Muhammadjon Xolbekov. 2014 yilgi Nobel mukofoti sovrindori (Patrik Modiano)

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Frantsiyada yuzaga kelgan To‘rtinchi Respublika (1946-1958) general de Goll boshqaruvi davrida “umummillat g‘oyalarini o‘zida ifodalovchi” ichki va tashqi siyosat badiiy adabiyotni ham avangard oqimlar yo‘lini tutishga undadi. Bu davr frantsuz adabiyotida bosh mavzu axloqiy, siyosiy va falsafiy tafakkurlar mujassami in’ikosi bo‘lib, unda “fuqorolik va vatanparvarlik tuyg‘usini ifoda etuvchi adabiyot” (littérature engagé) shakllanadi. Dastlab, bu xislat davrining ikki buyuk romannavisi Alber Kamyu (1913-1960) va Jan-Pol Sartr (1905-1980) ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi. 1957 yil Shvetsiya akademiyasi “Urushdan so‘nggi yillarda insoniyat vijdoni oldida turgan muammolarni asarlarida bag‘oyat jiddiylik bilan yoritib bergani uchun” Kamyuni Nobel mukofotiga lozim topgan bo‘lsa, 1964 yil Sartr “erkinlik ruhi bilan sug‘orilgan va mohiyatni izlagan g‘oyalarga boy, davrimizga ulkan ta’sir ko‘rsatgan asarlari uchun” bu ulug‘ mukofotga sazovor bo‘ldi. Urushdan keyingi o‘ttiz yil davomida frantsuz, umuman, G‘arb romanchiligida yalovbardorlik qilgan Kamyu va Sartr ekzistentsializmi absurd dunyodagi insonning aqliy mushohadalari bilan yo‘g‘rilgan hayotni tasvirlash, shaxsning jamiyatdagi qiyofasini, xulq-atvorini ochib berish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Kamyu va Sartr ekzistentsializmidan so‘ng frantsuz prozasida “yangi roman” (nouveau roman) oqimi maydonga keldi. Yangi roman ustalari Alen Rob-Griye, Natali Sarrat, Marsel Prust an’analarini davom ettirib, ekzistentsialistlar bilan ijodiy bahsga kirishdilar. Universitet tanqidchiligi (R.Bart, M.Fuko va b.) bilan hamfikr bo‘lgan bu yozuvchilar M.Baxtinning “polifoniya” ta’limotini badiiy matnga tatbiq etdilar. 1985 yili yangi romannavislardan Klod Simon Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Adibga “ijodida poetik va musavvirona yangiliklarning uyg‘unligi”, “davr kishisini tasvirlashdagi mahorati” uchun mukofot berilgan edi.

