Amerika adabiyotining peshqadam ijodkori Uolt Uitmen (1819–1892) she’riyatda o‘zining yangi so‘zini ayta olgan hassos shoirdir. Asarlari qat’iy she’riy qoliplardan xoliligi bilan ajralib turuvchi bu ijodkor ayni chog‘da o‘z davrining dolzarb ijtimoiy masalalariga ham faol munosabat bildiradi. Tabiatning go‘zal, betakror manzara va ohanglariga uyg‘un holda Amerikaning shimoli va janubi o‘rtasida 1861 yili boshlangan urush voqeligini o‘ziga xos tarzda aks ettiradi.
XX asrning 20-yillarida ana shu ulug‘ iste’dod sohibi asarlari bilan chuqur tanishgan atoqli o‘zbek adibi Oybek Uitmenning betakror obrazlari va tasvir uslubidan qattiq ta’sirlanadi. Darhaqiqat, Uolt Uitmen she’rlarida biri ikkinchisiga o‘xshamagan obrazlar: qullikdan qochgan ta’qibdagi habash, go‘zal hindu qiz, nyu-yorklik xonavayron bo‘lgan aravakash, hunarmand va temirchilar, mulkdor fermerlar, jasur dengizchilar boshqalarga o‘xshamagan qiyofada aks etardi. Oybek ijodidagi nozik his-tuyg‘ular zamirida ustalik bilan ijtimoiy-siyosiy masalalarni aks ettirish uslubi muayyan darajada Uolt Uitmen she’rlari ta’sirida yuzaga kelgan desak xato qilmagan bo‘lamiz. Jumladan, “Cholg‘u tovushi” (1922), “Kecha tuyg‘usi” (1924) she’rlarida vayrona yurt tasviri fonidagi mahzun kechinmalar ifodalanadi.
“Kecha tuyg‘usi” she’rining:
Bosiq uylar, yiqiq tomlar ustida
Gizli-gizli xayolotlar yig‘lardi.
Yo‘qchilikning, yo‘qsillikning yurtida
Mangu alam, mangu hasrat ingrardi.
Eski, churuk cholduvorlar ichidan
Yuksalardi ko‘kka tilsiz bir faryod.
Quloq sezmas, ko‘nglim to‘ydi darindan,
Shikoyatlar to‘la olovli bir dod, –
satrlarida yo‘qchilik hukmron bo‘lgan yo‘qsillar yurti – sho‘ro davlatining bosqinchilik siyosatidan vayronaga aylangan mamlakat tasviri yaqqol ko‘rinadi. Yoki “Farg‘ona oqshomi” she’ridagi go‘zal uva, keng qirlarga huzunli ko‘lka qo‘ngan, ufqlarga qizarib botgan quyosh, ko‘kda kumush nurini sepayotgan oy, xarobalar – vayronaliklar ustidan so‘lg‘in boqqan Farg‘onaning oh-faryodga to‘la manzaralari tasvirida lirik qahramonning ana shu bosqinchilik siyosatidan norozilik kayfiyatlari yaqqol anglashilib turadi. Oybek ijodining bilimdoni professor H.Yoqubovning ta’kidlashicha, “Qish kechalari”, “Oqshom ko‘rinishlari”, “Farg‘ona oqshomi”, “Kutganda”, “O‘tinish”, “Kecha tuyg‘usi”, “Onamning mozorinda”, “Bog‘bon qizi”, “Qushlar ucharkan”, “Kuz va qiz” singari she’rlarida ham tabiat ko‘rinishlari va muhabbat tuyg‘ulari umidsizlik bo‘yoqlari bilan tasvirlanadi. Yolg‘izlik hissi, g‘amgin tashvishlar har nafasda shoirning yarali qalbini siqadi, qonatadi”. Bu bir yoqlama olib borilayotgan mustamlakachilik siyosatidan, mustaqillik haqidagi orzularning sarobga aylanayotganidan norozi shoir kechinmalarining ifodasi edi. Zero, Fitrat va Cho‘lpon singari Oybek bunday kechinmalarini oshkora bildirmagan bo‘lsa-da, ich-ichidan tug‘ilgan tuyg‘ularini ishoralar orqali ayon eta boshlagandi.
“Farg‘ona oqshomi” she’ridagi:
Ko‘klam kabi o‘ksiz tog‘lar,
Ruhim kabi bo‘sh, keng bog‘lar.
Ichdan sirli yig‘lar edi,
Shu ko‘ksimni tig‘lar edi, –
satrlarida bu norozilik ohanglari baralla jaranglaydi. Uolt Uitmen ham tabiatning cheksiz va abadiyligini aks ettiruvchi falsafiy kechinmalar singgan she’rlarida plantatorlar bilan bo‘ladigan jangga chorlovchi (“Yangra, yangra, baraban!”) satrlarni yaratgan edi.
Uolt Uitmen she’rlariga oddiy kishilar – fermerlar, ishchilar, dengizchilar, fuqarolar urushi jangchilari, qullikka qarshi kurashchilar obrazlarini olib kirdi. Shoir lirik qahramoni oddiy xalq vakillari nomidan so‘zlaydi, ular kechinmalarini izhor etadi. Uning “May manzarasi” she’ridagi:
Olma bog‘lar, borliqni gullariga burkagan;
Bug‘doyzorlar – poyonsiz, jonli zumrad gilamlar;
Abadiy va tuganmas musaffodir har tonglar;
Kechki iliq quyoshning sariq, oltin tumani;
Qizil yo oq gullarin ko‘kka tutgan sirenlar, –
satrlaridagi borliqning abadiyligi, go‘zalligi, tonglarining musaffo va tuganmasligi haqidagi peyzaj tasviri Oybekning quyidagi satrlaridagi:
Charchab qolgan kun yotoqqa yo‘l soldi,
Bog‘chalardan uzoqlashdi qush sozi.
Bo‘shliqlarga titrab, sekin tarqaldi
Allaqaydan so‘filarning ovozi, –
ya’ni to‘xtovsiz harakatdagi borliq, uning ohanglari, ranglaridagi evrilishlar, spiralsimon harakatdagi mangulik tasviriga mushtarak. Shuningdek, she’rning so‘nggi:
Aravani liqillatib dehqon chol
Yonginamdan o‘tib ketdi jimgina.
Yo‘llar qora… tikilardi yosh xayol
Oltin ko‘zli ko‘k qizlari husniga… –
satrlaridagi hayotiy ifodalar, nozik chizgilarda ham ushbu ta’sirni ko‘rish mumkin. Yoki Oybekning 1936 yilda Chimyon tog‘lari bag‘rida olgan taassurotlari asosida yozilgan “Na’matak” she’ridagi ulug‘vorlik va fidoyilik olqishlangan satrlar ham Uolt Uitmen ijodiga uyqashdir. Na’matak borliqqa go‘zallik, ezgulik hadya etmoq uchun “yuksakda, shamol belanchagi”da nafis chayqaladi. She’rda vahshiy toshlar ijodi bo‘lgan, ularga fusun bergan kumush qorlarni yum-yum yig‘latgan na’matakdagi matonat, ma’sumlik ulug‘lanadi. Chimyon tog‘lari bag‘rida uchratgan go‘zal, betakror manzara ta’sirida yaratilgan ushbu she’rida Na’matak timsolida minglab begunohlar qoni to‘kilayotgan jamiyatda o‘zgalarga ezgulik ulashayotgan ziyolilar qiyofasini ham aks ettirayotgandek bo‘ladi shoir.
So‘nggi:
Tog‘lar havosining feruzasidan
Mayin tovlanadi butun ijodi.
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup na’matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand! –
satrlarida bu hol oydinlashayotgandek bo‘ladi. Ushbu she’r beixtiyor Uolt Uitmenning “Ilk momaqaymoq” asaridagi obrazni ham yodga soladi.
She’rning:
Qish qafasidan ozod, oddiy, barra va nafis,
Bu olamda odatlar ham, siyosatbozliklar ham, pul ishlari ham
bo‘lmagan kabi
Qishning iliq maysa puchmoqlaridan
Oltin shafaqdek sokin, beozor
Bahorgi ilk momaqaymoq
Farishtadek ma’sum yuzin ko‘rsatdi, –
misralarida qish qafasini yorib, ma’sumligi bilan boyligu siyosatbozlikka asoslangan jamiyatga qarama-qarshi turgan momaqaymoqdagi kurashchanlik, nafosat ulug‘lanadi.
Oybek va uning zamondoshlari o‘z millatini ulug‘lab, madh etish taqiqlangan, milliy g‘urur kamsitilib, haq-huqular toptalgan zamonda yashadilar, ijod qildilar. Lekin ular bu siyosatdan norozi bo‘lganlari holda jamiyat barqarorligi kishilardagi mehr-muhabbatga, olamning tinchligi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikka bog‘liq ekanligini chuqur angladilar. Ushbu g‘oyaning Oybek ijodidan “o‘q tomir” bo‘lib o‘tganining sababi ham mazkur omil bilan chambarchas bog‘liqdir. Balki Uolt Uitmen ijodidagi Oybekni o‘ziga jalb etgan hamda uning asarlariga bo‘lgan qiziqishini orttirgan omillardan biri shu bo‘lsa, ajab emas.
Uolt Uitmenning:
Qayg‘u va xayol og‘ushida tanhoman,
Ushbu daqiqada sezmoqdaman, o‘zga yurtlarda o‘zga kishilar ham
qayg‘u va xayol og‘ushidalar.
