Bir vaqtlar qirg‘iz shoiri Jo‘mart Bo‘kanboyev: “Shunday vaqt keladiki, qirg‘iz adabiyoti yurt hududidan chiqib, Yevropa bo‘ylab, dunyo bo‘ylab qadam tashlaydi, dunyo adabiyotining kichik bo‘lsa ham, munosib bir tarkibiy qismi bo‘lib qoladi”, degan, shunga ishongan edi. Ko‘rib turibmizki, u haq bo‘lib chiqdi. Lekin o‘sha paytlarda bu she’r muallifining orzu-umidlarini ko‘plar shoirning shunchaki xayoli deb o‘ylaganlari aniq. Oradan bor-yo‘g‘i bir necha yil o‘tdi va shoirning orzulari Chingiz Aytmatov misolida ro‘yobga chiqdi. Qirg‘iz adabiyoti adabiy Olimp sari shiddat bilan ko‘tarila boshladi. Haqqoniy, achchiq va ayni paytda, nekbin badiiy so‘z qit’alar osha turli tilli kitobxonlar yuragida aks-sado topdi. Aytmatovdek iste’dod egasini tarbiyalab voyaga yetkazgan xalq baxtiyordir.
Ulug‘ zamondoshimizning “Kassandra tamg‘asi” romanini mutolaa qilar ekanman, qadim zamonlardan beri tiriklik va o‘lim, inson va jamiyat to‘g‘risida aytilib kelinayotgan xalq donishmandligi namunalarini esladim. Ularning ko‘pi yozuvchi asarlari bag‘riga singib ketgan. Adib hayotning murakkab qirralari xususida fikr yuritar ekan, bir mamlakat yoki bir millat miqyosida emas, jamiki olam, Insoniyat va Kosmik fazo miqyosida, ular o‘rtasidagi munosabatlarning tadrijiy evolyutsiyasi va taqdiri xususida tafakkur qiladi. Hadsiz fazodan turib, Yer yuzida umrguzaronlik qilayotgan millat va elatlarning favqulodda yuz berishi mumkin bo‘lgan ekstremal holatlarda o‘zini qanday tutishlarini kuzatadi. Kosmos muallif uchun chek-chegarasi yo‘q bo‘shliq bo‘libgina qolmay, ayni paytda Inson ruhining beqiyos boyligi hamdir. Sir-sinoatli samo Aytmatov uchun vaqt va kenglik tushunchalaridan xoli bo‘lgan dunyo emas, u eng avvalo inson aql-zakovati yuksalishi mumkin bo‘lgan mangu purviqor cho‘qqi.
Aytmatovni faylasuf yozuvchi sifatida insonning o‘zligini idrok etishi jarayoni, uning tub mohiyati, jamiyatni taraqqiy ettirish qonunlari va tafakkur tadriji, inson hayotida genetikaga oid nazariyalarning ahamiyati, inson psixologiyasiga biokimyoviy va mutagen metodlar hamda mendalizm va darvinizm kontseptsiyalarining ta’siri, embrionning ona qornida rivojlanishi, bu rivojlanishning sotsial-psixologik, falsafiy-axloqiy va ma’naviy-estetik ahamiyati masalalari qiziqtiradi.
Kassandra tamg‘asi – embrionning tug‘ilishdan, bu dunyoga qadam qo‘yishdan bosh tortishi natijasidir. U o‘zining bu qarorini oshkora qiladi. Bu tamg‘a insoniyatning kelajagi qanday bo‘lishidan ogoh etishi mumkin. Bordi-yu u tug‘ilsa, uning yerdagi hayoti o‘ziga emas, biosfera va geosferaga bog‘liq bo‘ladi. Bu ogohlikka beparvo bo‘lish Inson va Kosmik fazo taqdiriga, demakki, butun olam taqdiriga beparvo bo‘lish demakdir. Bu to‘g‘rida adibning o‘zi o‘zbek olimi O.Fayzullayev bilan suhbatida shunday deydi: “Odamzotga berilgan ezgulik va yozuzlik energiyasini hech kim o‘zgartira olmaydi. Ularda tenglik miqdori mavjud. Lekin, muhimi shundaki, insonga energiyadan tashqari aql-farosat, o‘ylash va xulosa chiqarish imtiyozi berilgan. Bu imtiyoz tuganmas abadiylik xarakteriga ega. Agar inson omon qolishni istasa, tamaddun cho‘qqilarini egallamoqchi bo‘lsa, u o‘zidagi yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishi kerak. Bu – bizning inson sifatidagi bosh maqsadimiz bo‘lmog‘i zarur… Odamzot shunday yo‘lni tutmay o‘z tarixida juda ko‘p narsalarni yo‘qotgan”.
Asar voqealari bir necha kun ichida sodir bo‘ladi. Amerikaning “Tribyun” gazetasida o‘zini “samo rohibi” deb atayotgan rus olimi Filofeyning Rim Papasiga maktubi e’lon qilinadi-yu, butun jahon oyoqqa turadi, odamlar junbushga keladi. Olis fazodan turib yerdagi hayot, odamlar, avlodlar, zurriyotlar taqdiriga aralashayotgan kimsani la’natlaydilar. Filofeyni yerda turib qo‘llab-quvvatlagan futurolog olim Robert Bork shafqatsizlarcha o‘ldiriladi.
