Er yuzidagi barcha xalqlarning tillari, ularda millionlab odam gaplashadimi yoki atigi bir-ikki ming kishi so‘zlashadimi, bundan qat’i nazar, o‘zlari uchun aziz va keraklidir. Tilni kam sonli elat gaplashar ekan deb kamsitib yoki boshqa bir tilni ko‘p sonli millatning tili ekan, deb ulug‘lab ham bo‘lmaydi. Lekin dunyoda juda taraqqiy etgan, boy jahoniy tillar ham bor, lekin endi tetapoya qilayotgan tillar ham yo‘q emas. Bu o‘sha tillarning sohibi bo‘lmish millat yoki elatlarning tadrijiy ravnaqi, bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, iqtisodi, madaniyati, fani va ma’naviyati kabi ko‘pgina omillarga bog‘liqdir.
Bugungi kunda ona tilimiz davlat tili maqomida yurtimizda barcha sohalarda emin-erkin qo‘llanmoqda. Tilimizning o‘z yurtida qonuniy huquqini tiklashga osonlikcha erishilmadi, balki kurashib qo‘lga kiritildi. Biz yarim asrdan ortiq umrini mustamlakachilik sharoitida kechirgan katta avlod vakillari uchun mustaqil davlatning fuqarosi bo‘lish — o‘z tili va yozuviga ega bo‘lishdan ortiqroq baxt yo‘q. Zero, milliy uyg‘onish ona tilimiz davlat maqomiga ega bo‘lishdan boshlanib, milliy tiklanishga olib kelgan ma’naviy omillaridan biri bo‘ldi.
Lotin yozuvi — jahoniy yozuv. Dunyodagi eng taraqqiy etgan AQSh, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Kanada kabi mamlakatlarda lotin yozuviga asoslangan alifbolar qo‘llaniladi. Dunyodagi boshqa ko‘pgina davlatlarda ham bu yozuvdan ikkinchi yozuv sifatida foydalaniladi. Davlatlararo yozishmalarda, ayniqsa, bank, savdo-tijorat doiralarida xizmat qiluvchilar o‘rtasida bu yozuvni bilmaydigan va foydalanmaydigan kishi yo‘q hisobi.
Insoniyat taraqqiyoti bilan bir safda bo‘lish va xalqaro hamjamiyatga dadil qadamlar bilan kirib borish uchun mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi tanlandi.
Binobarin, yurtimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini turmushga joriy qilish, til madaniyatimizni yuksaltirishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. 1993 yil 2 sentyabrda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. 1995 yil 21 dekabrda “Davlat tili haqida” (yangi tahrirda) O‘zbekiston Respublikasi Qonuni e’lon etildi. Bu qonunlarning moddalari bosqichma-bosqich bajarilmoqda. O‘quvchilarimiz yangi yozuvimizda savodxon bo‘lishlari bilan birga xalqaro tillar — ingliz, frantsuz, nemis va ispan tillarini o‘rganishlari osonlashdi. Ular maktabda rus tilini dars sifatida o‘qiyotganliklari tufayli kirill alifbosini ham o‘rganmoqdalar. O‘zbeklar uchun ko‘p tillarni va yozuvlarni bilish azaliy va an’anaviy udumdir. Til bilgan — el biladi, jahongashta bo‘ladi, deydi dono xalqimiz.
Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda bir yilda o‘rtacha 2 mingdan ziyod nomda 40 milliondan ortiq adadda kitob nashr qilinmoqda. Maktab va kollejlarga mo‘ljallangan barcha darslik va o‘quv qo‘llanmalari lotin alifbosiga asoslangan yozuvda chop etilmoqda. “Tong yulduzi” gazetasi, “G‘uncha” va “Gulxan” jurnallari lotin yozuvida chiqmoqda.
Nashriyotlarimiz ham lotin yozuvida tobora ko‘proq adabiyotlar chop etmoqda. Masalan, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida 2012–2013 yillarda lotin alifbosida Alisher Navoiyning 10 jilddan iborat to‘la asarlar to‘plami, G.Flober, A.Qahhorning ayrim asarlari, hind eposi “Kalila va Dimna” va shu kabi bir qator mumtoz asarlar chop etildi. Bu nashriyot bundan ilgari Alisher Navoiyning “Xamsa”sini lotin alifbosida sifatli chop etib, xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni egallagan edi.
Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2013 yilda lotin alifbosida badiiy, bolalar adabiyotlari hamda maktab, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishida bir qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashrdan chiqdi. Ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan ko‘pgina o‘zbek xalq ertaklari o‘quvchilarga ushbu alifboda taqdim etildi.
“O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan ham 2013 yilda o‘nlab kitoblar lotin alifbosida bosildi. Nashriyot va bosmaxonalarimizda lotin alifbosida asarlarni chop etish tobora yuksalib, takomillashib bormoqda.
Yoshlarimizning lotin yozuvini bilishlari ularning chet tillarini, shu jumladan, ingliz tilini o‘rganishlarida qo‘l kelmoqda. Ma’lumki, Yer yuzidagi mavjud 200 ga yaqin mustaqil va suveren davlat a’zo bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tillari — ingliz, frantsuz, ispan, rus va xitoy tillari bo‘lib, ingliz, frantsuz, ispan tillarida ish yuritiladi. Bular orasida eng keng tarqalgani va eng ko‘p qo‘llaniladigani ingliz tilidir. Agar hozirgi kunda Yer yuzida 7 milliard aholi yashayotgan bo‘lsa, shundan 1 milliardi ingliz tilida muomala yuritadi. Ingliz, frantsuz va ispan tillarida ham lotin alifbosiga asoslangan yozuv joriydir. O‘zbekistonda lotin alifbosiga asoslangan yozuv joriy etila boshlagani hamda chet tillarni, shu jumladan, ingliz tilini o‘rganish va o‘rgatishga davlat miqyosida e’tibor qaratilayotganining tub sababi ana shundadir. Bundan maqsad xalqimizning dunyodagi eng ilg‘or xalqlar bilan bir safda bo‘lishi, mamlakatimiz taraqqiy etgan davlatlar qatorida yurishi uchun zamin yarata borishdir.
Binobarin, mamlakatimizda til sohasida rejali tarzda uzoqni ko‘zlab ish yuritib kelinmoqda. Yurtboshimiz tomonidan imzo chekilgan tarixiy hujjat — “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga bir yildan oshdi. O‘zbekiston fuqarolari jahon tillarini egallashlari, ularni umuminsoniy qadriyatlardan bahramand qilish, jahon tsivilizatsiyasi yutuqlaridan foydalanishda til to‘siqlarini bartaraf etish, kengayib borayotgan xalqaro aloqalarni yuqori malakali tarjimon va mutaxassislar bilan muttasil ta’minlay borish zamon talabidir. Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish dasturi doirasida umumta’lim maktablarining 1-sinfidan boshlab xorijiy tillarni chuqur o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, albatta, farzandlarimizning dunyo ilm-fani va madaniyati yutuqlarini egallashi, malakali mutaxassis bo‘lib etishi uchun yangi imkoniyatlar ochib berishi shubhasiz.
Bugun tarjimonlik sohasini rivojlantirish, yoshlarimizning chet tillarini puxta o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbek tilidagi asarlarni chet tiliga, xorijiy tildagi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Masalan, Alisher Navoiy, Boburning asarlari G‘arb mamlakatlarining bir necha tillariga tarjima qilindi. Qolaversa, Cho‘lponning “Xalq“ she’ri 14 xorijiy tilga, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari“ xitoy tiliga, Said Ahmad hikoyalari turk, o‘zbek hikoyalarining turk, xitoy-yapon tillariga o‘girilishi tarjimonlik sohasida erishayotgan yutuqlarimizdir. Quvonarlisi asliyatdan tarjima izga tushayotir. Demak, bugun tarjimonlarga har qachongidan ham talab katta. Aytishadi-ku: “Bir tilni bilgan, bir shaharni bilganga teng“ deb. Zero, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning bir asr muqaddam: “Ikki emas, to‘rt til kerak”, degan da’vati bugun ham dolzarbdir.
Abduqahhor Ibrohimov,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 7-son