Shibliy Bag‘dodiy va uning yo‘qolishi hikoyasi

Shayx Abubakr Shibliy Bag‘dodda necha marta yo‘qoldi. Hech kim uni topolmasdi. Uning suhbatini sog‘inib, ko‘p izladilar, oxiri birov uni muxannasxona (xunasalar yig‘iladigan joy) da ko‘rdi. Shayx ana shu beadablar guruhi orasida ko‘zida yosh o‘tirardi.
So‘fiylardan biri dedi:
– Ey sirlarni izlovchi ulug‘ shayx, bu yerda nima qilasan, bu yer sening joyingmi?
Shayx Shibliy dedi:
– Bu qavm fosiq va badaxloqlikda shu darajadaki, dunyo yo‘lida qaysi erkak, qaysi xotin ekanligi noma’lum. Men ham shularga o‘xshaganman, ammo din yo‘lida shundayman. Na dinimda mardlik qo‘rsata olaman, na ayollarday ojizu zorman. O‘zimning nojavonmardligim ichra yo‘qoldim, chunki mardligimdan uyalaman. Kimki o‘z jonini bag‘ishlasa, o‘z yaralarini Yor dasturxoniga aylantiradi. Chin erkak o‘zini past tutib, yiqilganlarning izzatu ulug‘vorligi uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Agar sen nazarda bir tukdan ortiq ko‘rinsang, o‘zing uchun butdan ham battarsan, chunki o‘zingga but kabi sig‘inasan. Agar sen uchun maqtov va tanqidlar farqlanib tursa, ya’ni maqtovdan xursand bo‘lib, tanqiddan ranjisang, but yasaydigan butgarsan, xolos. Agar Haqqa banda bo‘lsang, but yasovchi bo‘lma, Ezid taolo yo‘liga kirgan mard bo‘lsang, (butparast) Ozar bo‘lma!
Xos va avom o‘rtasida bandalik maqomidan balandroq maqom yo‘q. Bandalik qil, bundan ortiqni da’vo qilma, Haqodami bo‘l, izzatni o‘zingni ulug‘lashdan qidirma. To‘ning ichida yuz but bo‘lsa, yana o‘zingni xalqqa nechun so‘fiy qilib ko‘rsatasan? Ey xunasa, mardlar to‘nini yech, o‘zingni bundan ortiqsargardon qilma!

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.