Abdulla Ulug‘ov. Jafokash ko‘ngil isyoni (1990)

Puldan qalqon, mansabdan ko‘rg‘on yasab olgan kimsalar azal-azaldan mehnatkash ommani azoblab kelgan. Tarixdagi barcha inqiloblaru qo‘zg‘olonlar asli shu toifaning nopok xatti-harakatlariga nisbatan norozilik tufayli sodir bo‘lgan. Bu isyonli kurash, to‘qnashuvlarda son-sanoqsiz mehnatkash ommaning qoni daryo-daryo bo‘lib oqqan. Ammo qon daryo-daryo bo‘lib oqqan o‘sha zamonlarda ham qalqonu qo‘rg‘oni mustaham bu kimsalar baribir yashnab yashayvergan. Kishilar o‘rtasidagi muomala-munosabatlar olamini o‘rgimchak to‘riday o‘rab-chirmab olgan bu qalqonu qo‘rg‘onlar toifasi shu darajada mustahkam ildiz otib ketgan ekanki, uni hatto dunyoni larzaga keltirgan 1917 yilning qonli to‘ntarishi ham turmushdan itqitib tashlay olmadi.

Xo‘sh, bizda bir-biriga hamkor, yagona maqsadli ishchilar va kolxozchi-dehkonlar sinfi, ziyolilar guruhi mavjud bo‘lsa unda kim, qanday kuch taraqqiyotimizga, hayotimizning farovon bo‘lishiga, kishilarimizning odamday yashashiga, XX asr 80-yillarning loaqal o‘rtacha darajasida turmush kechirishiga xalaqit berayapti, g‘ov bo‘layapti? Yoki bo‘lmasa, odamlarimiz ishlashmayaptimi? Agar ishlayotgan bo‘lsa, nega ishlaganiga yarasha yashashmayapti? Ular mehnatining natijasi qayerga ketayapti? Undan kimlar manfaatdor bo‘layapti, kimlar huzurini ko‘rayapti?

Bu savolga aniq-ravshan qilib javob berib bo‘lmasa-da, lekin umumlashtirib aytish mumkin: o‘sha hamma zamonlarda yashab kelgan puldorlar, mansabdan mustahkam qo‘rg‘on yasab olganlar, buyruqboz amalparastlar.

So‘zi boshqayu ishi boshqa bu toifa o‘zlarining xudbinona xatti-harakati bilan juda ko‘plab halol odamlarning haqiqatga, adolatga bo‘lgan ishonch, ishtiyoqini so‘ndirayapti, ularning ko‘nglini mehnatdan sovitayapti. Hoyu havasi baland yoshlarni esa o‘zlariga ergashtirayapti. Shu tufayli harom-harish yo‘llar bilan, hatto jinoyat ko‘chasiga kirib, odam o‘ldirib bo‘lsayam pul topishga ishtiyoqmand, havasmandlar ko‘payayapti.

