Qodir baxshi uch-to‘rt terma bilan tinglovchilarni rom qilib, davrani qizitib olgach, udum bo‘yicha “Nima aytay?” termasi bilan ko‘pning ko‘ngliga qo‘l soladi. “Kelinoy” bo‘lsin. Shu paytgacha qariyalar hurmatiga odob saqlab turgan yosh-yalang gal kelganda xohishini aytdi. Buni eshitgan qariyalar ham jonlanib qolishdi. Yonboshlab turgan uch-to‘rt otaxon qaddini tikladi, o‘zini o‘ngladi. Go‘yo yoshligi yodga tushdi. “Ha, baxshi, o‘zimizning “Kelinoy”dan bo‘la qolsin, yoshlarning sazasi o‘lmasin”, dedi biri. Shuni kutib turgan baxshi keksalarni o‘tmish xayolga toldirib, yoshlarni lol qoldirib, do‘mbirasini yeldirib, tinglovchini goh o‘ylatib-kuldirib, doston sehrini bildirib “Kelinoy”ga o‘tdi.
“…Norguloy o‘n yettidan oshgan, o‘n sakkizga yetishgan, ikki muhabbat giyosi yangi ko‘krakdan o‘sgan, boshiga zardo‘zi qalpoq kiygan. Qalpoqning aylanasiga tilladan qo‘ng‘iroq taqqan, yuziga odam qarab turolmas, qaraganda ham quyoshmi, Norgulmi bilib bo‘lmas, Norguloy eshikka chiqsa so‘fito‘rg‘ay, g‘azalaylar oldidan ketolmas, kaklik sayrab bo‘lar edi mast. Boshida harir ro‘moli, o‘ng betida dono xoli, o‘zi ko‘krakdor, ximcha edi beli, oyoqda zarlangan, ichi mayin ko‘k kovushi, har qadam bosganda kovushdan chiqar edi chanqovuzning tovushi. Norguloy soz chalishga usta edi. Chanqovuz chalganda bulbullar sayrab, tuyalar yurmay qotib, kuylar ma’rashib, cho‘ponlar ingillashib, kichkina bolalar birdan qolar edi uxlashib”.
“Iynilari qirday, bilaklari norday, yuraklari sherday” qiz haqidagi qo‘shiqlar Qashqadaryo-Surxondaryoda shu qadar keng tarqalganki, undan aqlli ikki-uch band bilmagan yetti yashardan yetmish yashargacha biror o‘zbek topilmaydi. “Kelinoy” nomi goh terma, goh tarixiy qo‘shiq tarzida, goh doston shaklida har xonadonga, har bir keksa-yu yosh, erkagu ayol qalbiga kirib borgan. Folklorshunos Abdumo‘min Qahhorov yuzdan oshiq kishidan har xil hajmdagi – epik voqealar va lirik qo‘shiqlar hamda doston shaklidagi variantlarni yozib olib, ilmiy tahlil qildi va 1972 yili “Kelinoy” turkum dostonlarining o‘ziga xos xususiyatlari va g‘oyaviy asoslari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Umir shoir Safarovdan “Kelinoy”, “Tashgul”, Rajab Normurod o‘g‘lidan “Izzatoy”, Qayim Pirimqul o‘g‘lidan “Ulug‘oy”, “Iqboloy”, “Jumagul”, Hazratqul shoirdan “Pardaxol” Mamarayim shoirdan “Oytoshgul”, Eshqobil baxshidan “Xonsuluv”, “Oysihat” kabi dostonlarni yozib olib, yagona “Kelinoy” turkumi doirasida atroflicha o‘rgangan holda, yigirmadan ortiq variant orasida Qodir baxshi kuylagan “Norguloy” dostoni qiziqarli syujeti, yaxlit kompozitsiyasi, yuksak badiiyati bilan ajralib turishini e’tirof etadi.
Nega Qodir baxshi varianti ustoz baxshilar talqinidan ham ustun kelaverdi? Bizningcha, buning sabablari quyidagilar bilan izohlanadi. Birinchidan, hali hech kim Qodir baxshidek Samarqand-u Qashqadaryo-Surxondaryo hamda boshqa baxshichilik maktablari vakillaridan eshitib, nashr etilgan dostonlarni o‘qib mahoratini oshirmagan. Ikkinchidan, u barcha dehqonobodlik, surxondaryolik qo‘ng‘irotlar, elda doston-terma kuylab yurgan oqinlar kabi “Kelinoy” haqidagi qo‘shiqlarni ko‘p bilgan. Qolaversa, Qodir baxshi Norguloy xolasining taqdiridan ham ilhomlangan. Yoshlikdan: “Xola, men sizni doston qilaman”, deb aytar ekan. Xalq og‘zaki ijodidan yaxshi xabardor Norguloy opa ham boshidan o‘tgan voqealarga badiiy to‘n kiydirib, jiyaniga takror-takror so‘zlab berarkan. Shu omillarning barchasi “Kelinoy” dostonining Qodir baxshidan biz yozib olgan va nashr ettirgan varianti yuzaga kelishini ta’minlagan.
1975-yili Qodir baxshi maktabdagi o‘quvchim Xolto‘ra Rahmatov bilan kelib: “Yuring, sizni qo‘y-qatiqlatib, o‘tlatib (kiyik o‘t, jupor, olqor kabi shifobaxsh giyohlar yedirib), asli “Kelinoy”, ya’ni Norguloy xolamni ham ko‘rsatib kelaman. Bugun Xolto‘raboy o‘tgan yili o‘qishga kiritganimiz uchun haq beradi”, deb mehmonga taklif qildi. Qishloqda bizni qadi-qomati, husn-u jamoli kelishgan o‘rta yoshar er-xotin kutib oldi. Gurung-gurung bilan bo‘lib Qodir aka: “Pochcha, sozdan boshlang-chi”, deb do‘mbirasini uzatdi. Rahmat aka bir necha kuyni maromida chertdi-da, cholg‘uni egasiga qaytardi. Baxshi turli dostonlardan ancha kuyladi. Ertasiga Rahmat pochchasi, ya’ni So‘ltoqning zor qaqshagan joylarini ko‘rsatishni va’da qilib bizni olib qoldi. Qishloq bilan tutashib ketgan Oqbosh tog‘ining Sarg‘ay ota qismiga chiqdik. Bahorda tabiat nihoyatda go‘zal. Qodir aka joy nomlari, xilma-xil gullar, qushlar, giyohlar bilan tanishtirib, Ermat chol (bu ham Kelinoyga, ya’ni Norguloyga oshiq) jo‘natgan o‘n yigit Rahmatni qo‘lga tushirgan daraga yetkazib keldi.
“Dumi qayrilgan chayonday”, “quturgan itday”, “oshiqqa ozorlar”, “Xudoyam bezorlar”, “rahmi yo‘q toshlar”, “o‘ylovsiz boshlar” kaltaklab borayotganda So‘ltoq (Rahmat): “Aytib ketsam, izsiz yo‘qolmasman”, deb nola qilmoqda.
Ey ko‘ringan, qorli tog‘lar,
Bundan So‘ltoq o‘tdi denglar.
Ko‘kda uchgan satta zog‘lar,
Qonlar yutib ketdi denglar,
Tandan jonni sotdi denglar,
Ko‘kda oyi botdi denglar.
…Boshin cho‘zib tiklab turgan,
Go‘sht qarashib g‘ajir qushlar,
Bundan So‘ltoq o‘tdi denglar,
Qonlar yutib ketdi denglar…
Qodir baxshi dostonni boshqa baxshilarda uchramaydigan misralar bilan yakunlaydi:
Oq o‘tovning ustida,
O‘n oltita oyquchoq.
Qarisa ham Norguloy,
El og‘zida kelinchak.
Doston yozib olinganda Norguloy, ya’ni “Kelinoy” va uning suyuklisi Rahmat, ya’ni So‘ltoq yoshi o‘tib qolgan edi. Boshqa personajlarga ham shu yon-atrofdagi real kishilardan qiyos olingan, tog‘lar, qushlar, gullar, parrandalar, hayvonlar, giyohlar ham kuychining ko‘z o‘ngida gavdalanib turardi. Qodir baxshi kundalik turmush tarzini epik makon, epik zamonga ko‘chirib, yon-verimizdagi shaxslarni esa epik qahramon darajasiga ko‘tardi.
