XX asrning 30-yillarida, ayniqsa, mash’um ommaviy qatag‘on paytida yurak-bag‘ri butun yozuvchi, san’atkor, arbob, olim, omilkor qolmadi hisobi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Mirtemir, Shayxzodani qamamadilar. Lekin ularni shunchalik xor-zor qildilarki, inson zoti bunday ruhiy-ma’naviy azoblarga tob berishi amri mahol edi. 1937 yilning 31 avgustidan 5 sentyabrigacha Oybek uchun do‘zax azobidan qiyin kunlar bo‘ldi. Shu kunlarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi plenumida yozuvchining siyosiy faoliyati, ijtimoiy-ma’naviy qiyofasi masalasi o‘rtaga qo‘yildi. Oybekni millatchidan olib millatchiga solishdi, nari olib borib, beri olib kelishdi. Oybek o‘zi bilmagan, yetti uxlab tushiga kirmagan “gunohlarini” o‘zgalar og‘zidan eshitib hangu mang bo‘ldi. Bunday vaziyatda inson o‘zini himoya qilolmaydi, tuhmatlarni bo‘yniga olishdan o‘zga yo‘li qolmaydi. Plenum qarori bo‘yicha “Oybek Yozuvchilar soyuzi a’zoligidan o‘chirildi, Til va adabiyot institutidan haydaldi” (“O‘zAS”, 2005, 21 yanvar).
1937 yilning sentyabridan Oybek o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Ishlamasa bo‘lmaydi: uch farzandi, oilasi bor. Oybek o‘z tengqurlari orasida intellektual salohiyati kuchli olim edi. U falsafa, estetika, tarix, iqtisoddan tashqari, jahon adabiyoti namoyandalari asarlarini yaxshi bilardi. Oybek boshiga ish tushgan paytda professor N. F. Deratanining ikki jildlik “Antik adabiyotdan xrestomatiya” kitobi mashhur edi. Xrestomatiyaning ikkinchi kitobi “Rim adabiyoti” ni tarjima qilish imkoniyatini Oybek o‘ziga qarata oldi. Salkam 16 bosma taboqli bu asar “Bizning eradan ilgari III-I asrlar adabiyoti”, “Rim adabiyotining klassik davri” (miloddan avvalgi I asrning oxiri, miloddan keyingi I asrning boshlari), “Imperatorlik davri adabiyoti (milodiy I-II asrlar)” bo‘limlaridan, “Sharqlar” va “Atoqli ismlar va adabiyotshunoslik terminlari ro‘yxati” dan iborat edi. Xrestomatiyani tarjima qilish Oybek uchun katta ijodiy maktab bo‘ldi. Asarga Tit Plavt, Publiy Terentsiy, Gay Katull, Tit Lukretsiy, Mark Sitseron, Kvint Garatsiy, Maron Vergiliy, Publiy Ovidiy, Lutsiy Seneka, Gay Petroni, Lutsiy Apulley, Albiy Tibill, Lukianlarning tragediya, komediya, didaktik poema, liro-epik doston, satiralari kiritilgan edi. Oybek xrestomatiyani tarjima qilishdan oldin N.F. Deratanining “Yunon adabiyoti” (M.-L., 1932), “Plavt teatri” (M.;1933 yil) singari asarlarini o‘qib chiqdi. “Rim adabiyoti xrestomatiyasi” tarjimasi Oybekka zo‘r ijod maktabi bo‘ldi: tarjimon uch tur va ko‘p janrdagi asarlarni biryo‘la o‘zbekchaga o‘girdi, sharh va lug‘at mag‘zini chaqdi. Tarjimon deyarli barcha asarlar oxiriga “ba’zi o‘zgarishlar bilan” degan iborani qo‘shganki, tarjimaga ijodiy yondashganligi sezilib turadi. Xrestomatiyaga kiritilgan asarlar mualliflari haqida tazkiramonand ma’lumot beriladi. “Rim adabiyoti xrestomatiyasi”da asarlardan parchalargina berilgan. Xrestomatiya, tarjimon mahoratini ko‘rsatish maqsadida Lutsiy Senekaning “Oktaviya” tragediyasidan kichik bir parchani keltirishni loyiq topdik:
Oktaviya:
Endi zolim mustabid meni yuborar
G‘amli ko‘lkalarning zulmat yurtiga.
Nimaga men sho‘rlik behuda yig‘lay?
Taqdir kimni loyiq ko‘rgan bo‘lsa u
Eltsin o‘limga meni! Ko‘k tangrilarni
Chaqiraman… To‘xtang, tentak, ko‘k tangrilari
Sendan nafrat qilishadi. Men chaqiraman
Tartarni, ham jahannamning o‘ch olar
Ilohalarin, shunday jazo va o‘limga sazovor
Bo‘lgan otam, seni-da chaqiraman.
Tayyorlangiz kemani, chodirni qurib,
Uzoq Pandatariya sohillariga
Tomon yo‘l solsin ildam kema haydovchi.
“Rim adabiyoti” xrestomatiyasining sarvarag‘iga: “Kitobning tarjimasi O‘zSSR Maorif Xalq Komissarligi tasdiq etgan” degan yozuv borki, u Oybekka o‘sha yillardagi munosabatdan darak beradi. Oybek tarjimasidagi bu xrestomatiya nashr etilganiga 66 yil bo‘ldi. Hozir universitet, institut filolog-talabalari jahon adabiyotini o‘rganadilar. Afsuski, hozirgacha yunon, rim, misr, yapon, xitoy antik adabiyotidan o‘zbek tilida darslik, xrestomatiyalar yo‘q. 1965 yilda Moskvada N. F. Deratani, N. A. Timofeev tayyorlagan “Antik adabiyotdan xrestomatiya”ning I-II jildlari chop etilgan edi. Oybek tarjimasidagi “Rim adabiyoti” xrestomatiyasi o‘z qimmatini sira yo‘qotgani yo‘q. U Hozir qayta nashr etilsa, Oybek tavalludining 100 yilligiga munosib sovg‘a bo‘lar edi.