Sezmoqdaman, uzoqdan boqmoqdalar,
Ularni Germaniya, Italiya, Ispaniya, Frantsiyada ko‘rmoqdaman.
Yoki olislarda – Xitoy, Rossiya, Yaponiyada
O‘zga tillarda so‘zlashmoqdalar.
Ammo sezmoqdaman, ular bilan tanishsam edi,
Ularga bo‘lgan mehrim
O‘z yurtdoshlarimdan bo‘lmas edi kam,
Ha, menga ayonki, agar biz birodar tutinsak,
Mehrimiz oshardi haddan ziyoda,
Ular bilan ayonki, bo‘lar edim beixtiyor, –
(“Qayg‘u va xayol og‘ushida”)
tarzidagi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ulug‘lash g‘oyalari baland ohanglarda tarannum etilgan satrlaridan ta’sirlangan Oybek “Kurashchan ispan xalqiga”, “Harb va sulh”, “Haqgo‘ylar”, “Pokiston poytaxti”, “Muhojirlar lageri” kabi she’rlarini yaratdi. Balki ushbu she’rlarni bugungi o‘quvchi qabul qilavermasligi mumkindir. Ammo ular o‘z davri ijtimoiy-siyosiy voqeligi haqida xabar beruvchi manba sifatida ahamiyatini, badiiyati yuqori bo‘lgan satrlari bilan qimmatini bugun ham yo‘qotmaganligini vaqt ko‘rsatib turibdi.
Uolt Uitmen o‘z ijodiy kredosi jamiyat barqarorligi, uning taraqqiyoti va jipsligi kishilar o‘rtasidagi do‘stlikka bog‘liqligini kuylashdan iborat ekanini quyidagicha ifodalaydi:
Sizningcha, men nima uchun qo‘lga qalam olaman?
Qarshimdan o‘tayotgan mahobatli va chiroyli yelkanli
Soqchi harbiy kemalar shuhratin olamga yoymoq uchunmi?
Shonli o‘tgan kunlargami? Kelgusi tunlargami?
Yoki takabburona g‘urur va ulkan shaharda shuhrat qozonmoq uchunmi?
Yo‘q!
Aytmoqqa bu juda oddiy: ikki kamtar odamlarni ko‘rmoqdaman,
Tirband olamon ichra, kemalar to‘xtar joyda xayrlashmoqda ular;
Biri kuzatar ekan qizg‘in quchdi do‘stini,
Ketayotgani ham bag‘riga bosdi uni.
Uolt Uitmen ijodining Oybekka ta’sirini tahlil etishda ushbu jihatni ham nazardan qochirmaslik lozimki, Oybek she’riyati har jihatdan Uitmen she’rlari bilan bo‘ylashishga qodirdir. Agar taqdir taqozosi bilan yer sharining bir-biridan olis hududida yashagan ushbu ulug‘ ijodkorlar bir davrda yashaganlarida hamda o‘sha paytda o‘zbek shoirlari asarlarini ingliz tiliga tarjima qiladigan tarjimonlar bo‘lganida, shubhasiz, Uitmen ham Oybek asarlaridan ta’sirlangan, mahorat sirlarini o‘rgangan bo‘lar edi. Uolt Uitmen va Oybek ijodidagi mushtarak jihatlarni aniqlashda Jamol Kamolning quyidagi so‘zlari muhim o‘rin tutadi: “Bizningcha, Oybek she’riyatining yagona pafosi, uning individual poetik uslubida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan ikki muhim moment belgilovchi rol o‘ynaydi: 1) hamisha hamma yerda nafosatni ko‘rishga va uni tasdiqlashga qaratilgan, ma’lum darajada, shoirning “she’r – axloqiy go‘zallikdir” degan o‘ziga xos aqidasidan kelib chiquvchi tamoyil; 2) lirik janr doirasida epik nazarga ega bo‘lish, lirik holat, lirik lavhalarni epik nazar bilan ko‘rish, yoritish tamoyili”. Yuqoridagi jihatlarni Uolt Uitmen asarlarida ham ko‘rish mumkin.
U “Mo‘jiza” she’rida:
Qani kim hozir mo‘jizaga ishonar?
Men esa har narsada mo‘jizani ko‘raman:
Monxetten ko‘chalaridan o‘tganim damlar,
Tubsiz osmon toqiga nazar solgan choq,
To‘lqinli sohilda yalangayoq kezib,
Yo o‘rmonda qaysidir daraxt ostida,
Yo yaqinlar bilan kunduz, yor bilan tunlari suhbatlashganda,
Do‘stlar bilan davrada bazm qurgan onlarim,
Yoki o‘tloqzor ichra podadek kezganimda,
Yoki ajoyib ninachi, qushlarga boqqanimda
Yoki mo‘jizakor shafaq, yo chaqnasa sokin, tiniq yulduzlar,
Bahordagi hilolning ajib, sokin holati,
Va ularning barchasi mening uchun – mo‘jiza.
