Normat Yo‘ldoshev. Yoniq qalb munaqqidi (2012)

Atoqli munaqqid Ozod Sharafiddinov adabiyotshunoslik maydoniga o‘tgan asrning elliginchi yillarida kirib keldi. Bu xususda, ulug‘ yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu so‘zlarini eslash joizdir: “Ozod Sharafiddinov adabiyot ilmiga, aniqroq qilib aytganda, adabiy tanqidchilikka yonib kirdi va hozirgacha mana shu fazilatni saqlab qoldi”. Darhaqiqat, Ozod Sharafiddinov umrining oxiriga qadar ushbu e’tiqodida sobit turib: adabiyotga, ijodga, haqiqatga sadoqat ila xizmat qildi.

“ZAMON, QALB, POEZIYa”

Ozod Sharafiddinov “Zamon, qalb, poeziya”dan to “Ijodni anglash baxti”ga qadar yigirmadan ortiq kitoblar yozdi. O‘zbek adabiy tanqidchiligida o‘ziga xos maktab yaratdi.
Munaqqid totalitar tuzum davrida, elliginchi yillarda filologiya fanlari doktori Umarali Normatov qayd etganidek, “ustozi Abdulla Qahhordan ruhlanib adabiyotdagi xalturaga, o‘rtamiyonachilikka qarshi mardona kurash olib bordi. 40-50-yillarda keng tarqalgan o‘ta siyosatlashgan, nuqul mustabid tuzum mafkurasi targ‘ibotiga qaratilgan quruq ritorika, va’zxonlikdan iborat she’riyatning astar-avrasini chiqarib tashladi. Ulardan ko‘plab misollar keltirib: “She’rmi shu asarlar, poeziya bormi ularda”, degan keskin savolni qo‘yadi va teran ilmiy tahlil, rad etish mumkin bo‘lmagan dalil va mantiq asosida, “yo‘q”, deya javob bera oladi. 50-yillar sharoitida bunday fikrni aytish mislsiz jasorat edi”. Haqiqatan ham Ozod Sharaffiddinov “Zamon, qalb, poeziya” kitobida eng nomdor shoirlarning she’rlaridan misollar keltirib, ularning kamchiliklarini xolisona isbotlab bergan.
Munaqqid: “Poeziya nima? Uning mohiyati nimadan iborat, chinakam san’at, chinakam poeziya, chinakam iste’dod qanday bo‘lishi kerak?” degan savollarga o‘tgan asrning oltmishinchi yillaridayoq javob bergan edi. “Chinakam san’at, poeziya hamisha san’atkorning voqelikka yangicha munosabatidan, yangicha qarashidan, yangicha fikrlashidan boshlanadi… Chinakam shoir, birinchi navbatda, mutafakkirdir, hayot haqida fikrlovchi, uning ustidan hukm chiqaruvchi faylasufdir.
Chinakam poeziya esa hammavaqt his-tuyg‘uga aylanib ketadigan fikrdan yoki fikr­ga aylangan his-tuyg‘udan iboratdir”.
Munaqqid she’riyatga munosabatida jahon adabiyotining eng yuksak mezonlari asosida yondashdi. Chinakam poeziya bilan nazmbozlikni bir-biridan farq qilish kerakligini, poeziya-talantdan boshlanishini, talant esa hayotning hech kim ko‘rmagan tomonlarini ko‘ra olish qobiliyati ekanligini har jihatdan asoslab berdi.
“Zamon, qalb, poeziya” kitobiga kirgan “Poeziyaning bag‘ri keng”, “Chamanzorda gullar ko‘paysin” maqolalarida, lirik qahramon muammosi haqidagi bahsu munozaralarga oydinlik kiritdi. She’riyatimizda ovozlar, sozlar har xil jaranglashini, har bir shoir o‘z ovozi va soziga ega bo‘lishi kerakligini Mirtemirning xalqona, Asqad Muxtorning intellektual she’riyati misolida asoslab berdi. “Zamon, qalb, poeziya” nihoyasida munaqqid: “Men faqat poeziyamizning ijobiy tendentsiyalarini va ularning o‘sishiga xalaqit berayotgan ayrim hodisalarni tahlil qildim”, deb yozgan edi.
Tabiiyki, Ozod Sharafiddinovning ayrim nomdor shoirlar haqidagi tanqidiy mulohozalari ko‘plarga yoqmadi. Buning oqibatida, munaqqid malomatlarga ham duchor bo‘ldi. Ammo o‘z e’tiqodidan qaytmadi. Eng muhimi, Ozod Sharafiddinov oltmishinchi yillarda kirib kelgan iste’dodli yoshlarni himoyasi ostiga oldi. Abdulla Oripovning ilk she’rlariga “Oq yo‘l” tiladi. “Hayot bilan hamnafas” maqolasida Erkin Vohidov she’riyatini tahlil qildi. O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasiga taqriz yozdi. Shu asnoda, munaqqid adabiy jarayonning qaynoq nafasi bilan yashadi.
Bugunga kelib zamon, davr o‘zgardi. Adabiyotga qarash ham o‘zgardi. Ko‘pgina ijodkorlarning sho‘ro davrida yaratgan asarlari endilikda, adabiy tamoyillarga to‘g‘ri kelmay qoldi. Ammo Ozod Sharafiddinovning aksariyat maqola va kitoblari bugungi kunda ham o‘z kuchini yo‘qotgan emas. Masalan: “Birinchi mo‘jiza” kitobidagi G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov ijodi haqidagi portretlari bugungi adabiyot uchun ham muhim manbadir.
Ozod Sharafiddinov “Zamon, qalb, poeziya”dan keyin yaratilgan “Adabiy etyudlar” (1968), “Iste’dod jilolari” (1976), “Talant – xalq mulki” (1979), “Adabiyot – hayot darsligi” (1980), “Hayot bilan hamnafas” (1983), “Go‘zallik izlab” (1985), “Abdulla Qahhor” (1988), “Haqiqatga sadoqat” (1989) kitoblariga qadar adabiyotshunos, munaqqid sifatida o‘z estetik printsiplariga sodiq qoldi.

