Agar Ahmad seni chaqirmasa

“Eng go‘zal hikoyatlar-2” tanloviga

Bir Ramazon oqshomi Uskudar ashroflaridan bir boy faqiru fuqaroga iftor berdi. Ovqatdan keyin mehmonlar bilan hol-ahvol so‘ragach, boyligini sanay ketdi:

— Afandim, Samandiradagi 1500 yillik yerimda bu yoz poliz ekinlari yetishtiraman.

Mehmonlardan, darveshsifat bir kishi  qarab turib:

— Agar Ahmad seni chaqirmasa, dedi.

Boy buni eshitmaganday davom etdi:

— Azizim, Beykozdagi dala hovlimga bu yil yangi  qo‘shimchalar kiritaman.

Darvesh yana:

— Agar Ahmad chaqirmasa, dedi.

Boy bunga ham ahamiyat bermay davom etdi:

— Kelasi oy Hindistonga katta bir tijorat karvoni jo‘nataman. Bu tijoratdan katta foyda kutyapman.

Darvesh yana:

— Agar Ahmad chaqirmasa, dedi.

Boy ortiq chidolmadi, jahli chiqib:

— Afandi, agar Ahmad seni chaqirmasa deb turibsiz, kim o‘zi bu Ahmad?, — dedi.

Darvesh xotirjamlik bilan:

— Qoracha Ahmad qabristoni, deb javob berdi.

Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi