Abdulla Rustamov. Qozoq she’riyatining Asqar tog‘i

Qadimdan bir-biriga qavm-qarindosh, dili, tili va dini bir bo‘lgan, bir daryo­dan suv ichib, qiz berib, qiz olishib, yaqin do‘stlik va yaxshi hamkorlikda yashab kelayotgan yon qo‘shni – jon qo‘shnimiz bo‘lgan qozoq xalqi  orasidan o‘z xalqining asl farzandlari bo‘lgan ulug‘ siymolar ko‘plab yetishib chiqqan va ular o‘z elining faxriga aylanganlar.

Shunday buyuk siymolardan biri XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshida yashab ijod etgan qozoq xalqining asl farzandi, buyuk ma’rifatparvar shoiri Abay Qo‘nonboyevdir. U o‘zining barhayot nomi va betakror o‘lmas ijodi bilan qozoq xalqining shuhratini olamga yoyib kelmoqda. Abayning adabiy merosi, ilg‘or falsafiy fikrlari, buyuk yaratuvchilik g‘oyalari vatanga, insonga, tabiatga, hayotga bag‘ishlangan yuksak ma’naviy dunyosidir.

Abay Qo‘nonboyev adabiy tafakkurni nurlantirgan, mavjud hayotni san’atkorona badiiy aks ettirgan ulkan mutafakkir adibdir. U shoir sifatida butun insoniyatga muhabbat ko‘zi bilan qaradi. Shoirni milliylik qobig‘idan chiqarib, uni umumbashariy  shoirga aylantirgan omil uning o‘z xalqiga bo‘lgan cheksiz va beg‘ubor muhabbati, el-yurtining taqdiri bilan bog‘liq kurashchan dono fikrlaridir. Zero, o‘z xalqini chin sevgan kishigina boshqa xalqlarni seva oladi, o‘z qadrini himoya qilishga qodir odamgina inson qadrini ulug‘lay oladi.

O‘z elining tinch, osoyishta hayot kechirishini, ilmli-bilimli bo‘lishini, madaniyatining yuksalishini orzu qilgan ulug‘ shoir xalqiga teran hikmatlar va go‘zal tuyg‘ular bilan to‘lib-toshgan ajoyib she’rlar xazinasini meros sifatida qoldirdi. Shoirning adabiy merosi milliylik chegarasidan chiqib, jahon so‘z san’atining asl durdonalariga, insoniyat tafakkurining xazinasiga aylandi. Uning qo‘shiq bo‘lib tillarda yangragan ajoyib she’rlari, hikmat bo‘lib dillarga singgan nasriy asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingani va tarjima qilinayotganining tub sababi ham shunda bo‘lsa kerak.

Abay – ulkan realist shoir va yozuvchidir. Uning she’rlari tog‘ bag‘ridan qaynab chiqqan zilol chashmaning suvi kabi jonga huzur bag‘ishlaydi. Bu she’rlar tonggi sabo kabi musaffodir. Ular gulu rayhonning va bog‘u bo‘stonning muattar hidi kabi barq urib, ko‘ngilni zavqu shavqqa to‘ldiradi, bo‘g‘in-bo‘g‘inlarni bo‘shashtirib, yuraklarni yayratgan do‘mbiraning mayin va dil o‘rtar nolasiga o‘xshaydi.

U asarlarida o‘z davrining hamma tomonlarini butun qarama-qarshiliklari bilan ko‘rsatib bera oldi. Shunday qilib shoir ijodi o‘z zamonasining ko‘zgusiga aylandi.

Abay Qo‘nonboyev 1845 yilning 10 avgustida hozirgi Sharqiy Qozog‘istondagi Chingiztog‘ etaklarida joylashgan Qashqabuloq yaylovida tavallud topdi. Uning asl ismi Ibrohim bo‘lib, yoshligida onasi Uljon uni erkalab Abay deb atagan. “Abay” so‘zi qozoq tilida ehtiyot, ogoh degan ma’noni bildiradi. Demak, ehtiyot bo‘l, avayla (qozoqchasiga abayla), keyinchalik “abayla” “abay”ga aylanib, uning doimiy ismi bo‘lib ketgan.