O‘tgan asrning 80-yillariga kelib frantsuz adabiyotida postmodernizm g‘oyalari shakllana boshlaydi. Bu davrda ijod qilgan M.Yursenar, J-M. Le Klezio, M.Dyuras, M.Turne, P.Modiano, Iv Novar prozasi yalovbardorlikni qo‘lga oldi. Masalan, o‘zining ilk asari – “Bayonnoma” romani bilan shuhrat qozongan Jan-Mari Gyustav Le Klezio roman shakli qoidalariga amal qilmagan holda, matnda tezkorlik va his-hayajonga moyillikni oldinga olib chiqdi; vaqti tig‘iz o‘quvchini oldi-qochdi hodisalar tasviri bilan chalg‘itmasdan, lo‘nda va aniq jumlalarda voqelikni bayon etishga harakat qildi. Uning tasvirda shoshilish sabablaridan biri odamlarning mavjud dunyodagi turli-tuman holatlarini aks ettirishga ulgurmoqdan iborat edi. Yozuvchi ta’rificha, inson koinotdagi kichik bir mavjudot, go‘yo bir “mitti chumoliga o‘xshaydi”. Ammo barcha mavjudot, ya’ni “chumolilar” orasida u eng qudratlisi; uning kuch-qudrati borliqni bor yoki yo‘q qilishga qodir, tabiat va mavjudot dunyosiga xo‘jayin. Faylasuf J.F.Liotarning ta’kidlashicha, “yangi roman” va strukturalistlarning izdoshi bo‘lgan Le Klezio jamiyat strukturasi va moddiy boyliklarni rad etgan holda, uning dinamik xaos, ya’ni o‘zgaruvchan tubsiz bo‘shliq shaklidagi tasvirini yaratishga intildi. 2007 yil Le Klezio “doimiy harakat kuychisi, poetik avantyura va ehtirosli ekstaz, amaldagi tsivilizatsiyadan tashqari va uning bo‘ysunuvidagi inson olamini asarlarida tadqiq qilgani uchun” Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Le Klezioning tengdoshi va maslakdoshi, yana bir taniqli frantsuz romannavisi Patrik Modiano joriy yilda adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini olishga musharraf bo‘ldi. Shved akademiyasi Modianoni modernizm adabiyotining yirik vakili Marsel Prust an’analarining davomchisi sifatida e’tirof etarkan, uning romanlari Prustning “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” epopeyasi turkumidek bir-birini to‘ldirib boradi, voqelik bir-biriga ulanib ketadi va yagona maqsad – fashizm jaholatlarini fosh etishga xizmat qiladi, degan ahdda adibni mukofotga loyiq topganini e’lon qildi. Darhaqiqat, Modianoning o‘zi ham buni inkor etmay: “Men o‘zimcha ham, o‘tgan qirq besh yildan buyon katta bir kitobni yozayapman deb o‘ylayman. Bir mavzu, ya’ni fashizm illatlari va uning asoratlaridan bugungi avlodni ogoh etuvchi romanimni oxiriga yetkazish uchun mehnat qilayapman”, deydi.

Patrik Modiano 1945 yilning 30 iyulida Parij chekkasidagi Bulon-Biankur shaharchasida yashovchi tadbirkor oilasida dunyoga keldi. Otasi yahudiy, onasi esa flamand edi. Boshlang‘ich maktabni tamomlagach, Parijdagi mashhur Genrix IV litseyida o‘qidi. Litseyda unga taniqli adib Raymand Keno geometriya fanidan saboq berdi va bolakayni adabiyot olamiga yetakladi. Keyinchalik u Sarbonna universitetining falsafa fakultetida til va adabiyotdan ta’lim oldi.

Modianoning yoshligi hali urush olovi so‘nib tugamagan, fashizm asoratlari parijliklar xayolidan o‘chmagan bir davrga to‘g‘ri keldi. Yigirma uch yoshli navqiron yozuvchining 1968 yil nashr etilgan “Yulduz maydoni” nomli ilk romanida fashizm bejiz qoralanmagandi. Roman birdaniga ikki adabiy mukofot – Roje Nim va Feneon sovrinlariga musharraf bo‘ldi. Shundan so‘ng adibning “Tungi qo‘riqchi” (1969), “Xiyobonlar halqasi” (1972), “Qayg‘u qo‘rg‘oni” (1975) , “Oila kitobi” (1981), “Tungi do‘konchalar ko‘chasi” (1978), “Yo‘qolgan vaqt” (1984), “Avgust yakshanbalari” (1989), “Kichkina Biju” (2001), “Dora Bryuder” (1997), “Begonalar” (1999), “Asal oyi sayohati” (1990), “Xarobazor gullari”, “Yo‘qotilgan yoshlik qahvaxonasi” (2007), “Sen mavzeda yo‘qolib qolmasliging uchun” (2014) romanlari nashr qilindi. Ulardan “Xiyobonlar halqasi” romani 1972 yil frantsuz akademiyasining bosh sovriniga, o‘sha yili “Tungi do‘konchalar ko‘chasi” romani esa adabiyot sohasidagi nufuzli Gonkur mukofotiga sazovor bo‘ldi.

 

Modiano romanlarining qahramonlari – o‘z davri (ikkinchi jahon urushi)ning “yo‘qotilgan avlod”iga mansub odamlar hisoblanadi. Ularni o‘tmish bilan bog‘lab turuvchi narsaning o‘zi yo‘q, ular urush dahshatini boshidan o‘tkazgan, o‘sha holatda kechgan umrini elas-elas eslashadi, voqealar ko‘z oldida tumandek xiralashgan, hayotga ishonch yo‘q, kelajak ham aniq emas. Qahramon o‘z xotiralariga ko‘milib yashaydi, urushda yo‘qotgan ota-onasi, oila va qarindoshlarini eslashga urinadi. Uning xotirasini o‘tmishdan qolgan suratlar, kundaliklar, sarg‘aygan hujjatlar oz bo‘lsa-da jonlantiradi. Romanlardagi voqealar xronotop tarzida kecha, bugun va ertani bir-biriga bog‘lab turadi. Masalan, bu holat adibning “Tungi do‘konchalar ko‘chasi” romani qahramoni Gi Rolan qiyofasida oydinroq ko‘rinadi. Qahramon urush davridagi o‘z asl qiyofasini tiklash niyatida o‘tmishiga nazar tashlarkan, xotiralarini uyg‘otishga harakat qiladi. Uning ko‘z oldida qariyb unutilgan voqealar, sanalar, siymolar g‘ira-shira gavdalanadi. Roman yakunida qahramon nimani axtardi-yu nimaga erishdi, bunga uning o‘zi ham qoniqarli javob topolmaydi. Yozuv uslubi jihatidan roman postmodernizm adabiyoti matniga yaqin kelsa-da, voqealar bayoni, aniq zamon va makonda kechishi realizm an’analariga mosroq ko‘rinadi. Kezi kelganda muallif impressionistik ifoda tasviridan ham foydalanadi: milliy koloritning nozik jilvalari xotiralarning oq va qora ranglari bilan uyg‘unlashib matnga jilo bersa, fotosuratlar orqali xotiraning oydinlashuvi kontrast asosida o‘tmish voqealarini qahramon ko‘z oldida jonlantiradi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Modiano romanlarining bosh mavzusi inson xotirasi va u orqali o‘tmishni, o‘zlikni axtarishdan iboratdir. Nobel mukofoti yozuvchining aniq bir romani uchun emas, balki butun ijodini qamrovchi “fashistlar tutqunida hududlar hayotini to‘laqonli aks ettirgani, inson kechmishi va taqdirini xotira orqali tiklash san’atining yuksak badiiy tasvirini yaratgani uchun” berildi. Adabiyotshunoslar ta’rificha, adib “xotiralar arxeologi” degan nomga sazovor bo‘ldi.

Patrik Modiano stsenariynavis sifatida ham tanilgan. U kinorejissyor Lui Malem bilan hamkorlikda 1974 yil “Lakom Lyusen” filmini yaratdi. Film haqida turli ijobiy va salbiy taqrizlar bosilib chiqdi. Film hatto “Oskar” sovriniga nomzod ham bo‘ldi. 1994 yil Modianoning “Qayg‘u qo‘rg‘oni” romani mavzusida yozgan stsenariysi asosida rejissyor Patris Lekont suratga olgan “Ivonna atri” filmi ham shuhrat qozondi.

Xullas, 2014 yil adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Patrik Modiano Klod Simon, Le Klezio kabi zamonaviy frantsuz adabiyotining “klassigi”ga aylanib ulgurdi. Yozuvchining asarlari jahonning 36 ta tiliga tarjima qilingan. Umid qilamizki, o‘zbek o‘quvchisi ham yaqin orada uning romanlarini ona tilimizda o‘qiydi.

Muhammadjon Xolbekov,

 filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son