Abdulla Ulug‘ov. Tush – g‘aroyib jumboq

Har bir odam o‘ziga xos sirli olam bo‘lgani bois o‘zi uchun ham, boshqalar uchun ham hamisha jumboqdir. Odam aql-idrok darajasi, ijtimoiy mavqei, hayotiy tajribasining ko‘p-ozligidan qat’i nazar, adashadi, xato qiladi, yanglishadi va shu jarayonda asta-sekinlik bilan o‘zini va tevarak-atrofidagi olamni anglab boradi. Kishining har bir xatosi unga avval sezmagan, payqamagan, e’tibor qilmagan haqiqatlarini ayon etadi. Odam boshqa paytda emas, aynan xato qilganida, yanglishganida uning hayoti boshqalar bilan benihoya bog‘liqligini ko‘proq his qiladi va turmush juda chigal, murakkab jumboq ekanini anglay boshlaydi. Bu jarayon bir umr – so‘nggi nafasgacha davom etadi. Adabiy asarlarda azaldan shu xususda so‘z yuritiladi. Ularda inson hayoti bilan bog‘liq turli muammolarga e’tibor qaratiladi. Bu jihatdan san’atning boshqa biror turi adabiyot bilan tenglasholmaydi. Unda insonning o‘tmishi eslatilib, buguni gavdalantiriladi, kelajak to‘g‘risidagi orzu-xayollari, o‘y-kechinmalari ifodalanadi. Badiiy asarlarda, jumladan, qahramonlarning tushida kechgan hodisalar ham naql qilinadi. Tushlar esa inson hayotida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ularda odamning ko‘rgan-kechirganlari, xayol-tasavvuri, o‘y-kechinmalari g‘aroyib tarzda uyg‘unlashadi. Odam o‘ngida ko‘rganlarini tahlil qilib, boshqalarga tushuntira oladi. Lekin hech kim tushida ko‘rganlarini boshqalarga to‘liq ma’lum qilolmaydi. Tushda ko‘rganlarni anglash, tushuntirish emas, to‘liq eslolmaslikning o‘zi ham kishini mushkul ahvolga soladi. Shuning uchun Mavlono Jaloliddin Rumiy:

O‘z tushin ta’birin bilmas kishi,
 O‘zgalar ta’biri birla ne ishi, –

deydi. (Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi ma’naviy. Beshinchi kitob. Forsiydan Jamol Kamol tarjimasi. – Tehron: “Al-Xudo” xalqaro nashriyoti, 2004. – 400 b. – 181-bet.)

Tush oqar suvday to‘xtamasdan o‘tib ketadi. Suvni esa iziga qaytarib bo‘lmaydi. O‘ngida ko‘rgan, eshitgani odamning xotirasiga ozroq bo‘lsa-da, o‘rnashib qoladi. Lekin tushidagisi to‘g‘risida bunday deb bo‘lmaydi. Ular tezda esdan chiqadi. Kishi diqqatini jamlashga har qancha uringanida ham tushida ko‘rganlarini xotirasida to‘liq tiklolmaydi. Lekin ular xayol oynasida kutilmaganda paydo bo‘ladi va g‘oyat tezlik bilan sirli tarzda yo‘qlik qa’riga singib ketadi. Balki shuning uchundir tushdagi hodisalarni xuddi turmushdagi voqealar singari tahlil, taftish qilishga odamning qurbi, aqli yetmaydi. Ammo har bir kishining turmushi tushida ko‘rganlari bilan qandaydir tarzda bog‘liq kechadi. Bu haqiqatni his qilish, tush va hushyorlik holati o‘rtasidagi rishtalarni o‘zaro bog‘lashga odam ko‘pincha ojizlik qiladi.

Tush, vaqt o‘lchamiga ko‘ra, kishi umrining arzimas ulushini tashkil etadi. Lekin unga e’tibor qilmasdan inson o‘zi to‘g‘risidagi asl haqiqatni bilib ololmaydi. Chunki haqiqat yombi kabi hech qachon yaxlit bo‘lmaydi. Uni bilib olish uchun nafaqat katta, yirik hodisalar, balki mayda zarralarga ham diqqat qilish, o‘rganish talab etiladi. Shuning uchun haqiqatga osonlikcha erishib bo‘lmaydi. Ayonki, har bir odam ba’zan ko‘zi ochiq holida, aql-hushi joyida bo‘lgan paytida ham o‘zining ayrim harakatlaridan taajjubga tushadi. Shunday ekan, kishi uxlaganida, miyasi dam olayotganida ko‘rganlarini tushunmasdan ajablanishi tabiiy. Agar odam hamma narsani, ayniqsa, o‘zini osongina tushunib yetganida edi, hayot bunchalik qiziq bo‘lmasdi. Har bir odam umr bo‘yi o‘zini bilib-bilmay, tushunib-tushunmay yashaydi. Shu boisdan inson o‘zi uchun ham, boshqalar uchun tushuniksiz, mavhum, ayni chog‘da qiziqarli va g‘aroyib olam bo‘lib qolaveradi. Insonning sirli, jumboq dunyosi shu bois ham fan, adabiyot, san’at uchun asosiy mavzu bo‘lib keladi.

Ma’lumki, insonning hayoti ikki holat – uyg‘oqlik va uyqu holatida kechadi. Inson uyg‘oq holatida turli amaliy ish bilan shug‘ullanib, borliqqa ta’sir ko‘rsatadi. Aniqrog‘i, uni o‘z maqsadiga muvofiq tarzda o‘zgartirishga intiladi. Uning izlanish, harakat, urinishlari natijasida tevarak-atrofda muayyan yangilanishlar yuzaga keladi. Insonning uyg‘oqlikdagi faoliyati borliqni o‘zlashtirish, uni o‘zgartirishga qaratiladi. Chunki uyg‘oqligida har bir odam jismoniy va aqliy mehnat bilan shug‘ullanadi. Uxlaganida esa uning jismoniy va aqliy faoliyati to‘xtaydi. Ammo u ba’zan tush ko‘radi va unda turli harakatlar qiladi, xayoliga kelmagan hodisalarni boshidan kechiradi, har xil voqealarga guvoh bo‘ladi. Lekin tushidagi voqea-hodisalar uyg‘oqlik holatidagi voqealarga ko‘pincha unchalik o‘xshamaydi. Shuning uchun tush azaldan barchani qiziqtirib keladi. Ushbu jumboq turlicha talqin etiladi. Sharqu G‘arbning ruhshunos olimlari, barcha davr faylasuflari tushni o‘rganish, tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Ammo tushlar xususidagi sharh, izohlar juda jo‘nligi bois hech kimni qanoatlantirmaydi. Masalan: “Tush – uyquda sodir bo‘ladigan sub’ektiv psixik hodisa. Fiziologik jihatdan tush bosh miya katta yarimsharlarining tormozlanmagan hujayralari faoliyati natijasidir. Chuqur uyqu paytida bosh miya po‘stloq qismining hujayralari butunlay tormozlanadi va bunda tush ko‘rilmaydi. Bosh miya po‘stloq qismining ayrim bo‘laklari tormozlanmaganda shu joylar kuchsiz ta’sirlarga sezgir bo‘ladi. Shunda odam tush ko‘radi. Tushda uyqudagi kishi aniq va tasvirli kechinmalarning shohidi bo‘ladi. Tushdagi voqealar bir-biriga bog‘liq, bir oz noaniq, hayajonli, afsonaviy tus oladi. Tush, asosan, tez kechadigan uyqu fazasidan uyg‘onish vaqtida yoki undan so‘nggi bir necha daqiqa davomida ro‘y beradi, kishi uni uzoq vaqt yodda saqlay olmaydi. Kishi sokin kechadagi uyqu fazasida ham tush ko‘rishi mumkin. Ertalabki uyg‘onish davrida tush, odatda, uzoq davom etadi (chunki bunda “tez kechadigan” uyqu vaqti uzoqroq bo‘ladi). Tushning xususiyati kishining nerv sistemasi tipiga, uning sog‘lig‘iga, ma’lum davrdagi kechinmalariga bog‘liq” deyiladi. (O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. 8-jild. – T.: “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. 704 b. – 685-bet.) Tabiiyki, tush to‘g‘risidagi bunday ilmiy tavsiflar ko‘p kuzatishlarga asoslanadi. Lekin ular tush hodisasining mohiyati to‘g‘risida aniq tasavvur bermaydi. Tush hodisasining mavhum va sirliligi har bir odam o‘ziga xos jumboq, uning tushi ham g‘oyat chigal labirint ekanligi, inson qalbida turli olamlar tutashishidan dalolat beradi. Insonda olamlar birlashgani bois u “koinot gultoji” deyiladi. Inson zaminga bandi, uning kundalik tashvishlariga asir bo‘lgani holda, samoga intiladi, xayolida oy, yulduzlar bilan sirlashadi. Ehtimol, shu bois u o‘ngida eplolmaydigan ishlarini tushida osonlik bilan amalga oshiradi. Tush hodisasi odamga u zamin va osmon tutashadigan makon ekaniga ishora etadi. Ba’zida odam guvohi bo‘lgan voqealari avval tushida namoyon bo‘lganini bilib qolishi, ayrim hollarda esa tushida ko‘rgani o‘ngida ro‘y berganini his qilishi – bularning barchasi g‘ayriixtiyoriy tarzda kechishi xuddi shuni bildiradi. Tushdagi voqealar ko‘pincha kishining kundalik faoliyati bilan qandaydir tarzda bog‘lanadi va bu, albatta, xayoldan o‘tadi. Shu boisdan hech kim tushiga befarq bo‘lolmaydi. “Tush – uyquda vujudga keladigan obrazlar, uyqu vaqtida ko‘riladigan narsalar” bo‘lgani uchun u kishining kayfiyati, faoliyatiga, albatta, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Ikki tomlik. 2-tom. – M. : “Rus tili” nashriyoti, 1981. – 715 b. – 236-bet.) Odam yaxshi tush ko‘rsa ham, aksincha bo‘lganida ham yaqin orada hayotida qandaydir hodisa yuz berishini ich-ichidan his etadi. Ana shu savqitabiiy holat uni o‘ylantirib, tashvishga soladi. Badiiy asarlarda inson hayotini har tomonlama yoritish, uning obrazini to‘laqonli ko‘rsatish maqsadida qahramonlarning tushlari bayoniga muayyan o‘rin beriladi. Folklor namunalarida ham, yozma mumtoz asarlarda ham insonning tushi uning ichki kechinmalari, maqsad-intilishi, duch kelgan muammolari bilan bevosita bog‘liq holda kechishiga e’tibor qaratiladi. Chunki tush har bir kishi hayotining uzviy qismi sanaladi. Tush motivi, tush epizodi jahon adabiyoti namunalarida ham, o‘zbek adiblari asarlari syujetida ham hajm jihatidan unchalik katta o‘rin egallamaydi. Lekin u qahramonlar xarakterini ochishda, ularning ruhiyatidagi ziddiyatli kurashni aks ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tush epizodi va tush motivi inson hayotidagi mavjud hodisa sifatida dastlab og‘zaki adabiyotda aks etgani, undan yozma adabiyotga o‘tgani barchaga ayon. Aksariyat ertak, dostonlarda syujet voqealari bevosita tushda kechgan voqealar orqali rivojlanadi. “Alpomish” dostoni bunga yorqin misol bo‘la oladi. Ushbu dostonni ham, “Ramayana”, “Mahabhorat”, “Manas”, “Go‘ro‘g‘li” singari xalq dostonlarini ham qahramonlarning tushisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. “Alpomish”da bir necha o‘rinda qahramonlarning tush ko‘rganiga e’tibor qaratiladi. Masalan, Alpomish, Barchin va Qorajonning bir paytda bir xil tush ko‘rgani aytiladi. Dostonda ko‘ngli, ruhi, dunyoqarashi bir-biriga mos kishilar o‘rtasida uzviy bog‘liqlik, o‘zaro yaqinlik bo‘lishi shu tarzda ta’kidlanadi. Xalq og‘zaki ijodida, jumladan, dostonlarda tush motivi syujet halqalarini tutashtirishda asosiy nuqtalardan biri sanaladi.

“Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish”, “Rustamxon” kabi dostonlarda tush motivi syujetni harakatlantiruvchi, unga dinamik tus beruvchi zaruriy unsur – katalizator vazifasini bajaradi. “Malikai Husnobod”, “Susambil” singari xalq ertaklarida ham tush motivi shunday mavqeda turadi. Adabiyotshunos Jabbor Eshonqulning “Folklor: obraz va talqin” monografiyasi, “O‘zbek xalq dostonlarida tush motivining o‘rni va tasnifi”, “O‘zbek ertaklarida tush motivi” maqolalarida bu xususda batafsil mulohaza yuritilib, tush motivi ertak, dostonlarning tarkibiy qismi ekanligi ta’kidlanadi.

Tush inson hayotining ajralmas, uzviy bo‘lagi bo‘lgani bois ertak, doston, romanlarda unga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki tushida har bir odam boshqa bir olamga tushib qoladi. Odam tushida ko‘pincha o‘zini yuksak shon-shuhratga erishgan yoki tubanlik botqog‘iga botgan holda ko‘radi va buning ta’sirida uning kayfiyati o‘z-o‘zidan o‘zgaradi. Kayfiyatning o‘zgarishi esa kishining faoliyatiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Odam tushidagi voqealarning ma’nosini, uning nimaga ishora ekanini aniq bilolmasa-da, lekin ularni butkul unutib ham yuborolmaydi. Tushida ko‘rganlari har bir odamning ong ostida saqlanib qoladi. Bu xususda ulug‘ rus adibi Fyodor Dostoyevskiy shunday deydi: “Goho hech aqlga to‘g‘ri kelmaydigan, g‘ayritabiiy va g‘alati tushlar ko‘radi odam; uyg‘onib ularni aniq eslaymiz va shunday g‘alati narsadan juda hayron bo‘lib qolamiz; tush ko‘rgan paytingizda aqlingiz doim o‘zingizda bo‘lganligini hamisha eslaysiz… Sizning tushingiz hech kurakda turmaydigan, bo‘lmag‘ur, aql bovar qilmaydigan voqealarga to‘la, lekin ayni paytda sizning aqlingiz bularni o‘zi xuddi shunday bo‘lishi kerak bir narsaday qabul qiladi, nega shunday?.. Uyqudan uyg‘onarkansiz va voqelik quchog‘iga qaytarkansiz, har safar siz uyqu bilan birga yana anglab bo‘lmas bir narsani qoldirganligingizni qudratli bir hissiyot kuchi bilan sezasiz, nega? Siz hech aqlga to‘g‘ri kelmagan narsalarni tush ko‘rganligingizdan kulib qo‘yasiz, shu bilan birga, tushdagi mana shu aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsalar hammasi qovushib, bir-biriga chatishib, qandaydir bir fikr hosil qilayotganligini payqaysiz, bu fikr o‘ngingizdagi hayotingizga taalluqli bo‘ladi. Sizning hozirgi hayotingizning allaqanday bir ulushini tashkil qiladi, u sizning qalbingizda ilgari ham, hozir ham mavjud bo‘ladi; tushingiz sizga allaqanday bir yangi narsani, siz kutgan narsani bashorat qilganday bo‘ladi; siz qattiq ta’sirlanasiz, shodlanasiz yoki qayg‘uga botasiz, lekin bu o‘zi nimadan iborat, sizga qanday xabar keldi – bularning barini siz na anglay olasiz va na eslay olasiz”, deydi. (Dostoyevskiy F. M. Telba: To‘rt qismdan iborat roman/ [Ibrohim G‘afurov tarj.] – T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1981. – 656 b. – 477 – 478-betlar.)

F. Dostoyevskiy o‘z asarlarida qahramonlarini turli vaziyat, kayfiyat, holatda ko‘rsatish asosida har bir odamning botinida o‘z taftishchisi bo‘lishi hamda u bilan doim bahs-munozara kechishi, ovozsiz, unsiz bu savol-javob jarayoni so‘nggi nafasgacha davom etishi, ichki munozara-so‘roq chog‘ida odam o‘zining aslida kim ekanligidan, oz-moz bo‘lsa-da, voqif bo‘lishi, insonning o‘zidan qanoatlanmasligi va atrofdagilardan noroziligi aynan shu sirli jumboq bilan bog‘liqligini ochib beradi. Dostoyevskiy asarlarida inson har bir narsada, borliqdagi har bir harakatda mislsiz ma’no mavjudligini anglashi, uning butun hayoti ana shu ma’noni izlashga, idrok etishga qaratilishi, shunda uning umri mazmun kasb etishi, aks holda, besamar kechishini ta’kidlaydi. A. Pushkin, N. Gogol, O. Balzak, L. Tolstoy singari ulug‘ adiblarning asarlari ham jahon adabiyotidagi noyob hodisalar sirasiga kiradi. Buni hech kim inkor qilmaydi. Chunki ularning asarlarida hayot hodisalari nihoyatda ishonarli tasvirlanib, kishilar obrazi juda jonli, hayotiy gavdalantiriladi. F. Dostoyevskiy esa “Evgeniy Onegin”, “Taras Bulba”, “Insoniyat komediyasi”, “Urush va tinchlik” mualliflari kabi insonning hayotiy, jonli obrazini ko‘rsatishning o‘zi bilan kifoyalanmaydi. U ana shu murakkab holatni ochib berish maqsadida inson qalbining qa’rida kechadigan jarayonlarga, o‘z-o‘zi bilan savol-javob chog‘ida ong-tafakkuri yorishib ketadigan lahzalarga e’tibor qaratadi. Adib tush hodisasini ham nihoyatda nozik tahlil qiladi. U insonning o‘zini-o‘zi anglashi jarayonida tushida kechganlari muhim ahamiyat kasb etishini uqtiradi.

Tush jumbog‘i xuddi Dostoyevskiy ta’kidlaganidek, g‘aroyib ekanligini ushbu romanni o‘qiyotganda har bir odam chuqur anglaydi. To‘g‘rirog‘i, o‘zida ham tushlari to‘g‘risida shunday fikr bo‘lgani, lekin roman bilan tanishganidan keyin buni anglaganini idrok etadi. Ulug‘ adib o‘z asarlarida shu tarzda odamlarning botinida turgan, lekin ilg‘anmaydigan tuyg‘u, fikrlarni aniq-ravshan ifodalab beradi. Yozuvchining asarlari o‘quvchi uchun bamisoli botinini ko‘rsatadigan ko‘zguga aylanadi. U insonning turli kechinma, holatlarini, jumladan, tushini barcha adiblardan ko‘ra chuqurroq yoritadi. Shu boisdan mashhur faylasuf adabiyotshunos Mixail Baxtin: “Dostoyevskiy tushning deyarli barcha ko‘rinish va nozik jihatlariga jiddiy e’tibor qaratib, uning voqelikni badiiy aks ettirishdagi imkoniyatlaridan juda keng foydalangan. Dostoyevskiy asarlarida tush shu darajada ko‘p va muhim o‘rin tutadiki, ehtimol, Yevropa adabiyotida boshqa bunday yozuvchi yo‘qdir. Raskolnikov, Svidrigaylov, Mishkin, Ippolit, o‘smir, Verlov, Alyosha va Dmitriy Karamazovning tushlarini hamda bu tushlarning ushbu asarlar g‘oyaviy mazmunini ochishdagi rolini esga olaylik. Dostoyevskiy asarlarida qahramonlarning qo‘rqinchli tush ko‘rgani ko‘p tasvirlanadi”, deydi. (Baxtin M. M. Problemы poetiki Dostoyevskogo. – M.: «Sovetskaya Rossiya», 1979. – 320 s. – S. 172).

Kishining tushiga munosabatida ham uning tabiati, ichki dunyosi bilinadi. Besabr, hovliqma kishilar ko‘pincha tushini boshqalarga bildirishga oshiqadi. Ular tushida ko‘rganlari yoniga boshqa voqealarni ham qo‘shib-chatib aytaveradi. Bunday kishilar qo‘rqinchli tush ko‘rsa, vahimaga tushib, atrofdagilarni bezovta qiladi. Ko‘rgan tushiga yolg‘on gaplarni qo‘shib aytish esa gunoh sanaladi. Chunki yolg‘on aralashganda rost so‘z ham ta’sirsiz bo‘lib qoladi. Shu bois “Yolg‘on so‘z rizqni qiyadi”, deyiladi. Rizqning kamayishiga sabab bo‘ladigan yolg‘on yaxshi tushning ham fayzini ketkazadi. Tushida ko‘rganlariga yolg‘on so‘z qo‘shmasdan, eslaganicha aytish kishiga zarar keltirmaydi. Tushini boshqalarga ma’lum qilgandan ko‘ra, uni sir saqlash maqbul sanaladi. Chunki Abu Homid G‘azzoliy: “Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: “Kishi tushida otasidan boshqasini ko‘rib, otamni ko‘rdim, deb da’vo qilishi, ko‘rmagan narsasini ko‘rdim yoki aytmagan narsasini aytdim, deyishi ulkan yolg‘ondir” (Buxoriy rivoyati). Yana shunday mazmunda hadis bor: “Kimki yolg‘on tush aytsa, qiyomat kunida hech qachon bir-biriga tugilmaydigan ikki qilni tugish vazifasi unga yuklanadi” (Buxoriy rivoyati)”, deydi. (Abu Homid G‘azzoliy. Til ofatlari kitobi. – Toshkent: – “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011. – 156 b. – 89-bet.) Og‘ir, vazmin kishilar o‘ngida ko‘rgan voqealarini ham, tushida kechgan hodisalarni ham iloji boricha boshqalarga bildirmaydi. Ular tushini ko‘pincha hech kimga aytmaydi va tezda unutib yuboradi. Agar kishi tushini eslaganicha boshqalarga aytsa, u xotirasida nisbatan uzoqroq saqlanadi. Chunki aytayotganida tushidagi ayrim o‘rinlar xayol-tasavvurda ko‘rinib, miyaga mustahkamroq o‘rnashadi. “O‘tkan kunlar” qahramoni tabiatan og‘ir, vazmin bo‘lgani bois uyqusidan cho‘chib uyg‘ongan, yuragi gup-gup urib bezovtalangan bo‘lsa-da, hech kimga bu xususda og‘iz ochmaydi. U shuning uchun ham qo‘rqinchli tushini tezda esidan chiqaradi. Qolaversa, Otabek islomiy tarbiya ko‘rgani bois noxush tush ko‘rganini ma’lum qilmaydi. Chunki musulmonchilikda yaxshi tush Ollohning inoyati ekani, kishi buning uchun yaratganga shukrona aytib, tushini boshqalarga bildirishi, mahzun qiladigan tush shaytondanligi, shunday tush ko‘rganida parvardigordan panoh tilab, uni o‘zgalarga ma’lum qilmasligi ma’qul ko‘riladi.

