Aforizmlar haqida

Shunaqangi lo‘nda hikmatli so‘zlar yoki maqollar borki, ularni hamma biladi va hamma foydalanadi. Agar bunday hikmatli so‘zlarga barcha kishilar ishonishmaganda edi, ular asrlardan-asrlarga o‘tib kelmasdi.
KVINTILIAN

Lo‘nda fikrlash xalqqa xos…
M. GORKIY

Men maqollardan juda ko‘p narsani, boshqacha qilib aytganda,— lo‘nda fikrlashni o‘rganganman.
M. GORKIY

Inson tafakkuri va tajribasining boqiy xazinalari ming yillar osha so‘zda jamlanadi va abadul-abad yashaydi.
M. A. ShOLOXOV

Ko‘chirmalar, nodir fikrlar va shu singarilar serqirra shishaga qiyos — ular yozuvchilarning asarlarida sochilib yotgan aql, bilim yog‘dularini bir yerga jamlaydi va bu yog‘dularni o‘quvchi ongida o‘zgacha kuch va jonli tarzda mujassamlashtirib beradi.
J. SVIFT

Ayrim fikrlar bir yerga jamlangan nur oqimidek odamni u qadar charchatmaydi.
P. BAUST

Aforizmlar — falsafiy mushohadalarni ifodalashning deyarli eng qulay shaklidir.
L. N. TOLSTOY

Axloq uzundan-uzun gap, nasihatgo‘ylikdan ko‘ra ixchamgina hikmatli so‘zlarda yaxshi ifodalanadi.
K. IMMERMAN

Aforizmlar hayot daraxtida yetilgan mevadek bo‘lishi kerak.
J. NIZAR

Aforizmlar — ixcham shakldagi donolik, fikr va tuyg‘ular javhari.
U. OLJER

Maqollar ulkan ma’noning uch-to‘rt og‘iz so‘z bilan ifodalangan shaklidir.
T. FULLER

Jamiki hikmatli so‘zlarda tugallik ma’lum darajada qisqa ifoda shakliga qurbon beriladi.
S. JONSON

Aql fikrning bir tutamgina nuri va yog‘dusini to‘plab olib, shu beozor lazzatni hamma narsani sistemaga solish va hamma narsani muhokama qilish kasali bilan xarob etmagani holda undan zavqlangan ma’qul.
A. FRANS

Shunday fikrlar borki, ularni benihoya keng ma’noda qo‘llash mumkin; shu sababdan bunday fikrlar qanchalik ko‘pchilikka mos shaklda ifodalangan bo‘lsa, aql va yurakka shunchalik ko‘p oziq beradi, ular shu darajada chuqur his etilgan fikrlar bo‘lib chiqadi.
L. N. TOLSTOY

Axloqiy aforizmlar ma’naviyatdagi mustahkam negizlarni, inson faoliyati va ongidagi sabr-bardosh asoslarini belgilab beruvchi hayotiy majburiyatlarni, turmush donishmandligi, nuqtai nazarlarni qisqa shaklda bayon etadi.
GEGEL

Klassiklardan o‘rganish ajoyib natija beradi, darvoqe, ularda hammavaqt nimadir uchraydiki, u miyangga qattiq o‘rnashib qoladi, qon va jismingga o‘tadi.
Ya. KOMENSKIY

Mutafakkirlarning fikrlari bilan tanishish miya uchun tengsiz mashq: aqlga aql qo‘shadi va fikrni charxlaydi.
I. GERDER

Muxtasar ifodalangan o‘tkir fikrlar hayotni yaxshilashga ko‘p xizmat qiladi.
SISERON

Teran fikrlar — aqlga o‘rnashgan po‘lat mixdek, ularni sug‘urib bo‘lmaydi.
D. DIDRO

So‘zlar — asrga, fikrlar esa asrlarga tatiydi.
N. M. KARAMZIN

Lo‘nda hikmatli so‘zlar kishilarning miyasiga singib qoladi, ildiz otib, gullaydi, hosil beradi va hamisha ta’sir ko‘rsatib boradi.
F. BODENShTEDT

Fikr, va hikmatli so‘zlar, xonani bezab turgan gul singari ko‘ngilni bezaydi.
E. KAPIEV

Go‘zal tashbehlar go‘zal fikrga yarashib, uni avaylab turadi.
V. GYuGO

Hikmatli so‘z kitoblari aqlning mustaqil faoliyatiga nafaqat tazyiq o‘tkazadi, aksincha, mustaqil faoliyatga chorlaydi.
L. N. TOLSTOY

Lo‘nda fikrlarning afzalligi shundaki, ular jiddiy kitobxonni o‘zicha o‘ylashga majbur etadi.
L. N. TOLSTOY

Aksari hollarda yoshlarning men birovning aqli bilan yashamayman, degan gaplarini eshitasan. O‘ylab ko‘rilganlarni o‘ylab o‘tirish senga ne hojat? Tayyorini olib, olg‘a ketaver. Insoniyatning qudrati shunda.
L. N. TOLSTOY

O‘zi bilan o‘zi o‘ralashib, hech kimni tan olmay qo‘yganlarga ta’na bo‘lmasinu, yaxshi fikr qayerdan olinganidan qat’iy nazar, o‘zingning nodon fikringdan ko‘ra afzalroqdir.
F. LAMOTLEVAYE

Men, ayniqsa, ziddiyatli hodisalarga sinchkovligimni uyg‘otuvchi va o‘sha ziddiyatlarni hal etib beruvchi har turli ixcham hikmatli so‘zlarni qadrlayman.
I. GYoTE

Aqlli odam doimo buyuk kishilar sinovidan o‘tgan yo‘lni tanlashi va eng ajoyib shaxslarga taqlid qilishi kerak, chunki u mabodo o‘sha buyuklik darajasiga ko‘tarilolmagan taqdirda ham har nechuk qittay bo‘lsada, uning yog‘dusini emadi.
N. MAKIAVELLI