Insoniy munosabatlarning shu tarzda chigallashib ketayotganligini, ma’naviy-axloqiy muammolar keskinlashib borayotganligini dard va nozik hissiyot bilan badiiy tadqiq qilib ko‘rsatayotgan adiblarimizdan biri Xayriddin Sultonovning «Ko‘ngul ozodadur…» qissasi hayotimizning bugun biz ko‘rib, sezib turgan ziddiyatli hodisalari haqida o‘ylatadi. Chunki bu asar puldor, mansabparast kimsalar sinfiy tuzumda ham, bizning o‘tmish uchun orzu bo‘lgan deb kelinayotgan hozirgi jamiyatimizda ham urchibunib davru davron surayotgani, hamma zamonlarda halol mehnati bilan yashab, imon-e’tiqodiga, haqiqatga sadoqatda bo‘lganlar ming azob-uqubat ichra kun kechirishayotgani xususida xayolga toldiradi. Mana, asarning qahramoni o‘zi ko‘rib turgan hodisalardan ko‘ngli ozurda bo‘lib qanday faryod qiladi: «Eh Shodiyor, sho‘rlik qushim, uyangda ko‘rganing qursin! Endi men yana nima deyin?! Oxir zamon bo‘ldi, desam, birov ishonadimi?! Meni jinniga chiqarmaydimi?! Negaki… Oxir zamonda ham shunday ishlar bo‘lmagay! Axir qaysi zamonda qaysi inson ko‘ribdiki, ota o‘g‘liga dasta-dasta pul tutqazib: «Buning bari haromdan kelgan, haromga ketishi kerak. Ma, o‘g‘lim, ye-ich, o‘yna-kul, eng zo‘rlarini sur», desa! Qaysi zamonda qaysi inson ko‘ribdiki, tog‘a jiyanini bag‘riga bosib: «Kavkazga olib ketay, onasi o‘pmaganlarining o‘zi qo‘yningga kiradi», deb aytsa!» Bugun ko‘pchiligimiz ko‘rib ko‘rmaslikka olib e’tiborsiz qarayotgan Shodiyor singarilarning bu xil hayotiga ko‘nglida pokiza tuyg‘ular mavj urgan kishigina shunday kuyinchaklik bilan munosabatda bo‘la oladi. Bu munosabatda zamona nosozligi sababchilaridan ranjish barobarida to‘qlikka sho‘xlik qiluvchilarning qismatiga achinish ham yaqqol seziladi. Turmushimizda nosog‘lom muhitni tug‘dirayotganlarning hazar qilgulik xatti-harakatlarini qoralay turib, shu nopok kimsalarning ham inson qavmidan ekanligini o‘ylash, qayg‘urish uchun esa kishining bag‘ri behad keng, qalbi munavvarlikka oshno bo‘lishi kerak. Xayriyat, shukrlar bo‘lsinki, dunyo dardi bilan yashab haqiqatga sig‘inadigan, ruhi behad baland kishilar Yassaviyu Navoiy, Mashrabu Gulxaniy zamonasida qolib ketmagan. Ular hozir ham mavjud. Xoru xoksor bo‘lib yashashayapti. Olamdagi mavjud ezgulik, mavjud yaxshilik, ehtimol, shularning sharofati tufaylidir. Agar shular bo‘lmaganda edi, sabru bardosh tugab bitganida edi, kim biladi, barcha bir-biri bilan qirq pichoq bo‘lib ketarmidi…

Lekin, afsuski, Gulxaniy zamonasida ham, asar qahramoni ozoda ko‘ngil G‘ulom yashayotgan zamonda ham ko‘ngli xayolday munavvar bo‘lgan kishilarga jamiyat bee’tibor, bepisand qarab keladi. Dasta-dasta pul tutamlab turgan kimsalarga, amal-mansab kursilarida turganlarga esa hamma mahliyo bo‘lib ergashadi. Birov havas qilganidan, birov ixlos qo‘yganidan, birov bevosita manfaatdor bo‘lganidan, birov esa beparvo, loqaydligidan o‘shalarning izmi, itoatiga yuradi. Itoatkor kishi esa bora-bora hammasiga, hatto, bandasiga banda bo‘lib qolganiga ham ko‘nikadigan qiyofaga kiradi. O‘zligini beparvolarcha unuta boshlaganidan ezgulikka bo‘lgan ishtiyoqi so‘nib boradi. Ana shuning oqibatida, ya’ni puldorlarni, mansabdor-amaldorlarni namuna, timsol deb bilishning ta’sirida bizning jamiyatimiz ham iqtisodiy inqirozga, ma’naviy buzilishga kelib qoldi. Chunki kishilarimizda to‘g‘ri yo‘ldan borib o‘z e’tiqodiga sobit turgan ozoda ko‘ngil odamdan ibrat olish emas, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham boylik orttirayotgan, mansab-martaba egallayotganlarga havas qilish kayfiyati kuchayib ketdi. Negaki, halol odamlar turmush zarbalaridan ezilib, chor-nochor ro‘zg‘or tebratayapti. Puldor, mansabdorlar esa yegani oldida, yemagani ortida bo‘lib yayrab-yashnayapti. Har joyda, har choq o‘shalarning aytgani-aytgan, degani-degan bo‘layapti. Ahvol shunday bo‘lgach, tabiiyki, kishilarning kayfiyati, hayotga qarashlari boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Axir hammaning ham yaxshi turmush kechirgisi keladi. Farovon yashashni orzu qiladi. Bu esa ayb ham, gunoh ham emas.