Tushdagi voqealar mavhum, g‘ira-shira ko‘rinishda bo‘lsa-da, ular F. Dostoyevskiy ta’kidlaganidek, kishining turmushida kechgan va kechadigan voqealarga qandaydir tarzda bog‘lanadi. Lekin bu aloqadorlikni kishi o‘sha paytda emas, keyinchalik payqaydi. Tushda kechgan voqealar daqiqalar o‘tishi bilan xotira qa’riga sho‘ng‘ib ketadi. Shuning uchun Otabek uyqudan turganida tushida ko‘rganlarini to‘liq eslolmaydi.

Odam tushida ko‘rganlarini emas, o‘ngida kechganlari, o‘zining o‘y-kechinmalarini ham so‘zma-so‘z, aynan aytib berolmaydi. Kishi ko‘rgan-kechirgan, guvohi bo‘lgan, o‘ylaganlarini so‘zlab berayotganida, albatta, talaygina muhim jihatlarni unutib qoldiradi. Lekin odamning o‘ngida ko‘rganlari ham, tushida kechganlari ham shu bo‘yicha qolib ketmaydi. Ular daf’atan kutilmaganda xotira qa’ridan yuzaga qalqib chiqadi. Shunda kishi beixtiyor hayratga tushadi, bir zum ajablanib qoladi va o‘zining o‘zi uchun jumboq ekanligini, bir zumga bo‘lsa-da, his etadi. Afsuski, odam o‘zining bunday holatiga unchalik e’tibor bermaydi. Chunki bu insonning ruhiga bog‘liq jumboq. Ruhning siriga esa mushohada bilan yetib bo‘lmaydi. Tush hodisasi kishining ruhi hamda turmushi bilan bog‘lanadi.

Inson tabiatining ushbu jumbog‘i xususida Fyodor Dostoyevskiy “Inson kallasida tug‘iladigan har qanday daho g‘oyada yoki fikrda boshqa odamlarga anglatib, yetkazib bo‘lmaydigan, jild-jild asarlar va sharhlar yozib, o‘ttiz besh yil tushuntirishga harakat qilib ham anglatib bo‘lmaydigan allanima qolib ketadi; miyangizda aslo chetga chiqishni istamagan allanima doim qoladi, abadiy sizdan ajralmaydi”, deydi. (Dostoyevskiy F. M. Telba: 415-bet)

Aslida Xudo bandalarini hamma narsadan ogoh qiladi. Afsuski, odamzod turli tarzda bildiriladigan ishoralarni sezmay, e’tiborsiz qoldiradi. Odam tushidagi ogohlantirishlarga aksariyat hollarda beparvo qaraydi. Bu uning ramzlar ma’nosini anglamasligidan kelib chiqadi. Ilohiy kitoblarda tushda ko‘ringan ramz, ishoralarni anglash inson hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanadi. “Qur’on” da Ollohning payg‘ambari Yusufning boshidan kechirganlari naql qilinib, u “eng go‘zal qissa” deb ta’riflanadi. Ushbu qissada Yusuf ibn Ya’qub Misr mamlakati podshosining tushini ta’bir qilib, xalqni kelgusida ro‘y beradigan ocharchilik balosidan saqlab qolgani bayon etiladi. Qissada Yusufning qismati nima uchun shunday chigal kechgani xususida ham izoh beriladi. Ya’ni “Yusufni – unga barcha tushlarning ta’birini bildirish uchun, – o‘sha yerga (Misr hokimining uyiga) joylashtirib qo‘ydik. Olloh o‘z ishida g‘olibdir (Ya’ni Uni O‘zi xohlagan ishni qilishdan hech kim man qila olmaydi)” deyiladi (12-sura, 21-oyat). Yusuf Olloh unga ato etgan ilohiy ilm tufayli tushlardagi belgi, ramzlar ma’nosini aniq anglaydi va ularni to‘g‘ri ta’bir qiladi. Tushda kishining boshidan kechirganlari va xayol-orzulari birikib ketadi va ular mantiqqa nomuvofiq, aql bilan tushunib yetish mushkul g‘aroyib manzara hosil qiladi. Unda namoyon bo‘lgan ramz, belgilar nimaga daxldorligi, nimaga ishora ekanligini har qancha bosh qotirganda ham tushunib, idrok etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham F. Dostoyevskiy “tushingiz sizga allaqanday bir yangi narsani, siz kutgan narsani bashorat qilganday bo‘ladi; siz qattiq ta’sirlanasiz, shodlanasiz yoki qayg‘uga botasiz, lekin o‘zi bu nimadan iborat, sizga qanday xabar keladi – bularning barini na anglay olasiz va na eslaysiz”, deydi. Yusuf alayhissalomning tushlarni ta’bir etishidan ayon bo‘ladiki, Olloh bandalariga hamisha behad mehribonlik qiladi va ularga turli ramz, ishoralar orqali to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi. Ammo muammoni qanday hal qilishni har bir kishining o‘ziga qoldiradi. Chunki u odamlarga aql quvvatini berib qo‘ygan. Afsuski, kishilar o‘zlariga berilgan juda ko‘p imkoniyatlardan kerakli o‘rinda foydalanisholmaydi. Jumladan, o‘zlaridagi aql quvvatini ham yetarlicha ishga solisholmaydi. Odamlar vaqti va aqliy-ruhiy quvvatini ko‘proq nafsini lazzatlantirish uchun uvol qilishadi. Ular tevarak-atrofdagi voqealardan ibrat olmasligi, eshitgan, bilgan, guvohi bo‘lgan hodisalardan o‘zi uchun kerakli xulosa chiqarolmasligi bois ma’naviy-ruhiy kamolotga erisholmaydi. Har bir odamning yon-verida esa uni haq yo‘lga da’vat etadigan, falokat, ofatlardan saqlaydigan juda ko‘p ramz, ishoralar turadi.

Tush – jo‘n hodisa emas. U inson tabiatidagi g‘oyatda g‘aroyib jumboq bo‘lib, uning sir-sinoatlarini “ikki karra ikki to‘rt” degan tarzda tushuntirib, sharhlab bo‘lmaydi. U kishining ma’naviy-ruhiy olami, dunyoqarashi to‘g‘risida muayyan tasavvur beradi. Chunki tushida kishining ruhiy va jismoniy hissiyot, kechinmalari aks etadi. Kishi tushida ko‘pincha o‘zini ojiz holda ko‘radi. Otabek ham tushidan o‘zini “darmonsizlangan va xanjari qo‘lidan tushgan” holda ko‘rib, cho‘chib uyg‘onadi. Hayotda esa har bir odam o‘zini hamma narsaga qudrati yetadigan kabi tutadi, arzimas muvaffaqiyatidan behad g‘ururlanib yuradi, barchadan o‘zini ustun, deb biladi. Otabek – katta amaldor, davlatmand kishining yakkayu yagona farzandi. U savdo ishlari bilan ko‘p yurt kezgan. Shu bois u eng mushkul, tahlikali vaziyatlarda ham o‘zini dadil tutadi. Hayoti xavf ostida turganida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Qahri qattiq, zolim amaldorlardan aslo cho‘chimaydi. Ularga bo‘yin egmasdan tengma-teng turib so‘zlashadi. Lekin har qancha dovyurak, dadil bo‘lsa-da, tushida qo‘rqadi, o‘zining nochorligidan iztirobga tushadi. Barcha dinlarda takabburlik insonlikka nomunosib illat ekani ta’kidlanadi. Chunki insoniyat azaldan tabiatidagi ayni shu illat tufaylidan aziyat chekadi. Odam ilohiy mavjudot bo‘lgani bois uning botinida turfa hodisalar, sirli jumboqlar yashirin turadi. Olloh odamning o‘ziga va olamga tegishli ko‘p sirlarni pinhon tutadi. Odam ko‘pincha sahar paytida tush ko‘radi. Sahar esa eng qutlug‘ vaqt sanaladi. Saharda kun tun ustidan g‘olib keladi. Bu paytda jamiki jonivorlar kunni olqishlab, ovoz beradi: xo‘roz qichqirib, chumchuqlar chug‘urlay boshlaydi, qaldirg‘och valfajr aytadi. Dov-daraxtlar ham sahar arafasida barg chiqarib, gullaydi. Sahar yeru koinotda hayot davom etayotganidan darak beradi. Shu boisdan barcha dinlarda tongda turib, ibodat qilish buyuriladi.

