Do‘stlik

Bir kishi bir oz pulga muhtoj bo‘lib qoldi, do‘stidan yordam olish maqsadida uning uyiga kelib eshikni taqillatdi. Do‘sti chiqib, u bilan ko‘rishdi, uyga taklif qilsa ham u kishi qabul qilmay:
— Do‘stim, meni kechir, uyga qilgan taklifingni hozircha qabul eta olmayman, vaqtim ziq. Bir kishidan yuz so‘m qarzdor edim, bugun kelib pulini qistadi. Qo‘limda pul yo‘q edi. Shuning uchun sening huzuringga keldim, yordam etarsan deb umid qilaman,— dedi.
Uy egasi darhol ichkaridan yuz so‘m olib chiqib, do‘stining qo‘liga berdi.
— Do‘stim, biror narsaga muhtoj bo‘lib qolsang, mendan yashirma, qo‘limdan kelgancha yordam berishga tayyorman,— deb do‘stining ko‘nglini ko‘tardi. Do‘sti xursand bo‘lib, u bilan xayrlashib uyiga qaytdi.
Uy egasi do‘sti qaytib ketgandan keyin yig‘lab uyiga kirdi. Xotini: «Erim ko‘p pul berib yuborganiga pushaymon qilib yig‘layotgan bo‘lsa kerak»,— deb eriga:
— Biror narsani bahona qilib pul bermasdan qaytarib yuborsangiz bo‘lmasmidi? Endi pushaymon qilib yig‘laysiz,— degan edi, eri shunday javob berdi:
— Yo‘q, sen o‘ylagancha emas, do‘stim pulga muhtoj bo‘lib qolganini bilmaganman. U kelib so‘ramasdan oldin o‘zim borib:
— Do‘stim, biror narsaga muhtojmisan, tortinma, ayt,— deb so‘rashim kerak edi,— g‘aflatda qolganimga achinib yig‘layman.

Bayt:
Tut ul do‘stingni sut ustida qaymoq,
Aziz joningcha ko‘rgil, balki behroq.