni” Kur’oni karim va hadisi shariflar, tasavvuf ta’limoti ta’siri hamda Firdavsiy, Anvariy, Nizomiy, Rumiy, Hofiz Sheroziy, Sa’diy va Jomiy g‘azallari talqinida yaratilgani haqidagi fikri asoslidir. Gyote Hofiz she’riyatiga shu qadar berilganki, go‘yo Hofiz unga barcha jumboqlarning kaliti bo‘lib tuyuladi. “Hikmatnoma”dagi ushbu misralar bunga yaqqol dalildir:
Kim Hofizni bilmasu sevmas
Tushunmaydi Kalderonni ham.
Ma’lumki, Gyote Sharq xalqlari tillari va tarixi, adabiyoti va diniy-falsafiy qarashlari, udumlari va urf-odatlarigi yoshligidan qiziqqan. G‘arblik gyoteshunoslarining fikricha, adib Qur’on va hadislar tarixi, Muhammad payg‘ambarimiz tarjimai hollari, shuningdek, Sharq allomalari ijodini, asosan, ingliz, frantsuz tillaridagi tarjimalardan yoki shu tillar orqali qilingan nemischa tarjimalardan o‘qigan va ular bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borgan. Shu ma’noda, Gyotening “Devon”ini Sharq va G‘arbni bog‘lab turuvchi adabiy ko‘prik yoki sharqshunoslikka kirish, deb baholash maqsadga muvofiq.
Jahon adabiyotining ko‘plab durdonalari qatorida Gyotening qalamiga mansub asarlar allaqachon jahon tillariga qayta-qayta tarjima qilinib, bashariyatning ma’naviy xazinasiga aylanib ulgirgan. Bu ijodiy jarayondan, albatta, o‘zbek adabiyoti ham chetda turgani yo‘q. Jahon adabiyotining sara asarlari — Firdavsiyning “Shohnoma”si, Dantening “Ilohiy komediya”si, Gyotening “Faust”i, Jovanni Bokkachchoning “Dekameron”i, Balzak asarlari, Shekspir dramalarining ona tilimizga tarjima etilishi o‘zbek madaniyatiga qo‘shilgan katta hissa bo‘lib, xalqimiz ma’naviy mulkiga aylandi, bizni jahon ma’naviyatiga yaqinlashtiradi.
Xususan, “Faust” O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tomonidan rus tilidan, shuningdek, tarjimon va olim Posho Ali Usmon tomonidan nemischadan o‘zbek tiliga o‘girilgan. “Yosh Verterning iztiroblari” romani esa nemis tilidan Yanglish Egamova tarjimasida o‘zbek kitobxonlariga taqdim etildi. Maqsud Shayxzoda, Shukrullo, Muhammad Ali, Nasriddin Muhammadiyev Gyotening she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganlar.
Taniqli shoir va tarjimon Sadriddin Salim Buxoriy esa Gyotening “G‘arbu Sharq devoni”ni nemis tilidan bevosita o‘zbekchaga tarjima qilib, shu asar matni va unga oid ilmiy tadqiqotlarini kitob holida o‘quvchilarga tuhfa etish arafasida.
Aytish joizki, Gyotening “G‘arbu Sharq devoni”ning nafaqat nomi, balki mundarijasidan ham Sharq nafas ufurib turganini asarning “Mug‘anniynoma”, “Hofiznoma”, “Ishqnoma”, “Tafriqnoma”, “Ranjnoma”, “Hikmatnoma”, “Temurnoma”, “Zulayhonoma”, “Soqiynoma”, “Masalnoma”, “Forsiynoma”, “Xuldnoma” deb nomlangan o‘n ikki kitob(bob)dan iborat ekanida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Ma’lumki, Gyote Hofiz devonini Fon Xammer tarjimasida mutolaa etib, azbaroyi ta’sirlanganidan o‘zini Sheroz bulbulining muridi, deb e’lon qilgan. U Hofiz orqali butun Sharqqa bir umr ko‘ngil bog‘lab, “G‘arbu Sharq devoni”ni bitgan.
Hofiz g‘azaliyotiga singdirilgan g‘oya, ya’ni muhabbat — bu insonning butun borlig‘ini egallab, o‘zini unutish darajasiga olib chiquvchi oliy ne’mat, degan so‘fiyona falsafani Gyote “Zulayhonoma”da o‘ziga xos tarzda rivojlantirgani qiziqarli ijodiy tajriba bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz. Ma’lumotlarga qaraganda, Yusuf va Zulayho haqidagi syujetning yetmishdan ziyod adabiy talqini turkiy tilda yozilgan. Alisher Navoiy bu afsonani “Dostonlar ichida eng ulug‘vori”, deb atagan.
Endi bevosita Gyotening bu boradagi ijodiy izlanishlariga kelsak, shoir qalamiga mansub “Zulayhonoma”da mashhur syujetni qayta gavdalantirishga harakat qilinmaydi. Chunki Gyote “Zulayhonoma”da boshqa maqsadni ko‘zda tutadi — uning diqqat markazida Ishq, Ma’shuqa, Shoir, She’riyat turadi. Matnda Yusuf ismi tilga olinsa-da, qahramonlarga daxl qilmaydi, bu yerda Zulayho va Hotamni ko‘ramiz. Gyote Hotam ismini Sa’diyning “Bo‘ston” asari va Hofiz g‘azallaridan olgan bo‘lsa, ajab emas. Sharq adabiyotida yaxshilik, hozirjavoblik, saxovat timsoli bo‘lmish bu obraz Gyotening asarida ancha o‘zgartirilgan, ya’ni u avvalo shoir, donishmand, zakiydir. Zulayho ham sharq dostonlaridagi Zulayho emas, balki Gyotening qahramoni — shoir Hotam “o‘zimning Zulayhom”, deb ardoqlaydigan boshqa bir ayolning timsolidir. Hotam va Zulayho she’riy muloqoti ishq mavzuida bo‘lib, unda fors she’riyatiga xos timsollar va ifoda uslubi saqlanib qolgani e’tiborga molikdir.
Gyoteshunoslarning guvohlik berishicha, “Zulayhonoma”ga kirgan she’rlar Marianna fon Villemer ismli ayolga bag‘ishlangan. Hotam — Gyote bilan Zulayho — Marianna o‘rtasidagi she’riy duet ularning qalblarini bir-biriga bog‘lovchi nafis injular misoldir. Shoirlik salohiyatiga ega bo‘lgan Marianna Gyote — Hotam she’rlari mazmuniga mos javoblar qaytarganki, ular kitobxon qalbini rom etadi. Aslida Gyote Sharq poeziyasidagi Yusuf timsolini ko‘zda tutgan-u, yoshi bir joyga borib qolgani sababli o‘zi uchun saxiy Hotam timsolini tanlagan. Zulayho boshida eri bo‘laturib Yusufni sevib qolgani singari Mariannaga ham u erlik ayol bo‘lgani uchun Zulayho ismini tanlagan. O‘sha paytda Gyote 65, Marianna esa 30 yoshda bo‘lishgan.
Shunday qilib, Marianna Villemer “G‘arbu Sharq devoni”da ijodga ilhomlantiruvchi timsol va Gyotega hammuallif sifatida behad katta rol o‘ynagan. Tabiatan hissiyotli qalb egasi, zukko inson bo‘lgan Gyotega hamma ham birdek yoqavermagan. U hayotda kimlarni yoqtirib, sevib qolgan yoki do‘stlashgan bo‘lsa, demak, o‘shalar shoir didiga mos kelgan. Shuningdek, Marianna ham shoirtabiatli bo‘lgan, Gyote unda nafosatli, kuyunchak, teran his-tuyg‘uli, qisqasi, o‘z ijodiy xayolotidagi zotni ko‘ra bilgan. Marianna Hofiz g‘azaliyotiga xos ohanglarni xuddi Gyotedek his etib, unga teng keladigan she’riy javoblar qaytara olgan.
Kezi kelganda, Sharq madaniyatida, maishiy turmushida tasavvufning o‘rni va roli beqiyos ekanini ta’kidlash joiz. Uni bilmasdan turib, musulmon Sharqi falsafasi va she’riyatini tushunib ham, tushuntirib ham bo‘lmaydi. Professor Begali Qosimov ta’biri bilan aytganda, “Tasavvuf musulmon Sharqining insoniyat kelajagi, fozil, oqil, hamidaxulq kishilardan tarkib topgan yuksak jamiyat haqidagi falsafiy-axloqiy nazariyalar, ilmiy-amaliy dasturlar majmuidir”. Tasavvuf, birinchi navbatda, jamiyat tarbiyasi haqidagi ilmdir; tenglikka, hurfikrlilikka, adolatga tayangan bilimdir. Tasavvuf islom bag‘rida voyaga yetgan. Ayni paytda, islom falsafasi va axloqiga yangi ma’no, yangi mazmun baxsh etgan, uni demokratlashtirgan.
Gyotening “G‘arbu Sharq devoni”ning barcha qismlarini birlashtirib turuvchi narsa — bu Sharq she’riyatiga asos bo‘lgan tasavvufiy qarashlardir. “Devon”ning barcha she’rlariga “halok bo‘l va qayta tiril”, degan so‘fiyona g‘oya teran singdirilgan. Masalan, “Mug‘anniynoma” bobi yakunidagi “Saodatbaxsh aziyat” (“Selige Sehnsucht”) she’rida Gyote odatdagi hayot chegarasidan chiqib, ruhan qayta yangilanish uchun inson Olloh visoliga intilishi kerak, degan g‘oyani ilgari suradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Yozuvchilar uyushmasi faoliyatining samaradorligini oshirish, milliy adabiyotimizni yanada rivojlantirish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalarida o‘zbek adabiyotining bugungi kuni va ertangi istiqboli haqida so‘z borar ekan, jumladan, dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini tarjima qilish, chop etish, o‘rganish bilan bog‘liq tajribalar, chet el yozuvchilari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish masalasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlangan. Yurtboshimiz qayd etganidek, “Holbuki, biz ma’naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga intilayotgan ekanmiz, hech qachon o‘z qobig‘imizga o‘ralashib qolmasligimiz kerak”.
Bu yil butun dunyoda buyuk shoir va mutafakkir Yohann Volfgang Gyote tavalludining 260 yilligi keng nishonlanmoqda. Shuningdek, joriy yilda “G‘arbu Sharq devoni” ilk bor nashr etilganiga 190 yil to‘ldi. Shu ma’noda, ziyolilarimiz tomonidan Gyote ijodiga bo‘lgan qiziqish va katta e’tibor, xususan, “G‘arbu Sharq devoni” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va unga oid ilmiy-adabiy sharhlar e’lon qilish borasida amalga oshirilayotgan izlanishlar mamlakatimizda boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, G‘arb va Sharq o‘rtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro adabiy ta’sir muammolarini o‘rganish yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga ishonamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 31-sonidan olindi.