Sahar vaqtning alohida bir bo‘lagidir. Bu paytda tun chekinib, kun boshlanadi. Olamga intiqligidan sarg‘aygan quyosh asta-sekin chiqib keladi. Borliqda hayot qaytadan jonlanadi. Saharda jamiki jonzotga rizq ulashiladi. Shayx Farididdin Attor bu xususida shunday deydi:

Kelur rizqim mening subhu azaldin,
Qutuldim bir yo‘la hirsu xabardin…
O‘zing ye o‘z g‘amingni, bo‘lma g‘ofil,
Birov yermi g‘amingni, o‘yla, oxir…
Magar bilmasmisan, tong tunni o‘rtar,
Seni uxloq ko‘rib yoqangni yirtar.
Va andin, qo‘rqamen, bedor bo‘lur sen,
 Kiyimsiz, qip-yalang‘och, xor bo‘lursan…

Har bir odam uyg‘oqligida – o‘ngida kechgan voqealardan hamda uxlaganida – tushida ko‘rgan hodisalardan, albatta, ta’sirlanadi. Aniqki, uyg‘oqligida ko‘rganlari kishiga ko‘proq ta’sir etadi. Ammo bundan tushda kechganlari odam uchun unchalik ahamiyatli sanalmaydi, degan xulosa chiqmaydi. Tushda kechganlari ko‘pincha kishining hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Lekin bu birdaniga sezilmaydi. Tushda ko‘ringan hodisalar sekinlik bilan voqelikka aylanadi. “Qur’on”da Yusuf alayhissalomning tushda ko‘rganlari qirq yildan so‘ng amalga oshgani aytiladi(12:100). Bu insonning tushi – g‘ayb siri ekanligi, unda Ollohning hikmati yashirinligini bildiradi.

Kishiga tushida u uyg‘oqligida qilgan ishlarga qat’iy baho beriladi va kelgusidagi hodisalardan ogoh etiladi. Shu boisdan Shekspir qahramoni Otello: “Tush bo‘lsa ham bir gaplardan xabar beradi” deydi. (Shekspir V. Saylanma. Uch jildlik. 2-jild. – T. : “Fan”, 2008. – 654 b. – 247-bet.) Ana shu mavhum xabar odamni qo‘rquvga soladi. Odam har qanday ish, yumushning mashaqqatlarini boshiga tushgachgina his qiladi. Kishi issiq-sovuqning qadrini, ochlik, kasallik azobini ularga duch kelgan paytida chinakamiga sezadi.

Tushlar kishilarning aqliy, ruhiy, ma’naviy, ijtimoiy darajasi, intilishi, faoliyatiga muvofiq kechadi. “Ko‘pincha tushlarimga buyuk shaxslar kiradi, – deydi ulug‘ adib Chingiz Aytmatov. – Ular bilan hech qachon uchrashmagan bo‘lsam-da, ammo tasavvurga egaman. Ba’zan birorta tirik jonga aytmay yurgan sirlarimni ularga aytib qo‘yaman.” (Aytmatov Ch. , Shoxonov M. Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori: (Asr adog‘ida aytilgan istig‘for). – Toshkent: “Sharq”, 1998. – 432 b. – 57-bet.)

Hayotda hech bir hodisa o‘z-o‘zicha ro‘y bermaydi. Har qanday voqea zaminida nimadir yotadi. Jumladan, tushlar ham muayyan zaminga asoslanadi. Tushda ko‘ringan hodisalar zamirida, albatta, o‘ziga xos sabablar turadi. Odil Yoqubovning “Ko‘hna dunyo” romanida Sulton Mahmudning qo‘rqinchli tushlar ko‘rishi haqida so‘z boradi. Jumladan: “Mana, bu dardi bedavoga giriftor bo‘lganiga bir necha oy bo‘ldi, shundan beri ko‘ngli notinch, joni behalovat, kechalari yomon tushlar ko‘rib, vahima bosadi. Nechundir ezgu ishlari, qurgan qasrlari, yaratgan bog‘lari, barpo qilgan machit va maqbaralari emas, janglar suroni-yu otlar dupuri, kesilgan boshlar, dorda chayqalgan murdalar, yong‘inda qolgan shaharlar yodiga tushadi. Miyasida ilgari hech qachon o‘ylamagan yomon o‘ylar charx uradi” deyiladi. (Yoqubov O. Ko‘hna dunyo: Roman. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1983. – 336 b. – 40-bet.) Odil Yoqubov ushbu romanida kishilarga qilingan har qanday zulm, zo‘ravonlik izsiz ketmasligi, zolim, kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z qilmishlari uchun, albatta, jazoga tortilishiga ishora qiladi.

Tushlarni har kim o‘z hayot tajribasi, tushuncha, dunyoqarashi asosida talqin qiladi. Chunki ularda hech bir narsa aniq aytilmaydi. Tushlardagi ana shu mavhumlik ko‘ngilga hadik soladi, sohibini iztirobga qo‘yadi. Sulton Mahmud ham tushlari nimaga ishora ekanini bilolmaganidan xavotirga tushadi. Shundan uning “miyasida ilgari hech qachon o‘ylamagan yomon o‘ylar charx uradi”.

Odam o‘zini majburlab uxlashi yoki uxlamasligi, ovqatlanishi yoki suv ichmasligi mumkin. Lekin hech kim hoxlagan paytida tush ko‘rib, istamaganida tush ko‘rmaslikning uddasidan chiqolmaydi. Chunki tush ko‘rish-ko‘rmaslik odamning xohish-irodasiga bog‘liq hodisa emas. Bu ruhiy-jismoniy jarayonni aql, iroda kuchi bilan tartibga tushirib, boshqarib bo‘lmaydi. Shuning uchun odam tushida qo‘rqib yoki hayajonlanib ketganida bosinqirab, hech kimga bildirmagan ichki sirlarini aytib qo‘yadi. Masalan, jinoyatchilarning kirdikorlarini ochish uchun ularning asab hujayralariga ta’sir etadigan turli dorilar, o‘tkir spirtli ichimliklar, nasha, ko‘knori, yolg‘onni fosh qiluvchi detektorlardan foydalaniladi. Lekin bu usullar har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Ammo har jihatdan baquvvat, asablari obdon chiniqqan josuslar ham tushida alahsirab, o‘zining kimligi, asl maqsadini oshkor etib qo‘yadi. Ayrim badiiy asarlarda tushning mana shunday g‘aroyib jihatiga e’tibor qaratiladi. Shuning uchun Fyodor Dostoyevskiy: “Kishi besaru samon bo‘lib ezilib yurgan chog‘larda uning ko‘radigan tushlari ham ko‘pincha behad qavargan, tiniqlashgan va xuddi o‘ngida ko‘rganga o‘xshagan bo‘ladi. Gohida odamning tushda ko‘rgan narsalari favqulodda juda dahshatli bo‘lib tuyuladi. Lekin tushdagi muhit va kechayotgan jarayonlar shu qadar ishonsa bo‘ladigan, umumiy manzaraga mos, uni badiiy jihatdan to‘ldiradigan nozik tafsilotlarga ega bo‘ladiki, ularni o‘ngida shu tush ko‘rgan odamning o‘zi ham, u boringki, Pushkin yoki Turgenev singari san’atkor bo‘lgan chog‘ida ham to‘qib chiqara bilmasdi. Shunday tushlar, juda uzoq vaqtlar esda qoladi va jismi uryon, o‘zi bir holi sar bo‘lib yurgan odamga juda qattiq ta’sir qiladi”, deydi va Raskolnikov ko‘rgan qo‘rqinchli tushni bayon etadi. (Dostoyevskiy F. M. «Jinoyat va jazo»: Roman, I. G‘afurov tarj. – T.; Adabiyot va san’at nashriyoti, 1977. – 664 b. – 69-bet.) Ushbu tush tafsilotlari romanda olti sahifani egallaydi.

Qotillik qilishi arafasida halovatidan ayrilgan Raskolnikov tushida yetti yoshlik paytini, o‘zi tug‘ilgan shaharchani, bayram kuni kechqurun otasi bilan shahar chekkasiga sayilga borganini eslaydi, qovoqxona oldida mast-alast odamlarning baqir-chaqir qilayotgani, kattakon aravani tortolmayotgan qirchang‘i otni, aravaga ko‘p odamlar chiqib olganini, egasi va boshqa odamlar aravani joyidan qo‘zg‘otishga kuchi yetmayotgan oriq, kichkina otni ayamay savalashayotganini, mastligidan quturib ketgan egasi otni qamchi bilan urgani kamlik qilganday shoti bilan ura boshlaganini, atrofdagilar bu tomoshadan maza qilib kulganini, Raskolnikov o‘zini otning yonida yig‘lab yugurib borayotganini, otning naq ko‘ziga qamchi tushurishayotganini ko‘radi va otga achinganidan yig‘lab, “yuragi qinidan chiqib ketgudek bo‘ladi, ko‘z yoshlari quyulib keladi. Otni qamchilayotganlardan birining qamchisi uning yuziga” tegib ketadi; lekin u buni sezmaydi, u qo‘llarini qarsillatib sindiradi, baqiradi, soch-soqollari oppoq oqarib ketgan choldan najot istab chopadi, qariya boshini chayqaydi, bularning bari unga yoqmaydi, uni dilgir qiladi”. Mast-alast kishilar aravani tortolmay yiqilgan oriq otni qo‘llariga ilingan narsa: tosh, tayoq, qamchi, shoti bilan urib o‘ldirishganida Raskolnikov dodlaganicha saman otning oldiga borib, uning jonsiz, qonga belanib yotgan boshini quchoqlab o‘padi, ko‘zlaridan, lablaridan o‘padi… Keyin kutilmaganda o‘rnidan sakrab turib, g‘azab bilan mushtchalarini ko‘tarib otning egasiga tashlanadi. Shu on anchadan beri uning orqasidan quvib yurgan otasi ushlab olib, odamlar orasidan olib chiqib ketadi”. Raskolnikov odamlar nega otni o‘ldirishdi, deb yig‘laydi. Nafasi tiqilganidan boshqa so‘z aytolmaydi. “Baqirmoqchi bo‘ladi va uyg‘onib ketadi”. Raskolnikov qo‘rqinchli tush ko‘rgach, o‘zining .rejalashtirgan ishi – sudxo‘r kampirni o‘ldirishi bema’nilik ekanini anglab yetadi. “Yo rabbim! Nahotki, nahotki men rostdan ham qo‘limga bolta olib, uning kallasiga ursam, miyasini majaqlab tashlasam… Shilimshiq, issiq qon ichida kechib yursam, qulfni buzsam, o‘g‘irlik qilsam, qo‘rqib-pusib, biqinsam; boshdan-oyoq qonga belangancha… qo‘limda bolta bilan yashirinsam… Yo rabbim, nahotki?” deb iztirobga tushadi. Romanda Raskolnikovning mudhish jinoyatga qo‘l urish arafasidagi azobli o‘ylari batafsil bayon etiladi va uning qay tarzda qotillik qilgani ko‘rsatiladi. O‘quvchi Raskolnikovni niyati, maqsadi jinoyatchi qotilga aylantirganini his qiladi va niyatda gap ko‘pligi, maqsadda hikmat borligi, ota-bobolarimiz yaxshi niyat qilish kerakligini bejiz aytishmaganini ko‘nglidan o‘tkazadi.

Tushlar ko‘pincha kishini o‘tganlarni eslashga undaydi. Ularda kishining boshidan o‘tgan voqealari, yaqin odamlari qiyofasi, tasodifan duch kelgan kishilarning holati ko‘rinadi. Bu paytda xotiralar shabadada mavjlangan ko‘l yuzidagi to‘lqinlar singari bir-biriga ulanib ketaveradi. Tugamaydigan tuyuladigan manzara, ko‘rinishlar, dilga xush yoqadigan yoki xavotirga soladigan voqealar, afsuski, oxiriga yetmasdan shart uziladi. G‘aroyibligi shundaki, bu ko‘pincha tashqi ta’sir tufayli yuz beradi. Ya’ni kishi kutilmaganda nimadandir cho‘chib, bexosdan uyg‘onib ketadi. Bunday tushlar qarama-qarshi fikrlar uyg‘otib, kishiga hayotning u avval e’tibor qilmagan haqiqatlarini ochib beradi. Ko‘ngil tubidan yorishib chiqadigan bu fikr ta’sirida odam o‘tgan voqealarni qayta o‘ylab ko‘radi va xatolarini anglaydi. Lekin ularni oshkora tan olgisi kelmaydi. Sulton Mahmud G‘aznaviy, Abdullatifning holatida har kimda mavjud ana shu ojizlik ko‘rinadi. “Ko‘hna dunyo”, “Ulug‘bek xazinasi” qahramonlari alg‘ov-dalg‘ov tushlari tufayli xatolarini tushunib yetadi va o‘zini kechirolmay, iztirobga tushadi.

Marhumlar tushga bejiz kirmaydi. Chunki har birimizning hayotimiz tiriklar va marhumlarga bog‘liq tarzda kechadi. Biz istasak-istamasak, har doim marhumlarni eslaymiz. Ularning fe’l-atvoridagi turli jihatlarni o‘zimizcha muhokama qilamiz. Marhumlar har birimizning hayotimizda hamisha muayyan o‘rin egallaydi. Shuning uchun ertak, dostonlarda ham, yozma adabiyot namunalarida ham tiriklarning tushiga marhumlar ko‘ringani to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Chunki haqiqatan hayotda shunday hodisalar sodir bo‘ladi. Xudo tiriklarga marhumlar ruhi orqali xushxabar yetkazadi yoki tavba qilib, yomon ishlardan tiyilishiga ishora qiladi. Odamlarga tushida ham yuz berishi kutilayotgan hodisalar ochiq-oshkora bildirilmaydi. Chunki Olloh odamga tevarak-atrofidagi hodisalardan ibrat olib, mushohada yuritishi uchun aql-idrok berib qo‘yibdi. Yaratuvchi shu bois odamning o‘ziga va olamga tegishli ko‘p sirlarni pinhon tutadi. Bo‘lg‘usi voqealar odamlarga o‘ngida va tushida aniq-ravshan bilinganida hayot juda silliq, bir me’yorda kechgan bo‘lardi, kishilar hech qanday tashvish, muammoga duch kelmasdi. Agar shunday bo‘lganida hayot yakrang tus olib, u juda zerikarli bo‘lib qolardi. Hayot qiziq, g‘aroyib kechishi uchun ham kelgusida kutilayotgan hodisalar ochiq-oshkora emas, juda nozik ishoralar, turli ramzlar orqali ma’lum qilinadi. Kishilar bu ishora, ramzlarni ko‘pincha voqealar bo‘lib o‘tganidan keyingina payqashadi va ularga e’tibor berishmaganidan pushaymon bo‘lishadi.

Odamga tevarak-atrofidagi ko‘p narsalar jo‘n va arzimasday tuyuladi. Lekin aynan o‘sha narsalarning qatida ko‘p sir-sinoat yashirin turadi. Ular hayotning avval ma’lum bo‘lmagan haqiqat, hikmatlarini anglashga ochqich ekanligi kutilmagan bir tasodif tufayli ayon bo‘ladi. O‘shanda kishi e’tibor qilmaganlari ham qadrli ekanligi, hayotda ham har bir narsa e’zozlashga loyiq ekanligi xususida o‘ylanib qoladi. Sulton Mahmud G‘aznaviyni ham, Abdullatifni ham nohaq qurbon bo‘lganlarning ruhi bezovta qiladi. Ularning har ikkalasi odamlarning hayoti bilan o‘ynashayotgani haqida ko‘p-da o‘ylashmagan. Boshqalarni nazar-pisand qilishmagan. Odil Yoqubov “Ko‘hna dunyo” romanida Bo‘tako‘zbegim ruhining Ibn Sino tushida ko‘ringanini qalamga olish orqali tiriklar emas, marhumlar ham adolatsizlikdan aziyat chekishini ta’kidlaydi. “Har bir ruh, – deydi Aflotun (Platon), – ezgulikka intiladi va bu yo‘lda har narsaga tayyor turadi. Ruh ezgulikning mavjudligini his etadi, uni izlaydi, ammo uning qayerda ekanini anglashga quvvati yetmay qiynaladi.” (Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf. – T.: “Yangi asr avlodi”, 2002. – 372 b. – 82-bet)

Tush motivi qahramon ruhiy holatini ochishda o‘ziga xos ochqich bo‘la olishi Anton Chexovning “Uyqu istagi” hikoyasida yanada yaqqol seziladi. Ushbu hikoyada dastyor qizning achchiq qismati juda ta’sirchan gavdalantiriladi. Ulug‘ rus adibi ushbu hikoyasida tush motivini beixtiyor qotillikka qo‘l urgan Varkaning uqubat to‘la hayotini aniq tasavvur qilish imkonini beradigan o‘ziga xos ko‘zguga aylantiradi. Birovning xonadonida xizmatkorlik qilib kunlarini o‘tkazayotgan Varka tuzukroq kiyim kiyish, to‘yib ovqatlanishni xayoliga ham keltirmaydi. Xo‘jayinining to‘xtovsiz berib turadigan topshiriqlarini bajarishdan qo‘li bo‘shamaydigan bechora qiz faqat bir narsa – to‘yib uxlash to‘g‘risida o‘ylaydi. Chunki u erta sahardan yarim kechagacha tinmasdan yelib-yugurib xizmat qiladi. Tonggacha esa xo‘jayinining belanchakdagi bolasiga qarab chiqadi. Varkaga tunda ham birpas bo‘lsa-da, uxlashga imkon berishmaydi. Varka xo‘jayinining bepisand muomalasi, kamsitishlarini og‘rinmasdan qabul qiladi. Xo‘jayini uni xo‘rlab, haqorat qilayotgani haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Ammo uyqusizlikka toqat qilolmasdan qiynaladi. U belanchak tebratib o‘tirib, tush ko‘radi. Tushiga ham uyqu kiradi. Hikoyada bu: “Varkani uyqu bosib, ko‘zlari yumilmoqda. Bo‘yni tolib, boshi yerga og‘ib boradi. Na qovog‘ini qimirlata oladi, na lablarini. Nazarida yuzi qovjirab, tarashaday qotgan, boshi to‘nog‘ichning boshiday kichkina bo‘lib qolganga o‘xshaydi. Alla, qo‘zim, alla-yo, Senga osh pishira-yo… deb ming‘irlaydi u. Pechkada chigirtka chirillaydi. Narigi uyda xo‘jayini va shogirdi Afanasiy xurrak tortadi… Belanchak noliganday g‘ijirlaydi. Varka ming‘irlaydi. Bularning hammasi qo‘shilib, allalovchi tun musiqasiga aylanadiki, bu musiqani o‘ringa yotib eshitganda huzur qiladi kishi. Bu musiqa Varkaning g‘ashiga tegadi, chunki uyqusini keltiradi, uxlash esa mumkin emas. Xudo ko‘rsatmasin, agar uxlab qolsa bormi, xo‘jayini urib o‘ldiradi”. (Chexov A. P. Tanlangan asarlar. Uch tomlik. 1-tom. – T.: Badiiy adabiyot nashriyoti, 1957. – 692 b. – 390 – 391-betlar.) Ushbu parchada har bir detal qahramonning ruhiy holatini ifoda etishga qaratiladi. Adib hikoyada uyqu inson uchun eng shirin ne’mat ekani, bu tabiiy ehtiyojni iroda kuchi bilan yengib bo‘lmasligi, kishini bu zaruriy ehtiyojidan mahrum etish fojiaga olib kelishini yuksak badiiy mahorat bilan ko‘rsatadi. “Uyqu istagi”ni o‘qiyotganida har bir kishining ko‘nglida beixtiyor Varkaga nisbatan achinish hissi jo‘sh uradi. Chunki unda kunduzi tinimsiz yelib-yugurib, kechasi orom olmasdan belanchak tebratishga majbur xizmatkor qizning uyqu istagidagi holati: “U yerga o‘tirib, xo‘jayini kalishini yuvar ekan, shu katta va chuqur kalishga boshingni tiqib, birpasgina mizg‘ib olsang qanday yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylaydi. Birdan kalish shishib kengayib, uyday katta bo‘lib qoldi. Varkaning qo‘lidan cho‘tkasi yerga tushib ketdi. Varka darhol boshini silkib, ko‘z oldidagi narsalar kattalashib, harakatlanmasin deb ko‘zlarini kattaroq ochishga tirishdi” deb ko‘rsatiladi. (O‘sha manba. 394-bet.)

Kishining tushida ko‘rganlari, albatta, uning tarjimai holiga, kundalik faoliyatiga muayyan darajada daxldor bo‘ladi. Bu haqiqat Varkaning tushi tafsilotlari va undan keyingi voqealarda ham ko‘rinadi. Odam ko‘pincha tushidagi qo‘rqinchli voqealar ta’siriga tushib, nima qilishini bilmay qoladi. Bunday paytda, hatto, o‘zi bilmagan holda jinoyatga ham qo‘l uradi. Chunki har bir kishining tabiatida ezgu hissiyotlar barobarida boshqa illatlar ham yashaydi. Odamning ichidagi yashirin yovuzlik kutilmaganda qandaydir tashqi ta’sir tufayli junbushga keladi. O‘sha paytda bosiq, vazmin kishilarning ham jahli chiqib, g‘azabi jo‘shadi. “Uyqu istagi” qahramoni o‘zi istamagan holda belanchakdagi begunoh bolani o‘ldiradi. Alg‘ov-dalg‘ov, tushuniksiz tushi va haddan tashqari jismoniy toliqqani Varkaning ichidagi ko‘milib yotgan nafrat, g‘azabni yuzaga chiqaradi. U tabiatidagi yashirin yovuzlik ta’siriga tushadi. Bu illat turli shaklda – birovda ozroq, birovda ko‘proq, har bir kishida mavjud.

Anton Chexov mazkur hikoyasida tahqirlash, zulm insonni ruhan majruh etib, jinoyatga boshlashi, qotilga aylantirishini qahramonning tush ta’siridagi holati bilan bog‘liq tarzda tasvirlaydi. “Nihoyat mehmonlar ketishadi, chiroqlarni o‘chirib, xo‘jayinlar yotishadi. – Varka, bolani tebrat! – degan so‘nggi buyruq eshitiladi. Pechkada chigirtka chirillaydi; shipdagi dog‘, yoyig‘lik shim va yo‘rgak, lattalardan tushib turgan soyalar lip-lip qilib yana Varkaning ochiq ko‘ziga suqiladi, uni gangitadi. – alla aytay senga-yo, – deb ming‘illaydi u, – alla, qo‘zim, alla-yo… Bola yig‘lay-yig‘lay qotib qoladi. Varka yana haligi katta tosh yo‘lni, tugun ko‘targan odamlarni, Pelageyani, otasi Yefimni ko‘radi. U hammani taniydi, hammasini tushunadi-yu, lekin karaxt qilib, qo‘l-oyog‘ini boylab qo‘ygan, yashashga monelik qilayotgan bu kuch qanaqa ekanligiga chala uyqu ichida sira tushunolmaydi. U yana shu kuchdan qutulish uchun u yoq-bu yoqqa qaraydi. Lekin uni topolmaydi. U nihoyat charchagan holda o‘zining butun kuchini, sezgisini to‘plab, shipdagi lipillayotgan dog‘ga tikiladi va yig‘i ovoziga quloq solib yashashga monelik qilayotgan dushmanni topdi. U dushman – bola ekan. Qiz kulib yuboradi. Nega shuncha kundan buyon shu arzimagan narsani topolmay yurgan ekan? Shipdagi dog‘, soyalar va chigirtka ham hayron bo‘lib, unga qo‘shilib kulayotganday tuyuladi. Shu xayol Varkani butunlay chulg‘ab oladi, u o‘rnidan turib, iljaygancha ko‘zlarini yummasdan, uyning u boshidan bu boshiga yuradi. Qo‘l-oyog‘iga kishan bo‘lib turgan boladan hozir qutilaman, degan xayol uni qitiqlaydi, xursand qiladi. Bolani o‘ldiradi-yu, keyin huzur qilib uxlaydi. U kulib, ko‘zlarini qisib, shipdagi dog‘ga qarab, barmog‘i bilan tahdid qiladi, asta belanchak yoniga boradi va engashib bolani bo‘g‘adi; keyin darhol polga yotib uxlashning iloji topilganidan behad sevinadi va bir daqiqadan so‘ng o‘likday uxlab qoladi” deb tasvirlaydi. (Chexov A. P. Tanlangan asarlar. Uch tomlik. 1-tom. – T.: Badiiy adabiyot nashriyoti, 1957. – 692 b. – 395-bet.)

Odam uxlaganida ham nafas oladi, tanasida qon aylanadi. Ya’ni uning tanasida harakat jarayoni bir zum to‘xtamaydi. Miya ham hushdagiday bo‘lmasa-da, har qalay, bedor turadi: xotirada saqlangan voqealar aralash-quralash bo‘lib, kutilmagan manzaralar hosil qiladi. Odam nima haqida ko‘p o‘ylasa, qanday muammoga duch kelsa, tushida ayni narsalar qandaydir tarzda ko‘rinadi. Anton Chexov “Uyqu istagi” hikoyasida esa shu haqiqatni aks ettiradi.

Fitratning “Qiyomat” hikoyasida giyohvandlikka mubtalo kishining tushida kechganlari naql etiladi. Ro‘ziqul – Pochamir ko‘knor topolmasdan kasal bo‘lib qoladi. Uning fikru xayolini nasha topish, chekib xumordan chiqish ilinji band qiladi. Pochamir isitmasi chiqib yotar ekan: “U dunyoda nasha bormikin?” deb o‘ylaydi. Uning isitmadan quruqshab qolgan lablari orasidan faqat shu so‘z chiqadi. “U dunyoda nasha topmoq fikri Pochamirning miyasini charchatadi”. Ro‘ziqul holsizlikdan o‘zini o‘lgan va u dunyoga tushgan his etadi. U dunyo haqida eshitganlari, o‘qiganlari yodiga tushadi. Pochamir xayolan Munkar-Nakir bilan munozaraga kirishib, ularni mot qiladi. Qiyomat yuz bergani, son-sanoqsiz odamlarning jannat va do‘zaxga tushayotganiga guvoh bo‘ladi. Tiriklikdagi amallari tarozida tortilayotgan odamlar orasida xuddi bu dunyodagiday “ochirat” zarurligini aytib, tartib joriy bo‘lishiga erishadi. Qurbonlik qilgan oq qo‘yini minib, qilko‘prikdan o‘tib, jannatga boradi. U joydagi to‘kinchilik, farovonlikdan zerikadi. Yashashdan bezib qolgan paytida “To‘rt odim nariroqda ko‘ziga bir buta ko‘knor ko‘rindi. Shodligidan seskanib qo‘ydi. Birdan shunga qarab yugurdi. Oyog‘i ostidagi chuqurni ko‘rmagan ekan, oyog‘i chuqurga toyib ketdi. – Voh! – deb yiqildi. O‘zining “voh” deganiga uyg‘onib ketib, ko‘zini ochsa, xotini yostig‘i boshida o‘tirib, Pochamirning terlarini artadir. Xotini: Ustingizni ochmangiz, terlagansiz. Tushingizda bir oz qo‘rqdingizmi? – dedi. Pochamir ko‘rganlarining tushda ekanini bilgach, teran bir so‘lish oldi. – Uf, so‘rama, xotin. Ko‘p balolarga uchradim. Yaxshiyamki, tush ekan, – dedi.”(Fitrat A.Tanlangan asarlar. Jild 1. 256 b. T.: “Ma’naviyat”, 2000. – 179-bet.)Adib “Qiyomat”ni “xayoliy hikoya” degan bo‘lsa-da, unda giyohvandlikka giriftor kishilarning haqiqiy holatini gavdalantirgan. Giyohvandlar bu kasallikdan qutulmoqchi bo‘lganida Pochamirdan ham battarroq ahvolga tushib qiynaladi. Pochamir madrasada tahsil olgani uchun u dunyo to‘g‘risida o‘ylaydi. Ammo bu dunyoda ham, u dunyoda ham yashash lazzatini nasha chekishda ko‘radi. Shuning uchun Ro‘ziqulning alg‘ov-dalg‘ov tushlari ko‘knoriga borib bog‘lanadi. Ro‘ziqulning tushida kechganlarini uning terlarini artib o‘tirgan xotini ko‘rmaydi. Xotini Pochamir “voh”deb uyg‘onib ketganida, erining tushida qo‘rqqanini payqaydi. Ro‘ziqul tushida u dunyoda sayr qilib, ko‘p voqealarni kechirgan bo‘lsa-da, ular sassiz kechadi. Pochamir eshitgan ovozlar, qichqiriq, shovqin-suronlar xotiniga eshitilmaydi. Chunki birovning tushidagi manzaralarni boshqalar ko‘rolmaydi. Tush ko‘rayotgan kishi eshitgan gap-so‘z, ovozlar boshqalarga noma’lumligicha qoladi.

Badiiy asarlardagi tush tasviri shundan dalolat beradiki, tushda inson ruhiy olamining nozik va nafis jihatlari ko‘ngilga o‘rnashib qolgan nopok istaklari bilan to‘qnashadi. Shuning natijasida bosiriq tushlar yuzaga keladi va undagi turli alg‘ov-dalg‘ov voqealar kishini vahimaga soladi. Har bir odam esa hissiyotlar, istaklariga boshqalar e’tiborsiz qarashidan qiynaladi. Ana shu holat uning ruhiyatiga ta’sir etib, miyasining puchmoqlariga joylashib oladi hamda tashqi omillar ta’sirida kutilmaganda qo‘zg‘alib, kishini tushkun kayfiyatga soluvchi tushlarni tug‘diradi. Bunday tushlar mohiyati – nimaga ishora ekani ayon bo‘lmasdan sanoqli soniyalar ichida xayol qa’riga singib, g‘oyib bo‘ladi. Ayni holat ko‘ngilni xijil qilib, kishini o‘zidan, boshqalardan, umuman, hayotdan norozi bo‘lishiga olib keladi. Shunda yurakka majhul og‘riq kiradi. Bu esa mantiq qoliplariga sig‘maydigan tush hodisasi ong idrok etolmaydigan g‘aroyib jumboq ekanini bildiradi.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son