* * *
Oybek yozuvchilar soyuzidan chiqarilib, Til va adabiyot institutidagi ishidan chetlatilganda 33 yoshda – ishlab, o‘qib-o‘rganib, ijod qilib charchamaydigan balog‘at pallasida edi. U “Antik adabiyotdan xrestomatiya” ning II jildini tarjima qilar ekan, o‘zbek xalqining millat sifatida shakllanishi jarayonini haqqoniy aks ettirib beradigan roman kontseptsiyasini ongida yetiltirayotgan edi. San’atkor qanday asar yozmasin, baribir, shaxsiy hayotining, oilaviy muhitning qaysidir tomonlarini aks ettiradi. Katta epik asarda yozuvchiga tanish, uning xotirasidan o‘rin olgan voqealar, kishilar tasvirlanadi. “Qutlug‘ qon” romanida tasvirlangan voqealar XX asrning 10-yillari o‘rtasida ro‘y beradi. Oybek bu davrlarni yaxshi eslaydi. Aniqrog‘i, XX asrning 10-yillari voqeligi, odamlari Oybek ijodining o‘q ildizidan birini belgilaydi. U “Bobom”, “Bolalik”, “Baxtigul va Sog‘indiq”, “Ulug‘ yo‘l” asarlarida shu davrni tasvirlaydi. Demoqchimizki, Oybek ijodini o‘rganganda biografik metodni zinhor unutmaslik joiz. Frantsuz adibi, olim – mutafakkir Sharl Syont-Byov (1804-1869) biografik metodga asos soldi. Bu metodga ko‘ra badiiy asarda yozuvchi biografiyasiga taalluqli ko‘p masalalar mavjuddir. Avvalo, asar g‘oyasining, kontseptual asosining paydo bo‘lishi yozuvchi hayotidagi biron masala bilan bog‘lanib ketadi. Ikkinchidan, yozuvchi bilibmi, bilmaymi (g‘ayrishuuriy holda) yuragi qa’ridagi tuyg‘ularni, xotirasiga singib qolgan voqea, shaxslarni asariga kirita boshlaydi. Uchinchidan, asarning yozilishi jarayonidagi holatlar, manzaralar, hodisalar tabiiy holda asar strukturasiga singib boradi. Matyoqub Qo‘shjonov, Naim Karimov tadqiqotlarida, Zarifa Saidnosirova xotira-kitobida Oybek asarlaridagi biografik tomonlar – hayoti, turmushi, kayfiyati, tanishlari, asarlari prototiplari haqida qiziqarli voqealar keltirilgan. Biz “Qutlug‘ qon” asarining yozilish jarayoni bilan bog‘liq biografik jihatlarga e’tibor qaratmoqchimiz. Boshqacha aytsak, yozuvchilar soyuzi plenumidan (31. VIII—5.IX.1937) keyingi voqealarning Oybek taqdiri, “Qutlug‘ qon” romani biografiyasida qanday aks etganini ko‘rsatmoqchimiz. Obrazli aytganda, 1937 yildagi mash’um plenum navqiron Oybekning yorug‘ kunini qop-qora tunga aylantirdi. Oybekdagi san’atkorlik, yuksak iste’dod zimiston tunda charaqlagan yulduzni – “Qutlug‘ qon”ni bunyod etdi.
“Qutlug‘ qon” romani 1938 yilda, qisqa muddatda bitilganligi aytiladi. Roman yozilgan joy, fasl haqida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, dramaturg va rejissyor Rixsivoy Orifjonov (“O‘zMEn.”, 6-tom, T., 2003 yil, 566-bet) hikoya qilib bergan edi. Rixsivoy aka asli Yunusobodning Oqota mavzesidan bo‘lgan. Qishlog‘imizda Oybek domlaning dala bog‘i bo‘lardi. Bog‘dagi ko‘rkam shiypon hamon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Yoz kechalari Oybek shiyponida kerosin chiroq allamahalgacha yoqiq turardi. Men, 12 yoshli qishloq bolasi Oybek domla shiyponidagi chiroqqa tikilib yotganimcha uyquga ketardim. U vaqtlarda elektr, radio qayoqda deysiz. Hatto jing‘iroqli soat ham yo‘q ekan-da, qishlog‘imizda. Oybek shiyponidagi chiroq o‘chishi bilan qishloq ahli g‘imirlab qolardi: keksalar bomdod namoziga tayyorlanar, bozorchilar ot, eshakni aravaga qo‘sha boshlar, yana kimlardir o‘z yumushlariga band bo‘lardilar. Men bolaligimni eslasam, yoz fasli, Oybek shiyponida porillab yonib turgan chiroq xayolimga kelaveradi. Kunduz kunlari mol boqib yurganimizda bironta ovloq, salqin joyga ko‘rpacha to‘shab kitob o‘qib o‘tirgan Oybek domlani ko‘rib qolardik…
Naim Karimov “Oybek” kitobida yozadi: “Adibning aytishicha, u romanni qisqa muddatda – sakkiz-to‘qqiz oy mobaynida yozib tugatdi. Bu 1938 yilning yoz oylari edi.
