• Tug‘ bayroqdorning qo‘lidan olinib, boshqasiga berilganida muammolar boshlanadi.
• Igna bilan quduq qazisa bo‘lar, lekin undan suv chiqmaydi.
• Och bo‘lsang, Xudoni eslaysan, to‘qligingda — hammasiga o‘zing erishding.
• Menga tegmagan bo‘ri ming yil yashasin.
• Eshak bilan yursang, eshakchasiga hangray boshlaysan.
• Bekorchilikdan ko‘ra urush ham afzal.
• Eshakning quroli bo‘lsa ham bo‘riga yem bo‘ladi.
• Avval o‘z uyingga xo‘jayin bo‘l, so‘ng boshqalarga.
• Ba’zida so‘zlashdan ko‘ra sukut afzal.
• Qalpoq ko‘p, unga munosib bosh tanqis.
• Tez yurgan tez charchaydi.
• Tog‘ cho‘qqisi doim bulutli bo‘ladi.
• Tuxum o‘g‘irlagan ham, buqani o‘margan ham — o‘g‘ri.
• Zarar — foydaning akasi.
• Hamma narsa o‘z vaqtida yaxshi.
• Ko‘z ko‘rmasa yurak sevmaydi.
• Bordingmi — qo‘rqma, oldingmi — uyalma.
• Yolg‘iz sherdan ikki tulki afzal, ikki sher — baridan zo‘r.
• To‘qqiz berib o‘nni ol.
• Ilonning bolasi ham zaharli.
• Yo‘lning uzunligi uning eni bilan o‘lchanadi.
• Taxtaning o‘zi qiyshiq, usta — to‘g‘ri.
• Xudo sendan yuz o‘girsa bo‘tqa ham tishingni sindiradi.
• Soqol biron nimani hal qilolganida echki sardor bo‘lardi.
• Yoshlikda uylan, bolalaring senga o‘rtoq bo‘ladi.
• Ilonning bolasi ilondan yomon.
• Katta ham, kichik ham o‘z o‘rnida yaxshi.
• Hatto zahar ham davo bo‘ladi.
• Mingta do‘st — kam, bitta dushman — ko‘p.
• Yuqoriga chiqayotib pastga tushishni ham o‘yla.
• Xachirning bahosi bilan bo‘rining nima ishi bor.
• Muhabbat va ehtiros do‘st bo‘lsa, ular yurakni ham, qalbni ham vayron qiladi.
• Yolg‘iz odamni yozning issig‘i ham ranjitadi.
• Taqdiriga osilib o‘lish yozilgan odam dengizda cho‘kib o‘lmaydi.
• Yomg‘irdan qo‘rqqan do‘lga tutiladi.
• Ko‘p bilgan ko‘p xato qiladi.
• Qiyinchilik ko‘rmagan ne’matlar qadrini bilmaydi.
• Dushmanning kuchini bilmagan halok bo‘ladi.
• Bilmaganning qayg‘usi yo‘q.
• Shamolga qarshi tupurma — peshonangga yopishadi.
• Aytganini bajargan — chin inson; aytmasdan bajargan — sher; aytganu bajarmagan — eshak.
• Ko‘pga erishmoqchi bo‘lsang, ko‘pni yo‘qotishga tayyor tur.
• Ot ustida o‘tirganning undan tushish ham bor.
• O‘z aybing bilan yiqildingmi, yig‘lama.
• Tovuq qora bo‘lsa ham oq tuxum qo‘yadi.
• Yolg‘onni ham shunday gapirki, so‘zingda tuz bo‘lsin.
• Tulkidan so‘radilar: “Guvohing kim?” — u dedi: “Mening dumim”.
• Birovning qo‘lidagi kurak — yengil.
• Otga taqa qoqishsa, eshak ham tuyog‘ini tutarmish: “menga ham”.
• Birovning qovurmasidan o‘zingning qotgan noning afzal.
• Kichik dushman katta zarar olib keladi.
• Aqli kaltaning yuki og‘ir.
• Misning rangi tilladek bo‘lsa ham u oltin emas.
• Zulm va xayr orasi bir qarich.
• Tutundan qutulaman deb o‘tga o‘zingni otma.
• Hamma ko‘k gumbazlar ham masjid emas.
• Hamma erkak ham Erkak emas, hamma sher ham Sher bo‘lolmas.
• Shamol egolmaydigan daraxt yo‘q.
• Tandirdan chiqqan bitta non o‘n qadoq undan afzal.
• Aytilgan va bajarilgan ish orasi — 15 yil.
• Itning jasorati egasining darvozasigacha.
• Don olsang — bug‘doy ol, mato olsang — movut.
• Jangdan keyin qahramon ko‘payadi.
• Hukmdor ilon kabidir: ham zahri bor, ham dorisi.
• So‘rash — ayb, bermaslik — ikki karra ayb.
• Ko‘rkam kiyimli qari erdan yirtiq kiygan bo‘lsa ham yoshrog‘i afzal.
• Tutdingmi — qo‘yvorma, qo‘yvordingmi — yugurma.
• Quyosh bo‘lmasa Oyning nuri bo‘larmidi?
• Daryo dengizni bulg‘olmaydi.
• Ota-onaning ko‘ngli — bolada, bolaning ko‘ngli — ko‘hi Qofda.
• Egri o‘tirsang ham to‘g‘ri gapir.
• Iymon salla va soqolda emas — qalb va amalda.
• Avval uyingdan yetti marta qidir, so‘ng qo‘shningdan so‘ra.
• Suriya — shakar, o‘z kulbang undan ham shirin.
• Qancha o‘rgansang ham bilmaganlaring bilganlaringdan ko‘p bo‘ladi.
• So‘z — javohir, ammo ko‘paysa, qadri tushadi.
• Hamma uyning mehmoni — o‘lim.
• So‘z bor, gapiruvchi mard yo‘q.
• Qip-qizil, go‘zal olmaning ichida qurt ham yashaydi.
• Avval tingla, so‘ngra gapir.
• Avval ot ol, keyin otxona qur.
• It itni yemaydi.
• Chumolilar yig‘ilsa, tog‘ni talqon qiladi.
• Avval otga taqa qoq, so‘ng yo‘l sol.
• Dushmaning kuchini bilmasdan turib unga urush ochma.
• Uyatchan ayol — bir shaharga teng, uyatchan erkak — uloqcha.
• Bo‘ri bolasi odamga birodar bo‘lmaydi.
• Xotirjam yashamoqchi bo‘lsang, kar, ko‘r va soqov bo‘l.
• Ishni senu men qilamiz, olqishni Shezar oladi.
• Mingta igna bir bigizning o‘rnini bosolmaydi.
• Bekorchining uyi qulaydi.
• Aql — oltin toj, u hammada ham bo‘lmaydi.
• Ilm — oltin: zanglamaydi; boylik — lash-lush: chirib bitadi.
• Yaxshi farzand otaning yomon nomini yaxshilaydi; yomon farzand otaning ezgu nomini bulg‘aydi.
• Vatansiz inson — qanotsiz qush.
• Qancha balandga sakrasang pastga qattiqroq tushasan.
• Yer berganini qaytarib oladi.
• Eshak bu dunyo haqida nimani ham bilardi?
• Men bilan hisoblashganning quliman, hisoblashmaganning — xo‘jayini.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Kurdlar — Yaqin Sharqda yashovchi xalq. Turkiyada (14-20 mln.), Eronda (8-12 mln.), Iroqda (5-8 mln.), Suriyada (2-3 mln.) va boshqa mamlakatlarda yashaydilar. Umumiy soni 30-40 mln. kishi (2015). Kurd tilida so‘zlashadilar. Dindorlari — asosan, sunniy musulmonlar, yazidlar ham bor.