Patrik Modiano. Mening syujetim – zamon (Nobel ma’ruzasi)

2014 yilda frantsuz yozuvchisi Patrik Modiano (1945 yilda tug‘ilgan) adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi. Nobel qo‘mitasining qo‘shimcha xatida ta’kidlab aytiladiki, u ushbu mukofotga “yozuvchi eng murakkab inson taqdirini aniqlashda va bosqinchilik vaqtidagi hayot mohiyatini ochib berishda foydalangan xotira san’ati” uchun musharraf bo‘ldi. Patrik Modiano adabiyotda muhim o‘rin egallagan taniqli frantsuz yozuvchilaridan biri. O‘ttizdan ortiq roman uning qalamiga mansub, ulardan ko‘pchiligi Ikkinchi jahon urushi vaqtida Frantsiyaning bosib olinishi mavzusi bilan chambarchas bog‘liq voqealar esa Parijda kechadi.
Patrik Modianoning asarlari Frantsiyada yuksak baholangan. “Qorong‘i do‘konlar ko‘chasi” (1978) Gonkur mukofotini oldi, “Xiyobonlar halqasi” (1972) frantsuz akademiyasining Katta mukofotiga sazovor bo‘ldi. Uning so‘nggi kitobi – “Shu dahada yo‘qolib qolmasayding” nomli asari 2014 yilda “Gallimar” nashriyotida chop etilgan.

MENING SYuJETIM – ZAMON
(Ma’ruza)

Eng avvalo, Sizlarning orangizda paydo bo‘lib qolganimdan, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti taqdim etib, menga ko‘rsatgan e’tirofingizdan qanchalik baxtiyor ekanimni shunchaki izhor etmoqchiman.
Bu qadar ko‘psonli yig‘in oldida nutq so‘zlash menga birinchi marta nasib etib turibdi va bundan biroz hayiqyapman. Bunday mashq yozuvchiga oson va tabiiy holda nasib etadi, deb o‘ylash odat tusiga kirgan. Ammo yozuvchi yoki hech bo‘lmaganda romannavisning og‘zaki nutq bilan chiqishmog‘i ko‘pincha dushvordir. Yozma va og‘zaki topshiriq o‘rtasidagi farqqa maktabcha qaraydigan bo‘lsak, yozuvchi ko‘proq yozmada mohirroq keladi. U sukut saqlashga o‘rganib qolgan va muhitni yorib kirishga intilarkan, olomonga qo‘shilib ketmog‘i joiz bo‘ladi. U zimdan suhbatlarga quloq tutadi, bordi-yu, suhbatga aralashgudek bo‘lsa, bu ham shu vajdanki, bir nechta mavhumroq savollar bo‘lsa va uni qurshab turgan ayollar va erkaklarni yaxshiroq tushunib yetsa. U yozma xatolarni to‘g‘rilashga o‘rgangan, ammo o‘zining og‘zaki nutqiga ko‘pda ishonmaydi. O‘z-o‘zidan ravshanki, ko‘plab tahrirlardan keyin uning uslubi toza va aniq ko‘rinishi mumkin. Ammo u gapira boshlaganda esa biron narsani o‘zgartirishga imkon qolmaydi.
Keyin, men ayrim hollardan tashqarigina, ya’ni bolalarning gapirishiga yo‘l qo‘yilmagan, bunga ham maxsus ruxsat olgan avlodga mansubman. Bizning gapimizga quloq solishmagan va juda ko‘p hollarda bolalarning gapini og‘zidan olib qo‘yishgan. Ayrimlarimizning nutqimiz yaxshi chiqmaganligi, og‘zimdan olib qo‘yishmasin, degan qo‘rquvda g‘oyat tez gapirishimiz shu bilan izohlanadi. Menda vujudga kelgan yozish xohishi, boshqalarda bo‘lganidek, o‘spirinlikda o‘sib chiqqani, shundandir. Siz yoshi kattalar o‘qishidan umidvorsiz. Gaplaringizni quloq qoqmay tinglashga majburligi ham shundandir, ko‘nglingizdagini bilib olishlari ham shundandir.
Bu mukofot haqidagi xabarga ishonmadim, nima uchun meni tanlashingiz sababini bilishga oshiqardim. O‘sha kungacha uning kitobi haqida so‘z ochilganda romannavis naqadar ko‘r bo‘lib qolishini, uning yozganlarini o‘quvchilar nechog‘li yaxshi tushunishlarini hech qachon bunchalik kuchli his etmagandim. Yozuvchi hech qachon o‘zining shinavanda o‘quvchisi bo‘lishi mumkin emas; bordi-yu, u o‘z kitobining o‘quvchisi bo‘lsa, faqat qo‘lyozmadagi sintaktik xatolarni, takrorlarni to‘g‘rilash yoki keraksiz jumlalarni olib tashlash uchungina o‘qiydi. U o‘z kitoblari haqida xira, chalakam-chatti tasavvurga ega bo‘ladi, bu zinapoyalarda yotib olib, gumbaz ostida suvrat solayotgan va butunlikni ilg‘ayolmay, qismlarni haddan tashqari yaqindan turib ishlab chiqayotgan rassom ishiga o‘xshaydi.
Yozuvchilik – g‘alati va yetimcha mashg‘ulot. Romanning dastlabki sahifalarini yozar ekansiz, vaqti-vaqti bilan ruhingiz tushib ketaveradi. Har kuni siz yo‘ldan toyilib ketayotganday bo‘laverasiz. Shunda orqaga qaytgingiz va boshqa yo‘ldan borgingiz kelaveradi. Vasvasaga berilmaslik, olg‘a qarab yurish kerak. Bu mashinani tunda, muzlamada ko‘zni chirt yumib haydashga o‘xshaydi. Boshqa ilojingiz yo‘q, orqaga qaytolmaysiz, olg‘a harakat qilish kerak, o‘zingizni hammasi yaxshi bo‘lishiga, tuman tarqalib ketishiga ishontirishga majbursiz.
Kitobni yozib tugatganingizda sizga shunday tuyuladiki, u sizni tark eta boshlayapti, u endi erkin nafas olyapti, yozgi ta’til arafasidagi maktab bolasiga o‘xshaydi. Bolalar hardamxayol bo‘lishadi va qiy-chuv ko‘tarishadi, o‘qituvchining gaplari qulog‘iga kirmaydi. So‘nggi jumlalar yozib bo‘linayotganda, ta’bir joiz bo‘lsa, kitob muallifga nisbatan adovatda bo‘lib qoladi, undan qutilishga intiladi. So‘nggi so‘zni yozib bo‘lishingiz bilanoq u sizni tark etadi. Albatta-da, endi unga sizning keragingiz yo‘q, u sizni esidan chiqarib bo‘ldi. Shu asnodan e’tiboran kitob o‘quvchi tufayli o‘zini inkishof etadi. Shu lahzadan boshlab siz o‘zingizni bo‘m-bo‘sh va tanho his qilasiz. Kitob bilan sizning o‘rtangizdagi aloqa haddan tashqari tez uzilganidan g‘ira-shira qoniqarsizlik tuyg‘usini ham tuyasiz. Nimanidir notugalligidan ko‘ngil yarimtaligi va xo‘rlik tuyg‘usi siz hech qachon yetisha olmaydigan muvozanatni tiklash uchun sizni navbatdagi kitobni yozishga undaydi. Yillar o‘taveradi, o‘quvchilar esa “ijod” haqida gapiradilar. Ammo bu olg‘a qarab uzoq yugurish ekanini his etib turasiz.
Ha, o‘quvchi kitob haqida muallifning o‘zidan ko‘ra ko‘proq narsani biladi. Roman va uni o‘qiydiganning o‘rtasida fotosuratni chiqarishga o‘xshagan bir narsa ro‘y beradi, bu daqqiyunus zamonida bo‘ladigan narsa edi.
Fotolaboratoriyada suratni bosish vaqtida tasvir asta-sekin ko‘zga tashlana boshlaydi. Romanni mutolaa qilish barobarida shunday kimyoviy jarayon sodir bo‘ladi. Ammo yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi bunday kelishuv uchun yozuvchi hech qachon o‘quvchini “safarbar” qilishi kerak emas. Toki kitob kitobxonga beozor igna sanchishdek ta’sir qilsin, ignani shunday sanchsinki, bu ta’sir a’zoyi badaniga teng taqsimlansin.
Nazarimda, yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi bir-biriga yaqin va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi munosabatlarga o‘xshagan narsani musiqa sohasida ham ko‘rish mumkin. Men har doim asar yozishni ancha erkinroq bo‘lgan musiqaga yaqin deb bilardim va har doim mashshoqlarga havasim kelardi, menga shunday tuyulardiki, san’atda ijod qilish adabiyotga qaraganda ancha yuksak turadi, yana romandan ko‘ra mashshoqlarga yaqin bo‘lgan shoirlarga havasim kelardi. Men bolaligimdan she’rlar yoza boshlaganman, shuning boisi o‘laroq allaqayerda ko‘zim tushgan “Yomon shoirlardan yozuvchilar chiqadi”, degan gapning ma’nosini yaxshiroq tushunardim. Keyin, romannavis ko‘pincha ko‘rib turgan odamlar, peyzajlar, ko‘chalarni musiqaga, musiqa partiturasiga olib kiradi, bu yerda kitobdan-kitobga o‘tib yuruvchi musiqiy parchalar borligi ma’lum bo‘ladi, ammo partitura unga chala qolganday ko‘rinadi. Romannavis o‘zimni musiqaga bag‘ishlasam, deya peshonasiga shap urib qo‘yadi.
O‘zingning kitoblaringga nisbatan aniq va tanqidiy munosabatdagi kamchilik men o‘zimda hamda boshqalarda payqaganim bir hodisa bilan izohlanadi: yozib bo‘lgan asnodayoq har bir yangi kitob oldingisini xuddi esdan chiqqandek qilib o‘chirib tashlaydi. O‘ylaymanki, men ularni tanaffuslar bilan oldinma-ketin chop etar, har gal oldingisini esdan chiqarar ekanman, ko‘pincha o‘sha shaxslar, joylar, nomlar, o‘sha jumlalar xuddi uyqusirab to‘qilgan gilam naqshidek biridan boshqasiga o‘taveradi. Uyqusirabmi yoki xayolparastlik bilanmi? Yozuvchi oydinda yuruvchi oyparastga o‘xshaydi, u yozib tugallashim kerak deb oyoq tirab turib oladi, ko‘chani kesib o‘tayotganida ishqilib mashina urib ketmasin-da, deb yurak hovuchlab turasiz. Oydinda tomlar osha sayr qilib, biron marta ham yiqilmagan oyparastlarning haddan tashqari aniqliklari ham esdan chiqib ketadi.
Nobel mukofoti haqidagi xabardan keyingi axborotda men ikkinchi jahon urushiga taalluqli gapni eshitdim: “U bosqinchilik vaqtidagi inson olamini ko‘rsatib berdi”.
1945 yilda tug‘ilgan barcha odamlar kabi men ham urush bolasiman yoki aniqrog‘i, Parijda tug‘ilganim bois o‘zining bosib olingan Parijda tug‘ilganidan minnatdor go‘dakman. O‘shanda Parijda yashagan odamlar tezroq uni unutib yuborishni xohlashgan yoki ularning kundalik hayoti farovon zamonlardagi hayotdan unchalik farq qilmaydigan ikir-chikirli kunlarni eslashdan nariga o‘tishmagan. Aloq-chaloq tush deysizmi, tirik qolganidan istihola qilishlar deysizmi, ixtiyoringiz. Keyinroq bolalar ulardan o‘sha davr haqida va o‘sha Parij haqida so‘rashganida, ular javob berishdan bosh tortishgan. Yoki go‘yo o‘sha ayanchli yillarni xotiradan chiqarib tashlashmoqchi va nimanidir bizdan yashirmoqchi bo‘lgandek sukut saqlaganlar. Ammo ota-onalarimizning sukutiga qarab bizlar buni xuddi o‘zimiz boshdan o‘tkazganimizdek hammasini anglab yetardik.
Bosqinchilik davridagi Parij g‘alati shahar edi. Tashqaridan qaraganda hammasi “oldingiday” davom etayotgan teatrlar, kinozallar, myuzik-xollar, restoranlar… Radiodan qo‘shiqlar yangragan. Teatr va kinolarda xalq urushdan oldingiga qaraganda ko‘p bo‘lgan, go‘yo bu joylar pana joyga aylantirilgandek, odamlar o‘zlarini tetikroq tutish uchun zich bo‘lib, bir-birlarini qo‘llaridan ushlab olishgan. Biroq tasodifiy voqealar shundan guvohlik berardiki, Parij endi avvalgi Parij emas: mashinalar yo‘qligidan shahar jimjit va sukunat ichidan daraxtlarning shitirlashi, ot tuyoqlarining dupuri, odamlar tovushi va g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar quloqqa chalinardi. Jimjit ko‘chalarda va qishda kechki beshda boshlanadigan qorong‘ilik qo‘ynida, derazalardan yorug‘lik tushishi man etilganda, shahar o‘zidan-o‘zi huvullab qolar edi – natsist bosqinchilar tilida bu “ko‘zsiz” shahar deyilardi. O‘spirin va yosh bolalar hech bir iz-piz qoldirmay, zumda g‘oyib bo‘lar edi, hatto do‘stlar bilan to‘yib gaplashish yo‘q, suhbatlar esa hech qachon ochiq-sochiq bo‘lmasdi, chunki hamma boshi uzra ajal qanot qoqib turishini yaxshi bilardi. Aloq-chaloq uyqudan uyg‘ongan metrodan chiqishda har kim chaquv yoki tintuv qurboni bo‘lish ehtimoli tutilgan o‘sha Parijda omonlik vaqtlarda hech qachon duch kelmaydigan odamlar o‘rtasida tasodifiy uchrashuvlar ro‘y berardi: komendantlik soati g‘ira-shirasida omonat aloqalar vujudga kelardi, yana takror uchrashishga tariqcha umid qolmasdi. Mana shu aksariyat qisqa muddatli, gohida esa bexosiyat uchrashuvlar oqibatida bolalar tug‘ilar edi. Shuning uchun ham bosib olingan Parij har doim men uchun qandaydir men tug‘ilgan tunga o‘xshardi. Bu tunsiz men hech qachon dunyoga kelmagan bo‘lardim. O‘sha Parij meni hamon ta’qib qilardi. Uning pasaytirib qo‘yilgan nuri vaqti-vaqti bilan kitoblarimga sizib kirardi.
Yozuvchi, bordi-yu, siyosiy harakatlarda bevosita ishtirok etmagan, bordi-yu, u “oltin qafas ichra” tanho qamalib olgan bo‘lsa-da, o‘z tug‘ilish va zamoni sanasi bilan o‘chmas qilib muhrlab qo‘yilgani shu bo‘lsa ajab emas. Bordi-yu, u she’rlar yozsa, ularda shoir yashagan zamon aks etadi, she’r­lar boshqa davrga atab yozilgan bo‘lishi mumkin emas. Buyuk irland shoiri Yeytsning “Ko‘ldagi yovvoyi oqqushlar” she’ri ana shunaqa, uni o‘qib men har doim qattiq ta’sirlanardim. Parijda Yeytsning ko‘zi suvda suzib ketayotgan oqqushga tushadi:

Hisob ochgan kunimdan buyon
Kuz o‘n to‘qqiz marta kelibdi,
Hisobdan adashib ketdim-da
Tosh qotib qoldim.
Qanotlarini vahimali qoqqancha
Ular tik osmonga ko‘tarildi
Charx ura-ura
Ammo endi ular cheksiz go‘zallik
Manbaiga aylangan edi.
Qay qamishzor bo‘lar ularga oshyon,
Va qayda topgaylar orom
Yangi tong bo‘zarib chiqqanda
Ularning yo‘qligidan berganda xabar
Kimning nigohi menga berar tasalli?

XIX asr she’riyatida – Bodler yoki Mallarmeda oqqushlar tez-tez ko‘zga tashlanadi. Ammo Yeytsning bu she’ri XIX asrda yozilgan bo‘lishi mumkin emas. O‘z ohang va xafaqonligi bilan u XX asrga va hattoki u yozilgan (falon) sanaga daxldor edi.
Shunday bo‘ladiki, XXI asr yozuvchisi o‘zini o‘z zamonasining asiri deb his etadi, XIX asrning buyuk romanchilari Balzak, Dikkens, Tolstoy, Dost­oyevskiyni mutolaa qilish unda qandaydir qo‘msash hissini junbushga keltiradi. O‘sha davrda vaqt bugungidan ko‘ra juda sekin o‘tgan va sustkashlik romanchining ishi bilan omuxta bo‘lib ketgan, chunki u g‘ayrati va diqqatini bir joyga yaxshi jamlay olgan. O‘shandan buyon vaqt tezlashib ketdi va sakrab-sakrab harakat qila boshladi, bu o‘tmishning gumbazdor jomelar singari qad ko‘targan mahobatli romanlari bilan bizning kunlardagi uzuq-yuluq, ulama asarlar o‘rtasidagi farqni izohlab beradi. Shu nuqtai nazardan, men oraliq avlodga mansubman va internet, mobil telefon, elektron pochtalar bilan teng tug‘ilganlar adabiyot orqali har kim doimiy “band bo‘lgan”, ijtimoiy tarmoqlar kun-kechagacha bizning mulk bo‘lib kelgan xususiylik va ezgulikning bir qismini – insonga teranlik baxsh etgan va roman uchun katta mavzu bo‘lishga loyiq sirni qanday ifoda etishga qiziqaman. Ammo men adabiyotning kelajagiga bundan keyin ham umid bilan qarashni xohlayman va ishonamanki, kelajakdagi mualliflar vorislikka aslo shak keltirmaydilar. Homerdan tortib har bir avlodda shunday bo‘lib kelgan.
Darvoqe, har qanday boshqa san’atkor kabi yozuvchi – mayli, u zamoni bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsinki, undan qochib keta olmasin va “zamon ruhi” deb atalgan havodangina nafas olsin – har doim o‘z asarlarida qandaydir vaqtdan tashqarilikni ifoda etsin. Rasin yoki Shekspir pesalari asosida qo‘yilgan spektakllarda personajlar qanaqa kiyim kiyishining ahamiyati yo‘q, bular bari mayda-chuyda narsalar. Tolstoyni o‘qir ekansan, Anna Kareninani 1870 yilgi rusum bo‘yicha kiyinganini esdan chiqarasan, kishi, 150 yil o‘tgandan keyin ham u bizga shu qadar yaqin. Ayrim yozuvchilar esa, masalan, Edgar Po, Melvill yoki Stendal o‘lganlaridan 200 yil keyin ham o‘z zamonasidan ko‘ra bizga ko‘proq tushunarli.
Pirovardida, yozuvchi qanday aniq masofada turishi kerak? Agar uni tavsiflash imkoni bo‘lsa, hayotdan sal narida turish kerak; zero, hayot girdobiga g‘arq bo‘lish – voqea-hodisalarga qo‘shilib ketish uning tiniqligiga putur yetkazadi. Ammo bu chetlanish yozuvchiga o‘zini o‘z qahramonlariga va borliq hayotda ularning prototiplari bo‘lganlarga mengzatishga xalal bermaydi.
Flober: “Bovari xonim – bu men”, degan. Tolstoy ham o‘zini qandaydir Rossiya stantsiyasida tunda poyezd ostiga tashlagan ayolga mengzaydi. O‘xshashlikning bu ne’mati shungacha borib yetganki, Tolstoy osmon va tabiatning bir qismiga aylangan Anna Karenina kipriklarining yengil pirpirashigacha o‘ziga singdirib olgandi. Shaxs ikkilanishining bu holati nartsissizmga qarama-qarshidir, zero, eng mayda tafsilotlarni idrok etish uchun bu holat ham o‘z-o‘zini unutishni, ham eng kuchli safarbarlikni ko‘zda tutadi. Qandaydir yana yolg‘izlikni ham anglatadi. Bu o‘ziga mahv bo‘lib yo‘qolish emas, balki shunday tanholikki, u muayyan darajadagi e’tiborga va romanda tashqi olam tajassumi uchun favqulodda zehndorlikka erishishga imkon beradi.
Men doim shoir va yozuvchilarni kundalik ikir-chikirlarga ko‘milib ketgan odamlar va ko‘rinishidan zerikarli narsalar sirlarini tartibga soladiganlar, deb bilardim. Mualliflar qattiq tikilib va qariyb mahliyo bo‘lib qaraydilar; ular uchun begim kunlari sirlar qobig‘iga o‘ranib oladi, va qandaydir ilg‘ab bo‘lmaydigan nurlanish bo‘lib tuyuladi.
Shoir va yozuvchining, shuningdek, rangtasvirchining vazifasi shundan iboratki, ular bu sirni va har bir odamning qalbida saqlanuvchi bu nurni namoyon etib bersin. Men o‘zimning uzoq bir qarindoshimni, rassom Amadeo Modiani haqida o‘ylab turibman: u tanlagan shaxsi noma’lum naturchilar, o‘yinqaroq bolalar va ko‘cha qizlari, oqsochlar, dehqonlar, shogird ustalar uning samimiy suratlari edi. U bir o‘tkir chiziqda chizar edi, Bottichelli maktabini, Kvatrochentoning rassomlarini esga solib yuborardi. U shu tariqa oddiy qiyofa ostida pinhon yotgan nafosat va oliyjanoblikni ifodalar, to‘g‘rirog‘i, namoyon etib berar edi. Romanchi ham ana shunday ishlashi darkor. Uning tasavvuri borliqqa xiyonat qilmasdan, uning qa’riga yorib kirishi, bu borliqni o‘zi bilan namoyon etishi kerak. Goho men romannavisni bashoratchilarga o‘xshataman. Yana eng mayda harakatlarni ham ilg‘aydigan seysmografga mengzataman.
Men har doim iste’dodli yozuvchilarning tarjimai holini o‘qishdan qo‘rqib kelardim. Hasbi holchilar goho mayda-chuyda narsalarga yopishib olishadi. Kishining havasini keltiradigan yosh, xafsalani pir qiladigan fe’l-atvorlar har doim ham haqiqatga mos kelavermaydi, bu menga qarsillagan ovozni eshitmaslik uchun radioeshittiruvni o‘chirib qo‘yishlarini, musiqa yoki qo‘shiq tinglashga qo‘ymasliklarini eslatib yuboradi. Yozuvchi bilan bizni faqat uning kitoblari mutolaasigina yaqinlashtiradi, aynan shu yerda o‘zini yaxshiroq namoyon qiladi, biz bilan jimgina so‘zlashadi va uning ovozini hech qanaqa xirillash buza olmaydi.
Yozuvchi tarjimai holini o‘qir ekansiz, goho bo‘lajak ijodining o‘ziga xos qolipiga aylangan bolalikdagi jonli voqeaga duch kelasiz va bu voqea turli manzillarda bo‘ladi – har doim ataylab bo‘lmasa-da, qaysarlik bilan uning kitoblarida ishtirok etadi. Bugun men Alfred Hichkok to‘g‘risida o‘ylab turibman, u yozuvchi bo‘lmagan, ammo uning filmlari roman kuchiga ega. Besh yasharligida otasi unga politsiya komissariga bir xat olib borishni topshiradi. Bola xatni olib borib beradi va komissar uni turli qonunbuzarlar tunlari panjara ortida saqlanadigan politsiya mahkamasi bo‘lmasiga qamab qo‘yadi. Qo‘rqib ketgan bola u yerda rosa bir soat o‘tiradi, uni qo‘yib yubora turib, komissar bunday deydi: “O‘zingni yomon tutadigan bo‘lsang, seni nimalar kutishini bir umr esingdan chiqarma”. G‘alati tarbiya qiladigan bu politsiya komissari haqidagi esdalik, ehtimol, Alfred Hichkokni barcha filmlariga xos shunday muhitni yetishtirib berdiki, bunda yurak hovuchlab kutish va g‘am-tashvishlar birinchi o‘ringa qo‘yiladi.
Men sizlarni zeriktirib qo‘ymoqchi emasman, ammo o‘ylaymanki, bolaligimdagi ayrim xotiralar keyinchalik kitoblarim uchun xamirturush bo‘ldi. Men ko‘pincha ota-onamdan uzoqda, do‘stlarim huzurida bo‘laman, ota-onam meni ularga ishonib topshirgan, turli joy va uylarda turganlari bois men ularni bilmasdim. Bunday paytlarda bola hech narsadan taajjublanmaydi, hatto noqulay ahvolga tushib qolsa ham buni tabiiy deb biladi. Bolaligim ko‘p yillardan keyin o‘zimga g‘alati ko‘rina boshlagan. Meni ishonib topshirishgan odamlarni ko‘proq bilishga harakat qilganman. Ammo men ularning ko‘pchiligi haqida bir chimdim ham ma’lumotga ega emasdim.
Mana shu behuda urinishlar qalam tebratishimga majbur etdi, mana shu ichki sirlarimni tashqi olamga chiqarishda xat va tasavvur asosiy vositachiga aylandi va jumboqlar yechilib, sirlar fosh bo‘ldi.
Modomiki, gap “sirlar” ustida ketar ekan, ular XIX asrning frantsuz romani “Parij sirlari” nomi bilan uyushib ketadi. Katta shahar, ayni damda Parij, mening ona shahrim dastlabki bolalik taassurotlarim bilan chambarchas bog‘liq, bu taassurotlar shunaqangi kuchli ediki, o‘shandan buyon men hech qachon “Parij sirlari”ni o‘rganishdan charchamaganman. Men to‘qqiz-o‘n yasharlik vaqtimda bir o‘zim sayr qilishga ishqiboz bo‘lib qolgan edim, yo‘qolib qolishdan qo‘rqmagan ekanman. Senaning narigi qirg‘og‘iga o‘tib, olis-olis ovloq joylarga ketib qolardim. Sayrlarim kunduzi bo‘lgani uchun o‘zimni dadil tutar edim. Ko‘pchilik romannavislarga ergashib, ko‘p narsalarni ana shunday o‘rganganman. XIX asrdan boshlab katta shahar – u xoh Parij yo London, xoh Sankt-Peterburg yo Stokgolm bo‘lsin – ular kitoblarining bezagi va asosiy mavzularidan biri bo‘lgan.
O‘zining “Olomon odami” hikoyasida Edgar Po birinchilardan bo‘lib yo‘lakdan sel bo‘lib oqib borayotgan odamlar haqida so‘zlaydi, ularni adib qahvaxona derazasidan tomosha qilib turardi. Uning bir g‘alati cholga ko‘zi tushadi va u haqda ko‘proq narsa bilish maqsadida tunda cholning ortidan ergashib ketaveradi. Ammo “noma’lum” chol ortidan kuzatish behuda ketadi, u yozuvchi uchun noma’lumligicha qolaveradi. Chol bor-yo‘g‘i katta olomonning bir dona zarrasidan nari o‘tolmaydi, u goh bir, goh boshqa odamga turtina-turtina oxiri ko‘zdan butunlay g‘oyib bo‘ladi.