Filofey kim, uning Rim papasiga maktubi nima haqda edi? Ma’lum bo‘ladiki, uni bir vaqtlar o‘z tuqqan onasi (otasining kimligi noma’lum) sovuq qish kunlaridan birida bolalar uyi eshigiga tashlab ketadi. “O‘shanda, – eslaydi Filofey, – qalin qor edi. Men o‘sha subhi sodiq paytini es-es bilaman desam, bunga hech kim ishonmaydi, albatta. Nailoj, to‘g‘risini gapiraman. O‘shanda qulog‘imga onamning qadamlari ostida qorning g‘arch-g‘urch ovozi eshitilgan. Yodimda, onam o‘sha qish kuni, kallayi saharda shosha-pisha qadam tashlar edi. Esimda, u bezovtalanib meni bag‘riga bosar, dam-badam seskanib cho‘chib tushar edi, onam yuragining qo‘rqinch aralash gupillab urganini mening norasta tanam sezar edi…”
Etimxonada chaqaloqqa Andrey Andreevich Kriltsov deb nom berishadi. U Ruza shahrining chekkasidagi Maleevka qishlog‘idagi bolalar uyida tarbiyalanadi. O‘qishni bitiradi, bilimini qunt bilan oshiradi va iqtidorli biolog olim bo‘lib yetishadi. Fanda kutilmagan kashfiyotlar qiladi. “Mening omadim chopdi, – deydi u o‘z maktubida, – bu sohada manfaatdor tashkilotlar yordami ham chakki bo‘lmadi, lekin bu haqda alohida gapiramiz, men bo‘lsam, muvaffaqiyatlardan ilhomlanganimdan, shiddat bilan, kuch to‘plagan qovoq ariga o‘xshab, fan paykali ustida parvoz qilar edim; men kashfiyotdan-kashfiyotga uchib, oldinlari hech kimga ma’lum bo‘lmagan fikr-g‘oyalar shovqinidan gangib yurar, ana shu sohada abadiylik sir-asrorining muallifi – Olloh taoloning o‘zini ham orqada qoldirishga tayyor edim. Men ilmiy eksperimentlar doirasida bo‘lsa-da, ota-onalar xohlashadimi-yo‘qmi, kimning yorug‘ dunyoga kelishi, qanday tug‘ilishi, qanday ota-onalardan tug‘ilishini shaxsan o‘zim hal qilar edim, ularning urug‘laridan nima yarata olishimni bilishsa edi…”
Gapning lo‘ndasi, biolog olim Andrey Kriltsov ilmiy izlanishlar borasida aql bovar qilmaydigan darajaga yetishadi. Uni partiya markazqo‘miga taklif etishadi, “Sizning kashfiyotingiz, ta’bir joiz bo‘lsa, qo‘lbola biologiyaning kashfiyotlari – bu odam tabiatiga chuqur kirib borish, aslida esa inson shaxsini qayta qurish, shaxsning kelib chiqishini, jamiyatdagi o‘rni va rolini o‘zgartirish, keyinchalik esa sun’iy tug‘iladiganlar matritsasiga asosan butun insoniyatni qaytadan yaratish imkoniyati demakdir…” deb, uning oldiga vazifa qo‘yishadi: “Butun dunyoda kommunizm g‘alaba qozonishi uchun bizga ota-onasi noma’lum, sun’iy yetishtirilgan ikszurriyotlar kerak. Ikszurriyotlar fenomeni siyosiy jihatdan hayron qolarli darajada porloq istiqbolga ega. Bu shunday o‘tkir kuch bo‘ladiki, u bizdan farqli o‘laroq, orqa-oldiga qaramasdan, qo‘rqinch va shubha nima ekanligini bilmasdan butun dunyoda kommunizm g‘alabasi uchun kurashadi. Oila va boshqa qarindoshlik aloqalarini eski, zo‘ravonlik dunyosining qoldiqlari sifatida xuddi ana shu ikszurriyotlar tarix axlatxonasiga uloqtiradi… Bolalar sun’iy yo‘l bilan, ota-onalarsiz bunyod etiladi, tegishlicha tarbiya qilinadi… Ikszurriyotlarning shubhasiz afzalliklari shundaki, ular… kommunistik baynalmilalning zarbdor kuchi bo‘lib qoladi va xuddi ana shu odamlar g‘arbga hal qiluvchi zarba berajak!”
Olim tegishli tashkilotlarning homiyligida turli jinoyatlari uchun uzoq yillarga qamoq jazosiga hukm qilingan mahkumalardan tanlab olib, ikszurriyotlarni yetishtirish ishini boshlab yuboradi. Vaqti kelib, xalqaro ekspeditsiya tarkibida kosmosga parvoz qiladi, ilmiy kuzatuvlar dasturi yakunlangach, yerga qaytishdan bosh tortadi. Chunki olis fazoda turib o‘zining nima ish qilib qo‘yganligini aniq tasavvur etadi. Ikszurriyotlar o‘zlariga oid bor haqiqatni anglab yetishlari, yorug‘ olamga nima maqsadda, kim tomonidan va qay tarzda keltirganliklarini tushunib qolishlari mumkin. Ana o‘shanda bu nasl-nasabsiz avlodda isyon ruhi uyg‘onib “bu to‘ng‘iz qo‘pgur” dunyoga o‘t qo‘yish istagi paydo bo‘lmasmikin? Filofey orbital stantsiya ichiga o‘rnatilgan maxsus laboratoriya imkoniyatlaridan foydalanib, yana bir dahshatli ixtiro qiladi: homilador ayollar qornidagi zurriyotlar o‘zlari haqida tovush-belgi berayotganligini aniqlaydi, homilalar bilan maxsus nur orqali aloqa o‘rnatadi. Ular isyonini tinglaydi: “Erkim o‘zimda bo‘lganida tug‘ilgandan ko‘ra tug‘ilmaslikni afzal ko‘rardim. Yashashni istamayman, dunyoga kelishni xohlamayman. Bordi-yu meni tug‘ilishga majbur etsalar, unda mening taqdirim peshonamga yozilganidek bo‘ladi. O‘ylanglar, hal qilinglar, eng avvalo onam hal qilsin…”
Filofeyning ixtirosi shundaki, homila o‘zining ayanchli taqdiridan xabardor! U yorug‘ olamda ne-ne adolatsizliklarga, azob-uqubatlarga duch kelishini, ota-onasi, ota-onasining ota-onalari, o‘tmish ajdodlari qilgan fahsh, qabih ishlar, gunohlarning mantiqiy mahsuli o‘laroq, o‘zi ham shu qabih ishlarga qo‘l urishini, bunday ayanchli taqdir uning qonida, irsiyatida borligini biladi. Biladi va shuning uchun ham talvasaga tushib chinqiradi. Hali tug‘ilmagan bunday bolaning onasi peshonasida ana shu chinqiriq belgisi – xoltamg‘a paydo bo‘ladi.
