Hermann Hesse. Nobel mukofoti uchun tayyorlangan nutq-xat

Sizlarning bayramona yig‘inlaringizni samimiy va ehtirom ila qutlarkanman, o‘zim mehmoningiz sifatida ishtirok etib, minnatdorchilik bildirolmayotganimdan afsusdaman. Sog‘lig‘im hamma vaqt yaxshi bo‘lmagan, 1933 yildan keyin Germaniyada kechgan va butun hayotim davomidagi mehnatlarim mahsulini yo‘qqa chiqargan alg‘ov-dalg‘ov zimmamga og‘ir majburiyatlarni yukladi va butkul nogiron qilib qo‘ydi. Biroq, ruhan singanim yo‘q, o‘zimni sizlar bilan, avvalo Nobel jamg‘armasi asosida yotgan g‘oyalar, ruhning millatchilikdan ustun turadigan baynalmilalligi haqidagi o‘ylar, uning urush va yemirish uchun emas, tinchlik va kelishuvga xizmat qilishdek majburiyatlari bilan chambarchas bog‘langanini his qilyapman.

Ayni paytda, menga mukofot berilishi nemis tilini va nemislar madaniyatiga qo‘shgan hissani e’tirof etishni bildiradi va men, bu marhamatda tinchlikparvarlikni, barcha xalqlarning ma’naviy hamjihatligini tiklash uchun qo‘yilgan qadamni ko‘raman. Biroq, men butun odamzodni ma’naviy jihatdan bir qolipga tushirib qo‘yish maqsadida milliy xususiyatlarni dazmollab tashlash tarafdori emasman. Yo‘q! Bu dilbar yer yuzida turfa ranglik, xilma-xillik va izchil yuksalish bor bo‘lsin! Turli irqlar va xalqlar, minglab til, lak-lak dunyoqarashlaru aql-zakovatlarning mavjudligi — ulug‘ narsa.

Agar men urush, bosqin va zabt etishlarning murosasiz dushmani bo‘lsam, buning ko‘plab sabablari orasida shunisi ham borki, odamzod madaniyatining tarixan shakllangan, chuqur individual va turli-tuman xususiyatlari bu yovuz kuchlarning qurboni bo‘lyapti. Men “ulug‘ soddalashtiruvchi”lar dushmani va sifat tarafdoriman, shakllangan va betaqlid narsalarni yoqlayman va shuning uchun sizlarning minnatdor mehmoningiz, hamkasbingiz sifatida mamlakatingiz — Shvetsiyani, uning tili, madaniyati, boy va mag‘rur tarixini, o‘zining tabiiy xislatlarini saqlash hamda rivojlantirish yo‘lidagi barqarorligini olqishlayman.

Men Shvetsiyada hech bo‘lmaganman, lekin mana, necha o‘n yillar davomida mamlakatingizdan yuborilgan do‘stona sovg‘alarni olib turibman. Birinchi sovg‘a chamasi qirq yil ilgari Selma Lagerlyof shaxsan dastxat yozgan “Iso Masih afsonasi” degan kitobning birinchi nashri edi. Undan keyingi yillarda ham sizlarning mamlakat bilan qimmatli muloqotlarda bo‘ldim va nihoyat, kutilmaganda sizlar menga bergan navbatdagi ulug‘ mukofot chiqib turibdi. Chin dildan minnatdorman.

1946 yil

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi