Nizomiddin Amir Alisher Navoiy hayotligi davridayoq ham odil davlat arbobi, ham ulug‘ shoir sifatida shuhrat qozongan edi. Shoirning ko‘plab ijodkor zamondoshlari buni faxrlanib tilga olganlar va unga asarlar bag‘ishlab, najib insoniy xislatlari, saxovatu himmati, favqulodda nodir qobiliyatini ta’rif-tavsif etganlar. Bu bag‘ishlovlar zamirida ulug‘ shoirga bo‘lgan mehr-muhabbat bilan birga, yurt obodonchiligi, xalqning madaniy-ma’naviy yuksalishi, ilmu fan, adabiyot, san’at ravnaqidan quvonish va qoniqish tuyg‘usi ham ifodalangan. Zero, Navoiy asrlar davomida yig‘ilib kelayotgan orzu-armonlar, gumanistik g‘oyalarning ro‘yobga chiqishi timsoli, xalq ideali edi. Tarix go‘yo zarurat va namuna sifatida mukarram bir shaxs siymosida ezgulik g‘oyalarini mujassam etib, sahnaga olib chiqqan, u ma’rifat quyoshi kabi porlab dillarni yayratar, ijod ahlining qalbini ilhomga to‘ldirardi, so‘z san’ati esa, ulug‘vor bir ilohiy qudrati bilan shuurlarni band etgandi.
Chunonchi, Ahliy Sheroziyning hazrat Navoiyga bag‘ishlangan forsiy qasidasini o‘qiganda ana shunday fikrlar ko‘ngildan kechadi. Ahliy Sheroziy — Navoiyning kichik zamondoshi. «Majolis un-nafois»da Navoiyning o‘zi ta’kidlaganidek, u hali «tolibi ilm» bo‘lsa-da, biroq «har sinf (janr) she’rda mahoratlig‘ kishidur». Xususan, uning qasidalari el orasida shuhrat topadi. Navoiy yana yozadi: «Necha qotla Sherozdin rangin qasidalar aytib yuborib erdi. Bu yaqinda Xoja Salmon Sovajiyning masnu’ qasidasig‘a javob aytib, bir g‘arib (ajoyib) rubiy dog‘i izofat qilib yuboribdur. holo oncha chog‘liq quvvatlig‘ kishi demaslarki bo‘lg‘oy».
Ma’lum bo‘ladiki, Ahliy Sheroziy o‘z asarlarini hirotga yuborib, Alisher Navoiy nazaridan o‘tkazib turgan, ya’ni ulug‘ o‘zbek shoirini o‘zining ustozi deb bilgan. Salmon Sovajiy uslubida yozgan qasidasini bo‘lsa bevosita Navoiyga bag‘ishlagan. Ushbu asar «Qasidai masnu’ dar madhi Amir Alisheri Navoiy» (Amir Alisher Navoiy madhida yozilgan masnu’ qasida) deb nomlanadi. Izoh berib aytish joizki, maxsus nozik san’atlar qo‘llanib yaratilgan qasidalar «masnu’ qasida» deyilgan. Bunda shoir faqat baytlardagi so‘zlar ohangdoshligi, tasviriylik jihatidan alohida murakkab badiiy san’atlarni namoyish etibgina qolmay, balki, shu bilan birga, aruz vazni bahrlari, qofiya, radif ishlatishda ham turli uslublar qo‘llaydi. Ya’ni bir maromda davom etadigan qasidaning har bir baytida o‘zgacha bir san’at, o‘zgacha bir bahr ishlatiladi. Bundan tashqari, ba’zan bir, ba’zan ikki yoki uch baytning mazmuni va kalit so‘zlaridan foydalanib, yangi vazn va qofiyada boshqa bir bayt she’r ilova qilinadi. Zero, qasidaning o‘zini tashkil etuvchi baytlar usul (asllar) deb atalsa, ulardan hosil qilingan qo‘shimcha baytlar furu’ (shoxlar) deb nomlangan. Chunonchi, Ahli Sheroziyning mazkur masnu’ qasidasi quyidagi baytlar bilan boshlanadi:
Nasimi kokuli mushkin kirost chun tu nigor?
Shamimi sunbuli purchin kujost mushki tator?
Shamim xezad az ohu, vale na z-in xushtar,
Nasimi gul vazad, ammo chunin na anbarbor.
(Sen kabi mushk hidi taratadigan nigor kokuli yana kimda bor? halqa-halqa sochidan tator mushki hidi keladigan yana qayerda bor? Ohudan xushbo‘y mushk hidi keladi, ammo bunday yoqimli emas, gulning nasimi — xushbo‘y hidi keladi, ammo bunday yoqimli emas.)
Endi shoir ikki baytdagi umumiy ma’nodan foydalanib va nasim, kokul, mushkin, kiro, xezad, xushtar, shamim, purchin, chunin, anbar so‘zlarini qo‘llab, quyidagi qo‘shimcha baytni hosil qilgan:
Nasimi kokuli mushkin kiro xezad az in xushtar.
Shamimi sunbuli purchin kujo rezad chunin anbar.
(Mushkin kokilning xushbo‘y hidi bundan yaxshiroq taralmas, halqa-halqa sochlarning bunday anbar hidi boshqa joyda bo‘lmas.)
Qasida boshidan oxirigacha shu usulda davom ettirilgan. Boz ustiga, butun asar muvashshah san’ati asosiga qurilgan bo‘lib, har bir misra avvalidagi harflar yig‘indisidan madh etilayotgan shaxsning sifatlari hosil qilinadi va bu qit’a shaklida oxirda ilova etiladi.
Xullas, masnu’ qasidada mumtoz adabiyotning badiiy san’atlari go‘yo bir joyga yig‘ilib, ajoyib so‘z sehrxonasini tashkil etgandek bo‘ladi. Ahliy Sheroziyning mahorati shundaki, 216 bayt — 129 «asl», 70 «furu’» baytlar va 17 bayt qit’alardan tashkil topgan asarda notabiiylik va ma’nisiz so‘zbozlikka yo‘l qo‘ymasdan, hazrat Amir Alisher Navoiyning poetik obrazini yarata olgan. Qasidaning har bir bayti o‘quvchiga alohida zavq bag‘ishlaydi, hayratga soladi, ayni vaqtda Navoiyning buyuk tarixiy xizmatlari, ezgulik yo‘lidagi ishlari, ijodiy mo‘jizalari munosib ravishda ta’rifu tahsin etiladi, yorqinlashtirib o‘quvchi qalbiga singdiriladi.
Ahliy Sheroziy qasida muqaddimasida Navoiyni «davlat, dunyo va dinning nizomini saqlovchi haq taoloning vakili», deya ta’riflab, quyidagi she’rni keltiradi:
On ki nash’u namoyi gulshani dahr,
Hama az oftobi himmati o‘st.
Surxro‘yii ahli fazl imro‘z,
Chun aqiq az Suhayli davlati o‘st.
(Dunyo gulshanining yashnashi uning himmati quyoshidandir; bugun fazl ahli yuzining qizilligi uning davlatining la’li konidandir.)
Mana shu g‘oya, ya’ni Navoiyning mamlakat ma’naviy kamolotining sardori va madadkori ekanligi qasidada g‘oyat ta’sirchan chiroyli tasvirlar vositasida izchil ochib beriladi. Asarni shartli ravishda ikki qismga bo‘lish mumkin: 1) muallifning o‘zi madh etayotgan zotga mehru muhabbati izhori, undan uzoqligi, diydori, suhbatlarini sog‘inganini ifodalovchi baytlar va 2) Navoiyning inson sifatidagi mukarram xislatlari, saxovati, ijod sohasida amalga oshirgan ulug‘ ishlarining ta’rif-tavsifi va bahosi.