Mushtarak va ayro holda – bari-bari mo‘jiza.
Har bir kun va tunning soniyalari mo‘jiza,
Kengliklar har bir kub dyumi mo‘jiza,
Har bir fazoviy borliq kvadrat yardi mo‘jiza,
Har bir fut va uning qa’rida yashirindir mo‘jiza,
Men uchun dengiz barcha mo‘jizasin ochadi;
Baliqlar – qoyalar – to‘lqinlar harakati –
Kemalar – undagi odamlarning barchasi.
Yana sizga qanday mo‘jiza kerak!
tarzida tilsimotlarga to‘la borliqdan olgan hayratini oshkor etadi. Muttasil harakatdagi olam, poyonsiz koinot, insonning murakkab olami, tabiatining rangin jilolaridan hayrat tuyg‘usi Oybek she’rlarining ham asosini tashkil etadi. Uning “Tabiat to‘rtliklari” she’rida tabiat hodisalari, uning fasllaridagi ranglar tovlanishidan hayratga tushgan lirik qahramon kechinmalari mo‘jizaga to‘liq borliq tasviri jarayonida ochila boradi.
Ko‘rkiga to‘ymaymen – ufqda quyosh
Bulutlar yuziga qirmizi bo‘yoq
Surkab o‘tganidan qoladirman mast,
Izida xayolga tolurmen uzoq… –
Tabiatning ulug‘vorligi inkor etilib, uning har qanday mo‘jizalari rad etilayotgan davrlarda Oybek inson borliqning zarrasi va u bilan mushtarak ekanligini baralla kuyladi, borliqning inson tafakkuri anglashga ojiz ko‘plab siru sinoatlari borligiga iqror bo‘ldi.
Uolt Uitmen va Oybek ijodidagi uyg‘un jihatlardan yana biri – har ikki shoirning nekbinligidir. Ularning hayot yo‘llarida ham bu o‘xshashlik ko‘zga tashlanadi. Darhaqiqat, umrining so‘nggi yillarida Uitmen ham, Oybek ham falaj holatda to‘shakka mixlanganlariga qaramay yorug‘ tuyg‘ular singgan asarlar yaratishda davom etdilar. Bu jihatdan professor N.Karimovning quyidagi fikrlari ahamiyatlidir: “U (Oybek – S.A.) Cho‘lpon va Fitrat otilgan, nomlariga qora bo‘yoq surkalgan davrda yashagani sababli hayotlik paytida ham, keyin ham o‘zining munosib bahosini topmadi. To‘g‘ri, u hayotlik paytida maftunkor ijodiy faoliyati uchun turli unvon va mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Bu unvon va mukofotlar boshqa har qanday ijodkor uchun turli xurujlarga qarshi qalqon bo‘lishi mumkin edi. Ammo Oybekka qarshi kurash, uni qatag‘on etish istagi yuqoridan idora etib turilgani uchun jangarilar bu qalqonni parcha-parcha qilib, ulug‘ adibni qirq olti yoshida – ijod bulog‘i avji qaynagan chog‘ida bir umrga to‘shakband etdilar. Oybek tili va qo‘li qattiq shikastlanganiga qaramay, marhum ustozlari uchun ham so‘nggi nafasiga qadar tinmay ijod qildi”. Oybek boshiga har qanday ko‘rgiliklar tushmasin, na jamiyatdan va na biror kimsaning qilg‘iliklaridan nolidi. Balki vafotidan bir necha kun oldin yozgan she’rlarida ham nekbinlik bilan to‘yingan “Samoning yarmiga tushar kamalak, Naqadar ijodkor, serzavq tabiat! Nash’a va sururga to‘la bu falak, Ne degan narsa bu – hasrat va kulfat!” singari satrlarni bitdiki, bu uning qalbi kengligi hamda tafakkuridagi samimiyatdan darak berib turadi.
Xullas, Uolt Uitmen va Oybek ijodidagi mushtaraklik, ijodiy ta’sir tilsimot va mo‘jizalarga to‘la borliq tasviriyu talqinlarida, ulardan tug‘ilgan hayrat tuyg‘usining o‘ziga xos ifodalarida, ijtimoiy-siyosiy masalalarni nozik kechinmalar fonida aks ettirish uslublarida, lirik janr doirasida epik ko‘lamdorlikka erishish va syujetli she’rlar orqali liro-epik tasvir imkoniyatlarini namoyon eta bilishlarida, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy masalalar hamda tabiat hodisalari aks etgan she’rlarda nekbinlikning ustuvorlik kasb etishida ko‘zga tashlanadi.
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 7-son