• Kuchsiz odam ― hammaning dushmani.
• Bosh bo‘lsa, qalpoq topiladi.
• Hamma it o‘z uyida kuchli.
• Odamning qayeri og‘risa, qo‘lini o‘sha yerga qo‘yadi.
• Kulol ko‘za sopini qayerga xohlasa, o‘sha yerga qo‘yadi.
• Mehmon mehmonni ko‘rolmadi, mezbon ikkalasini.
• Birov uchun harakat qil, o‘zing uchun o‘rgan.
• Daraxt ildizi bilan, odam qarindoshlari bilan tik turadi.
• Buqaga shox og‘irlik qilmaydi.
• Kar uchun ikki marta karnay chalinmaydi.
• Ochga tuz bilan qalampir ― yaxshi ovqat.
• Yomon akadan yaxshi qo‘shni afzal.
• Sutga qarasang, qora dog‘ topasan.
• Agar suv ham yonsa, nima bilan o‘chirasan?
• Ko‘zaga baqirsang, senga ham baqiradi.
• Ota urushqoq bo‘lsa, bolasi ham jangari bo‘ladi.
• Tirikni o‘likka alishmaydilar.
• Kimga o‘rganib qolinsa, o‘shani hurmat qiladilar.
• Kim yomonlik qilsa ― o‘ziga, yaxshilik qilsa ham ― o‘ziga.
• Kuchiga ishongan do‘q qilmaydi.
• Kasal bo‘lmagan sog‘likning qadriga yetmaydi.
• Kim o‘ziga foyda bermasa, u boshqalar uchun ham foydasizdir.
• Aytishdan uyalmagan, qilishdan ham uyalmaydi.
• Yoqimtoy qo‘zichoq ikki onani emadi.
• Ortiqcha gap ― jonning ozori.
• Ot o‘lsa ― dala qolar, mard o‘lsa ― so‘zi qolar.
• Yaxshi qush hammadan orqada uchadi.
• Baqa ham o‘z botqog‘ining hammadan katta bo‘lishini istaydi.
• Ayiq o‘zini boqqanni tishlaydi.
• Indamas mushuk miyovlagan mushukdan xavflidir.
• Qo‘lda beshta barmoq bor, ular ham barobar emas.
• Ichida nima borligini bilmasdan, xunuk meshdan kulma.
• Six ham, go‘sht ham kuymasin.
• Ma’lumot ― mehmon, aql ― mezbon.
• Bitta sassiq nok yuzta nokni bulg‘aydi.
• Bir so‘zni ikki marta qaytarsang ― u ham sasiydi.
• Eshakka egar yarashmaydi.
• Yomon oshkora bo‘ladi, yaxshi yashirin.
• Bola yig‘lamaguncha, ona emizmaydi.
• Ota-ona bola uchun, bola o‘zi uchun.
• Aytilgan so‘z ― otilgan o‘q.
• Avval seni kimlar eshitayotganini ko‘r, so‘ngra gapir.
• Qari it ham cho‘chqachani tuta oladi.
• To‘q do‘stlarini ham to‘q deb o‘ylaydi.
• Ikki pakanaga dunyo torlik qilibdi.
• Terak baland o‘sgani bilan, uning mevasini hech kim ko‘rgani yo‘q.
• Zaif odamning tili uzun bo‘ladi.
• O‘g‘irlangan sigir to‘rt paqir sut berarmish.
• Ikki yomon farzanddan bitta yaxshi qiz afzal.
• Jangda bo‘lmagan kishi ― botir.
• Devor sinch bilan, odam odam bilan tik turadi.
• Odamni tuproqdan boshqa narsa to‘ydirolmaydi.
• Birov berganida o‘tirgandan, bekor yurgan yaxshi.
• Begona murda uxlayotganga o‘xshaydi.
• Hazil ― haqiqatning yarmi.
• Mehmonda bo‘lmagan mehmondorchilikni bilmaydi.
• Ortiqcha so‘z kishini bezdiradi, ortiqcha sharob oyoqni ishdan chiqaradi.
Davronbek Tojialiyev tarjimasi.
Abxazlar (o‘zlarini apsua deb atashadi) — G‘arbiy Kavkazdagi xalq, Abxaziyaning asosiy aholisi. Umumiy soni 115 ming (1992). Abxazlarning oz qismi qo‘shni Ajariyada, shuningdek Turkiya, Rossiya (11,3 ming, 2002), Gretsiya va arab mamlakatlarida ham yashaydi. Abxazlar abxaz tilida gaplashadi. Bular til va madaniyat jihatidan adigey xalqiga yaqin. Abxazlarning ko‘pchilik qismi musulmon-sunniylar, pravoslavlar ham bor.