Ahmadjon Meliboyev. Ona sayyora – yagona kema

Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga

Ijodkorning umri uning bu foniy dunyoda umrguzaronlik qilgan yillari bilan o‘lchanmaydi. Bu gap boshqa kasb egalariga ham tegishli, ammo qalam ahliga bevosita daxldordir. Chunki yozuvchining mahorati va zahmatli mehnati bilan bitilgan asarlar salobatli qasrlar, mahobatli inshootlardan ko‘ra ham ko‘proq yashaydi. Tosh yemirilishi, g‘isht ko‘chishi, poydevor nurashi mumkin, ammo mukammal san’at asari, undagi quyma fikrlar asrdan asrga, davrdan davrga, qit’adan qit’aga o‘tib ham ma’no-mohiyatini yo‘qotmaydi. Aksincha, har yangi avlod undan bahramand bo‘lib, o‘zi uchun zarur xulosalar topa oladi. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy bosh bo‘lib qurdirgan imoratlar, qazdirgan ariqlar, o‘z davrida barq urib yashnagan bog‘-rog‘lar o‘rnini bugun topish qiyindir, lekin bu tabarruk zot qalamiga mansub  asarlar bugun bizga  ham, kelgusi avlodlarga ham ma’naviy hamrohlik qilishi, hayotning murakkab chorrahalarida tong yulduzidek insoniyatga najot yo‘llarini ko‘rsatib turishi shubhasiz.

XX asr adabiyotining yorqin siymolaridan biri Chingiz Aytmatovning mualliflik umri, ijodkor tengdoshlari  qatori sobiq tuzum tamoyillari barcha-barchaning qon-qoniga, o‘y-fikriyu turmush tarziga singib ketgan  yillarga to‘g‘ri keldi. U adabiyotga hukmron firqa mafkurasi tamoyillari siyosatda ham, adabiyotda ham yagona oliy qadriyat sifatida ko‘klarga ko‘tarilgan paytda kirib keldi, ammo boshqa ijodkorlar yurgan tekis, beozor yo‘ldan emas,  o‘ziga maqbul chag‘ir so‘qmoqchadan bo‘y ko‘rsatdi.

Milliy mavzuda yozilgan tog‘ va dasht qissalari Aytmatovga mislsiz shuhrat olib keldi. O‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalariga kelib, dunyoning turli mintaqalarida, jumladan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vatanida ham yuz bera boshlagan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy ziddiyatlarga, tuzum tanazzuliga, mantiqsiz taloto‘plarga guvoh bo‘ldi. Ko‘z o‘ngida “zo‘r bilan bo‘lgan imorat” – sho‘rolar saltanati quladi. Ayni shu yillari  matbuotda  inson va jamiyat munosabatlarining avvallari mutlaqo qalamga olinmagan, boshqalar yozishga, aytishga jur’at etmagan qirralari to‘g‘risida o‘tkir publitsistik maqolalari e’lon qilindi. Ular badiiy mukammal, ta’sirchan va kuchli mantiqiy mushohadaga asoslangani, hayotga, konkret voqelikka, odamlarning o‘y-xayollariga bevosita bog‘liqligi bilan ajralib turardi.

Muallif o‘z boshidan kechirgan, o‘zi bevosita guvoh bo‘lgan, idrok etgan, ong-shuuriga singgan muammolarni qalamga oldi. Yozuvchilik vijdoni, insoniylik burchi jim turishga, befarq bo‘lishga yo‘l bermadi va bu holatni o‘quvchiga ham yuqtirishga harakat qildi. Aytmatovni o‘qigan o‘quvchining befarq ko‘zlari ochilganday, vijdoni uyg‘onganday bo‘ladi. Ona tabiatni, noyob o‘rmonlarni, daryo, ko‘l, tog‘u tosh, necha ming yillik muzliklarni  asrash to‘g‘risidagi tashvishli mulohazalaridan keyin o‘quvchi adibning “To‘g‘ri-da, o‘rmonda daraxtlar o‘zi unib, o‘zi o‘sib yotibdi, go‘yo egasi yo‘qday, xohlagan kishi kesib, payxonlab ketaveradi. Har bir daraxtning tagiga bittadan qorovul qo‘yishning iloji yo‘q. Qorovul odamning vijdonida, imon-e’tiqodida bo‘lishi kerak”, degan fikrlarini xuddi o‘zining xulosasiday qabul qiladi.

Chingiz Aytmatov publitsistikasida, badiiy asarlarida bo‘lgani kabi, urushni la’natlash, insoniyatni bu yovuz xatardan xalos qilish, o‘tmishda sodir bo‘lgan mislsiz qirg‘inbarot janglardan saboq chiqarish g‘oyasi bo‘rtib ko‘rinadi. Ikkinchi jahon urushi, uning dahshatli halokatlari to‘g‘risida Odil Yoqubov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ibrohim Rahim, Nazarmat, Mavlon Ikrom va boshqalar ham yozishgan. Ammo  Aytmatov bu borada ham o‘zining o‘ta dangal, bugungi va kelajak avlodlarga saboq bo‘larli ogohlik so‘zini ayta oldi, asarlarida janggohlardagi tengsiz olishuv, tank va snaryadlarning dahshatli o‘kiriklari, bomba portlashlari, olov ichida yonayotgan shahar va qishloqlar tutuni batafsil tasvirlangan bo‘lmasa-da, publitsistik maqolalari, hikoya va qissalari orqali urushning inson ong-shuuri va taqdirida namoyon bo‘ladigan bitmas-tuganmas fojialarini ko‘rsatib berdi.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari oxirida Bolgariya yozuvchilar uyushmasining tashabbusi bilan Sofiya shahrida “Yozuvchi va dunyo: Xelsinki ruhi va madaniyat arboblarining burchi” mavzusida dunyo adiblarining xalqaro uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shu nufuzli anjumanda qirg‘iz adibi so‘zlagan  nutqni, hech mubolag‘asiz,  yuksak grajdanlik jasorati deb baholash mumkin. Negaki, Aytmatov kutilmaganda jahonning ikki qudratli davlati o‘rtasida olib borilayotgan qurollanish poygasining xalq turmush tarziga ayanchli ta’siridan bahs ochdi. Adoqsiz va mantiqsiz bu poyganing tinchlik, totuvlik, manfaatli hamkorlik aloqalariga mutlaqo xizmat qilmasligini, aksincha, qurol-yarog‘larning ko‘payishi va ularning tinimsiz takomillashuvi yer yuzida hayotni, omonlikni  saqlab qolishni  xavf ostida qoldirishini isbotlab beradi.