Abayning katta bobosi O‘ljoy botir bo‘lib, undan Irg‘izboy, undan O‘skenboy, undan Abayning otasi Qo‘nonboy tug‘ilgan. Qarqarali okrugining og‘a-sultoni bo‘lgan Qo‘nonboy O‘skenboyev yirik feodal edi. U qat’iyatli va talabchan, dushmanlariga esa shafqatsiz bo‘lgan. Abayning bolaligi ana shu qattiqqo‘l otaning tarbiyasida o‘tdi. Onasi Uljon aqlli, mehribon, shirinsuxan va dono ayol bo‘lgan. Abayni erkalatib, ko‘p ertaklar aytib, bo‘lajak shoirning xalq og‘zaki ijodini o‘rganishidagi dastlabki yo‘lni ochgan buvisi Zere (Qo‘nonboyning onasi) ko‘pni ko‘rgan, mehr-oqibatli, xalq o‘rtasida alohida izzat-e’tiborga ega ayol edi. Bu ikki ona Abayning oddiy odamlar tomoniga o‘tib, astoydil xizmat qilishida katta ijobiy ta’sir ko‘rsatganlar.

Abayni 8 yoshida otasi “Eski tom” ovulida o‘zi ochgan madrasaga olib borib, G‘abitxon (Obidxon) ismli mullaga o‘qishga beradi. Mullaning ta’limidan bolasi ham yolchimagan, o‘zi ham qanoatlanmagan Qo‘nonboy Abayni 10 yoshida Semey shahridagi Ahmad Rizo madrasasiga olib boradi. Abayni madrasadagi diniy bilimlar qoniqtirmadi. Buxoro madrasalaridan birida o‘qirkan, o‘zicha mustaqil o‘qish bilan ham shug‘ullana boshlaydi. Arab, fors, o‘zbek tillarini o‘rganishga kirishadi. Abay sharq klassik adabiyoti nomoyandalari Firdavsiy, Sa’diy, Xo‘ja Hofiz, Jomiy, Navoiy, Nizomiy va Fuzuliylarning asarlari bilan tanisha boshlaydi, ular ijodidagi ayrim g‘azallarni yod oladi. Ayniqsa, she’riyat mulkining sultoni, hazrat Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz deb bildi. Uning asarlaridagi hayotni sevish, gumanizm va insonparvarlik g‘oyalari yosh Abayga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Abay unga ergashib o‘zining ilk she’rlarini yozadi.

Abay madrasada o‘qib yurgan chog‘ida shahar turmushi va madaniyati bilan qiziqib boradi. U bu yerda haqiqiy qozoq madaniyatini yaratish uchun ilg‘or rus madaniyati va bilimini o‘rganish zarurligini tushunadi. Buning uchun u dastavval rus tilini bilish kerak, degan xulosaga keladi. Shu maqsad bilan Abay madrasada o‘qish bilan bir vaqtning o‘zida otasining ruxsatisiz ruscha “Prixodnaya shkola”ga kirib o‘qiydi. Abay u yerda 3–4 oy ichida bir yillik o‘quv dasturini egallashga harakat qiladi. U shahardagi rus kutubxonasidan kitoblar olib o‘qiydi. Bu yerda ko‘pgina rus kishilari bilan tanishadi. Ular yosh Abayning rus tilini tez o‘rganib, erkin o‘zlashtirishiga yordamlashadilar. Rus shoirlari va yozuvchilarining asarlari bilan tanishgan Abay Arastu, Suqrot, Gegel falsafasidan bahramand bo‘ladi. U G‘arb adabiyotining mashhur klassiklari Bayron, Gyote va boshqalarning ayrim she’rlarini qozoqchaga o‘giradi. Natijada yosh Abayning dunyoqarashi o‘zgara boradi. U xalqni insonparvarlikka da’vat etuvchi she’rlar yoza boshladi.

Biroq, Abayning shahardagi o‘qishi uzoqqa cho‘zilmaydi. Yangi dunyo eshigini topib, ichidagi bilim durdonalardan endigina bahramand bo‘layotgan Abayni 13 yoshida otasi shahardan chaqirtirib oladi. Qo‘nonboy o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun endi Abayni yonida olib yurib, el boshqarishni o‘rgatishi va unga mansab olib berishi kerak edi. Abay otasining ra’yiga qarshi borolmay, aytganiga ko‘nishga majbur bo‘ladi.

Abay otasining yoniga qaytib kelgach, o‘ziga topshirilgan vazifalarni ba’zan ota­sining ko‘rsatmasi bo‘yicha, ba’zan esa yuragi buyurganicha bajarib yuradi. El ishiga aralashgandan keyin, Abay xalq og‘zaki ijodi bilan ham keng tanisha boshlaydi va bular uning uchun ikkinchi bir “maktab” bo‘ladi. Shunday qilib, Abay el orasida bilimli, o‘z xalqining urf-odatlari hamda tarixiy va madaniy yodgorlik­larini yaxshi biladigan yoshlarning biri bo‘lib taniladi va shuhrat qozona boshlaydi.

Qozoq ovullaridagi xalqning turmush sharoiti bilan tanishar ekan Abay aholining nihoyatda og‘ir ahvoliga, o‘ta qiyinchilik bilan turmush kechirayotganligiga ich-ichidan achinadi hamda  ularga xayrixohlik bildirib iloji boricha g‘amxo‘rlik qilishga tirishadi. Abayning bunday xalqparvarligi otasi bilan o‘zi o‘rtasidagi bir qancha qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ladi. Qo‘nonboy o‘g‘lining xalqqa yaqinligini yoqtirmay, unga: “Sen odamlarning hammasiga kulib gapirasan, yoyilib oqqan suvga o‘xshaysan, yoyilib oqqan suvni it ham, qush ham ichadi. Ko‘pchilikdan yiroq yur, shunda boshingga xalq uymalayvermaydi”, deb qattiq  ko­yiydi. Shunda Abay: “Qo‘lida quroli bor, bitta-ikkitagagina foydasi tegadigan chuqurdagi ko‘lob suvdan, o‘tgan-ketganga, ko‘pchilikka, xalqqa foydasi tegadigan yoyilib oqqan suvni afzal deb bilaman”, deb javob qaytaradi.

Og‘a-sulton mansabidagi Qo‘nonboy o‘z qo‘lidagi huquqdan keragidan ortiqcha foydalanardi. U qo‘shni ota urug‘lari Jigitek, Bukenshi va Juantayoq qabilalarining yaxshi yerlarini tortib oladi. Bunday zo‘rovonlik va haqsizliklar natijasida eldan tinchlik ketadi, o‘zaro urush-janjallar va  nizolar kuchayadi. Masalan, Musaqul degan joydagi qonli to‘qnashuvda Qo‘nonboy qo‘shni Jigitek urug‘ining bir necha odamini o‘ldirtirib, o‘n yetti kishini Sibirga surgun qildirtiradi. Keyinchalik Qo‘nonboy egallab turgan lavozimidan tushirilib, Omsk shahriga tergovga chaqirtiriladi. Jigitek urug‘iga yerlari qaytarib beriladi, lekin oradagi avj olgan nizolar bosilmaydi, ular battar o‘chakishadilar. Bu esa keyinchalik Qo‘nonboy bolalarining boshlariga katta kulfatlar olib keladi.

Mashhur yozuvchi Muxtor Avezov o‘zining to‘rt tomdan iborat “Abay yo‘li” roman-epopeyasida Qo‘nonboyni yuqorida keltirganimizday boy-feodal sifatida salbiy obraz etib tasvirlab, u bilan o‘g‘li Abay o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatadi. Chunki roman badiiy asar bo‘lgandan keyin bosh va ijobiy qahramon sifatida Abayning dunyoqarashlarini yangilik va otasinikini esa eskilik sarqiti etib ta’riflaydi. Bu bilan adib o‘sha davrdagi qozoq jamiyatidagi eski urf-odatlar bilan yangi udumlar, o‘tmish qoldiqlari bilan kelajakdagi ezgu maqsadlar o‘rtasidagi tafovutlarni ota-bola orasidagi munosabatlar orqali tasvirlashga harakat qiladi.

Kamina 2012 yili Abay tug‘ilib o‘sgan hozirgi Abay tumanida bo‘lib, uning uy-muzeyidagi shoir zamondoshlarining esdaliklari bilan tanishganimda va boshqa tarixiy manbaalarda Qo‘nonboyning feodal va qattiqqo‘l bo‘lishiga qaramay o‘z davrida juda ko‘p yaxshi va xayrli ishlar qilib ketganini bildim. Jumladan, Qo‘nonboy o‘z qaramog‘idagi ovullarda eski maktablar ochib, bolalarni, avvalo, o‘z urug‘iga qarashlilarning bolalarini o‘qitib, savodini chiqarishga harakat qilgan. O‘sha davrdagi milliy urf-odatlarning saqlanib qolishiga, mavjud tartibning buzilmasligi uchun kurashgan. Qarigan chog‘ida esa, Makkaga safar qilib, u yerda o‘z hisobidan masjid va mehmonxona qurdirgan.

Abay 1875 yili To‘biqti urug‘iga qarashli Qo‘ng‘ir-ko‘kcha eliga bo‘lis (hokim) bo‘lib saylanadi. U joylarda o‘g‘rilik, bosqinchilik, o‘zaro nizolarga barham berishga, gunohkorlarga qattiq choralar ko‘rishga uringan. Adolat o‘rnatish orqali u el ichida tinchlik o‘rnatishga harakat qilgan. Biroq, uning yo‘lidagi to‘siqlar va qarshiliklar shunchalik katta va ko‘p ediki, bular Abayning ezgu  maqsadlarini amalga oshirishiga sira imkon bermadi va uning bu harakatlari zoye ketadi. Shu sababdan ham u 1878 yili o‘z xohishi bilan bo‘lislikni topshiradi. Shundan so‘ng uning ustidan ota dushmanlari Semey uyezdi hokimiga ketma-ket shikoyat arizalar yog‘diradilar. U ikki yil davomida Semey shahriga bir necha marta chaqirtirilib, o‘n ikki xil ish bo‘yicha tergov qilinadi. Yolg‘on tuhmatlardan arang qutulgan Abay 1880 yilning bahorida o‘z eliga qaytadi. Shunday keyin u muttasil badiiy ijod bilan shug‘ullanadi.

1885 yilning may oyida Shar daryosining bo‘yidagi Qoramo‘la degan joyda Semey viloyati general-gubernatori Seklinskiy boshchiligida Semey viloyatiga qarashli 5 uyezdning 100 dan oshiq biy-bo‘lislari bosh qo‘shgan favqulodda qurultoy o‘tkaziladi. Shu qurultoyda to‘be biy (bosh biy) bo‘lib saylangan Abayga “Semey qozoqlari uchun jinoyat ishlariga qarshi qonun-qoidalar”ni tayyorlash topshiriladi. Abay rahbarligidagi komissiya hammasi bo‘lib 93 bobdan iborat bo‘lgan ushbu nizomni 3 kun va 3 tunda tayyorlaydi. 1886 yili Abay Semey viloyati statistika komitetining to‘liq a’zosi etib saylanadi.

Abayning 7 o‘g‘il va 3 qizi bo‘lgan. Shoir farzandlarining hammasini o‘qitadi. Bular orasida Aqilboy va Mag‘aviya otasi kabi shoir bo‘lib yetishdi. Abdurahmon ismli o‘g‘li esa Petrburgda o‘qib, o‘sha vaqtdagi qozoq bilimdonlarining biri bo‘ldi.

Abay o‘z atrofiga shoirlar, qo‘shiqchilar, adabiyot ixlosmandlarini yig‘adi va ularga qo‘lidan kelgancha ko‘maklashadi. Abay 1886 yildan boshlab rus shoir va yozuvchilari Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Saltikov-Shedrin, Nekrasov, Krilov hamda boshqa rus shoir va yozuvchilarining asarlarini qozoq tiliga tarjima qila boshlaydi.

Abay faoliyatidagi muhim ishlardan biri yoshlarni tarbiyalash bo‘ldi.  Shoirlik iste’dodi sezilgan yoshlarga o‘zi mavzu berib, dostonlar yozdirib, o‘zi tahrir qilib, tanqidiy mulohazalarini bildirib bordi. Masalan, u o‘g‘illari Mag‘aviyaga “Meg‘dat Qosim”, Aqilboyga “Qissai Yusuf” dostonlarini yozishda yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, ijod bilan shug‘ullanishlariga rahbarlik qildi.

XIX asrning 90-yillariga kelib otasi Qo‘nonboyning dushmanlari qaytadan ko‘tarilib, uning o‘g‘illaridan qasd olmoqchi bo‘lishadi. 1890 yili elga bo‘lis bo‘lib ishlab turgan O‘spon bilan ota dushmani O‘rozboy o‘rtasida katta janjal chiqadi. O‘spon Semey uyezdiga arz qilgani ketgan O‘rozboyni quvib yetadi va uni “qochib yurgan o‘g‘ri” deb general-gubernatorning ruxsati bilan oyoq-qo‘lini bog‘latib olib keladi. O‘rtadagi dushmanlik avjga chiqqan paytda, ya’ni 1891 yili O‘spon kasal bo‘lib, vafot etadi. O‘spon o‘limidan keyin uning dushmanlari Abayga yopisha boshlaydilar. O‘spon tutatib ketgan cho‘g‘ alangaga aylanadi.

1894 yildan boshlab Abay oilasida fojiali voqealar sodir bo‘la boshlaydi. Shu yili Petrburgdagi harbiy bilim yurtini  tugatib, akademiyaga kirishga hozirlanayotgan sevikli o‘g‘li Abdurahmon sil kasaliga uchraydi va bir yildan so‘ng, 1895 yili Verniy (hozirgi Olma ota) shahrida 27 yoshida vafot etadi.