Mirkarim Osim xuddi shu davrni eslab, yozadi: “Men yakshanba kuni Oybekni yo‘qlash uchun uning Oqtepadagi (?!) bog‘iga bordim. Qo‘rg‘oncha eshigini taqillatgan edim, Zarifaxonim chiqib, meni ichkariga taklif qildilar.
– Oybek shu yerdami?
– Ha, shu yerda. Lekin hali uyqudan turgani yo‘q.
– Ie, soat bir bo‘ldi-ku. Kechasi ikkida yotgan bo‘lsa ham, uyquga to‘yishi kerak edi.
– U ko‘pincha soat uch-to‘rtgacha shiyponda o‘tirib ishlaydi. Endi turadigan vaqti bo‘ldi, kiring ichkariga. –Zarifaxonim ayvondagi xontaxta ustiga dasturxon yozib, bir choynak choy keltirib qo‘ydilar” … (93-94-betlar).
Zarifa Saidnosirova “Oybegim mening” (T., “Sharq”, 1994) xotira-kitobida 1934 yilda Taxtapul va Yunusobod mavzelari o‘rtasidagi Oqota degan joydan (hozirgi G‘ulommahmud Abdullayev mahallasi, avvalgi “Voroshilov”, “Karl Marks” kolxozi idorasining atrofi – A.R.) bog‘ hovli sotib olganliklari, bu joy Oybekka nihoyatda ma’qul bo‘lgani haqida yozadi. Muallif bog‘ning ko‘rinishini tiniq tasvirlaydi: “ … boqqa torgina bog‘ ko‘chadan kichkina bir eshikcha orqali kirilardi. Eshikdan boshlangan yakka yo‘lning o‘ng tomonida katta hovuz, atrofida qizil olma og‘ochlari terilgan… So‘l tomonda bir tanobcha keladigan bedazor… hovuzdan keyin – qo‘rg‘on: unda bir uy va bir ayvon bor. Qo‘rg‘on orqasi va bedazordan boshlab 18 ishkom uzum: charos, qora kishmish, daroyi, sohibi, husayni, nimrang va hokazo. Beda atrofida olma va shaftoli og‘ochlari. Shaftoli may oyidan boshlab pisha boshlaydi. Navlari juda ko‘p… 1934 yildan 1939 yilning kuziga qadar har yozni shu bog‘da o‘tkazdik”.
“Qutlug‘ qon” romanidagi struktura tizimini mukammal o‘rgangan mutaxassis asardagi birinchi semiotik markaz Mirzakarimboy bog‘i tasviri ekanini anglab yetadi. Oybek bog‘ni tiniq, aniq, ishonch bilan tasvirlaydiki, shu joyni bilmagan, ko‘rmagan odamda bunchalik tiniq, qat’iy matn sira paydo bo‘lmas edi. Ilk semiotik markazning boshlanish qismi, tabiiyki, romanning ilk sahifalari, Yo‘lchining “To‘pqayrg‘och”ga kirib, Jabbor ko‘sa choyxonasida choy ichishi, atrofini sinchkovlik bilan kuzatishidir. Har qanday katta asarning boshlanishi, iloji boricha, kitobxonga ko‘p “vazifa berish”ni taqozo qiladi. “Qutlug‘ qon” romani saratonning sariq kunida (“Hamma yoqni olov seli to‘ldirgan”, “havo allaqanday oq alanga bilan yonganday”, “kuyib yotgan bilq-bilq yumshoq tuproq”) “issiqda, sovuqda obdon pishgan”, “badanidan kuch yog‘ilib turgan” Yo‘lchining choyxonaga kirib kelishi, “chuvak yuzli, eti suyagiga yopishgan, jikkak… g‘irt ko‘sa” samovarchining diydiyolariga e’tibor qaratishi, “kunning dahshatli yonuviga qaramay, qalin, qora jun chakmonga o‘ralgan bir qozoqning… minut sayin… samovarchiga… “Shilimni uzat!” deya buyruq berishi singarilar bilan boshlanadi.
Samovarchi Yo‘lchiga qarata:
– Rosa muchang bor ekan, inim. Badaningdan kuch yog‘ilib turibdi-ya. Qayerliksan, sayramlikmi? – deydi. Shu zahoti u birdan shang‘illab qoladi: “Hoy, aravakash bola, otingni tort, naq tezagini do‘ppingga solib beraman!”…
Devorga suyangan loqayd qozoq, “… sayramlikmisan?-deya so‘rashishi, “tezakni do‘ppiga solib berish” po‘pisasi – biografik metod nuqtai nazaridan ahamiyatli. Voqea Toshkentning shimol tarafida, qozoqlarga yaqin joyda, qishloqda (ot, eshaklar tezagi) ro‘y beryapti. Romandagi voqealar yozuvchi Oybek yozda dam oladigan, yashaydigan Oqota qishlog‘i atrofida kechyapti. Ko‘rinadiki, romanning boshlanishi biografik, toponimik, etnik ma’lumotlarga boy. Badiiy asarning har tomonlama serjoziba, ma’lumotlarga boy, detallarga serob bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Qizig‘i shundaki, oradan 15-20 kun o‘tib Yo‘lchi yana guzarga – o‘sha tanish ikki choyxona, qassob do‘koni, boqqol do‘koniga chiqadi. Endi guzarni ham, yon-atrofni ham Yo‘lchi boshqacha kuzatadi. Bu gal uning diqqatini boqqol bilan ijara aravasining gupchagi singani bois, qovunini shaharga yetkaza olmagan dehqon orasidagi savdo munosabati jalb qiladi. Qiziqki, bu gal Yo‘lchi na Jabbor ko‘saga, na choyxonadagi kishilarga e’tibor beradi. Uni jiddiyroq muammolar komiga torta boshlaydi.
Ijod jarayoni yurilmagan yo‘l bo‘ylab borishga, aniqrog‘i, tunda avtoulovni boshqarib borayotgan haydovchi yumushiga o‘xshaydi. Yozuvchi asari g‘oyasini, qahramonlari taqdirini biladi. Lekin uydagi gap ko‘chadagiga to‘g‘ri kelmaydi deyilganidek, yo‘l-yo‘lakay bir qancha masalalarni hal qilib borishga to‘g‘ri keladi. Yozuvchi o‘zi istamagan holda yangi personajlarni kiritishga, ayrim holatlarni berishga, yangi voqealarni tasvirlashga majbur bo‘ladi. “Qutlug‘ qon”dagi bir personaj, masalan, Yo‘lchining inisi Qurbon boyda korandalik qilayotganini aytadi. Suhbatlarning birida Unsin tasodifan Ergash akasini eslab qoladi. “Ulug‘ yo‘l” romanida esa Yo‘lchining inisi Elmurod nomi bilan kitobxonga tanishtiriladi. Gap, albatta, personajlarning nomida emas, asar syujetidagi o‘rnida, bosh g‘oyani yoritishdagi vazifasida. Lekin mohir san’atkor har bir detalga, har bir holatga e’tibor qaratadi. Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobida g‘alati bir holat bor. Oybek “Qutlug‘ qon”ni yozish jarayonida Yo‘lchining singlisini qanday nom bilan atasa ma’qul bo‘lishini Zarifaxonimdan so‘rab qolibdi:
Tun yarimlagan
Shoir “Qutlug‘ qon”
Romanidan bosh
Ko‘tarmas bir on.
Qo‘limda kitob
Atom Hikmati,
Tafakkurimda
Dunyo qismati.
Bir ismni top,
Yoqimli yosh qiz-
Yo‘lchi singlisi
Ko‘zlari yulduz.
– Zahro yo Cho‘lpon
Yo Oltinbibi?
– Kam uchrar Unsin
Bu eng yaxshisi!
“Qutlug‘ qon” ga Unsin obrazi shunday kirib keldi.
Badiiy asar yaratayotgan yozuvchi tabiatni tasvirlaydimi, holatlarni ko‘rsatadimi, dialoglarni beradimi, qahramonu personajlarga nom qo‘yadimi, emin-erkin harakat qiladi. Lekin struktura tizimi, matndagi har bir ifoda, ishora o‘z mantiqi, mazmuniga ega bo‘lishi kerak. Boshqacha aytganda, asarga biografik yondashilinadimi, sinchiklab tahlil qilinadimi, u boshqa tillarga o‘giriladimi, matndagi har bir belgi o‘z mazmuniga ega bo‘lishi shart. “Qutlug‘ qon”da temirchi Qoratoy, uning o‘g‘li Xoltoy, mahsido‘z Shokir ota, uning dardmand o‘g‘li Tohirjon obrazi berilgan. E’tibor bersangiz, Mirzakarimboy Yo‘lchining maslakdoshlari haqida titrab-qaqshab deydi:
–… Uning bir muttaham temirchi do‘sti bor. Shokir ezma degan bir otasi bor. Ular qutqarsin… (277-bet). Qarang, Qoratoydagi dadillik, hech narsadan toymaslik Mirzakarimboyga muttahamlik bo‘lib ko‘ringan. Shokir otadagi burro-burro gapirish boyga ezmalik bo‘lib tuyulgan.
Xullas, badiiy asardagi biografik holatlar, voqea-hodisalarni yoritgandagi o‘ziga xosliklar struktura tizimida o‘z o‘rnini topadi, semiotik nuqta sifatida ahamiyat kasb etadi.
* * *
Oybekning “Qutlug‘ qon” romani yaratilganiga salkam 70 yil bo‘ldi. XX asrning ikkinchi yarmida shakllangan – kirill yozuvida savodi chiqqan ikki-uch avlod kitobxonlari “Qutlug‘ qon”ni rosa o‘rganishdi, asar bo‘yicha tadqiqotlar, insholar yozishdi. “Qutlug‘ qon” o‘n yillar mobaynida adabiyot darsliklariga kiritildi, teatrlar sahnasida o‘ynaldi, ekranlarda kinofilm sifatida ko‘rsatildi. “Qutlug‘ qon” o‘zbekning ma’naviyatidan shunday mustahkam o‘rin oldiki, bu asarsiz ruhoniyatimiz kemtik, nomukammal bo‘lib qolishini anglaymiz.
Asarning asar bo‘lishida, qadriyatga aylanishida adabiyotshunoslik, adabiy tanqidning hissasi ulkan. I.Sultonov, H.Yoqubov, M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, N.Karimov, U.Normatov, B.Nazarov singari adabiyotshunos, tanqidchilar Oybek ijodi, xususan, “Qutlug‘ qon” haqida tadqiqot, maqolalar yaratdilar. Ayniqsa, akademik Matyoqub Qo‘shjonov “Qutlug‘ qon”ni teran tahlil qildi. U badiiy xarakter haqida tadqiqot yaratar ekan, asosan, Oybek romanlarini asos qilib oldi.
Yangi o‘zbek adabiyotidagi ilk mukammal asarlardan hisoblangan “Qutlug‘ qon”ni Oybek 33 yoshida yaratdi. Adibning shu davrgacha yozgan barcha asarlariga “Qutlug‘ qon” yog‘du berib turadi; Oybekning keyingi 30 yillik ijodi mahsullari “Qutlug‘ qon” mash’alidan nurlanadi, desak xato bo‘lmaydi. To‘g‘ri, “Navoiy” romani Oybek ijodining nurli cho‘qqisi. Lekin, menimcha, “Qutlug‘ qon”ni yozishda orttirilgan mahorat “Navoiy”ga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
“Qutlug‘ qon”ni yaratish Oybek taqdiriga bitilgan edi. Yozuvchi g‘ayrishuuriy holda “Qutlug‘ qon”ni yaratishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U Cho‘lpon ijodidan olam-olam zavq oldi. Abdulla Qodiriyni ham inson, ham san’atkor sifatida sevdi. Ammo Oybek bu san’atkorlar haqidagi qarashlarini ro‘y-rost tiliga chiqara olmadi. Aniqrog‘i, zamon zayli, adabiy siyosat, soxta ijtimoiylik metodi Oybekning bo‘g‘zini to‘sdi, qo‘lidagi qalamni egri yo‘llarga burishga undadi. 1937 yildagi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea-hodisalar, ur-sur, hamma-hammalar, dilni ranjitishu yaralashlar Oybekni chetlab o‘tmadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 1937 yil 31 avgust – 5 sentyabrdagi Plenumi Oybekni nari olib borib, beri olib keldi. Oybekni qamamadilar, ammo qamalgandan beshbattar qildilar. “Ushbu Plenumdan so‘ng oybek Yozuvchilar soyuzi a’zoligidan o‘chirilib, Til va adabiyot institutidan haydaldi. Ana shu davrda u ilk romani “Qutlug‘ qon”ni yozadi”.
Buyuk san’atkor shaxsiy fojialarini asar ruhiga, matnning chiyratma arqog‘iga chuvalashtirmaydi. Bu fazilat “Qutlug‘ qon” matnida aniq ko‘rinadi. Aksincha, Oybek “Qutlug‘ qon” romanida shu paytgacha yaratilgan sara qissa, romanlardagi voqea-hodisalardan, xarakterlardan ta’sirlanganini yashirmaydi. Gulandom obrazida Zebi (“Kecha va kunduz”), Netay (“Netay”), Xolisxondan (“Paranji sirlaridan bir lavha”), Gulnorda Kumushdan (“O‘tkan kunlar”), Lutfinisoda O‘zbek oyimdan (“O‘tkan kunlar”), Mirzakarimboyda Yusufbek hojidan (“O‘tkan kunlar”), Soliq Maxdumdan (“Mehrobdan chayon”), Nurida Xushro‘ydan (“O‘tkan kunlar”) o‘tgan allaqanday alomatlar sezilib turadi. Yormat va uning oilasi tarixining ba’zi tomonlari Razzoq so‘fi oilasi (“Kecha va kunduz”) taqdirini yodga tushiradi.
“Qutlug‘ qon” romanida “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Shum bola”, “Netay” singari asarlardagi holatlarni eslatadigan o‘rinlar bor. “Gulnor katta ariqqa yaqinlashganda, birdan to‘xtadi: ariq yoqasida Yo‘lchi yuz-qo‘lini artib turardi. Gulnorning yuragi kuchli to‘lqinlandi, butun gavdasini totli bir titroq bosdi”. Kitobxon yodiga Otabek va Kumushning ariq bo‘yidagi ilk uchrashuvi tushadi.
“Qutlug‘ qon” romanidagi xarakterlarning ayrim tomonlari o‘zga asarlardagi qahramonlarnikiga o‘xshab ketishi, asarda tanish holat – vaziyatlarga duch kelib qolinishi Oybek asarining betakror, o‘ziga xosligiga zinhor soya solmaydi. “Qutlug‘ qon”ning matni o‘zigagina xos tarkibiy tizimga, pishiq-puxta to‘qimaga ega. Asar matnida siniq, so‘niq, ojiz halqalar deyarli uchramaydi. Matnning pishiq-puxtaligi, mustahkamligi asar kontseptsiyasiga bog‘liq. Oybekning “Qutlug‘ qon” romani kontseptsiyasi nihoyatda teran, puxta. Yozuvchi o‘zbekning XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy darajasini, ruhiy-ma’naviy holatini, milliy o‘ziga xosligini nihoyatda aniq, tiniq, konkret tasvirlagan. “Qutlug‘ qon” – yangi o‘zbek adabiyotidagi haqiqiy realistik asar namunasi. Asar kontseptsiyasi qanchalik teran, tiniq, haqqoniy bo‘lsa, u o‘z-o‘zidan o‘zga asarlardagi kontseptsiyani o‘z o‘zaniga burib yubora oladi. Oybek 1915-16 yillardagi Toshkent, toshkentliklar hayotini tasvirlagan. Bu yillarda milliy burjuaziya jadal rivojlanayotgan, savdo-sotiq avj olayotgan, yirik boylar bosh ko‘tarib, mayda-chuyda savdogarlar “sinayotgan”, kambag‘allar, nochorlar ko‘payayotgan edi. “Qutlug‘ qon”da qahramonlar, voqea-hodisalar ko‘p. Ularni o‘sha paytda aniq o‘lchaydigan bir tarozu pul mavjud edi. Boylarni pishqirtirgan, boyvuchchalarni qutirtirgan, qashshoqu yo‘qsillarni zir qaqshatgan kuch – pul edi. Pul oshkora va pinhona jinoyatchilarni, noshar’iy bitimlarni, munofiqlikni avj oldirdi. Pul hokimi mutlaq bo‘lgan joyda inson qadri arzonlashar, g‘urur oyoq osti qilinar ekan. “Qutlug‘ qon” romanida pul muomalalari, hisob-kitoblar ko‘p o‘rin egallaydi.
Xullas, “Qutlug‘ qon”da o‘zbek xalqi hayotidagi muhim bir jarayon to‘laligi, teranligi bilan aks ettirib berilgan. Asarning bosh qahramoni Yo‘lchi Xo‘jakentdan Toshkentga mehnat qilish, pul topish uchun keladi. Roman matnidagi ilk semantik nuqtalardan biri bunday ifodalangan: “qishloqda ko‘p odamlarning yumushini qildim, mayli, bu yerda ham ishlay. Yaxshi ishlasam, albatta, chakki bo‘lmaydi. Negaki, bular qarindoshlarim, hammadan yulsalar ham, mendan yulmaslar – gap yaxshi ishlashda!”. Yo‘lchi, asosan, Mirzakarimboy xonadonida, boyning qarindosh-urug‘larinikida ishladi. Til uchida bo‘lsa-da, Salim, Hakim Yo‘lchini “jiyan, jiyan”lab turadi, Nuri goho qishloqdagi ammasining holidan gap ochadi. Yo‘lchi boyni, “tog‘a” – boyvachchalarni “aka”, “pochcha”, boyvuchchalarni “opoqi”, “yanga”, “opa” deb pul yig‘ishi mumkin edi. Romandagi eng nozik tomon shundaki, Oybek Yo‘lchi orqali o‘zbekning or-nomusi, halolligi, g‘ururini ko‘rsatib bermoqchi. Boshqacha aytganda, inson qadr-qimmati eng arzon bo‘lgan bir davrda Yo‘lchi g‘urur, qadr-qimmatni boy bermadi. Romanda Yo‘lchi va Yormat hamisha baqamti tasvirlanadi. Yormat o‘rta yoshdan oshgan, ro‘zg‘orli, kirishimli, serg‘ayrat, so‘zamol odam. Lekin boy xonadonidagilar Yormatni odam o‘rnida ko‘rmaydilar. Yormat –xizmatkor, mardikorlarning bevosita boshlig‘i. Ammo na O‘roz, na Alioxun, na toshkentlik mardikor Yormatni zarracha hurmat qilmaydi. Nega? Yormat qadr-qimmatini, insoniy g‘ururini boy berib qo‘ygan odam. Mirzakarimboy ilk bor Yo‘lchiga sinchiklab nazar solar ekan, “butun siymosida katta jasorat va g‘urur sezdi”. Obdon chiniqqan bu yigitdagi “jasorat va g‘urur” odam taniydigan Mirzakarimboyga yoqmadi. Aslini olganda, Yo‘lchining bosh qahramonligi, xalq namoyandasi ekanligi o‘sha jasorat va g‘ururda aks etgan. Yo‘lchidagi halollik, mehnatsevarlik, poklik–tarbiya, ahloq samarasi. Bu belgilarni, bilimdonlikni tarbiyalash mumkin. Ammo g‘urur va jasorat Yo‘lchi xarakterining betakror, o‘zigagina xos tomoni. Mana shu belgilar Yo‘lchiga baxt ham, bebaxtlik ham keltiradi. Anglashimcha, Yo‘lchi va Mirzakarimboy xonadonidagi munosabat, muhit o‘ziga xos maket, atayin yaratilgan holat. Ya’ni o‘zbek xalqi 130 yildan mo‘lroq muddatda chor va qizil imperiya inon-ixtiyorida bo‘ldi. O‘zbek mustamlakachilikning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan azob, qiynoq, xo‘rlik, qatag‘onlarini boshidan kechirganda ham g‘ururini, jasoratini boy bermadi. Mustaqillik yillarida o‘zbek g‘ururi, jasorati, topqiru bilag‘onligi bois jahon xalqlari qatorida o‘zining munosib o‘rnini egallay boshladi. O‘ylab ko‘rilsa, “Qutlug‘ qon”da tasvirlangan g‘urur, jasorat, qadr-qimmat singari milliy qadriyatlarni yuksak tutish yangi avlod yozuvchilari ijodida izchil davom ettirilmoqda.
Yo‘lchidagi aqllilik uning g‘urur, jasoratini nurlantiradi, ma’no-mazmun bilan boyitadi. Yo‘lchi xarakteridagi saxiylik, bag‘ri kenglik tasviriga alohida o‘rin beriladi. Yo‘lchi tog‘asi xonadoniga endigina kelganida, kichik boyvachcha Rafiqqa nay yasab beradi, yosh bola bilan miriqib suhbatlashadi. Yo‘lchi vaqti-vaqti bilan kambag‘al dehqonlarga, hunarmandlarga qo‘lidan kelganicha yaxshilik qiladi, saxovat ko‘rsatadi. Shokir otaga, bedavo dardga mubtalo bo‘lgan Tohirga, gadoychilik qilishgacha borgan Shoqosimga, O‘rozga, boylar qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa aylangan bachchaga, nonvoy Saodat kampirga, temirchi Qoratoyga qo‘lidan kelgan yaxshiligini qiladi.
Roman matnida Gulnorni o‘quvchiga yaqindan tanishtirishdagi holat – semantik nuqta diqqatni o‘ziga jalb qiladi: “Eshikni ohista ochib, tanchaga solish uchun qo‘lida bir xokandoz to‘la laxcha cho‘g‘ bilan yosh qiz kirdi. Bu – Yormatning qizi Gulnor edi. Nafis, nozik, ma’sum bir qiz. Bo‘yi yoshiga qaraganda balandroq, lekin butun gavdaga mutanosib. Bolalarcha kulimsiragan va yuqoridan pastga tomon mayin ingichkalashgan oq, tiniq yuzi, qalam bilan chizilganday ingichka, ma’nodor qoshlari, uzun, quyuq kipriklar orasida yongan yirik qora ko‘zlari bor edi. Bu ko‘zlarda tuyg‘unlik, olijanoblik, ko‘ngilning bahoriy tozaligi, iliqligi va qandaydir parishon xayolchanlik jilvalanar edi” (95-bet). Oybek Gulnor portretini rassomday chizgan, shoirday tasvirlagan. Darvoqe, Oybek “Qutlug‘ qon” yaratilguncha shoir, dostonnavis sifatida tanilgan edi. Yanada aniqroq aytsak, Oybek “Qutlug‘ qon”ning ruhiga lirik she’rlarini, dostonlaridagi qahramonlari xarakterini singdirib yuborgan. Ijodiy bisotidan hamisha unumli foydalanib turish Oybek uslubining muhim xususiyatlaridan. “Qutlug‘ qon” matni arqog‘iga “O‘ch”, “Temirchi Jo‘ra”, “Baxtigul va Sog‘indiq”, “Dilbar – davr qizi” dostonlaridagi qahramonlar, holatlar mohirona singdirib yuborilganligi o‘zbek adabiyotshunosligida yozilgan. Chunonchi, Yo‘lchida Xolxo‘jadan (“O‘ch”), O‘rozda Suyundiqdan (“Baxtigul va Suyundiq”), Qoratoyda Jo‘radan (“Temirchi Jo‘ra”), Gulnorda La’lixondan (“O‘ch”), Baxtiguldan (“Baxtigul va Suyundiq”), Dilbardan (“Dilbar – davr qizi”), Salimboyvachcha, Hakimboyvachchada Hoshimboyvachchadan (“O‘ch”), Sultonbekda “Baxtigul va Sog‘indiq”dagi toshkentlik qo‘ychivon boydan o‘tgan holat, xususiyatlar ko‘zga aniq tashlanadi.
Matnga matnni singdirib, yedirib yuborishdan mushkul ish yo‘q. Har bir asar – matn o‘z ruhiga, maromiga, ohangiga, tarkib tizimiga ega. Tayyor matnni yaratilayotgan yangi matnga singdirish uchun ham ohang, ham ruh, ham maromni moslamoq, yangitdan bichmoq, tuzmoq lozim. Aks holda, eski matn yangi matndagi yamoq singari ko‘zga xunuk ko‘rinadi. Oybek uslubida matnlarni moslash, rostlash, qovushtirish uquvi kuchli edi. U “Navoiy” romanini yaratishda “Navoiy” dostoni, ulug‘ shoir haqidagi she’rlardan unumli foydalangan. “Oltin vodiydan shabadalar” romani ruhiga “Qizlar”, “Raisa” dostonlari mohiyati singdirib yuborilgan. Eng sinchkov matnshunos ham Oybek uslubidagi matnga matnni singdirish mahoratidagi yuzakilik, saktalikni sezmaydi.
Yo‘lchi xarakteridagi g‘urur, jasorat sevgi tuyg‘usi tufayli aniq, to‘liq namoyon bo‘ldi. Bosh qahramon Gulnor tufayli o‘tga ham, suvga ham kirdi. U Qora Ahmad bilan mushtlashdi. Sevgilisi tufayli Parpixo‘janing hayvon ham turmaydigan og‘ilxonasida tunadi, Olimxon ellikboshi, boy tog‘asi bilan to‘qnashdi, xavfli odam sifatida chor amaldorlari diqqatini jalb etdi.
“Qutlug‘ qon” matnini o‘rganish shuni isbotladiki, asarda tasvirlangan ijtimoiy muhit hammani – boyni ham, kambag‘alni ham harakat qilishga, savdo-sotiq munosabatlariga berilishga undadi. O‘sha paytda Jondor boy, Jamolbey, Sultonbek singari puldor, tadbirkorlar birdan ko‘zga tashlandilar. Mirzakarim, Najmiddin singari qo‘rli-qutli odamlarning farzandlari kapital orttirishga intildilar. Mirzakarim, Najmiddin, Alixo‘ja singarilar kambag‘alning kuchidan unumli foydalanishga intildilar. Ayniqsa, Mirzakarimboyning o‘z qarol, mardikor, ish yurituvchilari bilan qattiq munosabatda bo‘lishi mantiqan isbotlangan. Zamon zayli shunday ediki, kambag‘al ham savdo munosabatlariga aralashardi. Shokir ota, masalan, mulla Ikrom bilan besh juft bachkana mahsi xususida talashib-tortishadi.
Qoratoy ham o‘g‘li Xoltoy bilan ertayu kech ter to‘kadi. Tabiiyki, u ham o‘z mahsulotini qimmatroq pullashga intiladi. Yodingizda bo‘lsa, adabiyotshunoslik dehqonning bir arava qovunini to‘rt yarim so‘mga sotib olgan baqqolni insofsizlikda ayblardi. O‘ylab ko‘rilsa, sotuvchi ham, oluvchi ham o‘z manfaati uchun kurasharkan. Demak, qovun xarid qilgan baqqol ham haq edi.
