Arava buzilsa o‘tin,
Qiz buzilsa — xotin.
Benomusga kunda to‘y.
Benomusga ne nomus.
Besharmga arpa uni bahona.
Behayolar bel bog‘lasa,
Hayolilar uyga kirar.
Boylik ketsa ketsin,
Or-nomus ketmasin.
Bor borini yeydi,
Uyatsiz — orini.
Bossang, chuvalchang ham qimirlar.
Bossang, qurbaqa ham «vaq» etar.
Vijdonsiz — imonsiz.
Dashnom yeganim — besh non yeganim.
Joningni fido qilsang qil,
Nomusingni fido qilma.
Itning ori kelsa, suyakka ham qaramas.
Yigitni or o‘ldirar,
Tuyani — sarbon.
Yigitning moli bo‘lguncha, ori bo‘lsin.
Yigitning sazasi singuncha,
Shaytonning bo‘yni uzilsin.
Yigitning sazasi o‘lgandan
O‘zi o‘lgani yaxshi.
Yigitning xuni — yuz yilqi,
Or-nomusi — ming yilqi.
Yigitning xuni — yuz tanga,
Or-nomusi — ming tanga.
Yigitning xo‘rligi — o‘limdan qattiq.
Yiqilganni yer ko‘tarar.
Kaldan taroq so‘rama.
Ko‘zi yo‘qning yuzi yo‘q.
Lafz — puldan qimmat.
Mol — jonim sadag‘asi,
Jon — orim sadag‘asi.
Mol saqlama, or saqla.
Mol talashma, orga talash.
Molingga suyanma, oringga suyan.
Ne yomon, or-nomus yomon.
Nojo‘ya ishdan yosh bola ham uyalar.
Nomus — yarim o‘lim.
Nomus — o‘limdan qattiq.
Nomusni yoshlikdan asra.
Nomussiz yurmoqdan nomusli o‘lmoq yaxshi.
Obro‘ isitar, uyat kuydirar.
Odam ochlikdan o‘lmas, ordan o‘lar.
Odamni nomus o‘ldirar,
Quyonni — qamish.
Ori bo‘lmagan yigitdan nomusli qiz yaxshi.
Ori yo‘qning ohori yo‘q.
Orli origa qarasa,
Orsiz yengdim der.
Orli orlanib turar,
Orsiz yeb to‘yar.
Orsiz turmushdan orli o‘lim yaxshi.
Orsizga — olti kun bayram.
Orsizga tupursang, yomg‘ir der.
Orsizda aql bo‘lmas,
Aql bo‘lsa ham naql bo‘lmas.
Ota bilan orsiz talashar.
Otali yetim — orsiz yetim,
Onali yetim — orli yetim.
Pardali qiz — pariga tengsiz.
Pastak tog‘da qor bo‘lmas,
Aroqxo‘rda — or.
Pul ketsa-ketsin, obro‘ ketmasin.
Pulning ko‘zi yo‘q,
Baxshining — yuzi.
Sayoq yurgan tayoq yer.
Tamizlisi ona bo‘lay deb qayg‘urar,
Oliftasi oq sochini kunda bo‘yar.
Toydan toy qolsa, qulog‘ini tishlar.
Tog‘ boshida qor bo‘lar,
Er kishida or bo‘lar.
Tuzdagi cho‘ponga, uydagi xotinga o‘zi insof bersin.
Urgandan turtgan yomon,
So‘zlagandan so‘kkan yomon.
Uyat — o‘limdan qattiq.
Xato qilmoq bordir,
Tuzatmaslik ordir.
Xotinsizlik — mehnat,
Xotinbozlik — la’nat.
Chin boylik — imon boyligi.
Shavla ketsa-ketsin,
Obro‘ ketmasin.
Shavla ketsa qo‘lingdan,
Ketganiga rozi bo‘l.
Obro‘ qolsa o‘zingda,
Xursand bo‘lib, to‘ylar qil.
Shallaqi ko‘pirsa,
Gap aytmay tupur.
Shallaqida gap ko‘p.
Sharmanda, oxir qolar armonda.
Sharmandaga shahar keng.
Sharmsizlik — sharmandalik nishoni.
Sha’ni shavqat istasang,
Sharmandalik yo‘ldan qayt.
Shahar — sharmandaniki.
Eldan chiqsang ham, dindan chiqma.
Eman daraxtining egilgani — singani,
Er yigitning uyalgani — o‘lgani.
Er yigitga ikki nomus — bir o‘lim.
Er yigitni nomus o‘ldirar.
Er nomusi — el nomusi.
Echkida et yo‘q,
Orsizda — bet.
Eshikchining qorni to‘q,
Uyga borsa, yuzi yo‘q.
Yuz-yuzga tushar,
Uyat — ichga.
Yarli bo‘lsang ham, orli bo‘l.
Yaxshi qilar or,
Yomondan hamma bezor.
O‘ynashga ishonib, ersiz qolma.
O‘g‘ri do‘qi bilan qo‘rqitar,
Yomon ayol — yig‘isi bilan.
O‘g‘ri kulib yengar,
G‘ar — yig‘lab.
O‘g‘ri qarisa, so‘fi bo‘lar,
G‘ar qarisa, otin bo‘lar.
O‘g‘rining ishiga to‘g‘ri uyalar.
Qatorda nori borning ori bor.
Qiz bor — naf tekizar,
Qiz bor — gap tekizar.
Qizil et ketar,
Qizargan bet qolar.
Qizil yuzing qizartirma,
Uzun tiling qisqartir.
Qizni erkiga qo‘ysang, o‘yinchiga tegar.
Qudaning moli bo‘lguncha, ori bo‘l.
G‘ayrat — otda, hayo — ko‘zda.
G‘ayrati borning imoni bor.
G‘animat — g‘arniki,
Undan qolsa — karniki.
G‘ar bo‘l, o‘g‘ri bo‘l, insofli bo‘l.
G‘ar o‘ziga esh tortar,
Yomon aybini birovga ortar.
G‘ar o‘ziga g‘altak qilar,
O‘g‘ri o‘ziga o‘rtoq qilar.
G‘ar qarisa, g‘amzasi qolmas,
Ko‘l qarisa — qurbaqasi.
G‘arni g‘ar desang, o‘lgisi kelar,
Sog‘ni g‘ar desang, kulgisi kelar.
G‘unajin ko‘z suzmasa,
Buqacha ip uzmas.
Hayo ketdi — balo yetdi.
Hayoli hayodan qo‘rqar,
Behayo nedan qo‘rqar.
Hayolisi bola ko‘rsa, onaman der,
Tannozlari o‘z bolasini ukam der.
Hayosi yo‘qning imoni yo‘q.
Hayosizga shahar katta.
Hayosizga har kun hayit.
Hayosizlar yig‘ilgan yerda hayolilar toqqa qochar.
Hazil edi, chin bo‘ldi,
O‘ynash edi, er bo‘ldi.
Huzur-huzur, betamizniki — huzur.