Filofey maxsus nur orqali bunday tamg‘ali ayollar butun dunyoda tobora ko‘payib borayotganini, uning fazodan turib yo‘llayotgan so‘roqlariga tug‘ilishdan bosh tortayotgan kassandra-embrionlar tobora ko‘proq javob qaytarishayotganini aniqlaydi. Va o‘z ixtirosidan o‘zi dahshatga tushib, Yerga xaloskor qidirib murojaat etadi. Toki ahvol shunday ekan, uning oldini olish, peshonasi azaldan sho‘r homilalar taqdirini hal qilish lozim! O‘sha chinqirayotgan zurriyot umrini sun’iy ravishda tugatish uchun homilani olib tashlash kerak! Ammo bu – Yaratgan Egamning irodasiga qarshi chiqish, tiriklikning mangu barqarorligiga rahna solish degan gap. Lekin tug‘iladigan go‘dakning ayanchli taqdirini ko‘rib-bilib turib, xotirjam yuraverish-chi? Buning o‘zi ham jinoyat emasmi?!
O‘z ixtirosidan o‘zi junbushga kelgan Filofey Rim Papasi orqali bu savolni butun insoniyat oldiga qo‘yadi. Uning asl fojiasi mana shu savoldan boshlanadi. Chunki odamlar – Otalar va Onalar uni rad etishadi. Topgan haqiqatiga qo‘shib la’nat botqog‘iga otishadi. Uni tushungan birgina olimni majaqlab tashlashadi. Qo‘llariga tosh, temir, duch kelgan narsani ushlab Robert Bork xonadoniga bostirib kelayotgan vahshiy olomon orasida peshonasida xoltamg‘asi bor ayollar ham ko‘rinadi. Ular “qornim – meniki, hech kimning aralashishiga haqqi yo‘q”, deb qichqiradilar. Filofey, garchand bugun inkor etilgan muammo ertaga yana paydo bo‘lishini bilsa-da, la’natlangan haqiqat to‘la haqiqat bo‘la olmasligini anglab yetadi. U Olamning mangu jumbog‘i – odamning olamga munosiblik uchun kurashi samaralarini tushunganday bo‘ladi. Va, albatta, o‘zini o‘ylaydi. Kim edi? Tashlandiq bir bola. Otasi kim ekanligi noma’lum. Ehtimol, bularning hammasi uning ham peshonasiga yozilgan, qon-qoniga avvaldan singdirib qo‘yilgandir? Ehtimol, tug‘ilmasidan oldin u ham ona qornida talvasaga tushib chinqiriq belgi bergandir? Ehtimol, o‘sha ayoz kuni yetimxona eshigi oldiga tashlab ketgan onasi peshonasida ham xoltamg‘a bo‘lgandir?
Demakki, bularning hammasi – azaliy qismat. Undan tonib, qochib qutulib bo‘lmaydi. Uning umri, ixtirolari yerdan uzoqda, samo bo‘shliqlarida intiho topishi kerak. U o‘ziga mana shunday intiho hukmini o‘qiydi. Orbital stantsiyadagi barcha hujjatlarni, tadqiqot natijalarini, kassandra-embrionlar sirini yo‘q qilib, Yer bilan o‘tkazgan telemuloqoti so‘nggida ochiq fazoga sakrab, bo‘shliqqa singib ketadi.
Ko‘rinib turibdiki, asarda adibning falsafiy-mantiqiy mushohadalari badiiy-fantastik tafakkur tarzida ifoda etilgan. Lekin Filofey falsafasida o‘ziga xos haqiqat ham borday ko‘rinadi: embrionlarning chinqirig‘iga quloq tutilsa, ayanchli taqdiri avvaldan ma’lum, tug‘ilishi bilan axlatxonalarga tashlab ketiladigan qanchadan-qancha bolalarni qutqarish mumkin bo‘larmidi! Gitler kabi diktatorlar tug‘ilmasmidi! Mafiya degan ofat, giyohvandlar, muttaham o‘g‘rilar, gangsterlar, odamkushlar tug‘ilmasmidi! Balkim, bu yo‘l insoniyatning jaholat, zulm ustidan qozonadigan g‘alabasini yaqinlashtirarmidi!
Bork Filofeyning murojaatiga dastlab e’tibor bermaydi. Ammo u yoshligida sun’iy intellektlarni yaratish g‘oyasini qo‘llagan yagona olim edi, shu bois uni Kassandralarning taqdiri tinch qo‘ymaydi. Aytmatov Bork obrazi orqali zamonaviy fikrlaydigan, taraqqiyparvar, adolatparvar olim timsolini yaratadi. Ammo muallif kimning tomonida ekanligi ma’lum emas. Asosiy qahramon esa – voqealar rivojlanayotgan, olomon junbushga kelayotgan markaz. Borkning ilmiy, insoniy printsiplari uning yaqin tanish, mamlakat prezidentligiga nomzodini qo‘ygan Oliver Ordok bilan qilgan suhbatidayoq ma’lum bo‘ladi. Ordok Filofey nazariyasini xotirjam eshitadi, uni navbatdagi ilmiy ixtirolardan biri sifatida qabul qiladi, boshqalarga o‘xshab vahimaga tushmaslikni aytadi. Borkning Filofeyni qo‘llab-quvvatlashini asar muallifi psixologik jihatdan ham g‘oyat ishonarli tasvirlagan. Aytmatovning fikricha, Borkning katta hayotiy tajribasi, olimlik salohiyati Filofey nazariyasiga xolis ko‘z bilan qarash imkonini beradi. U yuzaga kelgan vaziyat xususida jamoatchilikni xabardor qilish zarur, deb hisoblaydi. Maqolasida Inson tushunchasini ijtimoiy, falsafiy, biologik, psixologik va axloqiy nuqtai nazarlardan asoslab beradi. Filofey nazariyasining ilmiy asosda e’tirof etilishi uning olimlik taqdiridagi eng muhim muammolardan biri edi. Shu boisdan ham Aytmatov Bork obrazini shunchaki Filofey fazoviy nazariyasini qo‘llab-quvvatlovchi olim sifatida emas, ilmiy tafakkurning har qanday yuksalishlariga tayyor inson sifatida tasvirlaydi. Chunki Borkning uzoq yillik ilmiy izlanishlari, erishgan yutuqlari nazariy jihatdan uni Filofey nazariyasiga yaqinlashtirib qo‘ygan edi. Taqdiri Filofey taqdiriga o‘xshab ham ketardi. Na turmush o‘rtog‘i, na yolg‘iz qizi uni bu taqdirdan uzoqlashtira olmasdi. U allaqachon boshini kundaga qo‘yib bo‘lgandi. Hayotning asl mohiyati, inson taqdiri, tug‘ilish va o‘lim, diniy e’tiqod, saxovat va yovuzlik, hayvonot dunyosidan to kosmik fazodan kelayotgan ogohlik belgilarigacha – hammasi maqolasida o‘z aksini topgan edi: “Kassandra tamg‘asi o‘zlarining siyosiy manfaatlaridan kelib chiqib bizni ishontirishga urinayotgan ba’zi voizlar aytishayotganidek, uyatli ish yoki xo‘rlanish emas, avvallari hech kim voqif bo‘lmagan, nogahonda yuzaga qalqib chiqqan, global masshtabli falokat haqidagi ogohlik qo‘ng‘irog‘i, butun insoniyat taqdirini hal qilishga qodir sotsial-maishiy hodisadir. Filofeyning ixtirosi ongimiz genetik jihatdan tanazzulga uchragani, necha asrlardan beri dunyoviy ruh ideallariga qarama-qarshi yashayotgan insonning aybi bilan izdan chiqqanidan dalolat beradi. Fojia shundaki, biz, saylovoldi yig‘ilishida yaqqol ko‘ringanidek, kassandra-embrionlar tug‘ilishni, yashashni xohlamayotganlari sababini anglashdan o‘zimizni olib qochmoqdamiz. Yashash ishtiyoqining so‘nishi jahon tsivilizatsiyasining so‘nishi demakdir. Bu holat hayot chirog‘i abadiy so‘nadi, degan gap. Ya’nikim, hayotning so‘nish-so‘nmasligi o‘zimizga bog‘liq. Buni embrionlar his etib, xavotirlarini homilador onalarning peshonalarida paydo bo‘ladigan tamg‘axol sifatida bizga ma’lum qilmoqdalar… Bu tamg‘adan emas, genetikamizda paydo bo‘layotgan esxatologik o‘zgarish sababidan qo‘rqishimiz kerak. Biz juda katta xatoga yo‘l qo‘ymoqdamiz. Filofey buzg‘unchi emas, u fazoviy avliyo”.
Taassufki, jamiyat Borkni tushunmadi. Uning sha’ni, insoniy g‘ururini tahqirlovchi varaqalar paydo bo‘ldi. Olomon uni yanchib, majaqlab tashladi. Bu fojia odamlar o‘z taqdirlarini jinoyat, ayovsizlik, axloqsizlik, mas’uliyatsizlik bilan bog‘lagani bois sodir bo‘ldi. Mehr o‘rnini johillik egalladi. Aytmatov qahramonlari yana bir bor taqdirning og‘ir imtihoniga duch keldilar. Bu imtihon asar qahramonining o‘limi bilan ham yakun topgani yo‘q. Adib o‘z o‘quvchisini avval boshdanoq mana shunday og‘ir imtihonga ruhan tayyorlab keldi va natijada, o‘quvchi uni shunday bo‘lishi lozimday qabul qildi. Borkning vatanparvarligi, ilmiy faoliyati, ijtimoiy faolligi, rostgo‘y va xaqparastligi mana shunday og‘ir fojiaga olib keldi.
Oliver Ordokning ma’naviy olami Robert Bork va Entoni Yungerning olamidan farq qiladi. U o‘z manfaati uchun hamma narsadan voz kechishga tayyor. Uning buqalamunligi saylovchilar bilan uchrashuvda yaqqol namoyon bo‘ladi. Borkning fikrlaridan xabardor bo‘lgach, saylovdagi shaxsiy manfaatidan kelib chiqib, siyosiy olibsotarlikni boshlab yuboradi. Aytmatovning ushbu qahramoni ko‘z o‘ngimizda ma’naviy olami zaif, siyosatda uzoqni ko‘ra olmaydigan bir kimsa sifatida namoyon bo‘ladi. Imkoniyatni o‘z foydasiga hal qilish uchun saylovchilarga qarata Filofey muttaham bir odam, u genetika bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazayotganini aytadi, u aslida bizning ma’naviy olamimizga tajovuz qilmoqda, o‘zimizga, tsivilizatsiyamizga bo‘lgan ishonchni so‘ndirmoqda, degan balandparvoz gaplarni aytib, olomonni junbushga keltiradi. Shovqin-suron avjiga chiqadi. Bu holatdan unumli foydalanish maqsadida Ordok saylovchilarni Filofey va Bordokdan o‘ch olishga chaqiradi. Olomon uni prezident qilib saylashga va’da beradi. Bir qarashda yolg‘on rost ustidan, jaholat esa ezgulik, mehr-oqibat ustidan g‘alaba qozonganday bo‘ladi. Bu hayotda faqat zo‘ravonlik, yolg‘on, firibgarlik, makkorlik, sotqinlik va xiyonatgina yashab qoladi, degan fikrga ham borasan. Ammo Entoni Yunker kabi insonlar bor ekan, hayot mayib-majruhlik botqog‘iga botmaydi, aksincha, u yillar, asrlar o‘tgani sari go‘zallashib boraveradi. Yunker o‘zining hayotiy printsiplaridan kelib chiqib, Oliver Ordok bilan aloqalarini uzadi, Bork va Filofey ishining davomchisiga aylanadi.
Filofey nazariyasining Amerika gazetasida e’lon qilinishi bir mamlakatda emas, butun dunyoda odamlarni oyoqqa turg‘izadi. Nahotki ota-ona hali dunyoga kelmagan murg‘ak farzandidan voz kechsa? Kassandra-embrionlar faryod qilishni to‘xtatmasalar, Yer yuzida inson zoti asta-sekin yo‘q bo‘lib ketadi-ku! Kassandralar butun dunyoni egallab olsalar, unda insoniyatning taqdiri nima bo‘ladi? Filofeyga ishonish mumkinmi? Atom quroli yovuz fanat-diktatorning qo‘liga tushib qolsa-chi? Vodorod bombasini yaratgan akademik Saxarov o‘z ixtirosidan voz kechganining boisi, ehtimol, shundadir? Sivilizatsiya erishgan bugungi yutuqlar inson kelajagini intellektual “Rim klubi” modeli asosida qurishga qodirmi? Bu kabi savollar yer yuzining ko‘plab mamlakatlarida kuchli hayqiriqqa aylanadi. Filofeyga qarshi namoyishlar, mitinglar tashkil etila boshlanadi. Nima qilish kerak? Inson huquqi degan tushuncha nima bo‘ladi? Konstitutsiya nima bo‘ladi? Demokratik davlat deganlari shumi? Odamlarning shaxsiy hayotiga aralashish mumkin emas!
Sotsializim. Kapitalizm. Demokratiya. Yozuvchi namoyishchilar holatini xuddi kino ekranida bir-bir o‘tayotgandek tasvirlaydi: demokratlar, konservatorlar, fidelchilar, saddamchilar, leninchi-stalinchilar, gitlerchilar, baynalmilalchilar, millatchilar, nafaqachilar, yoshlar, urushga qarshilar va uni yoqlovchilar. Qurollanish poygasi tarafdori urushga qarshi bo‘lgan mitingchini kaltaklamoqda. Boshqasi yosh qizchani o‘ldirib, jasadini yoqib yuborish harakatida. Hech kim hech narsaga javob bermaydi. Mas’uliyatsizlik avj olgan, axloqsizlik kuchaygan paytlar. Qayoqqa qarama, bosh boshdoqlik, anarxiya.
Romanda xalqaro “Issiqko‘l” forumi obrazi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Forum ishtirokchilarining inson taqdiri to‘g‘risidagi fikrlari bir-biriga mos kelib, jahonning o‘ziga xos intellektual jamiyatini barpo etishganidek, roman qahramonlari ham bugungi murakkab muammolarni idrok etishda hamfikrdirlar. Yangicha tafakkur, oshkoralik, dunyoning kelajagi, urush harakatlariga nisbatan murosasizlik, inson ongi evolyutsiyasi, xalqaro munosabatlar etikasi va falsafasi, ta’lim va tarbiya, yer yuzida tinch-totuv hayotni, umuman, tsivilizatsiyani saqlab qolish – bu masalalar Issiqko‘l forumida keng muhokama qilindi. “Kassandra tamg‘asi” asarining bosh g‘oyasi Chingiz Aytmatovning forum yig‘ilishlarida so‘zlagan nutqlarining mantiqiy davomi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
1978 yili genetika muammolariga doir Moskvada o‘tayotgan xalqaro konferentsiyada “Komsomolskaya pravda” gazetasi muxbiri biologiya fanlari doktori L.Kiselyovga shunday savol bilan murojaat etadi: “Ba’zi biologlarning fikricha, inson saxovat va zulm, alturizm va qo‘rquv, nafrat va quvonch genlari bilan birga tug‘iladi. Bu xususda genetika injenerlari nima deyishadi?” O‘shanda taniqli olim savolga aniq javob qaytarmay, “Endi, bu – juda murakkab masala, unday bo‘lishi ham mumkin, bunday bo‘lishi ham mumkin. Savolingizga neyrobiolog, neyrogenetik olimlar javob berganlari ma’qulroq”, deydi. “Kassandra tamg‘asi” asarida Chingiz Aytmatov bu savolga aniq javob qaytarganday bo‘ladi.
Savol tug‘ilishi mumkin: Andrey Kriltsov nega endi o‘zini Filofey deb ataydi? Romanni mutolaa qilganda bu savol ham oydinlashadi. Ma’lum bo‘ladiki, Filofey XUI asrning birinchi yarmida Pskov-Elizarov monastrida yashagan tarixiy shaxs, yozuvchi, “Moskva – uchinchi Rim” siyosiy nazariyasini yaratgan shaxs. U to‘g‘risidagi ma’lumotlar kam, ammo Filofeyning pskovliklarga hamda Moskva knyazi uchinchi Vasiliyga, shoh Ivan to‘rtinchiga yo‘llagan maktublari saqlangan. Ularda Filofey pskovliklarning odatiy hayoti, turmush tarzi haqida yozadi, Pskovning Moskva knyazligiga qo‘shilishi va knyaz vakolatlarining cheksizligini ma’qullaydi. Shu bilan birga, umumfalsafiy masalalar xususida fikr yuritib, insoniyat taqdiri yulduz va sayyoralarning harakatiga bog‘liq, deb hisoblaydigan astrologlar (shu yerda Mirzo Ulug‘bekni eslab o‘tmaslikning iloji yo‘q) mavqei yana mustahkamlanayotganini tanqid qiladi. Demakki, Filofey nomi olim Kriltsovga juda mos tushadi.
Inson ba’zida saxovat va jaholatni bir-biridan ajrata olmay qoladi. Namoyishchilar Robert Borkni o‘ldirishadi. Filofey bo‘lsa odamlar uni tushunmayotganlaridan darg‘azab bo‘lib, ochiq kosmosga o‘zini otadi. Bork va Filofey fojiasi o‘zini okean sohiliga urib nobud bo‘layotgan kitlar fojiasiga o‘xshab ketadi. Filofey okean suvlarida suzib borayotgan kitlarni birinchi marta ko‘rganidayoq, ichi-ichidan bir haqiqatni sezganday, yaqinlashib kelayotgan falokatdan uzoqlashish uchun kitlar bilan birga suzayotganday bo‘ladi. Bu jonzotlar to‘fon, girdob, zilzila yoki tayfunni oldindan sezib, odamlarni ogoh qilish uchun jonlarini garovga qo‘yayotganga o‘xshaydi. Balkim ular bundan-da dahshatli qo‘rquvni sezib, shunday qilishayotgandir? Ba’zi afsona-rivoyatlarga ko‘ra, kitlar bir vaqtlar odamlarning qo‘riqchilari bo‘lishgan. Shunday bo‘lsa, ular odamlarni falokatdan ogoh qilishni genlarida saqlab qolgan bo‘lishlari mumkin?