“Qutlug‘ qon” romani matni Salimboyvachcha, Abdushukur, Olimxon ellikboshi, Shokir ota obrazlarini yangicha talqin etishni taqozo etmoqda. “Qutlug‘ qon” necha bor talqin qilingan bo‘lsa, hamisha Salim obrazi salbiy kuch sifatida baholangan. Chindan ham, Salimning restoranma-restoran yurishi, Gulnorning qotili ekanligi bu tipni oqlashga izn bermaydi. Lekin Salimboyvachcha chindan ham o‘ylovsiz, tarallabedod odammi? Salim ko‘pincha Abdushukur bilan birga yuradi, birga bo‘ladi, maishatga boradi. Abdushukur, ilmli, fikr-mulohazali, qonunni biladigan odam edi. Salimboyvachchaga Abdushukurdan zako‘nchilik yuqqan. Mirzakarimning Gulnorga uylanishidan kuyib-yongan odam, asosan, Salim bo‘ldi. Gulnor yosh, go‘zal, tabiiyki, farzand ko‘radi. Gulnorning har bir farzandi boylikka merosxo‘r. Ya’ni Salim Gulnorda merosxo‘r yaratuvchi kuchnigina ko‘rib kuyinadi. U merosxo‘rlar yo‘lini to‘sish uchungina ahmoqona yo‘lni – Gulnorni zaharlashni o‘ylab topadi.
1938 yilda – stalincha qatliomlar chirsillab turgan bir paytda jadidlar haqida bundan orttirib yozish zinhor mumkin emas edi. Oybek jadid obrazini yaratishda o‘ta nozik yo‘l tutgan. Jadidning Yo‘lchiga aytgan gaplarida ham ma’no ko‘p, ammo Yo‘lchi bu betayin odamning gaplariga e’tibor bermaydi.
“Qutlug‘ qon” matni yana bir masalaga e’tiborni jalb qilishga undaydi. Oybek qovun sotgan dehqon nomini, hatto Mirishoqning otasi nomini aytmaydi-yu, epizodik Rafiq, Mirobid, Shoqosimning go‘dagi Shoaziz, yosh temirchi Xoltoy nomini aytadi. Nurining to‘yida sho‘xlik qilgan, to‘ydagi tartibni buzishga intilgan bolalarni nomma-nom sanaydi. Bu o‘rinda Oybek uslubidagi yana bir xususiyat ko‘zga tashlanadi. Yozuvchi “Qutlug‘ qon”ni yozishda shu paytgacha yaratilgan asarlaridan foydalangan bo‘lsa, keyingi ijodida “Qutlug‘ qon”dagi ayrim syujet chiziqlarini yangi muhit, yangi sharoitda davom ettirdi. Men bu o‘rinda “Ulug‘ yo‘l” romanini, “Bolalik” qissasini nazarda tutmoqdaman. “Qutlug‘ qon”dagi ko‘cha bolalarining deyarli hammasi “Bolalik” qissasida qayta jonlanadi, yangi g‘oyaviy maqsadlar yo‘lida harakat qiladilar. Bola bor joyda albatta chol, kampir obrazi ham bo‘ladi. “Qutlug‘ qon”dagi Shokir ota, uning kampiri obrazi “Bolalik” qissasida, “Bobom” poemasida aniq chizilgan. Oybek Shokir ota obrazi orqali og‘ir mehnatda, farzand dog‘ida qaddi dol bo‘lgan insonniginamas, balki xalq tilini, maqol-matallarini, qo‘shiqlarini mukammal biluvchi insonni tasvirlagan.
Asar xotimasida qashshoqlik, huquqsizlik, qadrsizlik joniga tekkan xalqning mardikor olishdagi nohaqliklar bahonasida g‘alayoni tasvirlanadi. Albatta, xalq qo‘zg‘olonini zinhor uyushgan inqilobiy harakat bilan chalkashtirish to‘g‘rimas. Lekin xalq qo‘zg‘oloni tasvirisiz ham roman mantiqiy yakuniga yetmagan bo‘lib qolardi. Oybek xalqning dengizday toshishi, selday yopirilib kelishini mohirona tasvirlagan. Qarang, o‘ylovsiz ellikboshining (Olimxonning emas – A.R.) bir xotinga qarata: “Yo‘qol, jalab!” deb qichqirishi qoq-quruq shabbaga uchqun tushishiday bo‘ldi. Shu o‘rinda matnning pishiq bir semiotik tuguni paydo bo‘ladi. “Odamlar bir lahzada seskanib, bir-birlariga qarashadi. Birdan o‘nlarcha musht havoga ko‘tarildi. Ellikboshi va uning sheriklari kaltak ostida qoldi” (320-bet). Mana shu o‘rinda Yo‘lchidagi g‘urur, oriyat, xalq ruhi yarq etib ko‘zga tashlanadi. Ellikboshining qo‘pol so‘kishini o‘zini qadrlagan, ayolini ulug‘lagan xalq kechirib ketishi mumkin emas edi. “Qutlug‘ qon” matni mana shunday avj pardada poyoniga yetadi.
“Qutlug‘ qon” matnida Petrov syujet chizig‘i, Gulnorning Yo‘lchiga yozgan xati singari o‘rinlar borki, ular asardagi hayotiylik, jo‘shqinlikni, biroz bo‘lsa-da, susaytirgan.
Oybekning “Qutlug‘ qon” romani haqiqiy milliy asardir. Asar matni semantik nuqtalarga, semiologik ma’no qatlamlariga ega. Muhimi shundaki, “Qutlug‘ qon” Oybek ijodining markazini tashkil qiladi. Oybekning yozuvchi-olim sifatidagi mahorati, borlig‘i, qarashlari “Qutlug‘ qon” va “Navoiy” romanida o‘zining yorqin ifodasini topgan.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 5-son