Tabiblarning ulug‘i Ibn Sino kunlardan birida qattiq og‘rib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib olibdi. Ibn Sinoning shogirdlari, eng yaqin do‘st-birodarlari yig‘ilishibdi. Ular yaxshi so‘z aytib, ulug‘ tabibning ko‘nglini ko‘tarishga, kayfiyatini yaxshilashga harakat qilishsa, shogirdlari uni dori-darmonlar bilan davolashga kirishibdilar.
O‘limi yaqinligini sezgan Ibn Sino shogirdlariga shunday debdi:
— Ey, shogirdlarim, mening kunim bitgan ko‘rinadi. Shu boisdan meni davolayman, deb behudaga harakat qilmanglar. Vafot etsam, yig‘i-sig‘i, oh-voh qilib o‘tirmanglar. Faqat haqimga duo qilib, onda-sonda qabrimni ziyorat qilsanglar bas. Va yana, ustoz olamdan o‘tdi, endi tabobat oqsaydi, deb ham qayg‘urmanglar. O‘rnimga beshta zo‘r tabibni qoldirib ketmoqdaman. Shularning maslahatlariga doimo amal qilinglar, boshqalarni ham shunga da’vat etinglar, — debdi. Shogirdlardan biri:
— Ustoz, siz aytgan tabiblar kimlar ekan? — deb so‘rabdi.
Shunda Ibn Sino:
— Men qoldirib ketayotgan zo‘r tabiblarimning biri — tozalik, ikkinchisi — parhez, uchinchisi — badan tarbiyadir. Va qolgan ikkisi mijoz va kayfiyat hisoblanadi. Doimo pokiza, ozoda bo‘lishlik, duch kelgan ovqatni yeya bermaslik, apil-tapil ovqatlanmaslik, parhez va me’yorni bilishlik, ichkilikka ruju qo‘ymaslik, badan a’zolarini harakatsiz qoldirmaslik, mijozni unutmaslik va nihoyat, kayfiyatni yaxshi tutishga harakat qilish lozim. Aytganlarimga amal qilinsa, kasallanish u yoqda tursin, hattoki bevaqt o‘lim ham orqaga chekinishi mumkin.
Omonullo Abdusalomov tayyorladi.