“ISTIQLOL FIDOYILARI”

1991 yil sentyabrining ilk tongi millat kitobiga zarhal harflar bilan yozildi. Millatning asriy orzulari ushaldi. Barcha millat farzandlari singari Ozod Sharafiddinov ham mustaqillikni quchoq ochib kutib oldi. Mustaqillik barcha ijodkorlar singari munaqqidga ham cheksiz imkoniyatlar eshigini ochdi. Munaqqid birinchi galda, ko‘nglidagi eng buyuk armoni – millat istiqloli yo‘lida shahid ketgan, nohaq qatag‘onga uchragan adiblarning muborak nomlarini oqlab, asarlarini xalqqa qaytarishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga oldi.
1969 yilda Cho‘lpon, Fitratlar qatorida nohaq qatag‘on qilingan shoirlar she’rlaridan jamlangan “Tirik satrlar” kitobi bevosita Ozod Sharafiddinov rahbarligida nashr etildi. Ammo bu kitobning boshiga qiyin kunlar tushdi. Bu haqda munaqqid “Tirik satrlar”ning qiyin qismati” maqolasida mufassal fikr yuritgan.
Ozod Sharafiddinov mustaqillikning ilk kunlaridan istiqlol fidoyilari haqida turkum maqola va risolalar yozdi. Ayniqsa, Cho‘lpon ijodi munaqqid ijodining markazida bo‘ldi. 1991 yilda nashr etilgan “Cho‘lpon” risolasida shoirning hayoti va ijodiy merosi ilk bor monografik yo‘sinda o‘rganildi. “Istiqlol fidoyilari” kitobida Turkiston istiqloli fidoyilari: Mustafo Cho‘qayev, Otajon Hoshimov hayoti, ijodi, taqdiri haqida hikoya qilinadi. Cho‘lponning adabiy-tanqidiy qarashlari keng tahlil nazaridan o‘tkaziladi.
Cho‘lponni anglash borasida mulohaza yuritib, munaqqid shunday fikrni keltiradi: “Cho‘lponni anglash – so‘z san’atining botiniy qonuniyatlarini teran anglash, ularning shoir ijodida qanday zohir topishini anglashdir. Cho‘lponni anglash – uning umumbashariy g‘oyalarini, uning yuksak insoniy tuyg‘ularini yurakka singdirib olishdir. Cho‘lponni anglash-Vatanni, ko‘hna Turkistonimizni Cho‘lpon ko‘zi bilan ko‘rib, Cho‘lpon yuragi bilan seva bilmoqdir”.
Ozod Sharafiddinovning o‘zbek professonal adabiy tanqidchiligiga tamal toshini qo‘ygan Otajon Hoshimov haqidagi maqolasi ham xarakterlidir. Maqolada munaqqidning hayoti, ijodi, taqdiri qalamga olingan. Moskva, Sankt-Peterburg shaharlarining nufuzli oliy dargohlarida tahsil olgan, Osfald kabi sharqshunos olimlar nazariga tushgan Otajon Hoshimov 20-yillarning o‘rtalarida adabiyotga kirib kelgan, 30-yillardayoq ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.
Otajon Hoshimov hayoti va ijodining murakkab, ziddiyatli tomonlari, ilk adabiy-tanqidiy maqolalari, O‘zbekiston adabiyoti, madaniyatini yuksaltirishdagi xizmatlari Ozod Sharafiddinov tomonidan keng qamrovli tahlil qilinadi. Munaqqid Otajon Hoshimovning “Dialektika va dialektika usulida o‘ylash”, “Adabiy meros va Chig‘atoy adabiyoti” maqolalarini, folklor bo‘yicha tadqiqotlarini zukkolik bilan tahlil nazaridan o‘tkazadi.

“IJODNI ANGLASh BAXTI”

Ushbu kitobni yangi o‘zbek adabiyotining yarim asrlik manzarasi deb izohlash mumkin. Kitobga yozgan so‘zboshisida Umarali Normatov haqli ravishda ta’kidlaganidek, “… Ozod Sharafiddinovning so‘nggi yillarda yaratilgan adabiy-tanqidiy asarlari, suhbat va badialari (adabiy-tanqidchilik asarlari) mustaqillik davri milliy adabiyotimizda, ma’naviy hayotimizda jiddiy hodisa bo‘ldi, deyish uchun to‘la asos beradi…”
Darhaqiqat, istiqlol Ozod Sharafiddinovga ijod imkoniyatlarini keng ochdi. Yillar davomida qalbida o‘ylab, yozishga undagan og‘riqli nuqtalarini bayon qilishga imkoniyat berdi. Shu sa’y-harakatlarning natijasi o‘laroq yuzaga kelgan – “Ijodni anglash baxti”ning ilk rukni – “Istiqlol nurlarida evrilayotgan adabiyot”da yangi milliy adabiyotimizga tamal toshini qo‘ygan – Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Hamza ijodining yangi qirralari qalamga olinadi. Jadid adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari belgilab beriladi.
Ozod Sharafiddinovning ijod va ijodkorning adabiyot hamda jamiyat oldidagi burchi to‘g‘risidagi qirralari, ayniqsa, suhbat-maqolalarida yorqin ifodalangan. Ustoz istiqloldan keyingi yillarda juda ko‘p adabiyotshunoslar, yozuvchilar, jurnalistlar bilan adabiy hayot haqida qilgan suhbatlarida hozirgi adabiy jarayondagi muammoli masalalarni qalamga oldi. “Istiqlol adabiyoti eng ilg‘or adabiyotdir…”, “Boqiy mo‘jiza”, “Iste’dod bilan uchrashish bayram” kabi muloqotlarida yuksak badiiy asarlar yaratish uchun ijod erkinligi va, eng muhimi, yuksak iste’dod birlashgandagina, biror natijaga erishish mumkinligi ta’kidlanadi.
Mustaqillik davrida adabiyotda ijobiy qahramon, ya’ni, zamonamiz qahramonini yaratish masalasi qo‘yildi. Munaqqid adabiyotning ijtimoiy funktsiyasi haqida gapirar ekan, qahramon masalasiga ham o‘z munosabatini bildirib o‘tgan: “Adabiyotning asosiy predmeti – inson. Bu jihatdan adabiyot dunyodagi eng demokratik hodisalardan bo‘lmog‘i kerak. Unga shoh ham, gado ham, yosh ham, qari ham, cholu kampir ham, buyuk sarkardayu oddiy askar ham, davlat arbobi va talaba ham, dunyodagi mashhur aktrisayu turli sabablar bilan tanini sotib tirikchilik qiladigan fohisha ham baribir. …Xullas, adabiyotda inson yoxud qahramon muammosini samarali hal qilmoq uchun, birinchi navbatda, falsafiy planda inson kontseptsiyasini mukammal ishlab chiqmoq kerak…” Haqiqatan, istiqloldan keyingi yillarda yaratilgan badiiyat namunalarida insonning murakkab ruhiy olamini kashf etish tamoyillari ko‘zga tashlanayotir. Bu hodisalarni Erkin A’zam, Omon Muxtor, Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam kabi adib­lar nasrida: Usmon Azim, Ikrom Otamurod, Bahrom Ro‘zimuhammad, Faxriyor kabi shoirlar she’riyatida kuzatish mumkin.
Ozod Sharafiddinov nazaridan, adabiyotda yilt etgan hodisa-da, chetda qolmas edi. Ayniqsa, adabiy tanqidchilik bobida aytilgan fikrlar bugungi tanqid uchun nihoyatda muhimdir. Nozikta’b adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov o‘rinli ta’kidlaganidek, “Ozod Sharafiddinov – tug‘ma tanqidchi edi”. Ozod Sharafiddinovning tanqidchilik kasbi haqidagi maqolasi 1976 yilda yozilgan. Vaholanki, maqola bugungi kunda ham tanqidchi bo‘laman, degan ijodkor uchun ma’lum darajada dastur vazifasini o‘taydi. Tanqidchi qanday bo‘lishi kerak, degan savolga munaqqid shunday javob beradi: “Tanqidchi bo‘lishni istagan odam adabiyotni butun vujudi bilan sevishi, unga sidqidildan fidoyilik bilan xizmat qilishi lozim. Chinakam so‘z san’ati tanqidchi uchun olamdagi eng muqaddas, eng qutlug‘ narsa bo‘lmog‘i darkor! …Tanqidchining adabiyotga muhabbati uning adabiyot yutuqlaridan quvona bilishida, adabiyot uchun iftixor tuyg‘usida, uning qusurlaridan iztirobida, adabiy asarga ehtiromli munosabatida, san’atkorga nisbatan ichki izzat-ikromida namoyon bo‘ladi…” Ozod Sharafiddinov tanqidchi uchun nihoyatda zarur bo‘lgan uch element – estetik tuyg‘u, fikrlash qobiliyati, so‘z san’atiga nisbatan ehtirosni alohida ta’kidlab, bularsiz tanqidchi talanti tarbiya topmasligini asoslab beradi.
Ozod Sharafiddinov munaqqidlik faoliyati davomida haqli ravishda qahramonga aylandi. Nafaqat ijodi bilan, balki amaliy faoliyati bilan ham. Adabiy hayotimizning biror nuqtasida yilt etgan iste’dod bo‘lsa Ozod Sharafiddinovning nazaridan chetda qolmadi. Buni bugungi kunda tanqidchiligimiz qiyofasini belgilab berayotgan – Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov, Ibrohim Haqqulov, Dilmurod Quronov, Ahmad Otaboyev, Bahodir Karim, Rahmon Qo‘chqor kabi tanqidchilar haqidagi fikrlari tasdiqlab turibdi.
Ozod Sharafiddinov “Adabiy tanqid va yangi tafakkur” maqolasida musta­qillikning adabiy tanqidga bergan imkoniyatlaridan to‘lqinlanib so‘z yuritadi: “Mustaqillik adabiyot kabi adabiy tanqidda ham eski qoliplar va iskanjalarni uloqtirib tashlab, erkin ijod qilishga imkon yaratdi”.
Hozirgi adabiy jarayonda modernizm, absurd adabiyoti bilan bog‘liq bahslar davom etmoqda. Bu haqda Ozod Sharafiddinovning “Modernizm – jo‘n hodisa emas…” maqolasini alohida ta’kidlash joiz. Ayrim adabiyotshunoslarning mazkur masalaga biryoqlama munosabat bildirganini e’tiborga olsak, Ozod Sharafiddinovning bu muammoga xolisona yondashganini maqola sarlavhasidan-da anglaymiz. Munaqqid nazarida adabiyotdagi barcha oqim va yo‘nalishlar yashashga haqli. Qachonki, u o‘zining adabiyot oldidagi, jamiyat va xalq oldidagi vazifasini unutmasa. Har bir davrning o‘z modern ijodkorlari bo‘ladi. Masalan, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Oybek ham o‘z davri uchun modern ijodkorlar bo‘lishgani ma’lum. Hozirgi milliy adabiyotimizda tobora nash’u namo topib borayotgan modern adabiyotining kelajagiga katta umid bog‘lagan munaqqid suhbatni: “Yashasin erkinlik, yo‘qolsin qoliplar”, deb xulosalaydi.
“Ijodni anglash baxti” kitobida Ozod Sharafiddinovning ustozlari – G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad haqidagi etyudlari kitobxonlar uchun qimmatli ma’lumotlar beradi. Eng muhimi, ulug‘ adiblar hayoti va ijodining o‘quvchiga noma’lum bo‘lgan jihatlari yorqin, yumorga boy, obrazli tilda ifoda etiladi.
Yuqoridagi mulohazalardan chiqadigan xulosa shuki, Ozod Sharafiddinovning hayot va ijod yo‘li, nafaqat, adabiyot ostonasiga qadam qo‘yayotgan har bir ijodkor uchun, balki, har bir insonning ma’naviy kamoloti uchun ibratli yo‘l hisoblanishi, shubhasiz.

«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.