Abdurahim Erkayev. Abdulla Oripov fenomeni

Abdulla Oripov hayoti va ijodi xalqimizning so‘nggi 60 yilda bosib o‘tgan yo‘lini aniq-tiniq aks ettiradi. XX asrning ikkinchi yarmida biror shoir, san’atkor bu yo‘lni Abdulla Oripovdek badiiy kuch-qudrat, his-hayajon bilan ko‘rsata olgan emas. Chunki u noyob daho iste’dodiga mos mas’uliyat tuyg‘usiga ega edi. Mahorat bobida, so‘z jozibasi va obrazliligidan foydalana olishda unga zamondoshlari orasida teng turadigan shoirlar bor. Ammo tarixiy davr xususiyatlarini, ziddiyatlarini, ona Vatan taqdirini, xalqning dardini, g‘am-tashvishlariyu orzu-umidlarini uningdek teran idrok etadigan, qalbining har bir hujayrasidan o‘tkazadigani yo‘q. Zamondosh ijodkorlar orasida birinchi bo‘lib Vatan va xalqning og‘riqli dardini qalamga olgani, hasrat chekib, ehtirosli kuylagani, millat qadr-qimmati, sha’ni uchun kurashgani shundan. U xalq armonini kuylashda, milliy manfaatlarni himoya qilishda, xalqqa milliy o‘zligini anglatishda Navoiy va Cho‘lpon an’analarini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklab, boyitdi va rivojlantirdi. Albatta, bizning fikrlarimiz xususiy bo‘lib, kimlargadir bahsli, isbottalab tuyular. Ammo bular risola muallifining shoir ma’naviy dunyosidan bolalikdan butun ongli umri davomida bahramand bo‘lgani, olgan saboqlari, turli holatlarga uning munosabatlarini kuzatishlari asosida shakllangan. Xullas, Abdulla Oripov fenomeni nimada?
Abdulla Oripov adabiyotga lirik shoir sifatida kirib keldi. Talabalik yillaridagi she’rlarining ba’zilari uning o‘ziga xos badiiy idrokka, kuchli ehtiroslarga egaligini, satrlari ravon, tabiiy, istioralari original ekanini ko‘rsatdi. “Suv parisi”, “Kuz xayollari”, “Pushkin”, “Sen bahorni sog‘inmadingmi”, “Buloq”, “Odamlar” she’rlari bunga dalil bo‘la oladi. “Suv parisi”dan parcha:

Beshik-beshik to‘lqinlar toy-toy bo‘lib chopardi,
Kumush yolli qoyalar soyasini yopardi.

Beshik-beshik to‘lqinlarning toy-toy bo‘lib chopishi – yangi badiiy topilma. “Kuz xayollari” sokin tuyg‘ular, tiriklikning o‘tkinchiligi to‘g‘risida falsafiy lirik mushohada. She’rda qandaydir ma’yuslik, Pushkin iborasi bilan aytganda “yorug‘ ma’yuslik” bor. O‘sha yillarda “yorug‘ ma’yuslik” shoir qalbiga yaqin bo‘lgan. U hali hayotning qaqshatqich zarbalariga, adolatsizlikka, xiyonat va sotqinlikka, hasad va nafratga duch kelmagan edi. Xayollari “shirin” edi. U hali “hovliqib oqquvchi soyda chavandoz umrining qaytmas sehri”ni ko‘rardi:

Bunda bari go‘zal: tim qora oqshom,
Yulduzlar boqadi tund va yovvoyi.
Qamishzor, shovullab turguvchi soy ham,
Sovuq va yoqimli: shundoq anvoyi,
Ularga boqaman, to‘naman ba’zan,
Shirin bir xayolga cho‘maman ba’zan.

Talabalik yillarida shoir Labzak ko‘chasining kichik boshi berk tarmoqlaridan birida, o‘sha vaqtda Pushkin nomi bilan ataladigan istirohat bog‘i ortida ijarada yashardi. Xonadon hovlisi tepalikdagi qiyalikda joylashgan bo‘lib, undan Pushkin haykali ko‘rinib turardi. Aytish lozimki, shoir yoshlikdan Pushkin she’rlarini ko‘p o‘qirdi. Ba’zan ovozini chiqarib, 7–8 yashar bolaga ham o‘qib berardi. Bu bola men edim. Pushkinga hurmat, oshuftalik uning butun hayoti davomida saqlandi. U hayron qolarli darajada shoir tarjimai holini, uning hayotida yuz bergan yirik voqealar mayda tafsilotlargacha yaxshi bilardi. Universitetda rus adabiyoti bo‘yicha dars bergan ayol domlasini minnatdorlik bilan eslardi. U o‘zi va Pushkin orasida qandaydir umumiylikni his qilgan bo‘lsa, ajab emas. Pushkinni yuksak kiborlar doirasi unchalik pisand qilmagan. Kelib chiqishi ona tomondan Pyotr I ga tortiq qilingan habashga bog‘lanishi unga nisbatan kiborlar orasida bepisand munosabatni shakllantirgan. Ota tomondan Pushkin katta bobolari siyosiy fitnalarda qatnashgani uchun saroydan quvg‘in qilinib, qashshoqlashib qolgan dvoryanlar avlodiga mansub edi. Abdulla Oripov Toshkentda ziddiyatli muhitga tushib qolgandi. Bir tomondan, u yaxshi do‘stlar, ustozlar orttirdi. Atrofdagilar unga qiziqib qaray boshladi. Iste’dodini e’tirof etdi, xayrixohlik qildi. Ikkinchi tomondan, kalondimog‘lik va o‘sha davrda pinhona rag‘batlantirib turilgan mahalliychilikka duch keldi. Aslzodalardan yoki rahbarlar avlodidan emas. Qashqadaryo degan chekka viloyatdan kelgan. Xo‘sh, iste’dodli bo‘lsa, nima qilibdi? Osmondan yulduzni uzib olayotgani yo‘q-ku! Bundaylar kammi? Yosh shoir­ga shunday munosabatlar ham bo‘lgan.
Uning universitetni bitirish arafasida yozgan “Pushkin” she’ri aslida kichik lirik dostonga yaqinroq. Zimdan shoir ijodiy tafakkurida yangi janr shakllanib kelgan. “Kuz xayollari”dan farqli o‘laroq “Pushkin”da ehtiros kuchi va jozibasini, shoirning yuksak ma’naviy-fuqarolik pozitsiyasini ko‘ramiz.

Yo‘q, yo‘q, dardli shoir, porloq yulduzni,
Ayt-chi, kim g‘amli deb ayta olarkan,
Boqguvchi ko‘zda nam bo‘lmasa agar!
Sil bo‘lgan go‘zalga o‘xsharmidi kuz.
Qalbingda bahordan g‘am bo‘lmasa gar…
Toju taxt qusuri, qonu adovat,
G‘iybatu kin, g‘araz bijg‘ib sasigan
Zamonga abadiy la’natlar bo‘lsin!
Ezgulik kuychisin o‘qqa tutgan u
Olifta Dantesning qiyofasida!..

Ushbu she’rda Abdulla Oripovning poetik uslubi uzil-kesil shakllandi va undan keyin faqat yanada takomillashib, sayqallanib bordi. Bu uslubga romantizm, fikrlarning zamon va makonda cheklanib qolmasligi, mayda detal (yagonalik)ning umumiylik, umumiylikning yagonalik kasb etishi, keskin tezlashishning sokinlik bilan almashib turishi, kontrastli o‘xshatishlar va istioralarni qo‘llash xos bo‘ldi. Ularning kurtaklari “Pushkin” she’rida aniq namoyon bo‘la boshladi.
Abdulla Oripovning badiiy tafakkuri, oddiy tilda aytsak, poetik iste’dodi baland edi. Daho shunchaki ulug‘, buyuk iste’dod emas. Buyuk iste’dod ijod qiladigan adabiy turini, janrini g‘oyaviy-badiiy jihatdan takomillashtiradi, yangi obrazlar, badiiy uslublar, original va hammaga manzur asarlar bilan boyitadi. Daho esa bulardan tashqari adabiyotda yangi g‘oyaviy-badiiy yo‘nalish ochadi, unga yangi badiiy mezon beradi. Haqiqat va milliy o‘zlikni anglashni sifat jihatdan bir pog‘ona yuqori ko‘taradi. U o‘z davri muammolarini umuminsoniy mezonlar nuqtai nazaridan idrok etib, xalqining dardini butun insoniyat dardiga aylantira oladi. Natijada Vatani Koinot darajasiga ko‘tariladi, yashaydigan davri, vaqti kosmik miqyos kasb etadi. Va, aksincha: Koinot va kosmik vaqt xalqi yashaydigan makon va zamonda voqelashadi. Umuminsoniy g‘oya va qadriyat milliylikda, milliy voqelikda ifodalanadi. Abdulla Oripov o‘zbek she’riyatiga mana shunday tafakkur tarzini olib kirdi. Bunga shoirning nafaqat vatanparvarlik mazmunidagi she’rlarini, shuningdek, ishqiy va falsafiy she’rlarini o‘qib ishonch hosil qilish mumkin:

Yurgil, dalalarga ketaylik, do‘stim,
Diqqinafas uyda yotmoq paytimas.
Oltin O‘zbekiston tuprog‘i bu kun
Bir pari faslning og‘ushida mast.

Nozik tuyg‘ular ancha jo‘shqin va chiroyli ifodalangan lirik satrlar bilan boshlangan “O‘zbekistonda kuz” she’rida mavsum manzarasiga chizgilar davom etadi:

Shabnam shovullaydi bog‘lar qo‘ynida,
Salqin tuman ichra bo‘zarar tonglar,
Quyoshning erinchoq yog‘dularida
Nafis yaltiraydi bargi xazonlar.
Har yonda to‘kinlik…
Kuzdan nishona…
Har yonda go‘zallik yoymish daftarin.

Ammo manzara chizgilari qo‘qqisdan bezovta his-tuyg‘ular ifodasiga o‘tadi, kontrast holat yuzaga keladi:

Sonsiz egatlarga sochilmish, ana,
Mening shodliklarim, ezgu dardlarim,
Mening ona xalqim…
Ey qadim halol,
Rizqi ona yerga sepilgan xalqim,
Ushoq chigitni ham etmay deb uvol
Million egatlarga egilgan xalqim!..

Shoirning shodligiyu ezgu dardlari ona xalqi tufaylidir. Xalqining mehnatsevarligidan, ushoq chigitni ham uvol qilmasligidan faxr tuysa, og‘ir mehnat tufayli ezilib ketganidan, hatto tevaragidagi kuz go‘zalligidan zavq olishga imkoni yo‘qligidan qayg‘uradi. Xalqini qaddini rostlab, boshini ko‘tarishga, kuz ne’matidan bahramand bo‘lishga chorlaydi:

Bir nafas boshingni ko‘targin-u, boq:
Er yuzida ajib viqor va nufuz.
Sening o‘zing kabi o‘ychan va quvnoq,
Xushfe’l bo‘lib kelmish tuprog‘ingga kuz.

Kuz tasviridan shoir falsafiy mushohadaga o‘tadi. Zamon va makon kengayadi: kuz hosilni, yaratuvchi mehnatni, hayot to‘kin-sochinligini, g‘am-tashvishini, umrni hisob-kitob qiladigan fasl.

Ulug‘ Alisherning soch oqin ko‘rib,
Og‘ir xayollarga cho‘mgan bu fasl.
Qayrag‘och tagida g‘amgin o‘tirib,
Chollarga hassalar yo‘ngan bu fasl.
Azaliy ko‘rkini qiladi ko‘z-ko‘z…

Kuz obrazida “og‘ir xayollar”, “g‘amgin”lik, dramatik kayfiyat, bezovtalik paydo bo‘ldi. Zero, shoir uchun kuzning chiroyi, to‘kinligi muhim emas, balki:

Zahmatkash o‘zbekning hosili qandoq?
Kuzning falsafasi shudir biz uchun.

She’r vatanparvarlik mavzusiga bag‘ishlanmagan. Ammo tabiat fasli haqida haqiqiy asar yozganda, qanday qilib Vatan va xalqni chetlab o‘tish mumkin? Axir, Vatan – ona xalqing yashaydigan tabiatning bir qismi-ku! Tabiat fasli – sen umrguzaronlik qilayotgan aktual zamon, vaqt. Bu zamon va makonda xalqing qay darajada o‘zligini anglagan? Qay darajada erkin? O‘zlikni anglash o‘z makoni va zamonini, ona tabiati va uning saxovatini, to‘kin-sochin kuzining go‘zalligini, bahorining hayotbaxsh farahini, tarovatini anglashni ham o‘z ichiga olmaydimi? Abdulla Oripov qaysi mavzuda yozmasin, matn tagida ona Vatani, xalqining asriy g‘am-g‘ussasi yashirin. Bu jihat ayniqsa “O‘zbekistonda kuz”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” kabi she’rlarida yarq etib ko‘zga tashlanadi. Mana, Armanistonga bag‘ishlangan she’rdan bir parcha:

Mening ham Vatanim janglar guvohi,
Mening ham tuprog‘im toptalgandi xor,
Mening ham ruhimda ajdodlar ohi,
Mening ham qonimda qilich zangi bor.
Minorlar emas bu – falakka qasam,
Qasoskor bobolar ketmishlar sanchib.
Men tortgan g‘amni ham bir-bir sanasam,
O‘lik fir’avnlar ketarlar sapchib.

Keltirilgan parchani uzoq va turli mavzular, g‘oyalar bilan bog‘lab sharhlash mumkin. Shu sakkiz misraning sharhi katta bir maqola yoki mustaqil risola bo‘lishi mumkin. Faqat ikki misra talqini bilan cheklanamiz. “Mening ham ruhimda ajdodlar ohi” deganda, ona xalqining asrlar davomida chekkan azob-uqubatlari, ushalmagan orzu-armonlari muallifning qalbida yashab kelayotgani, ajdodlar xotirasi oldida u ham mas’ul ekani nazarda tutilmoqda. “Mening ham qonimda qilich zangi bor” – ajdodlarning dil yarasi unda davom etayotganini, hali bitmaganini eslatish qatorida “qon” va “zang”ni birlashtirib qondagi qizillik temir moddasidan tashkil topishiga ishora qilayotir. Natijada ajib bir obrazlilik va ekspressiya vujudga kelgan.
“Men tortgan g‘amni ham bir-bir sanasam, O‘lik fir’avnlar ketarlar sapchib” poetik mubolag‘aning yuqori ko‘rinishlaridan biri. Fir’avnlar Qur’oni Karimda qadimgi Misrning yovuz podshohlari, kibr, zulm va kufrning timsoli sifatida qayd etilgan. Hatto shunday zolimlar ham mening xalqim boshiga tushgan kulfatlarni eshitsa, toqat qilolmasdan tobutlaridan sapchib turib ketar edi, demoqda shoir. Mulohazani davom ettiramiz.
Boshqa bir, oradan 30 yil o‘tib yozilgan “Jahongashta” nomli sakkiz qatorlik she’rida o‘qiymiz:

Bir kun so‘radilar jahongashtadan:
– Aytgil, bir yurakka olam siqqaymi?
Yoki yo‘qmi senda turar joy, Vatan.
Sang‘ib yurmoqlikdan shoxing chiqqaymi?
U dedi: toqatim yo‘qdir firoqqa,
Men asli muhabbat uchun yashayman.
Faqat gohi-gohi ketib yiroqqa
Yurtim dast ko‘tarib, to‘yib qarayman.

Vatan va millatga mehr Abdulla Oripov uchun tug‘ma tuyg‘u, shoir ijodining mohiyatidir. Bu tuyg‘uni u zamonasozlik qilib, yoki boshqa kon’yunktur maqsadlarni ko‘zlab qog‘ozga tushirmaydi. U:

Men shoirman,
Istasangiz shu,
O‘zimniki erur shu sozim,
Birovlardan olmadim tuyg‘u,
O‘zgaga ham bermam ovozim.

deb yozishga yuz karra haqli edi. Vatanni kimdir faqat ulug‘lab kuylaydi, butun umri ma’no-mazmunini uni zavq-shavq bilan kuylashda ko‘radi. Kimdir zavq-shavq bilan kuylash qatorida kuyunchaklik bilan Vatandagi muammolarni tilga oladi. Lekin hamma uni ona deya ta’riflaydi. Abdulla Oripov ikkinchi toifaga mansub. “Tilla baliqcha” sarlavhali sakkiz qatorlik mo‘jazgina she’r ham, garchi ular tilga olinmasa-da, Vatan va millat haqida.

Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni
Shu loyqa hovuzga tomon otdilar.
Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni,
Xoru xas, xazonlar ustin yopdilar.
Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha
Va gavjum tollarning achchiq xazoni.
Menga alam qilar, tilla baliqcha
Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni!

Chizilgan manzara realistik. Ammo manzara – badiiy vosita, xolos. Tilla baliqcha tuzum qurboni – xalq. Sassiq hovuz – ijtimoiy muhiti buzuq, temir parda bilan jahondan ihotalangan mamlakat, benavo Vatan. She’r sovet tuzumiga qarshi ma’naviy isyonni ifodalamoqda. Oddiy manzara tasviri ruhiy holat ifodasiga aylanmoqda. Garchi shoirning o‘zi she’r qanday, ne sababdan yozilganini ta’kidlab, na tuzumni, na uning qurboni xalqni nazarda tutmaganini tan olgan bo‘lsa-da, uning ongi tubida, ong ostida Go‘ro‘g‘li va Alpomishdan, Navoiy va Cho‘lpondan kelayotgan arxetip – adolat va Vatan ozodligi kurashchisi ruhi yashardi. Shu sabab nima haqda yozmasin, Vatan va xalq mavzusi beixtiyor yuzaga chiqib kelaverardi.
Abdulla Oripov she’rlarida Xorazmiy, Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy daholari butun olamga ilm ziyosi va ma’rifat tarqatgani ham, Temur davridagi xalqning shiddati ham, keyin davlat rahbarlarining kaltabinligi, so‘qirligi tufayli uning to‘zg‘ib, uch davlatga bo‘linib ketgani ham, milliy mustaqilligini 130 yil qo‘ldan boy berib, bugun istiqlolga erishgani ham uch-to‘rt satrlarda mujassam yuksak poetik mahorat bilan ifodalanadi. Vatan mavzusi shoir ijodida so‘nggi damgacha yetakchi bo‘lib qoldi.
Biz yuqorida Vatanga muhabbat Abdulla Oripov uchun arxetip edi dedik. Arxetip tushunchasi izohga muhtoj. Mazkur tushunchani fanga atoqli psixoanalitik olim Karl Yung kiritgan. Arxetip – jamoaviy ongsizlikni, xalq, biror tabaqa, yirik guruh ongi ostida saqlanib qolgan ijtimoiy instinktni bildiradi. Ya’ni bu tug‘ma tabiiy – biologik instinkt emas, balki odamlarning uzoq ajdodlari yashash uchun kurashda tajriba orqali orttirgan, shakllantirgan xulqiy qolip, andozadir. U keyinchalik yashash sharoitlari, imkoniyatlari o‘zgarishi, yaxshilanishi natijasida unutilib ketgan, ammo ong ostida jamoaviy ongsizlik – arxetip sifatida saqlanib qolgan. Boshqacha aytganda, ijtimoiy instinktga aylangan. Masalan, ibtidoiy kishilar guruhi yirtqich hayvonlar hamlasiga yoki boshqa bir urug‘ hujumiga duch kelganda, hamma har tarafga qarab qochsa, yirtqichlar yoki dushmanlar ularni deyarli to‘liq qirib tashlagan, agar birgalashib qarshilik ko‘rsatsa, har holda bir qismi omon qolgan. Yoki jamoaviy sig‘inish, qurbonliklar keltirish, marosimlar o‘tkazish, bayramlarga, urf-odatlarga, hatto ulardan ayrim qadimdan kelayotganlari sen sig‘inayotgan din talablariga kirmasa-da (masalan, Navro‘z), ularga amal qilish arxetipga misoldir. Arxetip tufayli urushda hujum qilganda barcha jangchilar birdan ko‘tarilib, dushmanga tashlangan, yog‘ilayotgan o‘qqa tomon chopgan. Mana shunga o‘xshash anglanmagan, g‘ayrimantiqiy harakatlar, qarorlar arxetip deyiladi. Abdulla Oripovda vatanparvarlik tuyg‘usi, Vatan uchun kurash – arxetip edi.
“Munojotni tinglab” she’rida hali Abdulla Oripov fenomeni shakllanishi davom etayotganda, real aniq vaqtda g‘amgin kuydan his qilayotgan tuyg‘ularni, dard­ni kosmik, fazoviy vaqt va jahoniy dard bilan mushtarak ifodalashda u yanada yuksakroqqa ko‘tariladi:

…Eshilib, to‘lg‘anib, ingranadi kuy,
Qaylardan kelmoqda bu ohu faryod.
Kim u yig‘layotgan Navoiymikin
Va yo may kuychisi Xayyommikin, dod!

Ingranayotgan kuyda asrlar g‘amini, Navoiy yig‘isiyu Xayyom dod-faryodini eshita olish uchun qalb qanchalik nozik, sezgir, dardkash va uyg‘oq bo‘lmog‘i kerak. Qalb vaqt va makonda cheklanmasdan, samoviy xilqatda parvoz etmog‘i lozim. Ularni bir necha o‘ta ekspressiv, ta’sirchan, ayni paytda go‘zal satrlarda ifodalash uchun iste’doddan qanchalik qudrat va mahorat talab etiladi. Beshik va dor, ona va jallod antinomalariga tabiat va dunyoni qiyoslab, siyqa, jo‘n, soxta donishmandlik qilmasdan, avj pardadagi badiiy obrazli xulosa chiqarish uchun-chi?

…Agar aldamasa shu sovuq simlar,
Gar shu eshitganim bo‘lmasa ro‘yo,
Sen beshik emassan, dorsan, tabiat.
Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!

Musiqa va she’r yo darddan, yo shodlikdan tug‘iladi. Darddan tug‘ilganlari uzoqroq yashaydi, kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Hatto baxtiyor oshiq ham mahbubasining injiqliklaridan shikoyat qilib g‘azal bitadi. Bu adabiy an’ana. Ammo mahbuba injiqligini emas, ulkan iztiroblarni jahoniy boqiy dard darajasiga ko‘tarib, durdona yaratish har qanday ijodkorning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun shunday dohiyona badiiy tafakkur kerakki, butun olamni, jamiyatni, insonni, o‘tmish va ayni fursatni mushtaraklikda qamrab ololsin. Daho iste’dodlar ijodini milliy va jahon adabiyoti, san’ati kontekstida tahlil qilish lozim. Shunda ular tafakkuri va asarlarining o‘ziga xosligi, qo‘shgan hissasi, iste’dodining ko‘lami va salohiyati aniqroq ochiladi. Aks holda u haqda aytilgan fikrlar isbotsiz, balandparvoz maqtovlar yig‘indisiga aylanib qoladi.
Abdulla Oripovning “Uyqu” nomli falsafiy-lirik she’ri bor. U ahyonda ayrim odamlar o‘n-o‘n besh yil letargik uyquga ketishi, lirik qahramon ba’zan shunday uyquni istashi haqida. Chunki dunyoda yovuzlar, razillar, pastkashlar ko‘p, asr notinch, urushu falokat, nizoyu ta’qib tinmaydi. U “serjild kitoblarda yozganday” bokiraga aylangan dunyoda qutlug‘ bir saharda uyg‘onishni istaydi. Shoirning serjild kitob­larda yozilgan utopiyalarga nisbatan kinoyasi sezilib turibdi. Ammo uning maqsadi kommunistik utopiyaga nisbatan kinoya emas. Balki zamonaning zo‘ravonligi, insonparvarlikdan yiroqligini e’tirof etish, unga da’vosini bildirish:

Asrim, o‘sha olis oy qorasini
Sanab bo‘lguningcha bir zum tolmading.
Biroq odamzodning dil yarasini
Sanab yetolmading, yo‘q, yetolmading.
Asrim, samolarda yoqolding chiroq,
Yulduz qilib otding samoga o‘zni.
Qo‘zg‘ata olmading o‘rnidan biroq,
Askar yelkasida turgan yulduzni.

Ushbu satrlar konkret davr bilan bog‘langan gumanizmning yuksak namunasidir. Qurollanish kuchayib ketgan zamonaga, butun jahonga nadomat bildirilmoqda. Lekin o‘quvchi bu nadomatni to‘g‘ri qabul qiladi. Lirik qahramonga qarab “Sen o‘zing kimsan, butun dunyoni, asrni qoralaysan, o‘z tashvishlaring senga yetmaydimi?” – degan savol berish uning xayoliga kelmaydi. Chunki lirik qahramon haq, u o‘quvchining ongida kechayotgan o‘y-fikrni go‘yoki o‘qiyotganday. Hammasi tabiiy, sun’iylik yo‘q. Shoirning mahorati shunda. Soxta siyosiy yoki axloqiy safsatabozlikdan xoli. Qalb bezovtaligi, insonning yashashdan maqsadi haqidagi lirik asar. U XX asrda ilmiy-texnika taraqqiyoti fazoni o‘zlashtira boshlaganiga qaramasdan, inson qadr-qimmati unutilayotgani, hisobga olinmayotgani, xudbinlik o‘sayotgani to‘g‘risida poetik mulohazalardir. Jafokash inson jamiyatdan, asridan o‘zini chetga ololmaydi. Yashashdan maqsadi hayotini, jamiyatni, asrini yaxshilash uchun kurashdir:

Mitti farzand bo‘lib, bir dilband bo‘lib,
Asrim, seni baxtda ko‘rmoq istayman.
Va lekin, ba’zida uyquga cho‘mib
Sendan ko‘zlarimni yummoq istayman.
Ammo bormi imkon bunday uyquga,
Kurashga yaralgan jafokash inson.
Har qanday kurash ham hayotdir unga,
Har qanday uyqu ham – o‘lim har qachon!

Kosmik miqyosda fikrlash, agar badiiy mahorat bilan qo‘shilsa, har qanday asarni yuksak darajaga ko‘taradi, ijodkorga xalqaro dovrug‘ olib keladi. Bunga yuksak san’at, mumtoz adabiyot misolida amin bo‘lish mumkin.
O‘rta Osiyo zamonaviy adiblari orasida Chingiz Aytmatov asarlarida biz shunday kosmik tafakkurni uchratamiz. “Momo yer”dagi To‘lg‘anoy g‘ussalari shunchaki o‘g‘li urushda halok bo‘lib, hali tug‘magan kelini bilan qolgan ayolning g‘ussasi emas, butun dunyo onaizorlarining dardidir. “Oq kema”, “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Momo yer” kabi dastlabki qissalaridan boshlangan alohida inson dardida butun insoniyat xastaligini ko‘ra olishga, xalqi muammolarida butun kishilik jamiyati muammolarini idrok etishga Chingiz Aytmatov oxirgi asarlarigacha sodiq qoldi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi, chunki uning badiiy tafakkuri olam va voqelikni shunday idrok etar edi.
O‘rta Osiyo she’riyatida buyuk adibga o‘xshab fikrlaydigan shoir Abdulla Oripovdir. Unga Chingiz Aytmatovning nihoyatda iliq, do‘stona munosabatining bosh sababi, balki ular tafakkuri va ma’naviy olamining yaqinligidir. Abdulla Oripov she’rlari Chingiz Aytmatov asarlaridek jahonga mashhur bo‘lib ketmadi.
She’riyatni boshqa tillarga deyarli adekvat tarjima qilib bo‘lmaydi. Buning uchun tarjimon iste’dodi va mahorati shoirnikidan kam bo‘lmasligi lozim. Hattoki til yaqinligi ham tarjima yaxshi chiqishiga kafolat bermaydi. O‘zbek tilidan qirg‘iz yoki qozoq tiliga tarjima qilish, garchi ular tilimizga juda yaqin bo‘lsa-da, ozarbayjon va turk tiliga tarjima qilishdan oson emas.
Haqiqiy yirik iste’dod egasi professional tarjimonlikni emas, original ijodni tanlaydi. Nasr – tamoman o‘zga hodisa. Uni har holda didi yuksak, ikki tilni yaxshi biladigan tajribali qalamkash asliyatga yaqin tarjima qilishi mumkin. Shu sababdan g‘arbda rus adabiyotining eng yorqin yulduzi A. Pushkin ijodi I. Turgenev, L. Tolstoy, F. Dostoyevskiy, A. Chexov va boshqa rus prozaiklari ijodi kabi mashhur emas. Butun jahon adabiyotida ahvol bir xil. She’riyatning milliy qobiqdan chiqishi juda qiyin. 80-yillar boshida Abdulla Oripov o‘kinch-la xitob qilgandi:

Bir vaqtlar ilhomning o‘tli tig‘ida
Falakni kuylardi mening ham sozim.
Lekin ikki daryo oralig‘ida,
Qolib ketdi mening o‘sha ovozim.

Aslida she’rning mazmuni keltirilgan xitobga nisbatan ancha keng va teran. U ovozi ikki daryo oralig‘ida qolib ketganidan, jahonga mashhur bo‘lolmaganidan afsuslanayotgani yo‘q, balki ko‘proq uning insonparvarlik, insof, vijdon, halollik to‘g‘risidagi chaqiriqlarini, badiiy g‘oyalarini zamondoshlar eshitmayotganidan afsuslanmoqda. Unda shoir o‘zini, hamkasblarini oddiy insonning g‘am-tashvishlarini, hasratlarini unutmaslikka, tabiatga, hayotga ochiq nigoh bilan boqishga undaydi. Faqat aniqlik, haqqoniylik, hayotiylik kuylashga arziydigan mavzudir, mavhumiylik emas:

Muallaq gaplarni so‘ylama menga,
Endi men yer uzra topganman qo‘nim.
Inson deb falakka hayqirmoq nega,
Inson yoningda-ku, u mening qo‘shnim.
Iqbol deb behuda chekasan ohu,
Ohing bu – folbinning daraklaridir,
Asrim, asrim deysan, asring nima u!
U – to‘zg‘oq kalendar varaqlaridir.
Bog‘ingda bir nihol gullabdi bu kech,
Erta qiyg‘os bo‘lar olma naparmon.
Ilk bahor zahrini o‘yladingmi hech,
Zaminda ne armon, senda ne armon.

