Bir kishi kurash tushish san’atini a’lo darajada egallagan atoqli pahlavon edi. Kurashning 360 usulini mukammal suratda bilardi va har kuni shu usullarni ishlatib, kurash tushardi. U o‘z shogirdlaridan biriga kurashning 359 usulini o‘rgatdi, faqat bir usulini sir saqladi, uni shogirdiga o‘rgatmadi.
Shogird kuch-quvvatda, kurash san’atida a’lo darajada yetishdi. Hech kim u bilan kurash tushishga toqat qilolmasdi. Bir kuni u g‘ururlanib podshoga:
— Yoshi katta bo‘lgani va meni tarbiya qilgani uchun ustodim mendan afzaldir, bo‘lmasa men kuch-quvvatda undan kam emasman! — deb maqtandi.
Uning maqtanishi podshohga xush kelmadi. Bir katta kurash maydonida ustoz bilan shogirdning kurash tushishlarini buyurdi. Kurash maydoniga podshoh, uning vazirlari, amal-dorlari va yer yuzidagi mashhur pahlavonlar hozir bo‘ldilar.
Kurash boshlandi. Shogird ustodiga mast bo‘lgan fildek ro‘baro‘ bo‘ldi. Agar tog‘ cho‘yandan bo‘lsa ham uni joyidan ko‘chirib yuborishni gumon qilardi. Ustod shogirdining kuch-quvvatda o‘zidan yuqori ekanini angladi. Darhol shogirdiga o‘rgatmay, sir saqlab qolgan usulini ishlatdi. Shogird bu usulni bilmasdi, qarshi turishdan ojiz bo‘ldi. Ustod shogirdni boshdan yuqori ko‘tarib, aylantirib yerga urdi. Tomoshabinlardan tahsin-ofarin tovushlari ko‘tarildi. Podshoh ustodga xil’at va ne’mat ehson qildi, shogirdga: «o‘zingni ustodingdan ham yuqori qo‘ymoqchi bo‘lding», deb ta’na va malomat qildi.
Shogird aytdi:
—Ustodim kuch-quvvatda men bilan teng emasdi, faqat kurash usullaridan menga o‘rgatmay, sir saqlaganini ishlatib g‘olib keldi.
Ustod aytdi:
— Mana shunday kunlar uchun kurash usullaridan birini unga o‘rgatmay, sir saqladim. Donishmandlar: «Do‘stingga juda ishonib, unga ortiqcha quvvat berma, mabodo bir kun dushman bo‘lib qolsa, bergan quvvating bilan g‘olib keladi», deganlar.