Shayxi Iroqiy Shomda husn gulining sham’ini ko‘rgach, parvonadek tutagani va (bu ishq) shu’lasi inkor tikanlarini kuydirib, inkor etuvchilar boshidan oshib ketgani
Fano ko‘yida boqiy turgan odam zamon faxri – Shayxi Iroqiy edi. Uning ko‘ngli ishq sirlarining xazinasi bo‘lib, uning gaplari ishqning (yomg‘ir o‘rniga) gavhar yog‘diradigan bulutlarini eslatardi. Uning (insonning) tabiati ishq o‘ti bilan yo‘g‘rilgan, «ishq» so‘zining harflari esa uning, peshonasiga yozib qo‘yilgandek edi. Lekin bu ishq o‘tining davosi unda bo‘lsa ham (kishilar ko‘ziga) taqvo pardasi bilan yopib yurardi.
Bir necha vaqt u Misrni o‘ziga makon qildi. (Kunlarning birida esa) ertalab o‘rnidan turib, Shomga yo‘l oldi. Bu vaqtda Shomda bir odam taxtrii egallab, xokim bo‘lib turar ekan, u tun mamlakatida to‘lin oydek edi.
Hokim Shayxning bu tomonga kelayotganining (ma’nosini) tushundi va buni o‘z ahvoli, mavqei uchun sharaf deb bildi. U mamlakatdagi yaxshiyu yomon – hamma kelayotganini eshitgan zamon uni qarshilash uchun chiqsin! – deb buyruq berdi. O‘zi ham mamlakat xokimi soyaboni sifatida chiqar ekan, qo‘shinining oyog‘idan ko‘tarilgan chang osmonni to‘sib qo‘ygandek bo‘ldi.
U to‘da Shayxga yaqinlasha boshlar ekan, barchalari otlaridan tushishdi. Ular u kelayotgan yo‘lga boshlarini qo‘yar ekanlar, ko‘z yoshlari bilan esa ko‘tarilgan changni yopmoqchi bo‘lgan edilar.
Hokimning bir o‘g‘li ham bo‘lib, u shunday chiroyli ediki, unga yuzta Misr shohlari qul bo‘lib xizmat qilishga tayyor edi. U lutfu malohatda jahomofati, jahon ofati ham emas -jon ofati edi.
U Shorn mamlakati qorong‘ilikda qolganda uni yoritib turuvchi nurli Oy bo‘lib, Misr xalqi (Yoqub) payg‘ambarning (o‘g‘li) – Yusufdek edi. Arab mamlakatlari ichida ajoyibning ajoyibi bo‘lib, unga ajam ham, arab ham shaydo edi. Misr diyori uchun misli qo‘g‘irchoa bo‘lsa, Shomda qorong‘ilikda qolganlarga obi hayotdek edi.
U go‘zal Shayx ko‘ziga ko‘rinishi bilan yuzini uning oyog‘iga qo‘yib, oh cheka boshladi. Irshodlik xirqasini chok-chok etib duo tasbehini uzib tashladi.
Shoh va uning qo‘shinlari Shayxga tuproqdek bo‘lib, u esa shoh o‘g‘li yo‘lidagi tuproqdek edi.
Ishqda Shayx shunday bir xolga tushgan ediki, hayratdan kelgan odamlarning hammasi lol edi. Ammo bu ishq har qanday nuqson-dan pok bo‘lib, u nima qilsa, ajablanadigan yeri yo‘q edi. Shayxni ishq o‘ti xalok qilar ekan, uning shu’lasi o‘sha to‘dani o‘rtantirib yubordi.
O‘ti boshqa ko‘ngullarga xabar bergan bo‘lsa, ohi bag‘irlarga ta’sir ko‘rsatdi. Titrashidan, o‘rtanishidan uning pokligi Quyosh singari fosh bo‘ldi. Hokimning ichidan o‘t alanga ko‘rsatib, o‘zi va uning o‘g‘li Shayxga murid bo‘ldilar.
Kim ishqda bu xilda pok bo‘lsa, bu sifat oqibatda xosiyatli bo‘ladi. Haqiqiy husnni agar ro‘parangda ko‘rsang, xoh uni ko‘zguda ko‘r, xoh suvda – maqsad uni ko‘rish bo‘lganidan keyin ko‘zgu va suvda vujud yo‘q-ku! Bunda odam qaerdayu hayosizlik qaerda? Ishqda poklikdan boshqasi mumkin emas.
Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan