Islom konferentsiyasi tashkilotining oliy darajadagi 10-sessiyasi ochilish marosimidagi nutqi
2003 yil 16 oktyabr
Alhamdulilloh, Allohga shukurlar bo‘lsin, biz – Allohning marhamati bilan Islom konferentsiyasi tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari – maslahatlashish va umid qilamanki, islomning va butun dunyodagi musulmon ummatining kelajak rejasini ishlab chiqish uchun bugun shu yerga to‘plandik.
Hukumatimiz hamda turli millat va e’tiqodga mansub Malayziya grajdanlari nomidan Islom konferentsiyasi tashkilotining Malayziya ma’muriy poytaxti bo‘lmish Putrajayada o‘tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi 10-sessiyasida hozir bo‘lgan barcha mehmonlarga xush kelibsiz deyman.
Ushbu sessiyani o‘z hududida o‘tkazish, shuningdek Islom konferentsiyasi tashkiloti raisligini zimmasiga olish Malayziya uchun haqiqatan ham ulkan sharaf. Ishonch bildirishgani uchun men tashkilot a’zolaridan minnatdorman.
Mezbon davlat sifatida Malayziya bugungi sessiyada Islom konferentsiyasi tashkilotiga a’zo davlatlar yuksak darajada ishtirok etayotganidan mamnundir. Bu – bizning o‘z ishimizga bo‘lgan ishonchimiz naqadar mustahkamligini, tashkilotimiz unga sodiqligini, barchamizning mushtarak irodamiz va musulmon ummati taqdiridagi rolimizni kuchaytirish yo‘lidagi qat’iyatimizni yaqqol namoyon etadi.
Men, shuningdek, o‘z yurtida ko‘p sonli musulmonlar istiqomat qiluvchi mamlakatlarning rahbarlari va vakillarini ham bugungi uchrashuvda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini bildirgani uchun qutlamoqchiman. Musulmon yo musulmon emasligidan qat’i nazar, ularning uchrashuvimizda ishtirok etishi islom va musulmonlarni tushunishga xizmat qiladi, shu tariqa islom – qoloqlik va terror dini degan qarashning noto‘g‘riligini ko‘rsatishga yordam beradi.
Hozir butun dunyoning ko‘zi bizda. Shubhasiz, 1,3 milliard nufusli musulmonlar – yer yuzi aholisining oltidan bir qismi – zulm, istibdod va xo‘rlikdan azob chekayotgan birodarlarimiz va opa-singillarimizni ozod qilish u yoqda tursin, bizning islom va musulmonlar shon-sharafini tiklashga intilishimiz va qodirligimizga shubha qilishi mumkin bo‘lgani holda, bizdan va ushbu uchrashuvimizdan ko‘p narsa umid qilib turibdi.
Men bizning kamsitilish va ezilishimizga misollarni qalashtirib tashlamoqchi, dushmanlarimiz va ezuvchilarimizni tag‘in qoralamoqchi emasman. Bunday qilish behuda so‘zlamoqdan boshqa narsa bo‘lmas edi, chunki dushmanlarni ayblayvergan bilan ularning bizga munosabati o‘zgarib qolmaydi. Agar o‘z qadr-qimmatimiz va islom dinining sha’nini tiklashni xohlasak, aynan biz bir qarorga kelib, aynan biz harakat boshlamog‘imiz kerak.
Keling, shundan boshlaymiz: barcha musulmon mamlakatlar hukumatlari jipslashib, hamma masalalarda bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda ba’zi asosiy masalalarda, masalan, Falastin masalasida mushtarak nuqtai nazarga ega bo‘lishimiz shart. Biz hammamiz musulmonmiz. Hammamizga jabr-zulm qilishmoqda. Hammamizni tahqirlashmoqda. Ammo biz — dindosh birodarlarimiz orasidan Alloh azizu mukarram qilib mamlakatlar boshqaruvini ravo ko‘rganlar — islom talab qilganidek birlik va birodarligimizni namoyon qilish uchun hech qachon maqomimizga yarasha birgalikda harakat qilishga urinib ham ko‘rmadik.
Lekin nafaqat bizning hukumatlar, balki musulmon ummatining o‘zi ham tarqoqdir va ummat hamon bo‘linishda davom etmoqda. Oxirgi 1400 yil mobaynida islom shorihlari, ulamolar payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam keltirgan yagona islom dinini shunchalik turli-tuman talqin qilishdiki, hozir biz ko‘pincha bir-biriga zid keladigan ming xil dinga egamiz, shu ixtiloflarni deb bir-birimiz bilan urushmagan, bir-birimizni o‘ldirmagan kunimiz yo‘q.
Biz yagona ummatimizning juda ko‘p mazhab va tariqatlarga bo‘linib ketishiga yo‘l qo‘yganmiz, ularning har biri o‘zini haqiqiy musulmon qilib ko‘rsatishga tirishib, boshqalarni – butun ummatni adashganga chiqarmoqda. Biz dushmanlarimiz va g‘animlarimizni kimning haqiqiy musulmon yoki haqiqiy musulmon emasligi haqidagi masala mutlaqo qiziqtirmasligini sira anglamaymiz. Ularning tushunchasiga ko‘ra hammamiz terrorizmni targ‘ib qiluvchi din va payg‘ambarga ergashuvchi musulmonlarmiz, barchamiz ularning ashaddiy dushmanimiz. Biz sunniy yo shia, alaviy yo druzligimiz yoki yana kim deb atalishimizdan qat’i nazar, ular bizga hujum qilaverishadi, bizni o‘ldiraverishadi, tuprog‘imizga bostirib kiraverishadi, hukumatlarimizni ag‘daraverishadi. Biz esa bir-birimizga hujum qilib, bir-birimizni kuchsizlantirib, ba’zan esa ularning amrini bajo keltirib musulmon birodarlarimizga tajovuz qilishda o‘zimizni ularning ishonchli vakiliday tutib, dushmanlarimizga yordam beramiz. Biz o‘z hukumatlarimizni kuch bilan ag‘darishga intilamiz, shu tariqa o‘z mamlakatimizni zaiflashtiramiz va xarob qilamiz.
Biz islomning birlashing, bir-biringiz bilan birodar bo‘ling degan talabini islom mamlakatlarining hukumatlari va islom ummati mutlaqo mensimaymiz va e’tiborsiz qoldirishda davom etayapmiz.
Ammo islom ta’limotidan biz e’tiborsiz qoldirayotgan narsalar shu bilan tugamaydi. Bizga «iqro», ya’ni o‘qi, bilim ol deb nasihat qilingan edi. Ilk musulmonlar shu o‘gitga rioya etib, qadimgi yunon olimlari va islomgacha yashab o‘tgan barcha olimlarning asarlarini tarjima qilib, o‘rganishgan. Shu usulda musulmon olimlari o‘z tadqiqotlari bilan fan xazinasiga hissa qo‘shgan.
Ilk musulmonlar orasidan buyuk matematik va tadqiqotchilar, olimlar, vrachlar, astronomlar va boshqa allomalar yetishib chiqdi. Ular o‘z dini bo‘lmish islomni o‘rganish va hayotga joriy etish bilan birga zamonasidagi barcha fan sohalarida ham muvaffaqiyat qozonishdi. Natijada musulmonlar o‘z yerlarining boyliklaridan foydalanishga, tashqi savdodan foyda olishga, mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga, o‘z xalqlarini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi va islomga muvofiq hayot kechirish imkoniyatini yaratdi. O‘rta asrlar Yevropasi xurofot va qoloqlik botqog‘ida yotgan bir paytda ma’rifatli musulmonlar hurmatga loyiq va qudratli, dunyoning qolgan qismi bilan raqobatlashishga va o‘z ummatini tashqi agressiyalardan himoya qilishga qodir buyuk islom tsivilizatsiyasini barpo etib bo‘lgan edi. Yevropaliklar o‘z ilmiy merosiga ega bo‘lish uchun musulmon olimlarga qulluq qilib, shogird tushishga majbur bo‘lgan.
Musulmonlarning islom diyori va ummatni himoya qilish uchun qo‘shinlarni jang maydonlariga boshlab kirgan Uchinchi Abdurahmon, al-Mansur, Salohiddin Ayyubiy singari buyuk rahnamolari bor edi.
Biroq islom tsivilizatsiyasi taraqqiyotining yarim yo‘lida islomni yangicha talqin qiluvchilar paydo bo‘ldiki, ular ma’rifat deganda faqat ilohiyotni o‘rganishni tushunib, shuni targ‘ib qila boshladi. Tabiiy fanlar, tibbiyot va boshqa ilmlarni o‘rganishga e’tibor susaydi.
Musulmon jamiyatida ma’naviy-ma’rifiy tanazzul boshlandi. Tanazzul tufayli islom tsivilizatsiyasi zaiflashib, inqiroz boshlandi. Agar Usmoniylar imperiyasi lashkari aralashmasa edi, islom tsivilizatsiyasi Grenada qo‘ldan ketgan 1492 yildayoq yo‘q bo‘lib ketar edi.
