Shafqat

Tarixda zolimligi bilan nom chiqargan Hajjoj qo‘liga asir bo‘lib tushgan bir qancha kishiga qattiq jazo berishga buyurdi. Asirlar orasidan bir kishi Hajjojga:
— Ey amir, menga qattiq jazo bermang, sizga juda yaxshi xizmat qilganman,— dedi. Hajjoj undan qanday xizmat qilganini so‘radi. U kishi:
— Bir dushmaningiz sizni g‘iybat qilib, zolim deb ta’rif-tavsif qilardi, men uni man qildim,— dedi. Hajjoj undan: «Guvohing bormi?»— deb so‘ragan edi, u kishi asirlar orasidan bir kishini guvoh etib ko‘rsatdi. Asir bu ishdan bexabar bo‘lsa ham, u kishining qutulishini ko‘zlab:
— To‘g‘ri aytadi, men u yerda hozir edim, sizni yomonlab so‘zlashdan uni man’ qildi,—deb yolg‘ondan guvohlik berdi. Hajjoj achchig‘lanib unga aytdi:
— U yerda sen ham bor ekansan, dushmanimni g‘iybat qilishdan man’ qilgan mana shu kishining so‘zlariga nima uchun qo‘l qovushtirib jim o‘tirding?
— Men sizni eng ashaddiy dushmanim deb bilaman, shuning uchun man’ qilishni istamadim,— deb javob berdi asir.
Ikkinchi asir to‘g‘ri so‘zlagani uchun Hajjoj har ikki tutqunni ozod qildi.

Bayt:
Qolmagay to‘g‘rilar ishi pinhon,
Qilmagay to‘g‘ri so‘z kishiga ziyon.

Olijanob odamlar yolg‘iz o‘z jinslarigagina emas, hatto hayvonlarga ham shafqat va marhamat nazari bilan qaraydilar, ularga ozor yetkazmaydilar.