She’r xitob bilan yakunlanadi. Shoir o‘z tafakkuriga sodiq. U dunyo dardini, tashvishini oddiy inson haqidagi g‘am-tashvishga aylantirmoqda. Zero, gumanizm oddiy odamga g‘amxo‘rlikdan boshlanadi.
Tarjima haqida, kezi kelganda, bir narsani eslab o‘tish o‘rinli deb o‘ylayman. Taxminan 1974 yilning mart oylari bo‘lsa kerak. Men aspiranturada o‘qirdim. Har shanba kuni Abdulla Oripov uyiga borib, Dante va “Ilohiy komediya”ga oid biror narsani uchratib qolsam, xarid qilib, eltib berar edim. Shoir tarjima bilan mashg‘ul, ijodiy ta’tilda, ro‘zg‘or yuritishi ancha og‘irlashib qolgan. “Yosh gvardiya” teatrida adabiy emakdosh, maoshi katta emas. Odatdagidek shanba kuni ertalab soat o‘nlarda shoirnikiga bordim. “Yaxshi kelding-da, Semen Izrailevich Lipkin bilan Inna Lisnyanskaya (taniqli shoira, S. Lipkin rafiqasi)ni kutyapman”, deb qoldi. Biroz o‘tib mehmonlar kelishdi. S. I. Lipkin mashhur tarjimon edi. U fors adabiyoti ko‘plab buyuk klassiklari qatorida Alisher Navoiyning “Layli va Majnun”i, Lohutiy, Mirzo Tursunzoda, Zulfiya she’rlarini rus tiliga mohirona o‘girgan. U Abdulla Oripov bilan yaqindan tanishib, ijodiy hamkorlik qilishga, uning she’rlarini tarjima qilishga rozilik olgani kelgan ekan. Suhbat qizigandan qizidi. Dasturxon quyuq bo‘lmasa-da, suhbat uzoq davom etdi.
S. I. Lipkin fors-tojik tilini juda yaxshi bilar ekan. Vaqtida Sadriddin Ayniyga kotiblik qilgan. Aruzning barcha bahrlarini u kishi kabi chuqur tushunadigan mutaxassisni boshqa uchratmadim. Semen Izrailevich juda ochilib, yaxshi gurung berdi. U Abdulla Oripovga ma’qul kelishni, unga yoqib qolishni sidqidildan istar, o‘zini juda samimiy va ochiq, xuddi tengdoshday, hatto o‘spirin yoki yigitday tutardi. Ba’zi bir adabiyotshunoslik atamalari va nazariy tushunchalarga izoh zarur bo‘lib qolsa, menga: “Qani, aspirant yigit, bir yordam berib yuboring”, deya murojaat etar edi. Abdulla Oripov meni: “Jiyanim. Asli filolog, hozir falsafa bo‘yicha aspiranturada o‘qiyotir”, deb tanishtirgach, u menga begona suhbatdosh sifatida emas, shoirning yaqin qarindoshi va maslakdoshi sifatida qaray boshladi. Suhbat davomida Abdulla Oripovning ba’zi she’rlarini men taglama, so‘zma-so‘z tarjima qilib turdim. She’r mazmunidan, obrazlaridan, ohangidan (shoir avval ovozini chiqarib, o‘zbekchada she’rni o‘qirdi) mehmonlar samimiy zavqlangandi. Ayniqsa, Inna Lisnyanskaya juda hayratga tushdi. “Chollarga hassalar yo‘ngan bu fasl” unga chuqur ta’sir qildi. U bir necha bor bu jumlaning o‘rischa tarjimasini takrorlarkan: “Noyob topilma, noyob topilma”, deya xitob qilardi.
Mehmonlar hamkorlik taklifini aytib qaytishdi. Abdulla Oripov qat’iy fikrini, roziligini bildirmadi. Oradan ikki oy o‘tib, men harbiy xizmatga ketib qoldim. Xizmatni tugatib, aspiranturada o‘qishni tiklab, yana Abdulla Oripov bilan muloqotlarni davom ettirdik. “Do‘zax” tarjimasi oxirlab qolgan edi. Har bir qo‘shiq lug‘aviy tarjimasini muhokama qilardik. Ba’zan ayrim jumlalar mazmunan badiiy obrazlilik jihatdan qanday o‘girilgani to‘g‘risida fikrimni so‘rab qolardi. Shunday suhbatlarning birida S. Lipkin bilan bo‘lgan uchrashuv esga tushib, o‘zingizning she’rlaringiz tarjimasi nima bo‘lyapti, Lipkin bilan hamkorlik qilyapsizmi? degan savol berdim. “Yo‘q”, – dedi shoir. “Nega”, degan savolimga: “Ayrim kishilar Sizning yoshingizga, dunyoqarashingizga mos o‘z tarjimoningiz bo‘lishi kerak. Lipkin keksayib qolgan. Buning ustiga u mumtoz she’riyat bo‘yicha tarjimon, Sizning ehtiroslaringizni ifodalay olishi gumon, deyishdi. O‘ylab ko‘rsam, gaplari to‘g‘riday tuyuldi”. “Sizni maxsus chalg‘itishibdi”, dedim afsus bilan. “Men buni keyin tushundim, – dedi shoir ham, – endi esa kech”.
Abdulla Oripovning o‘zi 2005 yil oxirida “Sharq yulduzi” jurnali o‘quvchilari savollariga bergan javoblarida qiziq bir voqeani eslaydi. Moskvadan kelgan bir guruh tarjimonlarga “arbob shoirlar” egalik qilib ketishgan. “Sovg‘a-salom”lar berib, ko‘nglini olishgan, muntazam Moskvaga qatnab turishgan.
Qolaversa, sobiq markaz milliy adabiyotlardan xalq ortidan ergashadigan, milliy g‘ururi baland yangi yetakchi shoirlar, san’atkorlar chiqishini unchalik xohlamasdi, ayniqsa salmog‘i, salohiyati katta xalqlardan. 60-yillarning ikkinchi yarmidan bir guruh milliy adiblar jahonga tanilgach, zimdan cheklashlar kuzatila boshladi. Faqat Uzoq Sharq, Chekka Shimol va Kavkazdagi kamsonli xalqlarning ayrim vakillariga “oq yo‘l” tilashdi. 70–80-yillarda na ukrainlardan, na o‘zbeklardan yirik iste’dodlarga yo‘l berilmadi. Hatto jahonga mashhur Chingiz Aytmatov va belorus Vasil Bikov kabi adiblarning yangi asarlariga tosh otila boshladi. Mustabid davlatning milliy siyosati takabbur edi.

* * *

Vatan, xalq, inson erki, ravnaqi, iqboli Abdulla Oripov ijodining bosh mavzularidir. Shu o‘rinda ozarbayjonlik olim, o‘zbek adabiyotining chinakam do‘sti Yashar Qosimovning ba’zi fikrlarini eslash maqsadga muvofiq: “60-yillar yosh shoirlarini… “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” savolidan o‘ylarga tolgan, uyg‘ongan avlod, deb atash mumkin. Ha, bu benihoya otashin va samimiy she’r turli kurash qatag‘onlarda holdan toygan, o‘zining sevimli va fidoyi farzandlaridan Stalin istibdodi tufayli ajralgan jabrdiyda Vatanga shunchaki sevgi izhori emasdi. Bu she’r sevgidan ham ulug‘vor, muhabbatdan ham muqaddas tuyg‘ulardan, qandaydir so‘z ta’rifiga sig‘maydigan, ilohiy jozibador kechinmalardan tug‘ilganday edi”. O‘z fik­rini davom ettirib, munaqqid adabiyot mustabid mafkuraga bo‘ysundirilgani bois Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon va Abdulla Qodiriydan keyingi yarim asrlik adabiy harakatda xalq hayotining Abdulla Oripov ijodidagidek jonli va ta’sirchan tasvirini ko‘rmaymiz, deydi. Va shunday xulosa qiladi: “Badiiy va ijtimoiy fikrni ushbu qullik va mutelik asoratidan xalos etishga bel bog‘laganlardan biri, ehtimolki, birinchisi Abdulla Oripov edi. Butun vujudimizga chirmovuqday chirmashgan, hatto, qalbimizga va fikrimizga ham hukm o‘tkazayotgan manfur mafkuraning dahshatli asoratini ilk bor u yorib chiqdi. Abdulla Oripov lirikasi milliy ruhning dastlabki va buyuk g‘alabasi edi” (Iqtiboslar Matyoqub Qo‘shjonov, Suvon Melining “Abdulla Oripov (T. Ma’naviyat. 2000)” kitobiga so‘ngso‘z o‘rnida yozilgan Yashar Qosimovning “Istiqlol she’riyati” maqolasidan olindi. 129, 133-b.). Haqiqatan, Abdulla Oripov o‘zbek ijtimoiy fikrini o‘zgartira olgan shoir bo‘ldi.
Abdulla Oripov 60-yillar davomida yozgan ko‘plab she’rlari hamda “Yuzma-yuz”, “Sarob”, “Bahor” kabi kichik lirik poemalari tufayli juda noyob iste’dod egasi, faylasuf-mutafakkir, ulkan vatanparvar, insonparvar shoir sifatida o‘zbek adabiyotida mustahkam o‘rnini topdi.
U o‘zini hech qachon xalqdan ajratmagan. O‘zi uchun yaxshi shart-sharoit, to‘kin, farovon turmush yaratib olishi mumkin edi. Buning uchun biroz tuzum bilan murosaga borib, “g‘oyaviy puxta” she’rlar yozsa, kifoya edi. Ammo u hatto yoshligida, 60-yillar boshida hamma qatori partiyaning yangi dasturiga samimiy ishonch bilan qarab, porloq istiqbol haqida yozgan mahalda ham madhiyabozlik qilmadi. Faqat bo‘lajak kommunistik jamiyatning yovuzlikka, nafs va hasadga, xudbinlikka barham berishiga umid qildi. Keyinchalik turli yillarda har xil idoralarning shubhalarini biroz kamaytirish maqsadida yozgan ayrim she’rlarida ham oddiy inson va xalq tashvishini unutmadi, bularni ustalik bilan asar matniga singdirdi, hislarini iztirob va hasrat darajasiga ko‘tardi. “Yuzma-yuz”da o‘qiymiz:

Ohular qo‘ynimga kirsa-da qizdek,
Mening nigohimni tortadi takror
Million egatlarga sochilgan o‘zbek.
Garchand paxtazorga boqaman men ham,
Va lekin dilimda tashvish bor mening.
Mayliga, sho‘x qo‘shiq yaralsin tilda,
Rangpar singilginam, o‘ylayman seni.
Kuzgi rayhondayin ma’yus o‘sding sen,
Tabiat bermadi bilagingga kuch.
O‘zingday odamga qalliq tushding sen,
Na sog‘lik, na yordan yalchimading hech…

Bu satrlar xalqni o‘z-o‘ziga chetdan nazar tashlashga, rangpar qizlari paxta dalalarida ezilib, sog‘lig‘ini yo‘qotib, o‘zidek bir notavonga turmushga chiqib, umri shunday o‘tib ketayotganini anglashga, oxir-oqibat hayotini o‘zgartirishga chorlamayaptimi?
Poemadagi Istiqbol haqidagi fikrlar bugun biroz erish tuyulishi mumkin. Ammo baribir samimiyligi, ehtirosliligi bilan yarqirab turibdi:

Do‘stlarim, men sizga talpingan damda
Qalbimda bo‘ladi yolg‘iz bir ra’yim:
Xiyonat bo‘lmasa deyman hech kimda,
Do‘stlarning imoni but bo‘lsa doim.
Deydilar: dunyoni kurash aylar bir,
Inson jang-jadalda bo‘lar juftu toq.
Axir qon oqishi shartmikan, axir,
Bu kurash qaysi bir jangdan osonroq.

Bugungi yoshlar, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha noadabiy sharh zarur. Aks holda asar muddaosi oxirigacha tushunilmay qoladi. KPSS o‘zining XXII s’ezdida, 1961 yilda, kommunizm qurish maqsadini e’lon qildi. Ikki siyosiy tuzum – sotsializm va kapitalizm o‘rtasida tinch-totuv yashash siyosatini e’lon qildi, 20–30-yillardagi jahon revolyutsiyasiga chorlaydigan shiorlardan urush oxirlarida voz kechilgandi. Lekin urushdan keyin SSSR sharqiy yevropa mamlakatlarini majburlab sotsializm yo‘liga o‘tkaza boshladi. Sotsializm va kapitalizm o‘rtasida mafkuraviy “sovuq urush” va qurollanish poygasi avj oldi. Olovli urush xavfi ortib boraverdi. Sovuq urush va qurollanishni bir zum susaytirmasdan, SSSR tinch yo‘l bilan kommunizm qurish haqida o‘ta jozibali, ammo sarob orzularni yangi dasturiga kiritdi. “Bu kurash qaysi bir jangdan osonroq” deganda shoir yuqoridagilarni nazarda tutgan. Kommunizm g‘oyasini, oddiy xalq va ko‘pchilik ziyolilar unchalik ishonqiramasa-da, ideal, benuqson tuzum yaratishga chaqiriq, navbatdagi vazifa sifatida qabul qildi. Har holda mukammallikka, erkin va farovon turmushga intilishning nimasi yomon? Bunga erishiladimi yoki yo‘qmi, bu – boshqa gap. Mazkur g‘oya o‘sha paytda 20–21 yashar shoirni o‘ziga jalb qilgan. Ammo yaqin kelajakda qad rostlaydigan ideal jamiyatni Abdulla Oripov oddiy insonlar baxt-saodatida, bunyodkorligida ko‘radi:

Ana, yo‘l chetida borar qurilish,
G‘isht teruvchi yigit dorbozday yurar,
Otga qamchi urar kerosinfurush,
Bir kampir engashib ko‘cha supurar.

60-yillar o‘rtalarida hatto Toshkentda xonadonlarning aksariyatiga tabiiy gaz o‘tkazilmagan edi. Odamlar kerosinda ishlaydigan primus, kerogazlardan foydalanardi. Katta bochka o‘rnatilgan ot-arava mahallalarda xonadonlarga kerosin sotib tarqatib yurardi. “Otga qamchi urar kerosinfurush” deganda shular nazarda tutilayotir.

Ana u tanish joy – anhor qirg‘og‘i.
Pivoga ko‘p xumor talaba do‘stim,
Men sening ismingni bilmayman, soqiy,
Buyur men uchun ham mayli bir juftin.
Ularga boqaman qalbimda o‘qtin
Bir xushnud hissiyot ko‘tarar yelkan,
O‘zgalarning g‘ami yig‘latsa, nechun,
Nechun iqbollari quvnatmas ekan?!
Axir, insof bilan o‘ylasang-ku rost,
O‘shalardir bugun sohibi zamon.
Hech kimning hech kimdan tili qisiqmas,
Chegaradir faqat insof va vijdon.

Ushbu satrlarda ifodasini topgan haqqoniy manzara, yuksak badiiylik, teran insonparvarlik, hayotga oshuftalik va qaynoq munosabat kishini rom etadi. Zo‘rma-zo‘raki ishlatilgan birorta so‘z yo‘q. Hammasi tabiiy va musiqa kabi ohangdor. Xulosa-chi? Insonni tiyadigan narsa tuzum emas, faqat uning insofi va vijdoni bo‘lishi kerak. Chuqur gumanistik xulosa.
60-yillarda yozilgan kichik lirik poemalarda teran falsafiy mushohadalardan tashqari, hali o‘zbek she’riyati mutlaqo ko‘rmagan dunyoviy ehtiroslar toshqini ham bor. Boborahim Mashrabning falakka iddaolarini ifodalaydigan ayrim baytlarini, g‘azallarini hisobga olmaganda, mumtoz adabiyotda falsafiy mulohazalar, majoziy ishq tashqi bosiqlik bilan (ichki jo‘shqinlik inkor qilinmasa-da) ifodalanar edi. O‘ziga xos “akademik” uslub, aruzning qat’iy talablari hukmron edi. Faqat Cho‘lpon va Usmon Nosirda ehtiroslar ochiqcha jo‘shqin tasvirlangan qator she’rlarni uchratamiz. Ammo boshqa o‘zbek shoirlari ijodida Abdulla Oripovning “Onajon”, “Yuzma-yuz”, “Sarob”, “Bahor”, “O‘zbekiston”, “Qarshi qo‘shig‘i” kabi ketma-ket yozilgan lirik poemalarida, she’rlaridagi kabi ehtiroslar junbushini, ayni paytda ularning o‘ta go‘zal ifodasini uchratmaymiz. 40-yillar ikkinchi yarmi – 50-yillarda esa o‘zbek she’riyatida tussiz ritorika, mafkurabozlik ustunlik qildi. Haqiqiy lirik she’riyat puchmoqlarda qolib ketdi. Erkin Vohidovning “Tong nafasi” to‘plami o‘zbek she’riyatida davrning yangi, toza va xushbo‘y nafasi bo‘ldi. Erkin Vohidov she’riyatimizga ritorik publitsistika o‘rniga haqiqiy lirikani, jozibali so‘z san’atini olib kirgan yosh avlodning birinchisi va yetakchisi bo‘ldi. Erkin aka o‘zbek she’riyatining eski chordevorlarida zo‘rg‘a jon saqlayotgan g‘azal janriga yangi hayot va quvvat bag‘ishladi.
Lekin Abdulla Oripovgacha Vatan va Erk mavzusiga 30-yillar qatag‘onlaridan keyin adabiyot deyarli qaytmagan edi. Vatanparvarlik va ozodlik sovet mafkurasiga, kommunizm ideallariga sodiqlik, burjua idealogiyasiga, imperializm tajovuziga qarshi turish ko‘rinishidagina tilga olinar edi. Shakllanib qolgan qolipni birinchi bo‘lib ikkilanmasdan, qo‘rqmasdan Abdulla Oripov buzdi. Bu mavzular juda jo‘n va oson yoritiladigan mavzular emas. Holva degan bilan og‘iz chuchimagandek, Vatan, Erk deganing bilan she’r paydo bo‘lib qolmaydi. U mafkuraviylikdan, tashviqot va da’vatlardan iborat bo‘lmasligi, so‘z san’ati darajasiga ko‘tarilishi, odamlar qalbini qitiqlashi lozim. Shundagina uni o‘quvchi qabul qiladi. Buning uchun qo‘llaniladigan tashbehlar, obrazlar, metoforalar ham g‘oyani, ham ehtirosni yuksak pardalarda ifodalay olishi kerak. Shoir ijodida yuksak vatanparvarlik g‘oyalari, chuqur falsafa, tizginsiz insoniy ehtiros va go‘zal ekspressiv obrazlilik o‘z sintezini, mushtarakligini topdi. “Bahor”dan bir necha parcha keltiramiz. Yuqoridagi gaplar to‘g‘riligiga o‘zingiz amin bo‘ling:

Azaliy hukmini o‘qidi hayot, –
Necha bor samo ham ko‘mdi quyoshin.
Iqboli sajdagoh bo‘lganlar, hayhot,
O‘zlari tuproqqa qo‘ydilar boshin.
O‘n oykim so‘nmishdir u tanish na’ra.
Hamon firog‘ida fig‘on chekar Shosh.
Bahor kelayotir, bosh ko‘tar, qara,
O, surur kuychisi, dongdor zamondosh…
…Faqat bilganidan qolmas tiriklik,
Mana, gulga cho‘mmish Chig‘atoy bo‘yi…
Bahor qatra yoshim aylagil qabul,
Onam boshiga ham bordingmikan, ayt?!
Uning oromgohi bundan olis joy,
Olisda yotibdi mening panohim.
Bugun ketganiga to‘libdi besh oy,
Besh oykim, ko‘ksimda yonadi ohim.
…Qizg‘aldoq bargiday uchar dildan g‘am,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam,
Mening O‘zbekiston – dilbar Vatanim.
Faqat sen qalbimga cho‘ktirmay malol
Charchagan ruhimga ilhom solursan.
Bahor ham, umr ham o‘tar, ehtimol,
Faqat sen dunyoda mangu qolursan.

She’riy iqtiboslarni sharhlab o‘tirmaymiz. Zero, Pushkin ta’biri bilan aytganda “garmoniyani (uyg‘unlikni) algebra yordamida tahlil qilish imkonsiz”. Hayot o‘tkinchi­ligi va bir vaqtning o‘zida boqiyligi, mahzunligiyu go‘zalligini, O‘zbekiston – dilbar Vatan manguligini bunday ehtiros bilan Abdulla Oripovgacha hech kim baralla kuylay olmagan, hech kim O‘zbekistonni dilbar Vatanim deyishga botina olmagan.
Amalda u o‘zbek adabiyoti va ijtimoiy-siyosiy, falsafiy qarashlarida, milliy o‘zlikni anglashda, Yashar Qosimov adolatli ta’kidlaganidek, yangi sahifa ochib berdi. O‘shanda u endigina 23–25 yoshga to‘lgan edi. U 60-yillarda millatini uyg‘otgan, unga qadr-qimmatini eslatgan shoirga aylandi. Abdulla Oripov fenomeni qaror topdi.

She’riyatda yangi janrga asos solinishi

Abdulla Oripovning 1966–70-yillar oralig‘ida yozilgan “Avlodlarga maktub”, “Sarob”, “Bahor”, “O‘zbekiston”, “Qarshi qo‘shig‘i” nomli asarlari bor. Yuqorida ular kichik lirik poemalar deyildi. Lirik poema an’anaviy poemadan (dostondan) fabulasi, syujet tizimi, voqealar, ularda ishtirok etuvchi personajlar yo‘qligi bilan farq qiladi. Lekin unda lirik qahramon obrazi bor. Ko‘pincha lirik qahramon obrazi muallifning ayniyatidir. Ammo har doim ham emas. Lirik poemada syujet unsurlari, biror voqeani tasvirlovchi, bayon etuvchi ayrim epizodlar uchraydi. Ular lirik qahramon fikrlari va tuyg‘ularini badiiy-mantiqiy asoslash, ifodalash uchun kerak. Bundan tashqari, lirik poemada, she’rdan farqli, dramatik holat, qahramon kayfiyati, tuyg‘ulari, fikrlari shunchaki ifodalanmaydi, balki rivojlantiriladi. Tuyg‘u, g‘oya ifodasi kulminatsion nuqtasiga chiqadi, yechimini topadi. Obrazlar, fikrlar ko‘lami va tadriji she’r doirasidan chetga chiqadi. Shu sababdan bunday yo‘nalishda yozilgan asarni katta she’r emas, kichik lirik poema deb atash ma’qul.
To‘liq ishonch bilan aytish mumkinki, Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini lirik poema janri bilan boyitdi. Bu uning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasidir. Ungacha G‘afur G‘ulomning “Vaqt”, “Sog‘inish”, “Sen yetim emassan” nomli dohiyona, durdona she’rlarida biz lirik poema unsurlarini uchratamiz. Ularni falsafiy she’r va kichik lirik poema o‘rtasidagi bosqich deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. “Men yahudiyman” asarini esa lirik-publitsistik pamfletga oid janr, deya hisoblash lozim. Syujet va voqeaviylik, epik tasvir va bayon unsurlarini biz Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom ijodida, Hamid Olimjon balladalarida uchratamiz. Ballada – alohida janr. Balladadan tashqari holatlarda mualliflar yuqoridagi unsurlarni asosan she’r­ning lirik-publitsistik mazmunini kuchaytirish uchun qo‘llaganlar.
“Avlodlarga maktub” va “Sarob”dan (dastlabki nomi “O‘ylarim”) boshlangan bu yangi janr Abdulla Oripov tomonidan o‘z salaflarining lirik she’rga tasvir va syujet unsurlarini kiritish an’analarini rivojlantirib, matnga yangi g‘oyaviy-badiiy vazifa yuklashi, yirik ijtimoiy-gumanistik muammoni ko‘tarib, inson ruhiyatini, qalbi iztiroblari va tug‘yonlarini badiiy tahlil qilib, ekspressiv ifodalashi natijasida shakllandi.
“Sarob”da lirik qahramon ongu shuurida jamiyatdagi keskin og‘riqli burilish tufayli baholar, qadriyatlar tizimida inqiroz yuz bergani, undan chiqish nihoyatda og‘ir bo‘lgani va lirik qahramon hali tamomila ma’nan “sog‘ayib”, inqirozdan chiqib ulgurmagani ifodalangan. Psixologiyada bu holat ongdagi dinamik stereotipning sinishi, ya’ni aslida harakatchan ongda barqaror ishonchga aylangan qarashlar buzilib ketishi deyiladi. Bunday holatning sabablari turlicha bo‘ladi. Siyosiy-mafkuraviy yolg‘on fosh etilishi, adolatning qo‘pol buzilishi, sen sig‘ingan narsaning soxtaligini bilib qolishing, yaqin kishing, sevgiling, do‘sting xiyonati va hokazo natijasida dunyoqarash, qadriyatlar tizimining dinamik stereotipi sinishi mumkin. Bu alohida shaxslardagina emas, ba’zan butun avlod, butun jamiyat misolida ham kuzatiladi.
Dinamik stereotip sinishi shaxsga sig‘inish va qatag‘onlar bilan bog‘liq jinoyatlarning fosh etilishidan boshlandi. Ijodkor ziyolilarda endi qatag‘onlar qaytmasligiga, so‘z, ijod erkinligi rivojlanishiga umid uyg‘ondi. Ammo bu umidlar Moskva Manej maydonidagi ko‘rgazmaning vayron qilinishi, KPSS MK kotibi Ilichev va birinchi kotibi Xrushchev ma’ruzalaridan keyin chippakka chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay Daniyel va Sinyavskiylar qamaldi. 1956 yildan keyin shakllangan yangi stereotip ham chil-parchin bo‘ldi.
Dinamik stereotip sinishini boshdan o‘tkazgan shaxs va avlodning dunyoqarashi, hayotga, jamiyatga munosabati keskin o‘zgaradi, ba’zan fojiali kechadi (ayrimlari o‘z joniga qasd qilishigacha boradi), ba’zan tamomila avval ko‘rilmagan yangilik (ijod, ta’limot, din) yaratilishiga olib keladi. Ushbu munosabat bilan ikkita misol keltirish joiz. Sovet tuzumining kirdikorlarini, ularning asl sababi tuzumning mazmun-mohiyatida ekanini bilib qolgan ulug‘ shoir, inqilob minbari nomini olgan Vladimir Mayakovskiy 1930 yilda, SSSR Yozuvchilar soyuzi raisi Aleksandr Fadeev 1956 yilda o‘zlarini otib tashlaganlar. Bu dinamik stereotip sinishining salbiy oqibatidir. Ikkinchi ijobiy misol buddizm dinining vujudga kelishiga turtki bo‘lgan voqeadir. Budda dinining asoschisi shahzoda Sidxartxa otasining saroyida haqiqiy hayotdan ajralgan holda o‘lim, azob-uqubat, kasallik borligini bilmasdan o‘sadi. Tevarak-atrofida faqat sog‘lom, to‘q kishilarni, xursandchilik, go‘zallikni, yaxshi munosabatlarni ko‘radi. Bir kuni saroydan uzoqdagi bir qishloqqa borib qolgan shahzoda baxt qatorida baxtsizlikni – qashshoqlikni, mashaqqatni, kasal kishilarni uchratadi. Uning ko‘z o‘ngida bir chol o‘lib qoladi. 30 yoshga kirgan Sidxartxaning ongu shuuri keskin o‘zgarib ketadi. U insoniyatni uqubatlardan qutqarish yo‘llarini izlab, tarki dunyo qiladi va oxir-oqibat yangi dinga asos soladi. Yarimhaqiqat, yarimrivoyat shaklida bizgacha yetib kelgan mazkur voqea ongdagi dinamik stereotip sinishiga va uning ijobiy oqibatiga juda yorqin misoldir. Abdulla Oripov ongidagi keskin o‘zgarish ham ijodda ijobiy oqibatga olib keldi. Erk va Vatan mavzusini kuylovchi yangi shoirni, yangi poetik janr – lirik poemani hayotga keltirdi, qaror toptirdi. Ammo uning shaxsiy-maishiy hayotini zaqqumga aylantirdi.
“Sarob” aslida o‘zbek she’riyatida dinamik stereotip sinishi mavzusiga bag‘ishlangan birinchi va hozircha yagona poemadir. U Abdulla Oripovlar avlodining ulg‘ayib, bilimi, tajribasi ortib, kommunistik g‘oyalarga ishonmay qo‘ygani, sovet tuzumining yolg‘onini, uning zulmkorligini, shafqatsizligini sezib qolgani oqibatida ilgarigi soxta ideallarini inkor qilganini ifodalaydi. U lirik qahramonda jamiyatga va ustozlarga, dohiylarga nisbatan shubha, begonalashish tug‘ilganini, yangi ijtimoiy ideal topilmayotganini ifodalaydi. SSSRni haqiqiy asl vatan deb hisoblagan lirik qahramon, poemada aytilmasa-da, O‘zbekiston unda bir mazlum o‘lka ekanini, xalqlar do‘stligi ko‘p jihatdan soxtaligini, kommunistik mafkura riyokor, erkin ijodga, erkin fikrga zid ekanini anglagach, qalbi darz ketadi, bus-butunligidan ayriladi. Qalbi tilka-pora bo‘lib, ongi xira tortadi. Ko‘zlagan kelajak manzili, e’tiqodi sarobga aylanadi.
Qahramon beg‘ubor bolaligini, o‘smirligini, samimiy ishonchlarini eslaydi:

Kunlarimiz jilg‘alarday o‘tdilar oqib,
Maktab bordik – og‘ir bo‘lib qoldik daf’atan.
Devordagi arslon yolli kartaga boqib,
Sekingina shivirlashdik: mana shu Vatan.