Ota dushmanlari Abayning qayg‘usiga qo‘shilish o‘rniga uni yanada turtkilay boshlaydilar. Ular 1897 yili Abayning uyida, “podsho hukumatiga qarshi bo‘lgan odamlar ko‘p keladi va o‘zi ham podshoga qarshi ishlar bilan shug‘ullanadi”, degan ayblar bilan tintuv uyushtiradilar. Lekin politsiyachilar hech narsa topa olmaydi. Ularning bu fitnasi natija bermagach, boshqacha choralar ko‘rishga o‘tishadi. O‘sha yilning kuzidagi saylov vaqtida ular unga qarshi turli bo‘htonlar uyushtirishib, Abayni kaltaklashgacha borib yetadilar. Biroq, fitna fosh bo‘lib, uni uyushtirgan shaxslar jazoga tortiladi. Bu voqealar Abayga qattiq ta’sir qiladi. U 1889 yilda yozgan bir she’rida:

Yuragim mening qirq yamoq,
Xiyonatkor olamdan… –

 deb, zorlanadi. Ana shunday ahvoldagi Abayning boshiga 1904 yili yana bir og‘ir kulfat tushadi. O‘sha yilning bahorida taniqli shoir, bir qancha poemalar muallifi, Abayning sevikli o‘g‘li Mag‘aviya kasal bo‘lib 34 yoshida bevaqt vafot etadi. Dardi og‘irlashgan Abay hech kim bilan gaplashmay, to‘shakda yotib qoladi. Mag‘aviya o‘limidan 40 kun o‘tgach, 1904 yilning 23 iyul kuni Abay dunyodan ko‘z yumadi. Uning jasadi Chingiztog‘ etaklaridagi o‘zi oxirgi yillari yashab o‘tgan Jideboy degan joyga qo‘yiladi.

Abay bor-yo‘g‘i 59 yil yashagan bo‘lsa-da, shu  qisqa va mazmunli umrida qozoq yozma adabiyoti va adabiy tiliga asos soldi. Abayning ijodiy merosini 180 ga yaqin she’rlari, 3 ta poemasi, 60 dan ortiq tarjimalari va unchalik katta bo‘lmagan nasriy asarlari tashkil etadi.

Abay qozoq adabiy hayotiga yangi yuksalish davrini olib keldi. U shoir, dostonchi, yozuvchi, tarjimon, bastakor, faylasuf-olim, gumanist, ma’rifatchi sifatida ijod qilib qozoq klassik adabiyotining otasi, qozoq poeziyasining asqar tog‘i, zamonaviy musiqa yaratuvchisi va ma’rifatga yo‘l boshlovchisi darajasiga chiqa oldi.

O‘zbekistonda ham qozoq xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyevning adabiy ijodi yuksak baholanib, asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Toshkent shahrida uning mahobatli haykali o‘rnatilgan va yirik ko‘chalardan biriga uning nomi berilgan. Shuningdek, uning nomida qo‘rg‘onlar, qishloqlar,  madaniyat o‘chog‘lari bor.

2015 yili buyuk shoir Abay Qo‘nonboyev tavalludining 170 yilligi respublikamiz miqyosida bayram qilindi. U haqda “Abay olami” tadqiqot asari, “Abay”  asarlaridan namunalar kitob holida nashr etildi, ommaviy axborot vositalarida turkum maqolalar chop etildi. Shuningdek, “Abay – qozoq va o‘zbek xalqining yorug‘ yulduzi” kinofilmi suratga olindi. Joylarda esa, Abay ijodiga bag‘ishlangan festivallar, konferentsiyalar, adabiy uchrashuvlar va mushoiralar o‘tkazildi.

Hozirgi kunda Abay ijodiga qiziqish yanada ortib bormoqda. Ayniqsa, Abayning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi inobatga olinib hamda xalqlarimiz orasidagi o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, el-yurtimizni qozoq adabiyotining ulug‘ namoyandalari ijodi bilan keng tanishtirish maqsadida joriy yil 13 martida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori qardosh Qozog‘iston xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga, yorug‘ kelajagiga bo‘lgan katta hurmat va ishonchning yorqin ifodasi bo‘ldi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 4-son

________________
Abdulla Rustamov – 1948 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini (hozirgi O‘zTvaAU) tamomlagan. “Hayot qo‘shiqlari”, “Sog‘inch” kabi she’riy hamda “Abay olami” ilmiy-tadqiqot kitoblari chop etilgan.