Ahmadjon Meliboyev. Ulug‘ adibning ulug‘ niyati

Badiiy adabiyot xazinasini o‘zining durdona asarlari bilan boyitgan Chingiz Aytmatovning ijodi bilan tanish bo‘lmagan faol kitobxonni topish qiyin bo‘lsa kerak. Adib asarlari dunyoning barcha qit’alarida sevib o‘qiladi. Har bir millat vakili ularni mutolaa qilar ekan, o‘zi, millati va vataniga daxldor narsalarni topa oladi.

Aytmatovning ijodi O‘zbekistonda keng tarqalgan va o‘rganilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda Asil Rashidov, Ibrohim G‘afurov, Suyun Qorayev, Mahkam Mahmudov, Abduraim Otametov kabi mahoratli tarjimonlar, G‘aybulla Salomov, Akmal Saidov, Saydi Umirov, Pariza Muhammadjonova kabi taniqli olimlarning xizmati katta. Adibning tog‘ va dasht mavzusidagi qissa va romanlari bizni yigirmanchi asrning buyuk iste’dod egalaridan biri – yozuvchi, publitsist va jamoat arbobi  Chingiz Aytmatovning badiiy hamda ma’naviy olami bilan oshno etdi, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-estetik qarashlari bilan tanishtirdi. Ustoz G‘aybulla Salomovning adib ijodining serma’no qirralari to‘g‘risidagi tadqiqotlari Chingiz og‘aga muhabbatimizni yanada oshirdi. Ikki yondosh, qondosh mamlakat xalqlari orasidagi azaliy do‘stlik rishtalari, adabiy, madaniy aloqalar adibning mahoratli qalami, jur’atli so‘zi, beg‘ubor qalbi bois  yanada rivoj topdi.

“Aytmatov ijodi bizga ko‘p jihatdan saboq bergulik maktabdir, – deb yozgan edi O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov. – Mening uchun Aytmatov saboqlaridan biri quyidagicha: Chingiz og‘a o‘zining benihoya jasur iste’dodi bilan har qanday mahdud, qiyin sharoitda ham haqiqatni qiyomiga yetkazib, o‘rinlatib ayta bilishini isbotladi. Adibning “Alvido, Gulsari” asarini eslang. Asar qahramoni Tanaboyning ham, uning sodiq yo‘ldoshi Gulsari laqabli otning ham navqiron chog‘lari jamiyat xizmatiga sarf bo‘ldi. Biroq, ular qartaygach nazardan, e’tibordan qola boshladilar. Yozuvchi mana shu fikrni murakkab sharoitda katta mahorat bilan badiiy asarga aylantirdi. Bu gap bugungi kunda ham o‘z aktualligini, hayotiy qimmatini yo‘qotgan emas. Albatta, har qanday buyuk adibning ham o‘z uslubi, ohangi bo‘ladi. Tolstoyni Dostoyevskiydan farqlashda dohiyona belgilarni ilg‘ash mumkin bo‘lganidek, Aytmatov ijodini kuzatganda ham faqat unga xos bo‘lgan fazilatlarni darhol topa olamiz. Bular – chuqur insoniy falsafa hamda g‘oyat go‘zal poetik ruhdir”.

Yozuvchi xalqimiz tarixi va madaniyatini, boy ma’naviy merosimizni yaxshi biladi, chuqur his etadi, buyuk allomalarimiz bilan o‘zbek xalqi kabi faxrlanadi. Uning qissa va romanlari, publitsistik maqolalari, dolzarb ma’ruzalarida xalqimizning shonli  tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi, Samarqand,  Buxoro kabi o‘tmishga shohid shaharlarimiz bilan faxrlanish, Orol ko‘lining taqdiriga kuyunish kabi holatlar ko‘plab uchraydi.

“Asrni qaritgan kun” romani qahramonlaridan biri Qazangap taqdir taqozosi bilan olti yil Mirzacho‘lga kelib yashaydi. Shu yerda xivalik Bo‘key ismli  qoraqalpoq qizga uylanadi. Umri nihoyasiga yetayotganida Orol dengiziga borib, bu bahri ummon bilan vidolashadi. Qurib-qaqshab borayotgan dengizning qum bosgan sohillariga tikilar ekan: “Orol dunyo turguncha turar edi, mana endi, shu dengiz ham quriyapti, odam umrini gapirmasa ham bo‘ladi” deydi va Edigeydan vafot etganida Ona Bayitga dafn etishini iltimos qiladi. “Jamila”dagi Doniyor ham bizga yot emas. “Turmush bu mushtdek bolani ne ko‘ylarga solmagan, tirikchilik dardida u qayerlarga bosh urmagan. Doniyor ko‘p vaqt Chaqmoq dashtida qo‘y boqib yurib, voyaga yetgach, jazirama cho‘llarda kanal qazigan, yangi tuzilgan xo‘jaliklarda paxta ekib, ekin sug‘orib, oxiri Toshkent yaqinidagi Ohangaron shaxtalarida ishlab, o‘sha yerdan armiyaga ketgan edi”. “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori”da Chingiz Aytmatov Sohibqiron Amir Temurning  Sheroz shahrida hofiz Sheroziy bilan bo‘lgan uchrashuvini yodga olib, ulug‘ hukmdorning quyidagi so‘zlarini keltiradi: “O‘z shoirini izlab yurgan podshoning qo‘l ostidagi xalq baxtli bo‘ladi. Biroq, o‘z hukmdorini izlab yurgan shoirning xalqi baxtsizdir”.

Zarafshon daryosi  oshib, atrofga xavf solganida sobiq ittifoq matbuotida Aytmatovning “Insonga ta’zim et, Zarafshon” sarlavhali maqolasi e’lon qilinadi. Ustoz Mirtemir domla “Manas” eposining dastlabki qismlarini o‘zbek tiliga o‘girib, muhokama qilish uchun Qirg‘izistonga yuborganida, Chingiz og‘a “Hech qanday e’tirozim yo‘q, juda yaxshi tarjima qilingan. Cho‘ng shoir Mirtemir shunday ish qildiki, biz endi undan qarzdor bo‘lib qoldik”, deya tarjimaga yuqori baho beradi. “Mirtemirni O‘zbekistonda qanday sevsalar, hurmat qilsalar, qadrlasalar, bizda, Qirg‘izistonda ham she’riyat muxlislari va, umuman, “Manas”ni milliy tarixiy boyligimiz sifatida, aqliy epik ijodning cho‘qqisi sifatida sevib, e’zozlaydigan, qadrlaydigan har bir kishi, “Manas” haqida qayg‘urib, uni respublikamizga qo‘shni boshqa viloyatlardagi odamlar ham iloji boricha ko‘proq o‘qishini o‘ylagan har bir kishi,  u kim bo‘lishidan qat’i nazar, Mirtemirni yodga olmasligi mumkin emas, uni minnatdorlik bilan eslamasligi mumkin emas, binobarin, biz zo‘r e’tibor bilan o‘rganayotgan va o‘rganishimiz lozim bo‘lgan juda qadimiy va boy an’analarga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi adabiyotini, madaniyatini ehtirom bilan yodga olmasligi mumkin emas va men o‘ylaymanki, biz ham o‘z navbatida, o‘zbek adabiyoti va madaniyati boyliklarini o‘z ijodiy iste’molimizga qo‘shish uchun harakat qilishimiz kerak, albatta shunday qilamiz”, deydi adib mamnuniyat bilan.

Chingiz Aytmatov o‘zbeklar diyorini o‘z yurtiday, odamlarini tug‘ishgan og‘a-inilariday qadrlaydi. Mirtemir, Zulfiya, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Maqsud Qoriyev, Ziyod Yesenboyev, Botir Zokirov, Asil Rashidov, Anvar Jo‘raboyev, Suyun Qorayev, Pariza Muhammadjonova va boshqa ko‘plab ijodkorlarni yaqin do‘st bilib, ular bilan umrining oxirigacha samimiy muloqotda bo‘ldi. Chingiz og‘a O‘zbekistonda uning ijodiga zo‘r qiziqish bilan qaralayotgani, ba’zi asarlari qirg‘iz tilida chop etilayotgan asarlaridan ko‘ra ham ko‘p nusxada bosilayotgani, o‘quvchilar ularni sevib mutolaa qilishayotgani, “Sarvqomat dilbarim”, “Momo Yer”, “Oq kema”, “Alvido, Gulsari”, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” o‘zbek sahnalarida namoyish etilayotgani, tarjimonlar, rejissyor va aktyorlar bor mahoratlarini ishga solib, uning o‘y-fikrini kitobxonga, tomoshabinga to‘g‘ri yetkazishayotgani,  respublika oliy o‘quv yurtlarida ijodiga bag‘ishlangan anjumanlar doimiy ravishda o‘tkazilayotganidan xursand edi. “Menga ixlos qilib, kitoblarimni o‘zbek tiliga tarjima qilgan do‘stlarimga, ayniqsa, adabiyotshunos, tarjimon Asil Rashidovga tashakkur aytmoqchiman, – degan edi Chingiz og‘a. – Chunki mening “Oq kema”, “Jamila”, “Alvido, Gulsari” kabi bir qancha povestlarimni Asiljon o‘zbekchaga xuddi men qirg‘iz tilida yozganday jarangdor qilib tarjima qila olgan”.

Chingiz Aytmatov ijodini o‘rganish va targ‘ib qilishda alohida faollik ko‘rsatayotgan olimlarimizdan biri – filologiya fanlari nomzodi, geografiya fanlari doktori, xalqaro Chingiz Aytmatov Akademiyasi a’zosi Suyun Qorayev bo‘ladi. Adib Suyun og‘a ijodiga shunday baho beradi: “Umrimda kasb-kori boshqa-boshqa esa-da, men bilan hamfikr, rostgo‘y, haqiqatgo‘y ko‘p odamlar bilan muloqotda bo‘lganimdan faxrlanaman, ularni hurmat qilaman, qadrlayman, qo‘lga kiritgan yutuqlarini ko‘rib xursand bo‘laman. Ana shunday insonlardan biri – o‘zbek-qirg‘iz xalqlarining farzandi, zahmatkash olim Suyun Qorayevdir. U mening bir qator asarlarimni o‘zbek tiliga tarjima qilgan, matbuotda ko‘p maqolalar e’lon qilgan. Mehnatkash olimning ilmiy faoliyati mening ijodim bilan cheklanib qolgan emas. Suyun Qorayev o‘zbek-qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki elning chin ma’naviy qadriyatlarini targ‘ib qilish, ularni yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotir. Ilmiy-publitsistik maqolalarida “Manas” va “Alpomish” eposlariga, o‘zbek va qirg‘iz tillarining ayrim muammolariga bag‘ishlangan e’tiborga molik fikrlari o‘quvchilarni befarq qoldirmaydi. Har qanday ijodkor ikki elga Suyun Qorayevday jon-dili bilan xizmat qilsa, jamiyatimiz uchun o‘ta qadrli bo‘lar edi”.

Aytmatovshunos olim A. Aqmataliyev quyidagilarni ta’kidlaydi: “Bir  vaqt­lar qirg‘iz shoiri Jo‘mart Bo‘kanboyev she’rlarining birida: “Shunday vaqt keladiki, qirg‘iz adabiyoti yurt hududidan chiqib, Yevropa bo‘ylab, dunyo bo‘ylab qadam tashlaydi, dunyo adabiyotining kichik bo‘lsa ham munosib bir tarkibiy qismi bo‘lib qoladi”, deb bashorat qilgan edi, shunga ishongan edi. Ko‘rib turibmizki, u haq bo‘lib chiqdi. Lekin o‘sha paytlari bu she’r muallifining orzu-umidlarini kitobxonlar shoirning shunchaki shirin xayoli deb o‘ylaganlari aniq. Oradan bor-yo‘g‘i bir necha yil o‘tdi, bu orzu-umidlar Aytmatov misolida ro‘yobga chiqdi. Qirg‘iz adabiyoti adabiy olimp sari shiddat bilan ko‘tarilmoqda. Haqqoniy, achchiq va, ayni paytda, nekbin badiiy so‘z turli mamlakatlar va qit’alar osha kitobxonlar yuragida aks sado topmoqda. Aytmatovdek iste’dod egasini tarbiyalab voyaga yetkazgan xalq baxtiyordir”.