BMT maxsus qo‘mitasining aparteid siyosatiga qarshi maxsus sessiyasida qatnashgan adib bu siyosatni XX asrning eng sharmandali voqeligi, deb atadi. Bu so‘zni minbarda turib aytdi. Uning fikricha, xalqlar tarixi va taqdiri, madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari bilan bog‘liq muammolarni qurol kuchi, snaryadlar dahshati bilan hal etib bo‘lmaydi. “Ezilgan odamgina qul emas, uni ezayotgan, xo‘rlayotgan ezuvchining o‘zi ham qul. U o‘z zo‘ravonligining qulidir. Kimki o‘zgalar erkini cheklasa, u o‘zining erkini ham cheklaydi. Bunday zo‘ravonda ichki erkinlik bo‘lmaydi”, deydi adib. “Jamila”, “Yuzma-yuz”, “Momo yer”, “Erta kelgan turnalar” va boshqa asarlarida urushni bor ovozi bilan la’natlaydi. “Insonga azaldan nozil qilingan Ezgulik energiyasi va unga qarshi qaratilgan Yozuzlik energiyasini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Bular bir-biriga teng miqdorlardir. Lekin, insonga abadiylikning mangu harakatini o‘zida mujassam etgan aqliy afzallik ato etilganki, agar odamzot omon qolishni, yashashni, taraqqiyotning baland cho‘qqisiga ko‘tarilishni xohlasa, o‘zidagi yovuzlik ustidan g‘alaba qozonmog‘i zarur”. Yana bir fikri shuki, sodir etilgan yozuzlik bu ishni qilgan kishi bilan birga nom-nishonsiz yo‘qolib ketmaydi. Irsiyat qonunlari uni saqlab qoladi va bir kuni qasos o‘tlog‘ida qayta unib chiqib, o‘sha yovuzning bo‘yniga yopishadi.

Adibning  “Momo yer” qissasini urushni la’natlovchi asar deyish mumkin. Ovuldagi qo‘liga miltiq ushlashi mumkin bo‘lgan erkaklarning bari frontga ketgan. Dalani haydaydigan, shudgorga urug‘ sochadigan, ekinga suv taraydigan odam qolmagan hisob. Ekin ekilmaganidan keyin daladan hosil yig‘ilmaydi, xirmon huvillab qoladi. O‘g‘ri, muttahamlar ko‘payadi, “Xudoni ham unutib yuboradigan vaqt” boshlanadi. Asar qahramoni To‘lg‘anoy  farzandlarini frontga jo‘natadi, ayol boshi bilan xo‘jalikka rahbarlik qiladi. Uyma-uy yurib, bir kaft-yarim kaft  urug‘lik yig‘adi. “Aylanayinlar, chaynab turganlaringni, tishlaringni orasidagini  bo‘lsa ham beringlar, yerga sepaylik, amallab pishiqchilikka yetib olsak bo‘ldi”, deydi. Qo‘shnisi – kasalvand Oyshaning uyiga kirib, undan ham urug‘lik so‘raydi. “Ikki-uch kundan beri og‘rig‘i zo‘rayib, uyda yotgan ekan, dardning zo‘ridan ranglari siniqib ketibdi. “El qatori beradiganingni bergin, Oysha”, degan edim, “Bori-budimiz shu”, deb to‘rvachani ko‘rsatdi. “Shuni bo‘lsa ham bergin. Urug‘likka yer tayyor, sepmoqchimiz” desam, Oyshaning qovog‘i uyulib, indamay qo‘ya qoldi. La’nati yo‘qchiligi-ey, odamni qanday xor qiladi. “Oysha, bu bilan ko‘p bo‘lsa o‘n kun tirikchilik qilarsan, lekin hali qahraton qish turibdi, kelgusini ham o‘ylash kerak dedim. Oysha yerga tikilib turib, yalinib-yolvordi: “Bor bo‘lsa ayaydi deysanmi, To‘lg‘anoy, o‘zing ko‘rib turibsan-ku, men bunday yarimjon bo‘lsam, oxiratli qo‘shnimsan-ku”. Ko‘ngilchanligim tutib, bo‘shashib ketdim, biroq shu zahotiyoq ko‘ngilchanlikni yig‘ishtirib qo‘ydim: “Men hozir qo‘shning emasman!”, deb qattiq gapirdim. – Men brigadirman, ko‘pchilik uchun shu doningni olib ketaman! – dedim-da, o‘rnimdan turib, to‘rvachani qo‘limga oldim. Oysha indamay teskari qaradi”.

Shunday azobda yig‘ilgan g‘allani o‘g‘rilar urib ketishadi. To‘lg‘anoy zim-ziyo tunni, yeru ko‘kni larzaga solib: “To‘xta! To‘xta, yuzi qoralar” deya hayqirib, o‘g‘rilarning ortidan ot soladi.

“Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori”da yosh Chingiz – oilaning to‘ng‘ich farzandi, sigirlarini o‘g‘irlagan o‘g‘rilardan qanday o‘ch olishga qasd qilgani haqida hikoya qilinadi: “…boshimizga tushgan kulfat uchun o‘ch olmog‘im, kurashmog‘im lozim edi. O‘sha paytdagi tushuncham bo‘yicha faqat bir narsa qo‘limdan kelardi: o‘g‘rilarni o‘ldirish kerak, vassalom!  Qo‘shnilarimizdan biri bo‘lmish Temurbek traktorchining uyiga miltiq so‘rab bordim… U ko‘rpaga o‘ranib, terga botib yotardi. Betob ekan. Temurbek boshimizga tushgan musibatni eshitgan ekan, “Miltiqmi, ana, devorda osig‘liq turibdi. Patronlar mixga osilgan sumkada, dedi. – Betob bo‘lmaganimda-ku, o‘zim birga borib, o‘sha murtadlarni uchratgan joyimdayoq otib tashlardim”, deb qo‘shib qo‘ydi.Temurbekning uyidan vujudimda qasos ruhi yonib, miltiqni olib chiqdim. Qalbimni g‘am-alam chulg‘ab olgandi… qanday qilib bo‘lsa-da, o‘g‘rilarni topib, jazolashim kerak. Xuddi osmondan tushganday, qo‘limda miltiq bilan ro‘parasidan chiqamanu ikki kishimi, uch kishimi – hammasini  peshonasidan otaman… Boshqacha bo‘lishi mumkin emas… Miltiqni mahkam ushlaganimcha yuragimda qasos o‘ti yonib borardim…”

“Momo yer”ga qaytamiz. To‘lg‘anoyning urushga jo‘natgan o‘g‘illaridan birovi ham qaytmaydi, kelini Aliman boshqa birovdan homilador bo‘lib qoladi. Qo‘shni qo‘shnining uyiga o‘g‘rilikka tushadi. Bu – qattol urushning dahshatlari. “Urushga da’voim ko‘p, – deydi To‘lg‘anoy. – Otilgan o‘q, to‘kilgan qon tarixning hisobida, lekin odamlarning zavol topgan umri-chi? Uni kimning bo‘yniga qo‘yib, tarixning qaysi betiga yozamiz? Buning uchun kim javob beradi? O‘qqa uchramagan bo‘lsa ham, Alimanning taqdirini eslaganimda, yurak-bag‘rim kuyib cho‘g‘ bo‘ladi. Uning uvoli kimga? Uning dardini kimga aytaman? Bechora kelinim,  gul sevgan kelinim!”

Asarning bosh g‘oyasi – insonning buyukligi, hayot charxpalagining to‘xtovsiz aylanib turishini ko‘rsatishdan iborat. “Urush odamni qattiqqo‘l qiladi, toshbag‘ir, shaxsiyatparast, hayvon qiladi, deb kim aytadi? Yo‘q, urush,  qirq yil qirg‘in keltirsang ham, necha-nechalarning ajalini yetkazib, o‘rtab, qiyratib yakson qilsang ham, odamni sen tobe qilib, bo‘ysundira olmaysan. Odam umid qilgan hamma yaxshiliklaridan ajralsa hamki, qanday bo‘lmasin, birovga yaxshilik qilsam deydi, uni suyab, turg‘izsam deydi, uni ozgina bo‘lsa ham baxtli qilolsam deydi”.

Asar qahramoni To‘lg‘anoy tilidan aytilgan bu hayqiriq, aslida,  pub­litsist-yozuvchining qalbidan otilib chiqayotgan  hayqiriqdir. Yuragi g‘am-g‘ussaga to‘lgan To‘lg‘anoy Yer bilan dardlashadi:  “Oh, bahorni qo‘msab, donning sepilishini orziqib kutayotgan dehqon dalam! Namiqqan  yuzlaring ko‘kimtir rang olib, olamning chor atrofiga yastanib, allaqayerlaringda kumush rang taratib, to‘shakda yotgan juvondek balqib turganingdan aylanayin, bepoyon dalam!”, “Ajoyib azamatlar, tog‘ nurasa bo‘lmasmidi, ko‘l qurisa bo‘lmasmidi! Suvonqul bilan Qosimim, ota-bola ikkovi  qanday dehqon edi! Dunyoning tayanchi shunga o‘xshash zahmatkashlar emasmi: elni to‘yg‘izganlar ham, yov kelganda qo‘lga qurol olib, mamlakatni qo‘riqlab, qon to‘kkanlar ham o‘shalar. Agar urush bo‘lmaganda, Suvonqul bilan Qosimim qancha odamlarga rizq-ro‘z berib, mushkulini oson qilib, ekin ekib, qancha xirmon ko‘tarib, qancha ishni bajargan bo‘lardi. O‘zlari ham el mehnatidan huzur-halovat ko‘rib, odamning qancha rohatiga sherik bo‘lishar edi. O‘ylab qarasang, qiziq, aylanayin ona-Er, urush boshlanar ekan-u, u urushda odamzotning eng asl, hunari bor azamatlari o‘z ishini tashlab, birining qonini biri to‘kib, birini biri o‘ldirishga safarbar bo‘lishar ekan. Men bunga ko‘nikmayman, umrbod ko‘nika olmayman. Tabiat tomonidan yaratilgan eng oliy mavjudotlarning eng buyugi – odamzot, dunyoni o‘ziga bo‘ysundirgan kim – odamzotmi, shunday ekan, bir-biriga bunchalik ziyon keltirmay, tinch-totuv yasholmaydimi? Sirdosh dalam, javob ber, ayt javobingni”.

Bu savolga ona Yerning javobi:  “Qiyin savol berding-ku, To‘lg‘anoy. Men bilganimdan beri, odam odam bo‘lib  yaratilganidan beri urushgani urushgan. Ba’zan urushda mutlaqo qirilib, nom-nishonsiz ketgan ellar ham bo‘lgan, kuli ko‘kka sovurilib, tirik jon qolmay, xonavayron bo‘lgan shaharlar ham bo‘lgan. Necha asrlar odamzot iziga zor bo‘lib, bo‘m-bo‘sh yotgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Har gal urush chiqqanda, gap uqqanlarga, urushmanglar, qon to‘kkuncha aql ishlatinglar, deb aytaman. Hozir ham aytadigan so‘zim shu: “Ey, odamlar, dunyoning to‘rt burchagida yashayotgan odamlar, sizga nima kerak,  Yermi, mana men, Yerman, barcha odam bolasiga yetaman, talashishlaringning keragi yo‘q, menga inoqlik kerak! Mehnat kerak! Shudgorga bitta don tashlasalaring, yuz dona qilib beraman, xipchin sanchsalaring, chinor qilib beraman, bog‘ qilsalaring, meva tugib beraman, mol yoysalaring,  pichan bo‘lib beraman, uy qursalaring, devor bo‘lib beraman, urug‘-aymoqlaring ko‘paysa, hammalaringga joy bo‘lib beraman. Men tugamayman, men xasis emasman. Men konman,  hammalaringga yetaman…”

Yozuvchining bolalik xotiralarida urush yillari Shaker ovulida pochtalonlik qilgani, soliq yig‘uvchi “finagent” bo‘lib ishlagani juda ta’sirchan ifodalangan: “Ovuldan biror oilaga qora xat kelsa, oqsoqollarning oldiga borib, ularga tushuntirar edik, – deb yozadi adib. – Ular avval halok bo‘lgan kishining qarindoshlarini chaqirib, bo‘lgan voqeadan xabardor qilib, o‘zaro maslahatlashgach, so‘ng meni ergashtirib, marhumning uyiga borishardi. Men oila a’zolariga qora xatni o‘qib berardim… Ovulimizdagilar meni yaxshi tanishardi. Ular menga yomonlikni ravo ko‘rishmasdi, kimgadir qora xatni topshirmoq, o‘limning sovuq xabarini yetkazmoq zimmamga yuklangan vazifa ekanini tushunishardi. Ammo, gohida o‘z ishim bilan ko‘chalaridan o‘tib borayotgan bo‘lsam, ayollar meni ko‘rib uvvos solishardi: “Yaqinlashma biznikiga, yo‘qol, qorang o‘chgur. Qani, daf bo‘l-chi…”

Adibning “Jamila” qissasida ham urushni la’natlovchi ta’sirchan pub­litsistik xitoblarga duch kelamiz: “O‘, jonajon bepoyon dalam! Qozoq jondoshimning yeri bilan payvand bo‘lgan azamat dalam. Mana, tog‘larimizni ikki yoqqa ayirib tashlab, qamish va shuvoqlarga ko‘milib, buyuk bir dengizday chayqalib yotasan. Nimalarga qodir ekaningni kim biladi sening! Qarog‘im, sirtingdan qarasa qimirlagan jon yo‘qdek bo‘zarib yotganing-yotgan. Ammo kechagina qon-qardoshlaring unib-o‘sgan bag‘ringda urush boshlanib, dushmanlar o‘lkamizga chang solganda, quchog‘ingdagi giyohlar yonib, dovyurak chavandozlaring dushman ustiga sherdek tashlanganida, musaffo osmoningni issiq chang qopladi, yeru ko‘k larzaga keldi. O‘shanda qirg‘oqning narigi betidan ot o‘ynatib kelgan qozoq xabarchisi: “Otlan, qirg‘iz, otlan! Yov keldi!”,  deb saraton quyuni ichida yana qayoqqadir otini yeldek uchirib ketdi… Yigitlar jangga otlanganda osmonu zamin titrab, yovni mahv etishga chorlab bong urildi… onalar va juvonlar: “Keng dalamiz madadkor bo‘lsin! Xosiyatli ona yer madad bersin! Buyuk Manasning ruhi yor bo‘lsin!” – deb bo‘zlab qolishdi”.

Publitsistning “Qanotlarimiz ozod bo‘ldi, ammo oyoqlarimiz hamon turg‘unlik tushovida”[1] deb nomlangan maqolasi kuchli tanqidiy ruhi bilan “ochiq osmonda chaqin chaqqanday” bo‘lgan edi. O‘tgan asrning so‘nggi choragida ikki yirik mamlakat – AQSh va Sovet ittifoqida kosmik fazoni harbiy maqsadlarda o‘zlashtirish, atmosferaga josus sun’iy yo‘ldoshlarni joylashtirish musobaqasi avj olgandi. AQSh hukmron doiralarining “samoviy urushlar” rejasiga qarshi sovetlar ham tegishli chora-tadbirlarni ko‘rayotgandi. Bu qaltis harakatlarning hammasi yer yuzida tinchlikni saqlash, “dushman” tomonning nogahoniy zarbasiga munosib javob qaytarish niqobi ostida amalga oshirilardi. Aslida esa, har ikki tomon ham o‘zlariga tegishli bo‘lgan ajdaho yanglig‘ harbiy-sanoat kompleksining manfaatlari ta’sirida edi. Tabiiyki, bu rejalar iqtisodiyotga, odamlarning turmush  tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatar, madaniyat, maorif, sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy muammolarning paydo bo‘lishiga olib kelgandi. Davlat byujetining qancha qismi harbiy xarajatlarga sarflanayotgani har ikki  tomonda ham sir tutilardi. Chingiz Aytmatov birinchi bo‘lib, kosmosni o‘zlashtirishga sarflanayotgan haddan tashqari ko‘p, astronomik xarajatlarni qisqartirish to‘g‘risida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerakligini o‘rtaga qo‘ydi. Mamlakat iqtisodiyotining achinarli ahvoli, aholining deyarli yarmi qashshoq kun kechirish darajasiga tushib qolgani xususida aniq faktlarni keltirib, bunday paytda  kosmosni o‘zlashtirish bilan bog‘liq  qimmatbaho loyihalarning o‘rinsizligini, ko‘rpaga qarab oyoq uzatish lozimligini  isbotlab berdi. Uning “Yuqori davlat organi bo‘lmish Oliy Sovet mudofaa ehtiyojlarining real me’yorini aniqlashi kerak. O‘z vaqtida qo‘shinlar Oliy Sovet bilan mutlaqo maslahatlashmasdan Afg‘onistonga kiritildi. Qo‘shinlarni mamlakat tashqarisiga olib chiqishni qat’iyan  ma’n qiluvchi qonun zarur. Hech bir sabab,  taklif kim tomonidan kiritilganiga qaramay, bunday o‘zboshimcha qarorning  qabul qilinishiga asos bo‘la olmaydi. Mana endi, Afg‘onistonda qancha kishimiz o‘ldirildi,  qancha kishi mayib-majruh bo‘ldi, asirga olindi – bular to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilinayotir. Chuqur o‘ylanmagan, avval boshdan xato, qanchadan-qancha oilalarga g‘am-g‘ussa, judolik olib kelgan bu  aktsiya xalqimizga nechog‘li qimmatga tushganini bilsak edi”, degan jasoratli so‘zlari Kremlning eng katta xizmat xonalarida ham chaqmoq yanglig‘ aks-sado berdi.

O‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalariga kelib, uzoq yillar davomida insoniyat ong-shuuriga chirmashib kelgan xalqaro kommunistik harakat tanazzulga yuz tutdi, sharqiy Yevropada, sobiq ittifoqdosh res­publikalarda kechayotgan tarix, kelajak va, umuman, insonning umri, dunyoqarashi,  taqdiri bilan bog‘liq jarayonlar oshkoralik ehtiyojini yuzaga keltirdi. Bu ehtiyoj ma’lum vaqt kun tartibiga qo‘yiladigan shunchaki siyosat emas, hayotning tub mohiyatini belgilaydigan zarurat edi. Ayni shu zarurat ijodkor-ziyolilar, publitsistlarni ijtimoiy faollikka,  bahs-munozara maydoniga boshladi. Aytmatovning ayni shu yillari yozgan publitsistik asarlarida jamiyatning tuzalmas “kasalliklari” to‘g‘risida dadil mulohaza yuritiladi. Aytmatov, garchi rasmiy siyosatni to‘la rad etmagan, uning “tanlab olsa bo‘ladigan” tomonlari borligiga ishonchi so‘nmagan bo‘lsa-da, jamiyat tanasi va ruhiyatida ma’naviy aynishlar  mavjudligini matbuot sahifalariga  olib chiqdi. O‘quvchini yigirmanchi asr adog‘ida dunyoda yuzaga kelgan murakkab vaziyat mohiyatini to‘g‘ri anglash va tafakkur qilishga, “ommaviy madaniyat” deb nomlangan ofatning insoniyat boshiga olib kelayotgan tashvishlari to‘g‘risida fikrlashga da’vat etadi, yer yuzida hayot-mamotni saqlab qolishda har kim o‘zining burch va mas’uliyatini anglashini, bu boradagi sa’y-harakatlar dunyo miqyosida birlashishi zarurligini qayta-qayta  takrorlashdan charchamadi.

“Tarixning notantiligi shundaki, – deydi adib suhbatlaridan birida, – insoniyat tarixida bo‘lib o‘tgan ne-ne qirg‘inbarot urushlarning million-million qurbonlari, qatliomlarning begunoh jabrdiydalari unut bo‘lib ketadi. Unut bo‘lib ketdi ham. Har qanday urush, eng avvalo, tinch aholi boshiga behisob kulfat, azob-uqubatlar olib keladi. Urush kelib chiqishiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan begunoh kishilarning, norasidalarning yostig‘i quriydi. Afsuski, bu qurbonlar umumiy bir tarzda eslanadi, xolos. Gitler, Napoleon, Makedonskiy va shunga o‘xshash kattayu kichik fotihlar esa tarixda qoladi. Nima uchun shunday? Nima uchun biz o‘sha qurbonlarning har bittasi haqida qayg‘urmaymiz? Ular ichida Vatan, millat taqdirini hal qilishga qodir buyuk iste’dodlar, ulug‘ sarkardalar ham bo‘lishi ehtimoli to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmaymiz. Buning mutlaqo iloji yo‘q. Urushning eng katta dahshati  shunda”.

1968 yilning aprel oyida AQShda negr xalqining ajoyib farzandi, inson huquqlari, ijtimoy tenglik uchun kurashning tolmas jangchisi Martin Lyuter King vahshiyona otib o‘ldiriladi. Bu xunrezlik publitsist Aytmatov qalbini larzaga soladi. “Yana qotillik. Yana Amerika. Snayperlar vintovkasidan yana o‘q uzish. Bu miltiqning optik mo‘ljali qarshisida vijdonli Amerika himoyasiz turibdi”– deb yozadi u “Optik mo‘ljalli vintovka” sarlavhali pamflet-maqolasida. – O‘qdonga navbatdagi patron joylandi, navbatdagi qurbon nishonga olindi, qotilning barmog‘i ilmoqda… Qayoqqa qarayapsan, Amerika? Yaxshi o‘g‘lonlaringni o‘ldirishlariga nega yo‘l qo‘yyapsan? Mana, ostonangdan kimningdir norozi ohangdagi yovuz ovozi eshitilmoqda: “Birodar, sizga nima? Yurt bizniki, huquq bizniki, demokratiya – bizniki, sizga nima daxli bor bu ishning?” deganday.

Daxli bor! Ona zaminda bo‘layotgan jamiki voqealarning bu dunyoga daxli bor. Daxli bo‘lmasa dunyo telba, telba va yana bir bor telba bo‘lib ketadi”.

Publitsist bunday yovuzlik o‘z haq-huquqlari uchun kurashayotgan negr xalqi irodasini buka olmasligini, aksincha, bu kurashlar yanada avj olishini ta’kidlaydi: “King vahshiyona o‘ldirildi. Uni bahorda o‘ldirishdi. Oldinda esa – yoz. Issiq yoz! Negrlar harakati yozi. Namoyishlar, kurashlar, ozodlik yozi! Biz esa, albatta, ana shu issiq yoz tarafidamiz”.

Publitsistik aybnoma shunday yakunlanadi: “Amerikaning yana bir vijdonli farzandi halok bo‘ldi. O‘qdonga esa navbatdagi patron joylandi. Ogoh bo‘l, Amerika!”. Oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas, o‘qdonga joylangan nav­batdagi o‘q senator Robert Kennedining ko‘ksiga qadaldi…

Bu mash’um voqealar to‘g‘risida jahon matbuotida, xususan, Amerikada ham juda ko‘p maqolalar yozilgan. Ammo Chingiz Aytmatovning ogohlikka da’vati hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Chunki qonli otishmalar bugun hanuz davom etmoqda. Qudratli Amerika bu xunrezlikni to‘xtatish oldida ojiz qolayotir. 2015 yil 14 dekabr kuni AQShning Kentukki shtatida joylashgan Nyutaun shaharchasidagi “Sendi Xuk” boshlang‘ich maktabida yuz bergan fojia nafaqat Amerikani, diyonatli, aqlli-hushli dunyoni larzaga keltirdi. Adam Lenza ismli shaxs ertalab, avval shu maktabda saboq berayotgan onasini, so‘ng yigirma nafar o‘quvchilarni hamda maktab o‘qituvchilarini otib tashladi. Mamlakat Prezidenti Barak Obama fojia munosabati bilan Amerika xalqiga murojaat qilar ekan, bunday mudhish jinoyatlarning oldini olish uchun samarali choralar ko‘rishimiz kerak, deb ta’kidladi. Nyu-York shahri meri Maykl Blumberg “Nyutaun fojiasi biz qanday dunyoda yashayotganimizni yana bir bor ko‘rsatdi dedi, aslida u “Bu fojia biz qanday jamiyatda yashayotganimizni ko‘rsatdi” desa, to‘g‘riroq bo‘lar edi.

Qurol nima uchun ishlab chiqariladi? – Odam bolasini o‘ldirish uchun! Bu vositadan boshqa hech bir maqsadda foydalanish mumkin emas. Qurol bor ekan va u kundan kunga, yildan yilga takomillashib borayotgan ekan, fojia odamlar hayotidan aslo uzoqlashmaydi. 11 sentyabr voqealaridan keyin dunyo hamjamiyati anglagan bir haqiqat shu bo‘ldiki, iqtisodiy qudrat, harbiy salohiyat deganlari osmon qadar buyuk bo‘lsa ham, bu vositalar insonning eng oddiy va jo‘n muammolari yechimi oldida ojizdir. Ming kilometr naridagi nishonni bexato mo‘ljalga oladigan raketa bilan maqtanish mumkin, ammo bu faxr bilan bir ko‘ngli xuftonning diliga chiroq yoqib bo‘lmaydi. Oyga yetib borish mumkin, ammo inson ko‘ngliga yetib borish mushkul ish.  Harbiy kuch-qudrat bilan istalgan joyda chang-to‘zon ko‘tarish, istalgan joyga bayroq qadash mumkin, ammo inson qalbini nazoratga olib bo‘lmaydi. Publitsist Aytmatov o‘z asarlarida ayni shu haqiqatni takror-takror urg‘ulaydi.

Shu o‘rinda 1989 yilning iyun oyida Berlin shahrida diniy va dun­yoviy olimlar ishtirokida o‘tkazilgan  bir davra suhbatini yodga olish joiz. O‘sha paytda Yevropada marksistik g‘oya inqirozga yuz tuta boshlagan, kommunistik ideologiya to‘g‘risida tanqidiy fikrlar oshkora aytilayotgan, bunga qo‘shimcha, Chingiz Aytmatovning diniy mavzudagi “Qiyomat” romani xususida bahs-munozara ayni avjiga chiqqan edi. Davra suhbatiga dinshunos olimlar, diniy arboblar qatorida Chingiz Aytmatov ham taklif etiladi. Suhbatni boshlagan V. Anastasev ushbu muloqotda materialist, kommunist Chingiz Aytmatov va katolik Grem Grin ishtirok etayotgani, ularning o‘zaro suhbati qovushganini aytib, “Gapning qovushgani hali hech narsa emas, balki, ular shunchaki bir-birlarini hurmat qilishayotgandir. Mening nazarimda, “Monsenora Kixota” muallifi bilan “Qiyomat”ning muallifi o‘z qarashlarida sobit qolganlari holda bir-birlarini tushunganlari g‘oyat muhim. Agar biz faqat bugun haqida emas, bu yorug‘ olamda yashab qolmoqlikning kelajagi to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bu tushunish siyosatdonlar va generallarning bir-birlarini tushunishlaridan ko‘ra ahamiyatlidir”, deydi.

Davra suhbatida siyosiy qutblar hamda dinlar o‘rtasidagi munosabatlarga oid o‘ta chigal masalalar o‘rtaga qo‘yiladi. K.Fyussel Germaniya Federativ Respublikasida ancha yillardan beri nasroniylar bilan kommunistlar o‘zaro hamkorlik qilayotganini aytadi. Taniqli dramaturg va publitsist  Fridrix Xittser (Aytmatovning bolalik xotiralarini yozib olgan muallif) G‘arbda uzoq yillar mobaynida turli diniy e’tiqod vakillarining o‘zaro muloqotlariga yo‘l berilmaganini aytib, bu masala Sharqda, ya’ni sobiq Sovet ittifoqida qandayligiga qiziqadi. Davra suhbatining boshqa ishtirokchilarini esa Chingiz Aytmatov ijodida diniy mavzu qanday paydo bo‘lgani, betayin, daydi, fikrlari hech bir qolipga tushmaydigan seminarist Avdiy Kallistratov qayerdan kelib qolgani, umuman, boshqa diniy muhitga mansub Aytmatov ijodidagi bu kutilmagan “burilish”ning sababi nimada ekanligini bilish qiziqtiradi. Olima Doroteya Zyolle savolni yanada ochiq qo‘yadi: “Qiyomat” ustida kuchli teolog ishlagani ko‘rinib turibdi. Aytmatov o‘z asarida dunyoni diniy va mifologik an’analarda, xalq donishmandligi va adabiyotda to‘plangan ma’naviy tajribadan foydalanishga da’vat etmoqda. Men undan bu da’vat zamiriga qanday ma’no yuklaganini so‘zlab berishini so‘ramoqchiman. Va yana bilmoqchiman:  biz uchun Xudo kerakmi, masalan, Chingiz Aytmatov uchun Xudo kerakmi?”

Ushbu suhbat sobiq tuzum o‘z maqomida yashab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashayotgan bir paytda bo‘lib o‘tganini e’tiborda tutmoq zarur. Bu holat Chingiz Aytmatovning javoblarida ham ko‘zga tashlanadi: “Nazarimda, bizni bu yerga to‘plagan qandaydir tarixiy kuch borligi to‘g‘risida gapirish o‘rinliga o‘xshaydi. Qandaydir kuch turli diniy e’tiqodga amal qiluvchi odamlarni xuddi bizning bugungi uchrashuvimizdek, birlashishga chorlamoqda, – deydi adib. – Bora-bora, bunday uchrashuvlar odatiy holga aylanib qoladi, ammo o‘shanda ham,  biz – sovet jamoatchiligi vakillari uchun ular favqulodda muhim ahamiyat kasb etaveradi. Buning boisi shuki, bundan bir yil avval bunday uchrashuvni – turli din vakillarining bir joyga to‘planib, bir-birlarini tushunishga harakat qilishlari mumkinligini hatto xayolimizga ham keltirgan emasmiz. Buning boisi, biz marksistik dunyoqarash dunyoni ruhan idrok etishning eng yuksak cho‘qqisi, barcha-barcha shu cho‘qqiga intilishi kerak deb o‘ylaganmiz. Bunga shu qadar ishonganmiz va bu ishonchga shu darajada berilganmizki, marksistik kategoriyalarga mos kelmaydigan hamma narsalarni zararli va umrini yashab bo‘lgan narsalar deb inkor etganmiz. Ayni mana shu holat turli dinlar o‘rtasida uzoq vaqt davom etgan shafqatsiz  qarama-qarshilikka sabab bo‘ldi… Zyolle xonim mendan Xudo haqida so‘radi. Javob tariqasida aytishim kerakki, barcha diniy ta’limotlar, nasroniylik bo‘ladimi, islom yoki buddaviylikni olamizmi, barchasi insonni mehr-muruvvatga, saxovatga da’vat etadi. Oliy axloqiy me’yor shundan iborat. Taassufki, tarixda odamlarni o‘zimiznikilar va o‘zgalarga ajratib yuboradigan voqealar ko‘p bo‘ladi. Buning natijasida oliy axloqiy me’yorlarni o‘zimiznikilarga qo‘llash mumkinu o‘zgalarga tadbiq etish mumkin emas, degan majburiy tushuncha yuzaga keladi. Qanday maqsadlarda bo‘lmasin, siyosiymi, sinfiymi, bunga toqat qilib bo‘lmaydi. Bunday qarash xalq boshiga qanday og‘ir kulfatlar olib kelishini urush ko‘rsatib berdi. Ehtimol, men soddalarcha umidvorlik qilayotgandirman, hayotning o‘zi haq yoki nohaqligimni ko‘rsatar. Ammo ishonchim komilki, bizning jamiyatimizda, mamlakatimiz tarixida noyob burilish sodir bo‘ladi. Qayta qurish va oshkoralik xalqning tafakkurini o‘zgartirib yubordi. Biz yangi kuch, yangi ilhom qidirmoqdamiz. Bizda iqtisod bilan bog‘liq muammolar bor, shunga qaramay, bu holatdan chiqishning yo‘lini topamiz”.

Ushbu bahs bundan salkam o‘ttiz yil avval bo‘lib o‘tgan. O‘shanda taniqli ruhshunos olimlar ham yaqin-kelgusida turli diniy e’tiqod vakillarining ezgulik, bag‘rikenglik yo‘lida bir-birlari bilan ma’naviy yaqinlashishlari mumkinligini tasavvur ham qila olmaganlar. Chingiz Aytmatov  mamlakat hayotida ulug‘ burilish, ma’naviy tozarish, e’tiqod erkinligi sodir bo‘lishiga qat’iy ishongan. Bugungi avlod ana shu buyuk burilishning hayotbaxsh samaralaridan bahramand bo‘lib yashayotgani adib tafakkurining nechog‘li teranligidan dalolat beradi. Yozuvchi tavalludining 90 yilligi munosabati bilan shu yil 4-7 oktyabr kunlari o‘tkazilgan Issiqko‘l forumida bu fikr takror-takror tilga olindi.

1986 yili Chingiz Aytmatov dunyoning Petr Ustinov, Federiko Mayor, Lisandro Otero, Devid Bolduin, Artur Miller, Klod Simon, Aleksandr King va boshqalarni umuminsoniy muammolarni birgalikda muhokama qilish va ularning yechimini topish uchun moviy Issiqko‘l bo‘yiga taklif etadi.  Ushbu forum adibga yanada katta shuhrat keltiradi.

“Issiqko‘l forumini o‘tkazish g‘oyasi dabdurustdan paydo bo‘lgani yo‘q, albatta, – degan edi adib suhbatlaridan birida. – Biz bunda bugungi kunimizning real voqeligi va holatidan kelib chiqdik. U o‘zida, avvalo, inson tafakkurining yangilanishini mujassamlantiradi. Ochig‘i, bundan o‘n-yigirma yil ilgari davrning eng dolzarb masalalari yuzasidan gaplashib olish maqsadida butun jahondan  maslakdoshlarni bir joyda to‘plash, fikr-mulohazalarni emin-erkin bayon qilish hech kimning xayoliga ham kelmagandi. Bu muhim g‘oya o‘z  vaqtida pishib yetildi va amalga oshdi. Garchand bizlar tamomila boshqa-boshqa odamlar, siyosiy, madaniy tuzumlarimiz farqli, dunyoviy voqea-hodisalarga munosabatlarimiz ayricha bo‘lsa-da, men baribir bir-birimiz bilan til topishishimizga, butun insoniyatga daxldor muammolar yechimini topish yo‘llarini qidirishda fikran  bir joydan chiqishimizga ishongan edim. Bu ishonch tusmol yoki tavakkalga asoslanmagandi: men bu odamlarning imkoniyat darajasini, dunyoqarashini, ong-sezimini yaxshi bilardim, aksariyati taklifimni rad etmasligini yurak-yuragimdan sezardim, chunki bizlar tez-tez turli xalqaro anjumanlarda, rasmiy marosimlarda uchrashib, suhbatlashardik, fikr-mushohadalarimiz insoniyatni jiddiy xavotirga solayotgan muammolarga, mantiqsiz harbiy poygaga, soxta da’vat va chaqiriqlarga borib taqalardi.  Xuddi shu suhbatlarning mantiqiy rivoji sifatida sayyoramiz va, umuman, insoniyat taqdiriga bog‘liq global tashvishlar haqida o‘ylaydigan, nimalarnidir taklif etishga qodir, o‘z atrofiga bir-birlariga ruhan yaqin odamlarni uyushtiradigan, ularning so‘z va boshqa imkoniyatlaridan unumli foydalana oladigan norasmiy bir uyushma tuzish zarurligiga ehtiyoj tug‘ildi. Aytishim kerakki, ijodkor ziyolilarning ijtimoiy ma’noga ega publitsistik so‘zida, ta’sirchan nutqida go‘zallik, ezgulik, yuksak insoniylik tuyg‘ulari ulug‘lanadi. Bu –  isbot talab qilmaydigan haqiqat. Muhimi, bunday chiqishlar  ijtimoiy adolatning qaror topishida, grajdanlik mas’uliyatini his etishda, nimalarnidir boshqalardan ko‘ra avvalroq sezishda va ogoh bo‘lib yashashda cho‘ng ahamiyat kasb etadi”.

