Hasad

Aytishlaricha, Iskandar Rumiy zamonida bir jonivor paydo bo‘ldi, unga kim ro‘para kelsa darhol halok bo‘lardi. Iskandar donishmandlari bu baloni daf qilish uchun har qancha urinsalar ham, hech narsa qila olmadilar.
Nihoyat, bu baloni daf qilish chorasini Arastu hakim topdi. Uning buyrug‘i bilan juda ham katta oyna tayyorladilar, u oyna orqasida bir-ikki kishining bekinib o‘tirishi mumkin edi. O‘sha oyna sig‘arlik juda katta arava tayyorlab, uni aravaga ko‘tarib qo‘ydilar. Arastu oyna orqasida bekinib o‘tirdi. Aravani u jonivor turadigan joyga yaqinroq yerga keltirib qo‘ydilar.
Jonivor odam isini olib, arava tomoniga qarab kela boshladi. Aravaga yaqin kelgan edi, ko‘zi oynaga tushdi, oynada o‘z suratini ko‘rib, darrov yiqilib o‘ldi. Iskandar bu ishdan juda taajjublanib Arastudan buning hikmatini so‘radi. Arastu shunday bayon qildi:
— Ey Iskandar, bu jonivor yer ostida necha yil yotgan badbo‘y bug‘lardan vujudga kelgandi, uning ko‘zida zahari qotil bor edi, kimga ko‘zi tushsa, u kishi darrov o‘lardi. Men oldiga oyna olib bordim, uning aksi oynada paydo bo‘ldi, nazari unga tushdi. U nazar bu aks vositasi bilan o‘ziga qaytdi va o‘z nazarining asari o‘ziga urib halok bo‘ldi,
Iskandar Arastuga tahsin o‘qidi. Hasadining yomonligi o‘ziga qaytadi. O‘t kuydirish uchun biror narsa topmasa, o‘zini o‘zi kuydiradi.