Dilxiralik

Ko‘pdan bexabar va beshafqat o‘tinchi bor edi. Yo‘qsillarning o‘tinini arzon bahoga sotib olib, yuqori narxda boylarga sotar edi. Bir dil kishisi uning bu zulmlariga toqat qila olmay:
–Ilonmisan sen? Kimni ko‘rsang, tiqilasan. Yoki boyqushmisan? Qaerga qo‘nsang, vayron qilasan. Bizga o‘tgan va bizni parishon qilgan bu zug‘umlaring, zo‘rliging Allohga yetib borishini bilmaysanmi, sen? Yaxshilikcha bu ishingdan voz kech, xalqqa zulm qilma, ularning qarg‘ishiga qolma! Yo‘qsa, mazlumlarning duosi ko‘klarga ko‘tariladi.
Uquvsiz o‘tinchi, bu gaplarga parvo ham qilmadi. Bu gaplarni aytgan dil kishisidan xafa bo‘ldi. G’ururga berilib havolandi va qovog‘ini solib o‘tarverdi. Bir kecha nimadir bo‘lib, oshxonadan o‘tin omboriga bir uchqun sachradi. Bir zumda o‘tinlar gurillab yona boshladi. Shiddatli olov o‘tinchining uyidan, boru-yo‘g‘idan ayirdi. Butun mol-dunyosi yonib kul bo‘ldi. Zolim o‘tinchi chorasiz, do‘stlariga dard yorib:
–Nima bo‘ldi-yu, qo‘nog‘imga qaerdandir o‘t tushdi, bilmayman! – deb turganida dil kishisi ham shu yerdan o‘tib qoldi. Va zolim o‘tinchining gaplarini eshitib:
–Yo‘qsillarning dilxiraligidan! – dedi. Va ortidan qo‘shib qo‘ydi: – Dedilarki: “Dilxiralikdan saqlan! Chunki ko‘ngil yarasi ertami kechmi kurtak yozadi. Qo‘lingdan kelsa, birovlarni ranjitma. Birgina oh, butun jahonni parishon qilur”.

Hikmat

Oh olgan unmas. Zulmlari, yomonliklari uchun o‘ziga badduo etilgan kimsa qutula olmaydi.

“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi