Bir kishi hammomga borishga ehtiyoj sezdi. Tong payti quliga: “Sungur uyg‘on. hammom togorasini, lungi va sovun ol. Hammomga bormoqchiman”, deb buyurdi.
Qul darrov hozirligini ko‘rdi. Birgalikda yo‘lga tushdilar. Shu paytda bomdod namoziga azon chaqirildi. Namozga ixlosi baland bo‘lgan qul xojasiga yolvorgansimon: dedi
— Ey mening marxamatli xojam. Siz do‘konda biroz o‘tirib tursangiz men shu ro‘paradagi masjidda namoz o‘qib olsam, dedi.
Xojasi rozi bo‘lib, do‘konda o‘tirdi. Sungur esa masjidga kirdi. Bir ozdan so‘ng jamoat namoz o‘qib masjiddan chiqdi. Xoja qulini kutdi, lekin nimagadir qul ko‘rinmasdi. Ancha paytgacha kutdi, darak bo‘lmadi. Xavotir olib masjidning eshigiga borib dedi:
— Sungur, seni kugyapman, nega tashqariga chiqmayapsan?
Sungur javob berdi:
— Xojam, menga yana biroz vaqt bering, hozir boraman.
Xoja yana kutdi. Oxiri sabri tugab yana takror aytdi:
— Hoy Sungur kech qolyapmiz. Tugat shu namozingni tezroq. Tugatginda tashqariga chiq!
— Xojam, hozir boraman. Yana biroz…
Xojasi ortiq chidolmadi. Bu safar buyruq ohangda qulni tashqariga chorladi.
Qul yana:
— Xojam, men chiqmoqchiman, lekin qo‘yib yubormayaptilar, dedi.
Xoja hayron bo‘ldi.
— Masjidda hech kim qolmagan bo‘lsa, seni kim qo‘yib yubormayapti? deb baqirdi. Sungur shunday javob berdi:
— Seni masjidga kirishingga yo‘l qo‘ymayotgan meni ham ichkaridan tashqariga chiqishimga yo‘l qo‘ymayapti. Seni ichkariga kirishingga izn bermayotgan mening ham tashqariga chiqishimga mone’lik qilmoqta. Sening bu tarafga qadam bosishingga ruxsat bermayotgan mening xam tashqariga chiqishimga ruxsat bermayapti. Chiqmayotganimning sababi ana shu.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan