Ahmadjon Meliboyev. Chexovni anglash

http://n.ziyouz.com/images/chexov.jpg

Atoqli rus adibi Anton Pavlovich Chexov to‘g‘risida ko‘p va xo‘b yozilgan. Bor-yo‘g‘i qirq to‘rt yil umr ko‘rgan bu yozuvchining ijodi, adabiy merosi tadqiqotchi olimlar, adabiyot ixlosmandlarini hanuz o‘ziga maftun etadi; dunyoning nufuzli teatrlari o‘z repertuarlarini Chexov asarlari bilan muntazam boyitishadi. Adibning shaxsiy hayoti esa favqulodda sodda, ayni paytda, xuddi shunday murakkabligi, hayratomuz voqealar, kutilmagan tasodiflarga to‘laligi bilan muxlislarini hayratga soladi. Ozod Sharafiddinov Lev Tolstoyning “Iqrornoma” asari xususida yozar ekan, adibning: “Men urushda odam o‘ldirganman, o‘ldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni qartaga boy berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman, yolg‘onchilik, o‘g‘irlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik, zo‘ravonlik, qotillik… Men qilmagan jinoyat qolgan emas…” degan so‘zlarini o‘qigan o‘zbek kitobxoni: “Yo alhazar! Shu o‘zimiz bilgan, soyasiga salom berib kelgan ulug‘ adibmi? Rosa bo‘lgan ekan-ku! Voy, soqoling ko‘ksingga to‘kilgur-ey!” deya yoqa ushlaydi”, deganidek, Anton Chexov ham hayotiga qiziqqanlar ko‘z o‘ngida tamomila boshqa qiyofalarda namoyon bo‘ladiki, hayratga tushmaslikning iloji yo‘q.
Odatda, boy-badavlat, mol-mulkining hisobi yo‘q odamlar ochiqqo‘l, mehmondo‘st bo‘lishadi, uylariga xos kishilarni, do‘st-yoronni, turli mansab egalarini beto‘xtov taklif qilib, quyuq ziyofat berishadi, sovg‘a-salom ulashishadi. Bunday saxovatpeshalik faqat bayramlarda emas, ko‘pincha hech bir sababsiz, bir qarashda shunchaki chiroyli davra, mazmunli suhbat, gap-gashtak uchun ham tashkil etiladi. Ammo bu dunyoda hech narsa sababsiz, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Boy-badavlat odamlar bu darajaga qanday erishganlarini yaxshi bilishadi, turfa xil ziyofatlar, sovg‘a-salom, xayr-ehsonga ketgan sarf-xarajatlarini foyda, mo‘may daromad yoki biron-bir nafga aylantirishni avvaldan rejalab qo‘yishadi. Bu borada ularni yanglishtirish qiyin. Chexov ulardan farqli o‘laroq, badavlat, sarmoyador odam bo‘lmagan. Aksincha, yozuvchi haqidagi xotiralarda ta’kidlanishicha, kibru havoga berilmagan oddiy shifokor, imkoni bo‘ldi deguncha, topgan-tutganini tanish-bilishlariga, atrofidagi kunda-shundalarga sarf qilib yuboradigan, shu ishidan qandaydir halovat topadigan, balki ijodkor sifatida ilhomlanadigan, zavq oladigan g‘aroyib fe’l-atvor egasi edi. Butun oilani boqish zimmasida bo‘lgan, bir kunlik yegulikka sariq chaqasi qolmagan holatlarda ham tushkunlikka tushmay, bu qisqa hayotda iloji boricha ko‘proq rohatlanib yashashni, odamlarga zavq-shavq ulashishni to‘xtatmagan. Topgan-tutganini mehmonlari, “oftobda birga qatiq ichgan” do‘stlari, yangi-eski tanishlari, tanishlarining tanishlari, iste’dodining muxlisu muxlisalari va mutlaqo begona, betayin kishilar bilan baham ko‘rishni xush ko‘rgan.
Albatta, bu dunyoda uyini mehmonlar bilan to‘ldirib, shundan zavq oladigan odamlar oz emas. Ammo Chexov domlaning mehmonlaridek g‘aroyib “ansambl”ni topish, shunday davra tuzish qiyin. Korney Chukovskiyning yozishicha, ular: “…astronom Olga Kundasova, musiqachi Mariyan Semashko, Lika Mizinova, Musina-Pushkina (boshqa ismi Drishka, “Chirildoq” degani ham shu ayol), qandaydir Lesova bilan Klara Mamuna, oilaning yaqin qarindoshlari, kimligi va ismini bilib bo‘lmaydigan kunda-shunda qo‘noqlar…” Har kuni shu ahvol. Ba’zan bu holat adibning joniga tegib ketadi: “Jumadan beri uyim to‘la mehmon, mehmon, mehmon. Bir satr ham yozganim yo‘q…” deya yozg‘iradi u do‘stlaridan biriga yo‘llagan xatida. Ammo shu xatning o‘zida, uyida Suvorin, Shchepkina-Kupernik, taganroglik Selivanova-Krauze, yana bir necha kishi borligiga qaramay, yana Olga Kundasovani, keyingisida Vladimir Tixonovni, undan keyin Leykinani, Yasinskiyni mehmonga chaqiradi. O‘zining uyiga, vaqtincha yashab turgan choqqina ijaraxonaga, do‘stlarining uyiga, dala-bog‘iga ham tinimsiz mehmon chaqiradi.
Yana qanday qilib deng!
Arxitektor Shextelga yo‘llangan taklifnomadan: “Kelib mehmonim bo‘lmasangiz, ilohim, ko‘chada ketayotganingizda ishtoningizning bog‘ichi yechilib ketsin…” Vodevillar yozib yuradigan Bilibinga yo‘llangan taklifnomadan: “Siz, yaxshisi, uylaning-da, kelinbola bilan bizning dala hovlimizga ikki haftaga keling. Ishonchim komilki, yayrab dam olasiz, kallangiz bo‘lsa yanada to‘porilashadi”. Belletrist Shcheglovga taklif: “Men sizni arqonga bog‘lab bo‘lsa-da, olib kelaman, shuni bilib qo‘ying”. “Sever” jurnali muharririga: “Sizni suratimni bosib chiqarib, nomimni mashhur qilganingiz uchun issiqxonamda yetishtirilgan besh bog‘ rediska bilan mukofotlayman. Zudlik bilan kelib, shu mukofotni tanovul qilishingiz kerak”. Taklif qilinganlar, bordi-yu kelavermasalar, Chexov ularga do‘q-po‘pisa ham qilgan: “Taklifimni yerda qoldirsangiz shunday jazoga loyiq bo‘lasizki, uning oldida do‘zax azoblari hech nima bo‘lmay qoladi”, “Erishayotgan muvaffaqiyatlaringiz sizga mening huzurimga kelishga xalaqit berayotgani uchun ham sizdan nafratlanaman”, “Agar u xonim uyimga kelmasa, bilib qo‘ysin, tegirmonini yoqib yuboraman…”
Chexovning maktublarini o‘qir ekansiz, rus adabiyotida durdona asarlar yaratgan, betakror iste’dodi bilan adabiyot olamini hanuz hayratga solib kelayotgan adibning ko‘plarga tanish bo‘lmagan, ammo hayotning o‘ziday g‘aroyib, taqdirning o‘ziday turfa, goho mantiqsiz va, ehtimolki, bu yorug‘ olamdagi jamiki narsalarning o‘tkinchiligi, hech narsaga arzimasligi, ayrimlar buni hali-hanuz anglab yetolmayotganlari, shunday bo‘lsa-da, jamiyatning ma’naviy-ruhiy holati ayni shu anglamaslik bilan uyg‘un ekanligi ustidan nozik kinoyaga o‘xshab ketadigan qitmir, ayni paytda ziddiyatli xarakteri sizni o‘ylantirib qo‘yadi. Anton Pavlovich hamisha odamlar, tanish-bilishlar, bir nafaslik ulfatlar orasida, g‘ala-g‘ovur davralarda bo‘lishni xohlagan. Mehmonlari obro‘-e’tiborli, fikr-mulohazali, yaxshi suhbatdosh, biror sohada ancha-muncha shuhrat qozongan kishilar, ammo ular orasida tepsa tebranmas, hech nimani o‘ylamaydigan, yeb to‘ymas, ichib bo‘kmas, g‘am-tashvish nimaligini bilmaydigan kishilarning ham borligi, adibning ularga ham jiddiy e’tibori, suhbatlarini tinglashi kishini ajablantiradi. Balki shu ajablanishimizning o‘zi ajabdir: adibning e’tibori savdo do‘koniga kirgan xaridorning e’tiboridan farq qiladi-ku, axir?!
O‘y-qarashlari, jamiyatdagi mavqelari mutlaqo boshqa-boshqa bo‘lgan bu ikki toifa vakillarini bir dasturxon atrofiga, bir davraga to‘plash, bir muammo yoki mavzu atrofida bahslashish bejiz emas, nazarimda. Shunday davralarda ko‘p narsa oydinlashadi, fikrlilar fikrsizlarga bir nimalarni jon kuydirib, takror-takror tushuntirmoqchi bo‘ladilar, mashhur asarlardan, noyob manbalardan iqtiboslar keltiradilar, oldilaridagi taom sovib qoladi. Fikrsizlar esa, sanchqini to‘g‘ri ushlagan holda (bu ularning eng katta yutug‘i), taomlarni bir chekkadan paqqos tushirishadi, hech baloni tushunmayotganlarini mahorat bilan yashirib (bu ham yutuq), o‘zlarini bahsni diqqat bilan tinglayotganday qilib ko‘rsatishadi. Sodda notiqlar buni sezmay, jon kuydirishda davom etishadi, ehtiroslarga berilishadi, bu paytda fikrsizlar dasturxonga yana qanday taom tortilishi haqida jiddiy o‘ylayotgan bo‘lishadi. Bunday noyob holat-manzarani yana qaydan topish mumkin? Hech joydan! Aminmanki, boshqa hech narsa emas, bu paytda adib bo‘lajak asarlarining mashhur qahramonlari portretini chizayotgan bo‘ladi. Bu fikrni Bunin ajoyib tarzda tasdiqlaydi: “Chexov obrazlarni qayerlardan yig‘ib-terib olardi? Kuzatishlar va qiyoslarni-chi? O‘ziga xos tilini qanday yaratdi? U o‘z ijod yo‘lini hech kimga ishonmas va ko‘rsatib o‘tirmasdi. Aytishlaricha, undan ko‘plab yon daftarlar qolgan deyishadi, ehtimol, ularda bu sirga yo‘l ochadigan kalit topilar? Yoki butunlay sirligicha qolib ketar? Kim biladi! Har qanday sharoitda bizga bu borada ehtiyotkorlik bilan aytilgan qochirimlar va taxminlardan xulosa chiqarish imkoni qoladi”. Yana bir muhim detal: “Chexov olimlar, yuk tashuvchilar, tilanchilar, katta yer egalari, adabiyotchilar, xizmatchilar, monaxlar, kichik pochta amaldori – kim bo‘lishidan qat’i nazar, hamma bilan bir xil muomalada so‘zlashar, ularni qunt va e’tibor bilan tinglardi. Balki shu bois, uning hikoyalaridagi olimlar va daydilarning qalbini yaqqol ko‘rib turasiz, so‘zlariga ishonasiz”.
“Sarlavhasiz” deb nomlangan hikoyada adibning jamiyatda, odamlar ong-shuurida kechayotgan evrilishlarga munosabati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shaharlik osiy bir banda yarim tunda yo‘ldan adashib, ovloq bir joydagi, “atrofida yovvoyi qush va yirtqich hayvonlardan boshqa hech narsa ko‘rinmaydigan” monastrga kelib qoladi. Bir xildagi hayot tarzi tufayli daraxtlar, gullar, bahor latofati, kuz tarovati bu yerga joylashib olgan (e’tibor bering: “joylashib olgan”) monaxlarni mutlaqo qiziqtirmay qo‘ygan, dengizning shovullashi asablarini toliqtiradigan, qushlarning sayrashi yoqimsiz tovushga aylangan bu joyda shaharlik kishi suhbatdoshlariga qarab: “Bekor o‘tirasizlar, monaxlar, – deydi kuyunib. – Yeb-ichishdan boshqa narsani bilmaysizlar. Qiyomatning g‘amini shu xilda yeydimi kishi? O‘ylab ko‘ringlar: sizlar bu yerda tinchgina yeb-ichib, saodat xayolida o‘tirgan chog‘larda, yaqin kishilaring halok bo‘lib, jonlari do‘zaxga ketmoqda. Bir qaranglar-chi, shaharda nimalar bo‘lmoqda…”
Notanish kishi shaharda nimalar bo‘layotganini monaxlarga erinmay, biror joyini qoldirmay gapirib beradi: shaharliklar na xudodan, na shaytondan va na o‘limdan qo‘rqadilar, buning o‘rniga buzuqchilikka berilishgan, tinimsiz vino ichishadi, mast-alast bo‘lib, xudojo‘y odamlar tilga olmaydigan yaramas so‘zlarni behayolik bilan aytadilar. Ular oldida yarimyalang‘och, ammo yosh, uzun sochli, do‘ndiq, qorako‘z, do‘rdoq labli hayosiz ayol turadi. U vino ichadi, qo‘shiq kuylaydi, raqsga tushadi va kim xohlasa, o‘shanga o‘zini topshiradi…
Notanish kishi shahar haqida shunday hikoya qiladi, shunday narsalarni aytib beradiki, u ertasiga ertalab tunab qolgan hujrasidan tashqariga chiqib qarasa, monastirda bitta ham monax qolmabdi. Hammasi shaharga ketib bo‘libdi. Nima ish qilib qo‘yganini o‘zi ham bilmay qolgan bu kimsaning va yana: “Uyqu istagi” hikoyasi qahramoni – ertadan-kechgacha qo‘li-qo‘liga tegmaydigan yetim qiz Varkaning, “Yovuz niyatli kishi” hikoyasi qahramoni – sodda, ammo to‘g‘ri so‘z Denis Grigorevning obrazi hayotning naqd o‘zidan olingani bois, o‘ta jonli va ta’sirchan chiqqan.
Xotiralarda Chexovning erta tongdan qo‘liga gulqaychi olib, o‘ychan holda bog‘dagi atirgullarni parvarishlashi, yuz ochayotgan har g‘unchaga xuddi yosh ona chaqalog‘iga tikilganday termilishi, noyob gul ko‘chatlarini yetishtirib, do‘st-qadrdonlariga tarqatishi ko‘p bor aytiladi. Jamiyatdagi adolatsizlik, zo‘ravonlik, odamlar tabiatidagi qo‘rs-qo‘pollik, behayo va yolg‘onchilik, g‘irromlik, birovning haqidan qo‘rqmaslik haqida o‘ylaganida o‘zini ovutish uchun, balki shunday qilgandir? Axir, hayot har jihatdan ezib tashlagan, tinka-madorini quritgan omadsiz, chorasiz odamlarning dard-hasratlarini tinglash, ko‘zlarida hayot chirog‘i so‘nib borayotgan bemorlarning oqimtir-ko‘kimtir tusga kirayotgan yuziga tikilish, yaqinlariga dalda berish oson deysizmi? Nima bo‘lganda ham, u bu nomutanosibliklar oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ymagani, ortiqcha hoyu-havaslarga berilmagani, tushkunlikka tushmagani aniq. Faqat shunday odamgina boshi og‘ir kulfatlar girdobida guvillab turganida ham ishonch va ozroq yumor bilan: “Uch yuz yildan so‘ng hayot naqadar go‘zallashadi!” deya oladi. Umid va nadomatning bu go‘zal qovushig‘i bundan uch ming yil avval yuzaga kelgan “Kalila va Dimna”da ham bor!
Chexovning o‘quvchini hayratga soladigan g‘ayrioddiy “qiliq”lari faqat uyiga mehmon taklif qilishdangina iborat emas. K.Chukovskiy xotiralariga qaytamiz: “U do‘stlari, yaqinlariga laqab to‘qishda ustasi faranglardan bo‘lgan. G‘ilay, Qiyshiqburun, Qorayuz, Gripp, Sho‘rtumshuq, Samovarxonim… sanab sanog‘iga yeta olmaysan. Ivan Shcheglovga “Gertsog”, Boris Suvoringa “Barbaris”, musiqachi Marian Romualdovichga “Marmelad Fortepianovich” degan nomlar nasib qilgan. Do‘stlari ham bo‘sh kelmay, Anton Pavlovichni “Stameska”, “Antuan”, “Potyomkin”, “Admiral Avelan” deb chaqirishgan”, Chexovning o‘ziga esa “Habashyuz graf”, “Arkadiy Tarantulov”, “Don Antonio”, “Akademik Toto”, “Shiller Shekspirovich Gyote” laqablari, turfa xil shumliklar, masxarabozlik, taniqli kishilarga taqlidan obrazga kirish, mehmonlarni kuldirish yoqqan.
Vladimir Korolenko “Chexovning ko‘zlarida beadoq hozirjavoblik, xushchaqchaqlik mavjud edi”, deb yozadi. Darvoqe, Chexov Korolenko bilan tanishar ekan, undan “Mening kichik hikoyalarim qanday yozilishini bilasizmi?” deb so‘raydi va yangi tanishining javobini ham kutmay, stol ustida turgan kuldonni qo‘liga olib deydi: “Ertaga “Kuldon” nomli yangi hikoya o‘qishni istaysizmi?” Keyinroq Chexov teatr mavzusidan ancha uzoq, dramaturgiyaga qo‘l urmagan bu yozuvchiga: “Birga ijod qilamiz. Drama yozamiz. To‘rt pardadan iborat. Ikki hafta ichida tugallaymiz”, deydi qat’iy tarzda. Bilibin familiyali ijodkorni to‘satdan hamkorlikka chorlab qoladi: “Birgalashib ikki ko‘rinishli vodevil yozmaymizmi? Birinchi ko‘rinishni siz yozing, ikkinchisini men qoralayman. Qalam haqini teng bo‘lishamiz”. Suvorinni bo‘lsa g‘aroyib taklifi bilan shoshirib qo‘yadi: “Birodar, birgalashib bir-ikkita hikoya yozaylik. Sen boshlaysan, men tugataman…”
Bu hali hammasi emas. Rus adabiyotining noyob durdonalariga aylangan mashhur asarlar muallifini masxaraboz, sudya, prokuror, o‘rtakash, bugungi ibora bilan aytganda, usta “shoumen” qiyofasida tasavvur eta olasizmi? Davralarda turli shumliklarni o‘ylab topadigan hozirjavob ulfat obrazida-chi? Tasavvur qilish qiyin, ammo xotiralarda adib hayotidan keltirilgan ko‘pdan-ko‘p faktlar, Anton Pavlovichning o‘z e’tiroflari, ayniqsa, son-sanoqsiz xatlari bu murakkablikni birmuncha osonlashtiradi. Ularga murojaat etamiz: “Hozirgina poygadan keldim…”, “Zobitlar bilan to‘yib ovqatlandim, miriqib ichdim, uxladim…”, “Biz erkaklar goho ayollar nima maqsadda yaratilganini unutib qo‘yamiz-da…”, “Ikkita opera qo‘shiqchisi bilan to‘yib ichdim, yayrab qo‘shiq kuyladim”, “Bugun omadim keldi: bittasini ilintirdim, momaqaymoqning o‘zi, bunaqasini anchadan beri ko‘rmagan edim”.
Chexov yirik asarlar ustida ishlar ekan, biroz chalg‘ish maqsadida kutilmagan qiyofaga kirib, davradoshlarini kuldirib, fikrini jamlab olgan, asarlari uchun yangi qahramonlar qidirgan, ularning antiqa qiyofasiini xayolida gavdalantirgan.
