• Kulib gapirgan erkakdan, ko‘z yosh bilan so‘zlovchi ayoldan qo‘rq.
• Katta eshak kichik eshakka faqatgina eshaklikdan dars beradi.
• Aybdorning olovida aybsizlar ham yonadi.
• Rost piyoda, yolg‘on otda yuradi.
• Ishing yaxshi bo‘lmasa ham qaddingni tik tut.
• Asal bo‘lsa, pashsha topiladi.
• Yo‘lga chiqsang yo‘ldosh topiladi.
• Bir daraxtning soyasi bir otar qo‘yga yetadi.
• Eng birinchi zarbani sarbon tuya qabul qiladi.
• Tog‘lar boshi qorsiz, yigit boshi aqlsiz hechdir.
• Yaxshi narsani ko‘rish — jannatdan bir bog‘.
• Har narsaning kichigi shirin.
• Otilgan o‘q va toshni qaytarib bo‘lmaydi.
• Quruq yongan joyda ho‘l ham yonadi.
• Xo‘roz ko‘p yerda tong erta otadi.
• Ko‘z — qo‘rqoq, yurak — botir.
• Kar qo‘y kechroq qo‘rqadi.
• Hasad oldinda, aql orqada yuradi.
• Jahling chiqsa — burningni tishla.
• Ehtiyot bo‘lib gapirsang, til — sening qo‘rg‘oning, o‘ylamay so‘zlasang — boshingga balo.
• Och tovuqning tushiga don kiribdi.
• Tog‘u toshni shamol yemiradi, insonlar orasini — tuhmat.
• Mehmon birinchi kuni — oltin, ikkinchi kun — kumush, uchinchi kun — mis, to‘rtinchi kun — ablah.
• Bersang — olasan, eksang — o‘rasan.
• Ikki egiz — bir butun.
• Ikki tanish urushsa, begonaga tomosha.
• Yaxshilik qilsang, oxirigacha qil.
• Haqiqiy erkak uchun toshbaqa ham qurol.
• Yaxshi so‘z — asaldan shirin.
• Istalgan yo‘lni tanla, lekin Vataningni unutma.
• Do‘stlik o‘z yo‘liga, hisob-kitob o‘z yo‘liga.
• Agar eshakning shoxi bo‘lganda hammayoqni buzib tashlardi.
• Dushmaning burgadek bo‘lgani bilan uni fildek sana.
• Agar bilmasang, biladiganga quloq sol.
• Do‘sting g‘ilay bo‘lsa, sen ham ko‘zingni qis.
• Ersiz ayol — yugansiz ot.
• Hayvonlar bir-birini sezgi bilan, odamlar so‘rab-so‘rab biladi.
• Sevgisiz hayot — bahorsiz yil.
• Bitgan ishdan atirgul isi keladi.
• Yerga nam kerak, erga — sharaf.
• Ilonning tashi yumshoq bo‘lgani bilan ichi zaharga to‘la.
• Bilgan — bajaradi, bilmagan — barmog‘ini tishlaydi.
• Tanishish oson, ayrilish qiyin.
• Bilim — puldan qimmat.
• Oqil uchadi, johil yuguradi.
• Igna bilan quduq qazib bo‘lmaydi.
• Bazmga yaxshi kiyinib va to‘yib bor.
• Chaqirilgan joyga bor, seni kutishmayotgan joyga borma.
• Kuldan tepalik, qordan qo‘rg‘on qurib bo‘lmaydi.
• Aqling bo‘lsa aql bilan, bo‘lmasa maqol bilan ish tut.
• Hamma boshini o‘zi qashiydi.
• Minora qancha baland bo‘lsa tamali shuncha chuqur bo‘ladi.
• Kit qirg‘oq bo‘yida o‘ynamaydi.
• Poyafzaling tor bo‘lsa, hayotdan lazzat qayda?
• Eshak hangrayotganda bulbul jim turadi.
• Shamolning oxiri — yomg‘ir, o‘yinning oxiri — janjal.
• Sigir suv ichib sut beradi, ilon — zahar.
• Go‘zallik — ko‘z uchun, aql — qalb uchun.
• Cho‘lning ko‘rki — suv, suvning ko‘rki — oqqush.
• Qiyshiq tuzaladi, haqiqat yuzaga chiqadi.
• Ko‘p yugurgan bir marta bo‘lsa-da qoqiladi, ko‘p kulgan bir kun yig‘laydi.
• Qorani ko‘p ko‘rgan oqni ham farqlay olmaydi.
• Asalari chaqmagan asalning mazasini bilmaydi.
• Daraxt ekmagan uning soyasida ham yotmasin.
• Kichiklarni izzat qilmagan kattalarni ham hurmat qilmaydi.
• Ozning qadriga yetmagan ko‘pning ham qadrini bilmaydi.
• Ishning oxirini o‘ylamagan qahramon bo‘lolmaydi.
• Yolg‘iz yurgan hadik bilan yuradi.
• Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin.
• Dangasa yeb ovqatga, uxlab uyquga to‘ymaydi.
• O‘nta hunarni chala bilgandan bittasini mukammal bilgan afzal.
• Yaxshi ot oz yeb, uzoq yashaydi.
• Sherning bolasi sher bo‘ladi.
• Yaxshilikka xayr bilan javob qaytarish — barchaning ishi, yomonlikka yaxshilik — mardning ishi.
• Bexosiyat joydagi uchrashuvlar ham xosiyatsiz bo‘ladi.
• Kulgiga kulgi bilan javob bermasang kulgi xafa bo‘ladi.
• Xarobada bo‘lmagan yurtning qadriga yetmaydi.
• Go‘ngdan dur qidirma.
• Inson qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q.
• Kamchiliksiz go‘zallik yo‘q.
• Chandiqsiz qahramon bo‘lmaydi.
• Podadan ayrilgan qo‘y bo‘riga yem bo‘ladi.
• Eshak o‘zini otdan kuchli deb biladi.
• Eshakning qorni to‘yib egasini qopibdi.
• Ko‘ngli ochiqning yo‘li ham ochiq.
• Yo‘qolgan sigirning suti mo‘l.
• Xalq oldida xon ham kuchsiz.
• Tark etilgan joyning qadri ko‘chganda bilinadi.
• Odamning olasi ichida, hayvonniki tashida.
• Dushman ketgandan so‘ng botir ko‘payadi.
• Otasi yo‘q — yetim, onasi yo‘q — qul.
• Qo‘l qo‘lni yuvadi, ikki qo‘l — yuzni.
• Dunyodagi eng shirin va eng achchiq narsa — so‘z.
• Egilgan boshni qilich kesmaydi.
• Boshsiz tana — jasad.
• Daydining eshigi ming bitta.
• Dushmaning seni bilmasdan oldin sen uni bil.
• Aqlli o‘zini, nodon do‘stini ayblaydi.
• Aqlli o‘rganadi, nodon aql o‘rgatadi.
• Och qolgan o‘lmaydi, ochlikdan qo‘rqadigan o‘ladi.
• Mard bir marta, qo‘rqoq ming marta o‘ladi.
• Kechki topilmadan tonggi yo‘qotish afzal.
• Dushmaningga o‘lim tilagandan o‘zingga umr tila.
• Vatandan kechganda ko‘ra jondan kechgan afzal.
• Arzonga kelgan buyumning qadri bo‘lmaydi.
• Sen ham og‘a, men ham og‘a, bug‘doyni kim yanchadi?
• Mehmon kelsa kelsin, qazo kelmasin.
• Saqla somonni, kelar zamoni.
• Bir qo‘l devor urolmas.
• Biri yesa, biri poylab o‘tirsa — qiyomatni shunda ko‘r.
• Qarzdan maraz hosil bo‘ladi.
• Qo‘rqmasdan qo‘rq, uyalmasdan uyal.
• Qo‘zg‘olgan tish joyida qolmas.
• Ayol — bo‘yin, erkak — bosh.
• Ortiqcha ta’ma bosh yorar.
• O‘g‘rining so‘zi to‘g‘rilikdan.
• Yaxshi qozi so‘zingga boqar, yomon qozi — yuzingga.
• Yaxshi yigit himmatli, yaxshi qiz qimmatli.
• Ot qozig‘iga eshak bog‘lama.
• Ot o‘lganda maydon qolar, er o‘lganda dong qolar.
• Ota bilan ona ko‘ngli o‘g‘il bilan qizdadir, o‘g‘il bilan qizning ko‘ngli dala bilan tuzdadir.
• Ota ko‘rgan pichoq tutar, ona ko‘rgan supurgi tutar.
• Ot minib o‘rganmagan landovur egardan o‘pkalabdi.
• Yaroqsiz ovchiga ov ko‘rinar.
• Yaxshini yaxshi demoq — donolikdan, yomonni yaxshi demoq — qo‘rqoqlikdan, yaxshini yomon demoq — hasaddan.
• Ota bo‘lmagan, ota qadriga yetmas.
• Bilimdon uchar, johil chopar.
• Olijanob kishidan iltimos qilsang tilaklaringni bajo keltiradi, muruvvatsizga murojaat qilsang qovog‘ini soladi.
• Yaxshilik qilsang, oxiriga yetkaz.
• Ishlaring yomon bo‘lsa ham, chidamli bo‘l.
• Mehmon oz o‘tirar, lekin ko‘p ko‘rar.
• Mukofotlashga puling bo‘lmasa, siylab qo‘yishga qo‘ling bo‘lsin.
• Qo‘l-qo‘lni yuvar, ikki qo‘l betni yuvar.
• Haqiqatning zahri, yolg‘onning asalidan yaxshi.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Turkmanlar — Turkmanistonning asosiy aholisi (4,2 mln. kishi, 2014) bo‘lgan xalq. Shuningdek, O‘zbekiston (152 ming), Afg‘oniston (932 ming kishi), Eron (1,3 mln. kishi) va Turkiyada (500 ming kishi) yashaydi. Umumiy soni 8,5 mln. kishi. Turkman tilida so‘zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar.