Zamonamizning teran bilimli va zukko tilshunos olimi, Alisher Navoiy asarlari tilining iste’dodli tadqiqotchisi akademik Alibek Rustamov barakali umr ko‘rdi, umrining eng so‘nggi damlarini ham zoye ketkazmadi. Inson bu dunyoga omonat, bir kun kelib boqiy dunyoga safar qiladi, faqat yaxshi amallari va yozgan kitoblari barhayot qoladi. Shu ma’noda domlaning so‘nggi — “Hazrati Navoiyning ma’naviy va suvariy sharoblari” (“Navro‘z”, 2013) kitobi uning umrboqiyligiga daxldordir.
Olim ilmiy faoliyatining ilk davrlaridanoq Hazrat Navoiy asarlari tadqiqi bilan shug‘ullangan va buyuk bobomizning ruhiy olami, aqidalari, o‘sha davr ijtimoiy, iqtisodiy, diniy hayotiga va mavjud g‘oyalariga qarashlari, orzu-armonlarini anglab yetishga intilgan.
Alibek Rustamov ilmda to‘g‘ri va bir umrlik yo‘lni tanlab oldi: u o‘zbek klassik tilini – o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy tilini o‘rganish va yosh avlodga ta’lim berishga bel bog‘ladi.
1954 — 1958 yillari o‘zbek klassik tili tadqiqiga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari gazeta-jurnallar va ilmiy to‘plamlarda e’lon qilindi. Bu izlanishlarning mantiqiy natijasi sifatida 1958 yili “Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarining ba’zi bir grammatik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dessertatsiyasini yoqladi.
Bu davrga kelib Navoiy asarlari tilining lug‘at birliklari ma’no tarkibini, uning grammatik va fonetik o‘ziga xosliklarini biladigan kishilar barmoq bilan sanarli edi. Klassik til xususiyatlarini o‘rganish va uni o‘z xalqi ongida qaytadan tiklash olimning o‘z oldiga qo‘ygan muqaddas burchi, dil amri edi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday asarning g‘oyaviy mazmuni va badiiy o‘zgachaliklari, uslubini anglab yetish, ayniqsa, Navoiydek buyuk so‘z ustasining asarlari mazmun-mohiyatini anglab yetish uchun, birinchi navbatda, tilning fonetik, morfologik va semantik xususiyatlarini o‘rganish lozim edi.
Olim o‘z ilmiy izlanishlariga sabab bo‘lgan omillarni keyinchalik shunday izohlaydi: “Kommunist rahbarlar qardosh xalqlarni bir-biridan ajratish va ularni tarixi, merosi, dini, urf-odatlaridan judo qilish siyosatini istibdod yo‘li bilan amalga oshirdi. Turkiston xalqini kirill yozuviga o‘tkazish shu siyosat bilan bog‘liq amallardan biri edi. Buning natijasi shu bo‘ldiki, hazrati Navoiyni tushunmaydigan adabiyotshunos va tilshunos professorlar (ta’kid bizniki — A.Q.) oliy o‘quv yurtlarida dars beradigan bo‘ldilar. Maktabda va oliy o‘quv yurtlarida tarixiy, ilmiy, diniy va adabiy merosni o‘qib-o‘rganishdan mahrum bo‘lgan olim va adiblarimiz necha minglab so‘zlarni bilmas holga keldilar. Bilgan so‘zlarining asl ma’nosini anglamaydigan bo‘ldilar” (Aliybeg Rustamiy. Hazrati Navoiyning ma’naviy va suvariy sharoblari”.
Bu yillari olim matbuotda e’lon qilgan “Klassik asarlarning puxta tahlili uchun” (“Sharq yulduzi”, 1954), “O‘zbek klassik asarlari uchun lug‘at” (“Sharq yulduzi”, 1955), “Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asaridagi ba’zi bir eski o‘zbek tiliga xos xususiyatlar”(ilmiy to‘plam, 1958), “Navoiy asarlari muqaddimasi tilining bir xususiyati haqida”(“O‘zbek tili va adabiyoti”, 1961), “XV asr o‘zbek tilining vokalizmi” (“O‘zbek tili va adabiyoti”, 1962), “Sab’ai sayyor” tilining xususiyatlari” (ilmiy to‘plam, 1964) va boshqa maqolalar aynan yuqorida zikr etilgan yuksak maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan edi.
Bu izlanishlarning yirik bir umumlashmasi sifatida 1966 yili olim “Alisher Navoiy asarlari tilining fonetik-morfologik xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini tugallaydi. Ammo bu dissertatsiyani yoqlash tadqiqotchidan katta kuch, sabr-toqat, iroda va bilim talab qildi. Dissertatsiyani yoqlashga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatgan ba’zi o‘sha davr olimlarining qarshiligini yengib o‘tishga ham to‘g‘ri keladi.
Alohida eslatib o‘tish kerakki, Alibek Rustamovning bu ilmiy muvaffaqiyatlari zamirida fors tili, keyinchalik arab tilini puxta o‘rganish va qadimgi turkiy tilni teran o‘zlashtirishdek katta mehnat bor. Ana shu maqsadda olim avval O‘rta Osiyo davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) sharq fakultetidagi fors bo‘limini bitirib, keyinchalik ikkinchi mutaxassislik — arab tilini ham o‘rgangan edi.
Agar olim turkiy, fors va arab tillarini puxta egallamaganida Navoiy asarlarini tilini o‘rganish va ilmiy-tadqiqotlarida bunchalik muvaffaqiyatlarga erishmagan bo‘lur edi. Chunki Navoiy asarlarining tili o‘sha davr o‘zbek tili me’yorlariga ko‘ra, forsiy va arabiy o‘zlashmalarga boy, diniy va tasavvufiy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan, Qur’on va hadislardan iqtiboslar bilan bezalgan edi.
