Imom Faxr Roziy bilan sulton Muhammad Xorazmshohning hammomda do‘stlik sham’ini yoqqanlari va imomning so‘zi bilan sultonning takabburlikdan voz kechgani
Sirdonlar davrasining podshosi, dunyodagi barcha dindorlarning imomi Faxriddin Xorazmni o‘ziga oromgoh qilganda, uni ko‘rishga Xorazmshoh kelmadi. U so‘rab, buning oldiga kelmagandan keyin, ilmining qadr-qimmatini saqlab, bu ham bormadi.
Shoh o‘z qilmishidan uyalib, pushaymon bo‘ldi. Lekin imom bunga parvo qilmadi. Orada ko‘p pardali gap-so‘zlar o‘tdi. O‘rtadagi parda esa ko‘tarilmagandan so‘ng bu gap-so‘zdan ne foyda.
Bir kuni imom hammomga tushgan edi. Shoh ham hammomga yo‘l oldi. Ular bir-birlari bilan ko‘rishib, shoh unga ochilib shunday savol berdi:
– Ey, o‘z ilmi bilan elni bahramand etgan, qiyomat ishlaridan bir xabar ber-chi. U kun qanday mashaqqatlar yuz beradi? Har bir kishining ahvoli nima bo‘ladi?
Shoh shunday ma’noli savolni bergan edi, kamolot egasi bunga shunday javob berdi:
– Ey qiyomat kunini bilishni orzu qilgan odam, qiyomat haqidagi savolga eng monand joy shu hammomdir. U yerda ham shoh bilan gado bir xil ahvolga tushib, shohu gado barchasi yalang‘och yuradi. Amaldorlar, kattalar hammasi senga o‘xshab, ichkariga kirgach, boru yo‘g‘i tashqarida qoladi. Ilmu xunar egalari esa menga o‘xshab, nima yiqqan bo‘lsa, o‘zi bilan olib kiradi, vassalom. Sultonlikdan senga u kuni ko‘p foyda yo‘q, lekin menga ilmim tufayli yaxshilik ko‘p bo‘ladi.
Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan