Stiv Jobs: “Xayolga oshno bo‘l, xatodan qo‘rqma”

Stiv Jobs (1955-2011) hayotlik davridayoq mashhurlikning eng yuqori cho‘qqisini zabt etgan dunyoning noyob shaxslaridan biri hisoblanadi. U bu martabaga nafaqat axborot texnologiyalari va biznes olamidagi muvaffaqi­yati, balki g‘ayritabiiy iste’dodi sharofati bilan erishgan. Uni dunyoni o‘zgartira olgan inson, uzoqni ko‘ra oluvchi daho, uchqur xayol sohibi, buning ustiga o‘z davrining ovoziga aylangan nodir notiqlardan biri deb ataydilar. Kompyuterni u o‘ylab topgan emas, ammo u mahorat bilan g‘oyani haqiqatga aylantira olgan inson edi.

Stiv Jobs 1975 yili «Apple Computer» korxonasiga asos soladi. Qo‘lda mahsulot ishlab chiqaruvchi torgina, derazasiz garajda ustaxona sifatida ish boshlagan kompaniya o‘n yildan keyin axborot texnologiyalari sohasida jahon miqyosida tan olingan, ixtirolari dunyoni boshqaradigan yetakchi kompaniyaga aylanadi. 

Stiv Jobs Stenford universiteti talabalari huzurida so‘zlagan  g‘aroyib nutqida maqsad va amal haqida hikoya qiladi. Bu nutqda notiqlik va drama san’atining barcha qoidalariga rioya qilingan. 

Bu nutq zamonamizning eng ilhombaxsh va kishini maqsad sari dadil odimlashga undovchi nutqlaridan biri sifatida tan olingan.

* * *

Stenford universiteti, 2005 yil 12 iyun

Bugun dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biridagi diplom topshirish tantanasida qatnashish men uchun ulkan sharaf. Kaminaga oliy ta’lim muassasasini bitirish nasib qilmagan. To‘g‘risini aytsam, hozir ana shu baxtga har qachongidan ham yaqindekman. Sizga o‘z hayotimdan uchta hikoya aytib bermoqchiman. Bor-yo‘g‘i – shu. Hayron bo‘ladigan joyi yo‘q. Uchta oddiy hikoya.

Birinchi hikoyam nuqtalarni birlashtirish haqida.

Men Rid-kollejda olti oy tahsil olgach, o‘qishni tashladim, ammo kollejni uzil-kesil tark etgunimga qadar yana bir yarim yilcha borib-kelib yurdim.

Xo‘sh, nega men kollejni tashlagan edim?

Hammasi men tug‘ilmasimdanoq boshlangan. Biologik onam – erga tegmagan yosh aspirant – meni birorta o‘ziga to‘q oilaga farzandlikka berishga qaror qiladi. Yana uning talabiga ko‘ra, meni farzandlikka oluvchilar oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak edi. Shunday oila topilgan ham. Kelishuvga binoan tug‘ilganim zahoti bir huquqshunos oilasi meni farzandlikka olishi lozim ekan. Biroq dunyoga kelganimdan so‘ng ular qizaloq asrab olmoqchi bo‘lganini aytib, mendan voz kechishibdi. Tug‘ruqxonadagilar yarim tunda bola asrab olishni xohlovchilar ro‘yxatida turgan boshqa oilaga qo‘ng‘iroq qiladi: «Bizda kutilmagan o‘g‘il chaqaloq tug‘ildi. Olasizmi?». Ular jon-dili bilan rozi bo‘ladi. Keyinchalik onam meni asrab olmoqchi bo‘lgan oiladagi ayolning kollejni, erkak esa o‘rta maktabni ham tugatmaganini bilib qolgach, chaqalog‘ini farzandlikka berishga rozilik xatini imzolashdan bosh tortadi. Bir necha oy o‘tib, kaminani asrab olmoqchi bo‘lgan ota-onam meni, albatta, kollejda o‘qitishlarini va’da qilgandan so‘nggina u shashtidan tushadi.

Shunday qilib, o‘n yetti yildan so‘ng men kollejga bordim. Ammo oqibatini o‘ylamasdan Stenford kabi qimmat kollejni tanlab qo‘ygan edim. Bu dargohda o‘qishda davom etsam, oliy ma’lumoti bo‘lmagan, odmigina yashagan ota-onamning tejab-tergab yiqqan barcha mablag‘i tahsil pulini to‘lashga ketgan bo‘lar edi. Shuning uchun ularni asrash niyatida o‘qishni tashlashga qaror qildim. O‘qishni tashlaganimdan buyon o‘zimni qiziqtirmagan narsalar bilan shug‘ullanishni ham yig‘ishtirdim va o‘zimga qiziqarli tuyulgan narsalar bilan mashg‘ul bo‘ldim.

Ahvolim unchalik yaxshimasdi. Yotoqxonada xonam bo‘lmaganidan jo‘ralarimning xonalarida polda yotib yurardim, yegulikka pul topish uchun kola shishalarini yig‘ib, 5 tsentdan topshirardim, jilla qursa,  haftada bir marta to‘yib ovqatlanish maqsadida yakshanba kunlari kechqurun shaharning u chetidan bu chetigacha yetti mil yo‘l bosib, krishnaviylar ibodatxonasiga borardim. Bu menga yoqardi. Men o‘ta qiziquvchanligim va ichki sezgim tufayli  boshimdan o‘tkazgan ko‘p narsalar keyinchalik juda foydali bo‘lib chiqdi. Misol keltirishga ijozat bering.

Menimcha, o‘sha vaqtlar Rid-kollej mamlakatdagi kalligrafiya eng yaxshi o‘rgatiladigan muassasa edi. Butun kampusda barcha plakatlar, barcha surilma qutilardagi tamg‘alarning hammasi husnixat xat bilan qo‘lda yozilardi. O‘qishni tashlaganim uchun darslardan chetlatilgan edim. Shu bois husnixatni o‘rganish maqsadida kalligrafiya kursiga yozildim. U yerda men kertikli va kertiksiz shriftlar to‘plami, har xil kombinatsiyalarida harflar o‘rtasidagi masofaning o‘zgarishi, ajoyib tipografika asosi nima ekani haqida bilib oldim. U judayam nafisligi bilan kishini lol qoldirardi. Undan tarix nafasi ufurib turardi. Bu shunchalar ajoyib ediki, ta’rifiga til ojizlik qilardi va men kalligrafiyaga maftun bo‘lgan edim.

O‘rganganlarimni bir kun kelib amalda qo‘llayman degan fikr xayolimga ham kelmagan. Ammo oradan o‘n yil o‘tib, biz birinchi Makintoshni ishlab chiqqanimizda, o‘rganganlarim menga qo‘l keldi. Ularning barchasini Makni ishlab chiqishda qo‘lladik. U chiroyli tipografiyali birinchi kompyuterga aylandi. Agar kollejdagi o‘sha kursga yozilish fikri miyamga kelmaganida Makda hech qachon bir nechta shriftlar to‘plami yoki proportsional shriftlar (harflarining eni har xil bo‘lgan shrift, harflarining eni bir xil bo‘lgan shriftlardan, masalan, yozuv mashinkalari shriftlaridan farq qiladi) bo‘lmas edi. Yana Windows uchun ularni Makdan shunchaki ko‘chirib olishganini hisobga oladigan bo‘lsak, kompyuterda ularning mavjudligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Agar men o‘qishni tashlamaganimda o‘sha kalligrafiya kursiga hech qachon qatnamagan bo‘lardim, kompyuterlar esa shunday ajoyib tipografikasiz qolishi tayin edi. Albatta, kollejda ekanimda bu nuqtalarni birlashtirishning mutlaqo iloji yo‘q edi. Ammo oradan o‘n yil o‘tgach, bu nuqtalarning bir-biriga bog‘liqligi kunday ravshan bo‘lib qoldi.

Qaytaraman: siz kelajakka qarab turib nuqtalarni aslo birlashtira olmaysiz; faqat o‘tmishga nazar solib ularni birlashtirish mumkin. Shunday ekan, bu nuqtalar sizning kelajagingizda biron-bir tarzda bir-biri bilan birlashishiga astoydil ishoning. O‘zingizning fe’l-atvoringizga, taqdiringizga, hayotingizga, nasibangizga ishoning. Bunday yondashuv menga biror marta pand bermagan va hayotimni butkul o‘zgartirib yuborgan.

Ikkinchi hikoyam muhabbat va yo‘qotishlar haqida.

Mening omadim keldi: darhol o‘zimga yoqadigan ish topdim. Yigirma yasharligimda Voz (Stiv Voznyak – Jobsning maktabdosh do‘sti, ular birgalikda «Apple» kompaniyasiga asos solishgan) bilan birga ota-onamning garajida «Apple»ga asos soldik. Astoydil ishladik va o‘n yildan so‘ng «Apple» garajdagi ikki kishidan to‘rt ming xodim ishlaydigan, ikki milliard dollarlik kompaniyaga aylandi. Men bu paytda o‘ttizga kirgandim. Bir yil burun biz ijodimizning eng yaxshi mahsuli – Makintoshni ishlab chiqardik. Keyin esa meni ishdan bo‘shatishdi. Ammo qanday qilib kompaniya asoschisini undan haydash mumkin? Nima ham derdik.

Buning sababi quyidagicha: «Apple» yiriklashdi va mening taklifim bilan kompaniyani men bilan birga boshqarish salohiyatiga ega bo‘lgan bir kishini ishga yolladik. Dastlabki kezlarda ishlarimiz yaxshi bordi. Lekin keyinchalik u bilan kelajak haqidagi qarashlarimizda tafovutlar yuzaga kela boshladi va nihoyat biz janjallashib qoldik. Bu mojaroda direktorlar kengashi uning yonini oldi. Shu tariqa o‘ttiz yoshimda men ishdan bo‘shatildim, boz ustiga hammaning ko‘z o‘ngida. Butun ongli hayotim mobaynida intilgan narsamdan ayrilib, hafsalam pir bo‘ldi.

Bir necha oy nima qilishni bilmay yurdim. Menga berilgan estafeta tayoqchasini qo‘ldan tushirib yuborib tadbirkorlarning ilg‘or avlodining ishonchini oqlay olmaganimni his qilib ezilardim. Devid Pakkard va Bob Noys («Hewlett-Packard» va «Intel» kompaniyalarining asoschilari) bilan uchrashib, yo‘l qo‘ygan xatom uchun uzr so‘ramoqqa chog‘landim. Men hammaning ko‘z o‘ngida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, bu dahshat vodiysidan qanday qilib chiqib ketish haqida o‘ylardim. Ammo ruhimda nimalardir asta-sekin uyg‘ona boshlagan edi – hamon nima ishni yaxshi ko‘rsam o‘shani qilardim. «Apple»da yuz bergan voqea meni o‘zgartira olmagan edi. Ko‘kragimdan itarishsa ham men hanuz uni yaxshi ko‘rardim. Shu bois hammasini boshidan boshlashga qaror qildim.

O‘shanda men buni sezmagan ekanman, «Apple»dan quvilishim hayotimda yuz bergan eng yaxshi voqea bo‘lib chiqdi. G‘oliblikning mas’uliyati yelkasidan bosib turgan odamdan biror nimaga ishonchi unchalik qat’iy bo‘lmagan beg‘am boshlovchiga aylandim. Zero, o‘shanda hayotimdagi ijodim eng gullagan davrlardan biriga qadam qo‘yish uchun ishdan ozod bo‘lgan ekanman.

Keyingi besh yilda shaxsan o‘zim «NeXT» deb atagan kompaniyaga, «Pixar» deb atagan yana bir kompaniyaga asos soldim, ajoyib bir ayolni sevib unga uylandim. «Pixar» tarixda birinchi bo‘lib kompyuterda ishlangan animatsion film – «O‘yinchoqlar tarixi»ni yaratdi va bugungi kunda dunyodagi eng muvaffaqiyatli animatsiya studiyasi hisoblanadi. Meni hayron qoldirib, «Apple» «NeXT»ni sotib oldi va men «Apple»ga qaytdim, «NeXT»da ishlab chiqilgan texnologiya esa «Apple»ning bugungi yuksalishining negiziga aylandi. Loren ikkalamizning oilamizga esa ko‘pchilik havas qiladi.

Men shunga aminmanki, agar «Apple»dan quvilmaganimda bularning hech biri yuz bermas edi. Bu juda achchiq, ammo kasalning shifo topishi uchun zarur bo‘lgan bir dori edi. Ba’zan hayot boshga to‘qmoq bilan uradi. Noumid bo‘lmang. Men aminmanki, yagona suyanchim o‘z ishimga muhabbatim bo‘lgan. Nimani yaxshi ko‘rsang shuni izlashing kerak. Bu ishga ham, munosabatlarga ham taalluqli. Ish hayotingizning katta qismini band etishi turgan gap, undan rohatlanishga yordam beruvchi yagona tuyg‘u juda katta ish qilayotganingga ishonishdir. Buyuk ishni amalga oshirish uchun esa uni sevish kerak. Agar siz uni hali topmagan bo‘lsangiz izlashda davom eting. Taslim bo‘lmang. Yurakka taalluqli hamma narsa singari siz bu ishni qachon topishingizni ko‘nglingiz sezadi va barcha buyuk tuyg‘ular kabi yillar o‘tishi bilan bu sevgi faqat kuchayadi. Shunday ekan, uni topmaguningizcha izlashda davom eting. Taslim bo‘lmang.

Uchinchi hikoyam o‘lim haqida.

O‘n yetti yoshimda bir hikmat o‘qigandim, mazmuni taxminan shunday edi: «Agar har kunni xuddi oxirgi kuningday yashasang, bir kuni albatta haq bo‘lib chiqasan». U menga qattiq ta’sir qildi va shundan buyon, mana o‘ttiz uch yildirki, har kuni ertalab oynaga qarab turib o‘zimdan so‘rayman: «Agar bugun umrimning oxirgi kuni bo‘lsa, bugunga rejalashtirgan ishlarim bilan shug‘ullanishni xohlarmidim?». Mabodo juda ko‘p kunlar mobaynida o‘zimga-o‘zim ketma-ket «yo‘q» deb javob bersam, demak, nimanidir o‘zgartirishim kerakligini anglayman.

O‘zimga o‘zim umrning o‘tkinchiligini, yaqinda o‘lishim mumkinligini eslatishim har doim ulkan hayotiy qarorlar qabul qilishimga yordam bergan eng muhim xususiyatlardan biridir. Chunki boshqa hamma narsa – birovlarning mish-mishlari, mag‘rurlik, muvaffaqiyatsizlikka uchrash yoki sharmanda bo‘lishdan qo‘rqish hissi – o‘lim oldida bularning barchasi xira tortib qayoqqadir g‘oyib bo‘ladi va haqiqatan nima zarur bo‘lsa, o‘sha qoladi. O‘zingga o‘zing o‘limni eslatish – qopqonga – yo‘qotadigan narsalaring borligi haqidagi fikr­lar ta’siriga tushmaslik borasida men bilgan usullarining eng yaxshisidir. Sen rostdan ham yalang‘ochu yalangoyoqsan va qalbingga quloq solmaslikka hech bir sabab yo‘q.

Bir yil burun mening saraton kasalligiga chalinganimni aniqlashdi. Ertalab soat yetti yarimda oshqozonosti bezimdagi o‘sma yaqqol ko‘rinib turgan suratni oldim. Bungacha men hatto oshqozonosti bezi nimaligini ham bilmasdim. Vrachlar bu saratonning tuzalmaydigan turi ekanini, uzog‘i bilan olti oycha umrim qolganini aytishdi. Vrachim menga uyga borishimni va ishlarimni tartibga solishni boshlashimni maslahat berdi. Bu do‘xtirlarning ta’birida «o‘lishga tayyorgarlik ko‘ravering» degan ma’noni bildiradi. Ya’ni bolalaringizga aytmoqchi bo‘lgan gap­laringizni aytib qoling, oilangiz farovonligi uchun qila olishingiz mumkin bo‘lgan barcha ishni bajarganingizga ishonch hosil qiling, hamma bilan xayrlashib qoling deganidir.

Bir kun vaqtim shu tashxis bilan o‘tdi. Kechqurun menga biopsiya qilishdi: tomog‘imga endoskop tiqishdi, oshqozon va ichaklar orqali oshqozonosti beziga olib borishdi, unga igna tiqib, o‘smadan bir nechta hujayra olishdi. Men narkozda edim, ammo jarayonni kuzatib turgan xotinimning aytishicha, hujayralarni mikroskopga qo‘yib ko‘rgan vrachlar g‘ala-g‘ovur qilib qolishibdi. Chunki, ma’lum bo‘lishicha, mendagi kasallik oshqozonosti bezi saratonining jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin bo‘lgan kam uchraydigan turi ekan. Meni operatsiya qilishdi, hozir otdayman.

O‘shanda men ajal ostonasiga juda ham yaqin borganman. Shu bois «Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib» deganlariday sizga bir gapni qat’iy ishonch bilan aytmoqchiman.

Hech kim o‘lishni istamaydi, hatto jannatga tushishni orzu qiluvchilar ham. Lekin baribir o‘lim bilan yuzma-yuz kelish hammamizning boshimizda bor. Hozirgacha hech kim undan qochib qutulgan emas. O‘zi shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki O‘lim tabiat o‘ylab topgan narsalarning eng yaxshisi shekilli. Hayot uchun u o‘zgarishlar manbaidir. Yangiga yo‘l berish uchun  eski o‘chirib tashlanadi. Hozirgi vaziyatda siz yangisiz, biroq hademay ajoyib kunlarning birida siz ham eskiga aylanasiz va o‘chirib tashlanasiz. Bo‘rttirib yuborgan bo‘lsam ma’zur tuting, ammo bu bor gap.

Sizning vaqtingiz chegaralangan. Shuning uchun uni bekorga sarflamang. Dogmalarning qarmog‘iga ilinmang – boshqalarning fikri bilan yashamang. Begona fikrlar shovqini o‘zingizning ichki ovozingizni bosib ketishiga yo‘l qo‘ymang. Eng muhimi, o‘z qalbingiz va ichki sezgingiz ko‘rsatgan yo‘ldan yurishga o‘zingizda kuch topa oling. Aslida kim bo‘lishni xohlayotganingiz ularga hayratangiz tarzda ma’lumdir. Qolgan hammasi ikkinchi darajali.

O‘smirlik chog‘imda bizning avlodning eng sevimli nashrlaridan biri hisob­langan «Sayyoramiz katalogi» chop qilinar edi. Styuart Brand degan yigit uni bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda – Menlo-Parkda chiqarar, katalog sahifalarini o‘ziga xos obrazli uslubda tayyorlar edi. Bu 1960 yillarning oxiridagi gaplar, u vaqtlar kompyuter, printer, nusxa ko‘chirish apparatlari yo‘q edi, hamma ish yozuv mashinkasi, qaychi va polaroidlar yordamida bajarilar edi. Ushbu katalog noyob vositalar va buyuk fikrlarga to‘la mafkurasi bilan «Google»ning hozirgi hamma foydalana oladigan variantiga o‘xshab ketardi. E’tibor bering, «Google» o‘ttiz besh yildan keyin paydo bo‘lgan.

Styuart va uning jamoasi «Sayyoramiz katalogi»ning bir nechta sonini chiqardi, g‘oya batamom yuzaga chiqarib bo‘lingach, 1970 yil o‘rtalarida uning oxirgi sonini chop etishdi (o‘shanda men sizning yoshingizda edim). Oxirgi son muqovasining orqa tarafida ertalabki shossening surati berilgan bo‘lib, u agar siz sarguzashtlar ishqibozi bo‘lsangiz avtostop yordamida sayohat qilishingiz mumkin bo‘lgan shosselardan biri edi. Surat tagiga «Ishtiyoqmandligingizcha qoling! Tavakkalchiligingizcha qoling!» deb yozilgan edi. Bu ularning xayrlashuv nomasi edi. «Ishtiyoqmandligingizcha qoling. Tavakkalchiligingizcha qoling». Shaxsan men o‘zimga har doim shuni tilaganman. Hozir universitetni tugatib, yangi hayot ostonasida turganingizda, sizga ham tilagim shu:

Ishtiyoqmandligingizcha qoling. Tavakkalchiligingizcha qoling.

Hammangizga katta rahmat.

Hasan Karvonli tarjimasi