Undan tashqari, Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetish uchun o‘rta asr klassik adabiyotining o‘ziga xos badiiy vositalar sistemasi: ilmi bade, ilmi maoniy, ilmi balog‘a, ilmi aruz, Ilmi qofiya va boshqa badiiy san’atlarni puxta egallash lozim edi.
Alisher Navoiy tilini, uning ijtimoiy-siyosiy, diniy-tasavvufiy g‘oyalarini, badiiy mahoratini teran o‘rganish va bugungi o‘quvchiga to‘g‘ri yetkazish uchun o‘sha davrda yozilgan arab, fors tilidagi qo‘lyozmalarni mutolaa qilish va tilshunoslik, adabiyotshunoslikka doir o‘nlab qo‘lyozmalarni tahlil etish zarurati turardi.
Alibek domlaning keyingi ilmiy izlanishlari aynan mana shu maqsadlarga qaratilgandi. U klassik til va adabiyot bo‘yicha tadqiqotlarini davom ettirib “Alisher Navoiyning til va uslubi” (1966), “Navoiy tilida zamonu makon kelishiklari”, “Navoiy tilining fonetik xususiyatlari”(1966) maqolalarini e’lon qiladi.
Bundan keyingi tadqiqotlarida olim asosiy e’tiborni tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘yicha o‘rta asr manbalarini o‘rganish, til va badiiyat masalalariga qaratadi. Mana shu say’-harakatlar natijasi o‘laroq “Mahmud Zamaxshariy” (1971), “Habibiy she’rlarining vazni” (1971), “Aruz haqida suhbatlar” (1972), “Qofiya nima?” (1975) risolalari, bu izlanishlarning mantiqiy davomi sifatida esa 1978 yili “Navoiyning badiiy mahorati” monografiyasi vujudga keladi. 1981 yili Atoulloh Husayniyning “Badoyi’ us-sanoyi’” kitobini fors tilidan o‘zbek tiliga o‘girib, chop ettiradi.
Bu davrga kelib, Alibek domla o‘zining ko‘pyillik izlanishlari samarasini ko‘pchilikka yetkazish maqsadida “O‘zbek sovet entsiklopediyasi” nashriyoti bilan yaqindan hamkorlik qilib, o‘tmish allomalarimiz haqida “Javhariy”, “Jamoliddin Turkiy”, “Jamoliddin Ibodiy”, “Jamol Qarshiy”, “Kanz ul-kanz” maqolalarini, so‘zshunoslik va lug‘atshunoslik bo‘yicha “So‘z”, “Til”, “Tilshunoslik”, “Turkiy til”, “Turkshunoslik”, “Toli’ Imoniy Hiraviy” kabi turkum maqolalar tayyorlab, entsiklopediyaga kiritadi.
Alibek domla bulardan tashqari yana shu yillar mobaynida “Yosh kuch” jurnalida “Navoiyxonlik” rubrikasini, “Gulxan” majallasida “Alibobo o‘gitlari” rubrikasini va O‘zbekiston televideniyasida “Navoiyxonlik” rubrikasida turkum suhbatlar olib boradi. Bu suhbat va maqolalar xalqimizning buyuk allomalarimiz merosiga, ayniqsa, hazrat Alisher Navoiyning adabiy merosiga bo‘lgan qiziqishini qayta jonlantirishga, keng talabalar ommasiga targ‘ib qilishiga omil bo‘ldi.
Zamonamizning yetuk va bilimdon olimi Alibek Rustamovning uchinchi bosqich izlanishlari Navoiy hazratlarining e’tiqodi bilan bog‘liq bo‘lib, bu yo‘nalishdagi tadqiqotlari Navoiy davridagi diniy-tasavvufiy g‘oyalar va falsafiy qarashlar bo‘yicha bir qancha maqola va risolalar yozilib nashr etilishiga sabab bo‘ldi. “So‘z gavhari” (1995), “Nur-i Muhammadiy va Nurnoma” (1996) va nihoyat, “Hazrati Navoiyning e’tiqodi” (2010), “Hazratning diyonati” (2010), “Hazrati Navoiyning “Masti alast”i” (2012) va “Hazrati Navoiyning ma’naviy va suvariy sharoblari” (2013) risolalari shular jumlasidandir.
Albatta, bu yerda nomi keltirilgan maqola va risolalar Alibek domlaning barcha ilmiy merosini qamrab olmagan. Uning ilmiy merosi 200 dan ortiq maqola, risola, monografiya va tarjimalardan iborat: ularning har biri alohida e’tiborga loyiqdir. Shu tariqa, Alibek Rustamov zamonamizning teran bilimli tilshunos olimi, zukko adabiyotshunos va mutafakkir, sinchkov manbashunosi hazrat Navoiyning va klassik adabiyotimizning bugungi kun avlod uchun tushunishi qiyin bo‘lgan tili, badiiy mahorati va ko‘pchilik olimlar oldida hanuz muammoli bo‘lib turgan diniy va tasavvufiy aqidalari haqida har tomonlama jiddiy o‘rganilgan, mukammal bir ilmiy meros yaratib ketdi.
Bu yaratilgan teran ilmiy meros hozirgi va kelajak avlod navoiyshunoslari, mumtoz adabiyotimiz muxlislari uchun ishonchli manba bo‘lib xizmat qilgusidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 9-son