Javonmardlik

«Abbosiya» xalifasi Mutavakkilning Fath ismli bir yosh quli bor edi. Fath aqlli, tarbiyali va ziyrak yigit bo‘lgani uchun Mutavakkil uni far-zandlikka qabul qilib, o‘z farzandlaridan ko‘proq uning tarbiyasiga ahamiyat berardi. Fath doimo suvda suzishga o‘rganishni havas qilardi. Kemachilar unga Dajla daryosida suzishni o‘rgatdilar. Kunlardan bir kun Fath Dajla daryosida suzib, o‘z hunarini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Shu niyat bilan hech kimga sezdirmay daryo qirg‘og‘iga borib, o‘zini suvga tashladi. Suv juda tez oqardi. Fath quloch otishga ulgura olmadi. Suv uni oqizib ketdi. Fath suv yuzida qalqib ketaverib, nihoyat suv uni qirg‘oq yaqiniga oqizib keltirdi. Fathning darmoni qurigan edi. Qirg‘oq bo‘yidagi bir kichik g‘orga kirib olib, jon saqladi, bir necha kun u yerda umr o‘tkazdi.
Fathning suvda oqib ketganini ko‘rgan odamlar bu voqeani darhol Mutavakkilga xabar bergan edilar. Mutavakkil hamma kemachilarni chaqirib, Fathni topib keltirishga buyurdi.
Fathni tirikligicha yoki o‘lgan bo‘lsa jasadini keltirgan kishiga in’om-ehson va’da qildi. Hamma kemachilar Fathni izlashga kirishdilar. Bir kemachi Fath yotgan g‘orga kelib qoldi. G‘orda o‘tirgan Fathni ko‘rib, juda shodlandi, darhol uni qayiqqa o‘tqazib, Mutavakkilning huzuriga keltirdi. Xalifa juda ham xursand bo‘lib, topib keltirgan kishiga ko‘p in’om-ehson qildi.
Mutavakkil, o‘g‘lim necha kundan beri ovqat yemagan, och yotgan, deb o‘ylab ovqat keltirishga buyurgandi, Fath qabul qilmay qorni to‘q ekanini aytdi.
Mutavakkil hayron bo‘lib, o‘g‘lidan buning sababini so‘radi.
— Men g‘orda bir hafta turdim. Har kun bir idish ichiga joylangan yigirmatacha non suv yuziga oqib kelardi. Men o‘sha nonlardan uch-to‘rttasini olib qolib, idishni yana oqizib yuborardim, Mana shu nonlarni yeb hayotimni saqladim. Qizig‘i shunda-ki, har bir nonning yuziga «bu nonlarni daryoga tashlagan kishi Hasan kafshdo‘zning o‘g‘li Muhammaddir» degan jumla yozilgandi,— deb javob berdi Fath.
Mutavakkilning buyrug‘i bilan jarchi shahar xalqiga:
— Har kun daryoga non oqizadigan kishi o‘zini ma’lum qilsin, xalifa uning izzat-hurmatini bajo keltirib, in’om-ehson bilan xursand qiladilar — deb e’lon qildi. Ertasi kuni bir kishi xalifa huzuriga kelib, har kun daryoga non oqizib turgan kishi o‘zi ekanini aytib, nonlarga yozilgan jumlani dalil etib ko‘rsatdi. Mutavakkil undan: «Shu ish bilan necha vaqtdan beri mashg‘ul bo‘lasiz? Non oqizishdan muddao nima?»—deb so‘radi. U kishi:
— Men bobomdan: «Yaxshilik qilib, daryoga tashlasang ham albatta bir kun senga foydasi tegadi» -deb eshitgan edim. Mening qo‘limdan boshqa xil yaxshilik kelmas edi, kuch-qudratim faqat nonga yetardi. Shuning uchun suvda g‘arq bo‘lishdan yoki boshqa bir falokatdan qutulib daryo qirg‘og‘i bo‘yida och o‘tirgan odamlar olib yesinlar deb, har kun daryoga non oqizardim. Nonlarimni olib yeganlar haqqimga duo qilsinlar deb, non yuziga o‘zimning va otamning ismini yozib qo‘yardim. Bir yildan beri shu ish bilan mashg‘ulman. Bobomning so‘zlariga ishonib qilgan yaxshiligimning mukofotini ko‘rarman deb  umid etaman,— dedi.
Mutavakkil u kishiga ko‘p iltifot qilib:
— Bobongiz juda to‘g‘ri aytgan, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham yaxshilik qilgan kishi, albatta yaxshilik mukofotini oladi. Sizning qilgan yaxshiligingiz soyasida o‘g‘lim Fath ochlik zahmatini chekmagan, hayotini saqlab qolgan,— deb Fathning boshidan o‘tgan voqeani aytib berdi. U kishiga ko‘p oltin hadya qildi, in’om-ehson qilib, uni xursand etdi.