Boshqa bir taxmin ham mavjud. Kitlar odamlarning yeru ko‘kni, okean suvlarini zararli va zaharli chiqindilarga to‘ldirayotganiga nisbatan isyon qilayotgandirlar balkim? Mifologiya Chingiz Aytmatov ijodida muhim o‘rin egallaydi. Adib o‘z asarlarida ulardan unumli foydalanadi. Ba’zi bir afsonalar qissa va romanlariga shu qadar uyg‘unlashib ketganki, ularni bir-biridan ajratish qiyin. Buning boisi, Aytmatov keltirgan afsonalarning mag‘zida ma’lum haqiqat ham yotadi.
Antik adabiyotda, xususan, yunon mifologiyasida Kassandra obrazi mashhur bo‘lib, u taqdir ma’budasi sanaladi. Tangri Apollon go‘zal va oqila Kassandraga muhabbat izhor qiladi. Ammo Kassandra uning sevgisini rad etadi. Bundan g‘azablangan Apollon, garchi Kassandraga kelajakni bashorat qilish iste’dodini in’om etgan bo‘lsa-da, “Sen aytadigan bashoratlarga odamlar ishonmasin”, deb uni duoyiba’d qiladi. Kassandra Troya shahrining vayron etilishini avvaldan aytadi, ammo odamlar uning bu so‘zlariga parvo qilmaydilar. Chingiz Aytmatov qator asarlarida insoniyatni yaqinlashib kelayotgan ma’naviy, iqtisodiy halokatlardan ogoh etadi. Bu ogohlik, ayniqsa, adibning “Qiyomat”, “Qulayotgan tog‘lar” kabi asarlarida yaqqol ko‘rinadi. Shunday bo‘lsa-da, insoniyat bu ogohliklarga zarur darajada e’tibor bermoqda, deb aytish qiyin.
“Kassandra tamg‘asi”da Gorbachyovdan boshqa yana bir necha tarixiy shaxslarning nomlari keltiriladi: Stalin, Mao, Gitler, Saddam, Kaddafi, Fidel. Ammo ushbu asar tarixiy roman emas. Nomdor shaxslarni eslash, o‘tmishda sodir bo‘lgan voqealarning tafsilotlarini keltirish asarda tarixiylik kasb etmaydi. Badiiy adabiyotda shartlilik degan printsip mavjud. Buning ma’nosi shuki, yozuvchi hayotdan ijodiy g‘oyani oladi-da, uni o‘quvchilarga sodda va tushunarli tarzda yetkazish uchun voqealar syujetiga badiiy bezak beradi.
“Kassandra tamg‘asi”dagi voqealar sovet tuzumining nihoyasi – o‘tgan asrning 90-yillari mamlakatda yuz bergan voqealarni yodga soladi. Albatta, Andrey Kriltsov-Filofey, Robert Bork, Entoni Yunger, kassandra-embrion, ikszuryod yozuvchining ijodiy fantaziyasi mahsuli. Bir vaqtlar sovet tuzumi ideologiyasi Tansiqboyev, Sobitjon kabi ikszuryotlarni yaratish uchun butun imkoniyatini ishga solgan bo‘lsa, endilikda tabiatga qilinayotgan cheksiz zug‘um, ekologik muhitning izdan chiqishi, yadro qurollari sinovlari, bunga qo‘shimcha, to‘yib ovqat yemaslik, toza ichimlik suvi ichmaslik oqibatida har kuni dunyo mamlakatlarida qanchadan-qancha bolalar mayib-majruh tug‘ilmoqda, tug‘uruqxonalarga tashlab ketilmoqda. Qonli mojarolar tufayli bolalar yetim-esirga aylanmoqda.
Bugun tibbiyot shu darajada rivojlandiki, endilikda bolalarni sun’iy ravishda yetishtirish ham oson ish bo‘lib qoldi. Bu haqda o‘ylaganingda yodingga o‘z onasiga o‘q uzgan manqurt Do‘nanboy keladi. Ilmiy tafakkur inson farog‘ati, baxt-sodati, tinchlik-xotirjamlik uchun emas, Do‘nanboy kabi manqurtlarni yaratishga xizmat qilishini tasavvur qilish naqadar og‘ir.
Yaqinda gazetalarda “Marhum otadan tug‘ilgan bola” sarlavhali maqola e’lon qilindi. AQShda istiqomat qiladigan 22 yoshli Pem Mareskaning turmush o‘rtog‘i nikoh to‘ylarining o‘n oltinchi kuni avtohalokatda olamdan o‘tadi. Voqea joyida yetib kelgan tibbiyot xodimlari birinchi bo‘lib, jonsiz tanadan erkaklik urug‘ini oladilar va maxsus idishda saqlashga qo‘yadilar. Mutaxassislar uni bo‘lajak ona qorniga joylashtirish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqdalar…” Boshqa bir guruh olimlar homilani kosmik parvoz paytida hosil qilish ustida bosh qotirmoqdalar. Bu urinishning tarixi uzoq…
1903 yili mashhur fazoshunos olim E.Siolkovskiy “Shunday vaqt keladiki, kosmik fazoda tug‘ilgan million-million yangi odamlar Oy, Mars va Venera bo‘shliqlarini to‘ldiradilar”, deb niyat qilgan ekanlar. “Yangi odamlar” iborasiga mashhur olim qanday ma’no yuklaganini taxmin qilish qiyin. 1965 yili olimlar uch kishilik ekipajdan iborat “Vosxod” kosmik kemasini parvozga tayyorlashadi. Ilmiy rejaga asosan kosmonavt ayol Lyudmila Tokareva va uning turmush o‘rtog‘i parvoz chog‘i qo‘shilib, homila hosil qilishlari ko‘zda tutilgan edi. Ammo bosh konstruktor Korolyovning vafoti sabab, bu reja amalga oshmay qoladi, chunki uning o‘rniga tayinlangan Glushko bunday sinovlarni to‘xtatadi. Shunga qaramay, 1973 yili sinovlar yana davom ettiriladi. Ammo, oradan ko‘p o‘tmay, kosmik fazoda homila hosil qilish uchun avvalo sun’iy gravitatsiya yaratish zarurligi ma’lum bo‘lib qoladi. 1982 va 1984 yillari parvoz paytida kosmonavtlardan olingan urug‘ keyinchalik ularning ayollari bachadoniga joylashtiriladi, ammo bundan hech qanday natija chiqmaydi. Sovet olimlari bu borada boshi berk ko‘chaga kirib qoladilar. Bundan foydalangan amerikaliklar yeng himarib, yeru ko‘kda ishga kirishadilar. 1984 yili “Rokuell” firmasi ishlab chiqargan moslama yordamida kosmik kema ichida sun’iy gravitatsiya hosil qilinadi. Kosmonavtlar Yudit Reznik va Robert Malleyn “olamshumul tarixiy” tajribani amalga oshiradilar. Ularning badanlariga yopishtirilgan “datchik”lar tajriba chog‘i har ikkovi organizmida yuz berayotgan o‘zgarishlarni (yurak urishi, tana harorati, bosim, qon aylanishi, nafas olish va boshqalarni) yerga to‘xtovsiz jo‘natib turadi. Kema yerga qo‘nar ekan, ahvoli yomonlashgan Reznikni zudlik bilan “Edvard” aviabazasi gospitaliga joylashtirishga to‘g‘ri keladi. Taassufki, ko‘plab fazogirlarning jasoratli parvozlari oilaviy munosabatlarda butunday boshqacha natijalarga olib keladi. Kosmiy uchishlarda ishtirok etgan 8 ayolning birortasi ham keyinchalik farzand ko‘rmaydi… Bu holat “Kassandra tamg‘asi”da yuz beradigan voqealarning barchasi sof fantastika emasligidan dalolat emasmi?!
Bugun meditsina homila yetti haftalik bo‘lganidayoq, uning sog‘lig‘i to‘g‘risida to‘la va aniq ma’lumot bera oladi. Zamonaviy apparatlar yordamida ona qornidagi chaqaloqning sog‘liq bilan bog‘liq ba’zi muammolari to‘g‘rilanishi, ya’ni hali tug‘ilmagan bolani davolash mumkin. Ammo insonning dunyoga kelishi bilan bog‘liq murakkab jarayonga asossiz, tajriba tariqasida aralashuv, bu bilan ilmiy poygada yutib chiqishga urinish o‘ta yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buni unutmaslik kerak.
Jahon adabiyotida bashoratchi Kassandra mavzusiga ko‘p bor murojaat qilingan. Gomerning “Iliada”, Esxilning “Agamemnon”, Yevripidning “Gekuba” asarlarini olaylik. Esxil tragediyasining syujeti quyidagicha: Agamemnon o‘n yil davom etgan, ko‘p qon to‘kilgan, odamlarning boshiga og‘ir kulfatlar solgan, shaharlarni vayron qilgan Troya urushidan g‘alaba bilan qaytadi. U g‘alaba uchun sevimli qizi Igifeniyani qurbon qilishgacha boradi. Agamemnonning xiyonatkor xotini Klitemnestra gunohini yashirish uchun erining yo‘liga gilam poyondozlar to‘shab kutib oladi. Ammo… yuragida eri bilan birga urushdan qaytayotgan go‘zal asira Kassandraga nisbatan nafrat olovlanadi va Agamemnonni o‘ldirishga chog‘lanadi. Kassandra Apollon tomonidan o‘ziga berilgan bashoratgo‘ylik imkoniyatidan foydalanib, saroydagi ziyofat chog‘i mudhish jinoyat sodir bo‘lishi, Agamemnon va o‘zi o‘ldirilishi haqida xabar beradi Ammo hech kim unga ishonmaydi. U junbushga keladi, ammo ziyofatga borishdan voz kechmaydi.
Frantsuz yozuvchisi La Kolpreddaning “Kassandra”, Shillerning “Kassandra”, Likofrondning “Kassandriada”, Jukovskiyning “Kassandra” asarlarida, nemis yozuvchisi Krista Volfning povestida bu fojia turlicha rakurslarda ochib berilgan. Gomer va Esxil asarlari orqali o‘quvchi Kassandraning fojiali taqdiridan xabardor bo‘lsa, K.Volf va Chingiz Aytmatovda grek mifologiyasini bugungi kun muammolari bilan bog‘lash birlamchi ahamiyat kasb etadi. Aytmatov asaridagi Kassandra ona timsolida yakka bir insonning ham, butun insoniyatning ham ayanchli taqdiridir.
Roman haqida dunyo matbuotida son-sanoqsiz mulohazalar, bir-biriga zid fikrlar, e’tirof va raddiyalar e’lon qilindi. “Literaturnaya gazeta” B.Evseev va V.Korkinning mazmunan biri ikkinchisini inkor etuvchi maqolalarini (1995 yil, 25 yanvar) e’lon qildi. B.Evseev shunday yozadi: “Sotsialistik realizm paytida Aytmatov deyarli erkin san’atkor edi. Nisbatan so‘z erkinligiga erishilgan paytda esa u kapitalistik realizm yo‘lini tanlaganga o‘xshaydi. Negaki, “Kassandra tamg‘a”si, shubhasiz, g‘arblik o‘quvchiga mo‘ljallangan… Bu roman bilan Aytmatov milliy adabiyotimizning qurib bitayozgan tomirlaridan birini uzib tashladi, deyish mumkin”.
Tanqidchining fikriga, umuman olganda, qo‘shilish mumkin. Ammo Aytmatov sovet zamonida ham sotsialistik realizm printsiplariga mos kelmaydigan asarlar yozganini unutmaslik kerak. “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” fikrimizga misol bo‘la oladi. “Kassandra tamg‘asi” bois uni kapitalistik realizm yozuvchisiga aylantirish esa to‘g‘ri emas. Asar voqeligi boshqa bir mamlakatda kechsa, qahramonlar boshqa millatdan bo‘lsayoq yozuvchi ham boshqa dunyo vakili bo‘lib qolmaydi. To‘g‘ri, roman g‘arblik o‘quvchiga ham mo‘ljallangan. Biroq asar voqeligi asosida umuminsoniy manfaatlar yotishi bahs-munozaralarda yuzaga kelayotgan ko‘plab savolu e’tirozlarga, jumladan, “Aytmatov adashdi va kech qoldi, ilmiy fantastika oltmishinchi yillardayoq shakllanib bo‘lgan, 90-yillarning o‘rtalariga kelib, bu janrga qaytishdan foyda yo‘q, falsafiy-badiiy essechilik davri o‘tdi”, deguvchilarga (masalan R.Arbitmanga) javob bo‘la oladi.
Roman yozilganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Ammo bahs-munozara hamon davom etmoqda. O‘quvchilarning har yangi avlodi asarni o‘zicha qabul qiladi. Adib aytmoqchi bo‘lgan bosh fikrni o‘zicha idrok etadi. Bunda ularga Filofeyning ochiq fazoga sakrashdan avval stantsiya bortidagi kompyuter xotirasida qoldirgan ushbu maktubi yordamga kelishi shubhasiz:
“Vaqtimning kuyib kulga aylanishiga sanoqli onlar qoldi. Shu bois vidolashuv maktubimni kompyuterda terishga oshiqayapman. Nihoyat, yana g‘aroyib hodisaning guvohi bo‘ldim: Yerda tag‘in yangi kun tug‘ilish uchun yorug‘ kunni tun zulmati yamlab yutayotir. Mana sizga mangulikning zohiriy oqimi, mana sizga vaqtning ayoniy poyonsizligi. Biroq orbitadan kuzatadigan shaxsning qismati bitdi.
Koinot miqyosida inson umri pashshaning umriday gap. Biroq insonga tafakkur ato qilingan. Shu narsa uning umrini uzaytiradi. Lekin aksi ham bo‘ladi. Keskin qisqartiradi ham. Kun bilan tunning almashinishi sirini necha martalab beixtiyor kuzatganman. O‘shanda o‘zimga oxirgi nuqtani o‘zim qo‘yaman deb sirayam o‘ylamagan edim. Endi mening kunim bitdi, gunohkor hayotimning oxirgi kuni, mening uchun qiyomat kuni yetdi. Har qanday kishining hayoti bilan bog‘liq barcha narsalari kabi, mening qiyomat kunim ham o‘zim bilan birga ketadi. Men qiyomat kunimni o‘zim belgiladim, ayanchli imtiyozim ham, inqirozim ham shunda.
Mana shu satrlarni bitib bo‘lgach, nasib qilsa, kosmik matbuot konferentsiyasida so‘zga chiqmoqchiman. Shundan so‘ng hayot bilan vidolashib o‘z jonimga qasd qilaman. Mening o‘zimga chiqargan hukmim shundoq. Men turmushning qonun-qoidalarini buzdim. Men millionlar nafratiga yo‘liqdim. Robert Borkning o‘limiga men aybdorman. Men boshi berk ko‘chaga kirib qolganman. Men daf bo‘lishim, hayotdan ko‘z yumishim lozim. Boshqa yo‘l yo‘q.
O‘lim oldidan nafas olib to‘ymaysan, deyishadi. Lekin men pirovardida hamma gapni ochiq aytib olmoqchiman. Yerdagi la’nati hayotning, joningga tegib bo‘lgan bu dunyoning sendan keyin qanday bo‘lishining nima ahamiyati bor? Senga baribir emasmi? To‘ng‘iz qo‘pmaydimi? Biroq o‘z qo‘lim bilan hozirlagan ajalim oldidan meni vahima bosmoqda – odamlar nima bo‘ladi, Kassandra tamg‘asi hodisasini ertangi kun kishilarining aql-idroki, qalbi qanday qabul qiladi? Nima bo‘lganda ham, la’natlangan haqiqat haqiqat bo‘la olmaydi. Bugun inkor etilgan muammo ertaga yana paydo bo‘ladi, bunday qutulish hecham mumkin emas.
Mening kun-soatim bitdi. Bundan tonib bo‘lmaydi. Orqaga yo‘l yo‘q. Odamlar, men sizlarga tavba-tazarrumni qoldirayotibman. Bundan siz keyinchalik o‘zini samoviy rohib deb e’lon qilgan kaminaning kim ekanini, nasl-nasabimni, umrimni qanday o‘tkazganimni, nima ishlar qilganimni, mash’um kashfiyotim – Kassandra tamg‘asining sir-asrorini qanday bilib olganimni tushunib yetasiz…
Vidolashar ekanman, yana ikki og‘iz so‘zim bor. Kosmosdaligimda mening ongimda mislsiz kechinmalar, xayol-fikrlar jo‘sh urdi. Nima uchun shunday bo‘ldi – bilmayman sababini. Har safar kosmosdan bulutlar pardasi orqali yerga boqar ekanman, tahsinlar o‘qiyman: yo Rabbim, qanday buyuk bir samoviy xilqat Yer o‘zi. Quyosh ham insoniyat maskani bo‘lmish Yer uchun yaratilgan bo‘lsa ajab emas, yo‘qsa bularning hammasi na kerak? Dunyo inson uchun kerak – odam uning asl mohiyatini tushunib olish uchun yaratilgan, shu bois ham dunyo turibdi. Bo‘lmasa butun boshli galaktikasi nimaga kerak, aks holda na mazmuni bor, na mundarijasi bor dunyosining? Xudo haqida ham shunday deyish mumkin! U odam uchun zarur, shuning uchun ham u Xudo, shuning uchun ham u barhaq! Lekin inson shu koinotga, dunyoviy qonunlarga munosibmikan? Ana shu ulkan ochunga arzirmikin? Olamning jumbog‘i ana shunda!
Bas, kunpayakun bo‘lish fursati yetdi. Sanoqli daqiqalar qoldi. Ko‘p o‘tmasdan o‘zimni uloqtiraman, stantsiyadan ochiq fazoga sho‘ng‘iyman. Yerdan uzoqda. Benihoya uzoqda. Va butunlay gum bo‘laman.
Meni afv etinglar”. Filofey.
Roman muallifi bu maktubga qirg‘iz xalq qo‘shiqlaridan olingan quyidagi satrlarni epigraf qilib olishining o‘zi ko‘p narsani anglatadi:
“Otam kim?” deb so‘rashsa,
“Shamoldan bo‘ldim”, der emish.
“Onang kim?” deb so‘rashsa,
“Tumandan bo‘ldim”, der emish.
Abdildajan Akmataliyev, akademik (Qirg‘iziston)
Rus tilidan Ahmadjon Meliboyev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 3-son