Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyning dovrug‘i hayotligidayoq vatani sarhadlaridan chiqib, o‘zga yurtlarda ham mashhur bo‘lgan. Xususan, Turkiyaga uning g‘azallari 1483 yilda, Sulton Boyazidga yetib borgan. Bu 33 ta g‘azalni Sulton Boyazid davrining taniqli shoirlaridan bo‘lgan Ahmad Poshoga beradi. Ahmad Posho Alisher Navoiy she’riyatiga maftun bo‘lib bu g‘azallarning barchasiga nazira bag‘ishlaydi. Turkiyaga Alisher Navoiyning “Devon”i birinchi marta 1501 yilda, shoir Vaziriy tomonidan keltirilgan. XVI asrda yashab ijod etgan taniqli turk shoirlarining deyarli barchalari Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilganlar. Ahmad Posho, Boqiy, Uskubli Ota, Lomiy, Masihiy, Ozodiy, Ahmad Nadim, Shayx G‘olib kabi turk mumtoz adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan shoirlarning A. Navoiy g‘azallariga bag‘ishlagan muxammaslari va e’tirofi fikrimizga dalildir. A. Navoiy ijodining usmonli adabiyotiga ijobiy ta’siri haqida atoqli turk adabiyotshunos olimlari F. Ko‘pruli, A. Lavand, A. Kaboqli, K. Eraslan, M. Chavusho‘g‘li va boshqalar ilmiy ishlarida yozganlar. Taniqli adabiyotshunos olim S. Banarli Alisher Navoiy ijodiga yuqori baho berib: “Alisher Navoiy butun turkiy olamda zamondoshlaridan bugunga qadar o‘tganlarning eng buyugidir, ustozidir”, – deydi.
O‘zini Alisher Navoiyning shogirdlaridan deb bilgan, mashhur turk shoirlaridan biri Ahmad Nadimdir.
Ahmad Nadim (1680-1730) turk mumtoz adabiyoti tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, “Lola davri” turk adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan.
Turk adabiyoti tarixida 1718-1730 yillar “Lola davri”deb yuritiladi. Atamani ilk bor Yahyo Kamol qo‘llagan. 1913 yili Ahmad Rafiq Oltin “Lola davri” kitobini e’lon qilgan. Lola davrida gulzorlarga lolalar ekish, saroylarni lola rasmlari bilan bezash shu darajada urf bo‘ladiki, chet ellardan ko‘plab turli nav lolalarning urug‘lari keltirilar, ayrim noyoblarining urug‘i o‘z davri uchun yuqori bahoda bo‘lgan – ming oltingacha ko‘tarilgan edi. Istanbulda lolaning 639 turi ekilgan ekan.
She’riyatda ham lolani vasf qilish musobaqaga aylangandi. Shuning barobarida adabiyot va san’at gullab-yashnadi.
Ahmad Nadim Istanbulda zodagon oilada tug‘ilib tarbiyalanadi. Otasi Mehmed Nadim qozi bo‘lib, saroyga yaqin kishilardan edi. Yaxshi bilim olgan Nadim mudarris darajasigacha yetadi. Ayniqsa Sulton Ahmad bilan tanishgach uning tole’ yulduzi yanada porlaydi. Mulla Karimiy, Eski Nishonboshi madrasalarida mudarrislik qiladi.
Tarixchi, tarjimon, shoir bo‘lgan Nadim jo‘shqin hayot kechirgan. Shoir sifatida “Devon” tuzgan. Nadim she’riyati o‘zining serzavqligi bilan ajralib turadi. “Devon”da 39 qasida, 159 g‘azal, 82 qit’a, 28 sharqiy va bir qancha mustahzod, taxmis, tajnis, ruboiylar mavjud. She’riyat muxlislari orasida, ayniqsa, Nadimning sharqiylari mashhur bo‘lgan. Ahmad Nadim adabiyotda sharqiy asoschilaridan biri sifatida ham ma’lum. Sharqiylar turk adabiyotida XVIII asrda yaratila boshlagan. Asosan kuy bastalangan sharqiylar ikkitadan beshtagacha to‘rtlikdan iborat bo‘lgan. Ishq va go‘zallik mavzulari qalamga olinib, ko‘pincha aruzning foilotun, foilotun, foilotun, foilun o‘lchovida yozilgan. Sharqiylarda ko‘tarinki ruh, xalq qo‘shiqlariga ohangdoshlik ustuvordir.
Ahmad Nadim ijodining yuksalishida Alisher Navoiy she’riyatining ta’siri kuchli bo‘lgan deyishimiz mumkin. Buni Ahmad Nadim ijodini o‘rgangan olimlar ham ta’kidlaydilar. Ahmad Nadimning o‘zi Navoiy ijodining ta’siri haqida shunday yozgandi: “Navoiy qalamining qudratidan, ruhidan kelgan bir navo ta’sirida go‘zal bir g‘azal yozdim”. Bu g‘azalning matla’si shunday boshlanadi:
Borib kuyinga yig‘lamoq tiladim bir sado tortib, Yog‘urdi men sari ul g‘amze tig‘-i surme-so tortib.G‘azalning maqtasida esa, Ahmad Nadim hazraat Alisher Navoiy asarlaridan naqadar lazzatlanganligini, ilhomlanganini shavq bilan ta’riflaydi:
Navoyi ruh-i kilkin-din Nadimo ko‘p topar lazzat Tarannum aylagach ne yanlig‘ un solib navo tortib.Ko‘rinadiki, Alisher Navoiy ijodining hayotbaxsh ta’siri turkiyalik shoirlarni nafis g‘azallar yozishga ruhlantirgan. Bu, albatta, har bir yurtdoshlarimiz ko‘nglida iftixor hislarini uyg‘otadi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 2-son.