Qirq to‘rt yillik umrida birgina rafiqasiga necha ming dona maktub yozgan, vrach sifatida ayrim kunlari yuzlab bemorlarni qabul qilgan adib qadrdonlari davrasida darhol masxarabozlikni boshlab yuborar ekan: “Bir gal “yuziga qora bo‘yoq surib, o‘zini prokurorlarday tutib, Levitanning ustidan qoralov hukmini o‘qishni boshlasa, boshqa gal Buxoroning zardo‘zi choponini kiyib, boshiga salla o‘rab, o‘zini omadyor badaviy qilib ko‘rsatar edi. Bu ham mayli, shahar mirshabining qo‘liga qog‘ozga o‘ralgan tarvuzni berib, “Bomba, uchastkaga olib bor. Ko‘zingga qara, ehtiyot bo‘l”, deyish yoki yosh yozuvchi ayolni uning kaptarlari xuddi shunday mallarang mushuklar bilan chatishtirilganiga ishontirish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi”. Chukovskiy yozadi: “Chexovning kulgili asarlari qanchadan-qancha dunyoviy falokatlardan, uchta urushdan va yana uchta inqilobdan omon-eson o‘tdi, yon-atrofimizda esa qanchadan-qancha saltanatlar tanazzulga yuz tutdi, qanchadan-qancha dabdabali nomlar unut bo‘lib ketdi, shuhrat qozongan ne-ne kitoblar yoddan ko‘tarildi. Adabiy oqimlar, qoidalar o‘zgardi, ammo Chexovning bir nafasda yozilgan ko‘plab hikoyalari hech nima bo‘lmagandek yashab kelmoqda, endilikda ularni nabiralarimiz o‘qib, xuddi otalari va bobolari kabi xandon otib kulmoqdalar. Bir vaqtlar bu hikoyalarni o‘qib, burnini jiyirganlar ham bo‘lgan, ammo ular rad etgan narsalar asl po‘lat bo‘lib chiqdi…”
Xotiralar va xatlar Chexovning yangidan-yangi qirralarini namoyon etadi. Parijga qilgan safari chog‘ida, adibning boy-badavlat tanishlaridan biri uni Frantsiyada qolishga da’vat etar ekan, unga ko‘p miqdorda pul berib turishi mumkinligini, rozi bo‘lsa, bu ishni hoziroq qilishini aytadi. Chexov rozi bo‘lmaydi. Vataniga qaytgach, o‘sha boy tanishiga maktub yozib, Parijda qolishga rozi bo‘lmagani sababini: “Birodar, men Parijda qolishni xohlamaganim uchun emas, sizdan qarzdor bo‘lib qolishni istamaganim uchun ham taklifingizni qabul qilmadim”, deya tushuntiradi. Adibning qisqa hayoti hamisha ham to‘kinchilikda kechmagani ko‘pchilikka ayon. Ammo u hech qachon yaqin tanishlaridan, qarindoshlaridan, badavlat do‘stlaridan pulsiz qolganida ham yordam so‘ramagan, berishsa olmagan. Ammo o‘zi har kuni kimgadir qarz bergan. Qarz so‘rab keluvchilarning oxiri ko‘rinmagan, birovga yuz so‘m, boshqasiga ellik so‘m beravergan. “Kecha bittasi kelib, 100 so‘m olib ketdi, bittasi men bilan xayrlashgani kelgan ekan, 10 so‘m berdim. Yana bittasi 100 so‘m so‘radi, berdim. Boshqasiga 100 so‘m va’da qildim, yana biriga 50 so‘m bermoqchiman”, “Shundaylari ham borki, bermaguningcha serrayib turishaveradi”. “Bitta yaxshi tanishim mendan jumagacha deb olti yuz so‘m olib ketdi. Qarz oluvchilar jumagacha deb olishadi…” Ha, shunday bo‘lgan, ammo bir emas, bir necha jumalar, oylar o‘tsa ham, pullari qaytib kelmagan. O‘zi pulga muhtoj bo‘lib qolganida do‘stlariga: “Men sizlardan qarz so‘ramaganim uchun uzr so‘rayman”, der ekan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. Qarz olish uchun serrayib turaveradiganlar, ehtimol, adibga “Mushtipar” hikoyasini qog‘ozga tushirishga ilhom berishgandir.
Xotiniga yozgan xatidan: “Xalatim yo‘q, eskisini kimgadir sovg‘a qilganman, kimgaligi yodimda emas…” Do‘sti Sidoringa yozgan xatidan: “Siz meni pixini yorgan kreditchi deb o‘ylamang, iltimos. Mendan olgan o‘sha yuz so‘m pulni qo‘yaturing, bir gap bo‘lar, aslida sizdan men qarzdorman. Shu qarzimni uzganimdan keyingina o‘sha yuz so‘mimni so‘rashim mumkin. Hozircha tinchimni buzib, qarzdorligimni eslatmay turganingiz ma’qul”.
Chexov jahongashta sayohatchi ham bo‘lgan. O‘ttiz yoshida dunyoning ko‘plab mamlakatlarini kezib chiqqan bo‘lsa-da, charchog‘i yozilmay turib, ko‘rgan-kechirganlarini mehmonlariga aytib ulgurmayoq, navbatdagi safarga otlangan. Shu yoshida Vladivostok, Gonkong va Shri-Lanka, Singapur va Hindiston, Istanbul, Vena, Venetsiya, Rim va Neapolni, Monte-Karlo va Parijni ko‘rib ulgurgan adibning sarguzashtlarini tinglash do‘stlari uchun naqadar zavqli bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas. Qandaydir sehrli, ko‘zga ko‘rinmas kuch uni dunyoning turli chekkalari, daryo va okeanlar, og‘ir va olis joylarga chorlab turgan, to‘rt devor orasida – xonada divanga yonboshlab, bu yorug‘ olamni faqat bir nuqtadan turib kuzatadigan yozuvchilarni yoqtirmagan. Xatlaridagi mana bu satrlarga e’tibor bering: “Ko‘nglim kengliklarni qo‘msaydi…”, “Paroxodni, umuman, erkinlikni xohlayman, shu qadar xohlaymanki…”, “Agar bu yil palubani hidlamasam, chorbog‘imni yomon ko‘rib ketaman…”, “Shahzodalar oroliga, Konstantinopolga, yana Saxalinga, Hindistonga borsam qaniydi…”, “Lukada iyungacha yashasam bo‘ldi, keyin Parijga, farang xonimlar huzuriga oshiqaman”, “Ahmoqmiz-da, Parijga borib, ko‘rgazmani tomosha qilmaymiz. Shu yurishimizda hech nimani ko‘rmay o‘lib ketamiz…”, “Bu yerlarning tabiati aqldan ozdiradigan darajada a’lo, men bo‘lsam, surat chizishni bilmaydigan so‘takman”, “Ha, qishloqda rohat-farog‘at qilib yashasa bo‘ladi. Cho‘ntagimda hemiri yo‘q, ammo mening fikrimcha, puli oshib-toshib ketgan odam boy emas, erta bahorda zavqli hayot kechirish imkoniyatiga ega odam boy”, “Amur bo‘ylab juda ko‘p suzdim, necha million manzaralarni ko‘rdim, rohatlandim. Shuncha boylik, shuncha manzaradan bahramand bo‘ldimki, endi bemalol o‘laversam ham bo‘ladi”.
Zamondoshlari Chexovni “tabiat kuychisi”, “tabiiy go‘zallik shaydosi” deb ham atashgan. Darhaqiqat, adib asarlarida tasvirlangan ariqlar suvining jildirashi, qushlarning chug‘uri, kapalaklar raqsi, toza havo, g‘unchalarning yuz ochishi, bog‘lar, gulzorlar tarovati, qayinzorlarning sirli shiviri, mashaqqatli, ammo zavqli yo‘llar, paromlar, palubaning boshqa hech joyda uchramaydigan hidi, g‘aroyib hamrohlar, ularning yanada g‘aroyib suhbatlari o‘quvchini o‘ziga rom etadi. U bu manzaralarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, kuzatgan, ulardan bahra olgan, ong-shuuriga singdirgan. Umri qisqaligini bilganday, safarni safarga ulab yashagan. Bedavo dardga yo‘liqib, to‘shakka mixlanib qolganida oldiga kelgan yosh yozuvchiga: “Sizning o‘rningizda bo‘lganimda, Hindistonga surib qolgan va yana kamida ikkita fakultetda o‘qigan bo‘lardim…” deyishining o‘zi qanday hayotsevarlik! Adib Qrimda yashay boshlaganida, suvsiz, tashlandiq yerga ishlov berib, ajoyib gulzor yaratadi. Gul urug‘larini Taganrogdagi qarindoshlariga yuborib, ularni ham gul ekishga, parvarishlashga da’vat etadi, qo‘shnilariga gul ko‘chatlari ulashadi.
Faqat shugina emas, yuqorida aytilganidek, Anton Pavlovich ancha yosh bo‘lishiga qaramay, oila tashvishlarini zimmasiga oladi, aka-ukalari, ikkita singlisi va otasini qayta tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga solish uchun ko‘p harakat qiladi. Ayniqsa, tanbal, boqibeg‘am Nikolayning taqdiri uni tashvishlantiradi. Unga xatlar yozib, hayotda yo‘l qo‘yayotgan xatolarini tushuntirmoqchi bo‘ladi, ammo harakatlari zoye ketgach, 1886 yili o‘lim to‘shagida yotgan akasiga so‘nggi, eng muhim maktubini yo‘llaydi. Chexov haqidagi xotiralarda bu maktub ko‘p bor keltiriladi. Korney Chukovskiy ham ayni shu xatga alohida e’tibor beradi. Chunki unda buyuk adibning ma’naviy-axloqiy dunyosi, falsafiy qarashlari juda ravshan ifodalangan. Uni juz’iy qisqartirishlar bilan keltiramiz:
“Sening yagona kamchiliging bor, u ham bo‘lsa – o‘ta odobsizliging… Odobli odamlar, mening fikrimcha, quyidagi shartlarga mos kelishlari kerak:
1. Bunday odamlar inson shaxsini hurmat qiladilar, shu boisdan ham ular hamisha marhamatli, yumshoq, muloyim va kelishimli bo‘ladilar… Ular oddiy bolg‘a yoki yo‘qolib qolgan qandaydir rezina uchun ayyuhannos solishmaydi, biror joyda kim bilandir birga yashashga to‘g‘ri kelib qolsa, buni minnat qilmaydilar, keta turib: “Siz bilan yashab bo‘lmaydi”, demaydilar. Ular kimdir shovqin solsa, sovuq zabtiga olsa, kimdir go‘shtni kuydirib qo‘ysa yoki taom achchiq bo‘lib qolsa, uylarida begona odamlar paydo bo‘lsa, bunga toqat qilishadi…
2. Ular faqatgina och mushuklarga rahm qilmaydi, balki oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan narsalar uchun ham qalban azob chekadilar.
3. Ular birovning mulkini hurmat qilishadi va shu boisdan ham soliq to‘lashadi.
4. Ular to‘g‘riso‘z odamlar, yolg‘ondan xuddi olovdan qo‘rqqanday qo‘rqishadi. Eng oddiy narsalar xususida ham yolg‘on gapirishmaydi. Yolg‘on – tinglovchi uchun borib turgan haqorat, yolg‘onchining obro‘sini esa bir pul qiladi. Bunday odamlar o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishmaydi, ko‘chada ham uydagidek yurishadi, kichiklarning ko‘ziga chang purkashmaydi, birov so‘ramasa, o‘zlaricha bir balolarni valdirab, mahmadonalik qilishmaydi. Boshqalarning qulog‘i hurmati, ko‘pincha jim turishadi.
5. Odobli odamlar boshqalarning rahmini keltirish uchun o‘zlarini aftodahol qilib ko‘rsatishmaydi, boshqalarning yurak torlariga so‘roqsiz qo‘l tekkizishmaydi. Bunday kishilar “Meni hech kim tushunmaydi”, degan gapni aslo tilga olishmaydi. “Juda maydalashib ketdim-da”, deyishmaydi ham…
6. Odobli odamlar har narsaga bosh suqishmaydi, mashhurlar bilan tanishish ilinjida yugurib-elishmaydi. Rodzevichlar, Levenberglarga xos “Men matbuotning vakiliman”, degan iborani istehzo bilan qabul qilishadi. Haqiqiy iste’dodlar sal pastroqda, odamlar orasida, ko‘zga tashlanadigan joylardan sal nariroqda o‘tirishadi. Hatto Krilov ham aytgan: “Bo‘m-bo‘sh bochka ichi to‘lasiga nisbatan yaxshi ovoz chiqaradi”.
7. Bunday odamlarda, agarki iste’dod bo‘lsa, uni, albatta, hurmat qilishadi. Shu iste’dodlarini deb halovatdan, ayollardan, vinodan, mayda-chuyda ishlardan voz kechishadi… Iste’dodlari bilan g‘ururlanishadi. Meshchanlar bilim yurtining nazoratchilari, Skvortsovning betayin mehmonlari bilan aroqxo‘rlik qilish ular uchun yot narsa… Bunday odamlar ko‘p narsalardan hazar qilishadi.
8. Odobli odamlar o‘zlarida estetik tuyg‘ularni tarbiyalab borishadi. Kiyim-boshlarini yechmay uxlashmaydi, sassiq havodan nafas olishmaydi, tupikka to‘lib ketgan polda yurishmaydi, kerosinkada tayyorlangan taomni iste’mol qilishmaydi. Jinsiy ehtiroslarini jilovlash harakatida bo‘lishadi. Faqat bo‘sh vaqtlarida, bir sabab bo‘lgandagina ichishadi…”
Bu maktub adib hayoti va ijodiga oid esdaliklarning ko‘pida keltiriladi. Mualliflarning fikri bir xil: ushbu maktubda bayon qilingan madaniy-axloqiy me’yorlarga birinchi bo‘lib Chexovning o‘zi rioya qilgan, qisqa umri davomida ko‘p narsalardan voz kechib, shon-shuhrat, quruq maqtov, tilyog‘lamalikdan iborat hamdu sanolarga parvo qilmay, adabiyotshunoslar yumor bobida uni Gogoldan keyingi o‘ringa ko‘tarib qo‘yishganiga qaramay, 1888 yili Fanlar akademiyasi uni Pushkin mukofotiga munosib ko‘rsa yoki oradan ikki yil o‘tgach, shu tashkilot adibni akademiyaning faxriy a’zosi qilib saylasa ham, havolanmay, xuddi hech nima bo‘lmaganday, hayotni kuzatish, odamlar xarakterini o‘rganish, bemorlarni davolash, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bilan mashg‘ul bo‘lgan, adibning ko‘p bor takrorlaydigan iborasi bilan aytganda, o‘zini o‘zi “dressirovka” qilgan, xarakterini tarbiyalagan. Ijodkor ziyoli uchun kamtarlik, samimiylik, ayniqsa, rostgo‘ylik noyob iste’dod kabi muhimdir, balki undan-da muhimroqdir. Adabiyot hayotni butun borlig‘i, issiq-sovug‘i, past-balandliklari, tanti-notantiliklari bilan, qanday bo‘lsa, shundayligicha tasvirlashi kerak. Shu boisdan ham u ADABIYoT deb ataladi. Adabiyotning vazifasi haqiqatni sofligi va to‘laligicha, o‘ziga va faqat o‘ziga o‘xshatib tasvirlashdir.
Chexov mana shu mangu haqiqatni chuqur anglagan va o‘zi kashf etgan axloqiy qoidalarga har qanday holatda ham qat’iyat bilan amal qilgan. Misol, u Saxalin oroliga biror kishining ko‘magi yoki biror tashkilotning yo‘llanmasi bilan emas, o‘z xohishiga ko‘ra borgan, o‘zicha yo‘lga tushib, izg‘irinli qor-sovuqda kiyim-boshi shalabbo bo‘lgan, tizzasigacha loy kechgan, notanish general bilan “qo‘lbola” uylardan biriga kirishganida, generalga quruq kiyim-bosh, ko‘rpa-to‘shak berishganida, o‘zi esa jiqqa ho‘l kiyimi bilan, yana deng, yerda yotib, tong otishini kutganida ham dimog‘dorlik qilmagan, “Men falonchiman, axir”, deyish xayoliga kelmagan.
Chexov yosh ijodkorlarga: “Iloji boricha ko‘p yozing, yozganlaringiz ko‘ngildagidek chiqmasa, bundan tashvishga tushmang, aksincha, yozishda davom eting, to‘xtamang, vaqti-soati kelib, hammasi yaxshi bo‘ladi. Muhimi, yoshligingiz va shijoatingizni behuda yumushlarga sarflamang. Mahoratingizni oshirish uchun jiddiy ishlang. Qarang, har holda yomon yozayotganingiz yo‘q, o‘qisa bo‘ladi, ammo so‘z boyligingiz kam, tilingiz g‘aliz. Tilingizni boyitib boring. Buning uchun har kuni yozish kerak”, deya maslahat berar ekan. O‘zi bo‘lsa asarlari tilini boyitish uchun yoshlardan ko‘ra ko‘proq ishlar, izlanar, do‘stlari, suhbatdoshlari, kutilmagan hamrohlarining so‘zlari, ichkilik avjiga chiqqanda tilga qalqib chiqadigan ajabtovur iboralardan, shuningdek, lug‘atlar, kataloglar, ilmiy ishlar, muqaddas kitoblardan foydalanishdan to‘xtamas ekan. “Poyezdda uchinchi klass vagonida ko‘proq yuring, u yerda ko‘plab qiziqarli voqealarning guvohi bo‘lasiz, umringizda eshitmagan narsalarni eshitasiz”, der ekan maslahat so‘raganlarga. Haftalab, oylab, tashqariga chiqmay asar yozadigan, yozuvchilarni xushlamay, “Bundaylarning qo‘lyozmalaridan eshik va derazalari yopiq zax xonaning hidi keladi, o‘qisang, ko‘ngling ayniydi”, deya taassuf bildirar ekan. Bir kuni oldiga kelgan havaskor yozuvchining salmoqli qo‘lyozmasini majburan o‘qib, “Birodar, shuncha narsani uyda, xira chiroqda qanday qog‘ozga tushirdingiz-a, dunyoda Peterburgdan tashqarida ham shaharlar, daryolar, moviy o‘tloqlar, pivoxonalar borligi, u yerlarda ham odamlar yashashi, uylanishi, ajrashishi, to‘ylarda to‘s-to‘polon ko‘tarishi, gulday xotini, bolalari bo‘la turib, upa-elik surmasa, yuzi burishiq oshqovoqday ko‘rinadigan qirchang‘ilarga ilakishib qolishi ham mumkinligidan xabaringiz bormi o‘zi?” deb kinoya qilgan ekan.
Anton Pavlovichning Saxalin safari uzoq vaqt mobaynida tadqiqotchilar o‘rtasida turlicha bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani aniq. Bu xususda 1960 yili Moskvada chop etilgan “A.P.Chexov zamondoshlari xotirasida” to‘plamiga kirgan maqolalarda ko‘p fikrlar aytilgan. Gap shundaki, bunday og‘ir, mashaqqatli safarga otlanishga hamma ham jur’at qilmasdi. Chexov hech kimga hech nima demay, deyarli tayyorgarliksiz yo‘lga tushadi. U paytlari temir yo‘l qayoqda deysiz, otda, aravada, paroxodda, qayiqda, bug‘uli chang‘ilarda, yana bir nimalarda ming azob bilan yo‘l bosadi, a’zoyi badani qaqshab og‘riydi, suvsiz, ovqatsiz qolib ketadi, jomadoni qayiqdan suvga ag‘anaydi, o‘zi necha bor o‘limdan qoladi. Ammo niyatidan qaytmaydi. Ba’zilar uning bu qarorini jamiyat hayotidan chekinish, ijodiy sustlashish, tushunib bo‘lmaydigan mavhum bir uzlat deb baholashadi. Burenin “Iste’dodli yozuvchi yo‘qotgan ilhomini topish uchun Sibirga jo‘nadi, qoyalar aro sarson-sargardon kezdi, ammo hech narsa topa olmay, orqasiga qaytdi. Alqissa, ilhom qidirib uzoqqa borish shart emas”, degan ma’noda kinoyali she’r yozadi. Boshqa bir kishi bu safarni “shon-shuhrat cho‘qqisiga intilish” deb tushunadi.
Aslida ham shundaymidi? Yo‘q, bunday emasdi. Bu savolga aniq javobni adibning singlisi Mariya Pavlovnaning xotiralaridan topish mumkin. “Akamni Saxalinga surgun qilingan odamlar azob-uqubat chekishmoqda, kasallikdan nobud bo‘lishmoqda, degan xabarlar jiddiy tashvishga soldi”. Shu birgina jumladan anglashilmoqdaki, Anton Pavlovich shifokor sifatida mahbuslar taqdiriga befarq qarashni kasbiga nisbatan xiyonat deb tushunadi, adib sifatida jannatday yashnatib qo‘ygan bog‘ida tinchgina umrguzaronlik qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Bu tashvishli holatni bilib turib, surgundagi muhtojlarga yordam berish o‘rniga, quruq safsatabozlikdan nariga o‘tmayotgan shoir va yozuvchilardan nafratlanib ketadi. Ikkinchidan, bu paytda adibning o‘zida ham ba’zi ichki savollar paydo bo‘la boshlagan edi: “Yozuvchi kim uchun va nima uchun yozadi? Jamiyat odamlar taqdiriga nega bu qadar befarq? Ishonch va ishonchsizlik, vafo va xiyonat, kamtarlik va takabburlik, mehnatsevarlik va tekinxo‘rlik, donolik va nodonlik nega yonma-yon yashaydi, bu manfur zanjirni uzish, o‘zgartirish mumkin emasmi?” “Qilayotgan ishlarim hech narsaga arzimasligini o‘ylab, o‘zimdan o‘zim qoniqmay qoldim. Hissiyotlarim vaqtni behuda o‘tkazayotganimni aytib turibdi”, deb yozadi u xatlaridan birida. Boshqasida o‘qiymiz: “Yo‘q, biz zarur narsalar to‘g‘risida yozolmayapmiz…” “Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r”, deyishadi. Chexovday adib yozolmayotgan bo‘lsa, unda… Bu savollarga “Oltinchi palata”dan javob topish mumkin. “Aqlli odamlar va ularning suhbati tez-tez tushimga kirib turadi, – deydi asar qahramonlaridan biri vrach Andrey Yefimich pochta mudiri Mixail Averyanovichga. – Otam meni xo‘b o‘qitdi-yu, lekin 60-yillardagi oqim ta’siri ostida doktor bo‘lishga majbur qildi. Agar o‘sha vaqtlarda uning so‘ziga quloq solmaganimda, hozir fikr o‘chog‘ining xuddi markazida bo‘lardim, deb o‘ylayman… Albatta, aql ham abadiy emas, o‘tkinchi-ku, lekin siz mening nima uchun unga moyilligimni bilasiz. Hayot – alamli bir dom. Fikrlovchi inson ulg‘ayib, aqli kamolga yetganda, beixtiyor o‘zini qutulishning iloji bo‘lmagan bir domga ilinganday his qiladi. Haqiqatan, uning ixtiyoridan tashqari, qandaydir tasodiflar orqasida yo‘qdan bor bo‘lib, olamga keladi. Nega? U nega mavjudligining ma’nosini va maqsadini bilishni istaydi – unga aytilmaydi yoki aql bovar qilmaydigan so‘zlarni aytishadi; taqillatadi, unga eshik ochmaydilar, o‘lim ham uning ixtiyoridan tashqari keladi. Mana, turmadagi kishilar, umumiy baxtsizlik tufayli bir joyga to‘planganlaridan ancha yengil tortganday bo‘ladilar, hayotda ham tahlil va umumiy xulosa chiqarishga moyil odamlar bir yerga yig‘ilishib, erkin va sharafli g‘oyalarini o‘rtoqlashish bilan vaqt o‘tkazganlarida haligi dom sezilmaydi. Bu jihatdan aql hech qiyossiz huzur-halovatdir…”
Bu so‘zlarni aytayotgan odam – bemorlarni davolovchi vrach, ammo “ko‘rinishi qo‘pol, dag‘al, dehqonlarga o‘xshaydi, yuzi, soqoli, yassi sochi, mustahkam hamda beo‘xshov jussasi katta yo‘llardagi badnafs va o‘jar davangirdek mayxonachini eslatadi… Bo‘yniga kichikroq shish chiqqan, o‘sha shish ohorlangan qattiq yoqa taqishga xalaqit beradi, shu sababdan doim chitdanmi, oq surupdanmi yumshoqqina ko‘ylak kiyib yuradi. Umuman doktorchasiga kiyinmaydi. Bitta kostyumini o‘n yillab egnidan tushirmaydi… bitta kostyumda kasal ham qaraydi, ovqat ham yeydi, mehmonga ham boraveradi, lekin bu pishiqligidan emas, ust-boshiga butunlay ahamiyat bermasligidan”.
Adib hikoyalari qahramonlarining har biri fe’l-atvor jihatidan bir-birini aslo takrorlamaydi. Ammo ular, yuqorida aytilganidek, umumiy baxtsizlik yo umumiy omadsizlik, beg‘amlik bois, bir joyga – bir jamiyatga yig‘ilib, bir davrda yashayotgan va bir xil muammolar girdobida qolgan taqdirdoshlarga o‘xshab ketadi. “Rotshildning skripkasi” hikoyasidagi ortiqcha chiqim bo‘lmasligi uchun xotiniga choy ichirmaydigan tobutsoz Yakov, “Tanish erkak”dagi og‘rimayotgan, ammo kovak tishini qo‘lidagi uzugi bahosiga sug‘urtirgan Nastasiya Kanavkina, “Ammamning buzog‘i”dagi ish beruvchi o‘zini shafqatsiz darajada tahqirlasa, ish haqining yarmidan ko‘pini turli vajlar bilan ushlab qolsa ham qulluq qilib turadigan xokisor Yuliya Vasilevna, “Hamyon”dagi sayohatga chiqqan uch aktyor – bularning bari o‘zaro taqdirdoshlar, bir-birini to‘ldiruvchi obrazlar desak, xato bo‘lmas. Darvoqe, “Hamyon” hikoyasi o‘quvchiga Sharqning o‘ziga xos nozikliklarini eslatadiki, “Chexov behudaga Buxorocha zardo‘zi chopon kiyib yurmagan bo‘lsa kerak”, degan fikr o‘tadi ko‘ngildan.
Chexov adabiyotni hafta-o‘n kunda daromad keltiradigan tomorqaga, zotdor sog‘in sigirga aylantirib olgan, aslida esa, yozganlari bir pulga qimmat, iste’dodsiz kishilar ko‘payib borayotganidan ranjiydi. Jan Jak Russo 1750 yili nashr etilgan asarida shunday yozadi: “Agar ilm-fan va san’at yutuqlari haqiqiy baxtimizni yuksaltirmas ekan, agar ular axloqimiz, pokiza dilimizga ziyon yetkazar ekan, u holda soddadil yozuvchilar to‘dasi haqida nimalar deyishimiz mumkin?.. Ilm-ma’rifat qo‘rg‘onlarini andishasizlik bilan buzib, bu muqaddas dargohga noloyiq tarbiyasizlar uchun yo‘l ochib bergan ko‘chirmachilar haqida-chi? Adabiyotda uzoqqa bora olmaydiganlar bu muqaddas dargoh ostonasidan quvilsalar va boshqa biror foydali ishga jalb qilinsalar ma’qul emasmi?! Shunday qilinsa, umr bo‘yi shunchaki qofiyabozlik bilan shug‘ullanib yurgan shoir, mutaxassisligi o‘rtamiyona bo‘lgan odamdan mahoratli mato to‘quvchi chiqishi mumkin edi-ku?!” Rus faylasufi Nikolay Berdyayev (1974–1948)ning fikricha, odamlarning ko‘pchiligi voqelikning chin mohiyati bilan emas, balki narsalarning tashqi jihati bilan yashaydi, faqat bir ustqurmani ko‘radi, odamlarni ularning tashqi ko‘rinishi, tashqi belgilariga qarab baholaydi. Chunonchi, rus ziyolilarining ko‘pchiligi, garchi ular o‘zlarini fikr va ziyo tarqatuvchilar deb bilishsa-da, ayni shunday – fikr mudroqligi, beg‘amlik, miyaga o‘rnashib qolgan yuzakilik bilan murosa qilish tarzida yashashadi. Yozuvchi Shukur Xolmirzayev o‘tgan asrning 90-yillari boshlarida “Adabiyot o‘ladimi?” degan savolni o‘rtaga tashladi, ko‘pchilik: “Ha, mafkura adabiyoti o‘ladi, ammo chinakam badiiy adabiyot yashab qoladi”, deb javob berdi. Oradan yigirma yil o‘tgach, rus tanqidchisi Aleksandr Titov “Adabiyot keraksiz bo‘lib qoladimi?” degan savol bilan chiqib, unga o‘zi javob qaytardi: “O‘zini o‘rab turgan madaniy muhit nomaqbul va nomatlub bo‘lishiga qaramay, chekkaga surib chiqarilgan hozirgi adabiyot o‘z holicha na jamiyat, na madaniyatning boshqa sohalariga daxlsiz holda yashamoqda. Biroq, og‘ir xastaligiga qaramasdan, adabiyot nafas olmoqda, uni o‘lmoqda deyishga til bormaydi” (“Jahon adabiyoti”, 2010 yil, 12-son, 146-bet).
O‘z vaqtida Gogol va Tolstoy ham bu savollarga javob berishgan. Chexov hech kimga hech nima demaydi, sekingina “ketdim” deydi-da, kamtarin yuki bilan yo‘lga tushadi. Tadqiqotchilar Chexovning bir o‘zi o‘ta qiyin sharoitda bajargan bu ishni biror rasmiy tashkilotning mehnat jamoasi bir necha oy ichida arang bajarishi mumkinligini aytishadi. Bu – ulug‘ adibning adabiyot va jamiyat munosabatlaridagi mavhumlikka nisbatan isyoni emasmikan?!
Chexov inson g‘ururini, ichki madaniyatni va ayniqsa, tarbiyalilikni yuqori baholagan. Tarbiya vositasida hatto qon suradigan yaramas illatlarni ham tuzatsa bo‘ladi, deb hisoblagan. G‘urursiz yozuvchilarni jini suymagan. Bir misol. Viktor Burenin “Novoye vremya” gazetasida Yasinskiyni iste’dodsizlikda ayblab, po‘stagini qoqadi. Yasinskiy bo‘lsa, xuddi hech nima bo‘lmaganday, gazeta bilan hamkorlikni davom ettiraveradi. Bundan Chexovning jahli chiqadi, “Yasinskiy “Novoye vremya” bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirib, o‘zining basharasiga o‘zi tufladi, – deb yozadi u. – Butun dunyoda hali hech bir mushuk sichqonni Burenin Yasinskiyning ustidan kulganidek mazax qilmagan edi… Uning o‘rnida men bo‘lganimda, burnimni “Novoye vremya”dagina emas, “Malaya italyanskaya”da (gazeta joylashgan ko‘chada) ham ko‘rsatmagan bo‘lar edim”. Adibning printsipial fikri: “Bizning janob aktyorlarimizda hamma narsa bor, faqat tarbiyalilik yetishmaydi”, boshqa bir fikri: “Bir nimalarni to‘kib, dasturxonni iflos qilmaydigan kishini emas, bu ishni boshqa birov qilsa, uni ko‘rmaslikka oladigan kishini tarbiyali deyish mumkin”.
Vaqt o‘tib boradi. Odamlar o‘zgaradi, badiiy tafakkur hosilalariga talab va ularni idrok etish mezonlari takomillashadi. Binobarin, yozuvchi yoki shoirlarning merosi shu shiddat va talab natijasida saralanadi. Bu – inkor etib bo‘lmaydigan ayovsiz qonuniyat. Biroq shunday meroslar borki, ular yillar, asrlar sinoviga dosh berish bilan birga, vaqt o‘tgani sari fikriy, ijtimoiy salmog‘i, qadr-qimmati oshib boraveradi, tagma’nolari ochilib, yangi-yangi ixlosmandlarni o‘ziga ohanraboday tortadi. Rus adabiyotining ko‘plab namunalari XIX asrdan XX, so‘ng XXI asrga bus-butun o‘tdi, o‘zbek adabiyoti ham, harqalay, yangi mingyillikka quruq qo‘l bilan kelgani yo‘q.
Chexovga kelsak, uning merosi yashashda, o‘z vazifasini ado etishda davom etmoqda. Hikoyalari o‘qilmoqda. Dramatik asarlari dunyo teatrlari sahnalarini “Olchazor”, “Uch opa-singil” bo‘lib bezamoqda, shu asarlar tufayli ne-ne rejissyorlar, aktyorlarning qozoni qaynab turibdi. Umrida qo‘liga kitob ushlamaganlar ham buqalamunni bilishadi, dunyoda oltinchi raqamli palatasi bo‘lmagan birorta kasalxonani topish qiyin. Bu palatalar tobora gavjumlashib borayotir. Chunki Chexov yashamoqda. Uning qirq to‘rt yoshga yana qirq to‘rt marta kirishi ehtimoldan xoli emas.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 4-son