Vatanga, xalqlar do‘stligiga munosabat o‘shanda samimiy bo‘lgan. Chunki davlatning targ‘ibot-tashviqoti kuchli edi. Odamlar ongi uning yordamida ustalik bilan boshqarilar, oddiy kishilar sovet mafkurasi cho‘pchaklariga to‘liq ishonardi. Har holda turmushi yaxshilanishidan, og‘ir mehnati yengil bo‘lishidan, siyosiy zo‘ravonlik kamayishidan, qatag‘onlar qaytib kelmasligidan umid qilardi. Ammo shoir bu umidlar puch, asossiz ekanini intuitiv tarzda fahmladi:

Lekin, do‘stlar, rostin aytsam, men o‘sha mahal, –
Jondan ortiq sevar edim ona Vatanni.
Do‘stlik bilan bir butundir, derdilar dunyo,
Men ham mangu do‘stlik uchun ichardim qasam…
Bu dunyoda alam bo‘lmas, bo‘lmas deb firoq,
Dasta-dasta kitoblardan o‘qirdik ta’lim.
Ravon yo‘llar qarshingizda turibdi mushtoq,
Derdi bizga harf o‘rgatgan yosh bir muallim.

“Dunyo” deganda, sovet mamlakati, “yosh bir muallim” deganda kommunistik mafkura vakillari, targ‘ibotchilari, dohiylari nazarda tutilmoqda. Ochiq-oydin har narsani o‘z nomi bilan atash yaramaydi. Chunki she’riyat publitsistika emas, g‘oya, fikr ramziy tilda ifodalanishi talab etiladi:

She’r izlayman bu kun Toshkent ko‘chalarida,
Sekingina zirqiraydi beorom qalbim.
Men umrimning bu suronli kechalarida
Na bir taskin topa oldim, na she’r topoldim.

“She’r” – shoir izlayotgan haqiqat, yangi ideal. “Suronli kechalar” o‘zi, o‘z shubhalari, ikkilanishlari bilan kurashayotgan lirik qahramonning iztirobli uyqusiz tunlari, ostin-ustun bo‘lib ketgan o‘ylaridir. Poemada dramatizm kucha­yib, eng avj pardaga (kulminatsion nuqtaga) ko‘tariladi:

Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular
Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob.
Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular,
Qo‘ymaydilar va’dalaring chiqdi deb sarob.
…Ko‘zlarimga goh ko‘rinar telba misoli,
Men bir vaqtlar sajda qilgan hazrati inson.
…Gar bor bo‘lsang, javob ber, ey ilohiy qudrat,
Nahot go‘dak ishonchini yozibsan qorga?!

Ilohiy qudratga ham ta’na qilinmoqda. Bundan ortig‘i endi bo‘lmasa kerak. Shakkoklikka o‘xshaydi. Ammo… ehtirosli, badiiy o‘zini oqlagan “shakkoklik” asarga tak­rorlanmas joziba va ruh bag‘ishlaydi. Buni Boborahim Mashrab g‘azallariyu jahon adabiyoti durdonalari ko‘p bora isbotlagan. Mashrab g‘azallarida “shakkoklik” aniq maqsadga – nosamimiylik, nafs va hirsga murosago‘ylik kuchayib ketgan, ma’rifatning asl mohiyatini biroz unutib, marosimchilikka, soxta taqvodorlikka mo­yilligi ortib borayotgan rasmiy islomning ayrim jihatlariga qarshi qaratilgan.

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak,
Ibrohimdan qolgan ul eski do‘konni na qilay?!

Yor – Olloh, boda – Ollohga majoziy ishq-la to‘ldirilgan idish, eski do‘kon – Ka’ba. Rivoyatlarga ko‘ra, uni Ibrohim alayhissalom barpo etgan. Mashrab qalbingda Ollohga ishq bo‘lmasa, bajaradigan din farzlari ma’nisini yo‘qotishini tasdiqlamoqda. Rasmiy islomga muxoliflik qilgan tasavvuf unda samimiylik yetishmasligini, taqvo din mohiyatidan ustun qo‘yilishini tanqid qilardi. Shu o‘rinda Qarshidagi Ubayda Jarroh ziyoratgohi eski darvozasining ochib-yopadigan ikki halqasida shunday yozuv borligini aytib o‘tsak, ortiqchalik qilmas: “Agar dilingda haqiqiy ishq bo‘lmasa, kavsar suvi bilan yuz marta tahorat olsang-da, namozing qabul qilinmaydi”. Kavsar – jannatdagi buloq. Ta’kidlash joizki, ziyoratgoh­da o‘tmishda Naqshbandiya tariqati darveshlari jamoasi yashaydigan xonaqohlar bo‘lgan.
Lev Tolstoy, Feodor Dostoyevskiy asarlarida “shakkoklik”, dunyoning cherkov o‘rnatgan ma’naviy tartiboti va axloqiy munosabatlaridan norozilik, ularni tanqid qilish shundoqqina bo‘rtib turadi. Vaholanki, Tolstoy va Dostoyevskiy o‘ta dindor bo‘lishgan. Abdullla Oripov ham Ollohga sidqidildan sig‘inardi. “Haj daftari”, “Hikmat sadolari” shundan guvohlik beradi. Ayni paytda u Olloh bandasiga faqat yaxshilik istashini, agar kimningdir umidlari ro‘yobga chiqmasa, bunda yo jamiyatning, yo kishining o‘zi aybdorligini tan oladi. Poema o‘sha yillari jamoatchilik ongiga, ayniqsa, talaba yoshlar va ijodkor ziyolilarga o‘ta kuchli ta’sir ko‘rsatgandi. Jamoatchilikda sovet voqeligi va mafkurasiga nisbatan tanqidiy munosabatni yanada kuchaytirib, butun avlodni uyg‘otishga xizmat qildi.
Inson jamiyatga moslashmasdan iloji yo‘q. Ota-onasi va Vatanini, tug‘iladigan zamonini u tanlay olmaydi. Hayotdan, voqelikdan, zamonadan yuz o‘girish imkonsiz, diling yara bo‘lsa-da, yashaysan, kurashasan, farzandlik va fuqarolik burchingni bajarasan:

Ne tong, axir farzandmiz-ku shu zamonaga,
Axir ona siymosidan farzand tonolmas,
Qo‘l ko‘tarib bo‘larmidi axir onaga,
Zotan, unga qo‘l ko‘targan – farzand sanalmas.

Konflikt o‘ziga xos tarzda yechimini topdi. Shoir go‘yoki zamonasi bilan murosaga bordi.
“Sarob” (“O‘ylarim”) chop etilgandan keyin taniqli tanqidchi-olim Norboy Xudoyberganov uni adabiyotdagi konfliktsizlik nazariyasidan qutulish mazmunida talqin qilgandi. Ochig‘ini aytganda, buni o‘sha yillarda boshqacha sharhlash, tuzumdan, kommunistik mafkuradan ko‘ngil qolganining ifodasi mazmunida talqin qilish aslo mumkin emasdi. Bu shoir uchun ham, tanqidchi uchun ham ancha xavfli edi.
Vatan tuyg‘usi dastlab har bir kishida eng avvalo tug‘ilgan joyi, qadrdon dala-qiri, qishlog‘i, mahallasi, ota-onasi va do‘st-birodarlariga, yoshlikda eshitgan ertaklariyu o‘ynagan o‘yinlariga muhabbat o‘laroq shakllanadi. Keyin u muttasil kengayib, boyib, chuqurlashib boraveradi. Vatan tuyg‘usi doimo konkret. Avval ham Abdulla Oripov Vatan deya O‘zbekistonni kuylardi, ammo “tenglar ichra teng” O‘zbekistondan tashqari boshqa ulkanroq vatan borligini inkor etolmasdi. Shoirning badiiy tafakkurida bu holat ziddiyat uyg‘otishi tabiiydir. Ona tili, madaniyati va urf-odatlari ikkinchi darajali hisoblanardi. “Odam bo‘lmoqchi, hayotda biror narsaga erishmoqchi bo‘lsang, rus tilini, rus madaniyatini o‘rgan” degan g‘oya bog‘cha va maktabdan hammaning qulog‘iga quyilar edi. Albatta, mafkuraviy bosim kishida norozilikka sabab bo‘ladi. Axir milliy g‘urur qurmagur, agar vijdon, adolat tuyg‘ulari senga begona bo‘lmasa, bunday payt tinchlik bermaydi. “Sarob”da ilk marta bu masalaga shoir o‘zi va o‘quvchi uchun aniqlik kiritdi. Shoirning keyingi she’rlaridagi xitoblar: “O‘zbekiston – Vatanim manim”, “Mening O‘zbekiston – dilbar Vatanim” xalqning sevimli qanotli so‘zlariga aylandi.
Qasida uslubida yozilgan “O‘zbekiston” lirik poemasi ustida Abdulla Oripov uzoq yillar ter to‘kdi. Uning tanlangan asarlari 1-jildida qasida so‘nggida “1964–70” degan sana qo‘yilgan. Xrushchevning mamlakatga iliqlik ato etgan yillarida shaxsga sig‘inish qoralandi. Qator yozuvchi va shoirlar asarlari avvalgidek tuzumga sodiqligi uchun emas, balki yuksak badiiyligi, umuminsoniylik va milliylikni baland avjlarda kuylay olgani uchun Lenin mukofoti laureatligiga sazovor bo‘ldi. Ular orasida milliy adabiyot vakillari – Muxtor Avezov, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov, Mirzo Tursunzoda bor edi. Abdulla Oripov ko‘p kitob o‘qir, ayniqsa shoirlar ijodini diqqat bilan kuzatib borar edi. U Rasul Hamzatovning jur’atiga, vatani Dog‘istonni ko‘klarga ko‘tarishiga havas bilan boqardi.
Bu paytlarda mafkuraga bo‘ysundirilgan she’r bitishdan boshqasini unutgan, qatag‘on yillarida yuragini oldirib qo‘ygan katta avlod yetakchi o‘zbek shoirlariga na sevgining bevafoligini, alamli muhabbatni, na tug‘ilgan ona Vatanini baralla kuylashda jur’at yetishmasdi. Ming bor uzrxohlik qilib, ulug‘ sovet oilasida O‘zbekiston va o‘zbeklar baxtiyor ekanini qimtinibgina e’tirof etardi. She’rlarida lirika san’ati, so‘z jozibasi va qudrati deyarli uchramay qolgan, qofiyabozlik uslubidagi soxta pafos ustunlik qilardi. Agar baxtsiz sevgi haqida yozsa, pessimist deb nom olishdan, hatto baxtiyor sovet kishilariga tuhmat qilyapsan deya ayblanishdan qo‘rqardi. Ular zamon o‘zgarganini go‘yo payqamagandek edi. Buyuk rus og‘asini o‘xshatib yoza olsa, vijdoni durust bo‘lishini, Kreml minbaridan so‘zlayotganidan cheksiz g‘ururga to‘lganini she’rga solardi.
“O‘zbekiston”da milliy o‘zlikni anglash, tarixiylik va zamonaviylik, tarixning achchiq saboqlariyu xalqning g‘ururi, umuminsoniylik va milliylik, fikr teranli­giyu ehtiroslar qaynoqligi payvandlangan. Bular qasida sharafiga aytilgan balandparvoz maqtovlar emas. Isboti qasidaning o‘zida. Faqat ikki parcha keltiramiz:

Bobolardan so‘z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug‘ilgan ilk bor,
Ko‘ragoniy jadvallarida.
Qotil qo‘li qilich soldi mast,
Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh,
Do‘stlar, ko‘kda yulduzlar emas,
U – Ulug‘bek ko‘zidagi yosh.
Erda qolgan, o, tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim…

Birinchi parcha tarixga oid bo‘lsa, ikkinchisi xalqning zamonaviy ahvoli ifodasiga oid.

…Kech kuz edi, men seni ko‘rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto‘sh, yayov.
– Tashqarida izillar yomg‘ir,
– Kir, bobojon, yayragil biroz.
Deding: – Paxtam qoldi-ku, axir,
Yig‘ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Birinchi parchada Ulug‘bek obrazi o‘zbek xalqi va O‘zbekiston timsoliga aylantirilgan, ikkinchida xalq va Vatan yalangto‘sh dehqon obrazida gavdalanayotir.
Qasida jami 150 satrdan iborat. Har 10 satrlik misra “O‘zbekiston, Vatanim manim” refreni bilan tugaydi. Refren 15 marta qaytarilgan va barcha misralarni tematik birlashtirib, ularga bus-butunlik, yaxlitlik bag‘ishlab turibdi. Takrorlanuvchi so‘z, jumla, satr – refren sharq va g‘arb she’riyatida azaldan mavjud. Ayniqsa, mumtoz adabiyotda biz uning turli-tuman shakllariga duch kelamiz. G‘azalda radif, muxammasda takrorlanuvchi beshinchi satr yoki qofiya, g‘arb she’riyatida, masalan, sonetlar guldastasidagi yig‘ma sonetni tashkil etuvchi satrlar va boshqa har xil takrorlar, qo‘shiqlarda esa naqorat qo‘llaniladi. Bu lirik she’riyatni musiqa san’ati bilan yaqinlashtiruvchi badiiy uslubdir.
Musiqada takrorlar, repriza ko‘pincha nafaqat tematik birlashtiruvchi, tizim yaratuvchilik vazifasini, shuningdek o‘ziga xos yechim, tinglovchi ongiga singdiriladigan asosiy g‘oya vazifasini ham o‘taydi. “O‘zbekiston – Vatanim manim” refreni ana shunday shoir tomonidan o‘quvchi ongiga singdirilishi mo‘ljallangan asosiy g‘oyadir. Ishonch bilan aytish mumkinki, aynan “O‘zbekiston” qasidasi Abdulla Oripovni tom ma’noda xalq shoiriga aylantirdi. Har bir to‘yda davraboshilar, albatta, qasidadan parcha o‘qirdi. Biror maktabdagi, o‘quv yurti yoki mehnat jamoasidagi bayram tantanalari, yig‘ilishlar qasidadan parcha o‘qilmasdan o‘tmas edi. Vatanparvarlik mavzulariga bag‘ishlangan tadbirlarda “O‘zbekiston – Vatanim manim” refreni qayta-qayta yangrayverardi.
Shoirning “Onajon” marsiyasi, “Avlodlarga maktub”, “Ayol”, “Ona tilimga”, “Tilla baliqcha”, sevgi mavzusidagi she’rlari, “Birinchi muhabbatim”, “Saraton”, “Minorai Kalon tepasidagi laylak” she’rlari uning chinakam xalq shoiriga aylanishini yanada mustahkamladi. Kattayu kichik, erkagu ayol, ziyoliyu oddiy dehqon, talabayu o‘quvchi, mo‘min-qobil yoshlaru huquqbuzar bezorilar – barcha, barcha Abdulla Oripovni o‘zining shoiri hisoblay boshladi. Shoir butun vujudi, qalbi, dili, o‘y-tashvishlari, orzu havaslari bilan xalqiga, Vataniga singib ketdi:

Yurtim, senda ekan nasibam tugal,
Sen o‘zing maskanim, sen o‘zing shonim.
Sen onam, sen singlim, yorimsan, azal,
Ey, jonim, jahonim – O‘zbekistonim.

Haqiqiy lirik she’riyatni musiqaga yaqinlashtiruvchi badiiy-uslubiy unsurlar ko‘p. Ularni sanab o‘tirmaymiz. Ammo Abdulla Oripovning kichik lirik poemalarini mumtoz musiqa bilan qiyoslab qarasak, qiziq jihatlar ochiladi.
Lirik poemalar – badiiy tafakkur ifodasi. O‘z tuzilmasiga ko‘ra, so‘z yordamida yaratilgan simfoniyaga o‘xshaydi. Simfonizm, ya’ni simfonik asar asosida yotgan musiqiy tafakkur va uning ohanglarda yuzaga chiqishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Unda teran mazmunli yaxlit, bus-butun badiiy niyat (mavzu, g‘oya) izchil o‘zgarishda (rivojlanishda) konfliktli to‘qnashuvlar orqali ochib beriladi. Bunga yuqorida ko‘rib chiqilgan “Sarob” misolida amin bo‘lish mumkin. Yaxshisi, shoirning boshqa bir mukammal asari “Qarshi qo‘shig‘i”ni simfonik asar sifatida tahlil qilamiz.
Adabiyotda va simfoniyada voqea boshlanishidan avvalgi manzara, holat tasviri ekspozitsiya deyiladi (musiqada shuningdek prelyudiya, uvertyura atamalari qo‘llaniladi). Ekspozitsiya o‘quvchini, tinglovchini asar voqealarini, g‘oyasini to‘g‘ri qabul qilishga tayyorlaydi, unda ma’lum mazmundagi kayfiyat uyg‘otadi. “Sarob”da ekspozitsiya “Olti oykim she’r yozmayman, yuragim zada”, deb boshlangan bo‘lsa, “Qarshi qo‘shig‘i”da:

Men bu cho‘llar qo‘ynida tug‘ilib topdim kamol,
Ko‘hna sardobalarda ko‘milib qoldi dardim.

degan satrlar bilan boshlanadi. Ko‘hna sardobalarda ko‘milib qolgan dard sabablariga, oqibatlariga, yuzaga chiqishiga, bugungi evrilishlariga o‘quvchi zimdan tayyorlab boriladi. Birinchi 12 satr poemaning ekspozitsiyasini tashkil etadi. Ekspozitsiyadan keyin shoir niyatini bayon qiladi. Endi niyati avvalgidek, “o‘jar va majnunkor” she’rlar bitish emas, balki tug‘ilgan joyi, ota yurtining sharafini kuylash:

Mana bu kun, ey yurtim, g‘oz turibman qarshingda,
Ot aylanib joyini topar, deganlar doim.
Sen haqingda she’r bitish sharafi bor boshimda,
Ey sen, sahroyi xalqim, ey sen, tug‘ilgan joyim.

O‘z navbatida ushbu satrlar dramatik tugun vazifasini o‘taydi. Lekin bu faqat badiiy tugun xolos, aslo muddao emas. Muddao asar kulminatsiyasi oldidan aytilgan. Tugundan keyin, odatda, voqealar rivoji, ziddiyatlar, konflikt chuqurlashuvi va keskinlashuvi yuz beradi. Bu syujeti aniq epik-dramatik asarlarga xos. Lirik-dramatik asarlarda voqealar emas, tuyg‘ular, munosabat, kayfiyat, ruhiy holat rivoji, ziddiyati kuchayadi.

Kim aytadi qo‘yningda ilhom bor deb doimo,
Xususan, saratonning yonib turgan pallasi?
Bir nafas taklifingga tashrif etsa mabodo
Har qanday shoirning ham pir bo‘lar hafsalasi.
Bu yerlarning bori shu: qip-qizil sahro bari,
Faqat sarob jimirlab chorlar sirli bazmga.
Uncha ham suluv emas sahroning jonzotlari,
Nasrga yarashmasa, yarashmaydi nazmga.

Agar asarni simfoniyaga qiyoslashni davom etsak, bu sonataviy allegroni eslatadi. O‘quvchilarga ushbu musiqiy atamalar tushunarli bo‘lishi uchun ularning lug‘aviy mazmunini keltiramiz. Sonata umumiy badiiy maqsad-la birlashtirilgan bir necha kontrast qismlardan iborat musiqiy asardir. Allegro simfoniya yoki sonataning tez sur’atda ijro etiladigan birinchi qismi.
“Qarshi qo‘shig‘i”ni shartli ravishda bir necha qismlarga bo‘lish mumkin. Uning har bir qismi nisbatan mustaqil va tugallangan. Shundaygina ajratib olib, alohida she’r sifatida chop etish mumkin. Ayni paytda bu qismlar umumiy mavzu va xalqning cho‘lni o‘zlashtirish, farovonlikka intilish orzu-armoni bilan birlashtirilgan.
Tuyg‘ular, voqelikka munosabat rivoji davom etadi. Simfonizm qonuniyatiga ko‘ra, bu shunchaki bayon qilish yo‘sinida emas, konfliktli to‘qnashuvda, kontrastli qarama-qarshi qo‘yishlar ko‘rinishida yuz berishi lozim. Haqiqatan, asarda ketma-ket qarama-qarshi, kontrast holatlar bir-birini almashtirib kelaveradi:

Lekin uning bahori, o, sen, cho‘llar bahori,
Sog‘intirgan onamning diydori senday shirin.
Erta kun qovjirashdan bo‘lsa ham dilda zori,
Lola labi xandonu tubda dog‘i yashirin.
Oyoqlangan qo‘ziday dovdirar yelda maysa,
Ko‘m-ko‘k moviy osmonda kezib yurar oq bulut.
To‘rt taraf qisib kelib, nogohon jala quysa,
Olamga anqib ketar ming xil ko‘kat, ming xil o‘t.

Cho‘lda bahor tez o‘tib ketadi. Manzara, holat o‘zgarishi nozik, ingichka va cho‘ziq ovozli g‘ijjaklar, torli asboblar, nay sasi yordamida emas, balki endi misdan yasalgan puflab chalinadigan asboblar, yirik nog‘ora va kontrabaslarning gumburlagan ovozi bilan almashadi:

Lekin oftob zabtidan qochib boradi bahor,
Noshud sayyod dastidan qalbi qon ohu kabi.
Xayr endi, bahorim, ko‘rishguncha to diydor,
Mahshar kelmay yumildi bahorning qaqroq labi.

Birdan ohang sokinlikka o‘tadi. Hazinlikka – minorga ko‘chadi. Hazinlik o‘quvchi xayolini uzoq xotiralarni jonlantirishga, ruhiy bezovtalikka tayyorlaydi.
Asarda yana simfonizm qonuniyati ishga tushadi. Mahzun tuyg‘ular ham konfliktli to‘qnashuvda rivojlanishi zarur. Minorning aksi majordir. Qisqagina major satrlar bu yerda kontrast orqali mahzunlikning ko‘lamini kengaytirib, mazmunini chuqurlashtirishga, kulminatsiyaga chiqarishga yordam beradi.

Har nedan go‘zalroqdir balki cho‘l kechalari,
Ufqlar kaftdek ravon, ko‘k sochgan bor bisotin.
Termulsang ko‘ringaydur jannatning go‘shalari,
Yulduzlar chug‘urlashib so‘ylashar tafsilotin.
Sizni jondan sevaman, o, yulduzli kechalar,
Qo‘yningizda nihondir sirli va dilbar xayol.
Sizni suronli kunlar qo‘msaganman nechalar,
Siz bilan tanholikda so‘zlashsam, deb bemalol.

Ushbu satrlar, shubhasiz, major ohangida. Ammo yana mavzu o‘zgaradi, yana hazin sas yangray boshlaydi. Bu endi simfoniyaning 2-lirik qismiga – andantega o‘xshaydi. Harakat sekinlashdi, variatsiyalar rondo-sonato uslubida ijro etilayotir (yozilayotir).
Rondo bosh mavzuga bir necha qo‘shimcha mavzular qarama-qarshi qo‘yiladigan musiqiy pesadir. Sonata haqida yuqorida gapirgan edik. Umumiy badiiy maqsad bir necha kontrastli qismlarni o‘z ichiga oladi. Rondo-sonato ikki janr uslubini birlashtiradi.

Lekin shaddod hayotning yulduzda bormi ishi,
Insonlar bor – yulduzdan yulduzlar qadar yiroq.
Insonlar bor – o‘zidan bo‘lak yo‘qdir tashvishi,
“Savdoyi” – deb ataydi shoirni ular ko‘proq.

Yon mavzu o‘laroq insonlarning o‘zaro begonalashuvi, go‘zallikdan yiroqligi, faqat foydasini, nafsini o‘ylashi aytib ketilmoqda. O‘z navbatida bu bosh mavzuni chuqurroq idrok etishga, uning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, shuningdek, axloqiy-ma’naviy jihatini ham his qilishga yordam beradi.
Lirik chekinish xayolda o‘tmish xotiralarini jonlantiradi, siniqlarini yamaydi. Ammo bu chekinish tuyg‘ular rivojining, dramasining muhim, zaruriy halqasi asar kompozitsiyasida maxsus kechiktirib qo‘llanilmoqda. Aslida mantiqan shu paytgacha tasvirlangan, ifodalangan voqealardan, munosabatlardan oldinda turadi.

Yo‘l yursang har joylarda rabotlar vayronasi,
Iskandar, Qutaybadan qolgan sonsiz dahmalar.
Bu yerlarda ilk bora yangragan Temur sasi,
Chingiziylar boshiga solib qo‘rquv, vahmalar.
O, ulardan ne qoldi? Turfa rivoyat faqat…
Birovi qurganini boshqasi qildi vayron.
Vaqting bemalol bo‘lib, so‘ylay bersang hikoyat,
Hattoki Firdavsiy ham boqardi senga hayron.

Ko‘rinib turibdiki, shoir bir necha yon mavzularni bosh mavzuni teranroq ochib berish uchun jalb etmoqda. Bunda u kontrastdan, qarama-qarshi qo‘yish san’atidan mohirona foydalanmoqda. O‘tmishga lirik chekinishdan keyin, asar asl muddaosining bayoniga o‘tadi. Simfoniyaning skertso qismi boshlandi (Skertso simfoniya, sonata va kvartetalarning qismi jonli, shiddatli sur’atlarda, keskin xarakterli ritmik yoki garmonik evrilishlarni ifodalaydi):

Men bu kun do‘stlarimga afsus-nadomat bilan,
Erga cho‘p qadamagan amirlardan so‘ylayman…
…Shu boisdan sahroning qalbida bir go‘r yotar,
U mening bobom qabri, qizimning bobojoni.
Har o‘tganda ruhimga tuganmas qayg‘u botar,
Qultum suv hasratida uzilgan yigit joni.
U bir zamon quduqning tubida qolgan ekan,
Suv ko‘zin ochay desa – bosib qolibdi tuproq…

Tuyg‘ular, hasrat, afsus-nadomat kuchayib avjiga chiqadi. Navbatdagi 12 satr asar uchinchi qismining yakuni va butun asarning kulminatsiyasidir.

Men uning nabirasi, qo‘limda qalam bilan,
Qalbimda alam bilan poyiga qo‘ydim qadam.
Uning-ku ishi yo‘qdur bu tirik olam bilan,
Lekin orzusi bor-ku, niyat topmas-ku barham.

Avjdan tuyg‘ular ifodasi sekin pastga tushadi va asardagi “voqealar” rivojining yangi yo‘nalishiga yo‘l ochadi. Asarning mazkur qismi yakunlanadi.

Ha, quduqlar tubida ko‘milib ketmas armon,
Har qanday zavolning ham bordir so‘nggi, hududi.
Qabrlar tepasida yongan o‘t ham begumon,
Birorta o‘ksik qalbning chaqnayotgan umidi.

Poemaning keyingi qismi simfoniyaning finaliga mos keladi. U xalqimizning cho‘lni o‘zlashtirish bo‘yicha orzu-maqsadlarini, uning azmu shijoatini, bunyodkorligini kuylashga bag‘ishlangan. Lekin asarning bu qismi jasoratlarga to‘la mehnatni ulug‘lab kuylashdangina iborat emas. Simfonizm qonuniyatini shoir intuitiv ravishda esdan chiqarmaydi. U kontrastdan, konfliktli qarama-qarshi qo‘yishdan voz kechmaydi. Lekin bu kontrastda endi minor emas, major ohangi jaranglaydi. Final ham rondo-sonato uslubida yozilgan:

Biz ham bir kun o‘tarmiz bu dunyoi qadimdan,
Bizning ham qalbimizda ketgusi balki armon.
Balki kimdir bizni ham xotirlab qo‘ysa zimdan,
Parchalab qabr toshin kelurmiz o‘sha zamon.

Yoki boshqa qarama-qarshi qo‘yish qo‘llanilgan major satrlar:

Men-ku she’r yozmasam ham sahrolarga suv chiqib,
Shu buyuk mamlakatim obod bo‘lishi tayin.
Lekin ona xalqimning o‘tmishiga ko‘z tikib,
Kelajagi haqida o‘y surgim kelar mayin.

Mazkur satrlar xalq yaratuvchilik salohiyatining madhi bilan qo‘shilib ketadi. Topilgan mubolag‘ali metofora yana yuksaklikka, avjga ko‘tarila boshlaydi:

Ilojin topsa agar, ketmonning dastasin ham,
Erga qarab termulib, ko‘kartiruvchi bu xalq.
Jazm etsa ko‘kka bo‘yar jahon xaritasin ham,
Bugun cho‘lga chiqibdi, niyati topsin barhaq.

Daryoning chiroyli obrazi yaratiladi. Keyingi satrlarda u yaltirab yotgan shamshirga o‘xshatiladi. Jonlantirilib, tushovidan bo‘shalgan, sarson chopayotgan otga qiyoslanadi. U darbadar, serxatar, vazmin, quv, o‘jar sifatlari orqali ta’riflanadi. Sifatlar kontrastli. Bu daryo obrazining har xil, o‘zaro ziddiyatli, ayni damda ulug‘vor qirralarini, daryoning qudratini ochib ko‘rsatadi. Asar she’riy simfonik poema o‘laroq, janr talabiga binoan, tuyg‘ular, mulohazalar, obrazlar uyg‘unligida yakunlanadi. Daryo bilan xayolan suhbat qilib, lirik qahramon xulosa qiladi:

Ha, dayr dengizida yakka inson – zarra qum,
Zamonlar soatidan o‘tar u qator-qator,
Lekin sen borsan, Amu, dengizday teran ruhim,
Lekin sen borsan, xalqim, ko‘kragim Pomircha bor.

Bu satrlar va keyingi 8-satr o‘ziga xos repriza – mavzuni takrorlab, asl maqsadning yana bir jihatini o‘quvchiga yetkazishdir.
Albatta, Abdulla Oripov simfoniyaga yoki undan kichikroq bir qismli simfonik poemaga o‘xshatib lirik poema yozishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan. Bu aniq gap. U maxsus musiqiy bilimga ega emas edi. Simfoniya tarkibiy qismlari, ular qanday atalishini, musiqiy terminlarni batafsil tizimli o‘rganmagan. To‘g‘ri, rubobda ayrim kuylarni (“Munojot” va boshqalarni) ijro etishni bilardi. Yaxshi musiqani jonu dili bilan tinglardi. Lekin badiiyatning ba’zi qonunlari she’riyat va musiqiy san’at uchun umumiydir. Chunki har ikkalasi ham tasviriy emas, ifodaviy san’at: inson tuyg‘ulari, ruhiyati holatlari va evrilishlarini kuylaydi. Faqat biri so‘zlardan, ikkinchisi ohang, kuylardan foydalanadi. Shu sababdan an’anaviy syujet unsurlari bo‘lmagan lirik poema ko‘proq simfoniyaga yoki undan qisqaroq simfonik poemaga mos keladi. Shoir o‘z g‘oyasini ifodalashda, maqsad-muddaosini bayon etishda badiiy samarali usulni izlab intuitiv tarzda topgan, yaxlit she’riy simfoniya yaratgan.
Abdulla Oripov asar ustida qattiq ishlardi, ba’zi misralarning o‘nga yaqin, yo ortiq variantlarini sinab ko‘rardi. “Qarshi qo‘shig‘i” ana shunday og‘ir zahmat orqali tug‘ilgan asardir. Kelajakda matnshunos olimlar ularni tahlil qilar. Shunda shoirning badiiy-ijodiy tafakkuri mexanizmi haqida o‘quvchilar nisbatan aniqroq tasavvurga ega bo‘ladi.
Mulohazalar yakunida bir necha fikrni qayd qilmoqchi edik. She’riyatni musiqaga qiyoslash – qadimdan kelayotgan an’ana. Ba’zi xalqlarda, masalan, hindlarda, hatto she’rlar o‘qilmaydi, balki kuylanadi. Alisher Navoiyning 525 yilligiga bag‘ishlangan Moskvadagi tantanada (1968 y) akademik N. I. Konrad “Xamsa”ni yaxlit holda simfoniyaga qiyoslab, uning har bir dostoni simfoniyasining qaysi jihatlariga o‘xshashini e’tirof etgan edi. Abdulla Oripov asarlarini g‘arbiy yevropa mumtoz musiqa san’atining muayyan janriga birinchi o‘xshatish ustoz Ozod Sharafiddinovga tegishli. U shoirning “Onajon” marsiyasi V. A. Motsartning “Rekviyem” asariga badiiy kuchi va qimmatiga ko‘ra tengdir, degan fikrni bildirgan edi. Menga ham uning lirik poemalari Motsartning 39, 40, 41-simfoniyalarini, Lyudvig van Betxovenning 5- va 9-simfoniyalarini eslatadi. “Qarshi qo‘shig‘i”ga xos lirizm uni Motsart simfoniyalariga, ko‘tarinki romantizm ruhi va shiddatli sur’ati Betxoven asarlariga yaqinlashtiradi.
Balki, kimgadir Abdulla Oripovning lirik poemalarini simfonik asarga qiyoslash sun’iy tuyular, e’tiroz uyg‘otar. Lekin shoir fenomenini, o‘zbek she’riyatiga qo‘shgan hissasini teran anglab olish uchun uning badiiy idroki va tafakkuri xususiyatlarini har tomonlama tahlil qilish, yangi qiyosiy-tarixiy, semiotik, kulturologik usullarga murojaat etish zarur. Kimdir simfoniya yirik asar, uni adabiyotdagi romanga, yoki 4 pardali yirik dramaga qiyoslash o‘rinli, deyishi mumkin. Haqiqatan – shunday. Simfoniyadan tashqari, kichik hajmdagi simfonik asarlar bor: simfoniya-syuita, simfoniya-fantaziya, simfoniya-poema, simfoniya-kantata. Vikipediyada simfonik poema haqida quyidagi fikrlarni uchratamiz: “Simfonik poemaning asosiy qismini, odatda, turfa xarakterli epizodlar zanjiri tashkil etadi. Ular sonataviy allegro nuqtai nazaridan bosh partiya, qo‘shimcha (yon) partiya va ishlanmasiga, turkum nuqtai nazaridan esa – birinchi (tez), ikkinchi (lirik) va uchinchi (skertso) qismlariga mos keladi… Oddiy sonataviy alleg­roga nisbatan simfonik poema epizodlari mustaqilroq va ichki tugalroqdir… Simfonik poemada epizodlar o‘rtasidagi kontrast sonataviy allegroga nisbatan keskinroq, epizodlar esa uchtadan ko‘proq bo‘lishi mumkin”.
“Qarshi qo‘shig‘i”dagi epizodlar ekspozitsiya va xotimadan tashqari: a) cho‘lda bahorning tez yoz jaziramasi bilan almashuvi; b) o‘tmishni xotirlash, rabotlar qoldig‘i, “jilovdori bo‘lmasa, yugan tortmagan zolim” amirlar; v) quduqni tozalashda tuproq bosib qolgan ajdod; g) cho‘lni o‘zlashtirishga jazm etgan xalq bunyodkorligi epizodlaridan iborat. Har epizodga ichki tugallanganlik va mustaqillik xos. Ular umumiy mavzu va g‘oya orqali birlashib, uzviylik kasb etgan.
“Qarshi qo‘shig‘i”ni 4 qismli simfoniyaga yoki ko‘p qismli simfonik poemaga o‘xshatish bo‘yicha uzil-kesil qaror qilishni, qiyoslashni o‘quvchining o‘ziga qoldiramiz. Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini kichik lirik poema janrining turli shakllari bilan boyitdi: psixologik poema, (“Sarob”, “Bahor”, “Malomat toshlari”), poema – qasida (“O‘zbekiston”), didaktik poema (“Tarbiya”), poema-marsiya (“Onajon”), poema-hikoyat (“Hangoma”, “Sharq hikoyasi”), falsafiy poema (“Tafakkur monologi”) va boshqalar.
Lirik poema janri bugungi o‘zbek she’riyatida o‘z o‘rnini topdi, u bugun ham turli uslublarda davom ettirilmoqda. Masalan, Ikrom Otamurodning “Jadval”, “Balki” asarlari kichik lirik poemalardir. Faqat ularda Abdulla Oripovdagidek, an’anaviy emas, balki modern uslubi qo‘llanilgan.

Tiriklik – hikmat, yashash – jasorat

Abdulla Oripovning muxlislari, havasmandlari qatorida uning ijodiga hasad qiluvchilar ham bor edi. Jumladan, turli yoshdagi kasbdoshlari orasidagi hasadgo‘ylar mafkura va siyosat bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarni chalg‘itishga harakat qildilar. Abdulla Oripov sovet tuzumiga g‘oyaviy yot shaxs, u tushkunlik ruhida yozadi, porloq kommunistik kelajakka ishonmaydi degan gapga ularni ishontirishga zo‘r berib urindilar. Turli idoralarga siyosiy-mafkuraviy chaqimchilik mazmunidagi xatlarni jo‘natib turdilar. Biroq xalq o‘z shoirini sevardi. Uning otashnafas she’r­lari chop etilmasdanoq, yoshlar o‘rtasida tarqalib ketardi. She’riyat kechalarida, agar Abdulla Oripov uchrashuvda qatnashayotgan bo‘lsa, talabalar katta avlod shoirlari chiqishini xushlamay, “Abdulla Oripov, Abdulla Oripov” deya talab qilganlari bor gap. Shunday uchrashuvlarda katta yoshli shoirlardan biri hatto “Buni Ozod (Ozod Sharafiddinov) maxsus uyushtirgan. Talabalariga Abdullani olqishlashni tayinlagan” deya ochiqcha gapirishdan uyalmagan.
Mahalliychilik ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘ygan ayrim kishilar “Chekka viloyatdan kelib qolgan bir qishloqi chorvador bolasiga namuncha hurmat. Men undan ulug‘man, men aslzodalar, saidlar avlodiman” degan iddaolar qilgan. Abdulla Oripov bunday ko‘rolmovchi kimsalarga she’ri orqali javob berdi. Aslida shoirning haqiqiy tarjimai holi uning satrlarida, asarlarida yashirin.

Dunyoda har ishning bordir o‘z gali,
Olis xotiralar hamroh ishimga.
Shoirlik yodimdan chiqqan mahali,
Cho‘ponlik yillarim tushar esimga.
Qo‘ylar suruvini haydayman borho,
Sibizg‘a chalaman ba’zida beg‘am.
Suruvim ichida ko‘raman goho
Meni cho‘pon degan kimsalarni ham.

Boshqa bir she’rida u hasadgo‘y noshud hamkasbini so‘zlatadi:

Ey, siz, studentlar, insof bormi hech,
Bunchalar shakkoksiz, bunchalar nodon?!
Siz qarsak chalyapsiz kimga erta-kech,
Men-chi, qolaverdim bir chetda nolon.
Garchand, ba’zi joyda topdim e’tibor,
Ko‘ksimda nelardir taratur ziyo…

Ko‘ksini orden, medallar, laureatlik nishonlari bezab turgan, sovet tuzumini maqtab charchamagan, she’riyatni mafkuraviy targ‘ibot darajasiga tushirgan, badiiylikka xiyonat qilgan noshudning nolasi bu. Hatto bir shoir o‘zining urush qatnashchisi bo‘lganini, Vatan uchun qon to‘kkanini pesh qilib, Abdulla Oripovning tanobini tortib qo‘yishni so‘rab, tegishli markaziy idoralarga xat yozgan.
60-yillar oxiri va butun 70-yillar shoir hayotining eng og‘ir pallasi bo‘ldi. Har xil tuhmat va ig‘volar, har xil “jonkuyar muxlislar” tomonidan maxsus tashkil qilinadigan ichkilikbozliklar Abdulla Oripovni ijoddan ancha chalg‘itdi, sog‘lig‘ini, asablarini ishdan chiqardi, biroq iste’dodini, badiiy tafakkurini pasaytira olmadi. Unga muxoliflari boshqa tomondan – farzandlarini zaharlash orqali zarba berishga intilganini ko‘pchilik bilmaydi. Voqea bunday bo‘lgan. Kechasi yarim tunda qaysidir mal’un Abdulla Oripov yashaydigan ikkinchi qavatdagi kvartira balkoniga bir siqim zaharlangan dumaloq shakldagi “holvachalarni” tashlagan. Shoir ijod bilan mashg‘ul bo‘lib, hali uyg‘oq ekan. Balkoniga nimadir shatir-shutur tushganini eshitib, qiziqib chiqqan. Qarasa, gultuvakka tushgan huqqachalardan biri namdan bijg‘iy boshlagan. Boshqalari sochilib yotibdi. U oilasini uyg‘otib, gultuvakdagi huqqachani ko‘rsatadi. Uni olgan yanganing ikki barmog‘i biroz kuygan. Uch-to‘rt yoshga kirgan qizlaridan birortasi ertasi kuni sochilib yotgan holvachadan biror donasini topib olib, og‘ziga solganda, og‘zi kuyib, bo‘g‘ilib, halok bo‘lishi muqarrar edi. Er-xotin huqqachalarni terib olib, ertasi tegishli idoralarga bergan. Kim bu qabihlikni qilgani shoirga ma’lum qilinmagan. Faqat eshik oldida turadigan vaxtyor – kampirni “qaramagani” uchun ishdan bo‘shatib yuborishgan.
Yana bir usul har xil vahimali mish-mishlar tarqatish edi. Balki ularning qandaydir asosi bo‘lgandir. Hatto shoir mana-mana qamoqqa olinadi degan gap­lar yurardi. O‘shanda Ozod Sharafiddinov: “Abdullajon, agar sizni olib ketishsa, izingizdan borib, men ham yoningizda yotib olaman, chiqmayman”, deb shoirga dalda bergan. Ozod domlaning so‘zlari vaziyat ancha qaltis bo‘lganini ko‘rsatish barobarida haqiqiy xalqparvar ziyolilarimiz 30–40-yillar oxiridagidek endi qatag‘onlarga chetda loqayd qarab turmasligidan dalolat beradi. Tegishli idoralarga Ozod domlaning so‘zlari yetib borganmi, yo‘qmi, bizga qorong‘i. Ammo shoirga bu so‘zlar katta tayanch bo‘lgandi, uni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolib ketganlik, ilojsizlik tuyg‘usidan xalos etgandi.
Shoirni qamashning iloji bo‘lmagan. Chunki u jinoyatchi-kissovur, yo‘lto‘sar, o‘g‘ri, qallob va hokazo emasdi. Siyosiy va mafkuraviy qarashlari uchun qatag‘on qilishni partiya rasmiy qoralab, bunday siyosat endi qaytarilmasligini KPSS MK qarorida (1956 y) kafolatlab qo‘ygandi. Lekin badarg‘a qilishi, mamlakatdan chiqarib yuborishi, agar Yozuvchilar soyuzi a’zosi bo‘lmay, 3 oydan ortiq ishlamasa, tekinxo‘rlikda ayblab, javobgarlikka tortishi mumkin edi. Sovet tuzumining baxtiga qarshi Abdulla Oripov soyuz a’zosi edi. O‘sha yillari shoirga nisbatan ishlatilgan qabihliklardan yana biri – shoir huzuriga maxsus jo‘natib turilgan “turli muxlislar”ning tinimsiz qatnashi, “tanishib” ichkilikbozlik uyushtirishlari edi. Haqiqiy samimiy muxlislardan ularni ajratish qiyin bo‘lgan. Tashkilotchilar o‘rtada tanaffus bo‘lib qolmasligini, shoir doimo mast-alast holda yurib, ijod qilolmasligini, sog‘lig‘ini yo‘qotishini mo‘ljallagan. Lekin, insof yuzasidan tan olish kerakki, respublika rahbarlari orasida shoirni zimdan qo‘llab-quvvatlaydiganlar yo‘q emasdi. Shu sababdan, unga o‘sha og‘ir 70-yillarda Respub­lika komsomoli mukofoti laureati unvoni berildi. Har holda bu shoirni ochiqcha qo‘pol ig‘volardan, ayniqsa maxfiy xizmat ig‘volaridan, qisman bo‘lsa-da, saqlab turdi. 1980 yilda O‘zbekiston davlat mukofoti berilishi shoir maqomini yana bir bor tasdiqladi, himoyasini kuchaytirdi.
Uni hukumat shifoxonasiga rasman biriktirib qo‘ydilar. Sharof Rashidov shaxsan shoir sog‘lig‘i va ijodi bilan qiziqdi. “Sovetskiy pisatel” nashriyo­ti direktoriga va shoirning o‘ziga maktub yozdi. Ammo hasadgo‘ylar soni yanada ko‘paydi. 1981 yilda SSSR Yozuvchilar soyuzi tomonidan yozuvchilar qurultoyiga taklif qilingan (delegat etib O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi uni saylamagan edi) shoir Moskvada infarktni o‘tkazdi. Keyinchalik shoirning hukumat shifoxonasida davolanishi kimlargadir hasad va g‘iybat uchun mavzu bo‘ldi. Alam bilan shunday she’r tug‘iladi:

Sen mening dardimga qilibsan havas,
Havasing kelibdi shifoxonamga.
Dermishsan: “Yor unga omad har nafas,
Ayricha iltifot bor bu odamga…”
Sen-ku, yovqur inson, sog‘ va salomat,
Tog‘larni yiqadi purkkan nafasing.
Bilmadim, yuz bermish qanday adovat,
Zaqqum dorilarga kelmish havasing.

Abdulla Oripovga tabiat ulkan ma’naviy kuch va iroda ato etsa-da, sog‘liqdan qisgan edi. Buning ustiga uning sog‘ayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinuvchi “ulfatlar” va g‘iybatchilar, ig‘vogarlar soni kamaymadi. Moskvada infarkt bo‘lib qolishi o‘z-o‘zidan yuz bergan emas. “Qirq yosh” degan she’rida yozadi:

Qirq yilning naq yarmi yo‘llarda o‘tdi,
Yarmi esa o‘tdi bemorxonada…
Kim alam chekmabdi umrida bir bor –
U meni anglamas, anglamas aslo!
Kim haqqa tashnadir, kim mehrga zor,
Men unga umrimni etgumdir fido.

Shoirning har qadamini poylab yurish mustaqillik yillarigacha davom etdi. Izidan qo‘yilgan poyloqchilar, tabiiyki, tegishli vakolatli idoralarga yozma va og‘zaki hisob berib, har qadamini, har aytgan so‘zini bildirib borganlar. “Umr” (xorijdagi she’r) asarida o‘qiymiz:

Umr-ku o‘tadi gulduros solib,
Uning qaytganini kim ham ko‘ribdi?
Vo ajab, qay bir zot, o‘z umri qolib,
Mening qadamimni o‘lchab yuribdi…

Abdulla Oripov shoirlik zahmatini Olloh uning zimmasiga yuklagan burch deb bildi. Ushbu burchga sodiqlik uning uchun imon-e’tiqod masalasiga aylandi, unga kuch va iroda bag‘ishladi. 1974 yildayoq “Iroda” she’rida shunday xulosaga keladi:

Sen borsan – toptalib ketmas zakovat,
Sen borsan – odamzod yetgay sharafga.
Yo‘q esa qalbida tog‘day matonat
Yashashdan ne ma’no edi Mashrabga.

Ijoddan u irodasi va imon-e’tiqodini mustahkamlash uchun, irodadan va imon-e’tiqoddan ijodiy burchini bajarish uchun kuch oldi. Ushbu munosabat bilan “Jannatga yo‘l”ni eslash joiz. Dramatik doston deya atalgan ushbu asarida bir qizchani qutqaray deb halok bo‘lgan shoir yigitning gunoh-savobi hisob-kitob qilinganda, jannatga ikki paysa yetmaydi. Yigit – hayron. Axir, u hayotida yomon ishlarga qo‘l urmagan, birovni xafa qilmagan. Tiriklikda hasadgo‘ylardan, razil, pastkashlardan ko‘p azob chekkan yigit, oxiratda do‘zax azobiga mahkum bo‘layotganidan afsuslanadi va tarozibondan gunohi nimada ekanini so‘raydi. Tarozibon javob beradi:

Sen shoirsan, senga Olloh yorug‘ nur berdi,
Otash berdi, zabon berdi, ham ulug‘ yurak.
Timsolingda bechoralar o‘z dardin ko‘rdi,
Baxtin ko‘rdi, shodliklarin ko‘rganlar beshak…
…Ilohiy dil bergan edi senga Xudoyim,
Quloq sol deb sho‘rliklarning ohi-vohiga.
Sen-chi samo shu’lasini kuylading doim,
She’rlar bitding yulduzlarga, gulga, ohuga.

Olloh zimmangga yuklagan burchni ado etmaslik, kerak bo‘lsa, o‘zingni qurbon qilmaslik – gunohi azim, oyog‘ingdan do‘zaxga tortadi, savob ishlaringni yo‘qqa chiqaradi. Asar davomida qahramon haqiqatan ijodkorlik burchini bajarmagani, she’rlari bilan odamlarni yovuzlikdan, xudbinlikdan qaytarishga urinmagani, odamlar dardiga befarq qolgani uchun do‘zaxga loyiq deb jazo to‘g‘ri belgilanganiga amin bo‘ladi. Tavba-tazarru tuyg‘usini ko‘nglidan o‘tkazadi, o‘ziga xos tarzda poklanadi. Tarozibon bilan gunohsizligi to‘g‘risida bahs qilgan qahramon oxirgi sahnada do‘sti bilan uchrashuvda shoirlik burchini bajarmagani uchun gunohkorligini to‘la bo‘yniga oladi.
Abdulla Oripov “Jannatga yo‘l”ni navbatdagi bir durdona asar o‘laroq do‘stlikni, samimiylikni qarindoshlikdan ustun qo‘yish g‘oyasini targ‘ib etish uchun yozgan emas. “Jannatga yo‘l” Abdulla Oripovning o‘z shaxsiy shoirlik burchi to‘g‘risidagi manifestidir, doktrinasidir. Shuning uchun barcha qabohat va yovuzliklar uni sindira olmadi. To‘g‘ri, u sog‘lig‘idan ayrildi, infarkt o‘tkazdi, og‘ir jigar xastaligiga yo‘liqdi. Yozishi lozim va mumkin bo‘lgan asarlarning ko‘pi yozilmay qolib ketdi. Bundan faqat shoirning o‘zi emas, butun o‘zbek xalqi, o‘zbek adabiyoti zarar ko‘rdi.
Shoir umri davomida hasadgo‘ylardan qutula olmadi. Ular orasida she’r yozuvchi qalamkashlardan tashqari oddiygina shuhratparastlar, turli turqdagi mahalliychilar, yoki sovet tuzumiga “fidoyi”, “vatanparvar” mafkurachilar bor edi. Biroq 80-yillarda ularga yuqori tashkilotlar kam e’tibor bera boshladi. Chunki uni Sharof Rashidov himoyasiga oladi. Ammo Rashidov vafotidan keyin shoir yana moddiy va ma’naviy jihatdan qiyinchilikka duchor bo‘ldi.
Qashqadaryoga birinchi rahbar bo‘lib kelgan Islom Karimov 1987 yilda uni har jihatdan qo‘llab-quvvatlay boshladi. Rahbariyat bilan kelishib, mualliflik huquqi Respub­lika bo‘limiga rahbar etib saylanishiga yordam berdi. O‘zbekiston xalq shoiri unvoniga tavsiya etdi. Mustaqillikdan keyin u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘ldi, shoirga 1998 yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoni berildi. O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatligiga, senatorligiga saylandi. Uning ijtimoiy mavqei va martabasi o‘sdi.
Tabiiyki, hasad mavzusi, bachkana hasadgo‘ylar qurshovi, ulardan qutulish imkonsizligi Abdulla Oripov asarlarida ko‘p uchraydi. Zamondosh do‘sti, sof, tiniq tuyg‘ular sohibi – buyuk shoir Erkin Vohidovga bag‘ishlangan “Arslon chorlaganda” she’rida o‘qiymiz:

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh.
Jam’i tiriklikka tanish bu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do‘stim, alam qilar, arslon bexabar,
Em bo‘lib ketsak shu qumursqalarga.

Taniqli faylasuf olim, professor Qo‘chqor Xonazarov menga bir voqeani aytib bergan edi. 70-yillarda u kishi Moskvada marksizm-leninizm institutida xizmat qilgan; 70-yillar oxirida uni KPSS Markaziy Komitetining madaniyat, mafkura, milliy siyosat bilan shug‘ullanadigan bo‘limlaridan biriga chaqirib, Abdulla Oripov she’rlarini tutqazishgan va ularda millatchilik, aksilsovetizm bor-yo‘qligi to‘g‘risida xolis baho berishni talab qilishgan. Domla she’rlarni batafsil tahlil qilgan, satrma-satr rus tiliga tarjima qilib, millatchilik va aksilsovetizm yo‘qligini, faqat o‘zbek va sharq she’riyatiga xos an’anaviy obrazlar, maqtov va shukronalik ruhidagi fikrlar, majoziy ishq va hokazo o‘rniga, ba’zan kutilmagan paradoksal obrazlar qo‘llanilganini, inson ruhiyatidagi ziddiyatlar ochib berilganini aytgan. Keskinlik, jo‘shqinlik, o‘z ahvolidan va jamiyatdagi turmush darajasidan qoniqmasligi eskicha fikrlaydigan, she’rdan shukronalik, tavba, yorga iltijo, yoki go‘zal ishqiy tuyg‘ularini talab qiladigan kishilarga tuzumdan norozilik bo‘lib tuyulgan, deya xulosa bergan. Shoir ijodini nozik ustalik va bosiqlik bilan qat’iy himoya qilgan. Shubhasiz, Qo‘chqor Xonazarovning xolisligi, halolligi, vatanparvarligi, Abdulla Oripovni himoya qilib, Moskvani tinchlantirgani, 1980 yilda shoirga O‘zbekiston davlat mukofoti laureati unvoni berilishiga, yuqoridan bosim biroz pasayishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Har bir shoirning o‘zi uchun, o‘ziga dalda berish, ovutish, qiyin ahvolga tushganda, psixologik moslashib, kurashish uchun, hatto yashash uchun o‘zida kuch topish maqsadida yozgan she’rlari bo‘ladi. Abdulla Oripovda bunday she’rlar bitta-ikkita emas, son jihatdan salmoqli. “Pahlavon Mahmud qabri qoshida”, “Chorlash”, “Bulbul o‘gay erur zog‘lar orasida”, “Shukrona” she’rlari shular jumlasidan:

Shukrona ayt, avval parcha non uchun,
So‘ng qultum suv uchun shukrona takror.
Chunki bu olamda, yashirmoq nechun,
Senga shularni ham ko‘p ko‘rganlar bor.
Buyuklar baxtiga havas qil, ammo,
Insonliging uchun shukr aytgil zinhor.
Chunki bu olamda sen uchun hatto,
Oddiy insonlikni ko‘p ko‘rganlar bor.

Shoir eng avvalo yuqorida sanalgan she’rlarda va keltirilgan parchada o‘ziga tasalli bermoqda. Olloh bergan rizqqa, umrga shukronalik qilib, jo‘natgan sinovini mardona qabul qilishga o‘zini ruhiy rag‘batlantirmoqda. “Omad haqida” she’rida ushbu mavzu boshqacha ko‘rinishda davom ettiriladi:

Omad degan narsa dunyoda bor gap,
Bu yerda har qanday xurofot bekor.
Hozir sen she’rimni turibsan tinglab,
Demak, sen – hayotsan, omad senga yor.
Boshqacha qismat ham mavjud-ku axir,
Baloyi qazodan asrasin zinhor,
Men senga she’r o‘qib turibman hozir,
Demak men – hayotman, omad menga yor.

Bu satrlarni shoir hayotining eng og‘ir, unga nisbatan har qanday ig‘vo – jumladan jismoniy o‘ch olish istisno qilinmagan yillarida yozgan edi. “Dunyoni qizg‘anma” she’ri ham o‘zi uchun yozilgan. Unda o‘z-o‘ziga dalda endi raqibini tinch­lantirish bilan qo‘shiladi:

…Dunyoni qizg‘anma mendan, azizim,
Qalbingni yoqmasin shubha va so‘roq.
Men o‘zga manzilga tikkanman ko‘zim,
U sening kulbangdan juda ham yiroq.

“Ishonch” she’ri xuddi shunday o‘zini yupatish va hayotga rag‘bat topish maqsadida yozilgan. Sovet davrida Xudo tushunchasi ko‘pincha “tabiat” so‘zi bilan almashtirilar, biror niyatni amalga oshirishda tabiatdan madad so‘ralar edi:

Tabiat, ishonchdan ayirma sira,
Ayirma, o‘chmasin dildan shukuhing.
Benishon yo‘qolib ketgandan ko‘ra,
Yaxshi-ku tentirab yursa gar ruhing.

Badiiy adabiyot insonga turli qiyinchiliklarni, shubha, ikkilanishlarni, ayniqsa, tabiat tahdidlari va jamiyat zulm-jafolarini yengishda yordam beradi. Ertak­lardagi yalmog‘iz, alvastilar, devlar, jinlar, jodugarlar obrazi bolalarda kurasha olish, qo‘rqmaslik ruhini tarbiyalashga qaratilgan. Fridrix Nitsshe o‘zining “Tragediyaning musiqa ruhidan tug‘ilishi” risolasida tragik asarlar yordamida inson real hayot dahshatlarini o‘z ongida yengib o‘tadi va yashash unchalik qo‘rqinchli bo‘lmay qoladi, deganida, adabiyotning o‘ta nozik ruhiy tayanch, ruhiy kompensatorligini ta’kidlagan edi. Tasalli she’rlar muallifga o‘z ikkilanishlarini, qalbni bezovta qiladigan, ruhingga qo‘rquvni singdiradigan shubhalarni yengishda yordam bergan bo‘lsa, ajabmas.
Shoir uchun tahlikali yillarda vahimaga, tushkunlikka berilmasdan yashab, shoirlik burchiga xiyonat qilmasdan ijod qilishi undan qanchalik iroda, kuch, asab talab qilgani yolg‘iz Ollohga ayon. Shu bois uni balki Ollohning o‘zi asragandir, umrining oxirigacha iste’dodi va ijodiy shijoatini pasaytirmagandir.

Ulug‘ an’analar davomchisi

1963–1964 yillarda yosh Abdulla Oripovning dunyoqarashida yuz bergan keskin o‘zgarish, arxetipning yuzaga chiqishi albatta, birinchi galda undagi vatanparvarlik tuyg‘usi va tafakkur salohiyati yuqori bo‘lgani, bilimi, hayotiy tajribasi boyib, oq-qorani ajrata boshlagani bilan bog‘liq. Ustozlari – Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, keyinroq ayniqsa Abdulla Qahhorning shoirga barakali ta’sirini unutmaslik kerak. Shuningdek, 50-yillar ikkinchi yarmida shaxsga sig‘inish tanqid qilinib, begunoh qurbonlar nomi tiklana boshladi. Vasiliy Tvardovskiy, Yevgeniy Yevtushenko, Andrey Voznesenskiy, Robert Rojdestvenskiy, Bella Axmadulina va boshqa ilg‘or yozuvchi, shoirlar tufayli rus adabiyotida sodir bo‘layotgan jarayonlar, “Novыy mir” jurnalida chop etilayotgan asarlar, g‘arb adabiyoti yuksak namunalarining tarjima qilinishi sovet adabiyotiga erkinlik, adolat ruhini olib kirdi va bu hol o‘zbek adabiyotida ham o‘z ifodasini topdi. Bu o‘zgarish ularni sezmaslik, sovet mafkurasiga tanqidiy ko‘z bilan qaramaslik endi mumkin bo‘lmay qoldi. Ustozlari ta’sirida shoir yangi voqelikning kuchli tomonlarini va ziddiyatlarini, o‘zgarishlarning chalaligini tez angladi.
Abdulla Oripov ongiga ta’sir qilgan yana bir omil bor. Bu Cho‘lpon ijodidir. Usmon Nosir she’rlaridan farqli, Cho‘lpon she’rlari stalinizm, shaxsga sig‘inish tanqid qilingandan keyin ham “oqlanmadi”, nashr qilinmadi. Ammo shoir yuqori kurslarda o‘qib yurgan yillarida Cho‘lpon she’rlari bilan yaqindan tanishadi. Bunda Qarshi shahrida yashaydigan adabiyot o‘qituvchisi marhum Chori Hamroyevning xizmati bor. Chori Hamroyev Cho‘lponning 30-yillarda chop etilgan ikki kitobini sandig‘i tubida eski jurnallar orasida saqlab yurarkan. Uning o‘zi she’r mashq qilib turardi. Xalq og‘zaki ijodi namunalarini, ayniqsa qashqadaryolik baxshilar ijro etgan dostonlarni magnit tasmasiga tushirib, yig‘ib yurardi. Uning xonadonida adabiyot ixlosmandlari, yosh qalamkashlar to‘planib, suhbatlar, mushoiralar uyushtirardi. Chori Hamroyev ta’tilga kelgan Abdulla Oripovga Cho‘lponning kitob­larini o‘qishga beradi. “Shundan keyin Abdullada kommunistik mafkuraga qarshi keskin norozilik paydo bo‘ldi. Bugun uning boshiga tushgan qiyinchiliklarni ko‘rib, ba’zan qilgan ishimdan norozi bo‘laman”, – degan edi rahmatli Chori Hamroyev o‘zaro bir suhbatda. Xotirasi kuchli, zehni tez shoir Cho‘lpon she’rlarini yodlab oladi. Ozod domla ba’zan “Abdullajon, Pushkindan Cho‘lponning g‘azal uslubida qilgan tarjimasini aytib bering” deya iltimos qilardi.
Cho‘lpon ijodi Abdulla Oripovga g‘oyaviy-ma’naviy jihatdan ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, G‘afur G‘ulom she’rlari uslub jihatdan ta’sir ko‘rsatdi. U maktabdanoq G‘afur G‘ulom ijodini yaxshi bilardi, ko‘plab she’rlarini yoddan o‘qirdi, mahoratiga tan berardi. Uning vafotiga bag‘ishlab marsiya va vafotining bir yilligiga bag‘ishlab she’r yozgani bejiz emas. G‘afur G‘ulom vafotidan keyin, qaysidir ma’rakasida uning oila a’zolari Abdulla Oripovga shoirning marg‘iloncha do‘ppisini sovg‘a qilishadi. Bunda ulkan ramziylik bor edi. U do‘ppi sovg‘a qilinganidan behad xursand bo‘lib, uni avaylab-asrab saqlab yurdi. Uyi­ga kelgan do‘stlari va qarindoshlariga faxrlanib do‘ppini ko‘rsatar edi. Do‘ppi unga qandaydir ma’naviy burch yuklaganini his qilib, “g‘afurona” uslubda qator she’rlar bitdi. Ahyon-ahyonda bu uslubga murojaat etib turdi, ayniqsa ma’lum bir bayram sanalari va mavzulariga bag‘ishlangan she’rlarda. Mana shulardan bir namuna:

Elliginchi yillarning tonglari yodimdadur,
Erigan novvot kabi subhidam shirin uyqu.
Faqatgina ezgulik, ishonch bisotimdadur,
Xayollarim beg‘ubor, yag‘ir bo‘lmagan tuyg‘u…
Gang chaqqanday garangsib, noxush bir tuyg‘u bilan,
Turgan edim, lol, hayron katta yo‘l yoqasida.
O‘tib qoldi bir guruh otashin qutqu bilan,
Yiroq kelajak uchun aytganicha qasida.
Etmishinchi yillarda qari bir o‘smir bo‘lib,
Qo‘ltiqda “Dante” bilan uning ortidan chopdim.
Qitmir yo‘ldoshlarimning fe’lidan rosa to‘yib,
Ukam qatorilardan samimiyatni topdim…

Abdulla Oripov ijodida o‘zbek she’riyatining Rabg‘uziydan, Navoiy, Bobur va Mashrabdan, Cho‘lponu G‘afur G‘ulomgacha ko‘pasrlik an’analari, badiiy yutuqlari mujassamlashgan. Uning bahor, Navro‘z, tabiat haqidagi she’rlari Rabg‘uziyning “Kun hamalga kirdi ersa, keldi olam Navro‘zi” g‘azali an’analarini davom ettiradi. Hatto shaklan va mazmunan o‘zaro yaqin misralar bor. Rabg‘uziyda:

Tong otarda to‘rt saridin esnayur bodi sabo,
Kik yurur, kindik yiportek islanur yobon – yozi.
(Kik – kiyik; yipor – yovvoyi shivit)

Abdulla Oripovda:

To‘rt taraf qisib kelib, nogahon jala quysa,
Olamga anqib ketar, ming xil ko‘kat, ming xil o‘t.

Rabg‘uziyda:

Lola sag‘roqin icharda sayrab esrur sanduvoch,
Turna un tortib o‘tarda sakrashur boqlon qo‘zi.

Abdulla Oripovda:

O‘ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.

Bir necha chiziqlar orqali har ikki shoir bahorning harakatchan manzarasini yaratadilar.
Abdulla Oripov she’rlaridagi falsafiy teranlik, ma’nolarning ko‘pqatlam­liligi, insonga va xalqqa o‘zligini anglatish, ona tilini himoya qilish uning ijodida Navoiy an’analarining jonlanishidir. Abdulla Oripov ijodida Navoiy an’analari – alohida o‘rganiladigan mavzu. Turli g‘oyalar, obrazlar, badiiy yondashuvlar, baholar o‘xshashligi, davomiyligi, Alisher Navoiyning g‘azallariga yozilgan ayrim muxammaslar, arba’in an’analarini davom ettirgan “Hikmat sadolari” turkumi va boshqa ko‘plab misollar shoir o‘zining daho salafi an’analariga jiddiy yondashganini, ammo unga taqlid qilmaganini ko‘rsatadi. Otashinlik, hissiyotning tizgin bilmas qudratini jilovlab, kutilmagan fikrni ifodalovchi sarkash satrlar bitish Mashrabni eslatadi.

– Chiqma, Qays, ohim bilan yonmoqda bu sahro bukun.

Yoki:
– Sen she’rga qo‘ling cho‘zmagil, ey johili nokas,
Bo‘lsang-da “Xudo” nomingni shayton yozajakman.

misralari mashrabona tashbehlardir. Abdulla Oripov xalqini Cho‘lpondek, Usmon Nosirdek sevardi, jonini fido qilishga tayyor edi. Xalqini uyg‘otish, o‘zligini, milliy manfaatlarini anglatish istagi Cho‘lpon an’anasining yangi tarixiy davrda qayta tiriltirilishi va rivojlantirilishi edi. Ayni damda, uning xalqqa nisbatan muhabbati ko‘r-ko‘rona emasdi. Shoir xalqining zaif jihatlarini, kamchilik­larini yaxshi bilardi. Goh mahzun, goh otashin she’rlari yordamida kamchilik­lardan qutilishga chorladi. “Bobo va nabira” she’rida kuyunchaklik bilan iltijo qiladi:

Uni qadamingga tashlama boylab,
Qo‘yvor nabirangni otajonim, Sharq.

Turmush tarzi va milliy mentalitetdagi qoloq an’anaviylikka qarshi yozilgan bu she’r. Shoir an’analar avtoritarizmidan qutilishga, tafakkur erkinligiga, yangi epkin va tashabbuslarni bo‘g‘maslikka, milliy taraqqiyotga chorlamoqda. Chol – asrlar davomida necha-necha avlodlar almashsa-da, yopiq xalqa bo‘ylab harakatlanuvchi, taraqqiyotni unutib qo‘ygan an’anaviy turmush tarzi, qotib qolgan mentalitet metaforasi. Bola – tashabbusga to‘la, kurashchan, yuksaklikka intiluvchi avlod, kelajak ramzi. Chuqur falsafiy ramzlar, ikki-uch realistik chizgi orqali xalqimizga va butun Sharqqa xos kamchiliklar ochib tashlanmoqda.
“Olomonga” degan she’ri ham aslida xalqdagi ayrim loqaydlikni, o‘z manfa­atini yaxshi anglamagani tufayli turli balolarni daf etolmagani, taraqqiyparvar farzandlaridan ayrilgani to‘g‘risida:

Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan…

Sovet tuzumi dastlab inqilob nomidan, keyin xalq nomidan, davlat nomidan hukm chiqargan. Shoir afsus ila o‘zligini yaxshi anglay olmaydigan, o‘z haq-huquqi, manfaatlari, kelajagi uchun kurasha olmaydigan xalqni olomonga o‘xshatmoqda. Aslida u bong urib xalqni uyg‘otmoqda. Uni xalq (millat) bo‘lishga da’vat etmoqda. An’analarga novatorlarcha yondashuv ularning yangilanishi negizida yangi an’analar shakllanishiga olib keladi. Abdulla Oripov amalda she’riyatda an’analar yangilanishiga, yangi an’analar shakllanishiga yo‘l ochdi.
“Sharq hikoyasi” she’ri hazil-mutoyiba uslubida yozilgan. She’rda g‘oyat totuv yashovchi ota-o‘g‘il safarga chiqib, odamlarning nohaq malomati, gap-so‘zi tufayli ajralishib ketadi. Ulovi – yolg‘iz bir eshak. Navbatma-navbat minib, qaysi manzildan o‘tsalar, odamlar ularning ustidan kulishadi. Chol eshakda bo‘lsa, otasini, yigit eshakda bo‘lsa, uni ahmoqlikda, otasiga (yoki o‘g‘liga) hurmatsizlikda ayblashadi. Ikkalasi birgalikda mingashib olsalar, har ikkalasi hayvonga nisbatan shafqatsizlikda, ikkalasi ham yayov yursa, ulov turib, yayov borayotganlari uchun ahmoqlikda ayblanadi:

Qondoshlikning million yillik
Rishtalari uzildi.
O‘rtaga bir eshak tushib
Oralari buzildi.

G‘iybat, mazaxbozlik, birovning ustidan kulib, zavqlanish, bu bilan go‘yoki undan balandroq ekanini tasdiqlash kabi illatlar shoir asarlarida ko‘p tanqid qilingan. “Ilg‘or ishchi va chaqqon muxbir qissasi”da sho‘rolar jamiyatidagi targ‘ibot va Ommaviy axborot vositalarining har qanday voqea va hodisalarga siyosiy-mafkuraviy tus berishi tanqid qilinadi. “Hangoma” qissachasida esa o‘quvchiga zavq-shavq va yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydigan yumoristik voqea hikoya qilinadi. Voqeani shoirga otasi so‘zlab bergan. 4–5 chaqirim naridagi qishloqqa qish kuni to‘yga borish uchun yo‘lga chiqqan ikki chol gurung bilan ovora bo‘lib, yo‘ldan adashgan. Orif bobo bu voqeani otning fahmu farosati, eshakning garangligi haqida, yoki e’tiborsizlik va gurungbozlik haqida gap ketganda eslab qolardi. Chollarning ismlarini keltirardi.
O‘tkir satira, nozik yumor, hazil aralash tanqid insonga ba’zi bir kamchilik­laridan qutilishga yordam beradi. San’atning asosiy tarbiyaviy vazifalaridan biri – insonga tozalanishda, poklanishda, illatlar va kamchiliklardan qutilishda yordam berishdir. Bu katarsis deyiladi. Aristotel “Poetika” asarida tragediya­lar tomoshabinda qahramonga nisbatan xayrixoh hissiy kechinmalar uyg‘otib, uni turli bachkanaliklar, qo‘rqoqlik va xudbinliklardan tozalaydi, degan fikrni bildirib, mazkur atamani qo‘llagan. Aslida tozalanish – katarsis san’atning hamma turlariga xos. Lirik asarlarda yuksak va nozik tuyg‘ularni kuylash, tragik va dramatik asarlarda qahramonlik va fidoyilikni ko‘rsatish, satirik va hajviy asarlarda illatlar ustidan kulish orqali odamlarni ma’naviy poklaydi.
Abdulla Oripovning “Malomat toshlari” degan kichik lirik poemasi katarsis mazmunidagi asar. U befarqlik, loqaydlikka qarshi, vijdon va diyonatni uyg‘otishga qaratilgan. Malomat toshlari “qora hasad yo g‘araz toshi” yoxud “yovuz tuhmat yo maraz toshi” emas. Ammo:

Idrokning mavjiga tekkani zamon,
U mudroq ruhingga solgay g‘alayon.
U vijdon tamali, diyonat toshi,
Malomat toshi bu, malomat toshi!

Poema – inson sha’nini himoya qilish va ulug‘lash to‘g‘risidagi asar. Inson qadr-qimmatini himoya qila olmagan mafkura va din ham, siyosiy tuzum va xalq ham malomatdan xoli bo‘lolmaydi.
Lirik qahramon alohida shaxs qatorida butun xalqqa murojaat etadi, malomatini bildiradi. Dunyoda yuz bergan va yuz berayotgan ishlar uchun har birimiz shaxsan va butun xalq, insoniyat mas’uldir, degan g‘oya poemada olg‘a surilmoqda. Mazkur g‘oya orqali xalqqa milliy o‘zlikni anglatish yangi pog‘onaga ko‘tariladi. Bir tomondan, unga buyuk farzandlarining qismati eslatiladi. Ikkinchi tomondan – befarqlikdan, tafakkur qaramligidan, mas’uliyatsizlikdan qutilish lozimligi uqtiriladi. Tafakkur erkinligini XX asrning atoqli mutafakkirlaridan biri Erix Fromm mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, mustaqil fikr yuritish, deya ta’riflaydi. Tafakkur qaramligini esa, mas’uliyatdan, mustaqillikdan cho‘chib, avtoritar fikrni notanqidiy qabul qilish, unga bo‘ysunish, deya tushuntiradi. Avtoritar fikr boshliq, rahbar yoki ota-ona fikri, urf-odatlar, an’analar ko‘rsatmasi, siyosiy tuzum yoki diniy tashkilotning mafkuraviy talabi bo‘lishi mumkin. Tafakkur erkinligiga erishishning asosiy yo‘li, Fromm ta’kidlashicha, fikr yuritishda, xulosa qilishda mustaqillik va mas’uliyatdir.
“Malomat toshlari” mustaqil fikrlashda, hayotga to‘g‘ri, samarali munosabatda bo‘lishda shaxs va jamiyat mas’uliyatining ahamiyatini ochib beradi, o‘quvchini ogohlantiradi:

Mudroq vijdon uchun, soxta shon uchun,
Behuda to‘kilgan qancha qon uchun,
Zaminning tuzalmas jarohati deb,
Moviy dunyolarning halovati deb,
Bir kun egilmasmi odamzod boshi,
Bizga ham yog‘masmi malomat toshi?

Oydinlashmoqdaki, shoir xalqni ham, alohida insonni ham hech qachon ideallashtirmagan. Uning insonparvarligi, xalqparvarligi konkret, aniq, mavhum emas. Zarur hollarda insonni, xalqni ulug‘laydi, jasorati va halolligini, aql-zakovati va yaratuvchiligini ko‘klarga ko‘taradi. Zarur hollarda uning kamchiliklarini, nomukammalligini ochib tashlaydi, qattiq tanqid ostiga oladi.
Abdulla Oripov nima haqda qanday mazmunda yozmasin jahon adabiyotining gumanistik an’analariga sodiq qoldi. Abdulla Oripovning 1979 yilda yozilgan “Samoviy mehmon, besh donishmand va farrosh kampir qissasi” nomli kichik dostoni bor. Unda halokatga uchragan fazoviy kema samodan jungliga tushadi. Fan shahri besh qit’adan besh olimni jo‘natadi. Dunyodagi barcha ilmni, barcha tillarni egallagan olimlar. Ular kemani zo‘rg‘a ochib qarasalar, allaqanday bir ko‘zli chalajon maxluq yotibdi. Biroq odamga o‘xshab ketadi, ammo qo‘l-oyog‘i uzun, rangi sap-sariq. Olimlar qancha urinishmasin, samoviy mehmonni gapga sololmaydilar. Olimlar bilan birga farrosh kampir ham jo‘natilgan edi. Nima qilishni bilmay turgan nochor olimlar oldiga kelgan kampir birdan maxluqqa mehr bilan tashlanib boshini silaydi, “icha qolgin, jon bolam, deb, hatto unga suv tutdi”. O‘shanda maxluq jonlanadi, ko‘ziga yosh keladi va o‘rnidan turib ketadi.
Shoir gumanizm g‘oyasini ajib tarzda ifodalamoqda. Fan qanchalik olam sir-sanoatini o‘rganmasin, unga insonparvarlik, mehr yetishmasa, o‘z maqsadiga erisha olmaydi. Insonga mehr barcha yutuqlar va muvaffaqqiyatlar kalitidir.
Abdulla Oripov kichik lirik poema janriga asos solgani, bu janr uning zamondoshlari, ayniqsa keyingi avlod shoirlari tomonidan davom ettirilayotganini yuqorida e’tirof etgan edik. Yana qo‘shimcha qilish lozimki, u dramatik doston janrini o‘zbek adabiyotida rivojlantirgan ijodkorlardan hisoblanadi. Dramatik doston she’riy dramalardan farq qiladi. Dramalar, nazmiymi, nasriymi – qat’i nazar, sahnada qo‘yishga moslab yoziladi. Voqealar, harakatlar, qahramonlar muloqoti, to‘qnashuvi, voqea sodir bo‘layotgan joylar, ko‘rinishlar barchasi sahna talablariga moslashtiriladi. Joy va vaqtni (makon va zamonni) tez-tez o‘zgartirish nomaqbul, sahnalashtirishda, dekoratsiyalar yasashda katta qiyinchilik tug‘diradi.
Shu sababdan klassik (antik) teatrda va deyarli XVIII asr oxirigacha klassitsizm usuliga asoslangan yevropa teatrlarida uch birlik – makon, zamon va harakat (voqea) birligi tamoyiliga qattiq amal qilingan. Dramalar (antik teatrda tragediya va komediyalar) shunga moslab yozilgan. Namoyish etiladigan asar voqealari bir sahnada bir kecha-kunduzdan oshmagan vaqtda yuz bergan. Qo‘shimcha yon va parallel (muvoziy) mavzularga o‘rin berilmagan. Zarurat tug‘ilsa, personajlar monologlarida yoki dialoglarida, yoki xor yordamida o‘tmish voqealar, yon mavzuga oid mulohazalar aytib ketilgan. Uyg‘onish davrida, ayniqsa Shekspir teatri va asarlarida uch birlik tamoyiliga unchalik rioya qilmaydigan islohotchi ijodkorlar paydo bo‘ldi. Lekin aksariyat dramalar va teatrlar uch birlikka tayangan. Uni inkor qiladiganlar ko‘pincha klassik uslubni buzganlari uchun qattiq tanqid qilingan. Romantik va realistik teatr uch birlik tamoyilidan voz kechdi. Ammo sahna imkoniyatlarini hisobga olib, uch-to‘rt pardali, har pardada ikki-uch ko‘rinishli asarlar yaratdi. An’anaviy drama sahna imkoniyatlari bilan qattiq hisoblashgan. Aslida ular asosan teatrlar buyurtmasi bilan yozilgan. Mualliflarning ko‘pchiligi teatrlar bilan ijodiy hamkorlik qilgan, ayrimlari bevosita teatrda ishlagan. Masalan, Uyg‘onish davrida Shekspir, Moler, yoki XX asrda Mixail Bulgakov kabi daholar nomlarini eslash mumkin.
Abdulla Oripov teatrdan uncha uzoq ijodkor emasdi. U Ergash Masofoyev rejissyorlik qilgan yillarda “Yosh gvardiya” (hozirgi O‘zbek drama teatri) teatrida ancha vaqt adabiy emakdosh bo‘lib ishladi. U teatr ijodiy xususiyatlarini yetarlicha nozik his qilardi va bilardi. Teatr, kino rejissyorlari, aktyorlar orasida do‘stlari va hamsuhbatlari ko‘p edi. U sahnaning barcha talablarini hisobga olib, dramalar yaratishi mumkin edi. Agar shunday qilganda, o‘zbek dramaturgiyasi va teatri bir necha shohona asarlar bilan boyib qolardi. Biroq Abdulla Oripovga ijodiy fantaziya parvozi uchun an’anaviy drama torlik qildi. Shu sababdan u dramatik doston janrini tanladi. Dramatik dostonning hajmi, voqealar, qahramonlar, g‘oyalar ko‘lami, ularni tasvirlash, ifodalash usuli erkinligi chek­lanmaydi. U ko‘proq o‘qishga mo‘ljallangan, sahnalashtirishga emas. U hajmiga ko‘ra besh va hatto undan ko‘p pardali sahna asarlariga mos kelishi mumkin.
Dramatik dostonni sahnalashtirish ancha qiyin, chunki uni sahna talabiga moslashtirish lozim. Bunda qaysi sahnalarni tanlash (agar doston katta hajmli bo‘lsa) va talqin qilish rejissyordan ulkan ijodiy iste’dod talab qiladi. Bu gaplarni aytishdan maqsad dramatik dostonlarni an’anaviy dramalardan ustun qo‘yish emas, balki ular bir-biridan farq qiluvchi janrlar ekanini ta’kidlashdir.
“Jannatga yo‘l” hajmi jihatdan katta emas. Uni sahnalashtirish juda katta texnik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ammo matn va dialoglar an’anaviy dramadagidek emas. Personajlarning ba’zi so‘zlari dramalarga nisbatan ko‘proq dostonlarga xos. Ularda personajning mulohazalari, voqea va hodisalarga, insoniy munosabatlarga, odamlarga va jamiyatga bergan baholari batafsil aks etadi. An’anaviy dramalarda monologlardan farqli dialoglar ancha qisqa va sur’atlari tez. Agar ular cho‘zilib ketsa, sahnaga, voqealarga harakatchanlik, dinamika yetishmay qoladi. Dramatik doston esa ko‘proq o‘qishga mo‘ljallangani uchun, dialoglarning uzunligi bilinmaydi. Qaytanga, fikrlar to‘qnashuvi, bahsi mazmunan chuqurroq ochiladi. Biroq asarni sahnalashtirishda jiddiy qiyinchilikni tug‘diradi. Xuddi shunday holatni biz nafaqat “Jannatga yo‘l”ida, shuningdek “Ranjkom” dramatik dostonida ko‘ramiz. Bu doston hajmi jihatdan katta emas. Lekin dialoglarda aytiladigan so‘zlar ancha batafsil. Misol keltirish bilan cheklanamiz.
“Hashorat” jurnali tahririyati qoshida odamlarni ranjitish qo‘mitasi – Ranjkom tuziladi. Uning tashabbuskori va raisi ikki a’zosiga Ranjkomning vazifasini bayon qiladi. Shunda birinchi a’zo undan so‘raydi:

Modomiki, yer yuzida yangi tashkilot –
Yangi qavm barpo bo‘lmish, qutlamoq kerak.
Birlik yaxshi, chang chiqarmas, derlar yolg‘iz ot,
Tashkilotni har jihatdan butlamoq kerak.
Shu ma’noda paydo bo‘ldi uch-to‘rtta savol,
O‘shalarni hal qilaylik, muhtaram rahbar.
Birinchidan, nizom kerak yetuk, barkamol,
Ikkinchidan, bizning yumush ancha serxatar.
Qandoq qilib ranjitamiz? Uslub qanaqa?
Bormi bizda hayfsan yoki rag‘batlantirish?
Dabdurustdan biror majlis yoki ma’ruza,
Bizni badnom qilib qo‘ysa bu ham og‘ir ish.

An’anaviy dramada ushbu so‘z kamida rais replikasi orqali uchga, hatto to‘rtga bo‘linardi. Birinchisi, “Tabrik uchun rahmat” qabilidagi replika; ikkinchisi, “paydo bo‘ldi uch-to‘rtta savol, o‘shalarni hal qilaylik” so‘zlaridan keyin “Xo‘sh, qanday savollar ekan, marhamat…” qabilidagi replika; uslub, hayfsan va rag‘batlantirish to‘g‘risida so‘ralganda ham qandaydir bir-ikki replika qo‘llanilardi. Dramatik dostonda dinamika dialog qisqaligi orqali emas, balki unda ifodalangan fikrlar sur’ati va qamrovi orqali ta’minlanadi. Abdulla Oripov bunday uslubdan mohirona foydalangan.
“Sohibqiron” dramatik dostoni hajm jihatidan ancha katta. Dostonda shoirning Amir Temur obraziga munosabati, uning dahosini anglash darajasi Sohibqironning o‘z so‘zlari va boshqa ishtirokchilar so‘zlarida berilgan. Asar shak­lan dramatik bo‘lsa-da, lekin mazmunan tarixiy-falsafiy dostondir. Uni teatr­da sahnalashtirish qiyin. Spektakl juda cho‘zilib ketadi. Shoirning ko‘p tomlik asarlar to‘plamida asar janri haqidagi “dramatik doston” so‘zlaridan “dramatik” olib tashlangan va “doston” sifatida berilgan. Bu bejiz bo‘lmasa kerak. Afsuski, ko‘ptomlikning birinchi tomi chiqqanida, men bunga e’tibor bermaganman. Aks holda, shoirdan buning aniq sababini so‘ragan bo‘lardim. Lekin aminmanki, “Sohibqiron” nafaqat an’anaviy drama, hatto dramatik doston chegarasidan ham chiqqani uchun, uni shoir hayotlik paytidagi oxirgi nashrida “doston” deya atagan.
Dramatik doston o‘zbek adabiyotida Abdulla Oripov ijodi tufayli mustahkam o‘ringa ega bo‘ldi. Balki qo‘lyozmasi yo‘qolib, nashr etilmay qolgan Usmon Nosirga bag‘ishlangan she’riy romani, Madaminbekka bag‘ishlangan asarida tarixiy voqealar talqin qilinishi, bayon qilinishida qo‘llanilgan liro-epik uslub o‘zbek adabiyotida bu janrlar ham mustahkamlanishi va rivojlanishiga katta hissa bo‘lib qo‘shilarda. Afsus, bu haqda faqat taxmin qilish mumkin, xolos.
Mavridi kelib qoldi, shoirning yo‘qolgan qo‘lyozmalari to‘g‘risida ba’zi bir farazlarni aytib o‘tsak.
Abdulla Oripov intervyularida ayrim qo‘lyozmalari, ayniqsa universitetda o‘qigan yillarida va keyin 4–5 yil o‘zicha turli xonadonlarda ijarada yashab yurganida yozgan she’rlarining bir qismi yo‘qolganini aytadi. Bunda u xonadondan bu xonadonga ko‘chib yurishlar sabab bo‘lgan, deydi. O‘zining tan olishicha, qo‘lyozmalarim birovga kerak bo‘larkan degan xayol unda bo‘lmagan. Ayrimlarini ijarada birga turgan xonadoshlari so‘rab olib, bermay ketishgan, ba’zilari o‘g‘irlangan.
Talabalik yillarida “Soya” degan dramatik doston yoza boshlagandi. Undan bir parcha she’rlar to‘plamlariga kirgan, xolos. Bu bosh qahramonning monologi:

Uni ko‘rsam, qora quyun qoplar dilimni.
Shunda kimdir yigit nomim masxara etar…

Asarning o‘ziga nima bo‘lgani – qorong‘i. Shoir na biror maqola va na suhbatlarida bu haqda to‘xtalgan. Balki “Soya”ning qo‘lyozmasi o‘g‘irlangandir, balki shoirning o‘zi uni ko‘ch-ko‘chlar paytida, asardan ko‘ngli to‘lmagani uchun tashlab yuborgandir. “Soya”ning mazmuni va g‘oyasini u taxminan 1961 yoki 1962 yilda aytib bergandi: tog‘ orasida, o‘tib bo‘lmas darada bir qishloq bor. U tashqi dunyodan deyarli uzilgan. Faqat shu qishloqda yashovchi oqsoqollar, ovchilar, savdo-sotiq kishilarigagina ma’lum, ko‘zdan pana, toshlar, g‘orlar orasidan o‘tadigan kichik yo‘lcha bor. Yo‘lni biladiganlar yilida bir-ikki marta yoz oylari shaharga tushib, hamqishloqlari uchun kerakli buyumlar va mahsulotlarni sotib olib keladi. Kuz o‘rtalaridan bahor o‘rtalarigacha qor aloqani uzib qo‘yadi. Qishloq aholisi erkin, o‘zaro ahil yashaydi, hech kimga bo‘ysunmaydi. Bu asar ekspozitsiyasi. Voqealar quyidagicha rivojlanadi: qishloqda tengi yo‘q go‘zal Feruza ismli qizga ikki kuchli yigit oshiq. Ular o‘zaro qishloqning birinchi yigiti hisoblanish, Feruzaga uylanish uchun zimdan raqobat qiladi. Ikkisi ham yovqur. Birinchisi, halol, samimiy, mard (bosh qahramon), ikkinchisi, takaburroq. Feruza, tabiiyki, birinchi yigitga moyil. Ikkinchisi, qizni badnom etib, o‘ch olish niyatida qandaydir ig‘vo tarqatib, qishloqdan g‘oyib bo‘ladi. Qahramon juda ruhiy azob chekadi, qalbini turli shubhalar chulg‘aydi. She’riy to‘plamlarga kirgan parcha – qahramonning iztiroblari ifodalangan monologidir.
Yoz kelib, yo‘l ochilgach, g‘oyib bo‘lgan raqibi, dushman askarlarini boshlab kelayotgani haqida xabar tarqaladi. Qahramon “Endi men bilaman xanjarim kimga urishni”, deya yovga qarshi otlanadi. Doston shu bilan tugaydi.
Asar muallifni, balki, qanoatlantirmagandir, sxematik taqliddan xoli bo‘lmaganidek tuyulgandir yoki uni chop etishning o‘sha paytda iloji bo‘lmagandir, keyinchalik qo‘lyozmasi yo‘qolgandir (balki o‘g‘irlangandir). Bu borada men aniq ma’lumotga ega emasman. “Soya” taqdiri haqida shoirdan so‘rash esimga kelmagan. Chunki har safar Qarshiga kelganida, to‘lib-toshib yangi she’rlar, qiziq ijodiy niyatlari bilan o‘rtoqlashardi. Avval yozganlari uning uchun ortda qolgan bosqich edi. Faqat “Soya” ustida u qayta-qayta ishlaganini bilaman. Doston, agar shoirning o‘zi tashlab yubormagan bo‘lsa, tegishli idoralar ko‘rsatmasi bilan o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin. Chunki unda erk, ozodlik uchun kurash g‘oyasi olg‘a surilgani bois kommunistik mafkuraga to‘g‘ri kelmas edi.
Abdulla Oripov “Sharq yulduzi” jurnalxonlari savollariga bergan javobida Usmon Nosir haqida she’riy roman, Madaminbek haqida asar yozgani va ularning qo‘lyozmasi yo‘qolgani haqida aytadi. Usmon Nosirga bag‘ishlangan she’riy romani mazmuni kaminaga ma’lum emas. Undan hatto biror parchani shoir o‘qib bermagan. Lekin Usmon Nosirning hayoti, ijodi to‘g‘risida juda ko‘p yangiliklarni, ma’lumotlarni shaxsan gapirib bergan. 1967 yil qishida u Samarqandga keldi. Men SamDU talabasi edim. “8-Mart ko‘chasini bilasanmi?” – deya so‘radi. Tasdiq javobini olgach “Yur, bir ajoyib kishi bor, suhbatlashib kelamiz”, – dedi. Odatda, shoir Samarqandga kelganida, yonida ijodkor hamkasblari to‘planar, unga hamrohlik qilar, ziyofat va suhbatlar uyushtirardi. Bu safar hech kim bilan uchrashmasdan, yoniga faqat meni oldi. Keyin bilsam, bir kishidan Usmon Nosirning qamoqqa olinishi to‘g‘risida aniq va batafsil so‘rab olish uchun kelgan ekan. Shoir aytgan uyni topib keldik. Bizni oltmishlardan o‘tgan, odmigina kiyingan ochiq yuzli uy egasi kutib oldi. Eski shahardagi kichik hovli. Mehmonxonasiga kirdik. Meni u kishiga tanishtirdi: “Tug‘ishgan jiyanim. Talaba. Suhbatimizga xalaqit bermaydi”. Xontaxta atrofiga o‘tirdik. Mezbon osh keltirdi. Men choy quyib, suhbatni tinglab o‘tirdim. Mezbon qatag‘on yillari voqealarini esladi. O‘shanda u Respublika Yozuvchilar uyushmasida xizmat qilgan ekan. Usmon Nosir muhokama qilingan majlisni batafsil hikoya qilib berdi. Yetakchi va iste’dodli adiblarini qatag‘on o‘z domiga tortib ketgani bois Respublikaning o‘sha paytdagi mutasaddilari Usmon Nosirni saqlab qolishga go‘yoki NKVD mahalliy rahbarlarini ko‘ndirgan. Majlisda uni qattiq muhokama qilib, tavbasiga tayantirib, qamoqqa olmaslikka kelishilgan. Faqat Usmon Nosirga majlis oxirida so‘z berilganda, xatolarini tan olib, boshqa qaytarmaslikka va’da berishi, kechirim so‘rashi lozim bo‘lgan. Lekin Usmon Nosirga so‘z berilganda, shoir sovet tuzimi o‘zbek xalqining rahbarlari, arboblari, yozuvchilarini qatag‘on qilganini, bu avvaldan o‘ylangan siyo­sat ekanini, Fitrat, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpondan keyin endi navbat unga kelganini aytib, kechirim so‘rashdan bosh tortgan. Shundan keyin zaldayoq qo‘llariga kishan taqib, olib ketishgan.
Mezbon ko‘p narsalarni, jumladan, o‘z boshidan o‘tgan voqealarni hikoya qilib berdi. Shundan keyin u ishdan bo‘shab, Toshkentdan qochganini, Samarqandga qaytib kelgani, umuman, ijod bilan shug‘ullanmay qo‘yganini aytdi.
Abdulla Oripov Usmon Nosir hayoti to‘g‘risida to‘plagan boshqa muhim ma’lumotlarning ayrimlaridan ham xabardorman, o‘zi so‘zlab bergan. Ammo yozayotgan asari to‘g‘risida hech narsa demagan. Balki ish teskari ketsa, xavfsizlik organlari asardan xabari bor kishilarni tergov qilishi mumkinligini o‘ylab, meni avaylagandir. Bu yog‘ini endi faqat Olloh biladi.
Abdulla Oripovning 1965 yilda yozilgan “Armon” she’ri Usmon Nosirga bag‘ishlangan. She’r qo‘lyozmasi yo‘qolgan romanning saraxbori (prelyudiyasi) sifatida qabul qilinishi mumkin:

Jajji bola tinmasdan sira
Akasiga yolvorar yonib:
– Jon akajon, ko‘rsat birgina,
Jon akajon, bir ko‘ray qonib.

Aka – hokimiyat timsoli, jajji bola – xalq. Akasi qo‘yniga yashirgan, bolani qiziqtirgan, uning uchun o‘sha damda noyob bo‘lgan narsa – Usmon Nosir va uning ijodi timsoli. Shaxsga sig‘inish tanqid qilinib, Usmon Nosir oqlansa-da, u haqda barcha haqiqat aytilmadi, she’rlari o‘sha paytda to‘liq chop etilmadi. Sal ko‘rsatildi, xolos. Xalq jajji bola kabi bir ko‘rganidan qoniqmay, yana-yana istab qolaverdi.
Yo‘qolgan asarlar qattol tuzum va mafkura sharoitida yozilgan. Sovet mafkurasining ular mazmuniga shubhasiz, ta’siri bo‘lgan. Shoir ba’zi fikrlarini ehtimol, o‘z davri mafkuraviy iboralariga moslashtirishga majbur bo‘lgandir. Agar yo‘qolgan asarlar shoir tirikligida topilganda, bunday joylarni u tahrir qilib, tuzatgan bo‘lar edi. Afsus. Lirik she’rlardan qanchasi yo‘qolganini hatto shoirning o‘zi ham aniq bilmasdi. Uchrashuvlarda, ziyofatlarda muxlislar va ulfatlarning qanchasiga daftarlariga, kitoblar forzaslariga ekspromt she’rlar bitib bergan. Shoir ijodini, qo‘lyozmalarini o‘rganuvchi rasmiy komissiya tuzilib, e’lon berilsa, muxlislarning ko‘pchiligi qo‘llarida saqlayotgan she’riy avtograflarning kseronusxasini taqdim etarmidi? Komissiya xavfsizlik xizmati idoralari bilan bog‘lanib, balki ularda saqlanib qolgan qo‘lyozmalarni ham olishga erisharmidi? Xullas, bu borada nimadir qilish kerak.
Shunday qilib, Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotida lirik poema janriga asos soldi, dramatik doston janrini rivojlantirdi. Bundan tashqari, she’riyat mazmuni va ruhini ko‘plab yangiliklar bilan boyitdi.
Abdulla Oripov lirik she’riyatga ijtimoiy-tanqidiy ruhni olib kirgan zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi birinchi shoirdir. Navoiy “Xamsa”sida va ba’zi g‘azallarida tanqidiy joylar bor, ular ishq soxtaligi, riyokorlik yoki axloqiy kamchiliklarga oid. “Mahbub ul-qulub”da tanqid turli tabaqa vakillaridan to zolim podshohlargacha ularning yolg‘oni va axloqiy kamchiliklarini fosh qilishga qaratilgan. “Mahbub ul-qulub” she’riy, lirik asar emas, balki nasrda yozilgan falsafiy-didaktik asardir. Cho‘lponda tanqid xalqni uyg‘otishga, mustamlakachilikka qarshi qaratilgan, shu bois lirik-publitsistik mazmun ustuvor. Gulxaniyning “Zarbulmasal”i epik janrga taalluqli, she’riy shaklidan qat’i nazar, u didaktik mazmunga, Zavqiy, Turdi ijodidagi tanqid unsurlari publitsistik-didaktik mazmunga ega. Faqat Muqimiyda lirik-psixologik tanqid unsurlarini uchratamiz. Hamzada u siyosiy-publitsistik ko‘rinishda paydo bo‘ldi. Keyin umuman unutilib ketdi. Abdulla Oripov lirik she’rda tanqidiy ruhni qaror toptirdi. Bu va boshqa yangi an’analarni boshlab berdi.
Abdulla Oripov ijodi millatini uyg‘otgan, kurashga ilhomlantirgan, Erk va Vatan kuychisi o‘laroq ma’naviyatimiz va milliy g‘oyamizning qudratli manbalaridan biriga aylandi va shunday bo‘lib qoladi.

Shoir ijodida ishq-muhabbat mavzusi

Ishq-muhabbat haqida she’r yozmagan, yoki g‘azal to‘qimagan biror shoir jahon adabiyotida topilmaydi. Hech bo‘lmaganda, ular majoziy ishqqa bag‘ishlangan satr­lar bitgan. Mumtoz shoirlarning aksariyati majoziy ishq qatorida haqiqiy, dunyoviy ishqni ham kuylagan.
Zamonaviy adabiyotda dunyoviy ishq, sevish, sevilish eng asosiy mavzulardan biri. Abdulla Oripov ijodi boshida, ayniqsa 60-yillarda sevgi mavzusida ko‘plab she’rlar yozgan. Chinakamiga hali bu tuyg‘u uni maftun va bezovta etmagan yoshida sevgi to‘g‘risida, albatta, umumiyroq, falsafiyroq mazmunda yozgan. Adabiyotda sevgi mavzusida so‘z ketganda, bir narsani yodda tutish lozim. Lirik qahramon bilan muallif o‘rtasida ayniyat belgisini qo‘yib bo‘lmasa-da, lirik qahramon tuyg‘ulari muallifga tanish bo‘lishi, qalbi va ongi-shuuridan qaysidir ko‘rinishda o‘tgan bo‘lishi kerak. Aks holda u lirik qahramon holati va tuyg‘ularini inviduallashtirishda qiynaladi.
“Umr duch qilarkan kimga bir-birin”, “Sevgisiz odam”, “Suv parisi”, “Sendan yiroqda”, “Shovulladi tun bo‘yi shamol”, “Qo‘l” kabi she’rlari umumiy mazmundagi bitiklardir. 1963 yildan shoirning sevgi mazmundagi she’rlarida o‘tkir hissiyot, g‘amginlik, ayriliq tuyg‘ulari paydo bo‘ladi. Faraz qilish mumkinki, hamma qatori u ham ilhombaxsh, farahli ilk sevgi, birinchi muhabbatni boshdan kechirgan. O‘shanda ilk muhabbatini qanday to‘lqinlanib kuylagani noma’lum. Bu masalada u o‘ta or-nomusli edi. Tuyg‘ularini barchaga oshkor etib, har xil gap-so‘zlar tarqalishini istamagan. Balki yozgan she’rlarini chop etmasdan, qizning o‘ziga hadya etgandir. Balki keyinchalik qo‘lyozmalarini yo‘qotib yuborgandir. Har holda baxtiyor onlarida sevgi to‘g‘risida ajoyib baytlar bitgani shubhasiz. “Sen bahorni sog‘inmadingmi”, “Sen Pushkinning sevgan malagi” kabi she’rlari buni qaysidir ma’noda tasdiqlaydi:

Uzoqlarda zalvorli tog‘lar,
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog‘lar,
Vasling menga bo‘lmadi nasib.
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
Sen bahorni sog‘inmadingmi?

Pushkindagi kabi o‘ynoqi, “yorug‘ ma’yuslik”. Bu aslida qayg‘udan emas, ko‘tarinkilikdan hosil bo‘lgan ruhiy holatdir. Qayg‘u, g‘am, ayriliq tuyg‘ulariga bag‘ishlangan “Eslash”, “Derazangni qoplar oqshom zulmati”, “O‘ylardimki, nomingni seni” kabi 1963 yilda yozilgan she’rlardan boshlanadi. Lekin ularda umid uchqunlari batamom so‘nmagan. Shu bois lirik qahramon ishonib-ishonmay sevgilisiga murojaat etadi.

Jo‘nar bo‘ldim men bundan diltang,
Yo‘llarimga qarab qolding sen,
Sochginangni tarab qolding sen
O, bilaman, badjahl otang,
Ostonangga yo‘latmas meni,
Uzoqlarga jo‘natmas seni…

Bu garchi original bo‘lsa-da, an’anaviylikka yaqin ifoda. Jahon adabiyotida sevgi haqida yozilgan she’rlar barchasi konkret obrazliligi, badiiy topilmalari bo‘yicha originaldir. Chunki aniq bir holatda aniq sabab tufayli yuzaga kelgan. Ammo umumiy oqibati, mohiyat-mazmuniga ko‘ra, bir-biriga o‘xshash. Ularni 4–5 sxematik modelda ifodalash mumkin. “Yo‘lim boshlar, ketarman bir kun, Sendan yiroq o‘zga tomonga” misralari bilan boshlanuvchi she’r an’anaviylikdan ancha yiroq. Kutilmagan o‘xshatish “Yorilmagan yaraday sevgi, Unda bizni qiynamas to‘lib” Abdulla Oripovga xos noyob topilmadir. Yorilmagan yara qattiq og‘riq beradi, hatto kishining haroratini ko‘taradi, ko‘nglini behuzur qiladi, qiynaydi. Sevgi yarasi vujudni emas, dilni, jonni qiynaydi. Ayrilib, begonalashib ketgandan keyin, balki, unchalik qiynamas. Ammo “muhabbatdan so‘ng begonalik” boshlanishi mumkinmi? Hamma gap shunda. Noumid – shayton. Ilk sevgingni qalbingdan sitib tashlay olmaysan. Yana qaytishiga, aqlan ishonmasang-da, umid qilasan. O‘z-o‘zingni yupatasan, aldaysan. Tuyg‘ularing esa soxtalashmaydi, billurdek shaffoflashib boraveradi:

Yulduzlar o‘tiga bardosh berurman,
Fazolar taftiga qilurman toqat.
Yoninga sog‘-omon qaytib kelurman,
Otash nigohingda yongali faqat.

Muallifga lirik qahramon his-tuyg‘ulari tanish bo‘lmog‘i lozim, dedik. Lekin yana qaytaramiz, lirik qahramon yoki epik, dramatik asarlar qahramoni va muallif bir shaxs emas. Adabiyot va san’at asarlari mualliflar hayoti va kechinmalari ko‘zgusi emas. Ulardan faqat muallif boshdan kechirgan real hayotiy voqealarni, real detallarni izlamaslik kerak. Muallif hayotni, voqealarni, insoniy munosabatlarni badiiy qayta yaratadi. Hatto asar avtobiografik xarakterga ega bo‘lganda ham muallif hayotini to‘liq va aniq aks ettirmaydi. Badiiy mantiqqa bo‘ysunadi. Bunda badiiy mantiq voqealar, tuyg‘ular rivojini boshqa o‘zanga burib yuborishi ko‘p uchraydi. Lirika esa epik janrlardan farqli, yana romantik uslubdan tamomila voz kecha olmaydi. Romantik uslubga ko‘tarinki noreal tasvir va ifoda, tuyg‘ularning favqulodda evrilishlari xos.
Abdulla Oripovning 1966 yilda “Ko‘zlarim yo‘lingda” degan kitobchasi nashr etilgan. Unda “Muhabbat” nomli ancha katta hajmdagi she’ri bor. She’r yoshlar qalbida katta aks sado berdi. Chunki maktabni tugatib, sinfdoshlaridan, ang­lab-anglanmagan ilk tuyg‘ularidan, betashvish turmush-tarzidan ancha-muncha uzoqlashgan yoshlar, ilk firoqni, omadsiz sevgini boshdan kechirgan yigit-qizlar she’rda o‘z kayfiyatiga, ko‘ngliga yaqin misralarni topdi. Ayniqsa, talabalar davrasida she’rni ehtiros bilan kimdir yoddan ovozini chiqarib o‘qir, tinglayotganlardan ba’zilari sekingina xo‘rsinib qo‘yardi. She’rda ifodalangan tuyg‘ular hali oila qurmagan, hayotdan umidlari katta o‘smir-yoshlar psixologiyasiga juda mos kelardi. Bu yoshda ko‘pchilik katta ayriliq, firoqni boshdan kechirgani yo‘q, hali o‘zini va haqiqiy sevgilisini izlash, yorini tanlash bilan ovora. Bu jarayonda u bir-ikki marta kimlar bilandir uchrashib, diydorlashib ko‘rgan. Ammo tanlash davomida “ayriliq” ham bo‘lgan. O‘shalar yosh yigit-qiz uchun hayotdagi iztirobli ayriliqlarning, muammolarning o‘rnini bosadi. Bu she’r yoshlar tomonidan hayotiy tajriba yetishmasligining o‘ziga xos romantik kompensatsiyasi va chin baxtli muhabbatga intilishning ruhiy rag‘bati sifatida qabul qilindi. Ehtiroslar maksimalizmi she’rga kuchli joziba bag‘ishlagan:

Bolalikdan o‘tib men ham, bo‘y yetib sekin,
Goho pinhon, goho asov daryoday toshib,
Bir yosh yigit sevganchalik sevdimu, lekin
Boshqalarday tole menga bo‘lmadi nasib.
Ko‘ngil shisham bir so‘z bilan qolganda darz yeb,
Qalamimdan ilk martaba to‘kildi g‘amlar.
Sen bo‘lmasang dunyo o‘zi menga nadir, deb
Ichdim hatto talay-talay she’riy qasamlar…

Atoqli tatar shoiri Hodi Taqtash bundan sal kam bir asr burun sevgi aslida eski narsadir, lekin uni har bir avlod yangidan yangilar degan fikrni aytib ketgan. Haqiqatan, Abdulla Oripov mavzuni o‘zicha yangidan yoshartirdi, yangilatdi. Ayniqsa, “Xayr endi…” deya boshlanuvchi she’ri badiiy obrazlarining boshqalarga o‘xshamasligi, ta’sirchanligi-yu xulosasi bilan mutlaqo noan’anaviy edi:

– Xayr endi…
Qalbimda bir vido qoldi,
Xayr endi, sen ketding begunoh ohu.
Bugun sen qaydasan? Qaylarda qolding?!
Bugun bosh ustingda kimning panohi?!
Seni kech topgandim, erta yo‘qotdim,
Qarg‘agin, loyiqman sening qahringga.
O‘zgalar qalbida qadr uyg‘otdim,
Biroq yetolmadim o‘zim qadringga…

She’r quyidagi xitob bilan yakunlanadi:

Bugun sen kimlarning mehriga zorsan,
Mening yuragimning majruh parchasi.

Ekspressiya jihatidan muhabbat mavzusidagi she’rlar orasida “Xayr endi…” alohida ajralib turadi. 1965 yilda yozilgan “Ayol” va “Otello” she’rlarida ishq-muhabbat mavzusi boshqacha rakursda yoritiladi. Umuman she’r, shu jumladan, muhabbat mavzusida she’r tasodif tufayli tug‘ilishi mumkin. Ba’zan oddiy, maishiy, arzimas bir detal, voqea katta kuchli she’rga turtki bo‘lishi mumkin. U qalbda to‘planib, to‘lib turgan his-tuyg‘ular, fikrlarni portlatib yuborsa, shunday bo‘ladi. “Ayol” she’ri yozilishiga turtki (sabab emas, albatta) bo‘lgan voqea shoir ijarada yashagan xonadon egalari qizining deraza oldida o‘tirib har kuni o‘ziga oro berishga, bo‘yab-taranishga, sochini turmaklashga 2–3 soat ajratishi bo‘lgan. Frontda halok bo‘lgan amakisining qo‘lida chaqaloq bilan qolgan, boshqa turmushga chiqmagan ayoli – yangasini eslab Abdulla Oripov mazkur she’rini bitadi. Xonadon egasining tannoz qizi, o‘zi ham sezmay “Ayol” she’ri yozilishiga turtki bo‘lgan.
Men Abdulla Oripovdan u yoki bu she’rining yozilish sabablarini yoki ulardagi obrazlarga prototip bo‘lgan shaxslarni, sabab bo‘lgan holatlarni so‘rardim. Kayfiyatiga qarab, lozim topsa, shoir ba’zan aniq detaligacha aytib berardi yoki lozim topmasa, qo‘lini silkib qo‘ya qolardi. Konkret shaxslarning nomlarini esa deyarli tilga olmasdi.
O‘ninchi sinfda o‘qiyotgan yili bahorgi ta’tilda shoirni ko‘rgani Toshkentga keldim. U xususiy xonadonda ijarada turardi. Ijarada birga yashaydigan o‘rtog‘i qishlog‘iga ota-onasidan xabar olishga ketgan ekan. Xonasidagi bo‘sh karavotga joy qilib berdi. O‘zi dahlizda yozish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ba’zan xonaga kirib, ikkinchi karavotga biroz cho‘zilar, so‘ng sapchib o‘rnidan turib, dahlizga chiqib, chiroqni yoqar va xayoliga kelgan yangi satrlarni yoza boshlardi yoki tahrir qilardi. Xullas, tun shunday ijodiy bezovtalikda o‘tdi. Uyqu, ayonki, chala bo‘ldi. Ertalab tong otgach, meni uyg‘ota boshladi: “Tur, tur! Chig‘atoyga borib kelamiz”. Chig‘atoy qanday joy ekanini, (unda atoqli arboblar dafn etilishini) bilardim, lekin hech ko‘rmagandim. Ko‘zlarimni uqalab ming‘illadim: “Kallai sahardan qabristonda nima bor? Yo o‘tganlardan birortasi tushingizga kirib chiqdimi?” Eshitgan javobim hayron qoldirdi: “Qabriston Chig‘atoy ko‘chasining o‘ng yoki chap tomonida joylashganini aniqlashim kerak. Eshit, – dediyu, “Otello”ni o‘qiy ketdi: “Chig‘atoy ko‘chasini so‘l tomonida…”. Chig‘atoyga keldik. Shoir yozgani to‘g‘ri, qabriston ko‘chaning haqiqatan so‘l tarafida ekanini aniqlagach, yosh boladek sevinib, kayfiyati ko‘tarildi. Qabristonga kirib ziyorat qildik. U Abror Hidoyatov qabri tepasiga borib, pichirlab tilovat qildi.
U Qur’onning ko‘p suralarini yoddan bilardi. Onasining akasi Bozor bobo taniqli qori edi. Shoir onasining iltimosi bilan Qori bobodan zarur suralarni yozib olib, momomizga o‘qib berib, go‘yoki yodlatgan. Zehni o‘tkir yosh bola onasiga nisbatan, albatta, tez yodlagan. Momomiz esimda qolmayapti, degan bahonada, qayta-qayta suralarni o‘qitib turgan. Menimcha, 50-yillarning boshida unga Qur’onni boshqacha yo‘l bilan o‘rgatish xavfli bo‘lganidan, ota-onasi va tog‘asi Qori bobo shunday usulni o‘ylab topishgan.
“Ayol” va “Otello” she’rlari mazmunan tor tushunchadagi ishq-muhabbat mavzusidan chetga chiqib falsafiy mazmun kasb etsa-da, ilohiy marhamat tufayli vujudga kelgan yuksak ishq haqidadir.
Shoirning “Birinchi muhabbatim”gacha yozgan she’rlarida biz ko‘proq falsafiy mazmundagi mulohazalar, bosiqlik bilan ifodalangan tuyg‘ular go‘zalligini uchratamiz. Lirik qahramon tuyg‘usi sofligi, o‘quvchi qalbida suronli, qutquli javob tuyg‘usini emas, balki teran “yorug‘ ma’yuslik” uyg‘otishi bilan ajralib turadi:

Chuvaladi o‘ylarim sensiz,
Xayolimga taroq urgayman.
Mening qo‘lim yetmagan yulduz,
Tushlarimda seni ko‘rgayman.

Chuvalgan o‘ylarga, xayolga taroq urish istiorasi mutlaqo noyob, takrorlanmasdir. O‘ylarning chuvalashi sababi – yor uzoqlarda, balandda ekani, unga yetishish dushvorligidadir:

Balanddasan, tog‘lar qoridan,
Chaqirasan meni ilgari.
Yolvoraman arvoh ortidan
Intiluvchi Hamlet singari.
Mahshargacha, mayliga, ketay,
Ketay, mayli, bo‘lib ovora.
Seni so‘rab qo‘ymasa netay,
Erda qolgan sevgi bechora.

Bosiqlik, mulohzakorlik va ayni paytda sevgilisiga sodiqlik, barcha qiyinchiliklarni mo‘minlik bilan qabul qilish she’rga o‘zgacha iliqlik bag‘ishlaydi. Lekin Abdulla Oripovga lirik qahramon hissiyotini maksimal namoyon qilish begona emas.
“Men seni kuylamoq istayman” she’rida tuyg‘ularga to‘liq erkinlik beriladi. Ular sel kabi guldirab, hech qanday o‘zanga sig‘masdan, yo‘lda uchragan to‘siqlarni parchalab, yopirilib keladi. Hatto she’r qofiyasiz, qat’iy vaznsiz yozilgani bois “oq she’r” deya ta’kidlangan:

Men shu asrning bir mitti farzandiman,
Men uning butun qo‘polligini,
Butun nozikligini,
Butun sovuqligini,
Butun haroratini,
Sening shu g‘unchadek nozik lablaringga
Jo qilmoq istayman, sevgilim…

Bu she’r o‘quvchilar orasida uncha mashhur bo‘lib ketmadi. Chunki o‘zbek she’rxonlari boshqacha estetik idrok va ifoda an’analarida tarbiya topganlar. Ular muhabbat mavzusidagi she’rlardan yo majoziy, ilohiy ishq iztiroblari va zavq-shavqini yoki dunyoviy mahbubasi himmati, go‘zalligi, vafodorligi, bevafoligi, sho‘xligi, erkaligi, “shafqatsizligi” tufayli tuygan baxt-saodat yoki chekkan “oh-vohlar”ni chiroyli lirik ifodasiga o‘rgangan. O‘sha 1967 yilda yozilgan shoirning quyidagi to‘rtligi:

Alvido, deb qo‘llarimga boylading bir tola soch,
Oshiq ahli ichra kimni saylading, bir tola soch?
Qoldi umrim domi ishqda, soch kabi holim zabun,
Toleimni tola-tola aylading, bir tola soch.

Hamda “Erevan ko‘chasida” degan she’ri sevishganlar orasida shuhrat qozondi. Izidan yozilgan “Qo‘ygil, u kunlarni eslatma menga”, “Sevgi o‘limi”, “Kuz manzaralari” she’rlari mavzuning yangi qirralarini ochdi. Tabiat manzarasi, holati go‘yoki bir ko‘zoynak, u orqali lirik qahramon o‘z qalbiga, baxtsiz sevgisiga sinchiklab qaraydi. Tabiat holati va ruhiy kechinma mushtaraklikda beriladi:

Yana dalalarga boshlaydi havas,
Bog‘larda xazonlar yonadi lov-lov.
Do‘stlarim, bu kuzning barglari emas,
Mening yuragimdan to‘kilgan olov.
Shoxlarda mezonlar yaltirar xira,
Poyida shivirlar mening kuylarim
Do‘stlarim, bular ham mezonmas sira,
Bu mening chuvalgan, so‘ngsiz o‘ylarim.
Quyosh ham falakda bamisli ro‘yo,
U endi yondirmas, yaltirar faqat.
Do‘stlar, u ham endi quyoshmas aslo,
U olis yoshlikda qolgan muhabbat.

Muhabbatning o‘zi haqida, ayriliq va sevgi dardi haqida deyarli hech qanday so‘z, oh-voh, afsus, nadomat yo‘q. Ayni damda chizilgan manzara lirik qahramon idroki va iztiroblari ifodasidir. She’rning butun mazmuni muhabbat va ayriliq oqibatlari to‘g‘risida. Muhabbat haqida bunday falsafiy, jozibali qalb tug‘yonlari va afsuslarini ifodalashda bevosita ular haqdagi so‘zlarni chetlab o‘tish faqat daho iste’dodgagina nasib etadi. “Sevgi o‘limi” yuqorida to‘liq keltirilgan “Kuz manzaralari” darajasida emas. Boshlanishi xuddi undagidek qudratli, obrazlar takrorlanmas va ta’sirchan, badiiy uslub o‘xshash:

Yomg‘ir ham tinmayin yog‘di kun bo‘yi,
Yomg‘irli kun kabi ezildi dardim.
Yaydoq ko‘chalarda jim yurgan ko‘yi
Sening izlaringni axtardim.
Ufqlarda esa achchiq bir tuman
Mening ko‘zlarimga quyardi zahar.
Uvishgan qalbimni sokinlik bilan
Ezar edi bo‘m-bo‘sh bu shahar.

Ushbu keltirilgan misralar “Kuz manzaralari”dan badiiylikning barcha mezonlari bo‘yicha past emas. Hatto ramziylikdan ko‘proq reallikka o‘tishi jihatidan ustun hisoblanishi mumkin. Lekin so‘nggi to‘rt satr ongning yuqori – fikriy mushohada darajasidan kundalik ongning maishiy urf-odatlardan hosil bo‘ladigan psixologik kechinmalar darajasiga tushirilgan. Bu oddiy o‘quvchiga tushunarliroq va ta’sirchanroq, ammo yuksak badiiy pafos pasaytirilgan. Mana o‘sha satrlar:

Endi sen tutmassan aslo qo‘limni,
O‘tgan sevgim uchun ochmassan aza.
Oh, qanday o‘lim bu sevgi o‘limi,
Unga na qabr bor va na janoza.

Lekin she’rning o‘zi baribir ajib bir durdona asardir. Oradan bir yil o‘tib, 1968 yilda “Birinchi muhabbatim” tug‘ildi. Ha, ha, ushbu she’rga nisbatan yozildi, yaratildi emas, tug‘ildi degan tushuncha adolatliroq. “Yozildi”, “yaratildi” so‘zlari qandaydir sun’iy ijodkorlik, yasalganlik, hunarmandlik alomatlari saqlanib qolgan. “Tug‘ildi” so‘zida tabiiylik, ilohiy zarurat tufayli vujudga kelganlik mazmuni yashirin. Garchi yozish, yaratish ham oliy irodaga borib bog‘lansa-da, tug‘ilish ularga nisbatan chuqurroq va muhimroq aloqani ifodalaydi. “Birinchi muhabbatim” Abdulla Oripovni chinakamiga mashhur qilgan, xalq tasavvurida uni o‘z shoiriga aylantirgan she’rlardan biridir. Bunga, albatta, o‘sha davrning eng sevimli ikki hofizi – Otajon Xudoyshukurov va Sherali Jo‘rayevning “Birinchi muhabbatim”ga kuy bastalab, qo‘shiq qilib aytganlari ham katta rol o‘ynadi. She’r qo‘shiqqa mos uslubda yozilgan. Yetarli darajada ma’yuslik, qo‘msash, sog‘inch, yetarli darajada ilk muhabbatni ulug‘lash, ko‘klarga ko‘tarish, unga sig‘inish bor. Me’yor, tuyg‘ular o‘rtasida mutanosiblik, davomiylik saqlangan. “Xayr endi…”, “Kuz manzaralari” yoki “Chuvaladi o‘ylarim sensiz” kabi she’rlarni qo‘shiq qilib, kuylab bo‘lmaydi. Ularda yo tuyg‘u, yo mulohaza qo‘shiq uslubiga mos emas, qo‘shiq imkoniyatlaridan ortiqlik qiladi. Qo‘shiq matni soddaroq bo‘lishi lozim. Shu sababdan “Sen bahorni sog‘inmadingmi” va “Birinchi muhabbatim” ajoyib qo‘shiqlarga aylandi.
“Birinchi muhabbatim” Sherali Jo‘rayev ijrosida shunchalik mashhur bo‘lib ketdiki, to‘ylarda, restoran va kafelarda, parklarda, ayniqsa talabalar yotoqxonalarida tinimsiz ijro etilardi. Hatto ba’zi qizlar uchrashib yuradigan yigitiga turmushga chiqishga rozilik berish sharti sifatida “Birinchi muhabbatim” gramplastinkasini sovg‘a qilishni talab qilishgan. “Birinchi muhabbatim” mana 50 yildan ortiq vaqt o‘tibdiki, hamon mashhur. Gramplastinkalarda, kassetalar, disklar, fleshkalarda yozuvi bir necha million nusxalarda tarqalgan. Otajon Xudoyshukurov ijrosi ham ancha mashhur bo‘ldi. U ham turli audio yozuvlarda keng tarqaldi.
Abdulla Oripovning qator she’rlariga kuy bastalangan. Ba’zilari qo‘shiq shaydolari orasida mashhur. Sevib kuylandi, tinglandi. Bugun qo‘shiqchilik merosimizning oltin fondidan joy olgan. Ular orasida, ayniqsa “Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman” va “Bu ishq sirrin kitob etding, kitobing ichra men borman” misralari bilan boshlanadigan ashulalar tez-tez efirda jaranglab turadi. Lekin mashhurlikda hamon “Birinchi muhabbatim” peshqadam.
“Kuz manzaralari”ga o‘xshash shoirda yana bir she’r bor. U “Kuzak shamollari esdilar yana” satri bilan boshlanadi. She’rda qo‘msash, mahbuba bilan ruhiy yaqinlik, olamni bir xil idrok etishga, tushunishga ishonch tuyg‘usi aks etgan:

Kuzak shamollari esdilar yana
Sokin yuragimda tuyg‘ular qo‘zg‘ab.
Kelgil, parivashim, kelgil jimgina,
Kelgil samolardan mezonga o‘xshab.

Bo‘lgan ish bo‘ldi, endi hasrat chekish, hatto biror so‘z aytishning keragi yo‘q. Ammo xayolan birga bo‘lish, jimgina tabiatni, tevarak-atrofni kuzatish dilga ma’naviy oziq, kuch-quvvat beradi, xotirjamlik bag‘ishlaydi:

Poyonsiz olamga boqaylik so‘zsiz,
Na hasrat, na so‘zning bordir keragi.
Bizning tegramizda yonayotgan kuz,
Qaysi bir oshiqning so‘ngan yuragi…

Hammasi ortda, faqat buyuk muhabbat qoldi, xayolot qoldi. Oshiqning so‘ngan yuragi – “yonayotgan kuz”, sarg‘aygan, olov rangiga kirgan yaproqlardir, vujuddir, oshiq ruhi esa tirik, u qarimaydi va o‘lmaydi.
Abdulla Oripovda 1972 yilda yozilgan ajib bir durdona she’r bor, “Sog‘inch” deb ataladi. Uni ishqiy lirikaga oid yoki tug‘ilgan qishlog‘ini, hatto o‘tib ketgan onasini qo‘msab, yoningga qabristonga qaytsam, degan mazmunda ham tushunish mumkin. Uni to‘liq keltiramiz:

Parchagina bulut,
Cheksiz osmon,
Adir ortidagi yolg‘izoyoq yo‘l.
Barcha tashvishlarni unutib, shodon,
Qaytgim kelayotir qoshingga butkul.
Qismat mayin ichdim – achchiq va taxir,
Tuydim ehtirosning samoviy kuchin.
Dunyoda odamzod yashamas, axir,
Faqat irodasin sinamoq uchun.
Parchagina bulut,
Cheksiz osmon,
Adir ortidagi yolg‘izoyoq yo‘l.
Barcha tashvishlarni unutib, shodon,
Qayta olsam edi qoshingga butkul.

She’rni turlicha talqin qilish mumkin. Haqiqatan, birinchi muhabbatga qaytish, ammo bu ilojsiz ekanligi, ayriliq tufayli hayoti achchiq va taxir bo‘lgani, yashamoq iroda sinoviga aylangani, bunday hayotdan qiynalib ketgani to‘g‘risida she’r deya talqin qilish mantiqqa zid emas. Lekin o‘tib ketgan beg‘ubor, betashvish bolalikni sog‘inish, tiriklik g‘ildiragini ortga aylantirib bo‘lmasligi, uning barcha zarbalari-yu qiynoqlarini qabul qilmasdan, irodasini namoyon etib kurashmaslikning iloji yo‘qligi mazmunidagi talqin ham mantiqqa zid kelmaydi. Shoir tug‘ilib o‘sgan qishloq yonida katta adir bor. Uning ortida shoirning dunyodan juda erta ketgan onasi dafn etilgan qabriston joylashgan. She’rni onasi ruhiga murojaat deya tushunish ham o‘rinli tuyuladi. O‘sha shoir uchun og‘ir kechgan yillarda, hattoki umrining oxirigacha uning onasi oldiga qaytish istagini ifodalovchi misralari ko‘p.
Abdulla Oripovning muhabbat lirikasiga qaytamiz. Albatta, ehtiroslarga boy go‘zal she’rlarni faqat yigitlargina emas, qizlar ham o‘qiydi, ta’sirlanadi, yod oladi. Ularni yozgan shoirga shaydo bo‘ladiganlari uchraydi. Ayrimlarining xayolida faqat ugina shoirni tushunadi, faqat ugina shoirga haqiqiy baxt ato etishiga samimiy ishonadi. Yaqinroq tanishishga, do‘st tutinishga urinadi. Bunday shaydo qizlar orasida samimiylari, o‘zini fido qilishga tayyor go‘zallari, oqilalari kam bo‘lmagan. Shoirda mas’uliyat tuyg‘usi kuchli edi, u oilaviy burchiga sodiq qoldi. Ba’zi bir sho‘xliklar qilgan bo‘lishi mumkin, ammo insoniylikning ma’lum bir sarhadini buzgan emas. “Iltijo” nomli she’rida yozadi:

Kimga foyda behuda junun,
Va dunyoga g‘avg‘o solishdan
Ayriliqdan qo‘rqmasman bu kun,
Men qo‘rqaman sevib qolishdan.

Bu barcha shaydo qizlarga she’riy javob edi. Yana bir to‘rtlik xuddi shunday javob bo‘lib tuyuladi:

Oh, o‘tgan u kunlar qaytmagay zinhor,
O‘chgan muhabbatning yonmog‘i dushvor.
Nigohing qadama qarog‘imga sen
Unda to‘kilmagan ko‘zyoshlarim bor.

To‘rtlikda qaytadan sevib qolishdan qo‘rqish, nozik qalb dardlari uyg‘onib, ko‘zyoshiga aylanishi ehtimoli ifodalangan. To‘rtlik 1984 yilda “Iltijo”dan 14 yil keyin yozilgan. 80-90-yillarda ham shoirning muxlisalari ko‘p edi. Ammo sevgi-muhabbat haqida falsafiy mulohazalardan tashqari, ehtirosli she’rlarni yozmay qo‘ygan edi. Men shoirdan bir kuni bu haqda so‘radim. Axir muhabbat she’riyat uchun abadiy mavzu-ku, ba’zi shoirlar 70-80 yoshlarda ham ehtirosli ishqiy she’rlar yozadi, deya hatto jahon va rus adabiyotidan qator misollar va ismlarni keltirgandim. Shunda u “Qizlarim o‘sib, oq-qorani ajratadigan bo‘lib qoldi. Ular mening she’r­larimni o‘qib, nima deb o‘ylaydi. Har mavzuning o‘z vaqti bor”, degan javobni bergandi.
Mana shunday o‘ynoqi va falsafiy-ishqiy she’rlardan namunalar:

Nari ketolmayman bir habash qizdan,
Juda o‘xshash ekan senga ko‘z-qoshi.
Bilmadim, o‘sha payt, qay biringizdan
Nusxa olgan ekan falak naqqoshi.
Loyingiz barobar qorgandir Xalloq,
Ayni ilhom chog‘i ijod etgandir.
Anavi habashning nusxasi biroq
Xumdonda uzoqroq qolib ketgandir.

Ikkinchi, mazmunan tamom farq qiladigan namuna:

Men faqat Sen uchun yashadim desam,
Biroz lof bo‘lardi va biroz yolg‘on.
Gohi bosganida to‘fon kabi g‘am
Ko‘zimga ko‘ringay o‘zimdagi jon.
Sensiz ham yashadim desam men agar,
Desamki, sensiz ham tanamda bor jon.
Ishongil, bu gapim baridan battar
Yolg‘on bo‘lar edi, tamoman yolg‘on.

Albatta, bu dil izhori yosh yigitning emas, nuroniy donishmandning so‘zlari­dir. Tuyg‘ular muvozanatga allaqachon kelgan, mo‘tadillashgan. Ular ehtirosli harakatga olib kelmaydi, balki fikr, mulohaza uyg‘otadi.

Faqat savob borki, dunyo bus-butun

Shoir 1981 yilda infarkt o‘tkazdi. Kasallikdan asta-sekin o‘nglanib, yana ehtiroslarni junbushga keltiradigan, o‘quvchini chuqur xayolga, o‘yga cho‘mdiradigan she’rlar, kichik lirik poemalar yoza boshladi. 1982 yilda yozilgan “Hayronlik”, “Senga bu dunyoning guli, ne’mati”, “Savob”, “Qonuniyat” kabi mavzulardagi bitik­larda yana ehtiros va tafakkur kuchi uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi.
Avvalgiday baravj pardalarda kuylash sog‘liq uchun, asab uchun beiz ketmaydi, albatta. Ammo Abdulla Oripov boshqacha kuylay olmas, muxlislar ham undan boshqacha she’rni kutmas edi. Qizig‘i shundaki, o‘sha yillar u ko‘pchilik tasavvurida, ayniqsa, yoshlar tasavvurida avvaldan, azaldan bordek taassurot uyg‘otardi. Shoirning ijodi ma’naviy, adabiy hayotimizga shu darajada singib, uning tabiiy uzviy, ajralmas qismiga aylanib qolgan edi. Aslida u endigina 40 yoshga qadam qo‘ygan edi. Kutilmagan mantiqiy xulosalari, noyob, original tashbehlari ilgari hayrat bilan qabul qilinib, olqishlar uyg‘otgan bo‘lsa, endi ular tabiiy qabul qilinar, go‘yoki asli shunday bo‘lishi lozimdek edi. Abdulla Oripov she’riyat muxlislarini yangi badiiy mezonlarga o‘rgatib qo‘ygandi. “Savob” – shukronalik to‘g‘risida kichik lirik poema. Bir qismli simfonik poema desa to‘g‘riroq bo‘ladi. Asar yuksak pardalarda va sur’atda boshlanadi. Boshdan-oyoq fikr va tuyg‘uni ifodalash sur’ati, pardalari yuqoriligicha qoladi. Haqiqiy allegro, faqat oxirgi o‘n ikki satrida – asar finalida – falsafiy xulosasida pardalar va sur’at pasayib, asta-sekin sokin kuyga o‘tadi.

Avji saratonda hansirab, yonib,
Qovrilib olovli yo‘llar taftida,
Muzdayin buloqdan suv ichgach qonib,
Hordiq olganmisan chinor tagida?
Ruhingda safo-yu taningda mador,
Umidbaxsh qo‘shiqlar kuylaganmisan?
O‘sha payt, o‘sha on hech qursa bir bor
Chinorni kim ekkan – o‘ylaganmisan?

Shoir har bir ezgu ish savob ekanini, inson jamiyatdan, ajdodlardan barcha ne’matlarni, yutuqlarni tayyor holda qabul qilib olishini e’tirof etadi. Insonning burchi – ularni saqlash, yangilash, boyitish. Inson salaflari oldidagi qarzini uzishi uchun o‘zi ham boshqalarga yaxshilik, ya’ni savob ish qilmog‘i shart. Bu – hayot qonuni.

Ayt, axir o‘zing ham to borsan sobit,
Kimsaga nasiba uzatganmisan?
Ko‘changdan lapanglab o‘tganda tobut,
Sen uni to‘rt qadam kuzatganmisan?
Chorasiz bir inson uchragan damda,
Unsiz so‘rog‘iga qildingmi javob?
Ayt-chi, bilarmisan, yorug‘ olamda
Bularning barchasi atalgay savob…

Xayrli ish, savob bo‘lmasa, kimdir beg‘araz chinor ekmasa, yo‘l chiqarmasa, ko‘prik qurmasa, izidan keladigan notanish kishilarni o‘ylab, ovchi kulbasida gugurt, bir chimdim tuz, quruq o‘tin, chaqmoq tosh qoldirmasa, muhtoj kishiga yordam qo‘lini cho‘zmasa, jahonning bus-butunligiga darz ketadi, inson qadr-qimmati yo‘qoladi.

Faqat savob borki, jahon bus-butun,
Faqat savob borki, azizdir inson!

Abdulla Oripovning she’rlarida sun’iy o‘ylab topilgan, o‘z qalbidan o‘tkazmagan fikrlar, obrazlar yo‘q. Shu sabab ular juda samimiy, o‘quvchi yuragiga tez yo‘l topa oladi. Shoir fikri, o‘ylari, istioralari zamon va makonda cheklanmasligini aytgan edik. Tarixiy bir dalilga, voqeaga yoki ulug‘ ajdodlarimizdan birining xotirasiga murojaat etganda ham ularni o‘z zamoni, el-yurt g‘am-tashvishi, faxr-iftixori bilan bog‘laydi. Bobur tug‘ilganining 500 yilligi munosabati bilan yozgan she’rida o‘z holati, hozir yashayotgan vaqti burjidan buyuk shoir va davlat arbobining xalqimiz ma’naviyatidagi bugungi o‘rni to‘g‘risida mulohaza yuritadi.

Men-ku, oddiy odam,
Shundoq bo‘lsa ham
Shukr, bas degancha g‘animlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif chinakam
Biri jununsifat, birovi hushyor.

Shoir o‘zi haqida yozayotgani yo‘q. Bu adabiy usul. Menda, oddiy odamda, shuncha g‘anim bo‘lsa, Sizda ular behisob va qudratli kuchga ega bo‘lgan. Siz ularga qanday dosh bera olgansiz, qanday ularni yenga olgansiz, demoqda.

Biz shunday o‘tamiz,
Ya’ni kun ko‘rib…
Maydagina kuchsiz, maydagina zo‘r.
Hayotning mana shu burjidan turib,
Men Sizni o‘yladim, hazrati Bobur.

Bizlar maydalashib, bachkanalashib ketganmiz. Kunimiz o‘tsa bo‘lgani. Mana shu bachkana hayotimiz nigohi bilan Sizga boqmoqdamiz. Bu yerda yana qo‘shimcha noadabiy izohga ehtiyoj bor. 1982 yil noyabrida L. Brejnev vafot etib, sobiq Ittifoqda hokimiyat tepasiga Yu. Andropov kelgan edi. U ich-ichidan yemirilib ketayotgan sovetlar Ittifoqini saqlab qolish maqsadida barcha sohani qattiq siquvga oldi. Mafkura borasida ham siquv kuchaydi. O‘tmishga, madaniy merosga, urf-odatlarga munosabat salbiy tomonga keskin o‘zgardi. O‘zbekistonda “paxta ishi” boshlandi. 500 yilligi tantanali nishonlanishi kutilayotgan Bobur shaxsi va ijodi tanqidga uchradi. Oradan 1–2 yil o‘tib, milliy bayramimiz Navro‘z ham taqiqlandi. “Maydagina kuchsiz, maydagina zo‘r” deganda shoir o‘tmishga loy chaplab, qadriyatlarimizni rasman taqiqlashdan nariga o‘tolmaydigan mahalliy rahbariyatni nazarda tutmoqda. She’rdagi Bobur ta’rifi:

Siz – zobit, dastini cho‘zgan dunyoga,
Siz – shoir, mangu bir alanga yoqqan.
Nainki bandalar, Sizning siymoga,
Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan.

E’tibor bering: Siz jahongir, fotih sarkarda demayapti shoir. “Siz zobit” demoqda. Zobit, ofitser, o‘z ixtiyori bilan urush boshlay olmaydi. U mustaqil siyosatchi emas. U sarkardaga, podshohga bo‘ysunadi. She’rda Boburga Siz Ollohning zobitisiz, deyilmoqda. Chunki oliy sarkarda, oliy podshoh Ollohning o‘zi. Siz u belgilagan qismat tufayli dunyoga qo‘lingizni cho‘zdingiz. “Men sizni o‘yladim, hazrati Bobur” murojaatida ham “hazrat” so‘zi qo‘llanilgani bejiz emas. Boburning sarkardaligi, podshohligiga urg‘u berilmayapti, uning ulug‘ligiga, hazrat darajasida ekaniga e’tibor qaratilyapti. Boburga kek bilan nafaqat raqiblari, ne-ne saltanatlar ham boqqani eslatilmoqda. Matn tagida yashirin matn bor:

Ayting, ne topdingiz Siz kezib dunyo,
Hanuz boqisharlar sho‘rishga to‘lib.

Bu endi Sovet davlati, kommunistik mafkuraning Boburga munosabatiga ishora. Nega hanuzgacha Boburga nisbatan kek saqlanayotir. Chunki u Temur va Navoiy xislatlarini o‘zida mujassamladi, ular izidan bordi:

Bahodirlik ichra yor Sizga Humoy,
Siz ulug‘ zotlarning izin bosgan er.
Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,
Imomlikka o‘tgay faqat Alisher.

Bobur – Temur va Navoiy izdoshi, davomchisi. Ularga har jihatdan munosib: harbda ham, ijodda ham, buyuk shaxs, buyuk yaratuvchi.
Sovet mafkurasi, ilm-fani Boburning ijtimoiy-siyosiy faoliyatini munosib baholamadi, inkor qildi. Ammo adabiy merosini inkor qilishga kuchi yetmadi. O‘sha mash’um sovet davrida, undan “yolg‘iz she’r qoldi”.

Ha, yolg‘iz she’r qoldi, boshqasi abas,
Etti iqlim aro doston naqlingiz.
Ne baxt, parchin bo‘lib toj degan qafas,
Bizga yetib keldi olmos aqlingiz.

Shoir dunyoda yuz berayotgan har qanday qabihlikni, adolatsizlikni insoniyatga qaratilgan xuruj sifatida qabul qiladi. Barcha razolatlar, jinoyatlar insonning o‘zidan. Ularni Yaratganga, taqdirga to‘nkamaslik kerak degan g‘oya “Tunislik bola” she’rida davom ettiriladi. Ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarga ko‘ra, Tunisdan ish axtarib kelgan bir o‘spirin (tabiiyki, boshpanasiz) ko‘chadagi skameykada uxlab yotganda, bezori bolalar ustidan benzin quyib, yoqib yuboradilar. O‘sha payt shoir Italiyada Dante Jamiyati taklifi bo‘yicha safarda edi. Xabardan qalbi uvushgan shoir yozadi:

Afsus, razolatga botdi bu ochun,
Aybni Yaratganga to‘nkamoq nechun.
Senga o‘t qo‘ydilar bir ermak uchun
Rimga nega kelding, tunislik bola?

Konkret faktdan butun bashariyat taqdiriga aloqador umumiy xulosa chiqaradi:

Ha, olov ostida butkul yer yuzi,
Tutunga to‘lmoqda odamzod ko‘zi.
Yonib ketmasaydi zaminning o‘zi
Rimga nega kelding, tunislik bola?

80-yillar o‘rtalarida yozilgan bir necha falsafiy she’rlardan biri “Ko‘zgu parchalari” deb ataladi. Go‘yoki unda hammaga ma’lum fakt – singan, darz ketib bo‘lakchalarga bo‘linib qolgan ko‘zgu biror predmetni yaxlit, bus-butunligicha aks ettira olmasligi haqida bayon qilinadi. Lekin aslida bunday emas. Aslida she’rda ikki g‘oya olg‘a surilgan. Birinchisi – inson tabiati, ruhiyati juda murakkabligi, uni yaxlit tasvirlab, ifodalab bo‘lmasligidir. Ikkinchisi – shoir yuragi chil-chil singan ko‘zguga o‘xshashi, undan hayotning, insonning to‘liq bus-butun aksini kutmaslik g‘oyasidir. Yana bir qiziq qo‘shimcha. Barcha xalqlarda siniq ko‘zguni uyda saqlamaslik irimi bor. Siniq, yorilgan ko‘zgu omadsizlik, hatto kulfat keltiradi, deb hisoblanadi. Keyingi yillarda ilm-fan vakillari ham shunday fikrga moyillik bildirmoqdalar. Yorilgan ko‘zgu bo‘laklari aks ettirgan har xil tasvirlar energetikasi bir xil, bir tekis bo‘lmas ekan. Bu kishilarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatar, ong ostida salbiy jarayonlar boshlanishiga go‘yoki turtki bo‘lar ekan.
She’rning dastlabki baytiyoq shoir salbiy energetika to‘g‘risidagi farazlarni jonlantiradi:

Ko‘zgu parchalari yo‘lakda yotar,
Unsiz sharpalari ruhimga botar.

Shoir ruhi biz, oddiy odamlarnikiga nisbatan bir necha bor sezgirroq, nigohi o‘tkirroq, maxsus asbob-uskunalar – dozimetrlar, mikroskoplar bilan qurollangandek. Iste’dod Olloh bergan ruhiy qudrat, ilohiy fayzdir. Ammo hatto o‘sha ruhiy qudrat insonni to‘liq aks ettirolmaydi. U shunchalik ziddiyatli, shunchalik murakkab. Shu sababdan Abdulla Oripov she’rda “inson” so‘zini bosh harf bilan yozadi.

Meni ma’zur tutgin, muhtaram Inson,
Suvrating chizolmay turibman hayron.
Bir kun fazilating olsam qalamga,
Bir kun qabihliging yoygum olamga.
Sening bo‘y-bastingni ko‘rsatmoq uchun
Ko‘zgu kerak axir yaxlit va butun.
Shoir yuragi-chi, olamda yakkash,
O‘sha chil-chil singan ko‘zguga o‘xshash.

“Ko‘zgu parchalari” izidan bitilgan “Dialektika” she’ri mavzuni boshqa yo‘nalishda davom ettiradi: hayotga inson munosabati, baholari, ruhiy kayfiyati nisbiy, ziddiyatli. Olamni qanday idrok etish bilan bog‘liq:

Chora bitta: niyatingni ezgulikka bur,
Faqat shunda go‘zal bo‘lib ko‘ringay falak.
Yo‘qsa hasrat og‘ushida o‘tgaydir umr,
Bamisoli o‘ra ichra qolgan kapalak.

Inson mavzusi Abdulla Oripov she’riyatning eng muhim ustunlaridan biridir. Mavzu doirasida esa ona va ayol obrazlari markaziy o‘rin egallaydi. Aynan 60-yillarda yozilgan “Ayol” she’ri va “Onajon” poema-marsiyasi, avval ta’kidlanganidek, unga ulkan mashhurlik keltirgan, norasmiy xalq shoiriga aylantirgan asarlar sirasiga kiradi. Bu mavzuga u butun ijodi davomida ko‘p murojaat etdi. 1984 yilda “Oftobshuvoq” she’ri onasini xotirlab yozgan dilo‘rtar asardir. Uni o‘qib qalbing bachkana, mayda, xudbin hislardan tozalanadi, unda rahm-shafqat, mehr-oqibat va hayotga shukronalik uyg‘onadi:

Iliq tomchilagan yomg‘ir ham goho,
Tuyular onamning ko‘z yoshi bo‘lib.
Ona turganiday tepamda go‘yo,
Bahorning mehribon quyoshi bo‘lib.

1985 yilda taxminan may oyida yozilgan “Seni ona dedim…” kichik lirik poemasi ayolga bag‘ishlangan. Ayol obrazi ona, singil, suyukli yor siymolarida gavdalantiriladi. Urush va undan keyingi yillarda ayol yutgan zaqqumlar, og‘ir mehnat, ocharchilik, dalada bir dona boshoq topib olsa, yonoqlariga rang ingani Abdulla Oripovga xos ehtiros kuchi bilan tasvirlangan. Ayol yor sifatida lirik qahramonning bemor boshida goh ona kabi bedor, gohida singil misolida turadi. Ayol obrazida zamon va makon cheksizligida afsonaviy, badiiy timsollar va real shaxslar birlashib ketgan:

Sen desam ming yillar sajdaga kelib,
Poyinga chechakday to‘shalmog‘i chin.
Alpomish yonida Oybarchin bo‘lib,
Sen – Farhod qoshida yashagan Shirin.
Sen – Nurxon, Sen – Sora, turibsan shoyon,
Ulug‘ O‘zbekiston sardaftarida.
Mehnat, shijoating olamga ayon,
Sen – bahor chaqini zamon qa’rida.

Ayol zoti shunchalik ulug‘ki, unga asrlar, ming yillar, zamon sajdaga keladi, poyiga poyondoz bo‘lib chechaklarday to‘shaladi. “Reyxstag ustiga qadalmish bayroq” ham “Asli Sen silkitib qolgan ro‘moling”. Ayol oldidagi insoniy burch – uning sha’nini, qadr-qimmatini himoya etishdir, dunyoni urushdan asrashdir. Chunki urush ayolni o‘stirgan farzandidan, sevgan yoridan ayiradi.

Men sharqlik odamman,
Ayol degan so‘z,
Menga hayot bilan barobar kalom.
Oh, ayol xo‘rligin ko‘rsatma hargiz,
Hargiz bad bo‘lmagay ayol degan nom.
Ayolga tilasang gar tole’ ma’sum,
Dunyoni olovdan asra, ey odam.

80-yillar o‘rtasidan “paxta ishi” bo‘yicha olib borilgan tergovlar sudlarga oshirilib, hukmlar e’lon qilina boshladi.
“O‘zbeklar ishi” atamasi yuraklarga nishdek sanchildi. Abdulla Oripov qalbida, ongu shuurida bular isyon uyg‘otmasligi, she’rlarida aks etmasligi mumkin emas edi. 1985 yilda shoir “O‘zbeklar” nomli doston yozishga kirishadi. Bundan xabar topgan yuqori idoralar vakillaridan biri she’riy manzumani yozmaslikni “maslahat” beradi. Turli sabablarga ko‘ra, boshlang‘ich sahifalaridan boshqasi yozilmay qolib ketadi. O‘sha boshlang‘ich sahifalarni shoir mustaqillik yillari e’lon qildi. Parcha:

G‘uborday to‘zg‘imasin bu ajib maskan,
Tuproqqa qormasin ellar bir-birin.
Chora axtardi endi Yaratgan
Tinchlantirmoq uchun o‘zbeklar yerin.
Oxir Xoliq keldi shundoq qarorga:
“Iblis qudratimni, mayliga, bilsin.
Bir zot jo‘natayin men bul diyorga,
To u O‘zbek elin bus-butun qilsin”.

Oydin bo‘lmoqdaki, shoir Temurdek xaloskor, yurt va el ozodligiga, ravnaqiga xizmat qilishga qodir yo‘lboshchi kelishini orzu qilmoqda. 1985 yilda hali jadidlar asarlari, shu jumladan, Ismoil Gaspiralining “Temurning turkiy rahbarlarga tanbehi”, undan ilhomlanib yozilgan Fitratning “Temur sag‘anasi oldida” hikoyasi e’lon qilinmagan edi. Shoir Temurdek zotga o‘zbeklarda tarixiy zarurat paydo bo‘lganini his qilib, armon bilan yoza boshlagan. U konkret biror shaxsni nazarda tutmagan. Shu sabab unda faqat orzu-armon ifodalanishi mumkin edi. Balki, najot keltirishi mumkin bo‘lgan shaxsni tevarak-atrofida, O‘zbekistondagi tanigan va taxmin qilgan arboblar ichida ko‘rolmagani manzuma yozilmay qolganining sabablaridan biri bo‘lgandir.
Elu yurt dardi, tashvishi shoirni iztirobga soldi. Qalbining qayta tirnalgan yaralari yoniga yangilari qo‘shildi. “Paxta ishi” qatag‘onlari 1985–1986 yillarda avjiga chiqdi. Buning ustiga 1984 yildan boshlab ketma-ket uch yil qurg‘oq keldi. Ayniqsa, Qashqadaryo qurg‘oqchilikdan ko‘p azob chekdi. Odamlarda ruhiy tushkunlik kuchaya boshladi. Maishiy turmushda halovat yo‘qoldi. Odamlarning o‘zaro munosabatlarida bir-biriga ishonch, mehr-oqibat pasaydi, shubhakorlik kuchaydi. Abdulla Oripovning “Ishonch ko‘priklari” she’ri shunday muhitda tug‘ildi.

Yuzdan parda ketsa,
Dildan diyonat,
Mehr rishtalari zimdan uzilsa,
Yuraklarni bossa shubha, xiyonat,
Ishonch ko‘priklari buzilsa;
Etimlar haqidan qo‘rqmasa birov,
So‘qmoqqa aylanib ketsalar yo‘llar,
Qiblagohlar osiy, tug‘ishganlar yov,
G‘aznalarga cho‘zilsa qo‘llar;

Dramatizm o‘sib, ma’naviy inqiroz sabablari salmog‘i ortib boraveradi. Diqqat qilinsa, shoir biror gapdan keyin nuqta qo‘ymagan, chunki sabablar sanog‘i tugagani yo‘q.

Bolalar ruhiga hayot degan dars,
Manmanlik urug‘in joylasa;
Oshiqlar ko‘chada ma’shuqasin emas,
Kimningdir qadamin poylasa;

Yoshlar hayotdan qanday saboq olmoqda? Ular kimga emas, nimaga ko‘ngil qo‘ymoqda? Mansabparastlikkami, mol-dunyogami? Xalqning dardini kuylaydigan, unga ma’naviy oziq beradigan, his-tuyg‘ularini tarbiyalaydigan shoirlari-chi?

Elning shoirlari g‘anim zotlar kabi,
Bir-birlarin g‘ajib yesalar;
Minbarlarga chiqsa ko‘cha-ko‘yning gapi,
Andishani qo‘rqoq desalar…

Nuqta hamon yo‘q. Ma’lumki, uch nuqta, bir tomondan, sanoq davom etishi mumkinligini, biroq to‘xtatilganini anglatadi. Ikkinchi tomondan – mulohazalarda burilish bo‘lishini bildiradi. Haqiqatan:

Bunday yurtda endi qirg‘in shart emas,
Vabo ham qochadi undan yiroqqa;
Hatto daryolari qurir basma-bas,
Hatto tuproqlari tushar titroqqa.

Ahvol og‘ir, ammo najot xalqning o‘zida. U o‘zida barcha balo-qazolarni yenggani kuch topishi shart. Shoir shunga umid qiladi:

Xalqim, bundaylarni ko‘rgansan azal,
Ko‘p chekkansan, ular ozorin, dog‘in.
Sen yengib o‘tgansan, lekin har mahal,
Xalqim, topinaman o‘zingga tag‘in.

Shoir ham o‘zining, ham xalqining ko‘nglini ko‘tarishga, adolatsizlikka qarshi kurashga rag‘batlantirishga urinmoqda. Ayni paytda she’r publitsistika, pamflet, mafkuraviy targ‘ibot darajasiga tushib qolmayotir. Yuksak badiiylik, ekpspressiya, mahorat saqlanib qolayotir. Bunday she’r eng yuqori estetik baholarga loyiq.
Abdulla Oripov pamflet mazmunidagi she’rlar ham bitdi. Shunday asarlaridan biri “Javob” she’ridir. She’r yozilishiga turtki bo‘lgan voqeani shoir menga aytib bergandi. Dunyoga mashhur olimimiz O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti Obid Sodiqov boshi ustida ko‘lankalar quyuqlashib, uni lavozimidan siljitishga tayyorgarlik boshlangan, har xil g‘iybatlar yuqoriga – Moskvaga yetkazilgan. O‘zbekning barcha kattalari poraxo‘r degan qarashlar zo‘r berib shakllantirishga urinilayotgan davr. Moskvadan Fanlar Akademiyasiga tekshirish uchun kimlardir keladi. Obid Sodiqov ularni bir piyola choyga taklif qiladi. Dasturxondagi meva-chevalarni ko‘rgan mehmonlarning rahbari “Bularni nimaning hisobiga tashkil qildingiz”, – deya so‘raydi. Obid Sodiqov shimlarining cho‘ntagiga shappatlab: “Mana buning hisobiga”, – deya javob beradi. Shu voqeani u kishi uchrashib qolganlarida shoirga aytib beradi. Voqeadan ta’sirlangan, shoir “Javob”ni yozadi:

Muruvvat neligin bilmas mehmonim,
Ko‘zi och, yeb to‘ymas, beqo‘nim gadoy.
Pora bo‘libdimi bir burda nonim,
Pora bo‘libdimi bir piyola choy.

She’r xalqqa jo‘shqin xitob bilan yakunlanadi:

O, xalqim, ochiqqo‘l – hotamsan azal,
Atoyi Xudo de, mayli mehmonni.
Lekin nonko‘rlarni uchratgan mahal,
Og‘ziga tiq endi tipratikonni.

Abdulla Oripovning 1990 yilda yozgan “Iblis” nomli rivoyati – syujetli she’ri bor. Unda Iblis shon-shuhrat, dovruq ilinjida yerga tushadi. Turli xalqlarning eng yaxshi liboslarini tanlaydi. Bezanib ular oldiga navbatma-navbat boradi. Lekin ular hammasi Iblisni oldiga solib quvadi. Shunda u milliy kiyimlardan voz kechib:

Bejirim shlyapa kiydi u darhol.
Serjun gardaniga ildi bo‘yinbog‘,
Kamzulu shimiga yurgizdi dazmol,
Zarhal ko‘zoynakdan ko‘ngli edi tog‘.
Shunda ahvol tamom o‘zgarib ketdi:
Iblisni rahbar deb qarshi oldilar.

Avval uni quvganlar barchasi endi salomga keldi. Iblis butun zaminni o‘ziga vatan ayladi.

Hukmu farmonini yurgizar pinhon,
Qoshu qabog‘iga keksa-yosh qarar.

She’rda Abdulla Oripovning siyosiy boshqaruvga munosabati, umuman sovet hokimiyatiga muxoliflik kayfiyati aks etgan. Siyosiy rahbarlar xalqidan, milliy xususiyatlardan yiroq. Ular o‘z manfaatlari, byurokratiya manfaatlarini ko‘zlab ish tutadi. Xalqni iblisdek aldaydi, shon-shuhratga, dovruqqa o‘ch. Populistik va’dalar beradi. Iblis butun siyosiy boshqaruvning, siyosiy rahbarlarning yig‘ma, mujassam obrazidir.
Mustaqillik arafasida mafkuraviy bahslar avj oldi. Sovet davrida obro‘-e’tibor qozongan marhum ijodkorlar merosini qayta tanqidiy baholash boshlandi. Bu tabiiy edi. Ammo bu jarayonda har xil fikrlar, jumladan, ular merosini milliy manfaatlarga zid, ular faqat sovet tuzumining maddohlaridir, asarlari ahamiyatsiz degan, keskin biryoqlama, adolatsiz fikrlarni zo‘r berib tarqatishga urinuvchilar chiqib qoldi. Abdulla Oripov sovet davri shoirlariga o‘z munosabatini bildirib, 1991 yilda “Ustozlarim” she’rini yozadi:

Mening ustozlarim –
Ahli shuaro,
Ruhimning ohangi – sururidasiz.
Biringiz kitoblar bag‘ridasiz jo,
Biringiz Chig‘atoy hududidasiz.

Shoir faqat kitoblar bag‘rida qolgan, qabrlari noma’lum, qatag‘on qilingan shoirlar (Cho‘lpon, Usmon Nosir va boshqalar) bilan birga Chig‘atoyga dafn etilgan shoirlarni ham o‘ziga ustoz bilishini tasdiqlamoqda. Aynan keyingilarga murojaat etib shunday deydi:

Hasadu xusumat,
Ezmasin nechoq,
Siz she’rdan olibsiz alamni doim.
Olis kechalarda aylabsiz charoq
Kuyib ko‘mir bo‘lgan qalamni doim.
Baxtiyor kunlarni kuyla degan on,
Shiorlar bitibsiz qoningiz bilan.
O‘zi yo‘q qo‘rg‘onga bo‘libsiz qalqon,
Soddadil fidoyi joningiz bilan.

Abdulla Oripov ustozlariga munosabatda odamgarchilik va adolatni unutmadi. Ular haqda o‘zaro suhbat chog‘larida men shoirning tan olib aytgan maqtovlarini ham, tanqidiy fikrlarini ham, o‘z dilidagi gaplarini ayta olmay, salohiyatini to‘la yuzaga chiqarolmasdan ketganlari to‘g‘risidagi so‘zlarini ham ko‘p eshitganman. Ba’zan suhbat chog‘ida ularning qay biridan qancha she’r adabiyot tarixida qolishini faraz qilib, mendan fikrimni so‘rab qolardi. O‘ylaymanki, savol uning uchun shunchaki qiziqarli ermak emasdi. Bu farazlarning tagida o‘z ijodini tanqidiy baholash, ijodkor va hokimiyat munosabatlari va ziddiyatlarini chuqurroq anglash, o‘zining bundan keyingi pozitsiyasini aniqlashga intilish yashirin edi. Azaldan shoir va hukmdor, shoir va olomon, shoir erkinligi va burchi masalalari buyuk ijodkorlarni o‘ylantirib kelgan. Abdulla Oripov bundan istisno emas. Yuqoridagi masalalar ustida u ko‘p o‘y surgan, qiynalgan, o‘z-o‘zi bilan bahs qilgan, ziddiyatlarga borgan. Shoir qay darajada zamonasozlik qilishi mumkin? Zamonaga yon bossa, ijodi kelajakda qanday baholanadi, qancha she’ri yashab qoladi?
“Ustozlarim”da “hokimiyat va she’riyat”, “olomon va shoir” masalalari nuqtai nazaridan o‘tgan shoirlarga – ustozlarga baho berilmoqda. O‘tgan shoirlar tirik­ligida hokimiyat bosimida ijod qildi, istamaganlari halok bo‘ldi, o‘lganlaridan keyin, zamon, mafkura o‘zgargach, mustaqillik yillarida endi ularga olomon darajasiga tushirilgan ayrim yoshlar gij-gijlanmoqda. “Kimdan qancha she’r qoladi” mavzusini u shoir Usmon Azim bilan ham muhokama etgan ekan. Balkim, yana kim bilandir bu haqda fikrlashgandir. Har holda mazkur masala shoir uchun o‘tkinchi bo‘lmagan.
“Shoir va hokimiyat” masalasida ko‘pincha hokimiyat g‘olib keladi. Bo‘ysunmagan shoirni jazolaydi, mavh etadi, bo‘ysunganlari esa ijodda yutqazadi. Dardi, armoni ichida ketadi.

Nomard bu dunyoning kirdikorlari
Yaxshidir, yomondir – ishingizdadir.
Armonlar, uzrlar ketdilar bari,
Ketdingiz dardingiz – ichingizdadir.
Marhum ustozlarim,
Rahmatli zotlar.
Endi siz tinch yoting makoningizda.
O‘kinmang malomat qilsalar agar,
Abadiy bardosh bor imkoningizda.

Samimiyat va insof bilan yozilgan she’r. Bundan boshqa gaplar ortiqcha.

“Elkamizga oftobning tekkanligi rost bo‘lsin”

Mustaqillikning ilk kunlarida u “Adolat oftobi”, “Erk haqqi”, “Birin-ketin o‘tib borar asrlarning karvonlari” kabi she’rlarini yozdi. “Adolat oftobi”da shoir birlikka, jipslikka chorlaydi:

Safga tizil, nabiram, otajonim, tur endi,
Mustaqillik nash’asin, haqqing bordir, sur endi.
Qo‘lni berib qo‘llarga bir tan bo‘lib yur endi,
Elkamizga oftobning tekkanligi rost bo‘lsin,
O‘zbekning o‘z niholin ekkanligi rost bo‘lsin.

“Erk haqqi”da mazkur g‘oya muborakbod etish va orzu-tilak sifatida rivojlantiriladi. Muborakbod etish quyidagicha ifodalanadi:

Qadimiy bobo yurtim
Qutlug‘ bo‘lsin yaloving,
O‘ylay-o‘ylay tashlagan
Qadam muborak bo‘lsin.
Tag‘in gurillab yongay
O‘chmagan qalb oloving.
Erk haqqiga ichilgan
Qasam muborak bo‘lsin.

Ijodkor kishilar xayolan o‘zlarining buyuk salaflari bilan suhbat quradi. Xalqining yutuqlari va muammolari to‘g‘risida o‘ylab, falon buyuk zot bunga qanday baho berardi, nimalar deyardi degan fikrlarni xayolidan o‘tkazadi. Bu o‘y-xayollar, botiniy suhbatlar har xil shakllarda ularning bitiklarida aksini topadi. Ba’zan ular salaflar xotirasiga, ruhiga bevosita murojaat shaklida, ba’zan eslash va tilak shaklida yuzaga chiqadi. O‘zbekiston istiqlolga erishgan kunlarda, Abdulla Oripov Navoiyni eslamasligi mumkin emasdi. Menimcha, uning “Birin-ketin o‘tib borar asrlarning karvonlari” she’ri shunday tug‘ilgan. She’r tagiga “1991 yil, sentyabr” deya yozilgan, vaqti aniq ko‘rsatib qo‘yilgan.

Birin-ketin o‘tib borar asrlarning karvonlari
Oh, nechog‘li xatarlidir uning oshar dovonlari.
Inson zoti murodiga azal-abad yetar edi,
Ushalsa gar umidvor zot – Navoiyning armonlari.

Abdulla Oripov ijodi mustaqil O‘zbekistonning dastlabki odimlarining poe­tik yilnomasiga aylandi deyilsa, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston 1992 yil 2 martda BMT a’zoligiga qabul qilinib, BMTning Nyu Yorkdagi bosh binosi oldida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Oradan ikki kun o‘tib, “O‘zbekiston davlati” she’ri yaratildi:

O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi chinakam,
Ushbu kunni aytingchi, qay birimiz kutmadik.
Zarur bo‘lgan chog‘da goh dor tagida turib ham,
Qay birimiz tarixning sinovidan o‘tmadik.
Nasib etmish bu kunlar, taralsin yangroq unlar.
Do‘stlar bilan yonma-yon qutlaylik bu ayyomni
Iloyo, boshimizga kelmasin qaro kunlar,
O‘zbegim, deb ko‘taring, do‘stlarim, oltin jomni.

Faqat bunyodkorlik, ezgulik xalqni yana yuksak marralarga olib chiqadi. Bu yuksaklikning, dong taratishning haqiqiy belgisi – muruvvat (bu yerda: ko‘ngil va aql saxiyligi, beg‘araz yaratuvchiligi) va ma’rifatdir (haqiqatni bilish, ilmi-irfon, fan va san’at sirlarini egallash, yuksak ma’naviyat). Bu yo‘lda adashmasangiz, orangizdan qaynoqqalb Mashrabu Cho‘lponlar chiqadi, aks holda lolalar bargidek to‘zg‘ib ketish xavfi bor:

Oldindadir hali zahmat, oldindadir imkoningiz,
Osilmagan ne-ne Mashrab, otilmagan Cho‘lponingiz.
O‘tinch ila hasratimni nasihat deb yuzga solmang,
Xudo insof bergan kuni barmog‘ingiz tishlab qolmang.
Muruvvatu ma’rifatdir buyuklikning nishonasi,
Qadam qo‘ying mana sizga dong‘il yo‘lning ostonasi.
Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
“Puf” deganda to‘zg‘igudek mo‘jazgina lolalari.

1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilindi. “O‘zbek qomusi” she’ri tug‘ildi. She’r shunchaki Konstitutsiya qabul qilinishi munosabati bilan ko‘tarinki kayfiyatni ifodalashni maqsad qilib yozilgan emas. Unda shoir o‘tmishni zirqiragan yuragidan o‘tkazib eslaydi. Shu sabab she’r o‘quvchi yuragini ham zirqiratadi. Uni o‘qigan har kishi nimanidir eslab, entikib ketardi. Balki sovet davrida yashamagan yoshlar qalbida, hatto chorak asr o‘tib, dil tug‘yonlari bosilgan bizning avlodda ham u bugun ilgarigidek aks sado bermas. Ammo she’r u yoki bu sanaga maxsus bag‘ishlab yozilgan she’rlardan tamomila farq qiladi.

Eslar edim Buxoriyni, Yassaviyni ham,
Ha, ha, ayri tushmagandi xotirotimdan.
Faqat ular chalinardi ko‘zimga mubham,
Lekin sira ketmas edi xayolotimdan.
Ham Temurbek, ham Ulug‘bek, Alisher, Bobur,
Sizlar tuzgan ul saltanat – saltanat bo‘ldi.
Ulug‘ tarix Turkistonga cho‘ng guvoh erur,
Davlat edik, davlat edik, u davlat bo‘ldi.

Shoir ajdodlar tuzgan davlat yana davlat bo‘lganidan (mustaqillikka erishganidan) faxr tuyadi. Biz yana zaminga, yashayotgan ona tuprog‘imizga loyiq bo‘ldik, ona tuproq ham bizga loyiq bo‘ldi, ya’ni bizniki bo‘ldi. Shu paytgacha biz uni birovlarga toptatib qo‘yib, unga loyiq emas edik, degan fikr “Sen zaminga loyiqdirsan, zamin ham senga” satrlarida yashirin:

Emukdoshim, ay qardoshim, quloq tut menga,
Ushbu ko‘hna kahkashonda mag‘rur tutgin bosh,
Sen zaminga loyiqdirsan, zamin ham senga,
Senikidir endi bu yer, seniki quyosh.
Qo‘lingda erk, boshda yalov, tilingda surud,
Vataning bor, bola-bog‘chang, or-nomusing bor.
O‘zbekiston deb atalgan muqaddas hudud,
O‘z Davlating, Mamlakating, o‘z Qomusing bor.

Abdulla Oripov mustaqil O‘zbekistonning davlat madhiyasi muallifi bo‘lishi tabiiydek tuyuladi. Biroq u yopiq tanlovda, ya’ni muallif nomi noma’lum taxallusda yashirilgan tanlovda g‘olib kelgandi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan she’r muallifi keyin e’lon qilindi. Izidan g‘olib topilgan matnga kuy bastalash bo‘yicha kompozitorlar o‘rtasida tanlov e’lon qilindi. Muddat tugagach, Davlat komissiyasi birorta musiqani ma’qullamadi. Shunda atoqli kompozitor, O‘zbekiston SSR madhiyasining muallifi Mutal Burhonovga hukumat tomonidan murojaat etiladi. Mutal aka men keksayib qoldim, kuchim ham, sog‘lig‘im ham Abdullajonning g‘olib chiqqan matniga munosib kuy bastalash imkonini bermaydi. Soddaroq matn bo‘lsa, avvalgi madhiya musiqasidan qisman foydalanib, yangi kuy bastalashga urinib ko‘raman, degan mazmunda javob bergan. “Lekin Abdullajon men bilan birga ishlasin, chunki ba’zi so‘zlarni musiqaga moslashtirishga to‘g‘ri keladi, shoir qo‘llagan so‘zning jarangi tushmasligi mumkin”, deya shart qo‘ygan. Buni Abdulla Oripovning o‘zi aytib bergan, chunki unda madhiyaning yangi matnidagi ba’zi so‘zlar o‘rniga falon so‘zlar qo‘llansa, yaxshiroq bo‘lar edi, nega unday qilmadingiz, deya so‘ragandim. “Mutal aka bu so‘zlarni almashtirish zarurligini isbotladi. Ovoz chiqarib xirgoyi qilganda haqiqatan dastlabki ayrim so‘zlar musiqaga yaxshi tushmadi”, dedi.
Falsafiy mavzuda bitilgan she’rlardan biri “Buyuklik” deya atalgan. Unda Mushtariy sayyorasiga qandaydir bir asteroid urilib, bag‘rida cho‘kib ketgani teran fikriy-mantiqiy mulohazalarni uyg‘otadi: buyuklik o‘z yo‘lidan toymaydi, u mavh etish niyatida ojizlikni izlamaydi. Balki ojizlik buyuklikka kelib uriladi:

Taajjub qilaman, buyuklik asli,
Tanlagan yo‘lidan burilmas ekan.
Zarra buyuklikka urilgay, ammo
Buyuklik zarraga urilmas ekan.

She’r yozilishiga turtki bo‘lgan voqeani, afsuski, shoirdan so‘ramaganman. U koinot va yulduzlarga juda qiziqardi. O‘zining mo‘jazgina teleskopi bo‘lardi. Koinot to‘g‘risidagi ilmiy-ommabop kitoblarni, maqolalarni, qo‘liga tushib qolsa, sinchiklab o‘qib borardi. Koinot haqida televideniyeda tarqatilgan xabarlarga juda qiziqardi. Balki shunday xabarlardan birida Mushtariyga kelib urilgan kichikroq bir asteroid haqida eshitib bu she’rni yozgandir. Lekin she’r mazmuni Koinotda uzluksiz sodir bo‘lib turadigan bunday hodisalarni e’tirof etishdan tashqariga chiqadi: insoniy bachkanalik, mayda tuyg‘ular, g‘arazli niyatlar asl buyuklik oldida Mushtariyga kelib urilib, qa’rida ko‘milib ketgan zarra kabidir. Buyuklik, Vatan – Mushtariy kabi o‘z yo‘lida sobit. Uning bachkanalik bilan ishi yo‘q:

Mushtariy samoda milyard yil kezib,
Axir axtarmagan o‘sha zarrani.

Abdulla Oripov qaysi mavzuda yozmasin, fikrni jo‘n shaklda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayon etmaydi. Aytmoqchi bo‘lgan g‘oyalarini, maqsadini falsafiy umumlashtirishlar, badiiy istioralar orqali ifodalaydi. Ya’ni u she’r yozadi, ijod qiladi, mafkurabozlik, nasihatbozlik qilmaydi. Buni qayta-qayta eslatishimizning sababi shoir ijodini talqin qilishda biryoqlamalikdan qochish lozimligini ta’kidlashdir. Mustaqillikning birinchi yillarida iqtisodiy qiyinchiliklar, mafkuraviy chalkashliklar, noaniqliklar talaygina edi. Ayrim kishilar ancha qiynalib qolgan, ijtimoiy mo‘ljallarini yo‘qotgan edi. “Vatan” nomli muxammasda shoir bezovta ko‘ngillarga taskin beruvchi misralarni bitadi:

Nadomat birla boqg‘ayman vatansizlarga har doim,
Egib boshini zor yig‘lar, agarchi davlati qoyim,
Faqir bo‘lsam-da bor yurtim – toju taxtim, borar joyim,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas,
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Muxammas tezda qo‘shiqqa aylanib, efirda yangray boshladi. Uni bir necha hofizlar o‘z repertuariga kiritib olgani, xalq shunday she’rni kutganidan dalolat beradi. Taskin berish maqsadida boshqa yana bir she’r “Boshpana” bitilgan:

To hayot ekansan bu olam aro,
Boshingga savdolar tushgay rang-barang.
Gohida shukr aylab sevinsang, goho
Juda ko‘p narsadan sovur hafsalang…

She’rda tinchlik, osoyishtalikni, yashayotgan muhitni asrashga, tushkunlik va buzg‘unchilik kayfiyatiga berilmaslikka da’vat etiladi:

Faqat tabiat bor – ilohiy maskan,
Faqat o‘shanga sen bepisand boqma.
Loaqal uni sen tanigin, Inson,
Yolg‘iz boshpanangni o‘t qo‘yib yoqma.

Qiyinchiliklar o‘tib ketadi. Burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘yish kerak emas. Vataningga achchiq qilma. U sening yolg‘iz boshpanang. Undan tashqarida sen musofirga, begonaga aylanasan, ildizlaringdan mahrum bo‘lasan.
Abdulla Oripov ijodida millatiga, xalqiga, insonga doimo sodiq qoldi, ularni ulug‘ladi. Ammo ularga faqat pushtirang ko‘zoynak orqali boqmadi, zarur hollarda tanqid qilishdan o‘zini tiymadi, nadomat va malomatlarini yashirmadi. “Tafsir” she’ri inson tabiati turlicha va o‘zgarmas ekani to‘g‘risida.

Tuzumlar o‘zgarsa ham,
Inson o‘zgarmas ekan.
Tizimlar o‘zgarsa ham,
Inson o‘zgarmas ekan.
Jaholat davrida ham
Avliyo-avliyodir.
Kaforat davrida ham,
Anbiyo-anbiyodir.

Insonni ortiqcha baholab yubormaslik kerak. Unda xislatlar va illatlar aralashib, qorishib ketgan. U farishta emas, bo‘lolmaydi, chunki unda farishtalikka xos xislatlar qatorida hayvonga va shaytonga xoslari ham bor. Ular insondagi farishtalikka xos jihatlardan ustunlik qilishi mumkin.

Shul boisdan Payg‘ambar
Ummat g‘amin yeganlar.
Allohdan boshqasiga
Sig‘inmagin deganlar.

Abdulla Oripov mualliflik huquqi uyushmasi O‘zbekiston bo‘limi raisi sifatida Jenevaga Xalqaro Assotsiatsiya yig‘ilishlariga borib turardi. Har borganda ajoyib, go‘zal she’rlar paydo bo‘lardi. Ularning mavzulari rang-barang. Ba’zan iftixor bilan mustaqil O‘zbekistonning xalqaro uyushmada o‘z o‘rni va ovozi borligini kuylasa, ba’zan o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib, olovli nuqtalardan xabar yetkazayotgan muxbirlarni olqishlab yozgan. Lekin xorijda yozgan she’rlari orasida manzaralarni tasvirlovchi, do‘stu yor va yurt sog‘inchida yozilganlari ko‘proq.
Shoir she’riy manzara chizishni yaxshi ko‘rardi. “Tabiatning she’riy tasvirini yaxshi ko‘raman” degan iqrorni bir necha marta bildirgan. Boshqa shoirlarning tabiat manzarasi haqidagi she’rlarida yaxshi obrazlar uchrab qolsa, darhol e’tirof etardi. Bunday e’tiroflarni ko‘p eshitganman. Xotirasi yaxshi bo‘lganligi sababli ular yodida qolardi, suhbat payti qiynalmasdan eslardi. O‘zi manzara tasvirlangan she’rlarida, albatta, biror bir noyob o‘xshatishni, hech bo‘lmasa, sifatlashni topardi. “Jeneva” she’ri yengilgina bo‘yoqlar yordamida boshlanadi. So‘ng shunday manzarani chizadi:

Zangori ko‘l uzra chayqalar oqqush,
Mayin patlariga to‘lqin yuqmaydi.
Yiroqda Monblan tog‘i uxlaydi,
Oppoq qor choyshabin tagida behush.

Tasvir rassom etyudiday aniq, so‘zlar ravon, musiqiy usul an’anaviy. Ammo… birdaniga Abdulla Oripovga xos original detal qalqib yuzaga chiqadi:

Yashil maysazorning ipak qatiga,
Ninachi shabnamdan qadaydi durlar.
Quyuq daralarda potrar qarqurlar
Jar solib tevarak, mamlakatiga.

Yoki:

Borliqqa cho‘kadi novvotrang sukut.

O‘t-o‘lanlar, barglarga shabnam tungi salqinlik uchun tushmayapti, ularni ninachilar qadamoqda, shabnamlar-chi – shabnam emas, balki dur, javohirdir. Qanday go‘zal obraz! Yoki sukutni, jimjitlikni rangda – novvotranglikda ko‘ra olish uchun unga oddiy ko‘z bilan emas, qalb ko‘zi bilan boqish lozim.
Shoir manzarani yaxshi ko‘rgani bois tasviriy unsurlarga boy she’rlari anchagina. Tasviriy lavhalar boshqa lirik poemalarida ham ko‘p uchraydi. She’r har holda tasviriy emas, ifodaviy san’at. Qolaversa, rangtasvirning voqe’likni, atrof-muhitni badiiy idrok etishi faolligi va harakatchanligi makon va zamonda cheklanganligi tufayli Abdulla Oripov rassom emas, shoir bo‘lgan. Musiqachi oilasida o‘ssa, ehtimol, undan kompozitor chiqardi. Musavvirlik baribir ikkinchi o‘rinda qolardi. Menimcha, peyzajni she’rga solishni yaxshi ko‘rishining sababi, ularda o‘tkir badiiy nigoh, poetik mahorat, go‘zal obrazlilik, fantaziya – xullas, barcha yuksak badiiy ijod unsurlari mavjudligi, ayni paytda yurak iztiroblari, ruhiy qiynalish, hissiyot ziddiyatlari sof lirikaga nisbatan ancha kam talab qilinishidir. Balki buyuk musavvirlarning buyuk shoirlarga nisbatan sezilarli darajada ko‘proq umr ko‘rgani shuning uchundir…

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-4-5-sonlar

__________________________

Abdurahim Erkayev – falsafa fanlari nomzodi. Qarshi davlat universiteti professori. 1948 yilda tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan. “Ma’naviyat – millat nishoni”, “Milliy g‘oya va ma’naviyat”,­ “Tafakkur erkinligi”, “Ma’naviyat va taraqqiyot”, “O‘zbekiston yo‘li” kabi monografiyalar, ko‘plab risola va maqolalar muallifi.