Biroq Usmoniylar imperiyasining ilk muvaffaqiyatlari ma’naviy tiklanish bilan birga kechdi deb bo‘lmaydi. Buning o‘rniga musulmonlar «tor shim va soyabonli kepka kiyish islomga to‘g‘ri keladimi?», «bosma mashinadan foydalanish joizmi?», «machitlarni yoritish uchun elektr chiroqdan foydalansa bo‘ladimi?» kabi arzimas masalalar ustidagi tortishuvlarga o‘ralashib qoldi. Dunyoda sanoat inqilobi yuz berganida ular uxlab yotar edi. Inqiroz inglizlar va frantsuzlar odamlarni turk hukmronligiga qarshi qayrab, qo‘zg‘olonga oyoqlantirib, musulmonlarning eng so‘nggi buyuk davlati — Usmoniylar imperiyasini ag‘darib, uning yerlarini mustamlaka qilib olguncha davom etdi. Holbuki, ular odamlarni isyonga undar ekan, o‘z mustaqil davlatlaringizni qurish imkoniga ega bo‘lasizlar deb yolg‘on va’da berishar edi. Ikkinchi jahon urushidan keyingina ushbu mustamlakalar mustaqillikka erishdi.
Yangi milliy davlatlarga qo‘shib biz g‘arbcha demokratik tizimni ham qabul qildik. Bo‘linishimizga bu ham qo‘shimcha turtki bo‘ldi, chunki demokratiya yo‘lida tuzgan ko‘pgina siyosiy partiya va guruhlarimiz o‘z maqsadi yo‘lida islomiy shiorlardan foydalandi, boshqa partiyalarning islomiy partiya deb atalish huquqini rad qildi va hukumat tarkibiga kirishga muvaffaq bo‘lolmasa, demokratik saylov natijasini tan olishdan bo‘yin tovladi. Zo‘ravonlik yo‘lini tutib, beqarorlik paydo qildi, natijada musulmon davlatlari battar zaiflashdi.
Necha asrlar davom etgan shunday voqealar tufayli ummat va islom tsivilizatsiyasi shu qadar kuchsizlandiki, yevropaliklar mustamlaka qilmagan va ularga tobe bo‘lmagan bironta ham musulmon davlati qolmadi. Biroq erishilgan mustaqillik ham musulmonlarning kuchayishiga yordam bermadi. Doimiy notinchlik girdobida qolgan davlatlar zaif bo‘lib, yomon idora qilinishdan aziyat chekardi. Yevropaliklar musulmonlarning yerlari bilan ko‘ngliga kelgan ishni qilishi mumkin edi. Ular yahudiylar masalasini hal qilish uchun Isroil davlatini tuzish maqsadida musulmonlar yerining bir qismini tortib olganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Bo‘linib ketgan musulmonlar Balfurning kirdikorlari va sionistik jinoyatlarning oldini olish uchun aytarli hech nima qila olmadi.
Shunga qaramay ayrimlar bizni turmushimiz g‘animlarnikidan yaxshiroq ekaniga ishontirmoqchi bo‘lishadi. Ba’zilar islom bizni kambag‘al bo‘lishga buyurgan, azob-uqubat chekishga moyillik ham musulmonlarga xos deb ishonadi. «Bu dunyo biz uchun emas. Narigi dunyoda bizni huzur-halovat kutib turibdi. Bizning ishimiz — muayyan tartib-taomillarga rioya qilish, muayyan kiyimlarni kiyish va muayyan tashqi ko‘rinishga ega bo‘lishdir. Bizning zaifligimiz, qoloqligimiz va jabr-zulm chekayotgan birodarlarimizu opa-singillarimizga yordam berishga noqobilligimiz Ollohning irodasi bilandir, u dunyoda jannatga noil bo‘lish uchun bu dunyoda mana shu uqubatlarni boshdan kechirishimiz kerak. Biz peshonamizga yozilgan taqdirga rozi bo‘lishimiz shart. Nimadir qilishga zarurat yo‘q. Ollohning irodasiga qarshi hech nima qila olmaymiz» deyishadi.
Ammo bularning hammasi Ollohning irodasi, biz hech nima qilmasligimiz kerak degan gap to‘g‘rimi? Olloh «Ra’d» surasining 11-oyatida bizga «Albatta, Alloh biror qavm o‘zlaridagi narsani (ne’matlarga nisbatan munosabatni) o‘zgartirmagunlaricha, ulardagi narsani (holatni yomon holatga) o‘zgartirmas» deb nasihat qiladi.
Biz hozir qanday ezilayotgan bo‘lsak, ilk musulmonlar ham shunday ezilgan edi. Ammo ular islom ta’limotiga muvofiq o‘zlariga o‘zlari yordam bermoq uchun astoydil va jiddu-jahd bilan harakat qilganlaridan so‘ng Olloh ularga dushmanlarini tor-mor qilish va qudratli islom tsivilizatsiyasini barpo etishda yordam berdi. Qo‘limizda Olloh bergan shuncha imkoniyat, boylik bo‘la turib biz nima qildik?
Bizning kuchimiz – son jihatidan ko‘pligimizda. Biz 1,3 milliard nafarmiz. Butun dunyodagi neft zaxiralarining katta qismi bizniki. Son-sanoqsiz boyliklarimiz bor. Biz johiliyat davrida islomga kirgan arablarchalik bilimsiz emasmiz. Jahon iqtisodiyoti va moliya tizimi qanday ishlashini bilamiz. Jahondagi 180 ta mamlakatning 50 tasi bizning qo‘limizda. Bizning ovozlarimiz xalqaro tashkilotlarni bor yoki yo‘q qilishi mumkin. Lekin biz johiliyat davrida islomga kirib, payg‘ambarni rahnamo deb qabul qilgan kamsonli arablardan ham ojizu notavon ko‘rinamiz. Nega? Bu Ollohning irodasimi yoki dinimizni noto‘g‘ri tushunib, uning to‘g‘ri yo‘l-yo‘riqlariga rioya qilmaganimiz, shuningdek, qilayotgan noto‘g‘ri ishlarimizning natijasimi?
Dinimiz bizga o‘z ummatingni himoya qil deb nasihat qiladi. Afsuski, biz mudofaa qobiliyatini oshirishga emas, payg‘ambar davridagi qurollarga e’tibor qaratamiz. Bu qurollar va otlar endi bizni himoya qila olmaydi. O‘zimizni mudofaa qilish uchun endi bizga o‘qotar qurollar va raketalar, bombalar va samolyotlar, tanklar va harbiy kemalar kerak. Biroq narigi dunyoda bizga zarracha foyda bermaydi deb tabiiy fanlar va matematikani o‘rganishga loqayd qaraganimiz tufayli bugun mudofaa uchun suv ila havodek zarur bo‘lgan qurol-yarog‘larni mustaqil ishlab chiqarishga qodir emasmiz. Qurol-yarog‘larni g‘animlar va dushmanlarimizdan sotib olishga majburmiz. Qur’onni yuzaki tushunish va kerakli narsalarga e’tibor qaratmaslik natijasida, mana, qanday ahvolga tushib qoldik; Qur’on va payg‘ambarimiz sunnatining mohiyatiga emas, hijriy birinchi asrda qo‘llangan shakl, usul va vositalarga mahkam yopishib olishning oqibati bu. Islomning boshqa o‘gitlari xususida ham shunday deyish mumkin. Bizni Olloh o‘gitlarining mohiyati emas, zohiri ko‘proq qiziqtiradi va biz payg‘ambar sunnatiga zohiran amal qilamiz.
Ehtimol, biz hijriy birinchi asrdagi islomiy turmush tarzini eng to‘g‘ri deb hisoblaganimiz uchun o‘sha turmush tarzini, o‘sha davrni tiklashni xohlagandirmiz. Biroq bunday qilishimizga imkon berishmaydi. Bizning g‘animlarimiz va dushmanlarimiz ustimizdan hukmronlik qilish uchun qoloqligimiz va zaifligimizdan foydalanishmoqda. Islom faqat eramizning yettinchi asri uchun emas, barcha zamonlar uchun tushirilgan. Zamonlar esa o‘zgardi. Xohlaymizmi, yo‘qmi, biz ham o‘zgarishimiz kerak, dinimizni o‘zgartirish yo‘li bilan emas, uning yo‘l-yo‘riqlarini hijriy birinchi asrdagidan tubdan farq qiluvchi yangi muhitda qo‘llash yo‘li bilan o‘zgarishimiz shart. Islom noto‘g‘ri din emas, ammo ulamo talqinlarida xatolar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, chunki ular nihoyatda bilimdon bo‘lishlari mumkin, lekin payg‘ambar emaslar. Biz islomning fundamental ta’limotiga qaytib, haqiqatan ham payg‘ambar o‘rgatgan dinga e’tiqod qilayapmizmi-yo‘qmi, aynan o‘sha dinning ko‘rsatmalarini bajarayapmizmi-yo‘qmi deb o‘zimizdan so‘rab ko‘rishimiz darkor. Illo, e’tiqodlarimiz bir-biridan shunchalik farq qilib turgan holatda hammamiz chin va haqiqiy islom diniga e’tiqod qilayapmiz deb aytishimiz qiyin.
Bugungi kunda butun musulmon ummatiga nafrat bilan qarashadi. U malomatga qolgan. Dinimizni kamsitishadi. Muqaddas joylarimizni bulg‘ashadi. Mamlakatlarimiz bosib olingan. Odamlarimizni o‘ldirishmoqda, ochlik bilan qiynashmoqda.
Davlatlarimizning hech biri to‘liq mustaqil emas. Sitamgarlarimiz bizni o‘z xohishlari yo‘lida majburlab, o‘zimizni qanday tutishni, o‘z yerlarimizni qanday boshqarishni va hatto qanday o‘ylashni o‘rgatish maqsadida bizga tazyiq o‘tkazmoqda.
Bugungi kunda agar ular mamlakatimizga bostirib kirmoqchi, vatandoshlarimizni o‘ldirmoqchi, shahar va qishloqlarimizni vayron qilmoqchi bo‘lsa, bunga qarshi aytarli hech nima qilolmaymiz. Nahotki, shu holga tushishimizga islom dini sababchi bo‘lsa? Balki o‘zimiz diniy burchlarimizni bajara olmayotgandirmiz?
Qo‘limizdan keladigan birgina ish g‘azab o‘tida yonish bo‘lib qolayotir. G‘azablangan kishilar esa to‘g‘ri fikrlay olmaydi. Shu sababli ayrimlar voqelikka kaltabin qaramoqda. Bundaylar hujum uyushtirib, g‘ayridin bo‘ladimi, dindoshi bo‘ladimi, duch kelgan odamni o‘ldirib, o‘zlaricha o‘ch olmoqchi bo‘lishayapti. Ularning hukumatlari bundaylarni to‘xtatish uchun hech narsa qilolmayotir. Dushman esa javob zarbasini berib, hukumatlarni siquvga olmoqda. Hukumatlarning g‘animlarga yon berish va ular shartini qabul qilishdan boshqa chorasi qolmayapti.
Buni ko‘rib vatandoshlar va ummat yanayam g‘azablanib, o‘z hukumatlariga qarshi oyoqlanmoqda. Muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘lidagi har qanday urinish qarshilikka uchrayapti: dushmanning jig‘iga tegish va muammoni osoyishta hal qilishga xalaqit berish maqsadida yangidan palapartish hujumlar uyushtirilayotir. Ammo bu hujumlar hech nimani hal qilmaydi. Musulmonlarga nisbatan zulm yanada kuchayadi, xolos.
Musulmon mamlakatlari va xalqlarini ilojsizlik hissi qiynamoqda. Ular hech bir to‘g‘ri ish qila olmasliklarini fahmlab turibdi. Ular vaziyat bundan ham battar bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda. Musulmonlar har doim g‘arbning istibdodi va hukmronligi ostida bo‘ladi, har doim kambag‘al, qoloq va zaifligicha qoladi deb o‘ylaydi. Ayrimlar esa, yuqorida aytib o‘tganimdek, bularning bari — Ollohning irodasi, musulmonlarga bu dunyoda qashshoqlikda jabru-sitam chekib yashab o‘tish buyurilgan deb ishonadi.
O‘zimizni himoya qilish uchun nimadir qilishimiz zarur, biroq qo‘limizdan hech ish kelmaydi degan gap to‘g‘rimi? 1,3 milliardlik ummat son jihatidan ancha kam dushmanning kamsitish va zulmiga qarshi hech narsa qilolmasligi to‘g‘rimi? Nahotki, ko‘r-ko‘rona g‘azablanishdan boshqa chora qolmagan bo‘lsa? Nahotki, yoshlarni o‘zini o‘zi portlatib, odamlarni o‘ldirishga chorlash va shu tariqa o‘z xalqining juda ko‘p vakillari g‘anim tomonidan o‘ldirilishiga sababchi bo‘lishdan boshqa yo‘l yo‘q bo‘lsa?
1,3 milliard musulmon bir necha million nafar dushmandan yengilishi mumkin emas. Qandaydir bir yo‘li bo‘lishi kerak. Biz mulohaza qilish, ojiz va kuchli taraflarimizga baho berish, qarshi hujumimizni rejalashtirish va uning strategiyasini ishlab chiqish uchun to‘xtab, o‘zimizni bosib olsakkina o‘sha yo‘lni topamiz. Musulmon sifatida biz Qur’on va payg‘ambarimizning sunnatidan yo‘l-yo‘riq izlashimiz lozim. Shak-shubhasiz, payg‘ambarimizning 23 yillik kurashi qanday yo‘l tutish borasida bizga ibrat bo‘la oladi.
Bilamizki, payg‘ambarimiz va ilk sahobalar qurayshiylarning ta’qibiga duchor bo‘lishgan. U javob zarbalarini berganmidi? Yo‘q. U strategik chekinishga tayyor edi. U ilk sahobalarini xristian mamlakatiga jo‘natdi, o‘zi esa keyinroq Madinaga ko‘chib o‘tdi. U yerda tarafdorlar yig‘ib, mudofaa qobiliyatini mustahkamladi va ummatining xavfsizligini ta’minladi. Hudaybiya urushida do‘stlari va sahobalari qarshi chiqsa ham dushmanning musulmonlar uchun o‘ng‘aysiz bo‘lgan shartlarini qabul qildi. Sulh tuzilgandan keyin o‘z kuchlarini birlashtirdi va oxir-oqibat Makkaga kirishga va unda ham islomni e’lon qilishga muvaffaq bo‘ldi. Hatto shundan keyin ham u qasos olishga intilmadi. Oqibatda Makka ahli islomni qabul qildi, ularning ko‘pchiligi esa musulmonlarning ashaddiy himoyachilariga aylandi.
Payg‘ambar kurashining qisqacha tarixi shunday. Biz uning sunnatiga amal qilish kerakligi haqida ko‘p gapiramiz, ko‘plab misollar, hadislar keltiramiz. Lekin amalda birortasiga ham rioya qilmaymiz.
Agar Olloh bergan aqlimizni ishlatib o‘ylab ko‘rsak, noto‘g‘ri ish qilayotganimizni tushunamiz. Dushman bizga ziyon yetkazgani uchun unga ham ziyon yetkazish istagimizni hisobga olmaganda, biz hech qanday maqsadsiz kurashmoqdamiz. Dushman yon beradi deb nodonlarcha fikrlaymiz. Behuda qurbonlar beramiz va shu bilan dushmanning javob zarbalari va haqoratlari yanada kuchayishiga erishamiz, xolos.
To‘xtab, yaxshilab o‘ylab olish vaqti allaqachon yetdi. Ammo bu vaqtni bekorga yo‘qotishni anglatmaydi. Yarim asrdan ziyod Falastin uchun kurashib nimaga erishdik? Hech nimaga. Ahvolimiz oldingidan ham yomonlashdi. Agarda to‘xtab, yaxshilab o‘ylab olganimizda edi, uzil-kesil g‘alabaga erishish imkonini beruvchi reja, strategiyani ishlab chiqishimiz mumkin bo‘lardi. To‘xtash va xotirjam mulohaza qilish vaqtni bekorga yo‘qotishni bildirmaydi. Vaziyatga xotirjamlik bilan baho berish uchun biz strategik jihatdan yon berishimiz kerak.
Haqiqatda biz juda qudratlimiz. 1,3 milliard kishini shunchaki yer yuzidan yo‘qotib bo‘lmaydi. Yevropaliklar 12 million yahudiyning 6 millionini o‘ldirgan edi. Biroq bugun yahudiylar dunyoni qanday xohlasa shunday boshqarmoqda. Ular boshqalarni o‘zlari uchun urushish va o‘lishga majbur qilayapti.
Ehtimol, bu bizning qo‘limizdan kelmas. Balki biz 1,3 milliard musulmonning hammasini ham birlashtira olmasmiz. Balki barcha musulmon hukumatlarini birgalikda harakat qilishga majburlay olmasmiz. Biroq hatto ummatning uchdan birini va musulmon davlatlarining uchdan bir qismini birlashtira olsak ham nimadir qilishga qurbimiz yetadi. Eslang, payg‘ambarimiz Madinaga otlanganida izdoshlari juda kam edi. Ammo u ansorlar bilan muhojirlarni birlashtira oldi va oxir-oqibatda islomni muhofaza qilish uchun yetarli kuchga ega bo‘ldi.
Biz qisman birligimizdan tashqari qo‘limizdagi boyliklarning ham hisobini olishimiz kerak. Men yuqorida odamlarimiz soni, neft boyliklarimiz haqida gapirib o‘tdim. Hozirgi zamonda biz harbiy jihatdan zaifligimizning o‘rnini bosishga yetarli bo‘lgan ulkan siyosiy, iqtisodiy va moliyaviy qudratga egamiz.
Biz shuningdek nomusulmonlarning hammasi ham bizga qarshi emasligini bilamiz. Ba’zilari biz bilan juda yaxshi munosabatda. Ayrimlari hatto bizning dushmanlarimizni o‘z dushmanlari deb bilishadi. Hatto yahudiylar orasida ham Isroil qilayotgan ishni qo‘llamaydiganlar ko‘p.
Biz hammani o‘zimizga qarshi qilib qo‘yishimiz kerak emas. Ularning aqli va qalblarini zabt etishimiz shart. Ularni yordam so‘rab emas, o‘z manfaatimiz uchun kurashda namoyon qiladigan fazilatlarimiz bilan og‘dirib olishimiz zarur. Islomga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar bilan odamlarni o‘zimizdan bezdirib, dushman tomonga og‘ib ketishiga, shu tariqa g‘animlarimiz kuchayishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shart. Sulton Salohiddinni, u salibchilarga, xususan Angliya qiroli Richardga qarshi qanday kurashganini eslang. Payg‘ambarimiz islom dushmanlariga ham ko‘rsatgan g‘amxo‘rlikni yodga olaylik. Biz ham xuddi shunday qilishimiz kerak. Biz uchun aynan kurashdagi g‘alaba muhim, g‘azab bilan qarshi hujumlar uyushtirish va o‘ch olish emas.
Faqat qurollanish sohasida emas, barcha jabhada qudratimizni oshirib borishimiz lozim. Mamlakatlarimiz barqaror, hukumatlar salohiyatli, iqtisodiy va moliyaviy jihatdan baquvvat, sanoat rivojlangan va texnologik jihatdan ilg‘or bo‘lishi shart. Buning uchun vaqt kerak bo‘lsa ham shunga erishishimiz zarur, shunda vaqtni bekorga ketkazmagan bo‘lamiz. Dinimiz bizni sabrli bo‘lishga buyurgan. Shubhasiz, sabrli bo‘lish – ulug‘ fazilat.
Biroq ummatning himoyasi, qarshi hujum o‘z uyimizda tartib o‘rnatish bilanoq boshlanmasligi lozim. Hatto hozir ham biz g‘animlarga qarshi qo‘yish mumkin bo‘lgan salmoqli mol-mulk va vositalarga egamiz. Faqat ularni baholashimiz va dushman amalga oshirayotgan xunrezliklarga barham berish uchun ulardan qanday foydalanishni bilishimiz kerak, xolos. Agar yaxshilab mulohaza qilish, reja tuzish, strategiya ishlab chiqish va eng zarur birinchi qadamlarni qo‘yish uchun to‘xtab olsak, buni bemalol uddalasak bo‘ladi. Hatto shu qadamlarning o‘ziyoq ijobiy natija berishi mumkin.
Bilamizki, johiliyat davrida arablar bor-yo‘g‘i turli qabilalarning vakillari bo‘lgani uchungina o‘zaro adovatlashib, bir-birlarining qonini to‘kar edi. Payg‘ambar ularga islomiy birodarlikni targ‘ib qildi va ular bir-birlariga bo‘lgan nafratni yengishga, birlashishga va buyuk musulmon tsivilizatsiyasini barpo etishda bir-birlariga yordam berishga muvaffaq bo‘ldi. Johiliyat davridagi qoloq arablar qilolgan ish biz, hozirgi musulmonlarning qo‘lidan kelmaydimi? Biz ham nimadir qila olamiz, o‘zimizning buyuk tsivilizatsiyamizni qayta tiklay olmasak ham, hech bo‘lmaganda ummat xavfsizligini ta’minlay olamiz.
Buni amalga oshirish uchun bizdan xalqlarimizga xos turli-tuman xususiyatlardan voz kechish talab qilinmaydi. Bizga faqat umumiy manfaatlar yo‘lida, faqat Falastin muammosi singari umumiy muammolar ustida birgalikda harakat qila olishimiz uchun sulhga chaqirishning o‘zi kifoya.
Har qanday jangda, har qanday urushda hech narsa jamoaviy harakatlardan ham muhimroq ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Talab qilinadigan birgina narsa muayyan darajadagi intizomga rioya qilishdir. Payg‘ambarimiz Uhud jangida askarlarining bir qismi safni tark etgani uchun mag‘lubiyatga uchragan edi. Biz buni bilamizu shunga qaramay intizomga rioya qilishni, nomuntazam va muvofiqlashtirilmagan harakatlardan o‘zimizni tiyishni xohlamaymiz. Biz botir bo‘lishimiz kerak, lekin bemulohaza emas. Biz narigi dunyodagi ajrlar haqidagina emas, bu dunyodagi missiyamizning natijalari haqida ham qayg‘urishimiz lozim.
Qur’on bizga agar dushmaningiz sizga yarashishni taklif qilsa, uning taklifini qabul qiling deb o‘rgatadi. Ha, taklif etilayotgan shartlar biz uchun nomaqbul. Ammo biz muzokaraga borishimiz shart. Payg‘ambarimiz Hudaybiyada shunday qilgan va oxir-oqibatda g‘alaba qozongan edi.
Tushunaman, ushbu g‘oyalarning hammasi ham keng tarqalmaydi. Qahru g‘azabini bosolmaganlar gap nimadaligini anglamay turiboq ularni rad qilishdan xursand bo‘ladi. Ular hatto kim ushbu yo‘lni qo‘llab-quvvatlasa uning og‘ziga urishni xohlashadi. Ularga qolsa yangidan-yangi yigit-qizlar o‘zlarini qurbon qilishda davom etaverishsa. Lekin bularning barchasi nimaga olib keladi? Albatta g‘alabaga emas. Oxirgi 50 yil mobaynida Falastindagi janglarda hech qanday natijaga erishmadik. Qaytanga vaziyatni yomonlashtirdik xolos.
Ehtimol dushman bu takliflarni ma’qullar va biz targ‘ibotchilar g‘anim foydasiga ishlayapti degan xulosaga kelarmiz. Lekin o‘ylab ko‘ring. Biz aqlli odamlarga qarshi kurashayapmiz. Ular 2000 yillik qirg‘indan qarshi hujumlar tufayli emas, aql bilan ish yuritishlari sababli omon qolishgan. Ular sotsializm, kommunizm, inson huquqlari va demokratiya g‘oyalarini o‘ylab topib, hayotga shunday muvaffaqiyat bilan joriy etishdiki, ularni ta’qib qilish qonunga xilof bo‘lib qoldi, chunki ular boshqalar bilan teng huquqqa ega bo‘lishdi. Bularning hammasidan foydalanib hozirgi vaqtda ular eng qudratli davlatlar ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga oldi va kichkinagina to‘da shu tariqa dunyoga hukmronlik qila boshladi. Biz faqatgina musht bilan ularga qarshi kurasholmaymiz, aqlimizni ham ishlatishimiz kerak.
O‘zlarining qudratli ekanligi va ochiq-oydin ko‘rinib turgan muvaffaqiyatlari tufayli ular kekkayib ketgan. Barcha g‘azabnok kishilar singari kekkayganlar ham albatta xato qiladi, mulohaza qilishni unutadi.
Ular allaqachon xatoga yo‘l qo‘ya boshladi. Bundan keyin xatolari yanada ko‘payadi. Biz uchun – hozir ham, kelajakda ham – alohida imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Ulardan albatta foydalanishimiz shart.
Ammo buning uchun to‘g‘ri harakat qilishimiz darkor. Ritorika yaxshi narsa. U bizga nisbatan qilingan adolatsizliklarni ko‘rsatish va, ehtimol, odamlarni ozroq bo‘lsa ham o‘zimizga moyil qilish va qo‘llab-quvvatlashiga erishishga yordam beradi. U bizning ruhimizni ko‘tarishi, irodamizni, qat’iyatimizni mustahkamlashi mumkin, bu bizga dushmanning ko‘ziga tik qarashimiz uchun kerak.
Biz nusrat so‘rab Olloh taologa sig‘inishimiz lozim, chunki g‘alaba qozonamizmi yoki mag‘lub bo‘lamizmi, oxir-oqibatda aynan u hal qiladi. Niyatimizga yetish uchun uning marhamati va yordamiga muhtojmiz.
Biroq uning bizni qo‘llab, g‘alaba in’om qilish-qilmasligi o‘zimizning nima qilishimiz va qanday harakat boshlashimizga bog‘liq. Tag‘in «Ra’d» surasini(ng 11-oyatini) yodga olamiz.
So‘zimning boshida aytib o‘tganimdek, hozir butun dunyoning ko‘zi bizda, butun musulmon ummati islom davlatlari rahbarlarining ushbu konferentsiyasini umid bilan kuzatib turibdi. Ular bizdan qahru g‘azabimizni quruq gap yo ishoralar bilan to‘kib solishimizni ham, Ollohning marhamatiga noil bo‘lish uchun unga iltijo qilishimizni ham kutayotgani yo‘q. Ular bizdan nimadir qilishimizni, ishga kirishishimizni kutishmoqda. Biz, musulmon millatlarning rahbarlari, ularga qo‘limizdan hech nima kelmaydi deya olmaymiz. Hatto dinimizdagi va ummatimizdagi tarqoqlik bilan to‘qnash kelayotgan bo‘lsak ham ularga biz birlasha olmaymiz deya olmaymiz.
Bilamiz, bu ish qo‘limizdan keladi. Biz amalga oshira oladigan ko‘p ishlar bor. Ixtiyorimizda ulkan resurslar mavjud. Bizdan talab qilinadigani – intilish, xolos. Musulmon sifatida dinimiz ko‘rsatayotgan yo‘l-yo‘riqlar uchun shukur qilishimiz, bizdan talab qilinayotgan ishni qat’iyat va iroda bilan bajarishimiz lozim. Hokimiyatdan o‘z maqsadimiz yo‘lida foydalanishimiz uchungina Olloh bizni odamlarga rahbar qilib qo‘ygani yo‘q. Qo‘limizdagi hokimiyatdan xalqimiz, ummatimiz, islom manfaati yo‘lida aql bilan, hamjihatlik bilan foydalanishimiz shart. Shunda, inshoolloh, g‘alaba qozonamiz.
Men Ollohdan Islom konferentsiyasi tashkiloti Malayziyaning Putrajaya shahrida o‘tkazayotgan ushbu 10-konferentsiyasi bizga yangi kuch-g‘ayrat baxsh etishini, qudratli, marhamatli, rahmli Ollohning o‘zi ushbu anjumanimizni xayrli qilishini so‘rab qolaman.
Hasan Karvonli tarjimasi