Ingliz postmodern adabiyotida Jon Robert Faulzning o‘ziga xos o‘rni bor. U ayniqsa, o‘zining “Kollektsioner”, “Afsungar”, “Frantsuz zobitining xotini”, “Deniel Martin”, “Mantissa” singari roman va qissalarida voqealikni noan’anaviy usulda, o‘tkir va teran nigohda yoritishga harakat qilgan.
Jon Robert Faulz 1926 yilning 31 martida Buyuk Britaniyaning Esseks grafligiga qarashli Lionsi qasabasida dunyoga keladi. Uning otasi Robert Faulz tamaki savdosi bilan shug‘ullanar, onasi Gledis esa, uy bekasi bo‘lsa-da, ma’rifatparvar ingliz ayollaridan edi. Faulz o‘z esdaliklarida onasi aytib bergan qadimiy afsonalar, ertaklar uning qalbida adabiyotga nisbatan qiziqish uyg‘otganini yozadi.
Jon Bedforddagi o‘rta maktabda o‘qigan paytlarida ham o‘zining tashabbuskorligi, jamoat ishlarida faolligi bilan ajralib turardi. U barcha fanlarni puxta o‘zlashtirish barobarida sportga, ayniqsa, kriketga juda ham qiziqardi.
Jon maktabni bitirgach, bir muddat harbiy tayyorgarlikni o‘tab, Qirollik dengiz piyodalari flotiga qabul qilinadi. U dastlab shu sohada qolishni rejalashtirgandi. Biroq, ikki yillik xizmatdan so‘ng, flotni tark etdi va Oksford universitetiga o‘qishga kiradi. Bu yerda u nemis va frantsuz tillarini chuqur o‘rganadi.
Oliy dargoh diplomi qo‘liga tegishi bilan u Frantsiyaga yo‘l oladi va 1950-1963 yillarda pedagogik faoliyat olib boradi. U dastlab Frantsiyaning Puate universitetida, keyin esa Gretsiyaning Spetsess orolidagi gimnaziyada, so‘ng Londondagi Avliyo Godrik kollejida yoshlarga saboq beradi. Aynan mazkur orolda uning mashhur “Afsungar” romanini yaratish g‘oyasi tug‘iladi. Roman voqealari ham aynan shu orolda bo‘lib o‘tadi.
Keyinchalik bu roman unga katta shon-shuhrat olib keldi. Mazkur asar bosh qahramoni Nikolas Erfening prototipi muallifning o‘zidir. Asarda o‘z qobig‘idan zerikib, sarguzasht istab, ona yurtidan bosh olib chiqib ketgan, keyin o‘zi istagandek real voqelikdan yiroq, xayolot olamiga tushib qolgan, oxir-oqibat o‘zining dastlabki hayot tarziga qaytgan inson qismati hikoya qilinadi. Inson istaklarining cheksizligi, taqdir esa, har bir insonning imkoniyatlari darajasidagi hayot tarzini in’om etishi mazkur asarning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Ushbu asar o‘z imkoniyatimizdan tashqari ro‘yolarga intilib emas, hayot bizga taqdim etgan ne’matlardan to‘g‘ri foydalanib, umrning har lahzasidan zavq olib yashash lozimligini uqtiradi go‘yo.
Asarni o‘qish asnosida unda Gomerning “Iliada” va “Odisseya”si, Shekspirning bir qator dramalari ta’sirini yaqqol ilg‘agandek bo‘lasiz.
Jon bo‘lajak umr yo‘ldoshini ham aynan Spetsess orolida uchratgan edi. U Elizabet Kristi bilan 1956 yilda oila quradi. Elizabet yozuvchi bilan kechgan 35 yillik hayoti davomida ijodiga sezilarli ta’sir o‘tkazadi. Muallifning ko‘plab romanlari qahramonida aynan Elizabetning qiyofasi, saj’iyasi, fe’l-atvorini uchratish mumkin. Buni yozuvchining o‘zi ham ko‘p bor e’tirof etgan.
Faulzning 1963 yilda nashr qilingan “Kollektsioner” romani ham adabiyot maydonida kutilmagan hodisa bo‘ldi. Qisqa fursatda roman qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. 1965 yili roman rejissyor Uilyam Uayler tomonidan ekranlashtirildi.
Mazkur asar ikki asosiy qahramon – Klegg va Miranda tilidan hikoya qilinadi. Kapalak kollektsiyasi bilan shug‘ullanuvchi Frederik Klegg san’at bilim yurti talabasi Miranda Greyni yoqtirib qoladi. Biroq qizning unda ko‘ngli bor-yo‘qligi bilan qiziqib ham ko‘rmaydi. Kutilmaganda katta boylikka ega bo‘lgan Klegg qizni o‘g‘irlab keladi va o‘z qasrining yerto‘lasida saqlaydi. Qiz bir necha bor uning qasridan qochib chiqishga urinadi, ammo buning uddasidan chiqa olmaydi. Oxir-oqibat qiz tutqunlikda zotiljam xastaligiga uchrab, vafot etadi.
Yigit avval bu ayriliqdan so‘ng o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi. Biroq qizning kundaligi qo‘liga tushib qolgach, qiz undan qanchalik nafratlanganini anglab yetadi.
Mazkur romanda muallif boylik va kuch bilan inson qalbini zabt etish imkonsizligini yorqin va ishonarli tarzda tasvirlay olgan.
Shundan so‘ng yozuvchining “Aristos” nomli publitsistik to‘plami dunyo yuzini ko‘radi. Bu to‘plamda u o‘zining jamiyatdagi turli-tuman muammolarga nisbatan munosabatini bildirib, har bir muammoning ijtimoiy va psixologik jihatlarini tahlil qilishga urinadi. Muallif o‘zi yashab turgan ijtimoiy tabaqalashuv, ijtimoiy tengsizlikni qattiq tanqid ostiga oladi.
1968 yili Faulz o‘z oilasi bilan Angliya janubidagi Laym-Redjis shaharchasiga ko‘chib o‘tadi. U umrining katta qismini dengiz bo‘yidagi ana shu mo‘jaz kulbasida o‘tkazdi va bu yerda ham barakali ijod qildi. “Frantsuz zobitining xotini” romani ana shu yerda dunyoga kelgan. Bu asar adibga nainki katta shon-shuhrat, balki eng ko‘p daromad olib kelgan kitob bo‘lib qoldi. Adibning e’tiroficha, bu asarda avvalgi yozuvchilar “unutib qoldirgan” mavzuni emas, balki yozishga jur’at etolmagan jihatlarni qamrab olishga intilgan.
Voqealar XIX asrda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, u asardagi voqelikka XX asr kishisi ko‘zi bilan boqadi va uning nuqtai nazaridan baho beradi. Mazkur asar rejissyor Karel Reysha tomonidan ekranlashtiriladi.
Faulz hali Oksfordda o‘qib yurgan kezlaridayoq frantsuz ekzistentsiyalistlari – Kamyu va Sartr ijodiga qiziqib qolgandi. Ular asarlarida ilgari surilgan dunyoning nomukammalligi, inson erki singari g‘oyalar Faulzning ko‘pgina asarlariga ham ko‘chib o‘tdi. O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida yaratilgan asarlarida aynan xayol va hayot o‘rtasidagi ziddiyatli holatlar hikoya qilinadi.
Etmishinchi yillarga kelib, Faulz o‘z hayotiy qarashlarini o‘zgartiradi. Bu o‘zgarishlar “Qora yog‘ochdan qurilgan minora” (1974 yil) qissasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ushbu asar qahramoni uzoq muddat ekzistentsial ozodlik va odatiy hayot tarzidan qay birini tanlash haqida uzoq o‘ylaydi va nihoyat ikkinchisini tanlaydi. “Deniell Martin” asari esa, uning mashhur “Afsungar” romanining mantiqiy davomi o‘laroq yuzaga keladi.
Adib umrining so‘nggi yillarida yurak xastaligi tufayli qattiq aziyat chekdi. Turmush o‘rtog‘i Elizabetning vafotidan so‘ng u o‘zini ruhan yolg‘izlanib qolgandek his etardi. Keyingi yillarda u deyarli ijod qilmay qo‘ydi. Uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng 2005 yilning 5 noyabrida Laym-Rejisda vafot etdi. Uning “Afsungar” asari ingliz adabiyotidagi eng mashhur yuzta asar qatoridan joy olgan.
Rustam Jabborov tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 5-son