Shundaylikka shundaykuya, lekin puldor mansabparastlarning turish-turmushi, to‘qlikka sho‘xlik qilishlari jamiyatimizni ma’naviy buzilish ko‘chasiga eltayapti. Odamlarimizning ko‘pchiligida nuqul o‘zini o‘ylash, boshqalardan ajralib ustun turishga intilish ishtiyoqi borgan sari kuchayib ketayapti. Bu xil havas, ishtiyoq esa o‘z mevasini berayapti, ya’ni xudbinlar toifasi safini kengaytirayapti. Shu xil toifadagilar muhitiga tushib qolgan Erkin A’zamov qissasining qahramoni ularga alam-iztirob bilan shunday ta’rif beradi: «Bularga fakat to‘y bo‘lsa, bazmu bayram, sayru sayohat bo‘lsa!» Shu xildagi xayol, orzu-o‘y bilan yashaydigan «Bayramdan boshqa kunlar» qissasidagi Safura, Bargidalar muhiti esa «Ko‘ngul ozodadur»dagi Shodiyorning otasi, tog‘asining turish-turmushidan rang olgandir. Pul-boylik tufayli bosar-tusarini bilmay qolganlarning ham, ular turish-turmushiga astoydil ishtiyoqmandalarning ham xayoli doim kayfu safoda bo‘ladi. Ular uchun tabiiyki, hazrat Navoiyning dard to‘la dostonlari ham, Gulxaniy bobo «Zarbulmasal»da yonib aytgan hikmatlar ham sariq chaqacha qadr-qimmat kasb etmaydi. Agar shunday bo‘lganida edi, Shodiyor va uning yoru birodarlari loaqal G‘ulomning kim ekanligiga, uning nima ishlar bilan mashg‘ulligiga astoydil qiziqqan bo‘lishardi. Ularning yoshlikka xos xayoliy, pokiza shu qiziquvchanligini esa, pulu mansabni ka’ba o‘rnida ko‘radigan oilaviy muhit zanglatib ishdan chiqarib tashlagan. Yoki xudbinlik olami shun day darajadagi razolat, pastkashlik uyasi bo‘lmaganida edi, «Bayramdan boshqa kunlar»dagi tovlamachilar o‘zlariga qon-qarindosh bo‘layotgan sodda Bakirni unchalik azob-iztirobga solishmasdi.

Shunisi ham haqiqatki, halol, birovga ozor berishdan, o‘zganing haqiga xiyonat qilishdan o‘zini tiyadigan odamlardan ko‘ra pul-boylikka sig‘inadigan, erta-kech mansab-martabani o‘ylaydigan kimsalar ancha faol bo‘lishadi. Chunonchi, G‘ulom, Bakir singari kamsuqumlar atrofidagilarga ta’sir ko‘rsatishga ko‘pam intilishmaydi. Ehtimol, bu galvali turmushda, ma’naviy qadriyatlar qadrsizlanib borayotgan bir paytda harakatlari besamar ketaverganidanmi, «ko‘ngul ozodadur, dunyoga arzi ehtiyoj etamiz…» deyishadi.

Hayriddin Sultonov o‘zining mazkur qissasida «sharhiga yuz ming «Zarbulmasal» ojiz zamonamiz» hodisalarini Gulxaniy asariga taqqos, qiyoslar asosida hikoya qiladi. Chunonchi, unda klassik shoir masxaralab ketgan, biz esa undan ham o‘tkazib dimogdorlik bilan salbiy tiplar deb atagan yolg‘onchi, lofchilarning xattiharakatlari bugungi rahbarlarimizning faoliyatiga solishtiriladi. Yoki bo‘lmasa, qishloqdagi dehqon allaqachon tasavvuridagi kasbu koridan ajralib paxtakorga aylanib ketgani, u xuddi qavatli uylarda istiqomat qiladiganlardek sabzi-piyoz, kartoshkani shahardagi do‘kondan qatnab olayotgani achchiq kinoya, o‘tkir piching bilan ta’kidlanadi. Amaldorlarga makon bo‘lgan idoralar urchib ketgani, u yerlarga o‘rnashib olgan mansabparst kimsalar majlis-mashvarat o‘tkazishga ruju qo‘yishgani, birovimiz mahliyo bo‘lgandan, boshqamiz beparvolikdan bu yaltiroq nutqbozliklarga ko‘nikib qolganimizga istehzo qilinadi.

Shuningdek, adibning mazkur asarida o‘tmishga, xalqimiz kechmishiga yorug‘ nigoh, ozoda ko‘ngil bilan qaraladi. Kishi kishiga Do‘st, o‘rtoq deyilayotgan hozirgi kunlarimizda qalloblik, tovlamachilik, xudbinlik qanchalar avjga kirgani, lekin o‘sha odam odamga bo‘ri bo‘lgan deyiladigan o‘tmish zamonlarda biz ko‘rish, tan olishni istamagan, lekin ibrat olsa arziydigan ma’naviy-axloqiy sifat, fazilatlar ustivor bo‘lganiga diqqat-e’tibor qaratiladi. Xususan, diyonat, imon, insof, haromdan hazar bobida bir-biriga mehru oqibatlikda ajdodlarimiz bugungi kun odamlaridan anchagina balandda turishi to‘qlikka sho‘xlik qilib yashayotgan mansabparastlarning qilg‘iliklari misolida asoslab ko‘rsatiladi. Shuning uchun haromdan kelgan boylikdan bosar-tusarini bilmay qolganlar turmush tarzini, ularning xohish-istaklari yo‘lida uvol bo‘layotganlar qismatini hikoya kilish asnosida «imon qochayotir, imon» deb aytilgan gap hozirgi ma’naviy hayotimiz, umumaxloqiy qiyofamiz haqidagi eng odilona xulosa bo‘lib jaranglaydi.

Chunki imon qochib, haqiqat toptalgani tufayli turg‘unlik davrida davron surib kelganlar hamon o‘sha-o‘shaligicha yashayapti. Amal-martabaning u kursisidan bu kursisiga o‘tib yuribdi. Shuning oqibatida qishloqdagi kolxozchi un, shakar, qand, sovun axtarib sarson bo‘lib yuribdi, shahardagi o‘qituvchi, ishchi, nashriyotdagi G‘ulom singarilar adoqsiz navbatlarda ezilib umrini sovurayapti. Jamiyatimizning metindan mustahkam zanjir hosil qilgan yangi toifasi, ya’ni puldan qalqon, mansabdan qo‘rg‘on yasab olganlar guruhi esa, bunga aslo parvo qilmayapti. Aksincha, atrofdagilarning havasu hasadini keltirib rohat-farog‘atda turmush kechirayapti. Alohida imtiyozlardan yetti qavat pardaga o‘ralib arshi a’loga chiqib olgan bu maxsus toifaga oddiy mehnatkashlarning yetishmovchiliklardan bo‘g‘ilayotgani, turmushning nosozligidan noroziligi yetarlicha sezilmayapti. Buning ustiga ular oddiy mehnatkashlar uchun jon kuydiradigan, elining istiqboli uchun yonib-kuyib yurganlarning ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini egallab olishiga iloji boricha imkon bergilari kelmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, ular turmushimizda nosog‘lom muhitni kengaytirayapti. Ana shu nosog‘lom muhit ogirning ustidan, yengilning ostidan yuradigan kayfu safoga o‘ch kishilar to‘dasini ko‘paytirayapti. Bu toifa shunday bir shakl-shamoyilliki, ular uchun millati, elining aziz urf-odatlari, tarixi go‘yo arzimas narsa. Erkin A’zamovning yuqorida eslatilgan qissasida shu xil kayfiyat, dunyoqarashdagi kimsalarning ajabtovur turishturmushi xususida so‘z yuritiladi. Kayfu safo bandalari bo‘lgan Safura singarilarning pul-boylik to‘plash, yaltiroq zebi-ziynat orttirishdan bo‘lak biror bir maqsadi, chUtayin kasbi-kori yo‘q. Ular xuddi shu tor, xudbinona istaklari yo‘lida har qanday nopok yo‘lga kirishga, «Ko‘ngul ozodadur» qissasidagi Shodiyorning otasi, tog‘asiga o‘xshaganlarga sig‘inishga, topinishga tayyor. Lekin bu kibr-havoli to‘da o‘zlarini zamonaning ilg‘or kishilari deb hisoblaydilar. Hatto o‘zlariga xos tilda gaplashadilar. Ular ota-onaga, o‘zidan kattalarga muomala-munosabatda sharqona taomillarni yaltiroq taqinchoqlarga, ajnabiy modalarga allaqachonoq almashtirib yuborganlar. Jamiyatimizning alohida bir toifasi sifatida ko‘rinayotgan «Ko‘ngul ozodadur»dagi Shodiyorning otalari, tog‘alari, Erkin A’zamov qissasidagi Safura, Afro‘za Kamolova, Zokir pochcha, Chinnibek singarilar «bayramdan boshqa kunlar boshqalarniki, boshqalarga buyursin!» shiorini bayroq qilib yashayapti. Ya’ni sayru sayohat, bazmu bayramlarga to‘lib-toshgan kunlarning dasturxonlari tepasida, Xayriddin Sultonov asarida aytilganidek, «eng yomon kunimiz shunday bo‘lsin», deya nutq irod qilishayapti.

Ammo bu toifa ana shu bazmu jamshidlari oddiy mehnatkashlarning halol rizqu nasibasini o‘marish hisobiga bo‘layotganligini aslo o‘y-xayoliga keltirmaydi. Bu ikki asar bizning kunlarimizda paydo bo‘lgan xudbinlar toifasining kayfiyatini, yashash tarzini aks ettirib berishi hamda kishilarimiz o‘rtasida mol-pulga qiziqishning kuchayganligi tufayli mehr-oqibatning qadrsizlanayotganligi haqida o‘ylantirishi jihatidan o‘zaro hamohang bo‘la oladi. Ular qahramonlar kayfiyati, ichki olami, xatti-harakatlarnni har taraflama yoritgani, Shodiyor, Safura, Bargidalarni real hayot kishisi sifatidagi dunyosini o‘z murakkabligi, ziddiyatlari bilan gavdalantirishi jihatidan ham o‘zaro yaqin turadi.

Shodiyorning «Nima harom-harish? Hamma qatori, ko‘pchilik nima bo‘lsa biz ham shu. Umr bir marta beriladi, o‘ynab-kulgan qoladi, boshqasi bir tiyin», deya beparvolarcha yelka qisib aytgan so‘zlarining o‘ziyoq har kuni bayram bo‘lgan toifaning kayfiyati «Ko‘ngul ozodadur»da nafrat-la chizilganini ko‘rsatadi. Erkin A’zamov qissasi qahramonining iztirobga to‘lib: «Yo‘q, Bakir bilgan shahar fuqarosi emas bular, boshqa allaqayoqdan ofat misol yog‘ilib kelgan», deya o‘ylanishlarida ham hayotimizning shu chirkin hodisasiga muallifning murosasiz munosabati ayon bilinib turadi. Bu adiblar xudbinlikning, mol-dunyoga sig‘inishning, mansabmartaba, amalga o‘chlikning oqibatlari qanday mevalar berayotganligini bugungi kundalik hayotimizning aniq ko‘rinishlari orqali aks ettirishga e’tibor beradilar. Odamlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning aynib borayotganligiga, imon, diyonat unutilayotganiga, yaltiroq, harom-harish turmushga o‘chlik tufayli mehr-oqibat toptalayotganiga qarshi qalblaridagi isyonni ehtiros bilan G‘ulom, Bakirlar tiliga ko‘chiradilar.

Xayriddin Sultonov qissasining mana bu o‘rinlari ezgulikka chorlovday taassurot tug‘diradi: «Olam bepoyon, yaxshilik ham, yaxshilar ham olam ichra behisob. Yomonlar ham ulardan oz emas, ammo shularni deb o‘z yog‘iga jahonni qovurmoq — oqillar ishi emas. Dunyo kezsang anglaysanki, inson behudud borliq qarshisida bir zarradir. Shunda sen dilingni o‘rtagan qabohatlarni unutgaysan. Yaxshilik — olamning ustuni ekaniga imon keltirgaysan. Na choraki, zaru zo‘r hamma zamonlarda ham bo‘lgan. Bu ofatning davosi nadur? Ojiz aqlim bunga yetmaydur. Ammo sochim oqarib tubiga yetganim hikmat shul: inson ekansan, inson qalbiga yaxshilik urug‘ini sochginu uni mehr chashmasi bilan sug‘orgil». Bu iztirobli iltijolar publitsistik chaqiriq sifatida emas: balki turmushning hamma hodisalarini, yaxshilik-yomonlikni chuqur mulohaza kiladigan qahramonning nidolari, u anglab yetgan haqiqat sifatida taqdim qilinadi. Ayniqsa, «yomonlar oz emas, ammo shularni deb o‘z yogiga jahonni qovurmoq — oqillar ishi emas», deyilganida olis o‘tmishdagi, Gulxaniy zamonasidagi yorug‘ fikrli kishilarning pand-o‘gitlari bilan G‘ulom, Bakir singari zamonamiz ozoda ko‘ngillarining umidbaxsh xulosalari omuxtalashganday tuyuladi.

To‘g‘ri, adabiyot, jumladan, mazkur qissalar ham hayotni Shodiyorlar, Safuralar keltiradigan razolatlardan bevosita xalos eta oladigan kuch-qudratga ega emas. Ammo ular dillarga munavvarlik baxsh etadigan, ezgulikka bir lahza bo‘lsa-da, ishonch uyg‘otadigan jozibaga ega. Afsuski, biz shu imkoniyatlardan yetarlicha foydalana olmaymiz. Xususan, yaratilayotgan asarlarning mag‘zi, mazmunini idrok qilishga ko‘pam intilmaymiz. Aslida esa har choq «inson ekansan, inson qalbiga yaxshilik urug‘ini soch», degan aqidaga ishontiradigan, ruhimizni pokizalaydigan asarlardan xudbinlik kasalligigiga giriftor ko‘ngillarimizni bahramand etishimiz darkor. Shunda ko‘ngillarimiz ozoda bo‘ladi. Hayotda Shodiyor, Safuralar singari faqat o‘zimiz uchungina emas, balki jamiki ezgu niyatli, barcha halol, diyonatli odamlar uchun bayramli kunlar bo‘lishiga sidqidildan jafokash komil sifatida o‘zimizni yuksaltiramiz.

Biz anchadan buyon shov-shuvga to‘la axborotlar bo‘roni ichida qolib, badiiy asarlarning jozibasi xususida, inson qalbidagi sirlisehrli tuyg‘ular, ehtiroslar, kechinmalar olami haqida o‘ylashni, mulohaza yuritishni bir chetga yig‘ishtirib qo‘ygandaymiz. Lekin aslida hayotimizdagi ijtimoiy-ma’naviy buzilishlar haqidagi eng zo‘r tashvish, dard Stalin, Brejnev haqidagi siyosiy pamflet, ocherk, maqolalarda emas, balki yaratilayotgan eng yaxshi roman, qissalardagi jafokash qahramonlarning ko‘ngillarida kechayapti. Xayriddin Sultonov hamda Erkin A’zamovning bu yangi asarlari esa shunday salmoqqa egadir. Albatta, jafokash ko‘ngilning iztirob, isyonini aks ettirgan bu asarlar haqida ham (taomildagi odatga ko‘ra deyilsa ham bo‘laveradi) ayrim bir tanqidiy mulohazalar aytish joizday ko‘rinadi. Masalan, «Ko‘ngul ozodadur… »ning anchagina sahifalarida Gulxaniy faol qahramon sifatida ishtirok etib keladiyu, negadir keyinchalik asarga go‘zal tarzda singishib, unga ta’sirchan ruh baxsh etib harakat qilgan «Zarbulmasal»ning aralashuvi susayib ketadi. Gulxaniy boboning yoniq hikmatlari esa, ozoda ko‘ngil G‘ulomning qalb dunyosini jozibador etadigan oyna, ko‘zgu ekanligi qissaning boshlarida yorqin bilinib turadi. «Bayramdan boshqa kunlar»da esa, elidan ajralib chiqqan kayfu safo bandalarining turqu tarovati, kayfiyat, xohish-kechinmalari, yashash tarzi tiniq gavdalantirilganu, lekin «bayramdan boshqa kunlar boshqalarga buyursin», deydigan xudbinlar muhitiga tushgan jafokash ko‘ngil haqida asar shaklida ham qandaydir sun’iylik seziladi. Xususan, boblarning aynan «keyingi bekat faloni…» tarzida brshlanishi voqealarning ichki ruhiga, ohangiga bir qadar singishmay turadi.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 9-son