Albatta, qasida, bu — vasf janri. Unda madh, maqtov ohangi yetakchilik qiladi, shunga muvofiq so‘z-iboralar, san’atlar tanlanadi. Ammo shuni aytish kerakki, Ahliy Sheroziy qasidasidagi ta’riflarda hech bir mubolag‘a yo‘q edi, uning ta’riflari Navoiy sifatlarining ayni o‘zi edi. Sherozlik shoir biror-bir tama’ yuzasidan emas, balki ulug‘ o‘zbek shoirining amalga oshirayotgan jahonshumul ishlarini munosib baholamoqda edi. Chunki Ahliy Sheroziy baholari bilan Jomiy, Xondamir, Bobur baholari o‘zaro hamohangdir. Ahliy nazarida Navoiy shoir sifatida so‘z jismiga yangi jon ato etgan, davlat arbobi sifatida esa adolat bayrog‘ini ko‘tarib, zulm uyini vayron etgan jasur insondir.
Chunonchi u yozadi:
Yaqin, ki ham alami adl barafrozudiy,
Yaqin, ki ham jigari zulm gudozad zor.
(Aniqki, ham adolat bayrog‘ini baland ko‘tartirding, aniqki, ham zulmning jigarini yondirding.)
Navoiyning tadbirlari tufayli mamlakatdan jabru sitam quvildi, chunki uning farmonining tig‘i sitamkorlar qo‘lini kesdi, «qalamingning harakatidan viloyatlar obod bo‘lmoqda, sen tufayli hamma joyda haqning baraka yomg‘iri yog‘moqda», deb yozadi Ahliy Sheroziy. Navoiy benavolar, haqoratlangan kishilar himoyachisi va homiysi sifatida tasvirlanadi. Shu bois «Jahon mulki unga (Navoiyga) banda» bo‘lgisi keladi, Navoiy zamoni — saodat zamonidir, deb yozadi muallif.
Navoiy ham turkiy va ham forsiyda bebaho asarlar ijod qilib, so‘z dodini bergan daho shoir: «U so‘zga yangi jon bag‘ishlagan shunday sohibqalam san’atkorki, buni aqlu tasavvurga sig‘dirish qiyin», u «aqllarni lol qoldirdi». Yoki qasidaning mana bu baytlariga diqqat qilaylik:
Yagona on suxanatro chu payki bod orad,
Dile, ki murda buvad zinda kunad on gurftor.
Rasondai tu bad-on poyai suxan, ki imro‘z,
Jahon girifta qiyomat zi siyati istishhor.
(Agar shamol darakchisi ul nodir so‘zingni yetkazsa, bu so‘z xabari o‘lik dillarni tiriltiradi. So‘zning poydevorini bugun shunday joyga yetkazibsanki, uning shuhratidan jahonda qiyomat qo‘zg‘oldi.)
Navoiy so‘zini ko‘kda malaklar, yerda insonlar eshitib rohatlanadi, zavq oladi, u ham nazm va ham nasrda durlar sochdi. «Bunday har yerda, har zamonda hurlarga so‘z gavharini nisor etgan yana kim bor?», deya to‘lqinlanib yozadi Ahliy Sheroziy.
So‘z gavharini sochish — ulug‘ saxovat. Ammo Navoiy ilmu fan ahlining hojatbarori, o‘nlab ma’rifat maskanlari, madarasa-xonaqolar qurdirib, tolibi ilmlarning moddiy ta’minotini ta’minlagan benazir saxiy inson sifatida ham nom qozongan edi. Ahliy Sheroziy buni ham nazardan qochirmagan. U Navoiyning saxiy qo‘lini Nil daryosiga o‘xshatadi. Zeroki, Nilning suvi yuzlab anhorlarga bo‘linib, butun bir mamlakatni obod etadi, yuz minglab kishilar bu daryo tufayli farovon hayot kechiradilar.
Latoyifi karamash komi xalq shahde dod,
Kafi inoyati o‘ chu bahre az esor
(Karamining lutfu marhamati xalq murodini hosil qilib, shahdu shakarga yetkazdi. Uning inoyat kafti saxiylik vaqtida dengiz misol ko‘pirib, dur sochadi.)
Navoiyning qalbi pok niyatli odamlar intiladigan Ka’baga, o‘zi esa soliklar (tariqat ahli)ning rahnamosi Xizrga o‘xshatiladi. Navoiy favqulodda nobig‘a bir shaxs sifatida gavdalantirilgan. Ahliy Sheroziy tasviriga ko‘ra, Navoiy ruhiyati Arshga bog‘langan, dili esa haq subhonahu taoloning fayzi bilan yo‘g‘rilgandir. Navoiy garchi tariqat yo‘lini bosib o‘tmagan bo‘lsa-da, ammo Abu Bakr Shibliy va Junayd Bag‘dodiy kabi shayxlar martabasini qozongan odamdir, chunki ulug‘ shoirning kamoloti, najib xulqi, amallari shunga hidoyat etadi:
Tu Xizri rahravoni ba donishu tahqiq,
Tu Shibliyu, tu Junayd az daloyili atvor.
Shaku yaqin nabarad roh dar kamolotat,
Ki dar maqomi inoyat namud istiqror.
(Sen ilmu donish va tahqiqda yo‘lovchilar Xizrisan, tariqat dalilu isboti bo‘yicha Shibliy va Junaydga tengsan. Kamoloting haqida shak-shubhaga hojat yo‘q, chunki inoyat maqomida barqarorsan.)
Navoiy kabi himmati baland, mard va pokiza xulqli odamni jahon ko‘rmagan, uning zamonida hunar va ijod gullab-yashnadi, yoshu qari uning duosini qiladi, dushmanlarining ko‘zi ko‘r, qo‘lining kalta bo‘lishini Xudodan so‘raydi, deb xulosalaydi shoir. Ahliy Sheroziy o‘z fikrlarini qasida oxirida keltirilgan qit’alarda yana ham ravon va go‘zal tashbeh-istioralar bilan umumlashtirib bayon etadi. Alisher Navoiy komillik timsoli, ulug‘ madadkor va ijodkor shaxs siymosi bo‘lib gavdalanadi. Chunonchi:
Sarvari mulki karam, hokimi dahr,
Komili korgahi ahli kamol.
Hukmi o‘ dodi mahomid doda,
Adli o‘ karda adam gardi malol.
Marhami dardi dili mardumi dahr,
Maslahi holi hama dar hama hol.
(Saxovat mulkining sultoni, zamon hokimi, kamol ahli korxonasining komili. Uning hukmi ezgulik olamini yashnatdi, adolati ranju malol gardini yo‘q etdi. U zamona kishilarining ko‘ngil dardiga malhamdir ham o‘zi hammaning ahvolini har damda tuzatishga tayyor ekandir.)
Ahliy Sheroziyning mazkur qasidasi ulug‘ bobokalon shoirimiz hazrat Amir Alisher Navoiy nomini sharaflab, avlodlarga mujda bo‘lib kelgan nodir asarlardandir. «Navoiy nomi abadiy, uning fazlu karami asrlar osha poydor bo‘lg‘usi», deb yakunlaydi qasidani muallif. Darhaqiqat ham shunday: asrlar o‘tgani sari Navoiy g‘oyalarining qudrati yanada yorqinlashib namoyon bo‘lmoqda, amalga oshirgan ezgu ishlarining ahamiyati, salobati aniqroq ko‘zga tashlanmoqda.
So‘zimning oxirida Ahliy Sheroziy qasidasi badiiyatini o‘rganib, nashr ettirgan va bu kitobni kaminaga lutfan taqdim etgan Eronning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi muhtaram janob doktor Abbos Ali Vafoyiga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 13-sonidan olingan.