Bir kecha Misr jome masjidiga o‘t tushib, yonib ketdi. Musulmonlar buni xristianlardan gumon qilib, ularning uylariga o‘t qo‘yib kuydirdilar.
Misr sultoni o‘t qo‘yishda ayblanganlarni qo‘lga tushirdi. Uning buyrug‘i bilan qancha odam qo‘lga olingan bo‘lsa, shuncha kichik qog‘ozchalar tayyorladilar. Har bir qog‘ozchada bir kishining ismi va unga qanday jazo berish kerakligi yozilgan edi.
Shu qog‘ozchalarni har kimga bittadan ulashdilar. Kimga qanday jazo chiqqan bo‘lsa, o‘sha bilan jazolanardi.
Bir yigitga o‘lim jazosi chiqdi, u yigit afsuslanib:
— Men o‘limdan qo‘rqmayman, ammo onamga achinaman, uning mendan boshqa hech kimi yo‘q, mendan keyin qanday holga tushishini o‘ylab qayg‘uraman, — dedi. Uning yonida turgan bir yigitga darra urish jazosi yozilgan qog‘ozcha tushgan edi. U o‘z qog‘ozchasini o‘lim jazosi yozilgan qog‘oz olgan yigitga berdi va unikini o‘zi olib, jazo hukmlarini ijro qiluvchilarga:
— Mening onam yo‘q, yolg‘iz o‘zimman, bu yigitga beriladigan o‘lim jazosini menga bering, mening hissamga tushgan qamchi urish jazosi bilan uni jazolang, — dedi. Uning tilagicha ish qildilar.
Siymu zar sochish bilan mardlik ko‘rsatish mumkin, ammo jonni tikmoq a’lo mardlikdir.