Qodir baxshi “Kelinoy” dostonini dastlab “Masharoy”, ikkinchi va uchinchi marta “Norguloy” deb yozdirgan bo‘lib, har uchala variant bir-biridan mazmunan chuqur va badiiy yetuk. Biz qog‘ozga tushirgan to‘rtinchi talqinda o‘tov tikish, yoramazon aytish, kelinsalom kabi an’anaviy tasvirlarni kiritadiki, xalqimiz urf-odatlarining muayyan qirralari avlodlarga yetkazilishida muhim badiiy va etnografik ahamiyatga ega.
Qodir baxshi kuylagan “Kelinoy” dostoni Norguloyning maqolamiz avvalida keltirilgan tasviridan boshlanib, “Shukuraliboyning cho‘ponlari boydan enchi uloq qilmas, Norgulni bir ko‘rsak bo‘lgani deb, to‘badan kelib pisib qarar, qorasini ko‘rsa, bugun enchiga olti qo‘y oldik deb yurar, bir xillari Norgulning otini qo‘rqib aytolmay, “Kelinoy” deb qo‘shiqqa qo‘shar edi” tarzida davom etadi. Bosh qahramonning betakror portreti bilan davrani og‘ziga qaratib olgan baxshi endi tinglovchilarni voqealar oqimiga olib kiradi.
Norguloy chalgan chanqovuzning tovushini shu o‘ramning katta o‘g‘risi So‘ltoq bexosdan eshitib, sehriga lol qolishi asar voqealariga turtki beradi. So‘ltoqning kuy egasini so‘rashi cho‘ponga yoqmaydi. Chunki o‘zi ham Norguloyning ko‘yida kuyganlardan edi.
Yozuvchi Samar Nur yozganidek, qariyalar ko‘zlarini yumib kuy-qo‘shiq ohangiga yengil bosh tebratar, yigitlarning yuragiga tushgan cho‘g‘dan ko‘zlari yashnab ketgan. Qiz-u juvonlarning yanog‘i lolarang, yeng uchi bilan lablarini bekitib, go‘shangaga kirgan kelinday hayo bilan yoriga termulishgan. Bolakaylar esa hali bu qo‘shiqning ma’nosini tushunmaydi. Baxshi xiyol ko‘zlarini yumgan holda kuyib-yonib “Norguloy”ning hadsiz husnini, aql-idrokini, xilma-xil hunarini, unga oshiq qirq cho‘pon va So‘ltoqning orzu-umidlarini, sevganiga yetishish yo‘lidagi urinishlarini kuylayveradi. Norguloy madhi davom etaveradi. U o‘zbek qizlarining yorqin yulduzi. Uni ko‘rgan har narsadan kechadi.
Qizlar qo‘tondan qiy olar,
Qiy borib tomdan joy olar.
Oy Norgul chiqsa eshikka,
Kun turolmaydi – uyalar.
Tikka tushgan Hasan-Husan,
Kiyinib keldi bo‘p poson.
Norguloyni ko‘rgan so‘ng
Uyaldi, ketdi op-oson.
Muqoyasani qarangki, Norguloyni ko‘rgani Hasan-Husan (kamalak) yetti rangda tovlanib yerga tushdi. Biroq bu husni malohat qarshisida lol bo‘lib, iziga qaytib ketdi.
Baxshi Norguloy ta’rifida qo‘llagan hazil-mutoyiba yoshlarning kulgisiga, keksalardagi jonlanishga sabab bo‘ladi. Dostonda cho‘ponlarning har biri uni o‘zicha madh etadi. Nazar cho‘pon Norguloyning sigir sog‘ishini, mohir tikuvchiligini, Rajab cho‘pon o‘tov tikishini, Xoliyor cho‘pon xulqi, fe’l-atvori, husni jamolini, G‘ulom cho‘pon hayitlab yurishini kuylasa, Ergash cho‘pon o‘z tuyg‘ularini do‘mbira ohanglari bilan so‘zsiz bayon etadi. Aytishuvda So‘ltoq g‘olib topiladi.
Baxshining yoqimli, goh mayin, goh shiddatkor ovozidan taralib, tinglovchi qalbiga singayottan misralar faqat Kelinoy madhi, sho‘x-shodon kayfiyatidan iborat emas, insonning azaliy qismati, muhabbatga erishish yo‘lidagi kurashlar, visol umidlari-yu hijron azoblari, ishq homiylari va kushandalari bayoni… Sevgisi sabab o‘g‘rilikni tashlab, Shukuraliboyga cho‘pon bo‘lgan So‘ltoq iztiroblari tinglovchini o‘ylatadi ham. Hijronga chiday olmagan yigit oxiri ming andisha, hadik bilan Norguloyga ko‘nglini ochadi. Qiz an’anaviy epos motivlariga xos ravishda o‘zi bilan kurash tushish shartini qo‘yadi. Tush payti o‘tovda hech kim yo‘q, So‘ltoqning bepisandlik bilan “Endi astaroq yiqitsak, yer qattiq-da”, deyishi Norguloyning oriyatini qo‘zg‘aydi.
Norgul endi o‘z ko‘nglini xushladi,
engni qo‘yib, yoqasidan ushladi.
Biror pasil o‘tgan edi oradan,
So‘ltoqni dustaman qilib tashladi…
Mag‘lub yigit bo‘ynini xam qilib:
Dushman bo‘lsa yakka maydon ko‘rardim,
Siltashganda sherni yerga urardim,
Men yurmayman, kelib so‘ygin, Norguljon,
Qizda noz bor, kuchi yo‘q, deb yurardim… –
deya qizga tan beradi. Norgul ham So‘ltoqni zimdan kuzatib sevib qolgani bois unga dalda berib, kurashni sir tutishini aytib jo‘natadi. Udumga ko‘ra qalin berishga yigitda hech vaqo yo‘q edi. Boy esa cho‘poniga, qanchalik mard, sadoqatli, fidoyi bo‘lmasin, yakka-yu yagona qizini bermoqchi emas.
Yarim tun. Yoz oqshomi bo‘lishiga qaramay, badanlar junjikadi. Bolalar kattalarning pinjiga tiqilishadi. Ammo ko‘zga uyqu kelmaydi. Baxshi kuylayapti… Cho‘ponlar va ularning yaqin maslahatchisi Dono bezovta. Nihoyat chora topildi. So‘ltoq Norgulni uzoq-uzoqlarga olib qochdi. Ammo boyning qo‘li uzun, ularni Gilambopdan tutib keltirdi. Qizning qat’iyati, Xalil mergandek fidoyi insonning so‘zlari, cho‘ponlarning So‘ltoqni himoya qilishi Shukuraliboyning ko‘nglini iyitdi. Biroq voqealar davomi baxshi qo‘lida. Do‘mbira uni qayonga boshlaydi. Sahar bo‘ldi. Birdan to‘y boshlanib, yana Kelinoy tasnifiga o‘tilsa, kayfiyat ko‘tarilardi. Yo‘q, soz mungli yangraydi, soz yig‘laydi. Chunki Ermat chol So‘ltoqni o‘ldirgani o‘n to‘rt yigitni qurollantirib yo‘lga soladi.
Qabog‘i qirday uyulib,
Pul uchun mushti tuyilib,
Yuzida qilcha mehr yo‘q,
Ko‘ziga qonlar quyilib.
Bulbulga hakka jo‘nadi,
Qarg‘aday tikka jo‘nadi.
So‘ltoqni hiyla bilan ushladilar, qo‘lin mahkam boyladilar, chor tarafdan achchiq qamchi tayladilar. Tinglovchilar xomushlandi, yigitning nolasiga chiday olmay, ko‘zlarda yosh miltiray boshladi. Asablar tarang. Endi maqsadga yetdim degan, barcha azob-uqubat o‘tdi degan So‘ltoqning yorug‘ olamdan umidi uzildi.
Oshiq yigit “yig‘lab turgan satta gullar”, “oshiqqa vafodor tog‘lar”, “sayrab yig‘lagan bulbullar”, “xo‘rsinib turgan zaranglar”, “urmanglar deb shoxin cho‘zgan archalar”, “tikonlarin olib qochgan qizamizlar”, “faryod urib shovullab oqqan suvlar”, “boshda parvona bo‘lgan mullato‘rg‘ay”, “baland-past qiyalar”, “chopishgan qulun-biyalar”, “o‘ynashib yurgan tuyalar”, “tog‘da sayragan kakliklar”, “izg‘ishgan qo‘zi-uloqlar”, “g‘ang‘illab uchgan so‘nalar”dan najot tilab, ularga dardini aytib ketaverdi. So‘ltoqning nolasiga chiday olmay, tun chekina boshladi, oy botdi, qariyalar bomdod namozini ham unutib baxshi yonida qotdi. Qodir baxshining o‘qranishi tog‘ cho‘qqilariga ham yetdi…
Xalil mergan, Dono cho‘pon va boshqa qo‘ychivonlar Shukuraliboy bilan kelishib, yaloq qizartar, fotiha, nikoh to‘yini bir qilib, barcha rasm-rusumlar, an’analar bo‘yicha marosimlarni boshlab yuborishdi. Quyosh ufqdan bosh ko‘targanda baxshi So‘ltoq va Norguloyning to‘yi ta’rifini tugatdi.
Baxshi keksalardan duo olib qo‘zg‘alganda kampirlar kelinni salomga olib chiqayotgan edi. Bu kecha yuzlab tinglovchilar qalbida mangu muhrlanib qoldi. Doston bo‘y qizlar-u bo‘z yigitlar qalbida orzu-umid, keksalar dilida esa yoshlik armon bo‘lib balqidi. Biz yana ko‘p marta “Kelinoy”ni goh to‘liq, goh qisqargan holda tingladik. Har davrada, har o‘tirishda Norguloy o‘zbekona zeboligi, g‘ayrat-shijoati, go‘zal axloqi, noz-karashmasi, mehr-muhabbati bilan o‘ziga rom etaverdi.
Qodir baxshi kuylagan “Kelinoy” (“Norguloy”) yoshlar sevgisini o‘ziga xos ruhiy holatlarda bera olgani, o‘zbek qizlarigagina xos fazilatlar, ibo-hayo va kurashchanlikni ifodalagani bilangina emas, milliy urf-odatlar, rasm-rusumlarni ipidan-ignasigacha mujassamlashtirgani bilan ham beqiyos ahamiyatga ega. Birgina o‘tov tikishni olsak, keraga, bog‘ish, chang‘aroq, tizma, qur, g‘ildirovuq, o‘n olti otma bov, ikki oq bedov, tupak, iynov, tuynuk, to‘rt tomonga bog‘lanuvchi bov, kashtali chiy singari jihozlarni qanday joylashtirish juda chiroyli tarzda nazmiy bayon qilinadi. “To‘rtta keragasini “Bizday qarib yursin” deb to‘rt kampir uyurdi. Bo‘sag‘asini: “Mehmon ko‘p bo‘lsin”, deb mehmon xotinlarga qurdirdi… “Bola-chaqasi ko‘p bo‘lsin”, deb bolasi ko‘p ayolga chaqaloqni ko‘tartirdi… O‘n olti otma bovni “bir-biridan sovimasin”, deb qizlar oyquchoq qilib tashladi. Kigizni ushlab turish uchun ikki oq bedovni o‘tovning iynovidan tutib bo‘sag‘aga mahkamladi. Chang‘aroqning ustidan to‘rtta oq ola ip bilan bog‘langan tuynukni tashlab, uchta uchini bog‘ladi, bittasini Norguloy bog‘laydi, deb bo‘sag‘aga qo‘ydi. Undan keyin oppoq chiyni uyurib, o‘tovini tayyor qilib qo‘ydi. “Bo‘sag‘asi moyli bo‘lsin”, deb bo‘sag‘aga semiz qo‘ydan birini osib siyirdi…”. Bundan tashqari, yaloq qizartirar, dasturxon jo‘natar, dasturxon qaytar, qalin, qiz ota, vakil ota, it irillar, kampir o‘ldi, oyoq bosar, soch siypatar, oyna ko‘rsatar, qo‘yniga tuxum solar, tongni kutar, olov aylantirar, ota duosi, ko‘gan tashlar, baxmal to‘shar, teri yopar, belga qo‘ldov bog‘lar, bo‘sag‘aga butun non qo‘yar, cho‘ntakka oyna solar, un elatar, qo‘lni moyga botirar, yuz ko‘rsatar singari o‘ttizdan oshiq urf-odat, irim-sirimlar tasvirlanadi.
Qodir baxshining yutug‘i shundaki, o‘zi yashayotgan elning har bir odatini yaxshi biladi, uning qatidagi ezgu maqsadni anglab yetadi va asar voqealari matniga zargarona singdiradi. U kuylagan “Kelinoy” (“Norguloy”) dostoni betakpop badiiyati bilan o‘zbek xalq og‘zaki ijodida munosib o‘rin tutadi.
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 7-8-son