“Chingiz Aytmatov publitsistikasi  hayotiy va ijodiy tajribasi katta, bilim saviyasi juda keng, ittifoq, hatto jahon adabiyoti durdonalarini ko‘p va xo‘b o‘qib, mag‘zini chaqqan, grajdanlik tuyg‘usi kuchli, mamlakat taqdiriga chuqur daxldor, dunyo voqealaridan yaxshi xabardor, olam zarbini yuragi qa’ridan o‘tkazuvchi, dalil, hodisa va jarayonlarga zamonaviy ong, samoviy tafakkur (“planetarnoye mыshleniye”) yuksakligi hamda teranligidan qarab hukm chiqaruvchi, baho beruvchi donish, yetuk, iste’dodli yozuvchining publitsistikasidir, – deb yozadi adabiyotshunos olim Saydi Umirov. – Uning ocherk va esselari, maqola va xatlari, suhbat va nutqlari qamrovining kengligi, ma’nosining teranligi, ohori to‘kilmagan, kutilmagan dalil va misollar, bosiq va ehtirosli, cho‘ng va tig‘dor fikrlarga, san’atkorona mushohada, falsafiy muhokama, publitsistik mulohazalarga boyligi, tilining soddaligi, shiradorligi, obrazliligi, rangdorligi, so‘z va iboralarning aniqligi… va yana ko‘p fazilatlari bilan ajralib turadi…”[1]

Chingiz Aytmatov ijodi xususidagi tadqiqotlarda bir savol ko‘p bor takrorlanadi: adib fenomeni qanday paydo bo‘ldi, qanday shakllandi? Bu savolga javoblar turlicha bo‘lsa-da, ularda bir umumiylik ham bor. Aytmatov ijodini tahlil qilgan adabiyotshunos Georgiy Gachev buni quyidagicha izohlaydi: “Chingiz Aytmatov jiddiy keskinlik avj olgan tarixiy maydonda – XX asrning 30-yillaridagi Qirg‘izistonda voyaga yetdi. Bir tomondan – kishilar qadimiy udumlar bilan yashayotgan, hali tarix tilga kirmagan, oqinlar doston aytib, afsonalardan so‘z ochadigan patriarxal ko‘chmanchi xalq turmushi, ikkinchi tomondan – shimoldan, Rossiyadan, Moskvadan hozirgi jahon tsivilizatsiyasi ilg‘or to‘lqinlarining kirib kelishi: sotsializm g‘oyalari, industrializatsiya, shahar turmushi, xotin-qizlarning teng huquqliligi, rus klassik adabiyoti vakillari Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiy asarlarining kirib kelishi, shaxs va ma’naviy hayotning nafis mohiyati. Boshqacha aytganda, jahon tarixi ibtidosi bilan  intihosining yuz ko‘rishishi: ibtidoiy jamoa  kishisining qalbi, uning ruhiyati va turmush tarzi, avto va aviada sayr qiladigan, nisbiylik nazariyasidan xabardor, totalitarizm va demokratiyaning, Osiyo va Yevropa an’analarining muammolaridan tatib ko‘rgan zamonaviy, hatto o‘ta zamonaviy modern shaxs bilan og‘iz-burun o‘pishib ketishi. Shunday qilib, minglarcha yillar – bir kishi hayoticha umr ko‘radigan xomsut emgan banda Chingizning joni va aql-idroki ana shu uzoq davrni qamrab olishi kerak edi. U shunday qildi ham: uning asarlari qirg‘izlarga ham, ruslarga ham, meksikaliklarga ham – saviyasi turlicha bo‘lgan xalqlarga ma’naviy ko‘mak bermoqda”.

Georgiy Gachevning fikriga qo‘shilish mumkin. Biroq, bu satrlar sobiq tuzum paytida yozilgani bois, unda oddiy bir haqiqat yetishmayotganini sezish qiyin emas. Ha, shimoldan O‘rta Osiyoga zamonaviy tsivilizatsiya, katta badiiy adabiyot, zamonaviy madaniyat, yangicha urf-odatlar kirib keldi, shu bilan birga, bu o‘lkalarga qizil mafkura qanoti ostida yalpi dahriylik, milliy va diniy qadriyatlarni oyoqosti qilish, o‘tmish tarixni soxtalashtirish, mislsiz qatag‘on ham  kelganini e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Qatag‘onning qonli panjasi Aytmatovlar xonadoniga ham azob-uqubat olib keldi. Otasiz o‘sgan yozuvchining  ijodi, dunyoqarashi ana shunday murakkab, aql-idrok bilan ham anglab bo‘lmaydigan zamon va sharoitda shakllandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu o‘rinda Aytmatovning 1964 yil 12 fevralda Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilari bilan aloqa o‘rnatish komitetining majlisidan so‘ng “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) gazetasi muxbiri bilan suhbatida aytgan quyidagi fikrlarini yodga olish joiz: “Sharq xalqlari adabiyotidagi progressiv qanotning kuchayib borishiga, ilg‘or tendentsiyalarning mustahkam ildiz otishiga yordamlashishimiz, adabiyotning hayotbaxsh ta’sirini keng avj oldirish jarayonida Sharq xalqlari adabiyotini, jumladan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston adabiyotini chinakam xalqchil, progressiv adabiyot darajasiga ko‘tarishimiz kerak”. Aytmatov o‘z ijodi bilan bu va’dasining ustidan chiqdi.

Ustoz olim Najmiddin Komilovning quyidagi fikrlariga e’tibor beraylik: “Oq kema” kabi “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” qissasida ham afsona va real hayot tasviri qo‘shilib, aralashib ketadi. Asotir va tush, tabiat kuchlari haqidagi  ibtidoiy tasavvurlar patriarxal jamoa kishilarining xarakterlarini yaratish, o‘zlarini tabiatning bir bo‘lagi deb bilib, unga sig‘ingan, undan madad olgan va tabiat bilan doimo kurashib kelgan odamlarning turmush tarzini aks ettirishga ko‘maklashishdan tashqari, tabiat va inson orasidagi munosabatlarni ham yangicha talqin qilishga olib kelgan. Shunday usul tufayli qissa-istiora darajasiga ko‘tarilgan bu asar ayni vaqtda qissa-doston hamdir. Doston bo‘lganda ham dramatik doston, nasriy tilda yozilgan muntazam va mustahkam ichki ritmga bo‘ysunadigan, botiniy lirik-publitsistik intonatsiyaga ega doston. Bu ritm qissaga alohida ruh bag‘ishlagan. Serehtiros musiqa avvaliga vazmin, salobat bilan yangraydi, keyin bora-bora kuchayib, shiddat kasb etadi, ruhiy qiynoq va iztiroblar po‘rtanasini alangalatadigan avjli, quyuq ohanglar bosib kela boshlaydi, so‘ngra oxirida yana yorug‘lik, nurni qalbga indiradigan farahli kuy yangragandek bo‘ladi”[2]. Darhaqiqat, e’tiborli o‘quvchi Aytmatov asarlarini mutolaa  qilar ekan, ko‘z o‘ngida hayotning kutilgan-kutilmagan iztirobli po‘rtanalari, voqea-hodisalar, keskin burilishlar, ayriliq va yo‘qotishlar, fidoyilik va sotqinlik, soddalik va makkorlik, vafo va sadoqat, isyon va ko‘nikish fikr-manzara, fikr-xulosa, fikr-ibrat  yanglig‘ namoyon bo‘ladi.

“Ayrim asarlarni kitobxon va tanqidchi sifatida idrok etganimizda, favqulodda hodisalarning guvohi bo‘lamiz, – deb yozadi dramaturg Mar Boyjiyev. – Aytmatovni hammamiz sevamiz, uning iste’dodi va mahoratiga qoyilmiz. U barchaga yaqin va tushunarli. Ta’kidlab aytaman: barchaga. Vaholanki, boshqa qirg‘iz yozuvchilarining ham qiziq, hatto mahorat bilan yozilgan asarlari bor, ular bizning o‘zimizda munosib bir tarzda e’tibor topadi-yu, respublikadan tashqariga chiqsa, jaranglamay qoladi… Shu boisdan, qo‘limga qalam olganimda, vujudimni turli shubhalar qoplab, o‘ylanib qolaman: yozayotganim kerakli bir narsami? Shunday yozsam bo‘larmikin? Yozganlarim yurtdoshlarim bilan birga Qirg‘izistondan tashqaridagi kitobxonlarga ham ma’qul bo‘larmikin?.. Aytmatovga kelganda, ochiq aytishim kerak: bu tajriba  menga xalal beradi. Xalal berishining ma’nosi shuki, Aytmatovdan keyin milliy mavzuda uning darajasida yozish qiyin. U yuksalib borayotgan prozamiz taraqqiyotidan o‘n yillar oldinga sakrab o‘tib ketdi. Endilikda bizning oldimizda nima haqida yozish kerakligidan ko‘ra, qanday yozish kerak, degan muammo ko‘ndalang turib qoldi”.

Mar Boyjiyevning fikricha, dramaturgiyaning milliyligi asar qahramon­larining odatlari, fe’l-atvori, qalamga olingan voqelikning vaqti va o‘rni, muayyan millatga mansubligi bilan o‘lchanmaydi. Voqea qishloq yoki shaharda kechadimi, bunday o‘lcham tor milliy, mahalliy mazmunnigina belgilaydi. Sof milliy dramaturgiyaning oliy namunasi o‘zining birmuncha lo‘nda, aniq bo‘lgan milliy qiyofasi va, asosan, ruhiyatidan o‘sib borib, nafaqat bitta millat yoki mintaqa, balki dunyoviy muammolar sari boradi. Bu o‘rinda voqea hatto kichik bir orolchada ham yuz berishi mumkin, lekin u shu joyda rivojlanib, butun qit’aning muammosini o‘rtaga tashlay olishi kerak. Bu holat hozircha faqat Chingiz Aytmatov ijodida yashab turibdi. Aytmatov qahramonlari go‘yo oddiy qirg‘iz xalqi, biroq ular o‘rtaga tashlagan muammolar  yer shari barcha aholisi uchun birdek taalluqli. Dunyoning bir chekkasida olis qumlar bag‘ridagi ikki-uch xonadondan iborat kichik qishloq kishilari butun zamin, qolaversa, koinot masalalarini o‘rtaga qo‘yayotgan ekanlar, bu endi qirg‘iz xalqininggina muammosi bo‘lib qolmaydi…[3]

Chingiz Aytmatov “Pravda” gazetasining O‘rta Osiyo bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlar ekan,  mintaqa kengliklarini kezib yurib, yurtimizda turli kasb egalari – akademiklar G‘afur G‘ulom, Qori  Niyoziy, o‘sha yillarning mashhur paxtakorlari Mannop Jalolov, Tursunoy Oxunova, Jo‘raboy G‘oyipov, O‘skanboy Sarimsoqov va boshqa ko‘plab dongdor kishilar bilan suhbatlashadi, Mirzacho‘l va Andijondagi ilg‘or paxtachilik xo‘jaliklarida bo‘lib, paxtakorlarning hayoti bilan bevosita tanishadi. Toshkentdagi kinoxronika studiyasida Toshkent, Samarqand va Buxoro tarixiga oid noyob lentalarni tomosha qiladi, qo‘riq va bo‘z yerlarning o‘zlashtirilishiga oid tarixiy hujjatlarni o‘rganadi. Mirzacho‘lda yangi yer ochayotgan cho‘lquvarlar bilan suhbat quradi, yaydoq dasht izg‘irinlarini, tuproqni endigina yorib chiqqan nimjon paxta ko‘chatlari garmsel shamolida qanday nobud bo‘layotganini, odamlar qayta-qayta yerga urug‘ qadayotganlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Va, shundan keyingina qo‘liga qalam oladi. Natijada mashhur “Paxtaning oydin yo‘li” sarlavhali publitsistik tadqiqot maqola yuzaga keladi.

Publitsist maqola uchun ko‘pdan-ko‘p raqamlar, faktlar to‘plagan, paxta tolasini qayta ishlash jarayonini o‘rgangan, bu noyob ekin turidan ishlab chiqiladigan gazlamayu yog‘, sovun, kunjaragacha qiziqqan bo‘lsa-da, maqolada ularni qalashtirib tashlamaydi. Paxta – o‘zbek xalqining milliy iftixori, degan balandparvoz so‘zlarni takrorlamaydi. Aksincha, o‘quvchi e’tiborini goh o‘tmishga, goh fazoda uchib borayotgan kosmik kemaga, paxta dalalariga qaratadi, mulohaza yuritishga chorlaydi. Dastlabki “yuk”li satrlardayoq muallifning maqsadi oydinlashadi: “Qadimiy o‘zbek madaniyati o‘zining ajoyib yutuqlari bilan azaldan ham mashhur, – deb yozadi u. – O‘zbeklar O‘rta Osiyoda tengi yo‘q irrigator, dehqon sifatida tanilgan. O‘zbek me’morlari fusunkor Samarqand va Buxoroni bunyod etdilar. O‘zbek xalqi orasidan o‘rta asrning mashhur astronom olimi Ulug‘bek, abadiy barhayot Alisher Navoiy yetishib chiqdi. Keyinchalik demokrat shoir va yozuvchilarning butun bir avlodi yetishib chiqdiki, ular orasida Muqimiy, Furqat kabi ulkan adiblar bor. Bularning hammasi o‘zbeklarning madaniyati, fani, san’atiga taalluqlidir, bularninng hammasi o‘zbek xalqining milliy xazinasidagi durdonalardir”.

Publitsist ulkan paxta xirmoni yuksalayotgan kuzgi yig‘im-terim pallasini mahorat bilan, ta’sirchan badiiy vositalar orqali tasvirlaydi: “Ko‘z o‘ngingizga O‘rta Osiyo kuz tunini keltiring. Yulduzli tunda qorli tog‘lar, ulkan cho‘llar bag‘rida yam-yashil vodiylar, qishloqlar, yo‘l va daryolar yastanib yotibdi. Siz faqat samodagina emas, balki bu yerda, yo‘llarda, dalalarda harakat qilib yurgan charog‘on yulduzlarni ko‘rasiz. Bu – paxtakor tunining chiroqlaridir. Endi kosmosga qarab yo‘nalgan, Oy tomon turna qator tizilgan “oq oltin” ortilgan shafaqrang eshelonlarni tasavvur qiling. Shunda siz paxta ortilgan bu kosmik eshelonning uzunligi Oy bilan Yer o‘rtasiga to‘rt marta borib kelishga yetadi deb xayolan qiyos qilasiz. Bu yerda hech qanday mubolag‘a yo‘q. Buni akademik Qori Niyoziy hisoblab chiqqan. Bu – start maydoni o‘zbek paxtakorlari dalasidan Oyga tomon uchirilgan ulkan oq raketa  arifmetikasidir… Ha, aziz gazetxon, hozir siz gazetani qo‘lingizga olayotgan bir paytda O‘zbekistonda navbatdagi tonna-tonna paxta terilyapti. Bu yerda kechayu kunduz paxta terishadi, kunu tun paxta terishadi. Butun xalq shu ish bilan band, odamlarning kuchi, aql-zakovati shu “oq oltin” bilan bog‘liq. Okean suvlarida haybatli aysberglar paydo bo‘lganidek, o‘zbek yerining saxiy bag‘rida o‘stirilgan “oq oltin”dan paxta punktlarida kun sayin emas, balki soat sayin, daqiqa sayin tog‘-tog‘ xirmonlar qad ko‘taradi…”[4]

Aytmatov Mirzacho‘l izg‘irinlarini Ustyurt bo‘ronlariga qiyoslaydi. Bu yerda ham, u yerda ham odamlar tabiat bilan olishib yotishibdi. Har qarich yer, har qultum suv, har hovuch don uchun chinakamiga kurash borayotganini aytadi. “Suv esa yo‘q edi. Sirdaryo uzoqdan oqib o‘tadi. Kishilar o‘z mehnatlarini quyosh bilan bog‘laydigan suv haqida orzu qilardilar. Qudratli irrigator Farhod haqidagi mungli afsona ana shundan to‘qilgan. Lekin u, hatto afsonada ham o‘z maqsadiga yetolmay halok bo‘ladi. Agar Farhodning nurli ruhi hozir Mirzacho‘lda kezib yurgan bo‘lsa, u ehtimol quvonchdan ko‘zlaridan yum-yum yosh to‘kayotgandir yoki kanallardagi tabarruk suvga to‘ymay boqib, yuragi orziqayotgandir…”

Sho‘ro tuzumining paxta borasidagi g‘ayrixalqchil siyosati bora-bora shu hosilni yetishtiruvchi oltin qo‘llarni itoatkor, qaddi dol qullarga aylantirdi. Havodan turib paxta dalalariga, suv va boshqa ekinzorlarga sepilgan zahri qotil o‘z ishini qilmay qo‘ymadi. Bu ham yetmaganidek, o‘zbek xalqi sha’ni yerga urildi, “paxta ishi” degan ayblov bilan minglab paxtakor dehqonlarning qo‘liga kishan solindi. Xalqimiz yoppasiga poraxo‘rlikda, ko‘zbo‘yamachilikda ayblandi. Butun umri dalada o‘tgan asl farzandlar qiynoqqa olindi. O‘tgan asr saksoninchi yillarining o‘rtalarida sobiq ittifoqning markaziy nashrlari deyarli har kuni o‘zbek xalqini  qoralovchi, milliy, diniy qadriyatlarini tahqirlovchi maqolalarni peshma-pesh bosib chiqara boshladi. Birgina Ahmadjon Odilovga bag‘ishlangan, uning aslida yo‘q “tog‘dek uyilgan” tillalari, yerostiga ko‘mib qo‘yilgan boshqa xazinalari to‘g‘risidagi bo‘hton chiqishlar quloqni batang qildi. Qashqadaryolik, surxondaryolik, voha va vodiylik ko‘plab aybsiz paxtakorlar qamoqxonalarga tashlandi. O‘sha yillari jiddiy maqolalari bilan o‘quvchilar e’tiboriga tushgan “Ogonyok” jurnali ham Moskvadan turib, milliy respublikalar sha’nini bulg‘ashdek nomatlub ishdan o‘zini tiya olmadi. Ushbu jurnalda A. Golovkov degan kimsa asossiz, uydirma faktlardan iborat bo‘hton maqola yozib, butun o‘zbek xalqini dunyo hamjamiyati oldida yomonotliqqa chiqarmoqchi bo‘ldi. Shunda Chingiz Aytmatov ittifoq minbaridan turib, yana o‘z so‘zini aytdi, xalqimiz sha’nini, qadr-qimmatini himoya qildi, umri dalada o‘tayotgan, ochiqko‘ngil, mehmondo‘st, bag‘rikengligi bilan dunyoga tanilgan xalq, millat yoppasiga o‘g‘ri, muttaham bo‘lishi mumkin emasligini baland ovozda e’tirof etdi. O‘zbekiston haqida, xalqimizning yuksak aql-zakovati, tarixi, buyuk ajdodlardan qolgan boy merosi, jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida ko‘plab maqolalar yozdi, o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyosladi. 1990 yili O‘sh va O‘zganda fojiali voqealar sodir bo‘lganida ayrim adiblar singari o‘zini chetga olmadi. Mojarodan jafo chekkan har ikki tomonning dardiga darddosh bo‘lib, ular yonida turdi. Ikki turkiy qavmni to‘qnashtirish aslida kimlarga kerak bo‘lib qolganini kuyunib, ichki bir iztirob bilan tushuntirdi.

Sobiq tuzum inqirozga yuz tutgach, ittifoqdosh respublikalarda milliy o‘zlikni anglash, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, soxtalashtirilgan tarixni tozalash harakatlari boshlandi. Ma’naviy jabhada yuzaga kelgan bo‘shliqni egallash uchun chetdan turli oqimlar biz tomonga mo‘ralab kela boshlagan payt edi o‘shanda. Bu harakatlarni millatchilik deb baholab, bir mamlakatda, bir joyda muqim yashayotgan turli millat va elat vakillari orasiga nizo solishga urinishlar avj oldi. Bu juda xatarli edi. “Milliy nizolar shunisi bilan qo‘rqinchliki, har bir taraf odamlar boshdan kechirayotgan azob-uqubatlarni faqat milliy belgiga ko‘ra, o‘z yo‘qotishlari va da’volariga ko‘ra qabul qiladi va  shu bois, ko‘r-ko‘rona o‘ch olish istagi o‘z-o‘zidan jo‘sh uradi, – deb yozdi Chingiz Aytmatov O‘sh voqealarining bir yilligi munosabati bilan yozgan “Jahannam uzra qarg‘alar faryodi” essesida. – Bu istak dahshatli yuqumli kasallik – nafrat vabosini urchitadi. Nafrat vabo kabi urchiganidan so‘ng, xuddi tog‘dan tushib kelayotgan sel oqimi kabi bir zumda asrlar davomida shakllangan aql-idrokni bosib-yanchib, surib ketadi. Xalqning fojiasi shunda. Bunday holatda qasos olishga intilgan taraflar o‘rtasiga tushgan har kim, ular uchun ham, bular uchun ham dushmanga chiqadi. Yarashtiruvchining fojiasi shunda”.

Inson bu yorug‘ olamda umrguzaronlik qilar ekan,  hayoti davomida  kutilmagan hodisa-yu holatlarga duch kelishi, murakkab muammolar girdobiga tushib qolishi mumkin. Bunday paytda til najotkor kuchga aylanadi, hissiyotga berilib, g‘azab otiga mingan kishi esa ojizlik qilib, bir og‘iz noo‘rin so‘zi bilan uni battar murakkablashtiradi. Hayotda o‘ylamay-netmay aytilgan birgina so‘z, behayo bir ibora oilani barbod qilgani, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘ni bir-biriga teskari qilib qo‘yganiga misollar ko‘p. Millat sha’niga botadigan, g‘ururiga tegadigan asossiz ayblov yoki tahqir bois xalqlar, mamlakatlar o‘rtasiga rahna solingani, jangu jadallarga sababchi bo‘lgani ham sir emas. Chingiz Aytmatovning ko‘plab maqolalarida bu fikrlar o‘zining quyma ifodasini topgan.

Kaykovusning mashhur “Qobusnoma” asarida deyiladiki, “Har kishiga so‘z aytar bo‘lsang, qarag‘il, u sening so‘zingga xaridormu yoki xaridor emasmu? Agarda uni so‘zingga xaridor topsang, unga so‘zingni sotg‘il. Yo‘q ersa, ul so‘zni qo‘yib, shundoq so‘z degilkim, unga xush kelsin va sening so‘zingga xaridor bo‘lsin”. O‘sh fojialaridan so‘ng bu voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan yozuvchilarning so‘ziga muhtojlik bor edi. Juda ham zarur edi ularning so‘zi. Birinchi bo‘lib Chingiz og‘a dilini yozdi: “Yozuvchi sifatida bu safar ahvolimiz odatdagidan boshqacha. Ilojimiz bitta. Odamlarga so‘z aytishimiz kerak. Ha, so‘z aytgani boramiz. Albatta, endigi keskin va qattiq-quruq tushunchalarga ko‘ra, bu – o‘ta soddalik edi. Buning ustiga, yoshimiz ham bir joyga borib qolgan: gurullab yonib turgan jaholat yoniga so‘z bilan borib bo‘ladimi? Olomon tupurmaydimi, toshbo‘ron qilmaydimi? – deydi adib. – O‘sh voqealari tufayli biz Moskva va Toshkentda telefonda turib, bir-birimizni tushunishimiz qiyin bo‘lmadi. Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov og‘zimdan so‘z chiqmay meni tushunishdi, men ham ularni xuddi shunday tushundim: taqdir xalqlarimizga va, demak, bizga ham yangi og‘ir sinovlar yubormoqda edi. Har bir davr o‘z halokatlari bilan keladi. Ha, bu halokat bizniki edi. Biz yozuvchilar qo‘limizdan kelgancha, kitoblarimiz sahifalarida odamiylik urug‘larini ekishga qaror qildik, ammo hayot bizni qonli o‘rimga duchor  qildi… Bu “o‘rim”ga bizni birlashtirgan g‘oya – uch yagona so‘z bilan bormoq kerak edi. Inson umidsizlikka tushgan va  dilida umid uchqunlari paydo bo‘lgan kezlari shu uch so‘zga murojaat qiladi. Bu so‘zlar Xudo, O‘lim va Nurdir”.

Chingiz Aytmatov o‘quvchini asta-sekin qonli voqealar maydoniga olib kiradi: “Ana osmon, ana tog‘lar – ustuvor, qudratli tabiat, pastda, hov qaydadir vodiylarda odamlarning ehtiroslari qaynardi. O‘sh aeroportiga kelsak, u bo‘zargan oy kabi bo‘m-bo‘sh edi, atrofni tanklar o‘rab olgan, nigohimiz dastlab ularga tushib, yuragimiz orqaga tortib ketdi. Yurtdoshlarimizga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarimiz, dalillarimiz, undovlarimiz bir zumda keraksizday bo‘lib qoldi. Faqat ko‘chalarga chiqib, junbushga kelgan olomonga duch kelgandagina, so‘zlarimiz bu qahr-g‘azabga to‘la izdihom suroniga qo‘shilib jonlanganday bo‘ldi. Tomonlar faqat o‘z haqini talab qilib, faqat o‘zini haq deb ayyuhannos solardi. Boshqa tarafni jazolash, tag-tomiri bilan quritib, yo‘q qilib yuborishni talab qilardi. Bizni bularga Xudoning o‘zi yetkizgan ekan. Nizoning dahshatli qora kuchi yashinqaytargich kabi, bizga kelib  charsillab urildi, zarbani biz o‘zimizga qabul qildik. Ularni aql-idrokka chaqirdik. G‘azabdan ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar olomonga zamonlarning buyuk ma’naviy chaqirig‘ini takrorladik: O‘ldirma! Xuddi yo‘lda bo‘ronga uchragan yo‘lovchilardek shu gaplarimizni O‘sh televideniyesi orqali aytdik, ta’na ham qildik, urishdik ham. Tarixdan saboq keltirdik… Yana shuni ham qattiq ogohlantirib aytdikki, ertaga es-hush joyiga kelganda, bu vahshiy qilg‘iliklarni tan olish yanada og‘ir bo‘ladi…”

Aytmatov shu jumlalarni qog‘ozga tushirar ekan, o‘z so‘zlariga o‘zi izoh berganday bo‘ladi: “So‘zi inson ruhiga qaratilgan adabiyot va san’at ahli o‘z xalqining madaniyati, o‘z xalqining xatti-harakati uchun alohida javobgardir. Milliy madaniyat osmondan tushmaydi, u tafakkur va ruhning tinimsiz harakatidir. Shu ma’noda adib to‘da jarchisi ortidan emas, o‘zi ergashtirib yo‘l boshlab borguvchidir”.

Aytmatov ushbu qonli mojaroning ijtimoiy ildizlari xususida fikr yuritadi: “Asrimizning eng og‘ir hodisasi bo‘lmish totalitar-yakkahokimlik tuzumi asosida alohida bir mamlakatda yuzaga kelgan sotsializm chok-chokidan so‘kilib ketdi (Pol Potning fuqarolarni ommaviy ravishda mahv etgan tuzumi shuning bir nusxasi edi). Uning halokatiga jamiyatning haqiqiy ahvoli yashirilgani, xomxayollarga berilib ketilgani uchun og‘ir, shafqatsiz jazo qo‘shilib bormoqda. Ko‘p zamonlar biz siyosatni yuqoridan tushgan xomxayollarga o‘radik, axloq va ma’naviylikni tepadan keladigan ko‘rsatma asosida belgiladik, iqtisodni partiya mafkurasi otalari to‘qib chiqargan shior va chaqiriqlarga o‘radik. Ular qutqusi bilan sinfiylik nazariyasi va sotsialistik tajribaga nimaiki to‘g‘ri, mos kelmasa, barini qoraladik, ularga nafrat yog‘dirdik va bu bema’nilikni muqaddas bir narsa deb bildik. Xalqqa esa mavhum xayoliy sifatlar berdik. Holbuki, ijtimoiy-milliy ishkalliklar va shu sabab mamlakatda kuchayib borayotgan noroziliklarni, aytaylik, O‘sh aholisi o‘rtasidagi tarangliklarni kuzatib borish, hech bo‘lmaganda, oddiygina hisoblab chiqish qiyin emasdi… Aytaylik, qirg‘iz yoki o‘zbek cho‘poni mana bunday hisob-kitobni ko‘rganda qanday tuyg‘ularni boshidan kechirarkin: bir kilogramm mayin jun olish uchun qishin-yozin issiq demay, sovuq demay chopishi kerak. Shuncha jundan bitta erkaklar kostyumiga yetadigan mato tayyorlanadi. Narx-navo oshmasdan avval shunday matodan tikilgan kostyum o‘rtacha 250 so‘m turardi. Uni tayyorlash uchun yetarli xomashyoni yetkazib bergan cho‘ponga bo‘lsa 3 so‘mgina tegardi. U taqdiriga la’nat o‘qirdi. Bolalarimni  boshqa tilli internatga bermay, risoladagidek o‘qitib, odam qilaman, uy quraman, yengil mashina olaman, farzandlarim shaharga qochib ketmaydi, ularni shu yerda, qishloqning o‘zida yaxshi uy-joyli qilib qo‘yaman, deyishni hatto xayoliga ham keltira olmasdi. Aroqqa bo‘kib yotgan cho‘ponning mana shu g‘am-qayg‘usida halokatli bir tarzda ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan jiddiy norozilik yashirinib yotardi. O‘sh viloyatidagi o‘zbek va qirg‘iz paxtakor dehqonlari ham, agar battar bo‘lmasa, mana shunday ahvolda edilar. Butun O‘rta Osiyoda ahvol mana shunday edi. Oq oltin deb ataladigan paxta yetishtiradigan tumanlar aholisining asosiy zich bo‘lagini tashkil etuvchi ana shu mehnatkashlarni ayovsiz ezish, g‘ayriinsoniy bir tarzda ishlatish haqida qanchadan-qancha so‘zlar aytilgan. Haqiqatan ham, oq oltin, faqat markaziy idoralar uchun, markaziy monopoliyalar uchun. Kimga esa tong qorong‘isidan tun zimistonigacha mashaqqatli mehnat evaziga beriladigan arzimas sariq chaqa. Bepoyon paxta dalalari. Arzon ishchi kuchi, arzon mehnat. Chetga katta foyda hisobiga sotiladigan paxta. Hammayoq paxta. Hammayoqda paxta hukmron. Hozir ham shunday. Bu bepoyon dalalarda dehqon tovuq katagicha yerga yolchimasdi. Biz g‘oyalar kishanida, g‘oyalar quli bo‘lib yashardik. Biz uzoq vaqt bu to‘g‘ridagi haqiqatni ayta olmadik. Totalitarizmning asiri edik. Ma’lumki, qashshoqlik va yo‘qchilik o‘zida doimo ijtimoiy g‘azab va g‘alayon urug‘larini yashirgan bo‘ladi…”

Aytish joizki, O‘zbekistonni bu yerda aholining zichligidan foydalanib, qimmatbaho paxta yetkazib beradigan mehnatkash o‘lkaga aylantirish sobiq tuzum siyosatdonlarining puxta o‘ylangan rejasi edi. Shunday paytlar bo‘ldiki, umri paxta dalasida o‘tgan, uyidagi bolasidan ko‘ra, saraton quyoshidan nur emib o‘sayotgan g‘o‘za niholini ortiqroq ko‘rgan dehqon bobo olamdan o‘tganida, kafanlikka oq mato ham topilmay qoldi.

“Jahannam uzra qarg‘alar faryodi” essesi: “Shamollar esgan joyda hamon esmoqda, kunlarimiz esa o‘sha asriy bir ishtiboh – nega yashayapmiz, to‘g‘ri yashayapmizmi, degan savollar ichra o‘tmoqda, taqdir bizni tinimsiz imtihon qilmoqda, boshimizga katta-kichik sinovlar yo‘llamoqda, zilzila yuz berib, yer ko‘charmikin, qarg‘alar faryodi bu dunyoi dunni boshdan-oyoq bosib ketarmikin yo biz madaniy dunyoda o‘zimizning yangi o‘rnimizga ega bo‘larmikinmiz, insonligimizni saqlab qolarmikanmiz”, degan iztirobli, ammo umidbaxsh savollar bilan tugaydi. Taassufki, oradan qancha yillar o‘tmasin, insoniyat hali-hanuz bu savollarga javob izlamoqda. Hali-hanuz g‘azab va g‘alayon urug‘lari chorasiz ofat yanglig‘ yer kurrasining turli joylarida shafqatsizlarcha unib chiqmoqda. Tinch aholi boshiga mislsiz balo-qazolar yog‘ilmoqda. Urush harakatlari, bosqinchilik, talonchilik, zo‘ravonlik, o‘zgalarning hayotiga  aralashish, mol-mulkiga ko‘z olaytirish davom etayotir. Yigirmanchi asrning jamiki illatlari shu mingyillikda qolib ketadi, insoniyat yangi asrga poklanib kiradi, degan orzular orzuligicha qolib ketdi. Ezgulik va jaholat o‘rtasidagi kurash yangi ko‘rinishlarda, yangi qatliomlarda davom etayotir. Demak, xotirjam bo‘lishga hali erta.

Chingiz Aytmatov o‘z asarlari va badiiy-publitsistik maqolalarida dunyo siyosatidagi  bu tushuniksiz ziddiyatlarni butun bo‘y-basti bilan ifodaladi, bor gapni borligicha aytish uchun o‘zida jur’at topa oldi. Ayni paytda bunday siyosatning xatarli, ayni paytda istiqbolsizligini, odamzod bir-biridan uzoqlashmasligi, bir-birini tushunishi va bir-biriga ishonch ko‘zi bilan boqishi lozimligini takror-takror uqdirishdan charchamadi. Bugun mamlakatimizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev xalq bilan, uzoq-yaqin qo‘shnilar, qondoshu jondoshlar, samimiy, dili pok, niyati xolis  hamkoru hamfikrlar bilan do‘st-qadrdonlik aloqalarini yangilash, qayta yo‘lga qo‘yish siyosatini olib borayotgan ekan va bu yorug‘ siyosat yo‘li odamlarning turmush tarzida, kundalik hayoti va samimiy shukronaligida o‘z aksini topayotgan ekan, Chingiz Aytmatovning ulug‘ niyatlari ro‘yobga chiqayotganidan barchamiz mamnun bo‘lmog‘imiz va shu yangi  yo‘lga sodiq qolmog‘imiz  zarur.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 4-son

__________________________

[1] Saydi Umirov, “Er ham suv-la hamkor, yakqalam. Adib publitsistikasi haqida o‘ylar”, “Qishloq haqiqati”, 1988 yil 10 dekabr.

[2] “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”. 1984 yil 27 iyul.

[3] “Markaziy osiyo madaniyati” haftaligi, 2002 yil, № 12.

[4] “Pravda”, 1964, 9–10 noyabr, “Sovet O‘zbekistoni”, 1964, 11 noyabr.