Shoir Tomas de Kvinsi yoshligida boshdan o‘tkazgan bir voqeani ham o‘ylab turibman. Oksford-strit ko‘chasida u yosh bir qiz bilan tanishib qoladi. Katta shaharlarda bo‘lib turadigan oddiy uchrashuv. U qiz bilan bir necha kunni o‘tkazadi, keyin u Londonni tark etishiga to‘g‘ri keladi. Qiz bir hafta kutishini aytadi, keyin esa har oqshom Tatchfild-stritning bir muyulishida har oqshom bir vaqtda kelib turadi. Ammo ular uchrashishmaydi. “Hoynahoy, biz bir vaqtning o‘zida ayqash-uyqash London ko‘chalarida bir-birimizni rosa qidirgan bo‘lsak kerak. Ehtimol, bir-birimizdan bir-ikki metr naridan ko‘rmay o‘tib ketgandirmiz – abadiy judolik uchun shundan ortiq narsaning keragi ham yo‘q-da”.
Agar mening dastlabki kitoblarim haqida gapiradigan bo‘lsam, nazarimda, ular ko‘hna Parij ma’lumotnomalarini titkilash paytida yuzaga kelgandir. Qalam bilan bironta notanish odamning ism-sharifi va telefon raqami ostidan chiziq tortib qo‘yardim, bas, ming-millionlab nomlar orasida uning qismatini tasavvur qilish qiyin kechmasdi. Menda qisqa javob hamisha tayyor turardi, ularni qidiruv daftarchalarida uchratish mumkin edi. G‘oyib bo‘lish, ketayotgan vaqt taqchilligi katta shaharlarning yer usti tuzilishi bilan uzviy bog‘langan bo‘ladi. XIX asrdan boshlab ular ko‘pincha romannavislar mulkiga aylanib qolishining sababi shunda. Goho buyuk yozuvchilarni bironta shahar nomi bilan qo‘shib tilga oladilar. Parijdan Balzak, Londondan Dikkens, Sankt-Peterburgdan Dostoyevskiy, Tokiodan Nagai Kafu, Stokgolmdan Yalmar Syoderberg.
Men shu yozuvchilar ta’siridan chetlab o‘tmagan avlodga mansubman va o‘z navbatida Bodler “ko‘hna poytaxtlarning nimqorong‘i burchaklari”ni tadqiq etishni ham istagan o‘sha avlod. O‘z-o‘zidan ravshanki, mening bolaligimdagi bunday shaharlar butunlay o‘zgarib ketgan. Olisdagi katta mamlakatlarda bunday shaharlar “megapolis” nomini olgan. Ulardagi aholi ijtimoiy adovatda yashaydi, xarobazorlar ko‘paygandan-ko‘payib bormoqda. Kelajakdagi yozuvchilar bunday ulkan shaharlar to‘g‘risida nimani yozarkin – meni shu narsa ko‘proq qiziqtiradi.
Kitoblarim haqida gap ketganda, siz lutf ila “eng tutqich bermas inson taqdirlari bezanadigan xotira san’ati” haqida eslatib o‘tdingiz. Bu ortiqcha maqtovdan boshqa narsa emas. Bu alohida xotira hisoblanadi, o‘tmishdan misqollab to‘plangan bu xotiraga mening tug‘ilgan sanam qo‘yiladi: 1945. Butun-butun shaharlar aholisi bilan nest-nobud qilib tashlangan men tug‘ilgan 1945 yil, shubhasiz, meni va mening teng-to‘shlarimni xotira va unutish mavzulariga yaqindan oshno qilib qo‘ygani ayni haqiqatdir.

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 9-son