Birinchi forum tinchlik-totuvlik, yaxshi qo‘shnichilik, sayyoramizda inson hayotini saqlab qolish, yer, suv va havoni kelgusi avlodlarga musaffo holda qoldirish masalalarida ma’naviy jihatdan birlashish, befarq bo‘lmaslik, imkoniyatlardan maqsadga muvofiq va hammaning manfaatlariga mos ravishda foydalanish zarurligini ko‘rsatdi. “XXI asr madaniyatining global va milliy aspektlari” mavzusida o‘tgan bu yig‘inda Chingiz Aytmatov ma’ruza qilib, yer yuzida tiriklikni saqlab qolishda bundan buyon milliy madaniyatlar va ularning o‘zaro uyg‘un holda rivojlanishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, degan, avvallari hech qayerda aytilmagan fikrni o‘rtaga tashladi. Dunyo bu dadil fikrni eshitdi va unga e’tibor qaratdi. 2004 yili Issiqko‘lda YuNESKO shafeligida o‘tkazilgan Yevroosiyo sammitida, adib vafotidan so‘ng 2013 yili Bishkek va Cho‘lpon-otada bo‘lib o‘tgan “Chingiz Aytmatovning Issiqko‘l forumi: milliy madaniyatlar dialogi va tsivilizatsiyalarning o‘zaro yaqinlashuvi” shiori ostidagi muloqotda  ayni shu g‘oya yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Bu tasdiq insoniyat hayotini jiddiy xavf ostida qoldirayotgan muammolar yechimini topish yo‘lidagi amaliy harakatlarni birlashtirishda yangicha, “umumbashariy tafakkur  zarurligini” anglatgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Bu muhim g‘oya Chingiz Aytmatovning ko‘plab asarlari, publitsistik maqolalari, xalqaro anjumanlardagi nutqlari, davra suhbatlarida  ham mavjud bo‘lib, adib dunyoqarashi naqadar kengligidan,  dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlardan yaxshi xabardorligidan  dalolat edi.

Chingiz Aytmatov umrining so‘nggi daqiqalarigacha milliy va umum­insoniy qadriyatlarning  uyg‘un  rivojlanishi tarafdori bo‘lib yashadi. Bugun adib tavalludining 90 yilligi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham  davlatimiz rahbarining qarori asosida  keng nishonlanayotgan ekan, adibning moviy Issiqko‘l bo‘yida tug‘ilgan, madaniy dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgan –  muammolarni faqat bugunni emas, ertani, olis kelajakni  o‘ylab birgalikda hal etish zarurligi haqidagi fikrlari yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Zero,  dunyoning bugungi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy holati adabiyot, madaniyat, san’at sohalari namoyandalarining aniq maqsad yo‘lida birlashishlarini, bamaslahat harakat qilishlarini taqozo etmoqda. Shu boisdan ham Issiqko‘l dialoglarining qayta tiklanishi dunyo madaniy jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Anjuman Chingiz Aytmatovning uy-muzeyi bilan tanishish, Ota-Beyit qabristonida yozuvchi xotirasini yodga olish marosimi bilan boshlandi. Hayajonli ushbu daqiqalarda viqorli Olatog‘ etagida, o‘ttiz yettinchi yilgi siyosiy qatag‘onda halok bo‘lgan vatandoshlari, jumladan, otasi To‘raqul Aytmatov bilan birga mangu qo‘nim topgan adib bugun ham butun vujudi, qoldirgan bebaho ijodiy-falsafiy merosi bilan tog‘larning qulamasligi, inson o‘zining ma’naviy qiyofasini yo‘qotmasligi, bu ona zaminda hayot va tiriklik qo‘shig‘i so‘nmasligi haqida o‘y surib yotganday tuyuldi menga. Ziyoratgohdagi yozuv – Chingiz og‘aning “Bugun inson oldidagi eng qiyin vazifa – insonlikni saqlab qolishdir”, degan so‘zlarini o‘qib, ko‘nglimdan shu mulohazalar o‘tdi.

Yigirma besh mamlakatdan kelgan taniqli  jamoat arboblari, yozuvchi va olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari to‘rt kun davomida Chingiz Aytmatovning bu dunyoda inson hayotini, insoniy fazilatlarni asrab qolish, milliy-ma’naviy merosni rivojlantirish, boshqalarga nisbatan kuch ishlatmaslik, zo‘ravonlik qilmaslik, inson erki va tuyg‘ularini haqoratlash, diniy e’tiqodni mensimaslik kabi g‘ayriaxloqiy illatlarga befarq bo‘lmaslik haqidagi da’vatlarini yanada kuchaytirish yo‘llarini muhokama qildilar. Ma’ruzalarda dunyo mintaqalarida urush harakatlari kuchayib borayotgani, qonli to‘qnashuv va mojarolar tufayli minglab begunoh odamlar uy-joyidan, mol-mulkidan ajralib qolayotgani, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazilayotgani, oqibat natijada dunyoni iqtisodiy manfaat nuqtai nazaridan qayta  bo‘laklash, ijtimoiy-huquqiy printsiplarga amal qilmaslik harakatlari, ma’naviy qashshoqlanish, xudbinlik, milliy tuyg‘ularni mensimaslik illati yuzaga kelayotgani aytib o‘tildi. Forumda ishtirok etgan o‘zbekistonlik olimlar Ibrohim G‘afurov, Hamidulla Boltaboyev, Zuhriddin Isomiddinov, To‘lanboy Qurbonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Chingiz Aytmatovning adabiy-ma’naviy merosi  dunyoda yuzaga kelayotgan ijtimoiy muammolarni hal etishda bundan buyon ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Qirg‘izistonlik hamkasblarimiz O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov hayoti va ijodini ilmiy jihatdan o‘rganish, asarlarini targ‘ib qilish, tavallud kunining 90 yilligini mamlakat miqyosida nishonlash borasida amalga oshirilayotgan ibratli amaliy ishlarga, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik, iqtisodiy, ilmiy, adabiy-madaniy hamkorlik aloqalarini o‘zaro hurmat-ehtirom ruhida kuchaytirish borasidagi yangi xalqchil yo‘liga yuksak baho berdilar. Davlatimiz rahbarining maxsus qarori asosida tayyorlangan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” xotira kitobi, shuningdek, adibning yangi saylanmasi, “Chingiz Aytmatov: Davr. Inson. Haqiqat”, “Chingiz Aytmatov va XXI asr” monografiyalari adibning uy-muzeyiga, Qirg‘iziston Davlat Milliy kutubxonasi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa ijodiy tashkilotlarga, aytmatovshunos olimlarga topshirildi.

Forum yakunida anjuman qatnashchilarining dunyo mamlakatlari rahbarlari, madaniyat va san’at arboblariga murojaati  qabul qilindi.

Toshkent-Bishkek-Cho‘lpon-ota.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 9-son

____________

[1] “Pravda”, 1989 yil, 2 aprel.